Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (birinchi qism)
21.12.1995
Birinchi qism
I BOʻLIM UMUMIY QOIDALAR
1-Kichik boʻlim ASOSIY QOIDALAR
1-BOB. FUQAROLIK QONUNCHILIGI
1-modda. Fuqarolik qonunchiligining asosiy negizlari
Fuqarolik qonunchiligi ular tomonidan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining tengligini eʼtirof etishga, mulkning daxlsizligiga, shartnomaning erkinligiga, xususiy ishlarga biron-bir kishining oʻzboshimchalik bilan aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligiga, fuqarolik huquqlari toʻsqinliksiz amalga oshirilishini, buzilgan huquqlar tiklanishini, ularning sud orqali himoya qilinishini taʼminlash zarurligiga asoslanadi.
Fuqarolar (jismoniy shaxslar) va yuridik shaxslar oʻz fuqarolik huquqlariga oʻz erklariga muvofiq ega boʻladilar va bu huquqlarini oʻz manfaatlarini koʻzlab amalga oshiradilar. Ular shartnoma asosida oʻz huquq va burchlarini belgilashda va qonunchilikka zid boʻlmagan har qanday shartnoma shartlarini aniqlashda erkindirlar.
Tovarlar, xizmatlar va moliyaviy mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida erkin harakatda boʻladi.
Xavfsizlikni taʼminlash, insonlarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, tabiatni va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish uchun zarur boʻlsa, tovarlar va xizmatlar harakatda boʻlishini cheklash qonunchilikka muvofiq joriy etilishi mumkin.
2-modda. Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Fuqarolik qonunchiligi fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va oʻzga majburiyatlarni, shuningdek boshqa mulkiy hamda u bilan bogʻliq shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi.
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchilari boʻladilar.
Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, fuqarolik qonunchiligida belgilab qoʻyilgan qoidalar chet ellik fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hamda chet ellik yuridik shaxslar ishtirokidagi munosabatlarga qoʻllaniladi.
Shaxsiy nomulkiy munosabatlar va mulkiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy munosabatlar, agar qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki bu munosabatlarning mohiyatidan oʻzgacha hol anglashilmasa, fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan belgilarga javob beradigan oilaviy munosabatlarga, mehnat munosabatlariga hamda tabiiy resurslardan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha munosabatlarga, shuningdek banklarni sanatsiya qilish va tugatish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi bu munosabatlar maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinmaydigan hollarda qoʻllaniladi.
Bir tarafning ikkinchi tarafga maʼmuriy boʻysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa maʼmuriy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi qoʻllanilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
3-modda. Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari
Fuqarolik qonunchiligi ushbu Kodeksdan, ushbu Kodeks 2-moddasining birinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlaridan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda fuqarolik-huquqiy munosabatlar ushbu Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
Boshqa qonunlar va qonunchilik hujjatlaridagi fuqarolik qonunchiligi normalari ushbu Kodeksga mos boʻlishi shart, bundan maxsus huquqiy rejim oʻrnatadigan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan belgilangan hollar mustasno.
Vazirliklar, idoralar va boshqa davlat organlari ushbu Kodeksda, boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va doirada fuqarolik munosabatlarini tartibga soluvchi hujjatlar chiqarishi mumkin.
4-modda. Fuqarolik qonunchiligining vaqt boʻyicha amal qilishi
Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Qonun u amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi.
Fuqarolik qonunchiligi hujjati amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlar boʻyicha bu qonunchilik hujjati u amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan huquq va burchlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Agar shartnoma tuzilganidan keyin taraflar uchun majburiy boʻlgan, shartnoma tuzilayotgan paytdagidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan qonun qabul qilingan boʻlsa, tuzilgan shartnomaning shartlari oʻz kuchini saqlab qoladi, bundan qonunning avval tuzilgan shartnomalardan kelib chiquvchi munosabatlarga tatbiq etilishi koʻrsatilgan hollar mustasno.
5-modda. Fuqarolik qonunchiligini oʻxshashlik boʻyicha qoʻllash
Ushbu Kodeks 2-moddasining birinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan munosabatlar qonunchilik yoki taraflarning kelishuvi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga solinmagan hollarda fuqarolik qonunchiligining oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi normasi qoʻllaniladi (qonun oʻxshashligi).
Koʻrsatib oʻtilgan hollarda qonun oʻxshashligidan foydalanish mumkin boʻlmasa, taraflarning huquq va burchlari fuqarolik qonunchiligining umumiy negizlari va mazmuniga (huquq oʻxshashligiga) hamda halollik, oqillik va adolat talablariga amal qilgan holda belgilanadi.
Fuqarolik huquqlarini cheklaydigan va javobgarlik belgilaydigan normalarning oʻxshashlik boʻyicha qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-modda. Ish muomalasi odatlari. Mahalliy odat va anʼanalar
Tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qoʻllaniladigan, qonunchilikda nazarda tutilmagan xulq-atvor qoidasi, biron-bir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qatʼi nazar, ish muomalasi odati deb hisoblanadi.
Fuqarolik qonunchiligida tegishli normalar boʻlmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va anʼanalar qoʻllaniladi.
Tegishli munosabat ishtirokchilari uchun majburiy boʻlgan qonunchilik normalariga yoki shartnomaga zid boʻlgan ish muomalasi odatlari, mahalliy odat va anʼanalar qoʻllanilmaydi.
7-modda. Fuqarolik qonunchiligi va xalqaro shartnomalar hamda bitimlar
Agar xalqaro shartnomada yoki bitimda fuqarolik qonunchiligidagiga qaraganda boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qoʻllaniladi.
2-BOB. FUQAROLIK HUQUQ VA BURCHLARINING VUJUDGA KELISHI. FUQAROLIK HUQUQLARINI AMALGA OSHIRISH VA HIMOYA QILISH
8-modda. Fuqarolik huquq va burchlarining vujudga kelish asoslari
Fuqarolik huquq va burchlari qonunchilikda nazarda tutilgan asoslardan, shuningdek fuqarolar hamda yuridik shaxslarning, garchi qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlmasa-da, lekin fuqarolik qonunchiligining umumiy negizlari va mazmuniga koʻra fuqarolik huquq hamda burchlarni keltirib chiqaradigan harakatlaridan vujudga keladi.
Fuqarolik huquq va burchlari quyidagilardan vujudga keladi:
1) qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlardan, shuningdek garchi qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa-da, lekin unga zid boʻlmagan shartnomalar va boshqa bitimlardan;
2) qonunda fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi sifatida nazarda tutilgan davlat organlarining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hujjatlaridan;
3) sudning fuqarolik huquq va burchlarini belgilagan qaroridan;
4) qonun yoʻl qoʻyadigan asoslarda mol-mulk olish natijasida;
5) fan, adabiyot, sanʼat asarlarini yaratish, ixtirolar va boshqa intellektual faoliyat natijasida;
6) boshqa shaxsga zarar yetkazish natijasida;
7) asossiz boyib ketish natijasida;
8) fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa harakatlari natijasida;
9) qonunchilik fuqarolik-huquqiy oqibatlarning kelib chiqishi bilan bogʻlaydigan hodisalar natijasida.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan mol-mulkka boʻlgan huquqlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, unga boʻlgan tegishli huquqlar roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
9-modda. Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish
Fuqarolar va yuridik shaxslar oʻzlariga tegishli boʻlgan fuqarolik huquqlarini, shu jumladan ularni himoya qilish huquqini ham oʻz xohishlariga koʻra tasarruf etadilar.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning oʻz huquqlarini amalga oshirishdan voz kechishi bu huquqlarning bekor qilinishiga olib kelmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish boshqa shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart. Fuqarolik huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi nazarda tutiladi.
Fuqarolar va yuridik shaxslar oʻz huquqlarini amalga oshirishda jamiyatning maʼnaviy tamoyillari va axloqiy normalarini hurmat qilishlari, tadbirkorlar esa — ish odobi qoidalariga ham rioya etishlari kerak.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa shaxsga zarar yetkazishga, boshqacha shakllarda huquqni suiisteʼmol qilishga, shuningdek huquqni uning maqsadiga zid tarzda amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmagan taqdirda, sud shaxsga qarashli huquqni himoya qilishni rad etishi mumkin.
10-modda. Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish
Fuqarolik huquqlari protsessual qonunchilik yoki shartnomada belgilab qoʻyilganidek, ishlar qaysi sudga taalluqli boʻlishiga qarab, sud, iqtisodiy sud yoki hakamlik sudi (bundan keyin — sud) tomonidan himoya qilinadi.
Qonunda nazarda tutilgan hollardagina fuqarolik huquqlari maʼmuriy tartibda himoya qilinadi. Maʼmuriy tartibda qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
11-modda. Fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari
Fuqarolik huquqlari quyidagi yoʻllar bilan himoya qilinadi:
huquqni tan olish;
huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tugʻdiradigan harakatlarning oldini olish;
bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash;
davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish;
shaxsning oʻz huquqini oʻzi himoya qilishi;
burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish;
zararni toʻlash;
neustoyka undirish;
maʼnaviy ziyonni qoplash;
huquqiy munosabatni bekor qilish yoki oʻzgartirish;
davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunga zid hujjatini sudning qoʻllamasligi.
Fuqarolik huquqlari qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ham himoya qilinishi mumkin.
12-modda. Davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish
Davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunchilikka muvofiq boʻlmagan hamda fuqarolarning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Sud hujjatni haqiqiy emas deb topgan taqdirda, buzilgan huquq ushbu Kodeksning 11-moddasida nazarda tutilgan usullarda himoya qilinishi kerak.
13-modda. Fuqarolik huquqlarini shaxsning oʻzi himoya qilishi
Fuqarolik huquqlarini shaxsning oʻzi himoya qilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Fuqarolik huquqlarini shaxsning oʻzi himoya qilish usullari huquqni buzishga mutanosib boʻlishi hamda huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak.
14-modda. Zararni qoplash
Agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda toʻlash nazarda tutilmagan boʻlsa, huquqi buzilgan shaxs oʻziga yetkazilgan zararning toʻla qoplanishini talab qilishi mumkin.
Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.
Agar huquqni buzgan shaxs buning natijasida daromad olgan boʻlsa, huquqi buzilgan shaxs boshqa zarar bilan bir qatorda boy berilgan foyda bunday daromaddan kam boʻlmagan miqdorda toʻlanishini talab qilishga haqli.
15-modda. Davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yetkazilgan zararni toʻlash
Davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq boʻlmagan hujjat qabul qilinishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday zararning oʻrni davlat organining budjetdan tashqari mablagʻlari yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bekor qilingan, ularning mablagʻlari yetishmagan yoxud davlat organining budjetdan tashqari mablagʻlari yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining mablagʻlari boʻlmagan taqdirda fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Zarar qaysi davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan boʻlsa, sudning qarori bilan zararning oʻrnini qoplash ushbu organlar mansabdor shaxslarining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
2-kichik boʻlim SHAXSLAR
3-BOB FUQAROLAR (JISMONIY SHAXSLAR)
16-modda. Fuqaro (jismoniy shaxs) tushunchasi
Fuqarolar (jismoniy shaxslar) deganda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tushuniladi.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu Kodeksning qoidalari barcha fuqarolarga nisbatan qoʻllaniladi.
17-modda. Fuqarolarning huquq layoqati
Barcha fuqarolarning fuqarolik huquq va burchlariga ega boʻlish layoqati (huquq layoqati) teng ravishda eʼtirof etiladi.
Fuqaroning huquq layoqati u tugʻilgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi.
18-modda. Fuqarolar huquq layoqatining mazmuni
Fuqarolar:
mulk huquqi asosida mol-mulkka ega boʻlishlari; mol-mulkni meros qilib olishlari va vasiyat qilib qoldirishlari; bankda jamgʻarmalarga ega boʻlishlari; tadbirkorlik, dehqon (fermer) xoʻjaligi bilan hamda qonunda taqiqlab qoʻyilmagan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishlari; yollanma mehnatdan foydalanishlari; yuridik shaxslar tashkil etishlari; bitimlar tuzishlari va majburiyatlarda ishtirok etishlari; yetkazilgan zararning toʻlanishini talab qilishlari; mashgʻulot turini va yashash joyini tanlashlari; fan, adabiyot va sanʼat asarlarining, ixtironing, qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa intellektual faoliyat natijalarining muallifi huquqiga ega boʻlishlari mumkin.
Fuqarolar boshqa mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
19-modda. Fuqaroning ismi
Agar qonundan yoki milliy odatdan boshqacha tartib kelib chiqmasa, fuqaro oʻz familiyasi va nomidan, shuningdek otasining ismi bilan huquq va burchlarga ega boʻladi hamda ularni amalga oshiradi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda fuqaro taxallusdan (toʻqilgan ismdan) foydalanishi mumkin.
Fuqaro qonunda belgilangan tartibda oʻz ismini oʻzgartirishga haqli. Fuqaroning oʻz ismini oʻzgartirishi avvalgi ismi bilan olgan huquq va burchlarini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi.
Fuqaro oʻz ismini oʻzgartirganligi haqida qarzdorlari va kreditorlariga xabar berish uchun zarur choralarni koʻrishi shart va u mazkur shaxslarda fuqaroning ismi oʻzgarganligi haqida maʼlumot yoʻqligi tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlar xavfini oʻz zimmasiga oladi.
Ismini oʻzgartirgan fuqaro oʻzining avvalgi ismiga rasmiylashtirilgan hujjatlarga oʻz hisobidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini talab qilishga haqli.
Fuqaro tugʻilgan vaqtida olgan ismini, shuningdek oʻzgartirilgan ismini fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishi kerak.
Boshqa shaxs ismidan foydalanib huquq va burchlarga ega boʻlishga yoʻl qoʻyilmaydi.
20-modda. Ismni himoya qilish
Oʻz ismi bilan yashash huquqiga eʼtiroz bildirilayotgan yoki ismidan qonunsiz foydalanilayotganligi munosabati bilan manfaatlari buzilayotgan shaxs manfaatlarini buzuvchidan bunday harakatlarga chek qoʻyishni va raddiya berishni talab qilishi mumkin. Agar manfaatlar qasddan buzilayotgan boʻlsa, jabrlangan shaxs qoʻshimcha suratda zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Zararni qoplash uchun manfaatni buzgan shaxsning daromadini berish talab qilinishi mumkin. Manfaat qasddan buzilganida jabrlanuvchi maʼnaviy ziyonning qoplanishini ham talab qilish huquqiga ega.
Ism yoki shaxsiy shaʼn egasi boʻlmagan, lekin oilaviy mavqeyiga koʻra bundan manfaatdor boʻlgan shaxs ham ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan harakatlarga chek qoʻyish yoki raddiya berish haqidagi talablarni qoʻyishi mumkin. Bu shaxs boshqa shaxsning oʻlimidan keyin ham uning ismini va shaʼnini himoya qilishga qaratilgan talablarning bajarilishiga harakat qilishi mumkin. Ismni va shaʼnni buzish tufayli keltirilgan zararni qoplash talabi oʻlimdan keyin tan olinmaydi.
21-modda. Fuqaroning yashash joyi
Fuqaroning doimiy yoki asosan yashab turgan joyi uning yashash joyi hisoblanadi.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlarning (kichik yoshdagi bolalarning) yoki vasiylikda boʻlgan fuqarolarning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari yashaydigan joy voyaga yetmaganlar yoki vasiylikda boʻlgan fuqarolarning yashash joyi hisoblanadi.
22-modda. Fuqaroning muomala layoqati
Fuqaroning oʻz harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega boʻlish va ularni amalga oshirish, oʻzi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga yetgach, yaʼni oʻn sakkiz yoshga toʻlgach toʻla hajmda vujudga keladi.
Voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan oʻtgan fuqaro nikohdan oʻtgan vaqtdan eʼtiboran toʻla hajmda muomala layoqatiga ega boʻladi.
Nikoh tuzish natijasida ega boʻlingan muomala layoqati oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan turib nikoh bekor qilingan taqdirda ham toʻla saqlanib qoladi.
Nikoh haqiqiy emas deb topilganida sud voyaga yetmagan er (xotin) sud belgilagan paytdan boshlab toʻla muomala layoqatini yoʻqotganligi haqida qaror qabul qilishi mumkin.
23-modda. Fuqaroning huquq layoqati va muomala layoqatini cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi
Qonunda belgilangan hollar va tartibdan tashqari, hech kimning huquq va muomala layoqati cheklanishi mumkin emas.
Fuqarolarning muomala layoqatini cheklashning qonunda belgilab qoʻyilgan shartlari va tartibiga rioya qilmaslik davlat organining tegishli cheklashni belgilaydigan hujjati haqiqiy emasligiga sabab boʻladi.
Fuqaroning huquq layoqatidan yoki muomala layoqatidan toʻla yoki qisman voz kechishi va huquq layoqati yoki muomala layoqatini cheklashga qaratilgan boshqa bitimlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir, bunday bitimlarga qonun tomonidan yoʻl qoʻyiladigan hollar bundan mustasno.
24-modda. Fuqaroning tadbirkorlik faoliyati
Fuqaro yakka tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga haqlidir.
Fuqarolarning yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan, agar qonunchilikdan yoki huquqiy munosabat mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, ushbu Kodeksning qoidalari qoʻllaniladi.
Yuridik shaxs tashkil etmasdan ushbu moddaning birinchi qismi talablarini buzgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqaro tuzgan bitimlar xususida oʻzining tadbirkor emasligini vaj qilib koʻrsatishga haqli emas. Sud bunday bitimlarga ushbu Kodeksning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq majburiyatlar toʻgʻrisidagi qoidalarini qoʻllashi mumkin.
Aylanmadan olinadigan soliq yoki qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchi yakka tartibdagi tadbirkor moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi sababli belgilangan tartibda davlat soliq organining taqdimnomasiga asosan harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida oʻz faoliyatini tiklamagan taqdirda, u roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra tugatilishi mumkin.
25-modda. Fuqaroning mulkiy javobgarligi
Fuqaro oʻz majburiyatlari yuzasidan oʻziga qarashli butun mol-mulki bilan javob beradi, qonunga muvofiq undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan mol-mulk bundan mustasno.
26-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorning va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi
Yakka tartibdagi tadbirkor kreditorlarning pul majburiyatlari boʻyicha talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs kreditorlarning pul majburiyatlari boʻyicha talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, agar tegishli talablar uning ilgarigi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan boʻlsa, belgilangan tartibda sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi tartib-taomillarini amalga oshirishda uning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan majburiyatlari boʻyicha kreditorlari ham hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, alimentlarni undirish haqidagi oʻz talablarini, shuningdek shaxsiy xususiyatga ega boʻlgan boshqa talablarni qoʻyishga haqli. Mazkur kreditorlarning ular tomonidan shunday tartibda qoʻyilmagan talablari toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili tugallanganidan keyin ham oʻz kuchini saqlab qoladi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxs bankrot deb topilgan taqdirda, uning kreditorlarining talablari ushbu Kodeksning 56-moddasida nazarda tutilgan tartibda qanoatlantiriladi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxsni sud tomonidan bankrot deb topishning yoki uning oʻzini bankrot deb eʼlon qilishining asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.
261-modda. Jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi
Jismoniy shaxs pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Jismoniy shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topishning asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.
27-modda. Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlarning muomala layoqati
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar, ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab oʻtilganlardan tashqari, bitimlarni oʻz ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Bunday voyaga yetmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitim keyinchalik shaxsning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysi yozma ravishda maʼqullaganidan soʻng, u ham haqiqiy hisoblanadi.
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar ota-onalari, farzandlikka oluvchilar va homiylarining roziligisiz quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli:
1) oʻz ish haqi, stipendiyasi va boshqa daromadlarini tasarruf etish;
2) fan, adabiyot yoki sanʼat asarining, ixtironing yoxud oʻz intellektual faoliyatining qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa natijasi muallifi huquqini amalga oshirish;
3) qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qoʻyish va ularni tasarruf etish;
4) ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan mayda maishiy bitimlarni hamda boshqa bitimlarni tuzish.
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq oʻzlari tuzgan bitimlar boʻyicha mustaqil ravishda mulkiy javobgar boʻladilar. Bunday voyaga yetmaganlar oʻzlari yetkazgan zarar uchun ushbu Kodeksga muvofiq javobgar boʻladilar.
Yetarli asoslar mavjud boʻlganida sud ota-onalar, farzandlikka oluvchilar yoki homiyning yoxud vasiylik va homiylik organining iltimosnomasiga muvofiq oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganning oʻz ish haqi, stipendiyasi yoki boshqa daromadlarini mustaqil tasarruf etish huquqini cheklab qoʻyishi yoki bu huquqdan mahrum qilishi mumkin, bunday voyaga yetmagan shaxs ushbu Kodeks 22-moddasining ikkinchi qismiga yoki 28-moddasiga muvofiq toʻla hajmda muomala layoqatiga ega boʻlgan hollar bundan mustasno.
28-modda. Emansipatsiya
Oʻn olti yoshga toʻlgan voyaga yetmagan shaxs mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan boʻlsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, u toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsni toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilish (emansipatsiya) ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoxud, bunday rozilik boʻlmagan taqdirda, sudning qarori bilan amalga oshiriladi.
Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy emansipatsiya qilingan voyaga yetmaganning majburiyatlari boʻyicha, xususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻlmaydilar.
29-modda. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlarning muomala layoqati
Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun bitimlarni, ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilganlardan tashqari, ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishi mumkin.
Olti yoshdan oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan kichik yoshdagi bolalar quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar:
1) mayda maishiy bitimlar;
2) tekin manfaat koʻrishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishni talab qilmaydigan bitimlar;
3) qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablagʻlarni tasarruf etish borasidagi bitimlar.
Kichik yoshdagi bolaning bitimlari boʻyicha, shu jumladan oʻzi mustaqil tuzgan bitimlar boʻyicha uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiyi, agar ular majburiyatning buzilishida oʻzlarining ayblari yoʻqligini isbotlay olmasalar, mulkiy javobgar boʻladilar. Ushbu shaxslar qonunga muvofiq kichik yoshdagi bolalar yetkazgan zarar uchun ham javobgar boʻladilar.
30-modda. Fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish
Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaroni sud qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi.
Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uni vasiyi amalga oshiradi.
Fuqaroning muomalaga layoqatsiz deb topilishiga sabab boʻlgan asoslar bekor boʻlsa, sud uni muomalaga layoqatli deb topadi va unga belgilangan vasiylikni bekor qiladi.
31-modda. Fuqaroning muomala layoqatini cheklash
Spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiisteʼmol qilish natijasida oʻz oilasini ogʻir moddiy ahvolga solib qoʻyayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan fuqarolik protsessual qonunchiligida belgilangan tartibda cheklab qoʻyilishi mumkin. Unga homiylik belgilanadi. Bunday fuqaro mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuzish huquqiga ega. U boshqa bitimlarni homiyning roziligi bilangina tuzishi, shuningdek ish haqi, pensiya va boshqa daromadlar olishi hamda ularni tasarruf etishi mumkin. Biroq bunday fuqaro oʻzi tuzgan bitimlar boʻyicha va yetkazgan zarari uchun mustaqil ravishda mulkiy javobgar boʻladi.
