Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Singapur Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Singapur Respublikasi Hukumati (bundan buyon “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar), 1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning qatnashchilari boʻlgani holda, oʻz hududlari va tashqari hududlar oʻrtasida havo qatnovlarini oʻrnatish maqsadida yuqorida koʻrsatilgan Konvensiyaga qoʻshimcha ravishda Bitim tuzish istagida,
quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda Atamalar
1. Ushbu Bitimning maqsadlari yoʻlida, agar matn boshqa izoh talab qilmasa, quyida keltirilgan atamalar shunday maʼnolarni anglatadi:
a) “Konvensiya” atamasi 1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va Ahdlashuvchi Tomonlar uchun qay darajada kuchga kirganiga qarab, Konvensiyaning 90-moddasiga binoan qabul qilingan Ilovalarni, shuningdek, Konvensiyaning 90 va 94-moddalariga binoan Konvensiyaga yoki yning Ilovalariga kiritilgan har bir tuzatishni oʻz ichiga oladi;
b) “aviatsiya maʼmuriyatlari” atamasi — Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Parvozlar xavfsizligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining davlat nozirligi boshligʻini, Singapur Respublikasiga nisbatan — Transport vaziri Singapur Aviatsiya maʼmuriyatini anglatadi yoki har ikkala holda yuqorida qayd etilgan maʼmuriyatlar tomonidan hozirgi vaqtda bajarilayotgan vazifalarni amalga oshirish vakolati berilgan shaxs yoki tashkilotni anglatadi;
c) “tayinlangan aviakorxona” atamasi — bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning 3-moddasiga binoan tayinlagan va vakolat bergan aviakorxona yoki aviakorxonalarni anglatadi;
d) “hudud” atamasi davlatga nisbatan Konvensiyaning 2-moddasida mazkur atama uchun koʻrsatilgan maʼnoni anglatadi;
e) “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari Konvensiyaning 96-moddasida mazkur atamalar uchun koʻrsatilgan maʼnolarni anglatadi;
f) “Ushbu Bitimning Ilovasi” atamasi mazkur Bitimga ilova qilingan yoki mazkur Bitimning 18-moddasiga asosan oʻzgartirilgan “Yoʻnalishlar jadvalini” anglatadi. “Ushbu Bitimning Ilovasi” uning ajralmas qismini tashkil qiladi va boshqa maxsus kelishuv boʻlmasa, ushbu Bitimga murojaat etilgan barcha hollarda Ilova ham nazarda tutiladi;
g) “tarif” atamasi havo qatnovlarida yoʻlovchilar, ularning yuki va/yoki yuklarni (pochtadan tashqari) tashish uchun aviakorxonalar, ularning agentlari tomonidan olinadigan har qanday haq va toʻlovlarni hamda har qanday bu singari haq va toʻlovlarning qonuniyligini tartibga soluvchi qoidalarni anglatadi;
h) “yigʻimlar” atamasi havo kemasi, ekipaj aʼzolari, yoʻlovchilar va yuklarga tegishli xizmatlar va jihozlarni oʻz ichiga olgan holda aeroport, aeronavigatsiya yoki aviatsiya xavfsizligi jihozlari va xizmatlaridan foydalanish uchun aviakorxonalarga vakolatli organlar tomonidan yoki ular ruxsati olinib toʻlanadigan toʻlovlarni anglatadi.
2-modda Havo qatnovi huquqlari va imtiyozlar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga ushbu Bitimning Ilovasidagi Yoʻnalishlar jadvalida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha havo qatnovlarini amalga oshirish maqsadida ushbu Bitimda koʻrsatib oʻtilgan huquqlarni beradi (bundan buyon matnda “kelishilgan qatnovlar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi).
