3-modda. Asosiy tushunchalar
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida (O‘RQ-406-son) · Sana: 14.09.2016 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yoshlarga oid davlat siyosati — davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yoʻnalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi;
yoshlar (yosh fuqarolar) — oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar;
yosh oila — er-xotinning ikkisi ham oʻttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan oʻttiz yoshdan oshmagan yolgʻiz otadan yoki yolgʻiz onadan iborat boʻlgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol);
yosh mutaxassis — oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini bitirgan, taʼlim muassasasini bitirganidan soʻng olgan ixtisosligi boʻyicha uch yil ichida ishga kirgan va maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatilgan ixtisosligi boʻyicha ishlayotganiga uch yildan koʻp boʻlmagan oʻttiz yoshdan oshmagan xodim;
yoshlar tadbirkorligi — yuridik shaxs tashkil etmagan holda yosh fuqarolar tomonidan, shuningdek taʼsischilari yosh fuqarolar boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati.