Fuqaroning muomala layoqati cheklanishiga sabab boʻlgan asoslar bekor boʻlsa, sud uning muomala layoqatini cheklashni bekor qiladi. Fuqaroga belgilangan homiylik sud qarori asosida bekor qilinadi.
32-modda. Vasiylik va homiylik
Vasiylik va homiylik muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga toʻliq layoqatli boʻlmagan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi. Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularni tarbiyalash maqsadida ham belgilanadi. Vasiylar va homiylarning bunga tegishli huquq va burchlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Vasiylar va homiylar oʻz himoyalaridagi shaxslarning huquq va manfaatlarini har qanday shaxslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudlarda ham maxsus vakolatsiz himoya qiladilar.
Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari boʻlmagan, ota-onasi sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan taqdirda, shuningdek bunday fuqarolar boshqa sabablarga koʻra ota-ona himoyasidan mahrum boʻlib qolgan, xususan, ota-ona ularni tarbiyalashdan yoxud ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlagan hollarda belgilanadi.
33-modda. Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish
Agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida maʼlumotlar boʻlmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud bu fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topishi mumkin.
Yoʻqolgan shaxs toʻgʻrisida oxirgi maʼlumotlar olingan kunni aniqlash mumkin boʻlmasa, bedarak yoʻqolgan deb hisoblash muddati yoʻqolgan shaxs toʻgʻrisida oxirgi maʼlumotlar olingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan, bu oyni belgilash mumkin boʻlmagan taqdirda esa —keyingi yilning birinchi yanvaridan boshlanadi.
34-modda. Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish oqibatlari
Bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaroning mol-mulkini doimiy suratda boshqarib turish zarur boʻlsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadigan va ushbu organ bilan tuziladigan ishonchli boshqaruv toʻgʻrisidagi shartnoma asosida ish olib boradigan shaxsga topshiriladi.
Ushbu mol-mulkdan bedarak yoʻqolgan shaxs qonunga muvofiq boqishi kerak boʻlgan fuqarolarga taʼminot beriladi va uning soliqlar va boshqa majburiyatlar boʻyicha qarzlari toʻlanadi.
Vasiylik va homiylik organi yoʻqolgan fuqaroning qayerdaligi toʻgʻrisida maʼlumot olingan kundan boshlab bir yil oʻtganga qadar ham uning mol-mulkini muhofaza qiluvchi shaxsni belgilashi mumkin.
Shaxsni bedarak yoʻqolgan deb topishning ushbu moddada nazarda tutilmagan oqibatlari qonun bilan belgilanadi.
35-modda. Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qarorning bekor qilinishi
Bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi.
36-modda. Fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish
Agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida maʼlumot boʻlmasa, basharti u oʻlim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok boʻlgan deb taxmin qilish uchun asos boʻladigan vaziyatlarda bedarak yoʻqolgan boʻlib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida maʼlumotlar boʻlmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb eʼlon qilishi mumkin.
Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yoʻqolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom boʻlgan kundan eʼtiboran kamida ikki yil oʻtgandan keyin sud tomonidan vafot etgan deb eʼlon qilinishi mumkin.
Sudning fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kun vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaroning oʻlgan kuni deb hisoblanadi. Oʻlim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok boʻlgan deb taxmin qilish uchun asos boʻladigan vaziyatlarda bedarak yoʻqolgan fuqaro vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda, sud uning taxmin qilingan halokat kunini ushbu fuqaroning oʻlgan kuni deb topishi mumkin.
Fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish bunday fuqaroning huquq va burchlari borasida uning oʻlimi olib kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni vujudga keltiradi.
37-modda. Vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaro qaytib kelishining oqibatlari
Vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning qayerda turganligi maʼlum boʻlgan taqdirda, uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi.
Fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin u har qanday shaxsdan bu shaxsga bepul oʻtib qolgan mavjud mol-mulkini oʻziga qaytarib berishni uch yil mobaynida sud orqali talab qilishga haqli, ushbu Kodeksning 229-moddasi ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaroning mol-mulki uning vorislari tomonidan uchinchi shaxslarga sotilgan boʻlib, bu shaxslar xarid narxini fuqaro qaytib kelgan paytgacha batamom toʻlamagan boʻlsalar, bu holda toʻlanmagan summani talab qilish huquqi qaytib kelgan fuqaroga oʻtadi.
Vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaroning mol-mulkini haq toʻlashni nazarda tutadigan bitimlar asosida olgan shaxslar mol-mulkni vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaroning tirikligini bila turib sotib olganliklari isbotlansa, ular fuqaroga bu mol-mulkni qaytarib berishlari shart. Bunday mol-mulkni asli holida qaytarib berishning imkoni boʻlmasa, uning qiymati toʻlanadi.
Agar vafot etgan deb eʼlon qilingan shaxsning mol-mulki meros huquqi boʻyicha davlatga oʻtgan va sotib yuborilgan boʻlsa, fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin unga mol-mulkni sotishdan tushgan pul qaytarib beriladi.
38-modda. Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish
Quyidagi fuqarolik holati hujjatlari davlat tomonidan qayd etilishi kerak:
1) tugʻilish;
2) oʻlim;
3) nikoh tuzilganligi;
4) nikohdan ajralish.
Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish fuqarolik holati hujjatlarini yozish organlari tomonidan fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish daftariga (hujjatlar daftariga) tegishli yozuvlarni kiritish hamda shu yozuvlar asosida fuqarolarga guvohnomalar berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsning oʻzgartirilishi kabi voqea va faktlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fuqarolik holati hujjatlarida ularga tegishli oʻzgartishlar kiritish yoʻli bilan ifodalanadi.
Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini tuzatish va oʻzgartirish yetarli asoslar boʻlsa hamda manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlmasa, fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi.
Manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlsa yoki fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi yozuvni tuzatish yoki oʻzgartirishni rad etsa, nizo sud tomonidan hal qilinadi.
Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini bekor qilish va tiklash fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan, manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlsa yoki fuqarolik holati hujjatlaridagi yozuvlarda jiddiy tafovutlar boʻlsa — sud qarori asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etuvchi organlar, bu hujjatlarni qayd etish tartibi, fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini oʻzgartirish, tiklash va bekor qilish tartibi, hujjat daftarlari va guvohnomalarning shakllari, shuningdek hujjatlar daftarlarini saqlash tartibi va muddatlarini belgilovchi organlar qonunchilik bilan belgilanadi.
4-BOB YURIDIK SHAXSLAR
1-§. Umumiy qoidalar
39-modda. Yuridik shaxs tushunchasi
Oʻz mulkida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega boʻlgan hamda oʻz majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, oʻz nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻla oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda daʼvogar va javobgar boʻla oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi.
Yuridik shaxslar mustaqil balans yoki smetaga ega boʻlishlari kerak.
40-modda. Yuridik shaxslarning turlari
Foyda olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi boʻlmagan tashkilot) yuridik shaxs boʻlishi mumkin.
Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaxs xoʻjalik shirkati va jamiyati, ishlab chiqarish kooperativi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tuzilishi mumkin.
Tijoratchi tashkilot boʻlmagan yuridik shaxs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy taʼminlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkin.
Tijoratchi boʻlmagan tashkilot oʻzining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
Yuridik shaxslar uyushmalar (ittifoqlar)ga va boshqa birlashmalarga Qonunga muvofiq birlashishlari mumkin.
Yuridik shaxs ushbu Kodeks, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek ustav va boshqa taʼsis hujjatlari asosida ish olib boradi.
41-modda. Yuridik shaxsning huquq layoqati
Yuridik shaxs oʻzining taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqarolik huquq layoqatiga ega boʻladi.
Yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi (ushbu Kodeks 44-moddasining toʻrtinchi qismi) va uni tugatish yakunlangan paytdan eʼtiboran tugatiladi (ushbu Kodeks 55-moddasining oʻninchi qismi).
Yuridik shaxsning maxsus huquq layoqati uning ustavi, nizomi yoki qonunchilik bilan belgilanadi.
Yuridik shaxs qonun hujjatida roʻyxati belgilab qoʻyilgan ayrim faoliyat turlari bilan faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosidagina shugʻullanishi mumkin.
Yuridik shaxsning huquqlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina cheklanishi mumkin. Yuridik shaxsning huquqlarini cheklash haqidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
42-modda. Yuridik shaxslarning vujudga kelishi
Yuridik shaxslar mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs tomonidan yoxud vakolatli organning farmoyishi asosida, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tashkil etiladi.
Mulkdorlar yoki operativ boshqarish huquqi subyektlari yoxud ular vakil qilgan shaxslar yuridik shaxslarning muassislari hisoblanadi.
43-modda. Yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari
Yuridik shaxs ustav asosida yoki taʼsis shartnomasi va ustav asosida yoxud faqat taʼsis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot boʻlmagan yuridik shaxs shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin.
Yuridik shaxsning taʼsis shartnomasi uning muassislari tomonidan tuziladi, ustavi esa — tasdiqlanadi.
Ushbu Kodeksga muvofiq bir muassis tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxs shu muassis tasdiqlagan ustav asosida ish olib boradi.
Yuridik shaxsning ustavi va boshqa taʼsis hujjatlarida yuridik shaxsning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), yuridik shaxs faoliyatini boshqarish tartibi belgilab qoʻyilishi, shuningdek ularda tegishli turdagi yuridik shaxslar toʻgʻrisida qonunda nazarda tutilgan boshqa maʼlumotlar boʻlishi kerak. Tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar va qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilotlarning ham taʼsis hujjatlarida yuridik shaxs faoliyatining sohasi va maqsadlari belgilab qoʻyilgan boʻlishi kerak.
Taʼsis shartnomasida taraflar (muassislar) yuridik shaxs tashkil etish majburiyatini oladilar, uni tashkil etish sohasida birgalikda faoliyat koʻrsatish tartibini, unga oʻz mol-mulklarini berish hamda uning faoliyatida ishtirok etish shartlarini belgilaydilar. Shartnomada foyda va zararlarni ishtirokchilar oʻrtasida taqsimlash, yuridik shaxs faoliyatini boshqarish, muassislarning uning tarkibidan chiqish shartlari va tartibi ham belgilab qoʻyiladi. Taʼsis shartnomasiga muassislarning kelishuviga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
Taʼsis hujjatlaridagi oʻzgartishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab, qonunda belgilangan hollarda esa — davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organ ana shunday oʻzgartishlar haqida xabardor qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga ega boʻladi. Yuridik shaxslar va ularning muassislari mazkur oʻzgartishlarni hisobga olib ish yuritgan uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda ana shunday oʻzgartishlar roʻyxatga olinmaganligini vaj qilib koʻrsatishga haqli emaslar.
44-modda. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Yuridik shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi maʼlumotlar barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq boʻlgan yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritiladi.
Yuridik shaxsni tashkil etishning qonunda belgilab qoʻyilgan tartibini buzish yoki uning taʼsis hujjatlari qonunga mos kelmasligi yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning rad etilishiga sabab boʻladi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishning xabardor qilish tartibi belgilangan yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Yuridik shaxsni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan uni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Yuridik shaxs qonunda belgilangan hollardagina qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
45-modda. Yuridik shaxsning organlari
Yuridik shaxs qonunchilikka va taʼsis hujjatlariga muvofiq ish olib boradigan oʻz organlari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻladi va oʻz zimmasiga fuqarolik burchlarini oladi. Yuridik shaxs organlarini tayinlash yoki saylash tartibi qonunchilik va taʼsis hujjatlari bilan belgilanadi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxs oʻz ishtirokchilari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻlishi va fuqarolik burchlarini oʻz zimmasiga olishi mumkin.
Qonunga yoki yuridik shaxsning taʼsis hujjatlariga muvofiq yuridik shaxs nomidan ish olib boradigan shaxs oʻzi vakili boʻlgan yuridik shaxs manfaatlari yoʻlida halol va oqilona ish olib borishi kerak. U yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari, aʼzolari) talabi bilan, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yuridik shaxsga yetkazgan zararini toʻlashi shart.
46-modda. Yuridik shaxsning nomi va joylashgan yeri
Yuridik shaxs oʻzining tashkiliy-huquqiy shaklini bildiradigan nomiga ega boʻladi. Tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar, qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilotlarning ham nomlari yuridik shaxs faoliyatining xususiyatini koʻrsatishi kerak.
Yuridik shaxsning nomiga toʻla yoki qisqartirilgan rasmiy nomni (davlatning nomini) kiritishga, yuridik shaxs hujjatlarining rekvizitlariga yoki reklama materiallariga ana shunday nomni yoxud davlat ramzlari elementlarini qoʻshishga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydigan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Yuridik shaxsning joylashgan yeri, agar qonunga muvofiq yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, u davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joy bilan belgilanadi.
Yuridik shaxs oʻzi bilan boʻladigan aloqa amalga oshiriladigan pochta manziliga ega boʻlishi lozim hamda oʻzining pochta manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida vakolatli davlat organlarini xabardor etishi shart.
Yuridik shaxsning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) uning taʼsis hujjatlarida koʻrsatiladi.
Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaxs oʻz firma nomiga ega boʻlishi lozim.
Yuridik shaxs oʻz firmasining nomidan foydalanish mutlaq huquqiga egadir.
Oʻzga firma nomidan gʻayriqonuniy suratda foydalanayotgan shaxs firma nomiga egalik qilish huquqi boʻlgan shaxsning talabi bilan undan foydalanishni toʻxtatishi hamda yetkazilgan zararlarni toʻlashi lozim.
47-modda. Vakolatxonalar va filiallar
Vakolatxona yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan, yuridik shaxs manfaatlarini ifodalaydigan va ularni himoya qiladigan alohida boʻlinmasidir.
Filial yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan vakolatxona vazifalarini bajaradigan alohida boʻlinmasidir.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, vakolatxona va filiallar yuridik shaxs hisoblanmaydi. Ular oʻzlarini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan mol-mulk bilan taʼminlanadilar hamda u tasdiqlagan nizomlar asosida ish olib boradilar. Vakolatxona va filiallarning rahbarlari yuridik shaxs tomonidan tayinlanadi hamda uning ishonchnomasi asosida ish olib boradi.
48-modda. Yuridik shaxsning javobgarligi
Yuridik shaxs oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Mulkdor tomonidan moliyaviy taʼminlanadigan muassasa oʻz majburiyatlari boʻyicha ushbu Kodeks 76-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida javob beradi.
Yuridik shaxsning muassisi (ishtirokchisi) yoki uning mol-mulkining mulkdori yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs, shuningdek qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, yuridik shaxs esa muassisning (ishtirokchining) yoki mulkdorning yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, bundan ushbu Kodeksda yoki yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalarni berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki mulkdorining yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning gʻayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan boʻlsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga qonunga muvofiq uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
Muassis (ishtirokchi) yoki yuridik shaxs mol-mulkining mulkdori shu yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirdagina majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega.
Yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) yoki mulkdor yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolishini oldindan bilib, oʻz huquqidan uning shunday harakatni amalga oshirishini koʻzlab foydalangan holdagina yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi ular tomonidan vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.
49-modda. Yuridik shaxsni qayta tashkil etish
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) uning muassislari (ishtirokchilari) yoki taʼsis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi qaroriga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxsni boʻlish yoki uning tarkibidan bir yoxud bir necha yuridik shaxsni ajratib chiqarish shaklida uni qayta tashkil etish vakil qilingan davlat organlarining qarori bilan yoxud sud qarori bilan amalga oshiriladi.
Agar yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari), ular vakil qilgan organ yoki yuridik shaxsning oʻz taʼsis hujjatlari bilan qayta tashkil etishga vakil qilingan organi yuridik shaxsni vakolatli davlat organining qarorida belgilangan muddatda qayta tashkil etmayotgan boʻlsa, sud mazkur davlat organining daʼvosi boʻyicha yuridik shaxsning boshqaruvchisini tayinlaydi va unga ushbu yuridik shaxsni qayta tashkil etishni topshiradi. Boshqaruvchi tayinlangan paytdan boshlab unga yuridik shaxsning ishlarini boshqarish vakolatlari oʻtadi. Boshqaruvchi sudda yuridik shaxs nomidan harakat qiladi, taqsimlash balansini tuzadi va uni yuridik shaxslarni qayta tashkil etish natijasida vujudga keladigan taʼsis hujjatlari bilan birga koʻrib chiqish uchun sudga topshiradi. Sudning ushbu hujjatlarni tasdiqlashi yangidan vujudga kelayotgan yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxslarni qoʻshib yuborish, qoʻshib olish yoki oʻzgartirish shaklida qaytadan tashkil etish vakolatli davlat organlarining roziligi bilangina amalga oshirilishi mumkin.
Qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etish hollarini istisno qilganda, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hisoblanadi.
Yuridik shaxs unga boshqa yuridik shaxsni qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilganida qoʻshib olingan yuridik shaxsning faoliyati toʻxtatilgani haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilgan paytdan boshlab yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hisoblanadi.
50-modda. Yuridik shaxslarni qayta tashkil etishda huquqiy vorislik
Yuridik shaxslar qoʻshib yuborilganida ulardan har birining huquq va burchlari topshirish hujjatida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga oʻtadi.
Yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qoʻshilganida, bu yuridik shaxsga qoʻshilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari topshirish hujjatida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar oʻtadi.
Yuridik shaxs boʻlingan taqdirda uning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarga oʻtadi.
Yuridik shaxs tarkibidan bir yoki bir necha yuridik shaxs ajralib chiqqanida qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq ularning har biriga oʻtadi.
Bir turdagi yuridik shaxs boshqa turdagi yuridik shaxsga aylantirilganida (tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgartirilganida), qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari topshirish hujjatida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga oʻtadi.
51-modda. Topshirish hujjati va taqsimlash balansi
Topshirish hujjati va taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari boʻyicha, shu jumladan taraflar bahslashayotgan majburiyatlar boʻyicha ham, huquqiy vorislik toʻgʻrisidagi qoidalarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Topshirish hujjati va taqsimlash balansi yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) tomonidan yoki yuridik shaxslarni qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organ tomonidan tasdiqlanadi hamda taʼsis hujjatlari bilan birga yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki mavjud yuridik shaxslarning taʼsis hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish uchun taqdim etiladi.
Taʼsis hujjatlari bilan birga tegishincha topshirish hujjatini yoki taqsimlash balansini taqdim etmaslik, shuningdek ularda qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorislik toʻgʻrisidagi qoidalarning yoʻqligi yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning rad etilishiga olib keladi.
52-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganida kreditorlar huquqlarining kafolatlari
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsning kreditorlarini bu haqda yozma ravishda xabardor qilishlari shart.
Qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsning kreditori shu yuridik shaxsning qarzdor boʻlishiga olib kelgan majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni hamda zararni toʻlashni talab qilishga haqli.
Agar taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisini aniqlash imkonini bermasa, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning oʻz kreditorlari oldidagi majburiyatlari boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.
53-modda. Yuridik shaxsni tugatish
Yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga oʻtmasdan bekor qilinishiga olib keladi.
Yuridik shaxs quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
uning muassislari (ishtirokchilari)ning yoki taʼsis hujjatlari bilan tugatishga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga muvofiq, shu jumladan yuridik shaxsning amal qilish muddati tugashi, uni tashkil etishdan koʻzlangan maqsadga erishilganligi munosabati bilan yoki yuridik shaxsni tashkil qilish chogʻida qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi sababli, agar bu buzilishlarni bartaraf etib boʻlmasa, sud yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazishni haqiqiy emas deb topganida;
faoliyat litsenziyasiz, faoliyat (harakatlar) ruxsatnomasiz yoxud vakolatli organni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda sudning qaroriga koʻra.
moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi sababli belgilangan tartibda davlat soliq organining taqdimnomasiga asosan harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida oʻz faoliyatini tiklamagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra, bundan nodavlat notijorat tashkilotlari mustasno.
Sudning yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qarorida uning muassislari (ishtirokchilari) yoxud yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari bilan uni tugatishga vakil qilingan organ zimmasiga yuridik shaxsni tugatishni amalga oshirish vazifasi yuklatilishi mumkin.
54-modda. Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan shaxsning burchlari
Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ bu haqda yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organga darhol yozma xabar berishlari kerak, davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ yuridik shaxs tugatish jarayonida ekanligi haqidagi maʼlumotlarni yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qoʻyadi.
Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tugatuvchini — tugatish komissiyasini yoki jismoniy shaxsni tayinlaydilar hamda ushbu Kodeksga muvofiq tugatish tartibi va muddatini belgilaydilar. Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Tugatuvchi tayinlangan paytdan boshlab yuridik shaxsning ishlarini boshqarish boʻyicha vakolatlar tugatuvchiga oʻtadi. Tugatuvchi tugatilayotgan yuridik shaxs nomidan sudda ishtirok etadi.
55-modda. Yuridik shaxsni tugatish tartibi
Tugatuvchi yuridik shaxsning tugatilishi haqida ommaviy axborot vositalarida eʼlon beradi. Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektini ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi eʼlon roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi eʼlonda uning kreditorlari talablarini bildirish tartibi va muddatlari koʻrsatiladi. Bu muddat tugatish toʻgʻrisidagi eʼlon chiqqan paytdan eʼtiboran ikki oydan kam boʻlmasligi kerak.
Tugatuvchi kreditorlarni aniqlash va debitorlik qarzini olish choralarini koʻradi, shuningdek kreditorlarni yuridik shaxs tugatilishi haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
Kreditorlar tomonidan talablarni qoʻyish uchun belgilangan muddat tamom boʻlganidan keyin tugatuvchi oraliq tugatish balansini tuzadi, bu balans tugatilayotgan yuridik shaxs mol-mulkining tarkibi, kreditorlar qoʻygan talablar roʻyxati, shuningdek ularni qarab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Oraliq tugatish balansi yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tomonidan tasdiqlanadi. Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, oraliq tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Agar tugatilayotgan yuridik shaxs (muassasalardan tashqari) ixtiyoridagi pul mablagʻlari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli boʻlmasa, tugatuvchi yuridik shaxsning mol-mulkini kimoshdi savdosi orqali sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotadi.
Tugatilayotgan yuridik shaxs kreditorlariga pul summalarini toʻlash tugatuvchi tomonidan ushbu Kodeksning 56-moddasida belgilab qoʻyilgan navbat tartibida, oraliq tugatish balansiga muvofiq, u tasdiqlangan kundan boshlab amalga oshiriladi.
Kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugaganidan keyin tugatuvchi tugatish balansini tuzadi, uni yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tasdiqlaydi. Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Tugatilayotgan muassasaning mablagʻlari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli boʻlmasa, kreditorlar oʻz talablarining qolgan qismini ushbu muassasa mulkdori hisobidan qondirish toʻgʻrisida sudga daʼvo bilan murojaat qilish huquqiga egadir.
Yuridik shaxsning kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki uning shu mol-mulkka ashyoviy huquqlarga yoki ushbu yuridik shaxsga nisbatan majburiy huquqlarga ega boʻlgan muassislariga (ishtirokchilariga), agar qonunchilikda oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, topshiriladi.
