Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi
Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi
24.01.2018
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-bob. Asosiy qoidalar
1-modda. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda iqtisodiy ishlar ushbu Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalarga muvofiq ixtisoslashgan sud tomonidan koʻrib chiqiladi va hal etiladi.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilik buyruqqa, daʼvo ishini yuritishga oid va alohida toifadagi ishlarni koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish vazifalari
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish vazifalari quyidagilardan iborat:
iqtisodiyot sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar (bundan buyon matnda yuridik shaxs deb yuritiladi) va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish;
iqtisodiyot sohasida qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga koʻmaklashish;
qonunga va sudga nisbatan hurmatda boʻlish munosabatini shakllantirish.
3-modda. Iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqi va murojaatning shakli
Har qanday manfaatdor shaxs oʻzining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga (sudga) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli.
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda sudga boshqa shaxslar ham murojaat qilishga haqli.
Sudga murojaat qilish huquqidan voz kechish haqiqiy emas.
Sudga murojaat qilish:
fuqarolik huquqiy munosabatlaridan yuzaga keladigan nizolar boʻyicha — daʼvo arizasi shaklida;
buyruq tartibida ish yuritish, alohida toifadagi ishlar boʻyicha hamda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda — ariza shaklida;
apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudlariga murojaat etilganda, shuningdek ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda shikoyat (protest) shaklida amalga oshiriladi.
Murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.
4-modda. Iqtisodiy ish
Iqtisodiy ish ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan hujjatlar, ishni koʻrish jarayonida sud tomonidan talab qilib olingan hujjatlar, shuningdek qogʻozda rasmiylashtirilgan sud hujjatlari va boshqa hujjatlar asosida shakllantiriladi.
Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilishi mumkin.
Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari oʻz elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan hujjatlarni elektron shaklda sudga taqdim etishga haqli. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan yozma hujjatlar ishga elektron shaklda qoʻshib qoʻyiladi, shundan soʻng yozma hujjatlar ularni taqdim etgan shaxslarga qaytariladi.
Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, sud hujjatlari sudyaning (sudyalarning) elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi, sud majlislarining hamda alohida protsessual harakatlarning bayonnomalari esa raislik qiluvchining va sud majlisi kotibining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Elektron shakldagi iqtisodiy ishni boshqa sudga yoki boshqa organga oʻtkazish telekommunikatsiya kanallari orqali amalga oshiriladi.
Elektron shaklda shakllantirilgan iqtisodiy ishning qogʻozdagi koʻchirma nusxasi boʻlishi mumkin.
5-modda. Sud hujjatlari
Sud hal qiluv qarori, ajrim, qaror, sud buyrugʻi shaklidagi sud hujjatlarini qabul qiladi.
Birinchi instansiya sudida ishni mazmunan koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinadi.
Apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibidagi shikoyatlarni (protestlarni) koʻrish natijalari boʻyicha apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyalari sudlari qaror qabul qiladi.
Qonunchilik bilan sudlarning vakolatiga berilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Kreditorning soʻzsiz talablariga doir arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud tomonidan sud buyrugʻi chiqariladi.
Ish mazmunan hal etilmasdan qabul qilinadigan sud hujjatlari ajrimlar shaklida chiqariladi.
Sud hujjatlari axborot tizimidan foydalangan holda elektron hujjat tarzida shakllantirilishi mumkin.
2-bob. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish prinsiplari
6-modda. Odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi
Iqtisodiy ishlar boʻyicha odil sudlov ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.
7-modda. Qonun va sud oldida tenglik
Sudda nizolarni hal qilish yuridik shaxslarning mulkchilik shaklidan, qayerda joylashganligidan, kimga boʻysunishidan qatʼi nazar, fuqarolarning esa jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan, shuningdek boshqa holatlardan qatʼi nazar qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshiriladi.
8-modda. Sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga boʻysunishi
Odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar mustaqildirlar va faqat qonunga boʻysunadilar.
Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Sudyalar mustaqilligining kafolatlari qonun bilan belgilanadi.
9-modda. Taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiriladi.
10-modda. Sud ishlari yuritiladigan til
Iqtisodiy sud ishlari oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda yuritiladi.
Sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan sud protsessi ishtirokchilarining tarjimon orqali ish materiallari bilan tanishish, sud harakatlarida ishtirok etish hamda sudda oʻz ona tilida yoki erkin tanlangan muloqot tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
Sud muhokamasi jarayonida qabul qilinadigan sud hujjatlari sud majlisi qaysi tilda oʻtkazilgan boʻlsa, oʻsha tilda tuziladi.
11-modda. Sud muhokamasining oshkoraligi
Iqtisodiy sudlarda ishlar muhokamasi oshkora oʻtkaziladi.
Davlat sirini, tijorat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni saqlash zarur boʻlgan taqdirda ishni yopiq sud majlisida eshitishga yoʻl qoʻyiladi. Ishni yopiq sud majlisida videokonferensaloqa rejimida eshitishga yoʻl qoʻyilmaydi, bunday majlisning audio- va videoyozuvlari amalga oshirilmaydi.
Eshitish yopiq sud majlisida oʻtkazilgan taqdirda ishni elektron shaklda shakllantirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ishni yopiq sud majlisida muhokama qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Sudning hal qiluv qarori barcha hollarda oshkora oʻqib eshittiriladi.
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari sudning rasmiy veb-saytida taraflarning roziligi bilan yoki shaxsi koʻrsatilmagan tarzda eʼlon qilinadi, bundan sudning yopiq majlisida qabul qilingan sud hujjatlari mustasno.
12-modda. Sud muhokamasining bevositaligi
Sud ishni muhokama qilishda ish boʻyicha barcha dalillarni bevosita tekshirishi shart.
13-modda. Ishlarni qonunchilik asosida hal qilish
Sud ishlarni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qiladi.
Sud ishni koʻrishda davlat organining yoki boshqa organning hujjati qonunga muvofiq emasligini, shu jumladan ushbu hujjat vakolat doirasidan chetga chiqilgan holda qabul qilinganligini aniqlasa, qonunga muvofiq qaror qabul qiladi.
Nizoli munosabatni tartibga soluvchi huquq normalari mavjud boʻlmagan taqdirda, sud shunga oʻxshash munosabatlarni tartibga soladigan huquq normalarini qoʻllaydi, bunday normalar ham mavjud boʻlmaganda esa nizoni qonunlarning umumiy asoslari va mazmuniga tayanib hal qiladi.
Tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek banklar oʻrtasidagi nizolar boʻyicha ishlarni koʻrib chiqishda qonunchilikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik subyektining foydasiga talqin etiladi.
Sud Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga yoki xalqaro shartnomasiga muvofiq chet davlatlarning huquq normalarini qoʻllaydi.
14-modda. Chet davlat huquqi normalarini qoʻllash
Chet davlat huquqi normalarini qoʻllashda sud ushbu normalarning mazmunini ularning tegishli chet davlatda sharhlanishiga va amalda qoʻllanilishiga muvofiq holda aniqlaydi.
Chet davlat huquqi normalari mazmunini aniqlash maqsadida sud koʻmaklashishni va tushuntirib berishni soʻrab, Oʻzbekiston Respublikasining hamda chet davlatlarning vakolatli organlariga yoki tashkilotlariga belgilangan tartibda murojaat qilishi yoxud ekspertlarni jalb etishi mumkin.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar talablariga yoki eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan chet davlat huquqi normalari mazmunini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi va ushbu normalarning mazmunini aniqlashda iqtisodiy sudga boshqacha tarzda koʻmaklashishi mumkin.
Agar koʻrilgan choralarga qaramay, chet davlat huquqi normalarining mazmuni aniqlanmasa, iqtisodiy sud Oʻzbekiston Respublikasining tegishli huquq normalarini qoʻllaydi.
15-modda. Sud hujjatlarining majburiyligi
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa organlar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir hamda ushbu hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi lozim.
Sud hujjatlarini bajarmaslik ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
3-bob. Sudning tarkibi
16-modda. Ishlarning yakka tartibda va hayʼatda koʻrilishi
Birinchi instansiya boʻyicha ishlar barcha sudlarda sudya tomonidan yakka tartibda koʻriladi.
Ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida koʻrish uch nafar sudyadan iborat tarkibda hayʼatda amalga oshiriladi.
Ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida koʻrish Rayosat aʼzolarining koʻpchiligi ishtirokida hayʼatda amalga oshiriladi.
Ish hayʼatda koʻrilayotganda sudyalardan biri sud majlisida raislik qiladi.
Ishni koʻrishda barcha sudyalar teng huquqlardan foydalanadi.
Ushbu Kodeksga binoan sudyaga ishni yakka tartibda koʻrish va ayrim masalalarni hal qilish huquqi berilgan taqdirda, sudya sud nomidan ish koʻradi.
17-modda. Sud tarkibini shakllantirish
Muayyan ishni koʻrish uchun sud tarkibi sudyalarning ish hajmi va ixtisoslashuvi hisobga olingan holda, sud tarkibini shakllantirishga sud muhokamasi natijasidan manfaatdor boʻlgan shaxslarning taʼsir koʻrsatishi istisno etiladigan tartibda, avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda shakllantiriladi.
Bir sudya yoki sud tarkibi tomonidan koʻrilishi boshlangan ish aynan shu sudya yoki sud tarkibi tomonidan koʻrib chiqilishi lozim.
Sudya yoki sudyalardan biri:
sudya ushbu Kodeksda belgilangan tartibda oʻzini oʻzi rad qilgan yoki sudyani rad qilish haqida ariza berilgan va bu qanoatlantirilgan taqdirda;
sudya yoʻqligi sababli ishni koʻrish imkoni boʻlmagan taqdirda almashtirilishi mumkin.
Sudya almashtirilganidan soʻng ishni koʻrish boshidan boshlanadi.
18-modda. Masalalarni sudyalar hayʼati tarkibi tomonidan hal qilish tartibi
Sud tomonidan ish hayʼat tarkibida koʻrilayotganda yuzaga keladigan masalalar sudyalar tomonidan koʻpchilik ovoz bilan hal qilinadi. Sudyalardan birortasi ovoz berishda betaraf qolishga haqli emas. Majlisda raislik qiluvchi sudya hammadan keyin ovoz beradi.
Koʻpchilikning fikriga qoʻshilmagan sudya sud hujjatiga imzo qoʻyishi shart va u oʻzining alohida fikrini yozma shaklda bayon qilishga haqli, alohida fikr muhrlangan konvertda ishga qoʻshib qoʻyiladi, lekin eʼlon qilinmaydi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudyaning alohida fikri bilan tanishtirilmaydi.
Yuqori instansiya sudi sudyaning alohida fikri bilan tanishishga haqli.
19-modda. Ishni koʻrishda sudyaning takror ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmasligi
Ishni birinchi instansiya sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya, agar sudning hal qiluv qarori apellyatsiya yoki kassatsiya yoxud taftish instansiyasi sudi tomonidan bekor qilingan boʻlsa, shu ishni birinchi instansiya sudida yangidan koʻrishda ishtirok eta olmaydi, bundan yangi ochilgan holatlar boʻyicha ishlarni koʻrish hollari mustasno.