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon mazkur Bitimning qoidalariga asosan boshqa Ahdlashuvchi Tomonga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro havo qatnovlariga tegishli quyidagi huquqlarni beradi:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidan qoʻnmasdan uchib oʻtish huquqi;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida notijoriy maqsadlarda toʻxtash huquqi; va
c) Ahdlashuvchi Tomonlar hududlari oraligʻida qatnayotgan yoʻlovchilar, yuk yoki pochtani alohida yoki birgalikda olish va (yoki) tushirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida ushbu Bitimga ilova qilingan “Yoʻnalishlar jadvalida” koʻrsatilgan manzil yoki manzillarda toʻxtash.
3. Ushbu Ahdlashuvchi moddaning 2-bandidagi hech qaysi qoida bir Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan boshqa Tomon davlati hududidagi bir manzildan ikkinchi manzilga boruvchi yoʻlovchilar, va yukni havo kemasiga olish huquqini beradi deb qaralmaydi.
3-modda Parvozlar uchun ruxsatnoma
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadida aviakorxona(lar)ni tayinlash va bu tayinlashni bekor qilish yoki oʻzgartirish huquqiga ega. Bu kabi tayinlashlar, bekor qilishlar yoki oʻzgartirishlar yozma ravishda amalga oshirilishi va boshqa Ahdlashuvchi Tomon diplomatik kanallar orqali xabardor qilinishi lozim.
2. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnomani va tayinlangan aviakorxonadan parvozlarga ruxsat olishda belgilangan shakl va uslubdagi arizani olganidan soʻng ushbu moddaning 3 va 4-bandlari qoidalariga muvofiq tayinlangan aviakorxonaga parvozlar uchun darhol tegishli ruxsatnomalarni beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari boshqa Tomon tayinlagan aviakorxonadan xalqaro tijorat havo qatnovlarini amalga oshirishga tegishli ular tomonidan Konvensiya qoidalariga muvofiq odatda va oqilona qoʻllaniladigan qonunlar va qoidalardan kelib chiqqan shartlarni bajarishga qodir ekanligini talab qilishga haqlidir.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri tayinlangan aviakorxonani eʼtirof etishni rad etish hamda shu tayinlangan aviakorxonaga ushbu Bitimning 2-moddasi 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarni bajarishga ruxsatnoma berishni rad etish, yoki eslatib oʻtilgan tomon ushbu aviakorxona ustidan ustun egalik va haqiqiy nazorat qilish shu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki shu aviakorxonani tayinlagan uning fuqarolariga tegishli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan yoki aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning 12 yoki 13-moddalarida koʻrsatilgan shartlarni bajarmagan har qanday holda tayinlangan aviakorxona tomonidan ushbu huquqlardan foydalanishda zarur deb hisoblangan shu kabi shartlarning bajarilishini talab etish huquqiga ega boʻladi.
5. Mazkur moddaning 1, 2, va 3-bandlari shartlari bajarilgandan soʻng tayinlangan va vakolatga ega boʻlgan aviakorxona kelishilgan yoʻnalishlardan foydalanishni istalgan vaqtda boshlashi mumkin.
6. Har bir Ahdlashuvchi Tomon aviakorxonaning mazkur Bitimning 2-moddasi 2-bandida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanishini vaqtincha toʻxtatib qoʻyishi yoki agar aviakorxona tomonidan ushbu huquqlarni beruvchi Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga yoki mazkur Bitimda koʻrsatib oʻtilgan kelishilgan qatnovlarni bajarish shartlariga rioya qilinmagan har qanday holatda tayinlangan aviakorxonaning ushbu huquqlardan foydalanishida oʻzi zarur deb topgan shartlarning bajarilishini talab qilish huquqiga ega, agarda ushbu shartlarni bajarishni darhol toʻxtatish yoki talab qilish qonun va qoidalarning kelgusida buzilishining oldini olish uchun zarur boʻlmasa, ushbu huquqdan faqat boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashuvlardan soʻng foydalanish mumkin boʻladi.