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatish, shuningdek ularni muassislari yoʻqligida tugatish taomili va xususiyatlari qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qoʻyilganidan soʻng yuridik shaxsni tugatish tamomlangan, yuridik shaxsning faoliyati esa tugagan hisoblanadi.
56-modda. Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish
Yuridik shaxs tugatilayotganida birinchi navbatda fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan, alimentlarni undirishdan va mualliflik shartnomalari boʻyicha mukofot toʻlash haqidagi talablari, shuningdek hayotiga yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganligi uchun tugatilayotgan yuridik shaxs javobgar boʻlgan fuqarolarning talablari ham tegishli vaqtbay toʻlovlarni kapitallashtirish yoʻli bilan qanoatlantiriladi.
Boshqa kreditorlarning talablari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda qanoatlantiriladi.
57-modda. Yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi
Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaxs, shuningdek matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish olib borayotgan yuridik shaxs pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini toʻla hajmida qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Yuridik shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topishning asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.
2-§. Tijorat tashkilotlari
58-modda. Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari toʻgʻrisidagi asosiy qoidalar
Ulushlarga (qoʻshilgan hissalarga) yoki muassislarning (ishtirokchilarning) aksiyalariga boʻlingan ustav fondi (ustav kapitali)ga ega boʻlgan tijoratchi tashkilotlar xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari hisoblanadi. Muassislar (ishtirokchilar) qoʻshgan hissalar yoki ular sotib olgan aksiyalar hisobiga vujudga keltirilgan, shuningdek xoʻjalik shirkati yoki jamiyati oʻz faoliyati jarayonida ishlab chiqargan va sotib olgan mol-mulk mulk huquqi asosida unga tegishlidir.
Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari toʻliq shirkat, kommandit shirkat, masʼuliyati cheklangan jamiyat, aksiyadorlik jamiyati shaklida tuzilishi mumkin.
Yakka tadbirkorlar va (yoki) tijoratchi tashkilotlar toʻliq shirkatlarning ishtirokchilari hamda kommandit shirkatlarda toʻliq sheriklar boʻlishlari mumkin.
Fuqarolar va yuridik shaxslar xoʻjalik jamiyatlarida ishtirokchilar va kommandit shirkatlarda hissa qoʻshuvchilar boʻlishlari mumkin.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, davlat hokimiyati organlari xoʻjalik jamiyatlarining ishtirokchilari hamda kommandit shirkatlarga hissa qoʻshuvchilar boʻlishga haqli emaslar.
Mulkdorlar tomonidan moliyaviy taʼminlab turiladigan muassasalar, qonunda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, mulkdorning roziligi bilan xoʻjalik jamiyatlarining ishtirokchilari va kommandit shirkatlarga hissa qoʻshuvchilar boʻlishlari mumkin.
Qonun ayrim toifadagi fuqarolarning xoʻjalik shirkatlarida va jamiyatlarida ishtirok etishini taqiqlab yoki cheklab qoʻyishi mumkin, aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno.
Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari boshqa xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarining muassislari (ishtirokchilari) boʻlishlari mumkin, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining mol-mulkiga pul, qimmatli qogʻozlar, pul bilan baholanadigan boshqa buyumlar yoki mulkiy huquqlar yoxud boshqa shaxsga oʻtkaziladigan oʻzga huquqlar hissa sifatida qoʻshilishi mumkin.
Xoʻjalik jamiyati ishtirokchisining qoʻshgan hissasini pul bilan baholash jamiyatning muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa — baholovchi tashkilot tomonidan baholanishi kerak.
Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari (aksiyadorlik jamiyatidan tashqari) aksiyalar chiqarishga haqli emas.
59-modda. Xoʻjalik shirkati yoki jamiyati ishtirokchilarining huquq va burchlari
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari quyidagilarga haqlidirlar:
shirkatning yoki jamiyatning ishlarini boshqarishda qatnashish, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
taʼsis hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda shirkatning yoki jamiyatning faoliyati toʻgʻrisida axborot olish hamda uning buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishish;
foydani taqsimlashda qatnashish;
shirkat yoki jamiyat tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini olish.
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda, shirkat yoki jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari:
taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari;
shirkat yoki jamiyatning faoliyati toʻgʻrisidagi maxfiy axborotni oshkor qilmasliklari shart.
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyati ishtirokchilarining shirkat yoki jamiyat taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa burchlari ham boʻlishi mumkin.
60-modda. Toʻliq shirkat
Ishtirokchilari oʻz oʻrtalarida tuzilgan shartnomaga muvofiq shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan hamda uning majburiyatlari boʻyicha oʻzlariga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradigan shirkat toʻliq shirkat hisoblanadi.
Shaxs faqat bitta toʻliq shirkatning ishtirokchisi boʻlishi mumkin.
Toʻliq shirkatning firma nomi uning barcha ishtirokchilarining nomlari (nomlanishi)ni, shuningdek “toʻliq shirkat” degan soʻzlarni, yoxud bir yoki bir necha ishtirokchining “va kompaniya” degan soʻzlar qoʻshilgan nomi (nomlanishi)ni, shuningdek “toʻliq shirkat” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.
61-modda. Kommandit shirkat
Shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari boʻyicha oʻzlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (toʻliq sheriklar) bilan bir qatorda shirkat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar doirasida javobgar boʻladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qatnashmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qoʻshuvchi, kommanditchi) mavjud boʻlsa, bunday shirkat kommandit shirkat hisoblanadi.
Kommandit shirkatda qatnashayotgan toʻliq sheriklarning huquqlari va ularning shirkat majburiyatlari boʻyicha javobgarligi ushbu Kodeksning qoidalari bilan belgilanadi.
Shaxs faqat bitta kommandit shirkatda toʻliq sherik boʻlishi mumkin.
Toʻliq shirkat ishtirokchisi kommandit shirkatda toʻliq sherik boʻla olmaydi.
Kommandit shirkatdagi toʻliq sherik oʻsha shirkatning oʻzida hissa qoʻshuvchi va boshqa toʻliq shirkatda ishtirokchi boʻlishi mumkin emas.
Kommandit shirkatning firma nomi barcha toʻliq sheriklarning nomlari (nomlanishi)ni, shuningdek “kommandit shirkat” degan soʻzlarni yoki kamida bitta toʻliq sherikning “va kompaniya” degan soʻzlar qoʻshilgan nomi (nomlanishi)ni, shuningdek “kommandit shirkat” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Agar kommandit shirkatning firma nomiga hissa qoʻshuvchining nomi kiritilgan boʻlsa, bunday hissa qoʻshuvchi toʻliq sherikka aylanadi.
Kommandit shirkatga toʻliq shirkat haqidagi qoidalar qoʻllaniladi, agar bu hol ushbu Kodeksning qoidalariga zid boʻlmasa.
62-modda. Masʼuliyati cheklangan jamiyat
Masʼuliyati cheklangan jamiyat deb bir yoki bir necha shaxs tomonidan taʼsis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) taʼsis hujjatlari bilan belgilab qoʻyilgan miqdorlardagi ulushlarga boʻlingan jamiyat tan olinadi. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar qiymati doirasida javobgar boʻladilar.
Jamiyatning oʻz hissasini toʻla qoʻshmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari boʻyicha har bir ishtirokchi hissasining toʻlanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar boʻladilar.
Masʼuliyati cheklangan jamiyatning firma nomi jamiyatning nomini, shuningdek “masʼuliyati cheklangan” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Masʼuliyati cheklangan jamiyatning huquqiy mavqeyi, uning ishtirokchilarining huquq va burchlari ushbu Kodeks hamda boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
64-modda. Aksiyadorlik jamiyati
Ustav fondi muayyan aksiyalar soniga boʻlingan jamiyat aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi; aksiyadorlik jamiyatining ishtirokchilari (aksiyadorlar) uning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar boʻladilar.
Aksiyalar haqini batamom toʻlamagan aksiyadorlar aksiyadorlik jamiyatining majburiyatlari boʻyicha oʻzlariga qarashli aksiyalar qiymatining toʻlanmagan qismi doirasida solidar javobgar boʻladilar.
Aksiyadorlik jamiyatining firma nomida jamiyatning nomi hamda bu jamiyat aksiyadorlik jamiyati ekanligi oʻz ifodasini topishi kerak.
Aksiyadorlik jamiyatining huquqiy mavqeyi hamda aksiyadorlarning huquq va burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
67-modda. Shuʼba xoʻjalik jamiyati
Agar bir (asosiy) xoʻjalik jamiyati yoki shirkati ikkinchi xoʻjalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeyiga ega boʻlgan holda ishtirok etishi tufayli yoxud ular oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo boʻlmasa boshqacha tarzda ikkinchi xoʻjalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilab berish imkoniga ega boʻlsa, ushbu ikkinchi xoʻjalik jamiyati shuʼba xoʻjalik jamiyati hisoblanadi.
Shuʼba xoʻjalik jamiyati yuridik shaxs hisoblanadi.
Shuʼba xoʻjalik jamiyati oʻz mulkida oʻzining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushga ega boʻlishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar oʻzining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olgan shuʼba xoʻjalik jamiyati oʻzining asosiy jamiyati (shirkati) ishtirokchilari yoki aksiyadorlari umumiy yigʻilishida ovoz berishga haqli emas.
Shuʼba xoʻjalik jamiyati oʻzining asosiy jamiyati (shirkati)ning qarzlari boʻyicha javob bermaydi.
Asosiy jamiyat (shirkat) aybi bilan shuʼba xoʻjalik jamiyati toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolgan taqdirda, asosiy jamiyat (shirkat) uning qarzlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻladi.
Shuʼba xoʻjalik jamiyati ishtirokchilari (aksiyadorlari) asosiy jamiyatdan (shirkatdan) uning aybi bilan shuʼba jamiyatga yetkazilgan zararni toʻlashni, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, talab qilishga haqli.
68-modda. Qaram xoʻjalik jamiyati
Xoʻjalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat xoʻjalik jamiyatiga qarashli ovoz beradigan aksiyalarning (ulushning) yigirma foizidan koʻprogʻiga ega boʻlsa, bunday xoʻjalik jamiyati qaram jamiyat deb hisoblanadi.
Qaram xoʻjalik jamiyati yuridik shaxs hisoblanadi.
Qaram xoʻjalik jamiyati oʻz mulkida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga ega boʻlishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni olgan qaram xoʻjalik jamiyati ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlari umumiy yigʻilishida ovoz berishga haqli emas.
Xoʻjalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat qaram jamiyat ustav fondining tegishli qismini qoʻlga kiritib olganligi haqidagi maʼlumotlarni qonunda nazarda tutilgan tartibda darhol eʼlon qilishi shart.
Xoʻjalik jamiyatlari bir-birlarining ustav fondlarida oʻzaro qatnashishining chegarasi va bunday jamiyatlardan biri boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlarining umumiy yigʻilishida foydalanishi mumkin boʻlgan ovozlar soni qonunda belgilab qoʻyiladi.
69-modda. Ishlab chiqarish kooperativlari
Fuqarolarning shaxsiy ishtirok etish hamda aʼzolarning (ishtirokchilarning) mulk bilan qoʻshiladigan pay badallarini birlashtirish asosida birgalikda ishlab chiqarish yoki boshqa xoʻjalik faoliyatini olib borish uchun aʼzolik negizidagi ixtiyoriy birlashmasi ishlab chiqarish kooperativi hisoblanadi. Qonunda va ishlab chiqarish kooperativining taʼsis hujjatlarida uning faoliyatida aʼzolik asosida yuridik shaxslar ham ishtirok etishi nazarda tutilishi mumkin.
Ishlab chiqarish kooperativining aʼzolari kooperativning majburiyatlari boʻyicha qonunda va kooperativ ustavida nazarda tutilgan miqdorlarda va tartibda subsidiar javobgar boʻladilar.
Kooperativning firma nomi kooperativning nomini, shuningdek “ishlab chiqarish kooperativi” degan soʻzlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.
Ishlab chiqarish kooperativlarining huquqiy mavqeyi va ular aʼzolarining huquq hamda burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladigan va ishlab chiqarish kooperativining shakli boʻlgan qishloq xoʻjaligi kooperativi qoʻshma qishloq xoʻjaligi kooperativi shaklida ham tashkil etilishi mumkin.
3-§. Tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar
73-modda. Matlubot kooperativi
Ishtirokchilarning moddiy (mulkiy) ehtiyojlarini qondirish maqsadida fuqarolarning aʼzolikka asoslangan ixtiyoriy birlashmasi matlubot kooperativi hisoblanib, bu birlashuv uning aʼzolari tomonidan oʻz mulkiy (pay) badallarini qoʻshish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Matlubot kooperativining ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan maʼlumotlardan tashqari quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: kooperativ aʼzolari qoʻshadigan pay badallarining miqdori toʻgʻrisidagi; kooperativ aʼzolari pay badallarining tarkibi va ularni qoʻshish tartibi hamda ularning badalni qoʻshish majburiyatini buzganlik uchun javobgarligi toʻgʻrisidagi; kooperativni boshqarish organlarining tarkibi hamda vakolatlari va ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan qarorlar bir ovozdan yoki ovozlarning malakali koʻpchiligi bilan qabul qilinadigan masalalar toʻgʻrisidagi; kooperativ koʻrgan zararlarni kooperativ aʼzolari tomonidan toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi.
Matlubot kooperativining nomida uning faoliyatining asosiy maqsadi koʻrsatilishi, shuningdek “kooperativi” soʻzi yoki “matlubot uyushmasi” yoxud “matlubot jamiyati” degan soʻzlar boʻlishi kerak.
Matlubot kooperativining aʼzolari koʻrilgan zararni yillik balans tasdiqlanganidan keyin uch oy mobaynida qoʻshimcha badallar toʻlash yoʻli bilan qoplashlari shart. Ushbu burch bajarilmagan taqdirda kooperativ kreditorlarning talablariga muvofiq sud tomonidan tugatilishi mumkin.
Matlubot kooperativining aʼzolari uning majburiyatlari boʻyicha har bir kooperativ aʼzosi toʻlaydigan qoʻshimcha badalning toʻlanmagan qismi doirasida subsidiar javobgar boʻladilar. Bu holda kooperativ aʼzolari solidar javob beradilar.
Matlubot kooperativining tijorat faoliyatiga nisbatan ushbu Kodeksning tijoratchi tashkilotlar toʻgʻrisidagi qoidalari qoʻllaniladi.
Matlubot kooperativlarining huquqiy mavqeyi, shuningdek ular aʼzolarining huquq va burchlari ushbu Kodeksga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
74-modda. Jamoat birlashmalari
Maʼnaviy yoki oʻzga nomoddiy ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun oʻz manfaatlarining mushtarakligi asosida qonunda belgilangan tartibda birlashgan fuqarolarning ixtiyoriy birlashmalari jamoat birlashmalari hisoblanadi.
Jamoat birlashmalari oʻz ustavlarida nazarda tutilgan ishlab chiqarish yoki oʻzga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidirlar.
Jamoat birlashmalarining ishtirokchilari (aʼzolari) ushbu birlashmalarga mulk qilib bergan mol-mulklariga, shu jumladan aʼzolik badallariga boʻlgan huquqlarini saqlab qolmaydilar. Ular aʼzo sifatida ishtirok etayotgan jamoat birlashmalarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar, mazkur birlashmalar esa — oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar.
Jamoat birlashmalari huquqiy mavqeyining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
75-modda. Jamoat fondlari
Fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qoʻshish asosida tashkil etilgan, xayriya, ijtimoiy, madaniy, maʼrifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni koʻzlaydigan, aʼzoligi boʻlmagan nodavlat notijorat tashkiloti jamoat fondi deb eʼtirof etiladi.
Jamoat fondiga uning muassislari (muassisi) yoki vasiyat qiluvchi tomonidan oʻtkazilgan mol-mulk fondning mulkidir. Fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma boʻyicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi fondning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, fond esa muassislarning (muassisning) yoki vasiyatnomani ijro etuvchining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Jamoat fondining mol-mulkidan fond ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish hamda maʼmuriy xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi. Fond qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan oʻz ustavida belgilangan maqsadlarga toʻgʻri keladigan doirada shugʻullanishi mumkin. Fondning tijorat tashkilotlari ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ishtiroki qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jamoat fondi har yili oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot eʼlon qilib borishi shart.
Jamoat fondini boshqarish tartibi va uning organlarini shakllantirish tartibi uning ustavida belgilanadi.
Jamoat fondining ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilganidan tashqari quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: fond organlarining tuzilishi, vakolatlari va shakllantirilish tartibi; fond organlarining mansabdor shaxslarini tayinlash (saylash) va lavozimidan ozod qilish tartibi; fondning mol-mulkini shakllantirish manbalari; fondning, uning vakolatxonalari hamda filiallarining mol-mulkni boshqarish borasidagi huquq va majburiyatlari; fond vakolatxonalarini ochish va filiallarini tashkil etish tartibi; fondni qayta tashkil etish va tugatish tartibi; fond tugatilgan taqdirda uning mol-mulkidan foydalanish tartibi; fond ustaviga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi.
Jamoat fondining ustavida fondning belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan ramziy belgisining tavsifi, shuningdek qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.
Jamoat fondlari huquqiy holatining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
76-modda. Muassasalar
Boshqaruv, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki tijoratchilikdan iborat boʻlmagan boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun mulkdor tomonidan tashkil etilgan va toʻla yoki qisman moliyaviy taʼminlab turiladigan tashkilot muassasa hisoblanadi.
Muassasaning oʻziga biriktirib qoʻyilgan va oʻzi sotib olgan mol-mulkka boʻlgan huquqlari ushbu Kodeksning 178 va 180-moddalariga muvofiq belgilanadi.
Muassasa oʻz majburiyatlari boʻyicha ixtiyoridagi pul mablagʻlari bilan javob beradi. Bu mablagʻlar yetarli boʻlmasa, tegishli mol-mulkning egasi uning majburiyatlari yuzasidan subsidiar javobgar boʻladi.
Ayrim turdagi davlat muassasalari va boshqa muassasalar huquqiy mavqeyining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
77-modda. Yuridik shaxslar birlashmalari
Tijorat tashkilotlari oʻzlarining tadbirkorlik faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak mulkiy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida notijorat tashkilotlar hisoblanuvchi uyushmalar (ittifoqlar) va oʻzga birlashmalariga birlashishlari mumkin. Agar ishtirokchilarning qaroriga muvofiq uyushmaga (ittifoqqa) va oʻzga birlashmaga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish vazifasi yuklatilsa, bunday uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashma ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda xoʻjalik shirkati yoki jamiyatiga aylantirilishi kerak yoxud tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun xoʻjalik jamiyatlari tuzishi yoki ularda ishtirok etishi mumkin.
Notijorat tashkilotlari oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida uyushmalar (ittifoqlar) shaklida birlashmalar tuzishlari mumkin.
Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalar yuridik shaxs hisoblanadi.
Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning aʼzolari oʻz mustaqilliklarini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladilar.
Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalar oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning aʼzolari ularning majburiyatlari boʻyicha uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda va tartibda subsidiar javobgar boʻladilar.
Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning nomi ularning asosiy faoliyatini koʻrsatishi, unga “uyushmasi”, “ittifoqi” soʻzlari yoki birlashma turini koʻrsatadigan boshqa soʻz kiritilgan boʻlishi kerak.
Qonunchilikda yuridik shaxslar birlashmalari huquqiy mavqeyining xususiyatlari belgilanishi mumkin.
78-modda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yuridik shaxs sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning qatnashchilaridir.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yaratgan yoki sotib olgan mol-mulk ularning mulkidir.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining huquqiy mavqeyi qonunchilik bilan belgilanadi.
5-BOB DAVLAT FUQAROLIK-HUQUQIY MUNOSABATLAR ISHTIROKCHISI SIFATIDA
79-modda. Davlatning fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etishi
Davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarda ularning boshqa ishtirokchilari bilan baravar asoslarda ishtirok etadi.
Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarda davlat nomidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ular maxsus vakil qilgan boshqa organlar ishtirok etadilar.
Davlat oʻzining fuqarolik-huquqiy majburiyatlari boʻyicha oʻz mulki boʻlgan mablagʻlari bilan javob beradi.
80-modda. Davlat va yuridik shaxslar javobgarligining farqlab qoʻyilishi
Davlat tomonidan tuzilgan yuridik shaxs davlatning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat oʻzi tuzgan yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Ushbu moddaning qoidalari davlat tuzgan shartnoma asosida yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha oʻz zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) yoki mazkur yuridik shaxs davlatning majburiyatlari boʻyicha oʻz zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) hollarga taalluqli emas.
3-kichik boʻlim OBYEKTLAR
6-BOB UMUMIY QOIDALAR
81-modda. Fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari
Fuqarolik huquqlarining obyektlariga ashyolar, shu jumladan pul va qimmatli qogʻozlar, boshqa buyumlar, mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar, ishlar va xizmatlar, ixtirolar, sanoat namunalari, fan, adabiyot, sanʼat asarlari va intellektual faoliyatning boshqa natijalari, shuningdek shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa moddiy hamda nomoddiy boyliklar kiradi.
82-modda. Fuqarolik huquqlari obyektlarining muomalada boʻlishi
Fuqarolik huquqlarining obyektlari erkin suratda boshqa shaxslarga berilishi yoki universal huquqiy vorislik (meros qilib olish, yuridik shaxsni qayta tashkil etish) tartibida yoxud boshqa usul bilan, agar ular muomaladan chiqarilmagan yoki ularning muomalada boʻlishi cheklab qoʻyilmagan boʻlsa, bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtishi mumkin.
Muomalada boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydigan fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari (muomaladan chiqarilgan obyektlar) qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Muayyan muomala ishtirokchilarigagina qarashli boʻla oladigan yoki muomalada boʻlishiga maxsus ruxsatnoma bilan yoʻl qoʻyiladigan fuqarolik huquqlari obyektlarining (muomalada boʻlishi cheklangan obyektlarning) turlari qonunda koʻrsatilgan tartibda belgilanadi.
7-BOB MODDIY NEʼMATLAR
83-modda. Mol-mulkning turlari
Mol-mulk fuqarolik huquqlari obyekti sifatida koʻchmas mulkka va koʻchar mulkka boʻlinadi.
Koʻchmas mulk jumlasiga yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulk, yaʼni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini oʻzgartirish mumkin boʻlmaydigan obyektlar kiradi.
Qonunda boshqa mol-mulk ham koʻchmas mol-mulk qatoriga kiritilishi mumkin.
Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqlarni qoʻlga kiritish va ular bekor boʻlishining xususiyatlari qonun bilan belgilab qoʻyiladi.
Koʻchmas mulk jumlasiga kirmaydigan mol-mulk koʻchar mulk hisoblanadi. Koʻchar mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish talab etilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
84-modda. Koʻchmas mol-mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkka egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxslarga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuziladigan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ huquq egasining iltimosiga koʻra amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtkazishni roʻyxatdan oʻtkazilgan huquq yoki bitim toʻgʻrisida hujjat berish yoxud roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ustxat yozish yoʻli bilan tasdiqlashi shart.
Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuziladigan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtkazish hamda roʻyxatdan oʻtkazilgan huquqlar haqidagi axborotni har qanday shaxsga berishi shart.
Axborot, roʻyxatdan oʻtkazish qayerda amalga oshirilganidan qatʼi nazar, koʻchmas mol-mulkni roʻyxatdan oʻtkazuvchi har qanday organ tomonidan beriladi.
Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqni yoki u haqda tuzilgan bitimni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish yoxud roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarining buzilishi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi va roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish asoslari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
85-modda. Korxona
Butun korxona mulkiy kompleks sifatida koʻchmas mulk hisoblanadi.
Butun korxona yoki uning qismi olish-sotish, garovga qoʻyish, ijara hamda ashyoviy huquqlarni belgilash, oʻzgartirish va bekor qilish bilan bogʻliq boshqa bitimlarning obyekti boʻlishi mumkin.
Mulkiy kompleks boʻlgan korxona tarkibiga uning faoliyati uchun moʻljallangan hamma mulk turlari, shu jumladan yer uchastkalari, binolar, inshootlar, uskuna, inventar, xom ashyo, mahsulot, talab qilish huquqi, qarzlar, shuningdek korxonani, uning mahsuloti, ishlari va xizmatlarini aks ettiruvchi xususiy alomatlarga (firma nomi, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari) boʻlgan huquqlar va boshqa mutlaq huquqlar, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kiradi.
86-modda. Ashyolarning tasnifi
Ashyolar fuqarolik huquqlarining obyektlari sifatida quyidagilarga boʻlinadi:
xususiy va turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar;
boʻlinadigan va boʻlinmaydigan ashyolar;
isteʼmol qilinadigan va isteʼmol qilinmaydigan ashyolar;
asosiy va mansub ashyolar;
murakkab ashyolar.
87-modda. Xususiy va turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar
Alohida, faqat oʻzigagina xos, uni bir xil ashyolar orasidan ajratib turadigan va shu tariqa xususiy alomatlarga ega boʻlgan ashyo xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyo hisoblanadi. Xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar jumlasiga noyob, yaʼni oʻzi bir dona boʻlgan ashyolar, shuningdek muayyan usul bilan ajratib qoʻyilgan ashyolar (muhr bosish, alohida belgilar tushirish, nomer, raqam berish va shu kabilar) kiradi.
Xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar boshqasi bilan almashtirib boʻlmaydigan ashyolardir.
Bir turdagi hamma ashyolarga xos alomatlarga ega boʻlgan hamda soni, ogʻirligi, oʻlchovi va shu kabilar bilan belgilanadigan ashyolar turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar hisoblanadi.
Turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar boshqasi bilan almashtirsa boʻladigan ashyolardir.
88-modda. Boʻlinadigan va boʻlinmaydigan ashyolar
Boʻlish natijasida har qaysi qismi butunning xossalarini oʻzida saqlab qoladigan va shu bilan birga oʻzining xoʻjalik (maqsadli) ahamiyatini yoʻqotmaydigan ashyo boʻlinadigan ashyo hisoblanadi.
Boʻlish natijasida qismlari dastlabki ashyoning xossalarini yoʻqotadigan, uning xoʻjalik (maqsadli) ahamiyatini oʻzgartiradigan ashyo boʻlinmaydigan ashyo hisoblanadi.
89-modda. Isteʼmol qilinadigan va isteʼmol qilinmaydigan ashyolar
Bir karra foydalanish natijasida yoʻqolib ketadigan yoki dastlabki holatida mavjud boʻlmay qoladigan ashyolar (xom ashyo, yoqilgʻi, oziq-ovqat mahsulotlari va shu kabilar) isteʼmol qilinadigan ashyolar hisoblanadi.
Qayta-qayta foydalanishga moʻljallangan, bunda oʻzining dastlabki holatini uzoq vaqt davomida saqlab qoladigan hamda asta-sekin yemirilib boradigan ashyolar (binolar, uskunalar, transport vositalari) isteʼmol qilinmaydigan ashyolar hisoblanadi.
90-modda. Asosiy va mansub ashyolar
Foydalanish tufayli vujudga keladigan munosabatlarning mohiyati bilan boshqa ashyo (mansub ashyo)ga bogʻliq mustaqil ashyo asosiy ashyo hisoblanadi.
Asosiy ashyoga xizmat qilishi kerak boʻlgan va u bilan umumiy xoʻjalik vazifasi orqali bogʻliq ashyo mansub ashyo hisoblanadi.
Mansub ashyo, agar qonun hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, asosiy ashyoning taqdiriga bogʻliq boʻladi.
91-modda. Murakkab ashyolar
Agar turli xil ashyolar birikmaning mohiyati bilan belgilanadigan vazifasi boʻyicha foydalanish imkonini beradigan yaxlit bir butunni tashkil etsa, ular bitta ashyo (murakkab ashyo) hisoblanadi.
Murakkab ashyo xususida tuzilgan bitim, agar shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, uning barcha tarkibiy qismlariga taalluqli boʻladi.
92-modda. Hosil va daromadlarga boʻlgan huquq
Ashyodan keladigan hosil va daromadlar, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, ashyo egasiga tegishlidir.
93-modda. Hayvonlar
Qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, mol-mulk toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar hayvonlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Huquqlarni amalga oshirish chogʻida hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda boʻlishga yoʻl qoʻyilmaydi.
94-modda. Pul (valyuta)
Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi soʻmdir.
Soʻm yozib qoʻyilgan qiymati boʻyicha qabul qilinishi shart boʻlgan qonuniy toʻlov vositasidir.
Toʻlovlar naqd pul bilan va naqd pulsiz hisob-kitoblar tarzida amalga oshiriladi.
Hisob-kitoblarni chet el valyutasida amalga oshirish hollari, tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
95-modda. Valyuta qimmatliklari
Valyuta qimmatliklari deb hisoblanadigan mol-mulk turlari va ular xususida bitimlar tuzish tartibi qonun bilan belgilab qoʻyiladi.
Valyuta qimmatliklariga mulk huquqi umumiy asoslarda himoya qilinadi.
96-modda. Qimmatli qogʻozlar
Mulkiy huquqlarni belgilangan shaklga va majburiy rekvizitlarga amal qilgan holda tasdiqlovchi hujjatlar qimmatli qogʻozlar hisoblanib, ularni taqdim etgan taqdirdagina mazkur huquqlarni amalga oshirish yoki boshqa shaxslarga berish mumkin boʻladi.
Qimmatli qogʻozlar boshqa shaxsga berilishi bilan ular tomonidan tasdiqlanadigan hamma huquqlar ham oʻsha shaxsga oʻtadi.
Qimmatli qogʻozlar jumlasiga quyidagilar kiradi: obligatsiya, veksel, chek, depozit va jamgʻarma sertifikatlari, konosament, aksiya hamda qonunchilik bilan qimmatli qogʻozlar jumlasiga kiritilgan boshqa hujjatlar kiradi.
8-BOB NOMODDIY NEʼMATLAR
97-modda. Intellektual faoliyat natijalari
Ushbu Kodeks va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda intellektual faoliyatning aniq ifoda etilgan natijalari hamda yuridik shaxsning bu natijalarga tenglashtirilgan oʻziga xos vositalari, ana shu ishlar yoki xizmatlarni ado etayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning mahsulotlari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va h.k.)ga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutlaq huquqi eʼtirof etiladi.
Mutlaq huquq obyekti boʻlgan intellektual faoliyat natijalari va oʻziga xos vositalaridan uchinchi shaxslar huquq egasining ruxsati bilangina foydalanishlari mumkin.
98-modda. Xizmat va tijorat siri
Fuqarolik qonunchiligi xizmat yoki tijorat siri boʻlgan axborotni, basharti bu axborot uchinchi shaxslarga nomaʼlumligi sababli haqiqiy yoki nisbiy tijorat qimmatiga ega boʻlgan, qonun yoʻli bilan undan erkin bahramand boʻlish mumkin boʻlmagan hamda axborot egasi uning maxfiyligini saqlashga doir choralar koʻrgan hollarda himoya etadi.
99-modda. Shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlar
Shaxsning hayoti va sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obroʻsi, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga boʻlgan huquqi, tasvirga boʻlgan huquqi, mualliflik huquqi, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar hamda tugʻilganidan boshlab yoki qonunga muvofiq fuqaroga tegishli boʻlgan boshqa nomoddiy neʼmatlar tortib olinmaydi va oʻzga usul bilan boshqa shaxsga berilmaydi. Vafot etgan kishiga tegishli boʻlgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlar qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda boshqa shaxslar, shu jumladan huquq egasining vorislari tomonidan amalga oshirilishi va himoya etilishi mumkin.
100-modda. Shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻsini himoya qilish
Fuqaro oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan, basharti bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga toʻgʻri kelishini isbotlay olmasa, sud yoʻli bilan raddiya talab qilishga haqli.
Manfaatdor shaxslarning talabiga koʻra fuqaroning shaʼni va qadr-qimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Basharti, fuqaroning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar ommaviy-axborot vositalarida tarqatilgan boʻlsa, ayni shu ommaviy-axborot vositalarida raddiya berilishi lozim.
Basharti, bunday maʼlumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak.
Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi.
Fuqaro ommaviy axborot vositalarida uning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini kamsituvchi maʼlumotlar eʼlon qilinganda u ayni oʻsha ommaviy axborot vositalari orqali chiqib, oʻzini himoya qilish huquqiga ega.
Basharti, sudning hal qiluv qarori bajarilmasa, sud qoidabuzarga qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda undiriladigan jarima solishga haqlidir. Jarimani toʻlash qoidabuzarni sudning hal qiluv qarorida nazarda tutilgan harakatlarni bajarish vazifasidan ozod etmaydi.
Oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar tarqatilgan fuqaro bunday maʼlumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va maʼnaviy ziyonning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqlidir.
Ushbu moddadagi fuqaroning ishchanlik obroʻsini himoya qilish toʻgʻrisidagi qoidasi yuridik shaxsning ishchanlik obroʻsini himoya etishga nisbatan ham tegishli yoʻsinda tatbiq etiladi.
4-kichik boʻlim BITIMLAR VA VAKILLIK
9-BOB BITIMLAR
1-§. Bitimlar tushunchasi. Turlari va shakli
101-modda. Bitimlar tushunchasi
Bitimlar deb fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlariga aytiladi.
102-modda. Bitim turlari
Bitimlar bir taraflama, ikki taraflama yoki koʻp taraflama (shartnomalar) boʻlishi mumkin.
Bitim tuzish uchun qonunchilikka yoki taraflarning kelishuviga muvofiq bir tarafning xohishi zarur va yetarli boʻlsa, bunday bitim bir taraflama bitim hisoblanadi.
Shartnoma tuzish uchun ikki taraf (ikki taraflama bitim) yoki uch yoxud undan koʻp taraf (koʻp taraflama bitim) kelishib xohish bildirgan boʻlishi kerak.
103-modda. Bir taraflama bitimlarni huquqiy tartibga solish
Bir taraflama bitim uni tuzgan shaxs uchun burchlar keltirib chiqaradi. U boshqa shaxslar uchun qonun hujjatlarida yoki bu shaxslar bilan kelishuvda belgilangan hollardagina burchlar keltirib chiqarishi mumkin.
Bir taraflama bitimlarga nisbatan, basharti qonunchilikka, bitimning tabiati va mohiyatiga zid boʻlmasa, majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar (ushbu Kodeksning III boʻlimi) tegishincha qoʻllaniladi.
104-modda. Shartli bitimlar
Agar taraflar huquq va burchlarning kelib chiqishini yuz berishi yoki bermasligi nomaʼlum boʻlgan holatga bogʻliq qilib qoʻysalar, bitim kechiktirish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi.
Agar taraflar huquq va burchlarning bekor boʻlishini yuz berishi yoki bermasligi nomaʼlum holatga bogʻliq qilib qoʻysalar, bunday bitim bekor boʻlish sharti bilan tuzilgan bitim hisoblanadi.
Agar shartning yuz berishiga uning yuz berishidan manfaatdor boʻlmagan taraf insofsizlik bilan qarshilik koʻrsatgan boʻlsa, bu shart yuz bergan deb hisoblanadi.
Agar shartning yuz berishiga ushbu shartning yuz berishidan manfaatdor boʻlgan taraf insofsizlik bilan yordamlashgan boʻlsa, bu shart sodir boʻlmagan hisoblanadi.
105-modda. Bitimlarning shakli
Bitimlar ogʻzaki yoki yozma (oddiy yoki notarial tasdiqlangan) shaklda tuziladi.
Sukut saqlash qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan hollarda bitim tuzishga boʻlgan xohish-irodaning ifodasi hisoblanadi.
106-modda. Bitimning ogʻzaki shakli
Qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida yozma shakl belgilab qoʻyilmagan, jumladan u tuzilayotgan vaqtning oʻzidayoq bajariladigan bitim ogʻzaki tuzilishi mumkin. Shaxsning xatti-harakatidan uning bitim tuzishga boʻlgan xohish-irodasi bilinib turgan holda ham bunday bitim tuzilgan hisoblanadi.
Jeton, patta yoki odatda qabul qilingan boshqa belgi berish yoʻli bilan tasdiqlangan bitim, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ogʻzaki shaklda tuzilgan bitim hisoblanadi.
Yozma shaklda tuzilgan shartnomani bajarishga qaratilgan bitimlar, agar qonunchilik va shartnomaga zid boʻlmasa, taraflarning kelishuviga muvofiq ogʻzaki tuzilishi mumkin.
107-modda. Bitimning yozma shakli
Yozma shaklda tuzilgan bitimni, agar ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, taraflar yoki ularning vakillari imzolashi kerak.
Agar qonunchilikka yoki ishtirokchilardan birining talablariga zid boʻlmasa, bitim tuzish chogʻida imzodan faksimile usulida nusxa koʻchirish vositalaridan foydalanilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Ikki taraflama bitimlar har birini berayotgan taraf imzolaydigan hujjatlarni oʻzaro ayirboshlash yoʻli bilan tuzilishi mumkin.
Xatlar, telegrammalar, telefonogrammalar, teletaypogrammalar, fakslar yoki subyektlarni va ular xohish-irodasining mazmunini ifodalaydigan boshqa hujjatlarni oʻzaro ayirboshlash, agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yozma shaklda tuzilgan bitimga tenglashtiriladi.
Qonunchilikda va taraflarning kelishuvida bitim shakli mos kelishi shart boʻlgan qoʻshimcha talablar (muayyan shakldagi blankada tuzilishi, muhr bosib (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanishi va boshqalar) belgilab qoʻyilishi va bu talablarga rioya etmaslik oqibatlari nazarda tutilishi mumkin.
Agar fuqaro jismoniy kamchiligi, kasalligi yoki savodsizligi tufayli bitimni shaxsan oʻzi imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan bitimni boshqa fuqaro imzolashi mumkin. Boshqa fuqaroning imzosi notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan guvohlantirilib, bitim tuzuvchi uni shaxsan oʻzi imzolay olmasligining sabablari koʻrsatilishi shart.
Yozma shaklda tuzilgan bitimni bajargan taraf ikkinchi tarafdan ijroni tasdiqlovchi hujjat talab qilishga haqli. Ogʻzaki tadbirkorlik bitimini bajargan taraf ham ana shunday huquqqa ega, tuzilgan vaqtning oʻzidayoq bajariladigan bitimlar bundan mustasno.
108-modda. Bitimning oddiy yozma shakli
Notarial tasdiqlanishi talab etiladigan bitimlardan tashqari, quyidagi bitimlar oddiy yozma shaklda tuziladi:
1) yuridik shaxslarning oʻzaro va fuqarolar bilan bitimlari;
2) fuqarolar oʻrtasidagi belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq summadagi bitimlar, qonunda belgilangan hollarda esa — bitim summasidan qatʼi nazar, boshqa bitimlar.
Ushbu Kodeksning 106-moddasiga muvofiq ogʻzaki tuzilishi mumkin boʻlgan bitimlar uchun oddiy yozma shaklga rioya etish talab qilinmaydi.
109-modda. Bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik oqibatlari
Bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi, biroq nizo chiqqan taqdirda taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning koʻrsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Taraflar bitimning tuzilganligini, mazmuni yoki bajarilganligini yozma yoki boshqa dalillar bilan tasdiqlashga haqlidirlar.
Qonunda yoki taraflarning kelishuvida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan hollarda bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib keladi.
110-modda. Bitimlarni notarial tasdiqlash
Bitimni notarial tasdiqlash ushbu Kodeksning 107-moddasi talablariga mos keladigan hujjatda notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan tasdiqlovchi ustxat yozib qoʻyish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Quyidagi hollarda bitimlarni notarial tasdiqlash shart:
1) qonunda koʻrsatilgan hollarda;
2) taraflardan birining talabi boʻyicha.
111-modda. Bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Yer uchastkalari va boshqa koʻchmas mol-mulk bilan bogʻliq bitimlar (boshqa shaxsga berish, ipoteka, uzoq muddatli ijara, merosni qabul qilib olish va boshqalar) davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Koʻchmas mol-mulk xususida tuzilgan bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tegishli reyestrlarni yuritish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Qonunchilikda muayyan turdagi koʻchar mol-mulk xususida tuziladigan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish belgilab qoʻyilishi mumkin.
112-modda. Bitimning notarial shakliga va uni roʻyxatdan oʻtkazish talabiga rioya qilmaslikning oqibatlari
Bitimning notarial shakliga yoki uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish talabiga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.
Agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilinadigan bitimni toʻla yoki qisman bajargan boʻlsa, ikkinchi taraf esa — bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi boʻyicha uni haqiqiy deb hisoblashga haqlidir. Bu holda bitimni keyinchalik notarial rasmiylashtirish talab qilinmaydi.
Agar davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab qilinadigan bitim kerakli shaklda tuzilgan boʻlib, ammo taraflardan biri uni roʻyxatdan oʻtkazishdan bosh tortsa, sud boshqa tarafning talabi bilan bitimni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli. Bunday holda bitim sud qaroriga muvofiq roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda bitimni notarial tasdiqlash yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan asossiz bosh tortayotgan taraf bitimni tuzish kechiktirilganligi tufayli yetkazilgan zararni ikkinchi tarafga toʻlashi lozim.
2-§. Bitimlarning haqiqiy emasligi
113-modda. Nizoli va oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlar
Bitim ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilab qoʻyilgan asoslarga koʻra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qatʼi nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadi (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim).
Nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabni ushbu Kodeksda koʻrsatilgan shaxslar qoʻyishlari mumkin.
Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatlarini qoʻllanish toʻgʻrisidagi talabni har qanday manfaatdor shaxs qoʻyishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni oʻz tashabbusi bilan qoʻllashga haqli.
114-modda. Bitimlar haqiqiy emasligining oqibatlari toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar
Haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir.
Bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart.
Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu bitimni tuzish natijasida olingan foyda bitim boʻyicha olingan hamma narsani qaytarib berish toʻgʻrisida talab qoʻyilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga oʻtkaziladi. Bunday bitimni ijro etish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan shaxsning hisobidan qoplanadi.
Korrupsiyaga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, bunday bitimni tuzish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni aybdor shaxslar tomonidan sud tartibida qoplanadi.
115-modda. Bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik
Bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan holdagina uning haqiqiy emasligiga sabab boʻladi.
116-modda. Qonunchilikning talablariga muvofiq boʻlmagan bitimning haqiqiy emasligi
Qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.
117-modda. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emas, ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan bitimlar bundan mustasno.
Bunday bitimdagi taraflarning har biri bitim boʻyicha olgan hamma narsani ikkinchi tarafga qaytarib berishi, olingan narsani asl holida qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa — uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart. Bundan tashqari, muomalaga layoqatli taraf, agar ikkinchi tarafning muomalaga layoqatsizligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, ikkinchi tarafga u koʻrgan haqiqiy zararni toʻlashi shart.
118-modda. Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxs tomonidan ushbu Kodeksning 27-moddasiga muvofiq uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysining roziligi talab qilinadigan hollarda ularning roziligisiz tuzilgan bitim ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Agar bunday bitim haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Bu moddaning qoidalari ushbu Kodeks 22-moddasining ikkinchi qismi va 28-moddasida nazarda tutilgan hollarda toʻla muomala layoqatiga ega boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.
119-modda. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
120-modda. Muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Spirtli ichimliklarni yoki giyohvand vositalarni suiisteʼmol qilish oqibatida muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan homiysining roziligisiz tuzilgan bitimni sud haqiqiy emas deb topishi mumkin. Agar bunday bitim haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Bu moddaning qoidalari ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tuzilgan vaqtning oʻzidayoq bajariladigan mayda maishiy bitimlarga taalluqli boʻlmaydi.
121-modda. Oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Garchi muomalaga layoqatli boʻlsa-da, biroq bitim tuzish vaqtida oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan holatda boʻlgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim shu fuqaroning yoki huquqlari yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari bunday bitimni tuzish natijasida buzilgan boshqa shaxslarning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Keyinchalik muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimni, agar bitimni tuzish paytida fuqaro oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaganligi yoki ularni boshqara olmaganligi isbotlangan boʻlsa, uning vasiysi qilgan daʼvoga muvofiq sud haqiqiy emas deb topishi mumkin.
Agar bitim ushbu modda asosida haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Bundan tashqari, bitim tuzish paytida oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmagan yoki ularni boshqara olmagan tarafga ikkinchi taraf, agar u oʻzi bilan bitim tuzgan fuqaroning bunday holatda ekanligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, qilingan xarajatlarni, yoʻqotilgan mol-mulkning yoki unga yetkazilgan shikastning haqini toʻlashi kerak.
122-modda. Yanglishish taʼsirida tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Jiddiy ahamiyatga ega boʻlgan yanglishish taʼsirida tuzilgan bitim yanglishish taʼsirida harakat qilgan tarafning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bitimning tabiati, uning narsasining oʻz vazifasi boʻyicha foydalanish imkoniyatini ancha pasaytiradigan oʻxshashligi yoki sifati haqida yanglishish jiddiy ahamiyatga egadir. Bitimning sabablari xususida yanglishish jiddiy ahamiyatga ega emas.
Agar bitim yanglishish taʼsirida tuzilganligi tufayli haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Bundan tashqari, oʻz daʼvosiga koʻra bitim haqiqiy emas deb topilgan taraf yanglishish ikkinchi tarafning aybi bilan yuz berganligini isbotlay olsa, ikkinchi tarafdan oʻziga yetkazilgan haqiqiy zararni toʻlashni talab qilishga haqli. Agar bu hol isbotlanmasa, oʻz daʼvosiga koʻra bitim haqiqiy emas deb topilgan taraf ikkinchi tarafning talabi bilan, basharti hatto yanglishish yanglishgan tarafga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra yuz bergan boʻlsa ham, yetkazilgan haqiqiy zararni unga toʻlashi shart.