Ishni birinchi instansiya sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni apellyatsiya yoki kassatsiya yoxud taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
Ishni apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya yoki kassatsiya yoxud taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya yoki apellyatsiya yoxud taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
Ishni taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda, shuningdek ishni yuqori instansiya sudida taftish tartibida qayta koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
4-bob. Sudyani va sud protsessining boshqa ishtirokchilarini rad qilish
20-modda. Sudyani rad qilish
Sudya quyidagi hollarda ishni koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas va rad qilinishi lozim, agar u:
1) mazkur ish ilgari koʻrilganda sudya sifatida ishtirok etgan boʻlsa va ishni koʻrishda uning takroriy ishtirok etishiga ushbu Kodeks talablariga muvofiq yoʻl qoʻyilmasa;
2) mazkur ish ilgari koʻrilganda unda hakamlik sudi sudyasi, arbitr, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon, sud majlisi kotibi, vakil yoki guvoh sifatida ishtirok etgan boʻlsa;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yoki ular vakillarining qarindoshi boʻlsa;
4) ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning xolisligiga shubha tugʻdiruvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa;
5) ishni koʻrayotgan hayʼat tarkibidagi sudyaning qarindoshi boʻlsa.
21-modda. Prokurorni, ekspertni, mutaxassisni, sud majlisi kotibini va tarjimonni rad qilish
Prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi yoki tarjimon quyidagi hollarda ishni koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas va rad qilinishi lozim, agar u:
1) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yoki ular vakillarining qarindoshi boʻlsa;
2) ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning xolisligiga shubha tugʻdiruvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa.
Ekspertni va mutaxassisni rad qilish uchun quyidagilar ham asos boʻladi:
1) uning ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yoki ularning vakillariga ishning muhokamasi paytida yoki oʻtmishda xizmat vazifasi yuzasidan yoxud boshqa jihatdan tobe boʻlganligi;
2) u oʻtkazgan taftish materiallari sudga murojaat qilish uchun asos yoki sabab boʻlib xizmat qilgan boʻlsa yoxud ishni koʻrishda ulardan foydalanilayotgan boʻlsa.
22-modda. Rad qilish haqidagi arizalar
Ushbu Kodeksning 20 va 21-moddalarida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlsa, sudya, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi va tarjimon oʻzini oʻzi rad qilish haqida arz qilishi shart. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan ham shu asoslarga koʻra ularni rad qilish haqida arz qilinishi mumkin. Prokurorni, ekspertni, mutaxassisni, sud majlisi kotibini, tarjimonni rad qilish sudning tashabbusiga koʻra ham koʻrib chiqilishi mumkin.
Oʻzini oʻzi rad qilish yoki rad qilish haqidagi ariza asoslantirilgan boʻlishi va ishni mazmunan koʻrish boshlanguniga qadar maʼlum qilinishi lozim.
Ishni koʻrish davomida oʻzini oʻzi rad qilish yoki rad qilish haqida ariza berishga oʻzini oʻzi rad qilish yoki rad qilish uchun asos oʻzini oʻzi rad qilish yoxud rad qilish haqida ariza bergan shaxsga ishni mazmunan koʻrish boshlanganidan keyin maʼlum boʻlib qolgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Ayni bir shaxs tomonidan ayni bir asoslar boʻyicha takroran rad qilish bildirilishi mumkin emas. Takroran rad qilish bildirilgan taqdirda, u koʻrib chiqilmaydi.
23-modda. Rad qilish toʻgʻrisidagi arizani hal etish tartibi
Rad qilish toʻgʻrisida ariza berilgan taqdirda, sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek agar rad qilinishi talab etilayotgan shaxs tushuntirish berishni xohlasa, uning fikrini eshitadi.
Ishni yakka tartibda koʻrayotgan sudyani rad qilish toʻgʻrisidagi masala sudning raisi, bir tarkibli sudda esa shu sudya tomonidan hal qilinadi.
Ish hayʼat tarkibida koʻrilayotganda sudyani rad qilish toʻgʻrisidagi masala rad qilinishi talab etilayotgan sudyaning ishtirokisiz sud tarkibining koʻpchilik ovozi bilan hal qilinadi. Rad qilishni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolsa, sudya rad qilingan hisoblanadi.
Bir nechta sudyani yoki ishni koʻrayotgan sudning butun tarkibini rad qilish toʻgʻrisidagi masala shu sud tarkibi tomonidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan hal qilinadi.
Prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibining va tarjimonning oʻzini oʻzi rad qilishi yoki ularni rad qilish toʻgʻrisidagi masala ishni koʻrayotgan sud tomonidan hal etiladi.
Sudyaning oʻzini oʻzi rad qilishi toʻgʻrisidagi masala ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan hal etiladi.
Rad qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.
24-modda. Rad qilish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish oqibatlari
Oʻzini oʻzi rad qilish toʻgʻrisidagi yoki sudyani yoxud bir necha sudyani yoinki butun sud tarkibini rad qilish haqidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda ish oʻsha sudda, biroq sudyalarning boshqa tarkibida koʻriladi.
Agar oʻzini oʻzi rad qilishni va rad qilishni qanoatlantirish natijasida ishni ayni oʻsha sudda koʻrish uchun sudning yangi tarkibini shakllantirish imkoni boʻlmasa, ish boshqa sudga oʻtkazilishi kerak.
5-bob. Iqtisodiy ishlarning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligi
1-§. Sudga taalluqlilik
25-modda. Ishlarning sudga taalluqliligi
Iqtisodiy sudga:
1) iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar hamda yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tartibda olgan fuqarolar, shuningdek korporativ nizolar boʻyicha ishlar koʻrilayotganda taraflar boʻlgan fuqarolar (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) oʻrtasidagi fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan yuzaga keladigan nizolarga doir ishlar;
2) iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari yuzaga kelishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash (bundan buyon matnda yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash deb yuritiladi) toʻgʻrisidagi ishlar;
3) toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishlar;
4) hakamlik muhokamasi bilan bogʻliq ishlar;
41) arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlar;
42) mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ishlar;
5) ushbu Kodeksning 30-moddasida koʻrsatilgan korporativ nizolar boʻyicha ishlar, bundan mehnatga oid nizolar mustasno;
51) ushbu Kodeksning 301-moddasida koʻrsatilgan investitsiyaviy nizolar boʻyicha ishlar;
52) ushbu Kodeksning 302-moddasida koʻrsatilgan raqobatga oid ishlar;
6) chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijro etishga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar taalluqlidir.
Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan fuqarolar ishtirokidagi nizolarga doir ishlar ham, agar tegishli talablar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, sudga taalluqli boʻladi.
Qonun bilan sudga taalluqli ishlar jumlasiga boshqa ishlar ham kiritilishi mumkin.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, sud oʻziga taalluqli ishlarni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolari, shuningdek chet el yuridik shaxslari, xalqaro tashkilotlar, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirokida koʻradi.
Oʻzaro bogʻliq boʻlib, baʼzilari iqtisodiy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqli boʻlgan bir nechta talab birlashtirilgan taqdirda, barcha talablar fuqarolik ishlari boʻyicha sudda koʻrilishi lozim.
Oʻzaro bogʻliq boʻlib, baʼzilari maʼmuriy sudga, boshqalari esa iqtisodiy sudga taalluqli boʻlgan bir nechta talabni birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu modda birinchi qismining 41, 5 va 51-bandlarida koʻrsatilgan ishlar nizo yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar ishtirokchisi yuridik yoki jismoniy shaxslar boʻlishidan qatʼi nazar, sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
26-modda. Iqtisodiy sud tomonidan hal etiladigan nizolar
Iqtisodiy sud:
1) tuzilishi majburiyligi qonunda nazarda tutilgan shartnomani tuzishda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisidagi;
2) shartnoma taraflari tomonidan koʻrib chiqilishi sudga oʻtkazilishi kelishilgan shartnomani tuzishda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqidagi;
3) shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi;
4) bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi;
5) majburiyatlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi toʻgʻrisidagi;
6) mulk huquqini tan olish haqidagi;
7) mulkdor yoki mulkning boshqa qonuniy egasi tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsning gʻayriqonuniy egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi;
8) intellektual faoliyat obyektlari va fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar, tovarlar, ishlar va xizmatlarga mulkiy huquqlari buzilganligi haqidagi;
9) mulkdorning yoki mol-mulkning boshqa qonuniy egasining huquqlari egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan holda buzilganligi toʻgʻrisidagi;
91) oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida boʻlgan yer uchastkasini qaytarish, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash toʻgʻrisidagi;
10) zararning oʻrnini qoplash haqidagi;
11) ishchanlik obroʻsini himoya qilish toʻgʻrisidagi;
12) undirish soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjatini yoki boshqa hujjatni ijro etish mumkin emas deb topish haqidagi, bundan maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talab boʻyicha ijro hujjati yoki boshqa hujjat mustasno;
13) agar qonunda jarimalarni soʻzsiz (akseptsiz) tartibda undirish nazarda tutilmagan boʻlsa, nazorat qiluvchi organlar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolardan jarimalar undirish toʻgʻrisidagi;
14) nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlari talablarini buzgan holda soʻzsiz (akseptsiz) tartibda hisobdan chiqarilgan pul mablagʻlarini budjetdan qaytarish haqidagi nizolarni hal etadi.
Sud qonun bilan oʻzining vakolatiga kiritilgan boshqa nizolarni ham hal qiladi.
27-modda. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishlar
Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishlar jumlasiga yuridik yoki jismoniy shaxslarni hamda yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va qonunda belgilangan tartibda yakka tartibdagi tadbirkor maqomini olgan fuqarolarni, pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar va yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmagan, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslarni, agar pul majburiyatlari va soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha majburiyatlar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan boʻlsa, toʻlovga qobiliyatsizlik haqida ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi ishlar kiradi.
28-modda. Hakamlik muhokamasi bilan bogʻliq ishlar
Hakamlik muhokamasi bilan bogʻliq boʻlgan ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) daʼvoni taʼminlash yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisidagi arizalar boʻyicha ishlar;
2) hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi arizalar boʻyicha ishlar;
3) hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqalari berish toʻgʻrisidagi arizalar boʻyicha ishlar.
Iqtisodiy sudlar ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan ishlarni ushbu Kodeksning 8, 28 va 29-boblarida koʻrsatilgan xususiyatlar bilan birgalikda iqtisodiy sud ishlarini yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha koʻrib chiqadi.
281-modda. Arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlar
Arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlar jumlasiga “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan quyidagi arizalar boʻyicha ishlar kiradi:
1) arbitrni tayinlash toʻgʻrisidagi;
2) arbitrni rad etishni qanoatlantirish haqidagi;
3) arbitr vakolatlarining amal qilishini tugatish xususida qaror qabul qilish toʻgʻrisidagi;
4) arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish haqidagi;
5) taʼminlash choralarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi;
6) taʼminlash choralarini koʻrish haqidagi;
7) dalillarni olishga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi;
8) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi;
9) arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi.
Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan iqtisodiy sud ishlarini yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha ushbu Kodeksning 291-bobida koʻrsatilgan oʻziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda koʻrib chiqiladi.