4-modda Toʻlovlar va soliqlardan ozod qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan xalqaro havo qatnovida foydalanilayotgan havo kemalari, shuningdek ularning roʻyxatdagi mol-mulki, ehtiyot qismlar, yonilgʻi zaxirasi, moylash xomashyolari hamda bunday havo kemalari sahnidagi sahn zaxiralari (oziq-ovqat, ichimlik va tamaki mahsulotlarini oʻz ichiga olgan holda) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga kirgach barcha bojxona bojlari, nazorat soliqlari hamda boshqa yigʻimlar va soliqlardan bu mulk, xomashyolar va zaxiralar ular qaytarib olib chiqilguniga yoki ushbu hudud ustidan parvoz mobaynida ishlatilguniga qadar havo kemasi sahnida saqlanib qolishi sharti bilan ozod etiladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi tomonidan yoki uning nomidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kiritilgan yoki ushbu tayinlangan aviakorxona sahniga olingan va faqatgina xalqaro havo qatnovlaridan foydalanishda qoʻllash uchun koʻzlangan yonilgʻi zaxiralari, moylash xomashyolari, ehtiyot qismlar, roʻyxatdagi mol-mulk hamda sahn zaxiralari hattoki ushbu zaxiralar yoʻnalishning ular sahniga olingan birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududi doirasidagi qismida ishlatilsa ham ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida qabul qilingan bojxona bojlari va nozirlik toʻlovlari bilan birga barcha milliy soliq va yigʻimlardan ozod etiladi. Yuqorida koʻrsatilgan ashyolar talab qilinishi boʻyicha bojxona kuzatuvi va nazorati ostiga olinishi talab qilinishi mumkin.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning havo kemasi sahnida turgan doimiy foydalaniladigan havo kemasi jihozlari, ehtiyot qismlar, sahn mulki hamda yonilgʻi zaxiralari va moylash xomashyolari ular orqaga qaytarib olingunga yoki bojxona qoidalariga muvofiq boshqa maqsadlarda ishlatilgunga qadar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida mazkur Ahdlashuvchi Tomon bojxona organlarining nazorati ostida joylashtirilishi uchun yuqorida qayd etilgan organlarning ruxsati bilangina tushirilishi mumkin.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemasi tarafidan ikkinchi Tomon hududida sahnga olingan va faqat ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududidagi ikki manzil oʻrtasidagi parvoz davomida foydalaniladigan yonilgʻi, moylash xomashyolari, ehtiyot qismlar, doimiy foydalaniladigan havo kemasi jihozlari va sahn zaxiralariga ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida bojxona bojlari, nozirlik soliqlari va boshqa shu kabi milliy va mahalliy soliqlar borasida ushbu Ahdlashuvchi Tomon milliy aviakorxonasiga nisbatan kam boʻlmagan imtiyozlar qoʻllaniladi.
5. Toʻgʻri tranzitdagi yoʻlovchilar yuki va yuklar bojxona bojlari bilan birga barcha toʻlov va soliqlardan ozod etiladi.
5-modda Tijorat faoliyati
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon hududida amal qiluvchi qonun va qoidalarga asoslangan holda bir Ahdlashuvchi Tomonning 3-moddaga muvofiq tayinlagan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ushbu Bitimning Ilovasida koʻrsatilgan havo qatnovlarini amalga oshirish uchun zarur texnik, maʼmuriy va tijorat xodimlar bilan taʼminlash hamda oʻz vakolatxonalarini ochish va faoliyatini yurgizish huquqiga ega boʻladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning har bir tayinlangan aviakorxonasi aviatashuvlarni shu mamlakatning valyutasida va (yoki) erkin muomaladagi boshqa mamlakat valyutasida sotish huquqiga ega va agarda bu aviatashuvlarni sotish Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirilsa hamda ushbu Ahdlashuvchi Tomon valyuta almashuvini tartibga soluvchi qonun va qoidalari bu sotuvlarni mahalliy valyutada amalga oshirilishini talab qilsa, har qanday shaxs bu tashuvlarni oʻsha aviakorxona qabul qilgan valyutada erkin xarid qilish huquqiga ega.