123-modda. Aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki ogʻir holatlar yuz berishi taʼsirida tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi taʼsirida tuzilgan bitim, shuningdek fuqaro ogʻir holatlar yuz berishi tufayli oʻzi uchun oʻta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur boʻlgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qolgan bitim (asoratli bitim) jabrlanuvchining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Agar bitim yuqorida koʻrsatilgan asoslardan biriga koʻra haqiqiy emas deb topilsa, ikkinchi taraf jabrlanuvchiga uning bitim boʻyicha bajargan hamma narsasini qaytarib berishi kerak, olingan narsani asl holida qaytarishning iloji boʻlmaganida esa — uning qiymatini pul bilan toʻlashi kerak. Jabrlanuvchi bitim boʻyicha ikkinchi tarafdan olgan mol-mulk, shuningdek ikkinchi tarafga topshirilgan narsa evaziga oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulk davlat daromadiga oʻtkaziladi. Mol-mulkni asl holida davlat daromadiga oʻtkazish mumkin boʻlmasa, uning qiymati pul bilan undirib olinadi. Bundan tashqari, jabrlanuvchiga ikkinchi taraf uning qilgan xarajatlarini, uning mol-mulki yoʻqotilishi yoki buzilishi natijasida yetkazilgan zararni toʻlaydi.
124-modda. Qalbaki va koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Yuridik oqibatlar tugʻdirish niyati boʻlmagan holda, nomigagina tuzilgan bitim (qalbaki bitim) oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.
Agar bitim boshqa bitimni niqoblash maqsadida tuzilgan boʻlsa (koʻzboʻyamachilik bitimi), taraflar haqiqatda nazarda tutgan bitimga doir qoidalar qoʻllaniladi.
125-modda. Yuridik shaxs huquqiy layoqatidan tashqariga chiqadigan bitimning haqiqiy emasligi
Yuridik shaxs tomonidan uning ustav maqsadlariga zid holda tuzilgan yoki tegishli faoliyat bilan shugʻullanishga litsenziyasi boʻlmagan yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitim uning muassisi (ishtirokchisi) yoki vakolatli davlat organining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
126-modda. Bitim tuzish vakolatlarini cheklash oqibatlari
Agar shaxsning bitim tuzish vakolatlari shartnoma bilan yoki yuridik shaxs vakolatlari uning taʼsis hujjatlari bilan ishonchnomada, qonunda belgilab qoʻyilganiga nisbatan yoinki bitim tuzilayotgan vaziyatdan aniq koʻrinib turgan deb hisoblanishi mumkin boʻlgan vakolatlariga nisbatan cheklab qoʻyilgan boʻlsa va bitimni tuzish paytida bunday shaxs yoki organ ana shu cheklashlar doirasidan chiqib ketgan boʻlsalar, bitimdagi ikkinchi taraf mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollardagina bitim cheklash belgilanishidan manfaatdor boʻlgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
127-modda. Bitimning haqiqiy emas deb hisoblanish payti
Haqiqiy emas deb topilgan bitim u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas hisoblanadi. Bitimning mazmunidan uning faqat kelajak vaqt uchun bekor qilinishi mumkinligi anglashilsa, haqiqiy emas deb topilgan bitim kelajak vaqt uchun harakatdan toʻxtaydi.
128-modda. Bitimning bir qismi haqiqiy emasligining oqibatlari
Bitimning bir qismi haqiqiy sanalmasligi bitimga haqiqiy sanalmagan qism qoʻshilmasa ham u tuzilgan boʻlar edi, deb taxmin qilish mumkin boʻlsa, uning boshqa qismlarining haqiqiy sanalmasligiga sabab boʻlmaydi.
10-BOB VAKILLIK VA ISHONCHNOMA
129-modda. Vakillik
Ishonchnomaga, qonunga, sud qaroriga yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan vakolat bilan bir shaxs (vakil) tomonidan boshqa shaxs (vakolat beruvchi) nomidan tuzilgan bitim vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi.
Oʻz xarakteriga koʻra faqat shaxsan tuzilishi mumkin boʻlgan bitimni, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa bitimlarni vakil orqali tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Vakil oʻziga vakolat bergan shaxs nomidan shaxsan oʻziga nisbatan ham, u ayni bir vaqtda vakili boʻlgan boshqa shaxsga nisbatan ham bitimlar tuzishi mumkin emas, tijorat vakilligi boʻlgan hollar bundan mustasno.
130-modda. Muomalaga layoqatli shaxslar nomidan vakillik qilish
Muomalaga layoqatli shaxslar oʻzlari tanlagan vakillar orqali bitimlar tuzishlari mumkin, bitim oʻz xarakteriga koʻra faqat shaxsan tuzilishi mumkin boʻlgan hollar, shuningdek qonunda koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
131-modda. Muomalaga layoqatsiz shaxslar nomidan vakillik qilish
Muomalaga layoqatsiz fuqarolar nomidan bitimlarni ularning ota-onalari, farzandlikka oluvchilari va vasiylari tuzadilar.
132-modda. Vakolatsiz vakillik
Vakil qilinmagan shaxs tomonidan boshqa shaxs nomidan tuzilgan yoki vakolatlardan tashqari chiqib tuzilgan bitim vakolat bergan shaxs ushbu bitimni keyinchalik maʼqullagan taqdirdagina uning uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi. Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs bitimning ijroga qabul qilinganligidan guvohlik beruvchi harakatlar qilgan holda ham bunday bitim maʼqullangan hisoblanadi.
Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs tomonidan bitimning keyinchalik maʼqullanishi uni tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy bitimga aylantiradi.
133-modda. Tijorat vakilligi
Tadbirkorlar shartnomalar tuzayotganida ular nomidan doimo va mustaqil suratda vakillik qiluvchi shaxs (tijorat vakili) vakilning vakolatlari koʻrsatilgan yozma shartnoma asosida, bunday vakolatlar koʻrsatilmagan taqdirda esa — ishonchnoma asosida ham ish olib boradi.
Tijorat vakili oʻzining ishtirokida tuzilgan shartnomadagi turli taraflarning manfaatlarini faqat bu taraflarning roziligi bilan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollardagina ayni bir vaqtda ifodalashi mumkin.
Agar taraflar bilan tuzilgan bitimda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tijorat vakili shartlashilgan haqni va topshiriqni bajarish vaqtida qilgan chiqimlarini teng ulushlarda toʻlashni shartnomadagi taraflardan talab qilishga haqli.
Tijorat vakili oʻziga berilgan topshiriqni bajarib boʻlganidan keyin ham savdo bitimlari toʻgʻrisida oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarni sir saqlashi shart.
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim sohalaridagi tijorat vakilligining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
134-modda. Ishonchnoma
Bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil oʻziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.
Yuridik shaxs nomidan, shuningdek yuridik shaxsga ham ishonchnoma faqat yuridik shaxsning ustavida (nizomida) koʻrsatilgan faoliyat maqsadlariga zid boʻlmagan bitimlarni tuzish uchungina berilishi mumkin.
135-modda. Ishonchnomaning shakli
Ishonchnoma oddiy yozma shaklda yoki notarial shaklda rasmiylashtiriladi.
Notarial shaklni talab qiluvchi bitimlarni tuzish yoxud yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, ushbu Kodeksning 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar va qonunchilik bilan ishonchnomaning oʻzgacha shakli belgilab qoʻyilgan boshqa hollar bundan mustasno.
136-modda. Notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtirilgan ishonchnomalar
Quyidagilar notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtiriladi:
gospitallarda, sanatoriylarda va boshqa harbiy-davolash muassasalarida davolanayotgan harbiy xizmatchilarning hamda boshqa shaxslarning shu muassasalarning boshliqlari, ularning tibbiy qism boʻyicha oʻrinbosarlari, katta va navbatchi shifokorlari tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno;
harbiy xizmatchilarning, harbiy qismlar, qoʻshilmalar, muassasalar hamda harbiy oʻquv yurtlari joylashgan, notarial idoralar va notarial harakatlarni amalga oshiruvchi boshqa organlar boʻlmagan punktlarda esa — ishchi va xizmatchilarning, ular oilalarining va harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining shu qism, qoʻshilma, muassasa va oʻquv yurtlarining komandirlari (boshliqlari) tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno;
ozodlikdan mahrum qilish joylarida boʻlgan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno.
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning bank kartasini tiklash uchun tijorat banklariga murojaat qilish toʻgʻrisida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari.
137-modda. Ishonchnomaning boshqa shakllari
Xat-xabarlarni, shu jumladan pul va posilkalarni olishga, ish haqini hamda mehnat munosabatlari bilan bogʻliq boʻlgan boshqa toʻlovlarni olishga, mualliflar va ixtirochilarga toʻlanadigan haqlarni, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarni, shuningdek bank muassasalaridan summalarni olish haqidagi ishonchnoma vakolat beruvchi ishlaydigan yoki oʻqiydigan tashkilot, u yashaydigan uyga xizmat koʻrsatuvchi uy-joydan foydalanish tashkiloti, oʻzining yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoxud fuqaro davolanishda boʻlgan davolash muassasasining maʼmuriyati tomonidan tasdiqlanishi mumkin.
138-modda. Yuridik shaxsning ishonchnomasi
Yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma rahbar tomonidan imzolanib, unga ushbu yuridik shaxsning muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) bosiladi.
Davlat mulkiga asoslangan yuridik shaxs nomidan pul va boshqa mulkiy boyliklarni olish yoki topshirish uchun beriladigan ishonchnoma shu yuridik shaxsning bosh (katta) buxgalteri tomonidan ham imzolanishi kerak. Bankda operatsiyalarni amalga oshirishga ishonchnoma berish tartibi va uning shakli qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
139-modda. Ishonchnomaning muddati
Ishonchnoma koʻpi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida oʻz kuchini saqlaydi.
Berilgan kuni koʻrsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.
Notarius tomonidan tasdiqlanib, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida harakatlarni amalga oshirishga moʻljallangan, amal qilish muddati koʻrsatilmagan ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilingunicha oʻz kuchini saqlaydi.
140-modda. Ishonchnoma boʻyicha vakolatlarni boshqa shaxsga berish (boshqa shaxsga oʻtkazish)
Ishonchnoma berilgan shaxs oʻz vakolatidagi harakatlarni shaxsan amalga oshirishi shart. Basharti, unga ishonchnoma bilan vakolat berilgan boʻlsa yoki uni ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilishga sharoit majbur qilsa, u harakatlarni amalga oshirishni boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin.
Vakolatlarning boshqa shaxsga berilishiga asos boʻlgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, ushbu Kodeksning 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha berilgan ishonchnomaning amal qilish muddati uning berilishiga asos boʻlgan asosiy ishonchnomaning amal qilish muddatidan oshib ketishi mumkin emas.
Vakolatlarini boshqaga bergan shaxs ishonchnoma bergan shaxsga buni maʼlum qilishi hamda mazkur shaxs va uning yashash joyi toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni xabar qilishi kerak. Mazkur burchlar bajarilmasa, oʻz vakolatlarini boshqaga bergan shaxs undan vakolat olgan shaxsning harakatlari uchun xuddi oʻzining harakatlari kabi javobgar boʻladi.
141-modda. Ishonchnomaning bekor boʻlishi
Ishonchnomaning amal qilishi quyidagi hollarda bekor boʻladi:
1) ishonchnoma muddatining tamom boʻlishi;
2) ishonchnoma bergan shaxsning uni bekor qilishi;
3) ishonchnoma berilgan shaxsning bosh tortishi;
4) nomidan ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining toʻxtatilishi;
5) nomiga ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining toʻxtatilishi;
6) ishonchnoma bergan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi;
7) ishonchnoma olgan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi.
Ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxs esa — undan voz kechishi mumkin. Bu huquqdan voz kechish haqidagi bitim haqiqiy emas.
Ishonchnomaning amal qilishi bekor boʻlishi bilan uni boshqa shaxsga oʻtkazish ham oʻz kuchini yoʻqotadi.
142-modda. Ishonchnomaning bekor boʻlganligi haqida shaxslarga xabar berish
Ishonchnoma bergan shaxs uning bekor boʻlganligi haqida ishonchnoma olgan shaxsni, shuningdek ishonchnoma qaratilgan oʻziga maʼlum uchinchi shaxslarni ham xabardor qilishi shart. Ishonchnoma ushbu Kodeks 141-moddasi birinchi qismining 4-7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilingan hollarda ishonchnoma bergan shaxsning huquqiy vorislari zimmasiga ham shunday vazifa yuklatiladi.
143-modda. Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor boʻlganidan keyin qilgan harakatlari
Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor boʻlganligini bilguncha yoki bilishi lozim boʻlgunicha qilgan harakatlari ishonchnoma bergan shaxs yoki uning huquqiy vorislari uchun uchinchi shaxslarga nisbatan oʻz kuchini saqlab qoladi.
Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor boʻlganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlganidan keyin qilgan harakatlari ishonchnoma bergan shaxs uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltirmaydi.
Agar uchinchi shaxs ishonchnomaning amal qilishi bekor boʻlganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, ushbu moddaning qoidalari qoʻllanilmaydi.
144-modda. Ishonchnomani qaytarish majburiyati
Ishonchnomaning amal qilishi bekor boʻlganidan keyin ishonchnoma olgan shaxs yoki uning merosxoʻrlari (huquqiy vorislari) darhol ishonchnomani qaytarib berishlari shart.
5-kichik boʻlim MUDDATLAR. DAʼVO MUDDATI
11-BOB MUDDATLARNI HISOBLASH
145-modda. Muddat belgilash
Qonunchilikda yoki bitimda belgilangan, shuningdek sud tomonidan tayinlanadigan muddat kalendar sana bilan yoxud yillar, oylar, haftalar, kunlar yoki soatlar bilan oʻlchanadigan vaqt davrining oʻtishi bilan belgilanadi.
Muddat muqarrar yuz berishi kerak boʻlgan voqeani koʻrsatish bilan ham belgilanishi mumkin.
146-modda. Vaqt davri bilan belgilangan muddatning boshlanishi
Vaqt davri bilan belgilangan muddat kalendar sanadan keyingi yoki uning boshlanish kuni deb belgilangan voqea yuz berganidan keyingi kundan oʻta boshlaydi.
147-modda. Vaqt davri bilan belgilangan muddatning tamom boʻlishi
Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilidagi tegishli oy va kunda tamom boʻladi.
Yarim yil deb belgilangan muddatga nisbatan oylar bilan hisoblanadigan muddatlar uchun belgilangan qoidalar qoʻllaniladi.
Yil choraklari bilan hisoblanadigan muddatga nisbatan oylar bilan hisoblanadigan muddatlar uchun belgilangan qoidalar qoʻllaniladi. Bunda yil choragi uch oyga teng deb hisoblanadi, yil choraklarining hisobi esa — yil boshidan yuritiladi.
Oylar bilan hisoblanadigan muddat shu muddatning oxirgi oyidagi tegishli kunda tugaydi.
Yarim oy deb belgilangan muddatga kunlar bilan hisoblanadigan muddat deb qaraladi va u oʻn besh kunga teng boʻladi.
Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning tamom boʻlishi tegishli raqam boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, u holda muddat shu oyning oxirgi kunida tugaydi.
Haftalar bilan oʻlchanadigan muddat shu muddatning oxirgi haftasidagi tegishli kunda tugaydi.
148-modda. Muddatning oxirgi kunida harakatni amalga oshirish tartibi
Agar muddat biron-bir harakatni amalga oshirish uchun tayinlangan boʻlsa, bu harakat muddatning oxirgi kunidagi soat yigirma toʻrtga qadar bajarilishi mumkin.
Agar, bu harakat tashkilotda amalga oshirilishi kerak boʻlsa, u holda muddat belgilangan qoidalarga muvofiq ushbu tashkilotda tegishli operatsiyalar toʻxtatiladigan soatda tamom boʻladi.
Muddatning oxirgi kunida soat yigirma toʻrtga qadar aloqa tashkilotiga topshirilgan yoki boshqa aloqa vositalari bilan yuborilgan barcha yozma bayonotlar va xabarlar, pul oʻtkazmalari muddatida qilingan hisoblanadi.
12-BOB DAʼVO MUDDATI
149-modda. Daʼvo muddati tushunchasi
Daʼvo muddati — shaxs oʻzining buzilgan huquqini daʼvo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻlgan muddatdir.
150-modda. Umumiy daʼvo muddati
Umumiy daʼvo muddati — uch yil.
151-modda. Maxsus daʼvo muddatlari
Ayrim turdagi talablar uchun qonunchilikda umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkin.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu Kodeks 152-162-moddalarining qoidalari maxsus daʼvo muddatlariga ham joriy qilinadi.
152-modda. Daʼvo muddatlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi bitimning haqiqiy sanalmasligi
Daʼvo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin emas.
Daʼvo muddatlari oʻtishini toʻxtatish va uning uzilish asoslari ushbu Kodeks bilan belgilanadi.
153-modda. Daʼvo muddatini qoʻllash
Buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddatining oʻtganligidan qatʼi nazar, sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
Daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi.
Qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
154-modda. Daʼvo muddatining oʻta boshlashi
Daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlaydi. Bu qoidadan istisnolar ushbu Kodeks va boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Muayyan ijro muddatiga ega boʻlgan majburiyatlar boʻyicha daʼvo muddati ijro muddati tamom boʻlganidan keyin oʻta boshlaydi.
Ijro etish muddati belgilanmagan yoki talab qilish payti ijro etish muddati bilan belgilangan majburiyatlar boʻyicha daʼvo muddati kreditorda majburiyatni bajarish toʻgʻrisida talab qoʻyish huquqi paydo boʻlgan vaqtdan oʻta boshlaydi, bordi-yu, qarzdorga bunday talabni bajarish uchun imtiyozli muddat berilsa, daʼvo muddati imtiyozli muddat tamom boʻlganidan keyin hisoblana boshlaydi.
Regress majburiyatlar boʻyicha daʼvo muddati asosiy majburiyat bajarilgan paytdan oʻta boshlaydi.
155-modda. Majburiyatdagi shaxslar almashinganida daʼvo muddati
Majburiyatdagi shaxslarning almashinishi daʼvo muddati va uni hisoblash tartibining oʻzgarishiga olib kelmaydi.
156-modda. Daʼvo muddati oʻtishining toʻxtatilishi
Daʼvo muddatining oʻtishi quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
1) agar daʼvo qoʻzgʻatilishi uchun muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan favqulodda hodisa (yengib boʻlmas kuch) toʻsqinlik qilgan boʻlsa;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlarni bajarishni kechiktirganligi (moratoriy) tufayli;
3) agar daʼvogar yoki javobgar harbiy holatga oʻtkazilgan Qurolli Kuchlar, chegara qoʻshinlari va ichki qoʻshinlar tarkibida boʻlsa;
4) agar muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari boʻlmasa;
5) tegishli munosabatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatining amal qilishi toʻxtatilgan boʻlsa.
6) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan taqdirda.
Agar ushbu moddada koʻrsatilgan holatlar daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatida vujudga kelgan yoki davom etib turgan boʻlsa, daʼvo muddatining oʻtishi toʻxtatiladi.
Muddatning toʻxtatib turilishiga asos boʻlgan holat barham topgan kundan boshlab daʼvo muddatining oʻtishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, daʼvo muddati olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatiga qadar uzaytiriladi.
157-modda. Daʼvo muddati oʻtishining uzilishi
Daʼvo muddatining oʻtishi belgilangan tartibda daʼvo qoʻzgʻatilishi bilan, shuningdek majbur shaxs qarzni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi.
Uzilishdan keyin daʼvo muddatining oʻtishi yangidan boshlanadi, uzilishgacha oʻtgan vaqt esa — yangi muddatga qoʻshilmaydi.
158-modda. Daʼvo koʻrilmasdan qoldirilgan taqdirda daʼvo muddatining oʻtishi
Agar daʼvo sud tomonidan koʻrilmasdan qoldirilgan boʻlsa, daʼvo qoʻzgʻatilganga qadar oʻta boshlagan daʼvo muddati umumiy tartibda davom etadi.
Agar jinoyat ishi boʻyicha qoʻzgʻatilgan daʼvo sud tomonidan koʻrilmasdan qoldirilgan boʻlsa, daʼvo qoʻzgʻatilgunga qadar oʻta boshlagan daʼvo muddati daʼvoni koʻrmasdan qoldirgan hukm qonuniy kuchga kirgunicha toʻxtatib turiladi, daʼvo muddati toʻxtatib turilgan vaqt daʼvo muddatiga qoʻshilmaydi. Bunda muddatning qolgan qismi olti oydan kam boʻlsa, u olti oygacha uzaytiriladi.
159-modda. Daʼvo muddatini tiklash
Basharti, sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerak. Daʼvo muddatini oʻtkazib yuborish sabablari daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatida yuz bergan boʻlsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin.
160-modda. Maxsus daʼvo muddatining toʻxtatilishi, uzilishi va tiklanishi
Daʼvo muddatining toʻxtatilishi, uzilishi va tiklanishi haqidagi qoidalar (ushbu Kodeksning 156, 157 va 159-moddalari), agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, maxsus daʼvo muddatiga nisbatan ham qoʻllanadi.
161-modda. Daʼvo muddati oʻtganidan keyin majburiyatni bajarish
Daʼvo muddati oʻtganidan keyin majburiyatini bajargan shaxs ijro etish paytida daʼvo muddatining oʻtib ketganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlganligidan qatʼi nazar, bajargan narsasini qaytarishni talab qilishga haqli emas.
162-modda. Qoʻshimcha talablarga nisbatan daʼvo muddatini qoʻllash
Asosiy talab boʻyicha daʼvo muddati oʻtishi bilan qoʻshimcha talablar (neustoyka, garov, kafolat va shu kabilar) boʻyicha daʼvo muddati ham oʻtgan hisoblanadi.
163-modda. Daʼvo muddati joriy qilinmaydigan talablar
Daʼvo muddati quyidagilarga joriy qilinmaydi:
shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
omonatchilarning oʻz omonatlarini berish toʻgʻrisida bankka qoʻyadigan talablariga, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligiga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlanishiga doir talablariga;
fuqaroning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga. Daʼvo muddati oʻtganidan keyin qoʻzgʻatilgan talablar daʼvo qoʻzgʻatilishidan oldingi koʻpi bilan uch yil boʻyicha qondiriladi;
jinoyat tufayli yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga;
mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining oʻz huquqini har qanday buzishlarni, garchi bu buzishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham (ushbu Kodeksning 231-moddasi), bartaraf etish haqidagi talablariga;
mamlakat mustaqilligi eʼlon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni hamda boshqa qimmatbaho obyektlarni qaytarib berish haqidagi talablarga;
qonunda belgilangan hollarda boshqa talablarga.
II BOʻLIM MULK HUQUQI VA BOSHQA ASHYOVIY HUQUQLAR
13-BOB UMUMIY QOIDALAR
164-modda. Mulk huquqi tushunchasi
Mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
165-modda. Mulkdor boʻlmagan shaxslarning ashyoviy huquqlarining mazmuni
Mulk huquqi bilan bir qatorda xususan quyidagilar ashyoviy huquqlar hisoblanadi:
operativ boshqarish huquqi;
meros qilib qoldiriladigan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi;
yer uchastkasiga doimiy egalik qilish va undan foydalanish huquqi;
servitutlar.
Mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa shaxsga oʻtishi, agar qonunchilikda oʻzga tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bu mol-mulkka nisbatan oʻzga ashyoviy huquqlarning bekor boʻlishi uchun asos boʻlmaydi.
Mulkdor boʻlmagan shaxsning ashyoviy huquqlarining buzilishi ushbu Kodeksning 232-moddasida nazarda tutilgan tartibda himoya qilinadi.
166-modda. Mulkning daxlsizligi
Mulk daxlsizdir va qonun bilan qoʻriqlanadi.
Mulkning daxlsizligi mulkdorga qarshi turgan barcha subyektlarning mulk huquqini buzishdan oʻzlarini saqlashlaridan iboratdir.
Mulkdorning mol-mulkini olib qoʻyishga, shuningdek uning huquqlarini cheklashga faqat qonunda nazarda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
167-modda. Mulk shakllari
Oʻzbekiston Respublikasida mulk xususiy mulk va ommaviy mulk shakllarida boʻladi.
168-modda. Mulk huquqining subyektlari
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat mulk huquqining subyektlaridir.
Mol-mulk mulk huquqi asosida bir shaxsga yoki ikki va undan ortiq shaxslarga qarashli boʻlishi mumkin.
Mol-mulk fuqaro, yuridik shaxs yoki davlatning mulki boʻlishiga qarab mulk huquqini, mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqini vujudga keltirish va bekor qilish xususiyatlari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
169-modda. Mulk huquqining obyektlari
Yer, yer osti boyliklari, suvlar, havo boʻshligʻi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar, korxonalar, ashyolar, shu jumladan binolar, kvartiralar, inshootlar, asbob-uskunalar, xom ashyo va mahsulot, pul, qimmatli qogʻozlar va boshqa mol-mulk, shuningdek intellektual mulk obyektlari mulk boʻlishi mumkin.
170-modda. Yerga va boshqa tabiiy resurslarga boʻlgan mulk huquqi va oʻzga ashyoviy huquqlar
Yerga va boshqa tabiiy resurslarga boʻlgan mulk huquqi va oʻzga ashyoviy huquqlar ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlar bilan tartibga solinadi.
171-modda. Uy-joyga boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni amalga oshirish xususiyatlari
Uy-joyga boʻlgan mulk huquqini amalga oshirish xususiyatlari va boshqa ashyoviy huquqlar qonunchilik bilan tartibga solinadi.
172-modda. Mulk huquqini amalga oshirish shartlari
Mulkdorning oʻz huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, shartlarda va doirada mulkdor boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyishga majbur.
Mulkdor oʻzining ustunlik mavqeyini suiisteʼmol qilishga, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini kamsitadigan oʻzga harakatlarni qilishga haqli emas.
Mulkdor oʻz huquqini amalga oshirganida fuqarolarning sogʻligʻiga va atrof muhitga zarar yetkazishining oldini olish choralarini koʻrishga majbur.
173-modda. Oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi
Koʻchmas mulk (yer uchastkasi, boshqa koʻchmas mulk) egasi qoʻshni yer uchastkasining egasidan, zarur hollarda esa — boshqa yer uchastkasining egasidan ham oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini berishni talab qilishga haqlidir.
Oʻzganing yer uchastkasidan piyoda va transportda oʻta olishni taʼminlash, elektr uzatgich, aloqa va quvur liniyalarini oʻtkazish va ulardan foydalanish, suv bilan taʼminlash uchun, shuningdek koʻchmas mulk egasining ehtiyojlarini servitut belgilamay turib taʼminlanishi mumkin boʻlmagan boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun servitut belgilanishi mumkin.
Yer uchastkasida servitut belgilanishi yer uchastkasi egasining ushbu uchastkaga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlaridan mahrum etmaydi.
Servitut belgilashni talab qilayotgan shaxs bilan oʻzga yer uchastkasining egasi oʻrtasidagi bitimga muvofiq servitut belgilanadi va u koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Servitutni belgilash xususida kelisha olinmasa yoki uning shartlarida murosaga kelinmasa, bahs servitut belgilashni talab qilayotgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan hal etiladi. Jamoat ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan hollarda servitut qonunga muvofiq tegishli davlat organi tomonidan belgilanishi mumkin (ommaviy servitut).
Uchastka meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan berilgan yoki doimiy egalik qilish va foydalanish huquqi bilan berilgan shaxsning manfaatlari va talabi boʻyicha ham ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan shartlarda va tartibda servitut belgilanishi mumkin.
1731-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan huquq boshqa shaxsga oʻtkazilganda servitutning saqlanishi
Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, servitut belgilangan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda ham servitut saqlanib qoladi.
Servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti boʻlishi mumkin emas, shuningdek uni servitut belgilangan koʻchmas mulkning huquq egasi boʻlmagan boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
1732-modda. Servitut shartlari
Servitut ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan asoslar amal qilishini yoʻqotmagunga qadar amal qiladi.
Servitut belgilanganda servitut belgilanayotgan yer uchastkasining maydoni, ushbu yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, ularni koʻzdan kechirish va taʼmirlash shartlari, yer fondi toifasidan qatʼi nazar, yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasining ijarachisiga va (yoki) mulkdoriga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi, servitut belgilanayotgan yer uchastkasining joriy holati, yer uchastkasini undan belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish zarurligi, servitut uchun haq toʻlash tartibi, shuningdek servitut belgilangan yer uchastkasidan foydalanishdagi cheklovlar koʻrsatilishi shart.
Servitut belgilanganda qonunga muvofiq boshqa shartlar ham koʻrsatilishi mumkin.
1733-modda. Servitut uchun haq toʻlash
Servitut belgilangan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari servitut kimning manfaatlarini koʻzlab belgilangan boʻlsa, oʻsha shaxsdan ushbu yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun mutanosib haq talab qilishga haqlidir.
Yer uchastkasining servitut belgilangan qismi uchun yer soligʻi (ijara haqi) yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari tomonidan toʻlanadi, bunda servitut uchun toʻlanadigan (bir martalik yoki doimiy) haq miqdori servitut amal qiladigan davr uchun belgilangan yer soligʻi (ijara haqi) summasidan kam boʻlishi mumkin emas.
Servitut uchun haq toʻlashga oid boshqa shartlar, shuningdek servitut toʻlovsiz (tekin) amalga oshiriladigan holatlar qonunda belgilanadi.
1734-modda. Servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini saqlash
Agar servitutni amalga oshirish uchun servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud boʻlishi talab etilsa, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, mazkur yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari bunday muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerakligi belgilanishi mumkin.
Agar yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan birgalikda foydalanish huquqiga ega boʻlsa, servitut kimning manfaatlarini koʻzlab belgilangan boʻlsa, oʻsha shaxs muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ulardan foydalanish imkoniyatini taʼminlagan holda saqlashi kerak.
1735-modda. Servitut belgilangan yer uchastkasini boʻlish
Agar servitut belgilangan yer uchastkasini boʻlish servitutdan foydalanishga toʻsqinlik qilmasa, servitut yer uchastkasining boʻlingan qismlariga nisbatan ham saqlanib qoladi. Bunda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, boʻlingan yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari servitut shartlari qayta koʻrib chiqilishini talab qilishga haqli.
Agar servitut boʻlingan yer uchastkasining faqat bitta qismiga belgilansa, u qolgan yer uchastkalariga nisbatan bekor qilinadi.
1736-modda. Servitutni oʻzgartirish va bekor qilish
Servitut toʻgʻrisidagi shartnomaga oʻzgartirishlar kiritishda va uni bekor qilishda ushbu Kodeksning shartnomalarni oʻzgartirish va bekor qilishga doir qoidalari qoʻllaniladi.
Ommaviy servitutni oʻzgartirish va bekor qilish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Servitutni oʻzgartirish va bekor qilish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
1737-modda. Binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulkka servitut belgilash
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yer uchastkasidan foydalanishdan tashqari, cheklangan tarzda foydalanish zarur boʻlgan binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulkka ham ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda hamda shartlarda servitut belgilanishi mumkin.
174-modda. Mol-mulkni saqlash vazifasi
Oʻziga qarashli mol-mulkni saqlash, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mulkdor zimmasidadir.
175-modda. Mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki buzilish xavfi
Mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki buzilish xavfi, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mulk egasining zimmasidadir.
14-BOB. OPERATIV BOSHQARISH HUQUQI
178-modda. Operativ boshqarish huquqi
Davlat muassasasi oʻziga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan qonunda belgilangan doirada, oʻz faoliyatining maqsadlariga, mulkdorning topshiriqlariga hamda mol-mulkning vazifasiga muvofiq holda egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlarini amalga oshiradi.
Davlat muassasasiga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkning egasi ortiqcha, foydalanilmayotgan yoki nooʻrin foydalanilayotgan mol-mulkni olib qoʻyish hamda uni oʻzi xohlagan tarzda tasarruf etishga haqli.
180-modda. Muassasa mol-mulkini tasarruf etish
Muassasa oʻziga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkni va smeta boʻyicha unga ajratilgan mablagʻlarga sotib olingan mol-mulkni boshqa shaxsga berishga yoki oʻzgacha usul bilan tasarruf etishga haqli emas.
Agar taʼsis hujjatlariga muvofiq muassasaga daromad keltiradigan faoliyat bilan shugʻullanish huquqi berilgan boʻlsa, bunday faoliyatdan olingan daromad va bu daromad hisobidan sotib olingan mol-mulk muassasaning mustaqil tasarrufiga oʻtadi va alohida balansda hisobga olinadi.
181-modda. Operativ boshqarish huquqining vujudga kelishi va bekor boʻlishi
Mulkdorning qarori bilan muassasaga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkni operativ boshqarish huquqi, basharti qonun hujjatlarida yoki mulkdorning qarori bilan boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu muassasada unga mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Operativ boshqarishda boʻlgan mol-mulkdan foydalanishdan olingan hosil, mahsulot va daromadlar, shuningdek muassasada shartnoma boʻyicha yoxud boshqa asoslarda vujudga kelgan mol-mulk ham ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda mulk huquqini olish uchun belgilab qoʻyilgan tartibda muassasaning operativ boshqarishiga oʻtadi.
Mol-mulkni operativ boshqarish huquqi mulkdorning qaroriga va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra bekor qilinadi.
15-BOB MULK HUQUQINING VUJUDGA KELISHI VA UNING BEKOR BOʻLISHI
182-modda. Mulk huquqining vujudga kelish asoslari
Mulk huquqining vujudga kelish asoslari quyidagilardan iborat: mehnat faoliyati; mol-mulkdan foydalanish sohasidagi tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati, shu jumladan mol-mulkni yaratish, koʻpaytirish, bitimlar asosida qoʻlga kiritish; davlat mol-mulkini xususiylashtirish; meros qilib olish; egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat; qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa asoslar.
183-modda. Mulkni yaratish va koʻpaytirish
Mulk huquqi yangi mol-mulkni yaratish hamda mulkdor ixtiyoridagi mol-mulkni koʻpaytirish natijasida vujudga kelishi mumkin.
Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkdan xoʻjalik usulida va oʻzgacha usulda foydalanish natijalari, shu jumladan mahsulot, hosil va boshqa daromadlar mulkdorga tegishli boʻladi.
184-modda. Bitim boʻyicha mol-mulkni olish
Mol-mulk olish-sotish, ayirboshlash, hadya qilish shartnomalari, hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa bitimlar asosida mulk qilib olinishi mumkin.
Basharti, qonun hujjatlarida boshqacha koʻrsatilmagan boʻlsa, mol-mulk yangi mulkdorga oʻtganida, universal huquqiy vorislik tartibida sobiq mulkdorning huquq va burchlari ham unga oʻtadi.
185-modda. Shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqining vujudga kelish payti
Shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqi, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyo topshirilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Agar mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi yoki notarial tasdiqlanishi kerak boʻlsa, mol-mulkni oluvchida mulk huquqi shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki tasdiqlangan paytdan boshlab, shartnomani ham notarial tasdiqlash, ham davlat roʻyxatidan oʻtkazish zarur boʻlganida esa — roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
186-modda. Ashyolarni topshirish
Ashyolarni oluvchiga topshirish, shuningdek yetkazib berish majburiyatini olmagan holda boshqa shaxsga berilgan ashyolarni oluvchiga joʻnatish uchun transport tashkilotiga yoki aloqa tashkilotiga topshirish ashyolarni topshirish hisoblanadi.
Ashyo oluvchining yoki u koʻrsatgan shaxsning ixtiyoriga amalda tushgan paytdan boshlab oluvchiga topshirilgan hisoblanadi.
Ashyoni tasarrufdan chiqarish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilayotgan paytgacha u oluvchining ixtiyoriga oʻtib boʻlgan boʻlsa, ashyo unga shu paytdan eʼtiboran topshirilgan hisoblanadi.
Konosamentni yoki ashyoga tegishli boshqa tasarruf etuvchi hujjatni topshirish ham ashyoni topshirishga tenglashtiriladi.
187-modda. Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat
Mulkdor boʻlmagan, lekin koʻchmas mol-mulkka oʻn besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat).
Koʻchmas va boshqa mol-mulkka davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan mulk huquqi ushbu mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli olgan shaxsda ana shunday roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli mulk huquqini olganga qadar mol-mulkka oʻziniki kabi egalik qilib turgan shaxs oʻz egaligini mol-mulkning egalari boʻlmagan, shuningdek qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra egalik qilish huquqi boʻlmagan uchinchi shaxslardan himoya qilish huquqiga ega.
Egalik qilish muddatini vaj qilib keltiradigan shaxs oʻzi huquqiy vorisi boʻlgan shaxsning bu mol-mulkka egalik qilib kelgan barcha vaqtini oʻzining egalik qilish vaqtiga qoʻshishi mumkin.
Shaxs ixtiyorida boʻlib, ushbu Kodeksning 228, 229, 230 va 232-moddalariga muvofiq uning egaligidan talab qilib olinishi mumkin boʻlgan ashyolarga doir egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tegishli talablar boʻyicha daʼvo muddati tamom boʻlganidan keyin oʻta boshlaydi.
188-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi
Fuqarolar va yuridik shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, tartibda va shartlarda yuzaga keladi.
189-modda. Hamma yigʻib olishi mumkin boʻlgan ashyolarni mulkka aylantirish
Qonunchilikda yovvoyi mevalar, yongʻoq, zamburugʻlar, rezavor mevalar hamda oʻsimlik, hayvonot dunyosi va jonsiz tabiatning hamma olishi mumkin boʻlgan boshqa obyektlarini yigʻish yoʻli bilan fuqarolar mulkiga aylantirish tartibi va shartlari belgilab qoʻyilishi mumkin.
190-modda. Moddiy madaniy meros obyektlarini xoʻjasizlarcha saqlash
Agar mulkdor oʻziga qarashli moddiy madaniy meros obyektiga xoʻjasizlarcha munosabatda boʻlsa va uning but saqlanishini taʼminlamasa, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tegishli organlar mulkdorni moddiy madaniy meros obyektiga xoʻjasizlarcha munosabatda boʻlishni toʻxtatish haqida ogohlantiradi. Agar mulkdor ushbu talabni bajarmasa, tegishli organlarning daʼvosiga koʻra sud moddiy madaniy meros obyektini olib qoʻyish haqida qaror chiqarishi mumkin va ushbu moddiy madaniy meros obyekti davlat mulkiga oʻtadi. Olib qoʻyilgan moddiy madaniy meros obyektining qiymati mulkdorga kelishuvda belgilangan miqdorda, nizo chiqqan taqdirda esa sud tomonidan belgilangan miqdorda toʻlanadi.
Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda moddiy madaniy meros obyektini olib qoʻyish haqidagi daʼvo oldindan ogohlantirmasdan ham qoʻzgʻatilishi mumkin.
191-modda. Egasiz ashyo
Egasi boʻlmagan yoki egasi nomaʼlum boʻlgan ashyo egasiz ashyo hisoblanadi.
Agar bu hol topilma toʻgʻrisidagi, qarovsiz hayvonlar va xazina toʻgʻrisidagi qoidalarda rad etilmagan boʻlsa, egasiz koʻchar ashyolarga egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qoʻlga kiritilishi mumkin.
Egasiz koʻchmas ashyolar tegishli davlat organining yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining arizasiga muvofiq koʻchmas mol-mulkni davlat roʻyxatiga oluvchi organ tomonidan hisobga olinadi.
Egasiz koʻchmas ashyo hisobga olinganidan keyin bir yil muddat oʻtgach, davlat mol-mulkini boshqarishga vakolati boʻlgan organ yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bu ashyoni davlat mulkiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mulkiga kirgan deb hisoblash toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat etishi mumkin.
Sudning hal qiluv qaroriga binoan davlat mulkiga oʻtmagan deb hisoblangan egasiz koʻchmas ashyo uni tashlab ketgan mulkdorning egaligiga, foydalanishiga va tasarrufiga yana qabul qilinishi yoki egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qoʻlga kiritilishi mumkin.
Egasiz ashyolarni aniqlash va hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
192-modda. Topilma
Yoʻqolgan ashyoni topib olgan shaxs bu haqda uni yoʻqotgan shaxsni yoki ashyo egasini yoxud uni olish huquqiga ega boʻlgan oʻzga maʼlum shaxslardan birontasini darhol xabardor etishi hamda topilgan ashyoni shu shaxsga qaytarishi shart.
Basharti, ashyo binoda yoki transportda topilgan boʻlsa, u shu binoning yoki transport vositasining egasi boʻlmish shaxsga topshirilmogʻi lozim. Topilma topshirilgan shaxs ashyoni topib olgan shaxsning huquqlarini qoʻlga kiritadi va uning majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi.
Basharti, topilgan ashyo qaytarilishini talab qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs nomaʼlum boʻlsa yoki uning manzili maʼlum boʻlmasa, ashyoni topib olgan shaxs topilma toʻgʻrisida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organlariga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga maʼlum qilishi shart.
Ashyoni topib olgan shaxs uni oʻzida saqlab turishga yoki saqlash uchun ichki ishlar organi, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga yoxud ular koʻrsatgan shaxsga topshirishga haqlidir.
193-modda. Topilmaga egalik huquqini olish
Agar yoʻqolgan ashyoni olishga haqli boʻlgan shaxs topilma toʻgʻrisida ichki ishlar organiga yoki tegishli davlat organiga xabar qilingan paytdan eʼtiboran olti oy mobaynida aniqlanmasa hamda ashyoni topgan shaxsga yoxud ichki ishlar organiga, tegishli davlat organiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga ushbu ashyoga boʻlgan oʻz huquqi toʻgʻrisida arz qilmasa, ashyoni topib olgan shaxs unga egalik huquqini oladi.
Basharti, ashyoni topib olgan shaxs topilgan ashyoni mulk qilib olishdan bosh tortsa, ashyo davlat mulkiga oʻtadi.
194-modda. Topilma bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash va ashyoni topib olgan shaxsni taqdirlash
Ashyoni topib olgan hamda uni olishga haqli boʻlgan shaxsga qaytarib bergan shaxs ana shu shaxsdan, ashyo davlat mulkiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mulkiga oʻtgan hollarda esa — tegishli davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan ashyoni saqlash, topshirish yoki sotish bilan bogʻliq xarajatlarni, shuningdek ashyoni olishga haqli boʻlgan shaxsni topish uchun ketgan xarajatlarni undirish huquqiga ega.
Ashyoni topib olgan shaxs uni olishga haqli boʻlgan shaxsdan topilma uchun ashyo qiymatining yigirma foiziga qadar miqdorida mukofot talab qilishga haqlidir.
Basharti, topib olingan hujjatlar yoki oʻzga ashyolar ularni olishga haqli boʻlgan shaxsning oʻzi uchungina qimmatga ega boʻlsa, mukofot miqdori shu shaxs bilan kelishuv asosida, kelishuvga erishib boʻlmagan taqdirda esa — sud orqali belgilanadi. Topilgan ashyoni qaytarib berishni talab qilishga haqli boʻlgan shaxs topilma uchun koʻpchilik oʻrtasida mukofot vaʼda qilgan boʻlsa, u koʻpchilik oʻrtasida vaʼda qilingan mukofotni oʻsha shartlarga muvofiq toʻlaydi.
Basharti, ashyoni topib olgan shaxs topilma haqida xabar qilmagan boʻlsa yoki uni yashirishga uringan boʻlsa, mukofot olish huquqi vujudga kelmaydi.
195-modda. Qarovsiz hayvonlar
Qarovsiz yoki adashgan chorva mollarini yoxud boshqa qarovsiz uy hayvonlari yoki qoʻlga oʻrgatilgan hayvonlarni tutib olgan shaxs ularni egasiga qaytarishi shart, basharti hayvonlarning egasi yoki uning qayerdaligi nomaʼlum boʻlsa, tutib olgan paytdan boshlab uch kundan kechiktirmay topilgan hayvonlar toʻgʻrisida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga xabar qilishi shart, ular hayvonlarning egasini qidirish choralarini koʻradilar.
Hayvonlarning egasi qidirilayotgan vaqtda ularni saqlash hamda ulardan foydalanish uchun tutib olgan shaxsda qoldirilishi yoxud zarur sharoiti boʻlgan boshqa shaxsga saqlash va foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxsning iltimosiga koʻra hayvonlarni boqishi uchun zarur sharoiti boʻlgan shaxsni topish hamda hayvonlarni unga topshirishni tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz hayvonlarni tutish boʻlimlari, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi amalga oshiradi.
Qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxs hamda bu hayvonlar saqlash va foydalanish uchun berib turilgan shaxs ularni lozim darajada saqlashlari shart va hayvonlar nobud boʻlishi yoki shikastlanishi uchun aybdor boʻlsalar, hayvonlarning narxi doirasida javobgar boʻladilar.
196-modda. Xazina
Egasi aniqlanishi mumkin boʻlmagan yoki qonunga binoan huquqlarini yoʻqotgan xazina, yaʼni yerga koʻmilgan yoki boshqacha usulda yashirilgan pul yoxud qimmatbaho buyumlar xazina yashirib qoʻyilgan mol-mulk (yer uchastkasi, imorat va shu kabilar) mulkdori boʻlgan shaxs va xazinani topgan shaxs mulkiga, agar ular oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, teng ulushlarda oʻtadi.
Xazina u yashirib qoʻyilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs tomonidan topilgan taqdirda, bu xazina u topilgan yer uchastkasining yoki boshqa mol-mulkning egasiga topshirilishi kerak.
Moddiy madaniy meros obyektlari jumlasiga kiradigan ashyolardan iborat xazina topilgan taqdirda, ular davlat mulkiga topshirilishi kerak. Bunda xazina yashirib qoʻyilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulkning egasi va xazinani topgan shaxs birgalikda xazina qiymatining ellik foizi miqdorida mukofot olish huquqiga egadirlar. Agar ular oʻrtasidagi kelishuvda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, mukofot bu shaxslar oʻrtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
Bunday xazinani u yashirib qoʻyilgan mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs topib olsa, bu shaxsga mukofot toʻlanmaydi va xazina batamom mulkdorning ixtiyoriga oʻtadi.