Ushbu modda birinchi qismining 1 — 4, 7 va 8-bandlarida sanab oʻtilgan ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan faqat, agar arbitraj joyi Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan boʻlsa, koʻrib chiqiladi.
29-modda. Nizolarni hal etishni hakamlik sudiga topshirish
Fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiqib, yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan hamda iqtisodiy sudga taalluqli boʻlgan nizo taraflarning kelishuviga binoan, iqtisodiy sud hal qiluv qarori chiqarguniga qadar hakamlik sudiga koʻrish uchun topshirilishi mumkin.
30-modda. Korporativ nizolar boʻyicha ishlar
Korporativ nizolar boʻyicha ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) yuridik shaxsni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish bilan bogʻliq nizolar;
2) xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning, ulushlarning, kooperativlar aʼzolari paylarining mansubligi, ularga yuklamalar belgilash va ulardan kelib chiqadigan huquqlarni amalga oshirish bilan bogʻliq nizolar, bundan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni, ulushlarni, kooperativlar aʼzolarining paylarini oʻz ichiga oluvchi meros mol-mulkni yoki er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan nizolar mustasno;
3) yuridik shaxs ishtirokchilarining (muassislarining, aʼzolarining) yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish va (yoki) bunday bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash haqidagi daʼvolari boʻyicha nizolar;
4) qimmatli qogʻozlar emissiyasi bilan, shu jumladan emitentning boshqaruv organlari qarorlari yuzasidan nizolashish bilan, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlar, emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarish (qoʻshimcha ravishda chiqarish) natijalari boʻyicha hisobotlar (xabarnomalar) yuzasidan nizolashish bilan bogʻliq nizolar;
5) qimmatli qogʻozlarni nominal saqlovchilarning aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish, qonunda nazarda tutilgan boshqa huquq va majburiyatlarni qimmatli qogʻozlarni joylashtirish va (yoki) ularning muomalasi munosabati bilan qimmatli qogʻozlarning nominal saqlovchilari tomonidan amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatidan kelib chiqadigan nizolar;
6) yuridik shaxs ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisidagi nizolar;
7) yuridik shaxs boshqaruv organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi nizolar.
Qonunga muvofiq korporativ nizolar boʻyicha ishlar jumlasiga boshqa nizolar ham kiritilishi mumkin.
301-modda. Investitsiyaviy nizolar boʻyicha ishlar
Investitsiyaviy nizolar boʻyicha ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) investitsiya shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish bilan bogʻliq nizolar;
2) investitsiya shartnomalarini haqiqiy emas deb topish haqidagi nizolar;
3) investitsiya shartnomasining bajarilishi bilan bogʻliq nizolar;
4) investitsiya shartnomasidan kelib chiqadigan soliq, bojxona, ijtimoiy, ekologik va boshqa majburiyatlarning investor tomonidan bajarilishi bilan bogʻliq nizolar;
5) investitsiya shartnomasi boʻyicha investorga berilgan mol-mulkni talab qilib olish yoki bunday shartnoma boʻyicha neustoyka undirish va (yoki) zararlar oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi nizolar.
302-modda. Raqobatga oid ishlar
Yuridik shaxslar, shu jumladan chet el yuridik shaxslari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda monopoliyaga qarshi organ oʻrtasida tovar va moliya bozorlarida raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar raqobatga oid ishlar jumlasiga kiradi.
31-modda. Chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar
Chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar jumlasiga:
tadbirkorlik faoliyatini va boshqa iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish chogʻida yuzaga keladigan nizolar boʻyicha chet davlat sudlari tomonidan qabul qilingan qarorni tan olish hamda ijroga qaratish toʻgʻrisidagi;
tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish chogʻida yuzaga keladigan nizolar boʻyicha chet el arbitrajlari tomonidan qabul qilingan qarorni tan olish hamda ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar kiradi.
311-modda. Ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra iqtisodiy suddan boshqa sudga oʻtkazish
Talab sudga taalluqlilik qoidalarini buzgan holda iqtisodiy sudga taqdim etilgan taqdirda, daʼvo arizasi (ariza) taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki maʼmuriy sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkaziladi.
Agar daʼvo arizasi (ariza) sudga taalluqlilik qoidalarini buzgan holda ish yuritishga qabul qilinganligi ishni koʻrib chiqish jarayonida aniqlansa, iqtisodiy sud ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki maʼmuriy sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish va iqtisodiy sud ishini yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Daʼvo arizasini (arizani), ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra iqtisodiy suddan boshqa sudga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Iqtisodiy suddan taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazilgan daʼvo arizasi (ariza), ish materiallari oʻziga oʻtkazilgan sud tomonidan qabul qilib olinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasida sudlar oʻrtasida sudga taalluqlilik toʻgʻrisidagi nizolarga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-§. Sudlovga tegishlilik
32-modda. Ishlarning sudlovga tegishliligi
Sudga taalluqli ishlar tumanlararo iqtisodiy sudlar tomonidan koʻriladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudloviga tegishli ishlar mustasno.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari:
taraflardan biri Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti — chet el shaxsi boʻlgan ishlarni;
arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlarni;
chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi.
Davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi iqtisodiy bitimlardan kelib chiqadigan nizolar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan koʻriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi alohida holatlarni eʼtiborga olgan holda har qanday ishni istalgan suddan olib qoʻyish va uni birinchi instansiya boʻyicha oʻz ish yurituviga qabul qilishga, ishni bir suddan boshqasiga oʻtkazishga haqli.
Investitsiyaviy nizolar boʻyicha yirik investorning, raqobatga oid ishlar boʻyicha taraflarning xohishiga koʻra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, qolgan investitsiyaviy nizolar investorning xohishiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida koʻriladi.
33-modda. Sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari
Yuridik shaxslarga nisbatan daʼvolar ular davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Yuridik shaxslarga nisbatan ularning alohida boʻlinmalari faoliyatidan kelib chiqadigan daʼvolar alohida boʻlinmalar davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Fuqarolarga nisbatan daʼvolar ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi sudga taqdim etiladi.
34-modda. Daʼvogarning tanlovi boʻyicha sudlovga tegishlilik
Turli yerlarda joylashgan bir necha javobgarga nisbatan daʼvolar daʼvogarning tanlashi boʻyicha javobgarlardan biri davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Davlat roʻyxatidan oʻtgan joyi nomaʼlum boʻlgan javobgarga nisbatan daʼvolar uning mol-mulki joylashgan yerdagi yoki uning maʼlum boʻlgan oxirgi joylashgan yeridagi sudga taqdim etilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan va boshqa davlat hududida turgan javobgarga nisbatan daʼvolar daʼvogar joylashgan yerda yoki javobgarning mol-mulki joylashgan yerda taqdim etilishi mumkin.
Ijro etish joyi koʻrsatilgan shartnomadan kelib chiqadigan daʼvolar majburiyat ijro etiladigan joy boʻyicha taqdim etilishi mumkin.
Yirik investor boʻlmagan investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvolar javobgar joylashgan yerdagi tumanlararo iqtisodiy sudga yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga taqdim etilishi mumkin.
Yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvolar, shuningdek tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan daʼvolar javobgar joylashgan yerdagi tumanlararo iqtisodiy sudga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etilishi mumkin.
35-modda. Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarning sudlovga tegishliligi
Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlar arizachi davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi sudda koʻriladi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqning vujudga kelishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi uchun yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlar koʻchmas mulk joylashgan yerdagi sudda koʻriladi.
36-modda. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishlarning sudlovga tegishliligi
Yuridik shaxslarning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishlar qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi sudda, shuningdek qarzdor jismoniy shaxsning va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorning yashash joyidagi sudda koʻriladi.
37-modda. Alohida sudlovga tegishlilik
Koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvolar, koʻchmas mulk haqidagi nizolar, shu jumladan koʻchmas mulkni boshqa shaxsning gʻayriqonuniy egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi yoxud mulkdorning yoki mol-mulkning boshqa qonuniy egasining huquqlari egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan holda buzilishini bartaraf etish haqidagi va koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi boshqa daʼvolar koʻchmas mulk joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi.
Tashuvchiga nisbatan yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni tashish shartnomalaridan kelib chiqadigan daʼvolar, shu jumladan, agar javobgarlardan biri tashuvchi boʻlsa, transport tashkilotining organi joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudi joylashgan yerdagi iqtisodiy sudga beriladi.
Hakamlik sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi, shuningdek hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoki qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi yoxud agar qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtgan joy nomaʼlum boʻlsa, uning mol-mulki turgan joydagi iqtisodiy sudga beriladi.
Arbitrni tayinlash, arbitrni rad etishni qanoatlantirish, arbitr vakolatlarining amal qilishini tugatish xususida qaror qabul qilish, arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish, dalillarni olishga koʻmaklashish, shuningdek arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza arbitraj joylashgan yerdagi iqtisodiy sudga beriladi.
Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza mediativ kelishuvni ixtiyoriy ravishda bajarmagan taraf davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi yoki, agar u davlat roʻyxatidan oʻtgan joy nomaʼlum boʻlsa, uning mol-mulki turgan joydagi iqtisodiy sudga beriladi.
Taʼminlash choralarini tan olish va ijroga qaratish, arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi ariza arbitraj joylashgan yerdagi yoki qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi yoxud, agar qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joy nomaʼlum boʻlsa, uning mol-mulki turgan joydagi iqtisodiy sudga beriladi.
Korporativ nizolar boʻyicha daʼvolar ushbu Kodeksning 30-moddasida koʻrsatilgan yuridik shaxs joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi.
Qarshi daʼvolar dastlabki daʼvo koʻrilayotgan joydagi sudga taqdim etiladi.
38-modda. Shartnoma boʻyicha sudlovga tegishlilik
Ushbu Kodeksning 33 va 34-moddalarida belgilangan sudlovga tegishlilik taraflarning kelishuviga koʻra oʻzgartirilishi, shu jumladan eksterritorial sudlovga tegishlilik tanlanishi mumkin.
Eksterritorial sudlovga tegishlilik boʻyicha kelishuv mavjud boʻlgan taqdirda, daʼvo arizasi ushbu Kodeksning 33 yoki 34-moddalarida nazarda tutilgan sudga taqdim etiladi. Ishni koʻradigan sudni aniqlash avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ushbu Kodeksning 33 va 34-moddalarida koʻrsatilgan sudning tanlanishi istisno etiladigan tartibda amalga oshiriladi.
39-modda. Ishni bir suddan boshqasiga oʻtkazish
Sud tomonidan sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya etilgan holda oʻz ish yurituviga qabul qilib olingan ish, garchi keyinchalik boshqa sudning sudloviga tegishli boʻlib qolsa ham, oʻzi tomonidan mazmunan koʻrilishi kerak.
Sud ishni quyidagi hollarda boshqa sudga oʻtkazadi, agar:
1) ish sudlovga tegishlilik qoidalarini buzgan holda qabul qilinganligi ishni shu sudda koʻrish chogʻida maʼlum boʻlsa;
2) bir yoki bir nechta sudya rad qilinganidan keyin ularni mazkur sudda almashtirish mumkin boʻlmay qolsa, shuningdek ishni ushbu sudda koʻrish mumkin boʻlmay qolgan boshqa hollarda.