6-modda Kod-sher (oʻrindiqlarni oʻzaro taqsimlash)
Har bir tayinlangan aviakorxona raqobatni tartibga soluvchi qonun va qoidalarga asosan har qanday aviakorxona(lar) bilan “Kod-sher” (oʻrindiqlarni oʻzaro taqsimlash) bitimini imzolashi mumkin, agarda:
a) shu kabi taqsimlashlar qoʻllaniladigan tashuvlarning qismi boʻlmish har bir qatnov shu qatnovni bajarishga huquq berilgan aviakorxona tomonidan amalga oshirilsa;
b) bir mamlakatning aviakorxonasi tomonidan boshqa mamlakat hududidagi manzil va uchinchi mamlakatdagi manzil oʻrtasida yoki boshqa mamlakatning ikki manzili oʻrtasida, agarda ushbu aviakorxona shu ikki manzillar oʻrtasida mahalliy tashuvlarni bajarishiga hali ruxsat olmagan boʻlsa, hech qanday qatnovlar taklif qilinmasa; va
c) har bir chipta sotilganida xaridor sotuv joyida qatnovning qaysi bir qismini qaysi aviakorxona amalga oshirishi toʻgʻrisida xabardor qilinsa.
7-modda Uchib kelish va uchib ketish toʻgʻrisidagi qonun va qoidalar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon xalqaro qatnovlarni amalga oshirayotgan havo kemalari oʻz hududiga uchib kelishi va u erdan uchib ketishini tartibga soluvchi, yoki bu havo kemalarning ushbu hudud doirasidagi parvozlariga tegishli qonun va qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning oʻz davlat hududiga yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, yoʻlovchilar yuki, yuk va pochtaning kirib kelishi, u erda boʻlishi hamda u erdan joʻnatilishini tartibga soluvchi davlat qonun va qoidalari, hamda kirish-chiqish, emigratsiya va immigratsiya, bojxona va sanitar nazoratiga oid rasmiyatchiliklar boshqa Ahdlashuvchi Tomondan tayinlangan aviakorxonasi havo kemalarida tashilayotgan yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, yuk va pochtaga nisbatan birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlishi chogʻida qoʻllaniladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududidan toʻgʻri tranzit boʻyicha oʻtuvchi, aeroportning ushbu tashuvlar uchun belgilangan zonasini tark etmagan yoʻlovchilar, yoʻlovchilar yuki va yuklarga nisbatan eng yengillashtirilgan nazorat qoʻllaniladi.
4. Hech bir Tomon mazkur moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan qonun va qoidalarni qoʻllashda oʻzining aviakorxonasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga nisbatan ustuvorlik yaratmaydi.
8-modda Hajm shartlari
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri bozorning tijorat maʼlumotlari asosida har bir tayinlangan aviakorxonaga qatnovlarning soni va hajmini belgilashga ruxsat beradi.
2. Hech bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining tashuvlari hajmi, qatnovlarining soni va muntazamligi, foydalanayotgan havo kemalari turini, agarda bu Konvensiyaning 15-moddasiga binoan bojxona, texnik, parvozlarni amalga oshirish, ekologiya sabablariga koʻra talab etilmasa, chegaralay olmaydi.
3. Hech bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan dastlabki rad etish haqida axborot, yuklanishning oʻsishi haqida maʼlumot, rozilik berish uchun yigʻimlarni yoki qatnovlarning hajmi, soni va tashuvlarga tegishli mazkur Bitimning maqsadlariga qarshi boʻlgan boshqa talablarni soʻramaydi.
