7-modda Uchib kelish va uchib ketish toʻgʻrisidagi qonun va qoidalar
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 25.01.2007 · Amalda
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon xalqaro qatnovlarni amalga oshirayotgan havo kemalari oʻz hududiga uchib kelishi va u erdan uchib ketishini tartibga soluvchi, yoki bu havo kemalarning ushbu hudud doirasidagi parvozlariga tegishli qonun va qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning oʻz davlat hududiga yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, yoʻlovchilar yuki, yuk va pochtaning kirib kelishi, u erda boʻlishi hamda u erdan joʻnatilishini tartibga soluvchi davlat qonun va qoidalari, hamda kirish-chiqish, emigratsiya va immigratsiya, bojxona va sanitar nazoratiga oid rasmiyatchiliklar boshqa Ahdlashuvchi Tomondan tayinlangan aviakorxonasi havo kemalarida tashilayotgan yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, yuk va pochtaga nisbatan birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlishi chogʻida qoʻllaniladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududidan toʻgʻri tranzit boʻyicha oʻtuvchi, aeroportning ushbu tashuvlar uchun belgilangan zonasini tark etmagan yoʻlovchilar, yoʻlovchilar yuki va yuklarga nisbatan eng yengillashtirilgan nazorat qoʻllaniladi.
4. Hech bir Tomon mazkur moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan qonun va qoidalarni qoʻllashda oʻzining aviakorxonasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga nisbatan ustuvorlik yaratmaydi.