Ishni boshqa sudda koʻrishga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Bir suddan boshqa sudga yuborilgan ish u yuborilgan sudda koʻrish uchun qabul qilib olinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy sudlar oʻrtasida sudlovga tegishlilik toʻgʻrisida nizolarga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari
1-§. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining tarkibi, huquq va majburiyatlari
40-modda. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining tarkibi
Sud, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilaridir.
41-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar
Taraflar, uchinchi shaxslar, prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar oʻz zimmalariga yuklatilgan vakolatlarga koʻra, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan alohida toifadagi ishlar boʻyicha arizachilar hamda boshqa manfaatdor shaxslar ishda ishtirok etuvchi shaxslar deb eʼtirof etiladi.
42-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish materiallari bilan tanishish, ulardan koʻchirmalar olish, koʻchirma nusxa olish, rad qilish toʻgʻrisida ariza berish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, savollar berish, iltimosnomalar kiritish, arz qilish, sudga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish, ishni koʻrish davomida yuzaga keladigan barcha masalalar boʻyicha oʻz vajlarini, xulosalarini taqdim qilish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlariga eʼtiroz bildirish, sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) hamda ushbu Kodeksda oʻzlariga berilgan boshqa protsessual huquqlardan foydalanish huquqiga ega.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan protsessual majburiyatlarga ega va ular oʻzlariga tegishli barcha protsessual huquqlardan insofli ravishda foydalanishi kerak.
Korporativ nizoda ishtirok etayotgan taraflar bir-biridan va guvohlardan sudda koʻrilayotgan ishga taalluqli boʻlishi mumkin boʻlgan barcha hujjatlarni soʻrab olish huquqiga ega, bundan davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi hujjatlar mustasno.
43-modda. Taraflar
Daʼvogar (arizachi) va javobgar iqtisodiy sud ishlarini yuritishdagi taraflardir.
Oʻz huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida daʼvo taqdim etgan yoki manfaatlari koʻzlanib daʼvo taqdim etilgan yuridik shaxslar va fuqarolar daʼvogarlardir.
Daʼvo yoki bildirilgan talab taqdim etilgan yuridik shaxslar va fuqarolar javobgarlardir.
Alohida toifadagi ishlar hamda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa ishlar boʻyicha ariza bergan yuridik shaxslar va fuqarolar arizachilardir.
Taraflar teng protsessual huquqlardan foydalanadi.
44-modda. Ishda bir necha daʼvogar va javobgarning ishtirok etishi
Daʼvo bir necha daʼvogar (sherik daʼvogarlar) tomonidan birgalikda yoki bir necha javobgarga (sherik javobgarlarga) nisbatan taqdim etilishi mumkin.
Daʼvogarlar va javobgarlarning har biri boshqa tarafga nisbatan sud protsessida mustaqil ishtirok etadi.
Protsessda birgalikda ishtirok etuvchilar ishni olib borishni sherik ishtirokchilardan biriga topshirishi mumkin.
Boshqa javobgarning ishtirokisiz ishni koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar daʼvogarning (daʼvogarlarning) roziligi bilan oʻsha javobgarni (javobgarlarni) ishda ishtirok etish uchun jalb etadi.
Agar qonunchilikda ishda boshqa javobgar ishtirokining majburiyligi nazarda tutilgan boʻlsa, sud shu javobgarni ishda ishtirok etish uchun oʻz tashabbusi bilan jalb etadi.
Sud daʼvogarning iltimosnomasi boʻyicha ham boshqa javobgarni ishda ishtirok etish uchun jalb etishga haqli.
Boshqa javobgarni ishda ishtirok etishga jalb etish yoki jalb etishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Boshqa javobgar ishda ishtirok etish uchun jalb etilganda ishni koʻrish boshidan boshlanadi.
45-modda. Ishga daxldor boʻlmagan javobgarni almashtirish
Sud daʼvo boʻyicha javob berishi lozim boʻlmagan shaxsga nisbatan daʼvo taqdim etilganligini aniqlasa, ishga daxldor boʻlmagan javobgarni hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar daʼvogarning roziligi bilan ishga daxldor javobgar bilan almashtirishga yoʻl qoʻyishi mumkin.
Agar daʼvogar javobgarni boshqa shaxs bilan almashtirishga rozi boʻlmasa, sud bu shaxsni daʼvogarning roziligi bilan ikkinchi javobgar sifatida ishga jalb etishi mumkin.
Ishga daxldor boʻlmagan javobgar almashtirilganligi toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi.
Ishga daxldor boʻlmagan javobgar almashtirilganidan soʻng ishni koʻrish boshidan boshlanadi.
46-modda. Protsessual huquqiy vorislik
Taraflardan biri nizoli yoki sud hujjati bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan hollarda (yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi, talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish, qarzning boshqa shaxsga oʻtkazilishi, fuqaroning oʻlimi va majburiyatlardagi shaxslar oʻzgarishining boshqa hollarida) sud bu tarafni uning huquqiy vorisi bilan almashtiradi.
Huquqiy vorislik iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkin.
Tarafni huquqiy voris bilan almashtirish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi.
Tarafni huquqiy voris bilan almashtirish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Taraf huquqiy voris bilan almashtirilganidan keyin iqtisodiy sud ishlarini yuritish almashtirish amalga oshirilgan bosqichning oʻzidan davom ettiriladi.
Huquqiy voris ishga kirishguniga qadar sud protsessida amalga oshirilgan barcha harakatlar huquqiy vorisga oʻrnini boʻshatib bergan shaxsga qay darajada majburiy boʻlgan boʻlsa, huquqiy voris uchun ham shu darajada majburiy boʻladi.
47-modda. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar
Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar ishga kirishishi mumkin. Ular daʼvogarning barcha huquqlaridan foydalanadi va uning barcha majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etish majburiyati mustasno.
Agar nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs ishga sud muhokamasi boshlanganidan keyin kirishsa, ishni koʻrish boshidan boshlanadi.
48-modda. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar
Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar, agar ish ushbu shaxslarning taraflardan biriga nisbatan huquq yoki majburiyatlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, daʼvogar yoxud javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular tarafning iltimosnomasiga yoki sudning tashabbusiga koʻra ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin.
Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar tarafning protsessual huquqlaridan foydalanadi va uning protsessual majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan daʼvoning asosini yoki predmetini oʻzgartirish, daʼvo talablarining miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, daʼvodan voz kechish, daʼvoni tan olish yoxud kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish, qarshi daʼvo taqdim etish, sud hujjatining majburiy ijro etilishini talab qilish huquqi mustasno.
Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxsni ishda ishtirok etishga jalb qilish yoki jalb qilishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Agar nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs ishga sud muhokamasi boshlanganidan keyin kirishsa, ishni koʻrish boshidan boshlanadi.
49-modda. Ishda prokurorning ishtiroki
Tumanlararo iqtisodiy sudlarga daʼvo arizasini (arizani) — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar yoki ularning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga esa — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari yoki ularning oʻrinbosarlari taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasining barcha iqtisodiy sudlariga daʼvo arizasi (ariza) taqdim etishga haqli.
Prokuror oʻzining daʼvo arizasi (arizasi) asosida qoʻzgʻatilgan ishlarda, shuningdek davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bogʻliq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, davlat budjetidan undiruvlar, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona toʻlovlarini undirish bilan bogʻliq ishlarda ishtirok etishi mumkin.
Prokuror boshqa shaxslarning arizasi bilan qoʻzgʻatilgan ishning muhokamasida oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emas, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan ishlar mustasno.
Ishda ishtirok etuvchi prokuror ishning mazmuni boʻyicha fikrini bayon etadi, bundan uning boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga doir daʼvo arizasi (arizasi) boʻyicha qoʻzgʻatilgan ishlar mustasno.
Fuqaroning, yuridik shaxsning va davlatning manfaatlarini koʻzlab daʼvo arizasi (ariza) taqdim etgan prokuror daʼvogarning huquqlaridan foydalanadi va uning majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish huquqi mustasno.
Prokurorning oʻz daʼvo arizasidan (arizasidan) voz kechishi daʼvogarni (arizachini) ishni mazmunan koʻrib chiqishni talab qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Prokuror tomonidan daʼvogarning huquqini himoya qilish maqsadida taqdim etilgan daʼvodan daʼvogarning voz kechishi daʼvo arizasini (arizani) koʻrmasdan qoldirishga olib keladi.
50-modda. Ishda davlat organlari va boshqa shaxslarning ishtiroki
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat organlari va boshqa shaxslar yuridik shaxslarning, fuqarolarning, jamiyat va davlatning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida daʼvo arizasi (ariza) taqdim etishi mumkin. Daʼvo taqdim etgan mazkur organlar va shaxslar daʼvogarning barcha huquqlaridan foydalanadi va uning majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish huquqi mustasno.
Davlat organi va boshqa shaxsning oʻzi taqdim etgan daʼvo arizasidan (arizadan) voz kechishi daʼvogarni (arizachini) ishni mazmunan koʻrishni talab qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Davlat organi va boshqa shaxs tomonidan daʼvogarning huquqlarini himoya qilish maqsadida taqdim etilgan daʼvo arizasidan (arizasidan) daʼvogarning (arizachining) voz kechishi daʼvo arizasini (arizani) koʻrmasdan qoldirishga olib keladi.
51-modda. Odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar
Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ishda ishtirok etuvchi shaxslar bilan bir qatorda odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar — guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar ishtirok etishi mumkin.
52-modda. Sud majlisining kotibi
Sudyaning yordamchisi (katta yordamchisi) sudyaning topshirigʻi boʻyicha ishlarni sud muhokamasiga tayyorlash uchun zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshiradi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud muhokamasining vaqti va joyi haqida xabardor qiladi hamda ularning sudga kelgan-kelmaganligini tekshiradi, kelmaganlik sabablarini aniqlashtiradi va bu haqda sudyaga maʼlum qiladi, bajarilayotgan protsessual harakatlar boʻyicha bayonnoma yuritadi, sudyaning sud majlisiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, shuningdek sud hujjatini ijroga yuborish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa barcha topshiriqlarini bajaradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan protsessual harakatlar amalga oshirilayotgan vaqtda sudyaning yordamchisi (katta yordamchisi) sud majlisining kotibi sifatida qatnashadi.
53-modda. Guvoh
Sudning nizoni toʻgʻri hal etishi uchun ahamiyatga ega maʼlumotlar va holatlardan xabardor har qanday shaxs guvoh boʻlishi mumkin.
Quyidagilar guvoh sifatida chaqirilishi va soʻroq qilinishi mumkin emas:
fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy ish boʻyicha vakillar yoki jinoyat ishi boʻyicha himoyachilar, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha advokatlar, mediatorlar — vakil, himoyachi, advokat yoki mediator vazifalarini bajarishi munosabati bilan oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan holatlar toʻgʻrisida;
arbitrlar, arbitraj tarkibi tomonidan tayinlangan ekspertlar, arbitraj muassasasining xodimlari, hakamlik sudyalari — arbitraj yoki hakamlik muhokamasi davomida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan holatlar toʻgʻrisida;
jismoniy nuqsonlari yoki ruhiy holatining buzilganligi sababli faktlarni toʻgʻri idrok qilishga yoki ular haqida toʻgʻri koʻrsatuvlar berishga layoqatsiz shaxslar.