9-modda Tariflar
1. Har bir shartlashilgan qatnovlardagi tariflar parvozlarni amalga oshirish xarajatlari, oqilona foyda, xizmatlar haqidagi tavsiflar (tezlik va qulayliklar) hamda belgilangan yoʻnalishning xohlagan bir qismi uchun boshqa aviakorxonalarning tariflarini oʻz ichiga olgan holda barcha tegishli omillarni hisobga olgan holda oqilona darajada belgilanadi. Bu tariflar mazkur moddaning quyidagi nizomlariga muvofiq belgilanadi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan tariflar va birga qoʻllaniladigan agentlik komission haqlari, iloji boricha har bir belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha tayinlangan aviakorxonalar oʻrtasida shu yoʻnalish yoki uning bir qismini amalga oshirayotgan boshqa aviakorxonalar bilan maslahatlashuvlarda kelishib olinishi lozim va bu kabi kelishuvga imkoniyati boʻlgan joyda IATAning tariflarni belgilash uslubidan foydalanish yoʻli bilan erishiladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlari oʻrtasidagi tashuvlar uchun olinadigan taklif qilingan har bir tarif aviakorxona tarafidan yoki nomidan har ushbu tarifni kuchga kiritish moʻljallangan sanadan eng kamida 30 kun oldin (yoki har ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlarining oʻzaro kelishuvi boʻyicha belgilanishi mumkin boʻlgan qisqa muddat ichida) ikkala Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlariga taqdim etiladi.
4. Ushbu uslubda taqdim etilgan tarif aviatsiya maʼmuriyatlari tomonidan istalgan vaqtda tasdiqlanishi mumkin. Lekin keyingi ikkita bandga koʻra istalgan tarif agar har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari tarif olingan kundan boshlab 20 kun ichida bir-birini taklif etilgan tariflarga oʻzlarining noroziligi haqida yozma ravishda xabardor qilmasalar ushbu tarif taqdim etilgan kundan boshlab 21-kun tasdiqlangan deb hisoblanadi.
5. 4-bandda koʻrsatilganlardan hech biri Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviatsiya maʼmuriyatlariga oʻzining tayinlangan aviakorxonasi tomonidan taqdim etilgan har qanday tarifni bir tomonlama rad etishga qarshilik koʻrsatmaydi. Lekin bu kabi harakat agarda ushbu aviatsiya maʼmuriyatlari taklif etilgan tarifni yuqori deb yoki uning qoʻllanilishi xohlagan boshqa tayinlangan aviakorxonaga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan raqobatchilikka qarshi harakatlarni keltirib chiqaradi deb hisoblasagina amalga oshirilishi mumkin.
6. Agarda Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviatsiya maʼmuriyati boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi tomonidan taklif etilgan tarifni yuqori deb yoki uning qoʻllanilishi xohlagan boshqa tayinlangan aviakorxonaga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan raqobatchilikka qarshi harakatlarni keltirib chiqaradi deb hisoblasa tarif olingan kundan boshlab 20 kun ichida boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyati bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Ushbu maslahatlashuvlar soʻrov olingan kundan boshlab 21 kun ichida oʻtkazilishi lozim va agarda har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari bu muddatni oʻzgartirish toʻgʻrisida kelishib olishmasa tarif ushbu muddat tugashi bilan kuchga kiradi.
7. Agarda tarif yuqorida koʻrsatilgan nizomlarga koʻra kuchga kirgan boʻlsa va Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviatsiya maʼmuriyati bu nizomlarni qaysidir tayinlangan aviakorxonaga jiddiy shikast yetkazadigan nizomlar deb hisoblasa, ushbu Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyati bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin.
8. Mazkur moddaning nizomlariga muvofiq belgilangan tariflar mazkur moddaning nizomlariga muvofiq yangi tariflar belgilanguniga qadar oʻz kuchida qoladi.
10-modda Guvohnoma va litsenziyalarni tan olish
Ahdlashuvchi Tomonlardan biri tarafidan berilgan yoki yaroqli deb topilgan hamda amal qilish muddati tugamagan parvozlarga yaroqlilik haqidagi guvohnomalar, foydalanuvchining shahodatnomalari va litsenziyalari shartlashilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadida agarda bu kabi shahodatnomalar yoki litsenziyalar Konvensiyaga muvofiq belgilangan minimum normalarga teng yoki ulardan yuqori darajada berilsa va yaroqli deb belgilansa boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan yaroqli deb topiladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan oʻzining fuqarolariga berilgan parvozlarga yaroqlilik haqidagi guvohnomalar va litsenziyalarni agar ularning egalari oʻz hududi ustidan parvozlarni amalga oshirgan holatlarda yaroqli deb topmaslik huquqiga ega.
