186-modda. Ashyolarni topshirish
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (birinchi qism) · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Ashyolarni oluvchiga topshirish, shuningdek yetkazib berish majburiyatini olmagan holda boshqa shaxsga berilgan ashyolarni oluvchiga joʻnatish uchun transport tashkilotiga yoki aloqa tashkilotiga topshirish ashyolarni topshirish hisoblanadi.
Ashyo oluvchining yoki u koʻrsatgan shaxsning ixtiyoriga amalda tushgan paytdan boshlab oluvchiga topshirilgan hisoblanadi.
Ashyoni tasarrufdan chiqarish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilayotgan paytgacha u oluvchining ixtiyoriga oʻtib boʻlgan boʻlsa, ashyo unga shu paytdan eʼtiboran topshirilgan hisoblanadi.
Konosamentni yoki ashyoga tegishli boshqa tasarruf etuvchi hujjatni topshirish ham ashyoni topshirishga tenglashtiriladi.