54-modda. Guvohning huquq va majburiyatlari
Guvoh advokatning yuridik yordamidan foydalanish, iqtisodiy sud ishi yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarli darajada bilmasa, oʻz ona tilida koʻrsatuvlar berish va bu holda tarjimon xizmatidan foydalanish, koʻrsatuvlarini oʻz qoʻli bilan yozib berish, koʻrsatuvlar berishda yozma qaydlar va hujjatlardan foydalanish huquqiga ega.
Guvoh sudning chaqiruviga binoan kelishi, ish yuzasidan oʻzi xabardor boʻlgan maʼlumotlar va holatlar haqida toʻgʻri koʻrsatuvlar berishi, sudya va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning savollariga javob berishi, sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Guvoh bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganlik uchun jinoiy javobgar boʻladi, sud tomonidan bu haqda ogohlantirilib, tilxat olinadi.
Hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.
Qonunga muvofiq kasbiy burchini bajarishi jarayonida oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlar va holatlar yuzasidan koʻrsatuv berishni rad qilish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan koʻrsatuv berish majburiyati tatbiq etilmaydi.
55-modda. Ekspert
Fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida xulosa berish uchun zarur boʻlgan maxsus bilimlarga ega jismoniy shaxs ekspert sifatida tayinlanishi mumkin.
Davlat sud-ekspertiza muassasasi eksperti, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining eksperti, boshqa korxona, muassasa, tashkilot xodimi yoki oʻzga jismoniy shaxs ekspert sifatida ishtirok etishi mumkin.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar ekspert sifatida jalb etilishi mumkin emas.
56-modda. Ekspertning huquq va majburiyatlari
Ekspert: ekspertiza predmetiga taalluqli ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish; joyida koʻzdan kechirishda ishtirok etish va ekspertizani oʻtkazish uchun zarur qoʻshimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; sud muhokamasida ekspertiza predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va guvohlarga sudning ruxsati bilan savollar berish; ashyoviy, yozma, raqamli dalillar va hujjatlarni koʻzdan kechirish; oʻz xulosasida nafaqat oʻz oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar boʻyicha ham xulosalarini bayon etish; oʻz xulosasi yoki koʻrsatuvlari ishda ishtirok etuvchi shaxslar va guvohlar tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar berish; agar u sud muhokamasi yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida xulosa taqdim etish va koʻrsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ishni yuritayotgan sudning hal qiluv qarorlari, sudyaning harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
Ekspert: ushbu Kodeksning 20 va 21-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, oʻzini oʻzi rad etishi haqida darhol arz qilishi; oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun sud chaqiruviga binoan kelishi; oʻzi oʻtkazgan ekspertiza xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi; ekspertiza oʻtkazilishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining but saqlanishini taʼminlashi; sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Ekspert bila turib notoʻgʻri xulosa berganligi, yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganligi uchun jinoiy javobgar boʻladi.
Agar ekspert qoʻyilgan savollarni oʻzining maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin boʻlmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni toʻldirib boʻlmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qoʻyilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisida asoslantirilgan dalolatnoma tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan sudga yuboradi.
57-modda. Mutaxassis
Maslahatlar (tushuntirishlar) berish va ilmiy-texnika vositalarini qoʻllashda yordam koʻrsatish yoʻli bilan dalillarni toʻplash, tekshirish va baholashda koʻmaklashish maqsadida fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilim va malakaga ega boʻlgan, voyaga yetgan, ish natijasidan manfaatdor boʻlmagan shaxs sud majlisida yoki protsessual harakatlarda ishtirok etish uchun sud tomonidan mutaxassis sifatida jalb qilinishi mumkin.
Mutaxassisni sud majlisida ishtirok etish uchun jalb qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Sudning mutaxassisni chaqirish haqidagi talabi uning ish beruvchisi uchun majburiydir.
58-modda. Mutaxassisning huquq va majburiyatlari
Mutaxassis sifatida chaqirilgan shaxs: qanday maqsadda chaqirilganligini bilish; agar tegishli bilim va malakaga ega boʻlmasa, ish yuritishda ishtirok etishni rad qilish; sudning ruxsati bilan protsessual harakat ishtirokchilariga savollar berish; protsessual harakat ishtirokchilarining eʼtiborini oʻzining dalillarni toʻplash, tekshirish va baholashda, ilmiy-texnika vositalarini qoʻllashda, ekspertiza tayinlash uchun materiallar tayyorlashda koʻmaklashish chogʻidagi harakatlari bilan bogʻliq holatlarga qaratish; oʻzi ishtirok etgan protsessual harakat bayonnomasi, shuningdek sud majlisi bayonnomasining tegishli qismi bilan tanishish va uning ishtirokida amalga oshirilgan harakatlarning kechishi hamda natijalari qayd qilinishining toʻliqligi va toʻgʻriligi xususida bayonnomaga kiritilishi lozim boʻlgan arzlar va fikrlarni bildirish; agar ish yuritishda ishtirok etish uning xizmat vazifalari doirasiga kirmasa, protsessual harakatlarni amalga oshirishdagi ishtiroki bilan bogʻliq xarajatlar oʻrni qoplanishi va bajargan ishi uchun pul mukofoti olish huquqiga ega.
Mutaxassis etib tayinlangan shaxs: sudning chaqiruvi boʻyicha kelishi; protsessual harakatlarni amalga oshirishda va sud muhokamasida maxsus bilim, malaka va ilmiy-texnika vositalaridan foydalangan holda ishtirok etishi; maslahatlar berishi; oʻzi bajarayotgan harakatlar yuzasidan tushuntirishlar berishi; yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmasligi shart.
Agar mutaxassis sud uzrsiz deb topgan sabablarga koʻra sud chaqiruvi boʻyicha kelmasa, shuningdek maslahatlar (tushuntirishlar) berishni asossiz ravishda rad etsa, unga nisbatan ushbu Kodeksning 14-bobida belgilangan tartibda sud jarimasi solinishi mumkin.
Jarima solinishi mutaxassisni kelish va maslahatlar (tushuntirishlar) berish majburiyatidan ozod qilmaydi.
59-modda. Tarjimon
Tarjima qilish uchun zarur tillarni biladigan hamda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda sud tomonidan tayinlangan shaxs tarjimondir. Iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari, garchi tarjima qilish uchun zarur tillarni bilsa ham tarjimon vazifalarini oʻz zimmasiga olishga haqli emas.
60-modda. Tarjimonning huquq va majburiyatlari
Tarjimon: tarjimani aniqlashtirish uchun sud majlisi ishtirokchilariga savollar berish; agar tarjima qilish uchun tegishli bilimga ega boʻlmasa, sud muhokamasida ishtirok etishni rad qilish; sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish; tarjima yozuvlarining yozilishi toʻgʻriligi xususida eʼtirozlar taqdim etish huquqiga ega.
Tarjimon:
sud chaqiruvi boʻyicha kelishi;
tarjimani aniq, toʻliq va toʻgʻri amalga oshirishi;
sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Tarjimon bila turib notoʻgʻri tarjima qilganlik, yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgar boʻladi, sud tomonidan bu haqda ogohlantirilib, undan tilxat olinadi.
2-§. Sudda vakillik
61-modda. Vakillar orqali ish yuritish
Sudda yuridik shaxslarning ishlarini ularning qonunchilikda yoki taʼsis hujjatlarida berilgan vakolatlar doirasida harakat qiladigan organlari va (yoki) vakillari yuritadi.
Fuqarolar oʻz ishlarini sudda shaxsan oʻzlari va (yoki) vakillari orqali yuritishga haqlidir. Fuqaroning ishda shaxsan ishtirok etishi uni ish boʻyicha vakilga ega boʻlish huquqidan mahrum qilmaydi.
Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini sudda ularning qonuniy vakillari (ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, vasiylar yoki homiylar) himoya qiladi. Qonuniy vakillar sudda ish yuritishni oʻzlari tanlagan vakilga topshirishi mumkin.
Agar qonunda bu bevosita nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagilar shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakillar boʻlishi mumkin:
1) advokatlar;
2) yuridik shaxslarning xodimlari — shu yuridik shaxslarning ishlari boʻyicha;
3) notijorat tashkilotlarining vakolatli vakillari — shu tashkilotlar aʼzolarining ishlari boʻyicha;
4) qonunda boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqi berilgan notijorat tashkilotlarining vakolatli vakillari;
5) birgalikdagi protsessual ishtirokchilardan biri boshqa birgalikdagi ishtirokchilarning topshirigʻi boʻyicha;
6) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosiga binoan sud tomonidan ruxsat berilgan boshqa shaxslar.
Sudda vakil sifatida ishlarni yuritish boʻyicha professional faoliyat bilan faqat advokatlar shugʻullanishi mumkin.
Vakilning sudda ish yuritishga doir vakolatlari qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Yuridik shaxs nomidan berilgan ishonchnoma uning rahbari yoki taʼsis hujjatlarida shunday vakolat berilgan boshqa shaxs tomonidan imzolangan va ushbu yuridik shaxsning muhri bilan (muhr mavjud boʻlganda) tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Advokatning vakolatlari qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Shartnoma boʻyicha vakil sifatida harakat qiluvchi shaxs (bundan advokat mustasno) ishonchnomadan tashqari sudga shartnoma boʻyicha vakil maqomini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi.
63-modda. Vakilning vakolatlari
Sudda ish yuritish vakolatlari vakilga uni vakil qilgan shaxs nomidan barcha protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini beradi, bundan daʼvo arizasini imzolash, ishni hakamlik sudiga topshirish, daʼvo talablaridan qisman yoki butunlay voz kechish va daʼvoni tan olish, daʼvo predmetini yoki asosini oʻzgartirish, kelishuv bitimi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv yoki mediativ kelishuvni tuzish, vakolatlarni boshqa shaxsga topshirish (ishonib topshirish), sud hujjati ustidan shikoyat qilish, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizani imzolash, sud hujjatining majburiy ijro etilishini talab qilish, undirilgan mol-mulkni yoki pulni olish mustasno.
Vakilning ushbu moddada koʻrsatilgan harakatlarning har birini amalga oshirishga boʻlgan vakolatlari u qaysi shaxs tomonidan vakil qilinayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs bergan ishonchnomada maxsus nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
64-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va ular vakillarining vakolatlarini tekshirish
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va ular vakillarining vakolatlarini tekshirishi shart.
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va ular vakillarining vakolatlarini tan olish va ularning sud majlisida ishtirok etishiga ruxsat berish toʻgʻrisidagi masalani mazkur shaxslar sudga taqdim etgan hujjatlarni tekshirish asosida hal etadi. Mazkur shaxslarning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi, zarur boʻlganda esa ularning koʻchirma nusxalari ishga qoʻshib qoʻyiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxs, uning vakili oʻz vakolatlarini tasdiqlash uchun zarur hujjatlarni taqdim etmagan yoki qonunchilik talablariga muvofiq boʻlmagan hujjatlarni taqdim etgan taqdirda sud tegishli shaxsning ishda ishtirok etishga oid vakolatlarini tan olishni rad etadi, bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.