11-modda Aeroport yigʻimlari
Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga bir xil xalqaro havo qatnovlarida ishtirok etuvchi oʻzining tayinlangan aviakorxonasidan olinayotgan aeroport yigʻimlaridan yuqori boʻlgan aeroport yigʻimlarini yuklashi yoki yuklashga ruxsat berishi mumkin emas.
12-modda Aviatsiya xavfsizligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquqdan kelib chiqadigan oʻz huquqlari va majburiyatlariga muvofiq gʻayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar, oʻzlarining xalqaro huquq doirasidagi umumiy huquq va majburiyatlarini cheklamagan holda, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlarga qarshi kurash haqidagi Konvensiya hamda har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun kuchga kirgan fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tegishli boʻlgan boshqa konvensiyaga asosan ish olib boradilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimosiga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilib olishning va havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, aeroportlar va aeronavigatsiya vositalariga nisbatan har qanday boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdidlarning oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy yordamni koʻrsatadilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan belgilangan va Konvensiyaga kiritilgan Ilovalarda tavsiflangan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq ish koʻradilar; har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzida qayd etilgan havo kemalarining foydalanuvchilaridan yoki asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining foydalanuvchilaridan va oʻzlarining hududlaridagi aeroportlarning maʼmuriyatlaridan bunday aviatsiya xavfsizligining qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar. Muvofiq holda har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni oʻzining milliy qoidalari va tartiblari hamda yuqorida koʻrsatilgan aviatsiya xavfsizligi talablari qoidalari oʻrtasidagi har qanday tafovut haqida xabardor qilishi lozim. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri istagan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan har qanday shu kabi tafovutlarni muhokama etish uchun tezda maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qila oladi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon undan ushbu boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan oʻzining hududiga kirishi uchun koʻzlangan aviatsiya xavfsizligi boʻyicha talablarga rioya etishni talab qila olishiga hamda oʻz hududi doirasida havo kemalarni qoʻriqlash, havo kemalarning qoʻnishidan oldin va qoʻnish vaqtida yoki yuklashda yoʻlovchilar va ularning yuklari, ekipaj aʼzolari, yuk va sahn zaxiralarini tekshirish uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrishga oʻz roziligini bildiradi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
5. Basharti, fuqaro havo kemasini tutqun qilish hodisasi yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga aeroportlar va aeronavigatsiya vositalariga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir-birlariga koʻmak beradilar va bunday hodisa yoki tahdidga jadal hamda beshikast barham berish uchun barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
6. Har bir Ahdlashuvchi Tomon xabarnomani olgandan keyin 60 kun ichida (aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida kelishib olinishi mumkin boʻlgan boshqa qisqa muddat ichida) boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida parvozlarni bajarayotgan tomon tarafidan amalga oshirilayotgan yoki oshirilishi rejalashtirilgan birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududidan uchib ketish yoki shu hududga uchib kelish bilan bogʻliq xavfsizlik choralarini baholashni oʻtkazishga haqlidir. Baholashni oʻtkazish boʻyicha maʼmuriy choralar aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida kelishib olinishi hamda baholash zudlik bilan oʻtkazilishi uchun boshqa vaqtga qoldirilmasdan amalga oshirilishi lozim.
