12-modda Aviatsiya xavfsizligi
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 25.01.2007 · Amalda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquqdan kelib chiqadigan oʻz huquqlari va majburiyatlariga muvofiq gʻayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar, oʻzlarining xalqaro huquq doirasidagi umumiy huquq va majburiyatlarini cheklamagan holda, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlarga qarshi kurash haqidagi Konvensiya hamda har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun kuchga kirgan fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tegishli boʻlgan boshqa konvensiyaga asosan ish olib boradilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimosiga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilib olishning va havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, aeroportlar va aeronavigatsiya vositalariga nisbatan har qanday boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdidlarning oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy yordamni koʻrsatadilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan belgilangan va Konvensiyaga kiritilgan Ilovalarda tavsiflangan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq ish koʻradilar; har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzida qayd etilgan havo kemalarining foydalanuvchilaridan yoki asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining foydalanuvchilaridan va oʻzlarining hududlaridagi aeroportlarning maʼmuriyatlaridan bunday aviatsiya xavfsizligining qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar. Muvofiq holda har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni oʻzining milliy qoidalari va tartiblari hamda yuqorida koʻrsatilgan aviatsiya xavfsizligi talablari qoidalari oʻrtasidagi har qanday tafovut haqida xabardor qilishi lozim. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri istagan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan har qanday shu kabi tafovutlarni muhokama etish uchun tezda maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qila oladi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon undan ushbu boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan oʻzining hududiga kirishi uchun koʻzlangan aviatsiya xavfsizligi boʻyicha talablarga rioya etishni talab qila olishiga hamda oʻz hududi doirasida havo kemalarni qoʻriqlash, havo kemalarning qoʻnishidan oldin va qoʻnish vaqtida yoki yuklashda yoʻlovchilar va ularning yuklari, ekipaj aʼzolari, yuk va sahn zaxiralarini tekshirish uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrishga oʻz roziligini bildiradi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