65-modda. Sudda vakil boʻla olmaydigan shaxslar
Toʻla muomala layoqatiga ega boʻlmagan yoxud vasiylik yoki homiylik ostidagi shaxslar sudda vakil boʻla olmaydi.
Sudyalar, tergovchilar, surishtiruvchilar, prokurorlar va sud devoni xodimlari sudda vakil boʻla olmaydi. Mazkur shaxslar sud protsessida tegishli sudlarning, prokuratura organlarining vakili sifatida yoki qonuniy vakil sifatida ishtirok etayotgan hollarga nisbatan ushbu qoida tatbiq etilmaydi.
Hakamlik yoki arbitraj muhokamasi davomida ayni shu nizo bilan bogʻliq holda hakamlik sudyasi yoki arbitr sifatida ishtirok etgan shaxslar taraflarning vakili boʻla olmaydi.
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻida ayni shu nizo bilan bogʻliq holda mediator sifatida ishtirok etgan shaxslar vakil boʻlishi mumkin emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan va mediatorning ishtiroki yuzasidan oʻzaro rozilik boʻlgan hollar mustasno.
7-bob. Dalillar va isbotlash
66-modda. Dalillar tushunchasi va ularning turlari
Ish boʻyicha dalillar ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda olingan faktlar haqidagi maʼlumotlar boʻlib, ular asosida sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning talablari va eʼtirozlarini asoslovchi holatlar, shuningdek nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar mavjudligini yoki mavjud emasligini aniqlaydi. Bunday maʼlumotlar ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), guvohlarning koʻrsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari bilan aniqlanadi.
Qonunni buzgan holda olingan dalillardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
67-modda. Isbotlash
Isbotlash ishni mazmunan koʻrish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni aniqlash maqsadida dalillarni toʻplash, tadqiq etish, tekshirish va baholashdan iboratdir.
68-modda. Isbotlash majburiyati
Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Yuridik shaxslar va fuqarolarga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash (bundan buyon matnda huquqiy taʼsir choralari deb yuritiladi) toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash uchun asos boʻlgan holatlarni isbotlash majburiyati nazorat qiluvchi organ zimmasiga yuklatiladi.
Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan dalillarni ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar oldida, agar ushbu Kodeksda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, sud majlisi boshlanguniga qadar yoki sud belgilagan muddat doirasida ochib berishi lozim.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar faqat ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar oldindan tanishtirilgan dalillarga asoslanishga haqli.
Agar taraf sud tomonidan talab etilayotgan dalilni oʻzida ushlab turgan va sud soʻrovi bilan belgilangan muddatda uni taqdim etmayotgan boʻlsa, undagi maʼlumotlar shu taraf manfaatlariga qarshi qaratilgan deb taxmin qilinadi va u tomonidan tan olingan deb hisoblanadi.
69-modda. Dalillarni taqdim etish va talab qilib olish
Dalillar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladi.
Agar sud mavjud dalillar yetarli emas deb hisoblasa, ishning obyektiv holatlarini aniqlash va nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan qoʻshimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilishi mumkin.
Ishda ishtirok etuvchi shaxs ishda ishtirok etuvchi yoki ishtirok etmaydigan shaxsdagi zarur dalilni mustaqil olish imkoniga ega boʻlmasa, oʻsha dalilni talab qilib olish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqli. Iltimosnomada shu dalil bilan ish uchun ahamiyatli qanday holatlar aniqlanishi mumkinligi, dalilning alomatlari va uning joylashgan joyi koʻrsatilishi zarur.
Dalilni talab qilib olish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.
Dalilni talab qilib olish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi ajrimda talab qilinayotgan dalilni taqdim etish muddati va tartibi koʻrsatilib, ajrim sud tomonidan talab qilinayotgan dalilni saqlayotgan shaxsga yuboriladi.
Sud talab qilayotgan dalilni saqlayotgan shaxs uni bevosita sudga yuboradi yoki sudga topshirish uchun tegishli ajrimni taqdim etgan shaxsga beradi.
Agar shaxs sud talab qilayotgan dalilni taqdim etish imkoniyatiga ega boʻlmasa yoki sud belgilagan muddatda taqdim eta olmasa, u shu muddat ichida bu haqda sudni sabablarni koʻrsatgan holda xabardor qilishi shart.
Dalilni saqlayotgan shaxs talab qilinayotgan dalilni taqdim etish majburiyatini sud uzrsiz deb topgan sabablarga koʻra bajarmagan taqdirda, uni saqlayotgan shaxsga ushbu Kodeksning 14-bobida belgilangan tartibda sud jarimasi solinadi.
Talab qilinayotgan dalilni saqlayotgan shaxsga jarima solinishi uni dalilni sudga taqdim etish majburiyatidan ozod qilmaydi.
70-modda. Dalillarni ular turgan joyda koʻzdan kechirish va tekshirish
Sudga olib kelish imkoniyati boʻlmagan yoki olib kelinishi qiyin boʻlgan dalillarni, shuningdek tez buziladigan ashyoviy dalillarni sud ular turgan joyda koʻzdan kechirishi va tekshirishi mumkin.
Dalillarni ular turgan joyda koʻzdan kechirish va tekshirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Zarur hollarda, dalillarni koʻzdan kechirish va tekshirishda ishtirok etish uchun odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar chaqirilishi mumkin.
Tez buziladigan ashyoviy dalillar ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan sud tomonidan darhol koʻzdan kechirilishi va tekshirilishi mumkin.
Ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni ular turgan joyda bevosita koʻzdan kechirish va tekshirish jarayonida ushbu Kodeksning 201-moddasida belgilangan tartibda sud tomonidan bayonnoma tuziladi.
Dalillarni mustahkamlash uchun bayonnoma tuzish bilan birga audio-, videoyozuvga olish, fotosuratga tushirish, koʻchirma nusxalar, rejalar, chizmalar tayyorlash va axborotni aks ettirishning boshqa usullari qoʻllanilishi mumkin. Dalillarni mustahkamlashning bunday usuli qoʻllanilganligi bayonnomada aks ettiriladi, maʼlumotlarni aks ettiruvchi materiallar bayonnomaga ilova qilinadi.
71-modda. Dalillarning aloqadorligi
Sud faqat ishga aloqador boʻlgan dalillarni qabul qiladi.
Agar taqdim etilgan dalillar koʻrilayotgan ishga aloqador boʻlmasa, ular ish materiallariga qoʻshib qoʻyilmaydi, ularning dalil sifatida rad qilinganligi sud hujjatida aks ettiriladi.
72-modda. Dalillarning maqbulligi
Qonunchilikka muvofiq muayyan dalillar bilan tasdiqlanishi kerak boʻlgan ish holatlari boshqa dalillar bilan tasdiqlanishi mumkin emas.
73-modda. Isbotlashdan ozod qilish asoslari
Ishning iqtisodiy sud tomonidan hammaga maʼlum deb topilgan holatlari isbotlashga muhtoj emas.
Iqtisodiy sudning ilgari koʻrilgan ish boʻyicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar sud xuddi shu shaxslar ishtirok etayotgan boshqa ishni koʻrayotganida yangidan isbot qilinmaydi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudning yoki maʼmuriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boshqa ishni koʻrayotgan iqtisodiy sud uchun fuqarolik ishlari boʻyicha sudning yoki maʼmuriy sudning hal qiluv qarorida aniqlangan va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga taalluqli boʻlgan holatlarga doir masalalar boʻyicha majburiydir.
Jinoyat ishlari boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilganligi yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha iqtisodiy sud uchun majburiydir.
74-modda. Dalillarga baho berish
Sud dalillarga ishning barcha holatlarini jamlab, ularni sud majlisida qonunga amal qilgan holda har tomonlama, toʻliq va xolis koʻrib chiqishga asoslangan oʻz ichki ishonchi boʻyicha baho beradi.
Har bir dalil ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan, dalillarning yigʻindisi esa, yetarliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozim.
Agar tekshirish natijasida dalilning haqiqatga toʻgʻri kelishi aniqlansa, u ishonchli deb tan olinadi.
Hech qanday dalil sud uchun oldindan belgilab qoʻyilgan kuchga ega emas.
Sud hujjatning yoki boshqa yozma dalilning faqat koʻchirma nusxasi bilan tasdiqlanadigan holatlarni, agar hujjatning asl nusxasi yoʻqotilgan va sudga topshirilmagan boʻlsa, va ushbu hujjatning nizolashayotgan taraflarning har biri tomonidan taqdim etilgan koʻchirma nusxalari oʻzaro bir xil boʻlmasa, va hujjatning asl mazmunini boshqa dalillar yordamida aniqlab boʻlmasa, isbot qilingan deb hisoblashi mumkin emas.
75-modda. Yozma dalillar
Ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar, shartnomalar, maʼlumotnomalar, amaliy yozishmalar, shu jumladan faksimil, elektron yoki boshqa aloqa vositasida yoxud hujjatning ishonchliligini aniqlash imkonini beruvchi boshqa usulda olingan oʻzga hujjatlar va materiallar yozma dalillardir.
Yozma dalillar asl nusxada yoki tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxada taqdim etiladi. Agar koʻrilayotgan ishga hujjatning faqat bir qismi aloqador boʻlsa, uning tasdiqlangan koʻchirmasi taqdim etilishi mumkin.
Ish holatlari qonunchilikka muvofiq hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim boʻlsa, shuningdek boshqa zarur hollarda sudning talabi bilan ularning asl nusxalari taqdim etiladi.
Sudga taqdim etiladigan, toʻliq yoki qisman chet tilida tuzilgan yozma dalillarga ularning tegishli tarzda tasdiqlangan tarjimalari ilova qilinadi.
Chet davlatda olingan hujjat, agar u qonunchilikda belgilangan tartibda legallashtirilgan boʻlsa, sudda yozma dalil deb tan olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan hollarda chet davlatda olingan hujjat legallashtirilmasdan sudda yozma dalil deb tan olinadi.
76-modda. Hujjatlarning aslini qaytarish
Ishda mavjud boʻlgan hujjatlarni taqdim etgan shaxslarning iltimosnomasiga koʻra, ularning asli sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin ushbu shaxslarga, agar sud hujjatni qaytarish nizoning toʻgʻri hal qilinishiga zarar yetkazmaydi degan xulosaga kelsa, ishni yuritish jarayonida hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar qaytarib berilishi mumkin. Iltimosnoma bilan bir vaqtda mazkur shaxslar hujjat aslining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxasini taqdim etadi yoki ishda qolayotgan koʻchirma nusxaning asliga toʻgʻriligi sud tomonidan tasdiqlanishini iltimos qiladi.
761-modda. Elektron maʼlumotlar
Elektron maʼlumotlar elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan maʼlumotlardir.