7. Agarda Ahdlashuvchi Tomonlardan birida boshqa Ahdlashuvchi Tomon mazkur moddaning qoidalarini buzgani toʻgʻrisida oqilona asos boʻlsa birinchi Ahdlashuvchi Tomon maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Ushbu maslahatlashuvlar istalgan bir Ahdlashuvchi Tomon tarafidan bu kabi soʻrovnoma olingan kundan boshlab 15 kun ichida boshlanishi lozim. Agarda maslahatlashuvlar boshlangan kundan boshlab 15 kun ichida qoniqarli xulosalarga kelinmasa, bu boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalarining huquqlarini rad etish, bekor qilish yoki toʻxtatishga asos boʻladi. Agarda zarur boʻlsa yoki mazkur moddaning nizomlariga amal qilinmaslikni kelgusida toʻxtatish uchun birinchi Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda vaqtinchalik tadbirlarni qoʻllashi mumkin.
13-modda Aviatsiya xavfsizligi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon istagan vaqtda aeronavigatsiya vositalari, ekipaj aʼzolari, havo kemasi va havo kemasidan foydalanishga taalluqli sohalarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon bajaradigan parvozlar xavfsizligi boʻyicha standartlarga tegishli boʻlgan masalalar yuzasidan maslahatlar oʻtkazishni talab qilishi mumkin. Bunday maslahatlashuvlar murojaat etilgan kundan eʼtiboran oʻttiz (30) kun davomida oʻtkaziladi.
2. Agar bunday maslahatlar oʻtkazilganidan coʻng bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa bir Ahdlashuvchi Tomonni birinchi bandda koʻrsatilgan Xalqaro fuqaro aviatsiya haqidagi Konvensiyaga muvofiq belgilangan standartlarga parvozlar xavfsizligi normalariga samarali rioya qilmayapti va boshqarmayapti deb topgan taqdirda (Doc 7300), boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday kamchiliklar va IKAO standartlariga muvofiq chora-tadbirlarni koʻrishi kerakligi toʻgʻrisida xabardor etilishi shart. Bundan soʻng boshqa Ahdlashuvchi Tomon kelishilgan vaqt davomida xatolarni toʻgʻrilovchi tegishli chora-tadbirlarni koʻradi.
3. Konvensiyaning 16-moddasiga muvofiq yana shunday kelishuvga erishildikim, bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan yoki uning nomidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidan yoki uning hududiga parvozni amalga oshirayotgan havo kemasi, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlgan vaqtida parvozni sababsiz kechiktirishga yoʻl qoʻymaslik sharti bilan, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli vakillari tekshiruvidan oʻtkazilishi mumkin. Konvensiyaning 33-moddasida koʻrsatilgan majburiyatlarga asoslanmay, ushbu tekshiruv maqsadi havo kemasining hujjatlari va ekipaj aʼzolari guvohnomalarining amal qilish muddati, shuningdek havo kemasi moslamalari va holati oʻsha vaqtda Konvensiyaga muvofiq holatda boʻlishi hisoblanadi.
4. Agar aviakorxona parvozlari xavfsizligini taʼminlash uchun kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi lozim boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalariga berilgan parvozlarni amalga oshirish ruxsatnomasini vaqtincha toʻxtatishi yoki oʻzgartirishi mumkin.
5. Bir Ahdlashuvchi Tomonning yuqoridagi 4-bandga muvofiq amalga oshiradigan har qanday xatti-harakati, mazkur chora-tadbirlarni koʻrishga asos yoʻq qilingan vaqtdan eʼtiboran davom ettirilishi mumkin emas.
6. Yuqoridagi 2-bandga asos tariqasida bundan buyon bir Ahdlashuvchi Tomon IKAO standartlariga rioya etmaslikni davom ettirsa, kelishilgan vaqt muddati oʻtib ketganidan soʻng bu haqda IKAO Bosh kotibi xabardor etilishi lozimligi belgilandi. Shuningdek, Bosh kotib mazkur holatga bundan keyingi qoniqarli barham berilishi toʻgʻrisida ham xabardor etilishi lozim.