Xazina topish uchun qazishma va qidiruv ishlarini olib borish mehnat yoki xizmat vazifalariga kiradigan shaxslarga nisbatan ushbu moddaning qoidalari qoʻllanilmaydi.
197-modda. Mulk huquqining bekor boʻlish asoslari
Mulk huquqi mulkdorning ixtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilishi, sud qarori asosida mol-mulkni olib qoʻyish (sotib olish) yoʻli bilan, shuningdek mulk huquqini qonun asosida bekor qiluvchi qonunchilik hujjatiga asosan bekor boʻladi.
198-modda. Mol-mulkni tugatish va hisobdan chiqarish
Mol-mulkni yoʻq qilish (tugatish) natijasida mulk huquqini bekor qilishga qonunlarga zid boʻlmagan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Mulkdor tomonidan tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga yoki oʻzga madaniy qimmatga ega boʻlgan mol-mulkning yoʻq qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Alohida hollarda sud qarori bilan mazkur mol-mulk musodara qilinishi yoki agar u yoʻq qilingan boʻlsa, uning qiymati undirib olinishi mumkin.
Mol-mulkni yuridik shaxsning balans hisobidan chiqarish natijasida mulk huquqining bekor qilinishi qonunchilikda yoki taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
199-modda. Mol-mulkni mulkdordan olib qoʻyish
Mol-mulkni mulkdordan olib qoʻyishga qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda mulkdorning majburiyatlari boʻyicha undiruv ana shu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, shuningdek natsionalizatsiya qilish, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yoʻl qoʻyiladi.
Agar qonunga asosan shaxsga tegishli boʻla olmaydigan mol-mulk uning mulki boʻlib qolsa, ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinib, olib qoʻyilgan mol-mulkning qiymati shaxsga toʻlanadi.
200-modda. Qarzni nizosiz tartibda undirib olish
Majburiyatlar boʻyicha qarzni, shu jumladan budjetga toʻlovlar boʻyicha qarzni nizosiz tartibda undirib olishga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Mulkdor nizosiz tartibda undirib olish toʻgʻrisidagi qarorga rozi boʻlmagan taqdirda sudga murojaat qilishga haqli.
201-modda. Qimmatbaho metallar va toshlarga mulk huquqining vujudga kelish hamda bekor boʻlish xususiyatlari
Xom va ishlov berilgan qimmatbaho metallar va toshlarga (zargarlik va boshqa maishiy buyumlardan tashqari) mulk huquqining vujudga kelish hamda bekor boʻlish xususiyatlari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
202-modda. Natsionalizatsiya
Natsionalizatsiya — fuqarolarga hamda yuridik shaxslarga qarashli natsionalizatsiya qilinayotgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqini haq toʻlash asosida qonunga muvofiq davlat ixtiyoriga oʻtkazishdan iborat.
Mazkur mol-mulk keyinchalik denatsionalizatsiya qilingan taqdirda, agar qonun hujjatlarida oʻzgacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, sobiq mulkdorlar ushbu mol-mulkning qaytarib berilishini talab qilishga haqlidirlar.
203-modda. Rekvizitsiya
Tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar yuz bergan taqdirda va favqulodda tusdagi boshqa vaziyatlarda mol-mulk jamiyat manfaatlarini koʻzlab, davlat hokimiyati organi qaroriga muvofiq mulkdordan unga mol-mulkning qiymatini toʻlagan holda qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida olib qoʻyilishi mumkin (rekvizitsiya).
Rekvizitsiya oʻtkazilishiga sabab boʻlgan vaziyatlarning amal qilishi toʻxtaganidan keyin rekvizitsiya qilingan mol-mulkning sobiq egasi saqlanib qolgan mol-mulkni oʻziga qaytarib berishni talab qilishga haqli.
204-modda. Musodara
Qonunda nazarda tutilgan hollarda mol-mulk sudning qaroriga muvofiq jinoyat yoki oʻzga huquqbuzarlik qilganlik uchun haq toʻlamasdan mulkdordan olib qoʻyilishi mumkin (musodara).
205-modda. Mol-mulkni olib qoʻyish chogʻida uning qiymatini aniqlash va zararlarni undirib olish huquqi
Mulk huquqi bekor qilinganda olib qoʻyilayotgan mol-mulkning qiymati, agar qonunchilikda boshqacha tartib oʻrnatilgan boʻlmasa, baholovchi tashkilot tomonidan mulk huquqi bekor qilingan paytda belgilanadi.
Olib qoʻyilgan mol-mulkning qiymatini mulkdorga toʻlash bahosi haqida mulkdor sudga eʼtiroz bildirishi mumkin.
Mulkdor mol-mulkining olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan boshqa zararlarni toʻlashni ham talab qilishga haqli.
206-modda. Mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qoʻyishga qaratmagan holda mulk huquqining bekor qilinishi
Davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qoʻyishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunda belgilangan hollar va tartibdagina yoʻl qoʻyiladi, bunda mulkdorga olib qoʻyilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk mulk huquqi asosida beriladi va uning koʻrgan boshqa zararlari toʻlanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar toʻla hajmda toʻlanadi.
Olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi uylarning, boshqa imoratlarning, inshootlarning yoki ekinlarning, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatini aniqlash belgilangan tartibda baholovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda xususiy mulk huquqi bekor qilinganda olib qoʻyilayotgan mol-mulkning va yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati bevosita ushbu mol-mulkni olib qoʻyishdan oldingi holatga koʻra yoki kelgusida olib qoʻyilishi haqidagi xabar mol-mulkning va yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatiga taʼsir qilgan paytdagi holatga koʻra baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadi.
Olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki ekinlarni buzib tashlashga zararlarning oʻrni bozor qiymati boʻyicha oldindan va toʻliq qoplanguniga qadar yoʻl qoʻyilmaydi.
Mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga mulkdor rozi boʻlmagan taqdirda, bu qaror nizo sud tomonidan hal qilingunicha amalga oshirilishi mumkin emas. Nizoni koʻrib chiqish vaqtida mulkdorga yetkazilgan zararni toʻlash bilan bogʻliq barcha masalalar ham hal qilinadi.
16-BOB XUSUSIY MULK
207-modda. Xususiy mulk huquqi
Xususiy mulk huquqi shaxsning qonunchilikka muvofiq tarzda qoʻlga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidir.
Xususiy mulk boʻlgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydi.
208-modda. Xususiy mulk huquqining subyektlari
Fuqarolar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, ijtimoiy fondlar va davlatga qarashli boʻlmagan boshqa yuridik shaxslar xususiy mulk huquqining subyektlari hisoblanadilar.
209-modda. Xususiy mulk huquqining obyektlari
Qonun bilan man etilgan ayrim ashyolardan tashqari har qanday mol-mulk xususiy mulk boʻlishi mumkin.
210-modda. Uy-joy (kvartira)ga mulk huquqining vujudga kelish tartibi
Belgilangan tartibda ajratib berilgan yer uchastkasida qurilayotgan yangi uy-joyga mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Davlatga qarashli uy-joy (kvartira)ga mulk huquqi qonunchilikda nazarda tutilgan xususiylashtirish tartibida vujudga keladi.
Kooperativ uy-joyga, kvartiraga, garajga, chorboqqa va boshqa binolarga mulk huquqi kooperativ aʼzosi pay badallarini batamom toʻlab boʻlganidan keyin vujudga keladi.
211-modda. Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlariga shu uyning umumiy joylarini, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalarni oʻz ichiga olgan umumiy mol-mulk ulushli mulk huquqi asosida tegishli boʻladi.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka egalik huquqidagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari ulushlarining miqdori hamda mazkur mol-mulkni saqlash va asrash boʻyicha xarajatlarni mulkdorlar oʻrtasida taqsimlash tartibi uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini boshqa shaxsga berishga, undan fuqarolar yoki yuridik shaxslar foydasiga voz kechishga, shuningdek uni oʻziga qarashli turar joyga yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga boʻlgan mulk huquqidan alohida tarzda boshqa shaxsga oʻtishiga sabab boʻluvchi oʻzga xatti-harakatlar sodir etishga haqli emas.
212-modda. Oʻzboshimchalik bilan imorat qurish va uning oqibatlari
Qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʻzga koʻchmas mulk oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
Oʻzboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.
Oʻzboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining daʼvosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkin. Bu holda imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilgan shaxs imorat qurgan shaxsning xarajatlarini sud belgilagan miqdorda qoplaydi.
Basharti, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilishiga sabab boʻlsa, yoxud fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirsa, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilishi mumkin emas.
17-BOB OMMAVIY MULK
213-modda. Ommaviy mulk tushunchasi
Respublika mulki va maʼmuriy-hududiy tuzilmalar mulkidan (munitsipal mulk) iborat boʻlgan davlat mulki ommaviy mulkdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida mulkchilik munosabatlari, shu jumladan ommaviy mulk munosabatlari ushbu Kodeks bilan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
214-modda. Respublika mulki
Yer, yer osti boyliklari, suv, havo boʻshligʻi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy boyliklar, davlat hokimiyati va boshqaruvi respublika organlarining mol-mulki, davlat ahamiyatiga ega boʻlgan moddiy madaniy meros obyektlari, respublika budjetining mablagʻlari, oltin zaxirasi, davlatning valyuta fondi va boshqa fondlari respublika mulkidir, shuningdek korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, oʻquv, ilmiy, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari, intellektual faoliyat natijalari, basharti bular budjet yoki davlatning oʻzga mablagʻlari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan boʻlsa, boshqa mol-mulk respublika mulki boʻlishi mumkin.
Respublika mulki boʻlgan mol-mulkni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati yoki ular maxsus vakil qilgan organlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tasarruf qiladilar.
Respublika mulki boʻlgan mol-mulk davlat yuridik shaxslariga operativ boshqarish huquqi asosida biriktirib qoʻyilishi mumkin.
Respublika mulki respublika budjetiga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hisobidan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi.
Respublika mulki obyektlari qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tartibda va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin.
215-modda. Munitsipal mulk
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining mol-mulki, mahalliy budjet mablagʻlari, munitsipal uy-joy fondi va kommunal xoʻjalik, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, xalq taʼlimi, madaniyat, sogʻliqni saqlash muassasalari, shuningdek boshqa mol-mulk munitsipal mulk boʻladi.
Munitsipal mulk boʻlgan mol-mulkni, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki ular vakil qilgan organlar tasarruf etadilar.
Munitsipal mulk boʻlgan mol-mulk yuridik shaxslarga operativ boshqarish huquqi asosida biriktirib qoʻyilishi mumkin.
Munitsipal mulk mahalliy budjetga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hisobidan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga muvofiq boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi.
Munitsipal mulk obyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin.
18-BOB UMUMIY MULK
216-modda. Umumiy mulk tushunchasi va uning vujudga kelish asoslari
Ikki yoki undan ortiq shaxsning egaligida boʻlgan mol-mulk ularga umumiy mulk huquqi asosida tegishli boʻladi.
Mol-mulk mulkdorlardan har birining mulk huquqidagi ulushi aniqlab qoʻyilgan (ulushli mulk) yoki bunday ulushlar aniqlab qoʻyilmagan (birgalikdagi mulk) holda umumiy mulk boʻlishi mumkin.
Umumiy mulk boʻlgan mol-mulk ulushlarga boʻlinadi, qonunda bu mol-mulkning birgalikdagi mulkni tashkil etishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Umumiy birgalikdagi mulk oʻz vazifasini oʻzgartirmagan holda taqsimlanishi mumkin boʻlmagan (boʻlinmaydigan ashyolar) yoki qonunga koʻra taqsimlanishi mumkin boʻlmagan mol-mulk ikki yoki undan ortiq shaxs mulkiga oʻtgan paytda vujudga keladi.
Taqsimlanadigan mol-mulkning umumiy birgalikdagi mulkligi qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda vujudga keladi.
Birgalikdagi mulk ishtirokchilarining kelishuviga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa — sudning qaroriga muvofiq umumiy mol-mulk bu shaxslarning ulushli mulki qilib belgilab qoʻyilishi mumkin.
217-modda. Ulushli mulkdagi ulushlarni aniqlash
Agar ulushli mulk ishtirokchilarining ulushlari qonun asosida belgilanishi mumkin boʻlmasa hamda uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, ulushlar teng deb hisoblanadi.
Ulushli mulk barcha ishtirokchilarning kelishuvi bilan ishtirokchilardan har birining ulushini ularning umumiy mol-mulkni vujudga keltirish va koʻpaytirishga qoʻshgan hissasiga qarab aniqlash va oʻzgartirish tartibi belgilanishi mumkin.
Umumiy mol-mulkdan foydalanishning belgilab qoʻyilgan tartibiga amal qilgan holda ushbu mol-mulkni oʻz hisobidan ajratib olish mumkin boʻlmaydigan tarzda yaxshilagan ulushli mulk ishtirokchisi umumiy mulk huquqidagi oʻz ulushining tegishli darajada koʻpaytirilishiga haqli boʻladi.
Umumiy mol-mulkdagi ajratib olish mumkin boʻladigan yaxshilashlar, agar ulushli mulk ishtirokchilarining kelishuvi bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bu yaxshilashlarni amalga oshirgan ishtirokchining mulkiga qoʻshiladi.
218-modda. Ulushli mulkdagi mol-mulkni tasarruf etish
Ulushli mulkdagi mol-mulk uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan tasarruf etiladi.
Ulushli mulk ishtirokchisi oʻz xohishiga qarab oʻz ulushini sotishga, sovgʻa qilishga, vasiyat qilib qoldirishga, garovga berishga yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga ulushni haq evaziga boshqa shaxsga berish chogʻida ushbu Kodeksning 224-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda haqli boʻladi.
219-modda. Ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish
Ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish uning barcha ishtirokchilari kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish sud tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Ulushli mulk ishtirokchisi umumiy mol-mulkning ishtirokchi ulushiga teng boʻlgan qismi oʻzining egaligiga va foydalanishiga berilishiga, buning iloji boʻlmagan taqdirda esa — oʻz ulushi boʻlgan mol-mulkka egalik qilayotgan va undan foydalanayotgan boshqa ishtirokchilardan tegishli haq talab qilish huquqiga ega.
220-modda. Ulushli mulkdagi mol-mulkdan foydalanish natijasida keladigan hosil, mahsulot va daromadlar
Ulushli mulkdagi mol-mulkdan foydalanish natijasida keladigan hosil, mahsulot va daromadlar umumiy mol-mulk tarkibiga qoʻshiladi va ulushli mulk ishtirokchilari oʻrtasidagi kelishuvda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ular oʻrtasida ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
221-modda. Umumiy ulushli mulkdagi mol-mulkni saqlash xarajatlarini taqsimlash
Har bir mulkdor umumiy mol-mulk boʻyicha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashda, shuningdek mol-mulkni saqlash va asrash chiqimlarida, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ulushiga qarab qatnashishi shart.
Zarur boʻlmagan hamda mulkdorlardan biri tomonidan qolganlarning roziligisiz qilingan xarajatlar uning oʻz zimmasiga tushadi. Bunda kelib chiqadigan nizolar sud tartibida hal qilinishi kerak.
222-modda. Umumiy mulk huquqidagi ulushning shartnoma boʻyicha oluvchiga oʻtish payti
Umumiy mulk huquqidagi ulush shartnoma boʻyicha oluvchiga, agar taraflarning kelishuvi bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma tuzilgan paytdan boshlab oʻtadi.
Umumiy mulk huquqidagi ulushning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan shartnoma boʻyicha boshqa shaxsga oʻtish payti ushbu Kodeks 185-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
223-modda. Ulushli mulkdagi mol-mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish
Ulushli mulkdagi mol-mulk ishtirokchilar oʻrtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanishi mumkin.
Ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini umumiy mol-mulkdan ajratib berishni talab qilishga haqli.
Ulushli mulk ishtirokchilari umumiy mol-mulkni taqsimlash yoki ulardan birining ulushini ajratish usuli va shartlari toʻgʻrisida kelishuvga erisha olmasalar, ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini asl holida ajratib berishni sud orqali talab qilishga haqli.
Agar ulushni asl holida ajratib olishga qonun yoʻl qoʻymasa yoki uni umumiy mulk boʻlgan mol-mulkka nomutanosib zarar yetkazmasdan ajratib olish mumkin boʻlmasa, ajralib chiqayotgan mulkdor ulushli mulkning boshqa ishtirokchilari tomonidan ulushining qiymati toʻlanishini talab qilish huquqiga ega.
Ushbu modda asosida ulushli mulk ishtirokchisiga asl holida ajratib berilayotgan mol-mulkning uning mulk huquqidagi ulushiga nomutanosibligi tegishli pul summasini toʻlash yoki boshqacha kompensatsiya toʻlash yoʻli bilan bartaraf etiladi.
Ulushli mulk ishtirokchisiga uning ulushini asl holida ajratib berish oʻrniga boshqa mulkdorlar tomonidan kompensatsiya toʻlanishiga ishtirokchining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Mulkdorning ulushi arzimas boʻlgan, amalda ajratib berilishi mumkin boʻlmagan va u umumiy mol-mulkdan foydalanishdan katta manfaatga ega boʻlmagan hollarda sud ushbu mulkdor rozilik bermagan taqdirda ham ulushli mulkning qolgan ishtirokchilari zimmasiga mazkur mulkdorga kompensatsiya toʻlash majburiyatini yuklashi mumkin.
Ushbu moddaga muvofiq mulkdor kompensatsiya olganidan keyin umumiy mol-mulkdagi ulushiga boʻlgan huquqini yoʻqotadi.
224-modda. Imtiyozli sotib olish huquqi
Mulkdorlardan biri oʻz ulushini boshqa shaxsga sotgan vaqtida qolgan mulkdorlar sotilayotgan ulushni u sotiladigan narxda va boshqa teng shartlarda imtiyozli sotib olish huquqiga egadirlar, kimoshdi savdosi orqali sotish hollari bundan mustasno.
Umumiy mulkdagi ulushni sotuvchi oʻz ulushini oʻzga shaxsga sotish niyati haqida boshqa mulkdorlarga yozma ravishda maʼlum qilib, ulushning narxini va uni sotishning boshqa shartlarini koʻrsatishi shart.
Agar qolgan mulkdorlar imtiyozli sotib olish huquqini amalga oshirishdan voz kechsalar yoki bu huquqni xabar qilingan kundan eʼtiboran koʻchmas mulkka nisbatan bir oy davomida, boshqa mol-mulkka nisbatan esa — oʻn kun davomida amalga oshirmasalar, sotuvchi oʻz ulushini har qanday shaxsga sotishga haqli boʻladi.
Ulush imtiyozli sotib olish huquqini buzgan holda sotilgan taqdirda, boshqa mulkdorlar uch oy mobaynida sotib oluvchining huquq va majburiyatlarini oʻzlariga oʻtkazishni sud tartibida talab qilishga haqlidirlar.
Ulushni sotib olishning imtiyozli huquqini boshqa shaxsga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat organi yoki boshqa yuridik shaxs umumiy mulk boʻlgan uy-joy (xonadon)dagi oʻz ulushini sotgan vaqtida uyning (xonadonning) tegishli qismida ijaraga oluvchilar sifatida yashayotgan shaxslar ushbu modda qoidalari asosida imtiyozli sotib olish huquqiga ega boʻladilar, ular bu huquqdan voz kechsalar yoki uni amalga oshirmasalar — boshqa mulkdorlar bu huquqqa ega boʻladilar.
Ushbu moddaning qoidalari ayirboshlash shartnomasi boʻyicha ulushni boshqa shaxsga berish chogʻida ham qoʻllaniladi.
225-modda. Birgalikdagi mulk boʻlgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish
Agar birgalikdagi mulk ishtirokchilari oʻrtasidagi kelishuv bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ular umumiy mulkka birgalashib egalik qiladilar va undan foydalanadilar.
Birgalikdagi mulk boʻlgan mol-mulk barcha ishtirokchilarning roziligi bilan tasarruf etiladi, mol-mulkni tasarruf etish xususidagi bitim ishtirokchilardan qaysi biri tomonidan tuzilayotgan boʻlishidan qatʼi nazar, bunday rozilik talab qilinadi.
Birgalikdagi mulkning har bir ishtirokchisi, agar barcha ishtirokchilarning kelishuvidan boshqacha tartib anglashilmasa, umumiy mol-mulkni tasarruf etish xususida bitimlar tuzishga haqli. Birgalikdagi mulk ishtirokchilaridan biri tuzgan umumiy mol-mulkni tasarruf etish bilan bogʻliq bitim uni tuzgan ishtirokchining zarur vakolatlari yoʻqligi sababli, bitimdagi ikkinchi taraf buni bilgan yoki bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan taqdirdagina qolgan ishtirokchilarning talabiga muvofiq haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Birgalikdagi mulkning ayrim turlari uchun ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda oʻzgacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, ushbu moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
226-modda. Birgalikdagi mulk boʻlgan mol-mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish
Umumiy mol-mulkni birgalikdagi mulk ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlash, shuningdek ulardan birining ulushini ajratish dastlab ishtirokchilardan har birining umumiy mulk huquqidagi ulushi aniqlanganidan keyin amalga oshirilishi mumkin.
Umumiy mulk taqsimlanganida va undan ulush ajratilganida, agar qonunda yoki ishtirokchilarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ularning ulushlari teng hisoblanadi.
Umumiy mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish asoslari hamda tartibi ushbu Kodeks 223-moddasi bilan, birgalikdagi mulkning ayrim turlari uchun esa — boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
227-modda. Undiruvni umumiy mol-mulkdagi ulushga qaratish
Ulushli yoki birgalikdagi mulk ishtirokchisining kreditori mulkdorda boshqa mol-mulk yetarli boʻlmaganida undiruvni qarzdorning umumiy mol-mulkdagi ulushiga qaratish uchun bu ulushni ajratishni talab qilishga haqli.
Agar bunday hollarda ulushni asli holida ajratish mumkin boʻlmasa yoki ulushli yoxud birgalikdagi mulkning qolgan ishtirokchilari bunga eʼtiroz bildirsalar, kreditor qarzdor oʻz ulushini umumiy mulkning qolgan ishtirokchilariga ushbu ulushning qiymatiga mutanosib narxda sotib, sotishdan tushgan mablagʻlarni qarzni uzishga qaratishini talab qilishga haqli.
Umumiy mulkning qolgan ishtirokchilari qarzdorning ulushini sotib olishdan voz kechgan taqdirda kreditor undiruvni qarzdorning umumiy mulk huquqidagi ulushiga ushbu ulushni kimoshdi savdosi orqali sotish yoʻli bilan qaratishni sud orqali talab qilishga haqli.
19-BOB MULK HUQUQINI VA BOSHQA ASHYOVIY HUQUQLARNI HIMOYA QILISH
228-modda. Mol-mulkni boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish (vindikatsiya)
Mulkdor oʻz mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga haqli (vindikatsiya).