Ishda ishtirok etuvchi taraflar, guvohlar va boshqa shaxslar elektron maʼlumotlarni ushbu maʼlumotlarning koʻchirma nusxasini elektron jismdan elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan boshqa elektron jismga olish orqali taqdim etishga haqli.
Sud taqdim etilgan elektron maʼlumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi xamda elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan birlamchi elektron jismni koʻzdan kechiradi.
Ish uchun ahamiyatga ega boʻlmagan elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron jismlar egalariga darhol qaytarib beriladi.
762-modda. Raqamli dalillar
Ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron maʼlumotlar, shu jumladan elektron tarzdagi fayllar, audio-, videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmogʻida saqlanayotgan maʼlumotlar, shuningdek boshqa elektron maʼlumotlar raqamli dalillardir.
Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan oʻxshashligi saqlansa, yoʻl qoʻyiladi.
Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga yoʻl qoʻyilishi oʻzidan mazkur koʻchirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan taʼminlanadi, bundan notarius tomonidan tasdiqlangan raqamli dalillar mustasno. Ishda ishtirok etuvchi taraflar, guvohlar va boshqa shaxslar raqamli dalillarning koʻchirma nusxalarini qogʻozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qogʻozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas, bundan notarius tomonidan tasdiqlangan raqamli dalil mustasno.
Sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron maʼlumotlar tarzida shakllantirilgan audio- va videoyozuvlar xam raqamli dalillar hisoblanadi.
Raqamli dalilning koʻchirma nusxasi ish materiallari bilan birga saqlanadi.
77-modda. Ashyoviy dalillar
Oʻzining tashqi koʻrinishi, ichki xossalari va mazmuni, turgan joyi yoki boshqa belgilari bilan ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni aniqlash vositasi boʻlib xizmat qila oladigan ashyolar ashyoviy dalillardir.
78-modda. Ashyoviy dalillarni saqlash
Ashyoviy dalillar sudda saqlanadi.
Sudga keltirib boʻlmaydigan ashyoviy dalillar turgan joyida saqlanadi. Ular batafsil tavsiflanishi, zarur boʻlgan taqdirda esa muhrlab qoʻyilishi, fotosuratga yoki videoyozuvga tushirilishi lozim.
Sud va saqlovchi ashyoviy dalillarni oʻzgarmaydigan holatda saqlash choralarini koʻradi.
Ashyoviy dalillarni saqlash xarajatlari ushbu Kodeksning 118-moddasida belgilangan qoidalarga muvofiq taraflar oʻrtasida taqsimlanadi.
79-modda. Ashyoviy dalillarni qaytarish
Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin ashyoviy dalillar kimdan olingan boʻlsa, oʻsha shaxslarga qaytarib beriladi yoki sud shu ashyolarga kimning huquqi bor deb topgan boʻlsa, oʻsha shaxslarga beriladi yoxud sud belgilaydigan boshqa tartibda realizatsiya qilinadi.
Ayrim hollarda sud ashyoviy dalillarni koʻzdan kechirib va tekshirib chiqqanidan keyin, agar ashyoviy dalillarni taqdim etgan shaxslar ularni qaytarib berishni iltimos qilgan boʻlsa va bunday iltimosnomaning qanoatlantirilishi nizoning toʻgʻri hal etilishiga zarar keltirmasa, ular kimdan olingan boʻlsa, oʻsha shaxslarga ishni yuritish jarayonida qaytarib berilishi mumkin.
Sud ashyoviy dalillarni qaytarish masalalari yuzasidan ajrim chiqaradi.
Qonunga muvofiq ayrim shaxslarning egaligida turishi mumkin boʻlmagan ashyolar tegishli tashkilotlarga topshiriladi.
80-modda. Ekspertiza
Ishni koʻrish vaqtida yuzaga keladigan, fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni tushuntirib berish uchun sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga koʻra yoki roziligi bilan ekspertiza tayinlaydi. Agar ekspertizani tayinlash qonunda belgilab qoʻyilgan yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa yoxud taqdim etilgan dalilning qalbakilashtirilganligi toʻgʻrisidagi arizani tekshirish yoxud qoʻshimcha ekspertiza tayinlash zarur boʻlsa, sud ekspertizani oʻz tashabbusi bilan tayinlashi mumkin.
Ekspertiza oʻtkazilishi zarur boʻlgan masalalar doirasi va mazmuni sud tomonidan belgilanadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudga ekspertiza oʻtkazish vaqtida tushuntirib berilishi lozim boʻlgan masalalarni taqdim etishga haqli. Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar taqdim etgan masalalar rad qilinganligini asoslab berishi shart.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar: oʻzlari koʻrsatgan shaxslarni ekspert sifatida jalb etish toʻgʻrisida ekspertizani muayyan ekspertiza muassasasida oʻtkazish haqida iltimosnoma bilan murojaat qilishga, ekspertni rad etish toʻgʻrisida arz qilishga; ekspertiza tayinlash haqidagi ajrimga ekspert oldiga qoʻyilgan masalalarga qoʻshimcha masalalar kiritish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilishga; ekspertga tushuntirishlar berishga; ekspert xulosasi bilan yoki xulosa berishning imkoni boʻlmaganligi haqidagi xabar bilan tanishishga; qoʻshimcha yoxud takroriy ekspertiza oʻtkazish haqida iltimos qilishga haqli.
Sud ekspertiza tayinlash toʻgʻrisida yoki ekspertiza tayinlash haqidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda: ekspertizani tayinlash asoslari; ekspertning familiyasi, ismi va otasining ismi yoki ekspertiza oʻtkazilishi lozim boʻlgan ekspertiza muassasasining nomi; ekspert oldiga qoʻyilgan masalalar; ekspert ixtiyoriga taqdim etiladigan materiallar va hujjatlar; ekspertizani oʻtkazish va sudga xulosani taqdim etish kerak boʻlgan muddat koʻrsatiladi.
Taraf ekspertizada ishtirok etishdan boʻyin tovlagan, ekspertlarga tekshirish uchun zarur materiallar va hujjatlarni taqdim etmagan hollarda hamda boshqa hollarda, agar ishdagi mavjud holatlarga koʻra va shu tarafning ishtirokisiz ekspertiza oʻtkazish imkoni boʻlmasa, sud aynan qaysi taraf ekspertizadan boʻyin tovlayotganligidan, shuningdek uning uchun ekspertiza qanday ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, qaysi fakt yuzasidan ekspertiza tayinlangan boʻlsa, oʻsha faktni aniqlangan yoki inkor etilgan deb topishga haqli.
Ishonch bildiruvchi shaxsning roziligi bilan advokat shartnoma asosida ekspertiza oʻtkazilishiga doir advokat soʻrovini davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga yuborishi mumkin.
81-modda. Ekspertizani oʻtkazish tartibi
Ekspertiza sud majlisida yoki agar tekshirishning xususiyatiga koʻra zarur boʻlsa yoxud tekshirish obyektlarini majlisga olib kelish imkoni boʻlmasa, sud majlisidan tashqarida oʻtkaziladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ekspertiza oʻtkazilayotganda hozir boʻlishga haqli, bundan ushbu ishtirok etish ekspertning normal ishlashiga xalaqit berishi mumkin boʻlgan hollar mustasno.
82-modda. Qoʻshimcha va takroriy ekspertizalar
Qoʻshimcha ekspertiza ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasidagi boʻshliqlarni toʻldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa ekspert (ekspertlar komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladi.
Ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi asoslanmagan boʻlsa yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki ekspertizani oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda takroriy ekspertiza tayinlanadi.
Takroriy ekspertiza tayinlanganda ekspert (ekspertlar komissiyasi) oldiga ilgari qoʻllanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishi mumkin.
Takroriy ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda takroriy ekspertizani tayinlagan sudning birinchi (oldingi) ekspertiza xulosasiga rozi emasligi sabablari koʻrsatilishi lozim.
Takroriy ekspertizani oʻtkazish boshqa ekspertga (ekspertlar komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) ekspertizani oʻtkazgan ekspert (ekspertlar komissiyasi) takroriy ekspertizani oʻtkazishda hozir boʻlishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirishda va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.
83-modda. Ekspertizaning ekspertlar komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi
Ekspertiza bir xil (komissiyaviy ekspertiza) yoki turli xil (kompleks ekspertiza) sud-ekspert ixtisosligidagi bir nechta ekspert tomonidan oʻtkazilishi mumkin.
Ekspertizaning ekspertlar komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi ekspertizani tayinlagan sud yoki mazkur ekspertizaning oʻtkazilishini tashkil etuvchi davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yoxud boshqa korxona, muassasa, tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Ekspertizani oʻtkazish topshirilgan ekspertlar komissiyasi oʻz oldiga qoʻyilgan masalalarni hal etish zarurligidan kelib chiqib, oʻtkaziladigan tekshirishlarning maqsadi, ketma-ketligi va hajmini kelishib oladi.
Ekspertizani oʻtkazish oʻziga topshirilgan ekspertlar komissiyasi tarkibida har bir ekspert tekshirishlarni mustaqil va alohida olib boradi, shaxsan oʻzi va komissiyaning boshqa aʼzolari tomonidan olingan natijalarni baholaydi hamda qoʻyilgan masalalar yuzasidan xulosalarini oʻz maxsus bilimlari doirasida shakllantiradi.
Tekshirishlarning ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiritilmagan shaxslar tomonidan toʻliq yoki qisman oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
84-modda. Komissiyaviy ekspertiza
Komissiyaviy ekspertiza oʻtkazilayotganda ekspertlarning har biri tekshirishlarni toʻliq hajmda oʻtkazadi va ular olingan natijalarni birgalikda tahlil qiladi. Ekspertlar umumiy fikrga kelganidan soʻng birgalikdagi xulosani yoki xulosa berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisidagi hujjatni tuzadi va imzolaydi.
Ekspertlar oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar boʻyicha alohida xulosa beradi.
85-modda. Kompleks ekspertiza
Kompleks ekspertiza ish uchun ahamiyatga molik holatlarni turli ilm sohalaridan foydalangan holda bir nechta tekshirish oʻtkazish yoʻli bilangina aniqlash mumkin boʻlgan hollarda tayinlanadi.
Kompleks ekspertizani oʻtkazishda ekspertlarning har biri oʻz vakolati doirasida tekshirishlar olib boradi. Kompleks ekspertizaning xulosasida ekspertlarning har biri qaysi tekshirishlarni va qancha hajmda olib borganligi, qaysi faktlarni shaxsan oʻzi aniqlaganligi hamda qanday xulosalarga kelganligi koʻrsatiladi. Ekspertlarning har biri xulosaning ushbu tekshirishlar bayon etilgan qismini imzolaydi va ular uchun javobgar boʻladi.
Umumiy xulosa (xulosalar) olingan natijalarni baholashga va ushbu xulosani (xulosalarni) shakllantirishga vakolatli boʻlgan ekspertlar tomonidan chiqariladi. Agar ekspertlar komissiyasi yakuniy xulosasining yoki uning bir qismining asosi ekspertlardan biri (alohida ekspertlar) tomonidan aniqlangan faktlardan iborat boʻlsa, bu haqda xulosada koʻrsatilishi lozim.
Ekspertlar oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar boʻyicha alohida xulosa beradi.