14-modda Mablagʻlarni oʻtkazish
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonalariga aviakorxonaning istagi boʻyicha xohlagan mamlakatga aviaqatnovlarni sotishdan va havo aloqalari bilan bogʻliq faoliyatlardan olingan va mahalliy xarajatlardan ortiq boʻlgan aviakorxonaning talabi boʻyicha barcha mahalliy daromadlarni pul oʻtkazish kunidagi kurs boʻyicha chegaralanmagan, kamsitilmagan yoki soliqqa tortilmagan holda oʻtkazish huquqini beradi. Bu holda boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviakorxonasining mazkur moddada koʻrsatilgan haq-huquqlari chegaralanmasligi sharti bilan daromad olingan Ahdlashuvchi Tomonning valyuta almashuvini tartibga soluvchi qonun va qoidalari qoʻllaniladi.
15-modda Axborotlar va statistika maʼlumotlari
Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyati boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatining talabi boʻyicha birinchi Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan qatnovlarda amalga oshirilayotgan tashuvlarning hajmini aniqlash maqsadida oqilona darajada soʻralishi mumkin boʻlgan shu kabi davriy yoki boshqa statistik maʼlumotlarni taqdim etadi. Bu kabi axborotlar ushbu tayinlangan aviakorxona tomonidan kelishilgan qatnovlarda amalga oshirilayotgan tashuvlar hajmini belgilash uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim.
16-modda Maslahatlashuvlar
Har bir Ahdlashuvchi Tomon istagan vaqtda mazkur Bitimga aloqador barcha masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Ushbu maslahatlashuvlar, agar har ikkala Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida boshqa muddat kelishib olinmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan soʻrov olingan sanadan boshlab oltmish (60) kun ichida boshlanishi lozim.
17-modda Bahslarni hal qilish
1. Mazkur Bitimni izohlash yoki qoʻllash natijasida Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelib chiqadigan har qanday bahs eng avvalo har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal qilinishi lozim.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan kelishuvga kela olmasalar, bahs diplomatik kanallar orqali yozishmalar olib borish yoʻli bilan hal etiladi.
18-modda Oʻzgartirishlar
1. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitimning istalgan qoidalarini oʻzgartirishni lozim topsa, u istalgan payt boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Bu kabi maslahatlashuvlar soʻrov olingan sanadan boshlab oltmish (60) kun ichida boshlanishi lozim.
2. Mazkur Bitimga har qanday oʻzgartirish, agar u Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelishilgan boʻlsa, diplomatik kanallar orqali notalar almashinuvi yoʻli bilan tasdiqlangandan soʻng kuchga kiradi.
19-modda Koʻp tomonlama Konvensiya
Agar har ikki Ahdlashuvchi Tomonga aloqador holda havo aloqalari toʻgʻrisida Konvensiya kuchga kirsa, ushbu Konvensiyaning qoidalari ustuvor hisoblanadi. Mazkur Bitimning 16-moddasiga muvofiq maslahatlashuvlar koʻp tomonlama Konvensiya qoidalarining mazkur Bitimga taʼsiri doirasini aniqlash maqsadida oʻtkazilishi mumkin.
20-modda Bitimning amal qilishini toʻxtatish
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish istagida ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (IKAO)ga ham yuboriladi. Agar bu kabi xabarnoma berilsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnomani olgan kundan eʼtiboran oʻn ikki (12) oy oʻtganidan soʻng, agar, Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi xabarnoma bu muddat tugaguniga qadar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligiga binoan orqaga qaytarib olinmasa, Bitimning amal qilishi toʻxtatiladi. Agar boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnoma olganining tasdigʻi boʻlmasa, Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti xabarnoma olganidan soʻng oʻn toʻrt (14) kun oʻtgach boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tasdigʻi olingan deb hisoblanadi.
21-modda Roʻyxatdan oʻtkazish
Ushbu Bitim hamda 18-moddaga muvofiq har qanday oʻzgartirishlar Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotida (IKAO) roʻyxatdan oʻtkaziladi.
22-modda Bitimning kuchga kirishi
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Tegishli tartibga muvofiq oʻzlarining hukumatlaridan vakolat olgan quyida imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib ushbu Bitimni imzoladilar.
Singapur shahrida 2007-yil 25-yanvarda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
ILOVA
Muntazam havo qatnovlari
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 1-son)