229-modda. Mol-mulkni insofli egallovchidan talab qilib olish
Agar mol-mulk uni boshqa shaxsga berish huquqiga ega boʻlmagan shaxsdan haq toʻlab olingan boʻlsa, oluvchi buni bilmagan va bilishi mumkin boʻlmagan (insofli egallovchi) boʻlsa, mol-mulk mulkdor tomonidan yoki egalik qilish uchun mulkdor bergan shaxs tomonidan yoʻqotib qoʻyilgan yoxud mulkdordan yoki u mol-mulkini bergan shaxsdan oʻgʻirlangan yo boʻlmasa, ularning ixtiyoridan tashqari boshqacha yoʻl bilan ularning egaligidan chiqib ketgan boʻlsa, mulkdor bu mol-mulkni olgan shaxsdan talab qilib olishga haqli.
Agar mol-mulk sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan boʻlsa, mol-mulkni ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha talab qilib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar mol-mulk uni boshqa shaxsga berish huquqiga ega boʻlmagan shaxsdan haq toʻlamasdan olingan boʻlsa, mulkdor mol-mulkni barcha hollarda ham talab qilib olishga haqli.
Pul insofli egallovchidan talab qilib olinishi mumkin emas.
230-modda. Mol-mulk boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olinganda daromadlar va xarajatlarni toʻlash
Ushbu Kodeksning 228-moddasiga muvofiq, mulkdor mol-mulkini talab qilib olayotganida quyidagilarni ham talab qilib olishga haqlidir:
oʻz egaligining qonuniy emasligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan shaxsdan (insofsiz egallovchi) ushbu shaxs mol-mulkka egalik qilgan butun vaqt davomida olgan yoki olishi lozim boʻlgan barcha daromadlarni qaytarib berishni yoki toʻlashni;
insofli egallovchidan esa — u oʻzining egaligi qonuniy emasligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan paytdan boshlab yoxud mulkdorning mol-mulkni talab qilib olish haqidagi daʼvosi boʻyicha talab kelgan paytdan boshlab olgan yoki chiqarib olishi lozim boʻlgan hamma daromadlarni.
Oʻz navbatida insofli egallovchi ham, insofsiz egallovchi ham mol-mulkdan qancha vaqt davomida olingan daromad mulkdorga qaytarilishi kerak boʻlsa, shuncha vaqt davomida mol-mulkka qilingan zarur xarajatlarini toʻlashni mulkdordan talab qilishga haqli.
Basharti, ashyoni yaxshilaydigan narsalarni ashyoga shikast yetkazmasdan ajratib olish mumkin boʻlsa, insofli egallovchi mazkur narsalarni oʻzida qoldirishga haqli. Agar bunday narsalarni ajratib olish mumkin boʻlmasa, insofli egallovchi ashyoni yaxshilash uchun qilingan xarajatlarni talab qilib olish huquqiga ega, lekin bu xarajatlar ashyoga qoʻshilgan qiymatdan koʻp boʻlmasligi kerak.
231-modda. Mulkdorning huquqlarini egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan huquq- buzarliklardan himoya qilish (negator daʼvo)
Mulkdor oʻz huquqlarining har qanday buzilishini, garchi bu buzish egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham, bartaraf etishni talab qilishi mumkin (negator daʼvo).
232-modda. Mulkdor boʻlmagan eganing huquqlarini himoya qilish
Garchi mulkdor boʻlmasa ham, lekin mol-mulkka meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, operativ boshqarish huquqi asosida yoki qonun yoxud shartnomada nazarda tutilgan boshqa asosga koʻra egalik qilayotgan shaxs ham ushbu Kodeksning 228 — 231-moddalarida nazarda tutilgan huquqlarga ega boʻladi. Bu shaxs oʻz egaligini mulkdordan ham himoya qilish huquqiga ega.
233-modda. Mulk huquqining qonunga muvofiq bekor boʻlish oqibatlari
Mulk huquqini bekor qiladigan qonun qabul qilingan taqdirda, ushbu Qonunni qabul qilish natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar, shu jumladan mol-mulkning qiymati davlat tomonidan toʻlanadi. Zararni toʻlash bilan bogʻliq nizolar sud tomonidan hal qilinadi.
III BOʻLIM MAJBURIYAT HUQUQI
1-kichik boʻlim MAJBURIYATLAR TOʻGʻRISIDA UMUMIY QOIDALAR
20-BOB MAJBURIYAT TUSHUNCHASI VA TARAFLARI
234-modda. Majburiyat tushunchasi va uning vujudga kelish asoslari
Majburiyat — fuqarolik huquqiy munosabati boʻlib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, pul toʻlash va hokazo yoki muayyan harakatdan oʻzini saqlashga majbur boʻladi, kreditor esa — qarzdordan oʻzining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega boʻladi.
Majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
235-modda. Majburiyatning taraflari
Majburiyatning taraflari — kreditor yoki qarzdor sifatida bir yoki bir paytning oʻzida bir necha shaxs ishtirok etishi mumkin.
Majburiyatda qarzdor tomonida ishtirok etgan shaxslardan biriga kreditor bildirgan talablarning haqiqiy emasligi, shuningdek bunday shaxsga talab qoʻyishga doir daʼvo muddati oʻtib ketganligi kreditorning qolgan shaxslarga boʻlgan talablariga oʻzicha daxl etmaydi.
Agar taraflar shartnomaga binoan bir-birlariga nisbatan majburiyatli boʻlsa, taraflardan har biri boshqa taraf oldida uning foydasiga nima qilishi shart ekanligi jihatidan uning qarzdori va ayni bir paytning oʻzida undan nima talab qilishga huquqli ekanligi jihatidan uning kreditori hisoblanadi.
Majburiyat unda taraflar sifatida qatnashmagan shaxslar (uchinchi shaxslar) uchun burchlar hosil qilmaydi.
Qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan hollarda majburiyat uchinchi shaxslar uchun majburiyatning bir tarafi yoki har ikkala tarafiga nisbatan huquq vujudga keltirishi mumkin.
21-BOB MAJBURIYATLARNI BAJARISH
236-modda. Umumiy qoidalar
Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
237-modda. Majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmasligi
Majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortish va shartnoma shartlarini bir tomonlama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
238-modda. Majburiyatning kelishilgan va maqbul usulda bajarilishi
Majburiyat kelishilgan va taraflar uchun maqbul usulda bajarilishi shart.
Majburiyatni bajarish usuli, agar bu usul majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa va qonunchilik bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, shartnomada koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
239-modda. Majburiyatning qismlarga boʻlib bajarilishi
Basharti boshqacha tartib qonunchilikda, shartnomada nazarda tutilgan boʻlmasa yoki ish muomalasi odatlaridan yoxud majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor majburiyatning qismlarga boʻlib bajarilishini qabul qilmaslikka haqli.
240-modda. Majburiyatning tegishli shaxs uchun bajarilishi
Agar boshqacha tartib taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan boʻlmasa va ish muomalasi odatlaridan yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor majburiyatni bajarish chogʻida ijroni kreditorning oʻzi yoki bu ish uchun u vakolat bergan shaxs qabul qilayotganligini isbotlashni talab qilishga haqli boʻladi va bunday talabni qoʻymaganlik oqibatlari xavfi uning zimmasida boʻladi.
241-modda. Majburiyatni bajarishni uchinchi shaxs zimmasiga yuklash
Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatni toʻla hajmda yoki uning bir qismini bajarish, agar qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, shuningdek agar uchinchi shaxs taraflardan biri bilan tegishli shartnoma orqali bogʻliq boʻlsa, uchinchi shaxs zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Agar majburiyatni qarzdorning shaxsan oʻzi ijro etishga majburligi qonunchilik, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor qarzdor uchun uchinchi shaxs tomonidan taklif qilingan ijroni qabul qilishi shart.
Majburiyat bajarilmaganligi uchun, basharti qonunchilik yoki shartnomada uchinchi shaxsning javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnomadagi taraf javobgar boʻladi.
242-modda. Majburiyatni bajarish muddati
Agar majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilab qoʻyilgan boʻlsa, kreditor har qachon ijroni talab qilishga, qarzdor esa — ijroni har qachon amalga oshirishga haqli boʻladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.
243-modda. Majburiyatni muddatidan ilgari bajarish
Agar qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa yoxud majburiyatning mohiyatidan yoinki ish muomalasi odatlaridan yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablardan anglashilsa, qarzdor majburiyatni muddatidan ilgari bajarishga haqli, kreditor esa –– ijroni muddatidan ilgari qabul qilishi shart.
244-modda. Majburiyatni bajarishni kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib bajarish
Agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyatni bajarishni kechiktirishga yoki uni boʻlib-boʻlib bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yetarli asoslar mavjud boʻlganida sud qarzdorga majburiyatni bajarishni kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib bajarish imkonini berishga haqli.
245-modda. Pul majburiyatlarining valyutasi
Pul majburiyatida u soʻmlar bilan chet el valyutasidagi muayyan summaga ekvivalent boʻlgan summada yoki shartli pul birliklari bilan (ekyu, “maxsus qarz olish huquqlari” va boshqalar) toʻlanishi lozimligi nazarda tutilishi mumkin. Bunday hollarda soʻmlar bilan toʻlanishi lozim boʻlgan summa tegishli valyutaning yoki shartli pul birliklarining toʻlov kunidagi rasmiy kursi boʻyicha belgilanadi, basharti uni belgilashning boshqacha kursi yoki boshqa sanasi qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida belgilab qoʻyilgan boʻlmasa.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiyatlar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish chogʻida chet el valyutasidan, shuningdek chet el valyutasidagi toʻlov hujjatlaridan foydalanishga qonunchilikda belgilangan hollar, tartib va shartlar asosida yoʻl qoʻyiladi.
246-modda. Majburiyatni bajarish joyi
Agar majburiyatni bajarish joyi qonunchilik yoki shartnoma bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa va majburiyatning mohiyatidan yoxud ish muomalasi odatlaridan yoinki odatda qoʻyiladigan boshqa talablardan anglashilmasa, ijro quyidagi joylarda amalga oshirilishi kerak:
1) koʻchmas mol-mulkni topshirish majburiyatlari boʻyicha — mol-mulk turgan joyda;
2) tashishni nazarda tutadigan tovar yoki boshqa mol-mulkni topshirish majburiyatlari boʻyicha — tovarni kreditorga yetkazib berish uchun uni birinchi tashuvchiga topshirish joyida;
3) qarzdorning tovarni yoki boshqa mol-mulkni topshirish yuzasidan oʻzga majburiyatlari boʻyicha — mol-mulkni tayyorlash va saqlash joyida, basharti majburiyatning kelib chiqishi paytida bu joy kreditorga maʼlum boʻlgan boʻlsa;
4) pul majburiyati boʻyicha — majburiyat vujudga kelgan paytda kreditor yashagan joyda, agar kreditor yuridik shaxs boʻlsa — uning majburiyat vujudga kelgan paytda joylashgan yerida, agar kreditor majburiyatni bajarish vaqtigacha oʻz yashash joyini yoki joylashgan yerini oʻzgartirgan boʻlsa va bu haqda qarzdorni xabardor qilgan boʻlsa — ijro etish joyi oʻzgartirilishi bilan bogʻliq hamma xarajatlarni kreditor hisobidan qilgan holda, uning yangi yashash joyida yoki joylashgan yerida;
5) boshqa barcha majburiyatlar boʻyicha — qarzdorning yashash joyida, agar qarzdor yuridik shaxs boʻlsa, uning joylashgan yerida.
247-modda. Fuqaroning taʼminoti uchun toʻlanadigan summani koʻpaytirish
Pul majburiyati boʻyicha bevosita fuqaroning taʼminoti uchun toʻlanadigan summa (hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni toʻlash, umrbod taʼminlash shartnomasi boʻyicha va boshqa hollarda) mehnatga toʻlanadigan haqning qonun tomonidan belgilab qoʻyilgan eng kam miqdori oshirilishiga mutanosib ravishda koʻpaytirib boriladi.
248-modda. Pul majburiyati boʻyicha talablarni qondirish navbati
Amalga oshirilgan toʻlov summasi pul majburiyatini batamom bajarish uchun yetarli boʻlmaganda, boshqa kelishuv boʻlmasa, u eng avvalo, kreditorning ijroni olishga qaratilgan chiqimlarini, soʻngra foizlarni, uning qolgan qismi esa — qarzning asosiy summasini uzadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar amalga oshirilgan toʻlov summasi qarz oluvchi jismoniy shaxsga yoki qarz oluvchi tadbirkorlik subyektiga ajratilgan mikroqarz yoki kredit boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli boʻlmasa, qarz oluvchining qarzi quyidagi navbatda qoplanadi:
1) asosiy qarz boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik va muddati oʻtgan foiz toʻlovlari mutanosib ravishda;
2) joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz boʻyicha qarzdorlik;
3) neustoyka (jarima, penya);
4) kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlari.
249-modda. Qarzni depozitga qoʻyish yoʻli bilan majburiyatni bajarish
Qarzdor oʻzi toʻlashi lozim boʻlgan pul yoki qimmatli qogʻozlarni notariusning depozitiga, qonunda belgilangan hollarda esa — sudning depozitiga qoʻyishga haqli, basharti majburiyat qarzdor tomonidan quyidagilar tufayli bajarilishi mumkin boʻlmasa:
1) majburiyat bajarilishi lozim boʻlgan joyda kreditor yoki ijroni qabul qilib olish uchun u vakil qilgan shaxs boʻlmasa;
2) kreditor muomalaga layoqatsiz boʻlsa va uning vakili boʻlmasa yoki vakil rozi boʻlmasa;
3) majburiyat boʻyicha kim kreditor ekanligi xususida aniqlik yoʻqligi koʻrinib turgan boʻlsa, xususan bu haqda kreditor bilan boshqa shaxslar oʻrtasida nizo chiqqanligi munosabati bilan;
4) kreditorning ijroni qabul qilishdan boʻyin tovlashi yoki uning tomonidan boshqacha yoʻl bilan kechiktirilishi munosabati bilan.
Pul summasini yoki qimmatli qogʻozlarni notarius yoxud sudning depozitiga qoʻyish majburiyatni bajarish hisoblanadi.
Depozitiga pul yoki qimmatli qogʻozlar qoʻyilgan notarius yoxud sud kreditorni bundan xabardor qiladi.
250-modda. Muqobil majburiyatni bajarish
Agar qarzdor ikki yoki bir necha harakatlardan birini qilishi yoxud kreditorga bir yoki boshqa mol-mulkni topshirishi lozim boʻlsa, basharti qonunchilik, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, tanlash huquqi qarzdor ixtiyorida boʻladi.
251-modda. Bir necha kreditor yoki bir necha qarzdor ishtirok etadigan majburiyatni bajarish
Agar ulushli majburiyatda bir necha kreditor yoki bir necha qarzdor ishtirok etsa, basharti qonundan yoki shartnomadan boshqacha tartib anglashilmasa, u holda har bir kreditor majburiyatni boshqalar bilan teng ulushlarda bajarishni talab qilishga haqli, har bir qarzdor esa bu talabni bajarishi shart.
252-modda. Solidar qarzdorlar majburiyati boʻyicha kreditorning huquqlari
Qarzdorlar sherik boʻlib majburiyat olganida kreditor hamma qarzdorlardan majburiyatni solidar bajarishni ham, ularning har biridan alohida-alohida bajarishni ham, shu bilan birga qarzni toʻla yoki uning bir qismini bajarishni ham talab qilishga haqli.
Solidar qarzdorlarning biridan toʻliq qanoatlanmagan kreditor ololmagan narsasini boshqa solidar qarzdorlardan talab qilish huquqiga ega.
Solidar qarzdorlar majburiyat toʻla bajarilgunicha burchli boʻlib qolaveradilar.
253-modda. Solidar qarzdorlarning kreditor talablariga qarshi eʼtirozlari
Qarzdor solidar boʻlib majburiyat olgan taqdirda boshqa qarzdorlarning kreditor bilan mazkur qarzdor qatnashmaydigan munosabatlariga asoslangan eʼtirozlarni kreditorning talablariga qarshi qoʻyishga haqli emas.
254-modda. Solidar majburiyatning qarzdorlardan biri tomonidan bajarilishi
Solidar majburiyatning qarzdorlardan biri tomonidan toʻliq bajarilishi qolgan qarzdorlarni kreditor oldidagi majburiyatni bajarishdan ozod qiladi.
Agar qonun hujjatlarida yoki shartnomalarda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, solidar majburiyatni bajargan qarzdor oʻz ulushini chegirib tashlab, boshqa qarzdorlarga teng ulushlarda regress talabi qoʻyish huquqiga ega boʻladi. Solidar majburiyatni bajargan qarzdorga toʻlanmagan haq bu va boshqa qarzdorlar zimmasiga teng ulushlarda tushadi.
255-modda. Solidar talablar
Talab solidar boʻlib qoʻyilganida har qanday solidar kreditor qarzdorga toʻla hajmda talab qoʻyishga haqli boʻladi.
Qarzdor solidar kreditorlardan birining talabiga qarshi oʻzining ushbu kreditor qatnashmaydigan boshqa solidar kreditorlar bilan munosabatlariga asoslangan eʼtirozlarni qoʻyishga haqli emas.
Majburiyatni solidar kreditorlardan biriga nisbatan toʻla bajarish qarzdorni majburiyatni boshqa solidar kreditorlarga nisbatan bajarishdan ozod qiladi.
Qarzdordan majburiyatning ijrosini qabul qilib olgan solidar kreditor, basharti ular oʻrtasidagi munosabatlardan boshqacha tartib anglashilmasa, boshqa kreditorlarga tegishli boʻlgan ulushlarni ularga toʻlashi shart.
256-modda. Majburiyatlarni muqobil suratda bajarish
Taraflardan biri shartnomaga muvofiq boshqa tarafning oʻz majburiyatlarini bajarishiga bogʻliq qilib qoʻyilgan majburiyatni bajarishi muqobil bajarish hisoblanadi.
Burchli taraf shartnomada belgilab qoʻyilgan majburiyatni bajarmagan yoki majburiyat belgilangan muddatda bajarilmasligini ochiq koʻrsatib turgan vaziyat mavjud boʻlgan taqdirda, muqobil ijroni oʻz zimmasiga olgan taraf oʻz majburiyatini bajarmay turishga yoki bu majburiyatni bajarishdan bosh tortishga va koʻrilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli.
Agar shartnomada koʻrsatilgan majburiyat toʻla hajmda bajarilmagan boʻlsa, muqobil ijroni oʻz zimmasiga olgan taraf oʻz majburiyatining ikkinchi tarafning toʻla hajmda bajarilmagan majburiyatiga mos keladigan qismini bajarishni toʻxtatib qoʻyishga yoki bajarishdan bosh tortishga haqli.
Agar bir taraf shartnomada belgilab qoʻyilgan oʻz majburiyatini bajarmagan boʻlishiga qaramay, ikkinchi taraf majburiyatning muqobil ijrosini amalga oshirgan boʻlsa, birinchi taraf oʻz majburiyatini bajarishi shart.
Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar shartnoma yoki qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa qoʻllaniladi.
257-modda. Majburiyatning bajarganligini tasdiqlash
Kreditor majburiyatning bajarilishini qabul qilib olgan vaqtida, qarzdorning talabi bilan unga majburiyatning toʻla yoki qisman bajarilishini qabul qilib olganligi haqida tilxat berishi shart. Ogʻzaki bitimlar yuridik shaxslar bilan fuqarolar oʻrtasida bajarilganida tovarlar yoki xizmatlar haqini toʻlagan yuridik shaxs boshqa tarafdan pul toʻlanganligini tasdiqlaydigan hujjatni va toʻlov asosini olishi kerak.
Agar qarzdor majburiyatni tasdiqlash yuzasidan kreditorga qarz hujjati bergan boʻlsa, kreditor ijroni qabul qilib olayotgan vaqtida ushbu hujjatni qaytarib berishi, qaytarib berishning imkoni boʻlmaganida esa — buni oʻzi berayotgan tilxatda koʻrsatishi kerak. Tilxat oʻrniga qaytarib berilayotgan qarz hujjatiga ustxat yozilishi mumkin. Qarz hujjatining qarzdorda boʻlishi, boshqa bir hol isbotlanmaguncha, majburiyatning bekor boʻlganligini tasdiqlaydi.
258-modda. Majburiyat bajarilganligini tasdiqlash haqidagi talabni bajarmaslik oqibatlari
Kreditor tilxat berishdan, qarz hujjatini qaytarishdan yoki qaytarib berish imkoni yoʻqligini tilxatda koʻrsatishdan bosh tortgan taqdirda, qarzdor ijroni toʻxtatib turishga haqli boʻladi. Bunday hollarda kreditor muddatni kechiktirgan hisoblanadi.
22-BOB MAJBURIYATLARNING BAJARILISHINI TAʼMINLASH
259-modda. Umumiy qoidalar
Majburiyatning bajarilishi neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini ushlab qolish, kafillik, kafolat, zakalat hamda qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan taʼminlanishi mumkin.
Majburiyatning bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi kelishuvning haqiqiy emasligi ushbu majburiyatning (asosiy majburiyatning) haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.
Asosiy majburiyatning haqiqiy emasligi uning bajarilishini taʼminlaydigan majburiyatning haqiqiy emasligiga olib keladi.
2591-modda. Kreditorlarning talablarini qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida berilgan mol-mulki yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi hisobidan qanoatlantirish
Qarzdor tomonidan oʻz majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, kreditorning mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bilan taʼminlangan majburiyatlar boʻyicha talablari ushbu mol-mulkning yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqining qiymatidan mazkur mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi oʻziga tegishli boʻlgan shaxsning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli ravishda qanoatlantiriladi. Kreditorning imtiyozli huquqi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida berilgan mol-mulkidan foydalanishdan yoki uni realizatsiya qilishdan olingan hosilga, mahsulotga va boshqa daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan, garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga boʻlgan oʻz huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisida yozuv kiritgan kreditorlar garov reyestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditorlar oldidagi oʻz talablarini qanoatlantirishda imtiyozli huquqqa ega boʻladi.
Ayni bir mol-mulkka boʻlgan oʻz huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisida garov reyestriga yozuv kiritgan kreditorlarning talablari quyidagi navbatga muvofiq qanoatlantiriladi:
birinchi navbatda mazkur mol-mulkni ushlab qolish yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqini sotish orqali taʼminlanadigan majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi;
ikkinchi navbatda majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulkni olish yoki kreditor tomonidan ushbu mol-mulkni qarzdorga berishdan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi;
uchinchi navbatda, agar mol-mulk kreditor tomonidan taqdim etilgan mablagʻlar yoki mol-mulk hisobidan olingan (ishlab chiqarilgan) boʻlsa, mol-mulk bilan taʼminlanadigan majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi;
toʻrtinchi navbatda mazkur mol-mulk bilan taʼminlangan boshqa barcha majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi.
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbati ular tomonidan garov reyestriga tegishli mol-mulkka boʻlgan huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritishning xronologik tartibiga (vaqti va sanasiga) muvofiq aniqlanadi. Bunda kreditorlarning har bir keyingi navbatdagi talablari kreditorlarning oldingi navbatdagi talablari toʻliq qanoatlantirilganidan soʻng qanoatlantiriladi.
https://neolex.uz/uz/laws/civil-1
