4-modda Toʻlovlar va soliqlardan ozod qilish
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 25.01.2007 · Amalda
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan xalqaro havo qatnovida foydalanilayotgan havo kemalari, shuningdek ularning roʻyxatdagi mol-mulki, ehtiyot qismlar, yonilgʻi zaxirasi, moylash xomashyolari hamda bunday havo kemalari sahnidagi sahn zaxiralari (oziq-ovqat, ichimlik va tamaki mahsulotlarini oʻz ichiga olgan holda) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga kirgach barcha bojxona bojlari, nazorat soliqlari hamda boshqa yigʻimlar va soliqlardan bu mulk, xomashyolar va zaxiralar ular qaytarib olib chiqilguniga yoki ushbu hudud ustidan parvoz mobaynida ishlatilguniga qadar havo kemasi sahnida saqlanib qolishi sharti bilan ozod etiladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi tomonidan yoki uning nomidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kiritilgan yoki ushbu tayinlangan aviakorxona sahniga olingan va faqatgina xalqaro havo qatnovlaridan foydalanishda qoʻllash uchun koʻzlangan yonilgʻi zaxiralari, moylash xomashyolari, ehtiyot qismlar, roʻyxatdagi mol-mulk hamda sahn zaxiralari hattoki ushbu zaxiralar yoʻnalishning ular sahniga olingan birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududi doirasidagi qismida ishlatilsa ham ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida qabul qilingan bojxona bojlari va nozirlik toʻlovlari bilan birga barcha milliy soliq va yigʻimlardan ozod etiladi. Yuqorida koʻrsatilgan ashyolar talab qilinishi boʻyicha bojxona kuzatuvi va nazorati ostiga olinishi talab qilinishi mumkin.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning havo kemasi sahnida turgan doimiy foydalaniladigan havo kemasi jihozlari, ehtiyot qismlar, sahn mulki hamda yonilgʻi zaxiralari va moylash xomashyolari ular orqaga qaytarib olingunga yoki bojxona qoidalariga muvofiq boshqa maqsadlarda ishlatilgunga qadar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida mazkur Ahdlashuvchi Tomon bojxona organlarining nazorati ostida joylashtirilishi uchun yuqorida qayd etilgan organlarning ruxsati bilangina tushirilishi mumkin.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemasi tarafidan ikkinchi Tomon hududida sahnga olingan va faqat ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududidagi ikki manzil oʻrtasidagi parvoz davomida foydalaniladigan yonilgʻi, moylash xomashyolari, ehtiyot qismlar, doimiy foydalaniladigan havo kemasi jihozlari va sahn zaxiralariga ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida bojxona bojlari, nozirlik soliqlari va boshqa shu kabi milliy va mahalliy soliqlar borasida ushbu Ahdlashuvchi Tomon milliy aviakorxonasiga nisbatan kam boʻlmagan imtiyozlar qoʻllaniladi.