Agar kompleks ekspertizani oʻtkazish davlat sud-ekspertiza muassasasiga yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga topshirilgan boʻlsa, ekspertizani tashkil etish uning rahbari zimmasiga yuklatiladi.
86-modda. Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi
Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi tekshirishlarni oʻtkazib boʻlganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.
Xulosada: ekspertiza oʻtkazilgan sana va joy; ekspertizani oʻtkazish asosi; ekspertizani tayinlagan sudya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; ekspert toʻgʻrisidagi (familiyasi, ismi, otasining ismi, maʼlumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani oʻtkazish topshirilgan tashkilot haqidagi maʼlumotlar; ekspertning bila turib notoʻgʻri xulosa berganlik, ish yopiq sud majlisida koʻrilganda yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilganligi; ekspertning oldiga qoʻyilgan masalalar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari; ekspertiza oʻtkazilayotganda hozir boʻlgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar; tekshirishlarning qoʻllanilgan usullar koʻrsatilgan holdagi mazmuni va natijalari, shuningdek bu tekshirishlar, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan boʻlsa, kim tomonidan oʻtkazilganligi; tekshirish natijalarining baholanishi, qoʻyilgan savollarga berilgan asosli javoblar; ish uchun ahamiyatga molik boʻlgan va ekspertning tashabbusiga koʻra aniqlangan holatlar aks ettirilgan boʻlishi kerak.
Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi boʻlib xizmat qiladi. Tekshirishning olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida yoxud boshqa korxona, muassasa, tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan sudning talabiga binoan ishga qoʻshib qoʻyish uchun taqdim etiladi.
Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi tekshirish davomida maʼlum boʻlib qolsa, xulosa qoʻyilgan ayrim savollarga javob berishni rad etish asosini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Tekshirish tugaganidan soʻng xulosa, tekshirish obyektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan sudga yuboriladi.
Xulosa sud majlisida tekshiriladi hamda boshqa dalillar bilan bir qatorda baholanadi.
Mutaxassis maslahatni (tushuntirishni) sudga ogʻzaki yoki yozma shaklda beradi.
Mutaxassisning yozma shaklda berilgan maslahati sud majlisida oʻqib eshittiriladi, tekshiriladi va ishga qoʻshib qoʻyiladi. Ogʻzaki maslahat bevosita sud majlisining (protsessual harakatning) bayonnomasiga kiritiladi.
Mutaxassisning maslahatini oydinlashtirish va toʻldirish maqsadida savollar berilishi mumkin.
88-modda. Guvohning koʻrsatuvlari
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasi boʻyicha sud guvohni sud majlisida koʻrsatuvlar berish uchun chaqirtirishi mumkin.
Guvohni chaqirish haqida iltimos qiluvchi shaxs ish uchun ahamiyatga molik qaysi holatlarni guvoh tasdiqlashi mumkinligini koʻrsatishi va uning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyini sudga maʼlum qilishi shart.
Guvoh ish boʻyicha oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlar va holatlarni sudga ogʻzaki xabar qiladi. Guvoh sudning taklifiga koʻra oʻz koʻrsatuvlarini yozma shaklda bayon qilishi mumkin.
Agar guvoh oʻzi bilgan maʼlumotlarning manbaini koʻrsatib bera olmasa, u xabar qilgan maʼlumotlar dalil hisoblanmaydi.
89-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ish uchun ahamiyatli boʻlgan oʻzlariga maʼlum holatlar toʻgʻrisidagi tushuntirishlari tekshirilishi va boshqa dalillar bilan birga baholanishi lozim. Ishda ishtirok etuvchi shaxs sudning taklifiga koʻra oʻz tushuntirishlarini yozma shaklda bayon qilishi mumkin.
Boshqa shaxs oʻz talablarini yoki eʼtirozlarini asoslayotgan faktlarning ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan tan olinishi sud uchun majburiy emas.
Agar faktni tan olish ishning holatlariga muvofiq ekanligiga va aldash, zoʻrlik ishlatish, qoʻrqitish, chalgʻitish taʼsirida yoki haqiqatni yashirish maqsadida qilinmaganligiga sudda shubha tugʻilmasa, u tan olingan faktni aniqlangan deb hisoblashi mumkin.
90-modda. Dalillarni taʼminlash
Zarur dalillarni taqdim etish mumkin boʻlmay qoladi yoki qiyinlashadi deb hisoblash uchun asosi boʻlgan shaxslar ishni oʻz yuritishiga qabul qilgan suddan ushbu dalillarni taʼminlash toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin.
Dalillarni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizada taʼminlanishi zarur boʻlgan dalillar, tasdiqlanishi uchun ushbu dalillar zarur boʻlgan holatlar, dalillarni taʼminlash toʻgʻrisida arizachini iltimosnoma bilan murojaat qilishga undagan sabablar koʻrsatilishi kerak.
Dalillarni taʼminlash toʻgʻrisidagi masala ushbu Kodeksning 96-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal etiladi.
91-modda. Sud topshiriqlari
Ishni koʻrayotgan sud boshqa tuman yoki shahar hududidagi dalillarni olish zarur boʻlgan taqdirda, tegishli sudga muayyan protsessual harakatlarni bajarishni topshirishga haqli.
Sud topshirigʻi toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrilayotgan ishning mazmuni qisqacha bayon qilinadi, aniqlanishi lozim boʻlgan holatlar, topshiriqni bajaradigan sud toʻplashi kerak boʻlgan dalillar koʻrsatiladi.
Sud topshirigʻi toʻgʻrisidagi ajrim topshiriq berilgan sud uchun majburiydir va u ajrim olingan paytdan eʼtiboran oʻn besh kungacha boʻlgan muddatda bajarilishi kerak.
92-modda. Sud topshirigʻini bajarish tartibi
Sud topshirigʻi ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha sud majlisida bajariladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar majlis vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinadi, biroq ularning kelmaganligi majlisni oʻtkazishga toʻsqinlik qilmaydi.
Sud topshirigʻining ijrosi toʻgʻrisida ajrim chiqarilib, u ishni koʻrayotgan sudga darhol barcha materiallar bilan birga yuboriladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, sud topshirigʻini bajargan sudga tushuntirish yoki koʻrsatuvlar bergan guvohlar ishni koʻrayotgan sud majlisida oʻzlari ishtirok etgan taqdirda, umumiy tartibda tushuntirishlar va koʻrsatuvlar beradi.
8-bob. Daʼvoni taʼminlash
93-modda. Daʼvoni taʼminlash asoslari
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasi daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish uchun asos boʻladi.
Daʼvoni taʼminlashga, agar shunday choralarni koʻrmaslik sud hujjatining ijrosini qiyinlashtirishi yoxud bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkin boʻlsa, iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida yoʻl qoʻyiladi.
Davlat foydasiga mulkiy undirish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud daʼvogarning arizasiga koʻra daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi shart.
Davlat organining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunga zid hujjati qabul qilinganligi yoxud ularning mansabdor shaxslari tomonidan qonunga zid harakatlar (harakatsizlik) sodir etilganligi natijasida tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvoni koʻrishda sud daʼvogarning arizasi boʻyicha daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi shart.
Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan ish boʻyicha daʼvoni taʼminlash choralari hakamlik muhokamasi tarafining arizasiga koʻra iqtisodiy sud tomonidan koʻrilishi mumkin.
Arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash choralari arbitraj muhokamasi tarafining arizasiga koʻra iqtisodiy sud tomonidan koʻrilishi mumkin.
94-modda. Daʼvoni taʼminlash choralari
Quyidagilar daʼvoni taʼminlash choralari boʻlishi mumkin:
1) javobgarga tegishli mol-mulkni yoki pul mablagʻlarini xatlab qoʻyish;
2) javobgarga muayyan harakatlarni bajarishni taqiqlash;
3) boshqa shaxslarga nizo predmetiga aloqador boʻlgan muayyan harakatlarni bajarishni taqiqlash;
4) daʼvogar nizolashayotgan, undirish soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjati yoki boshqa hujjat boʻyicha undirishni toʻxtatib turish;
5) mol-mulkni xatlashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilgan taqdirda, mol-mulkni realizatsiya qilishni toʻxtatib turish;
6) nizoli mol-mulk buzilishining, holati yomonlashishining oldini olish maqsadida javobgarning zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish majburiyatini yuklatish;
7) nizoli mol-mulkni uchinchi shaxsga (saqlovchiga) oʻtkazish.
Sud daʼvoni taʼminlash boʻyicha boshqa choralarni koʻrishi mumkin, shuningdek daʼvoni taʼminlash boʻyicha bir vaqtning oʻzida bir nechta chora koʻrilishi mumkin.
Daʼvoni taʼminlash choralari bildirilgan talabga mutanosib boʻlishi kerak.
Daʼvoni taʼminlash choralari koʻrilayotganda sud javobgarga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararning oʻrnini javobgarning iltimosnomasiga koʻra qoplashni taʼminlash choralarini koʻrishga haqli.
95-modda. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza sudga daʼvo arizasi bilan bir vaqtda yoki ishni yuritish jarayonida berilishi mumkin.
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) taraflarning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) va yashash joyi;
3) nizo predmeti;
4) daʼvoni taʼminlash chorasini koʻrish zaruriyatining asosi;
5) daʼvogar qabul qilishni soʻrayotgan daʼvoni taʼminlash chorasining turi;
6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizada boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Vakil tomonidan imzolangan arizaga ishonchnoma yoki uning arizani imzolashga boʻlgan vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinadi.
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma daʼvo arizasida bayon etilishi mumkin.
Agar daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma daʼvo arizasida bayon etilsa, mazkur iltimosnomada ushbu modda ikkinchi qismining 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Hakamlik sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizaga hakamlik sudiga daʼvo taqdim etilganligining dalillari ilova qilinadi.
96-modda. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish
Daʼvo arizasi bilan birga berilgan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish bilan bir vaqtda, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza sud majlisida berilgan taqdirda, u shu majlisda koʻrib chiqilishi lozim.
Agar daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza ishni yuritish jarayonida berilgan boʻlsa, u kelib tushganidan keyingi kundan kechiktirmay ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan koʻrib chiqiladi.
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqarilib, uning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
Daʼvoni taʼminlash haqidagi yoki daʼvoni taʼminlashni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Shikoyat berilishi (protest keltirilishi) ajrimning ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi.
Hakamlik sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza kelib tushganidan keyingi kundan kechiktirmay, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmagan holda koʻrib chiqiladi.
97-modda. Daʼvoni taʼminlashning bir turini boshqasi bilan almashtirish
Daʼvoni taʼminlashning bir turini boshqasi bilan almashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish ishni koʻrayotgan sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish toʻgʻrisidagi masala sud majlisida hal etiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Ammo ularning kelmaganligi daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
Daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.
Daʼvoni taʼminlash chorasini almashtirish haqidagi yoki almashtirishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Shikoyat (protest) berilishi ajrimning ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi.
Pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi daʼvoni taʼminlashda javobgar daʼvoni taʼminlash boʻyicha belgilangan choralarni qoʻllash oʻrniga sudning depozit hisobvaragʻiga daʼvogar talab qilayotgan summani oʻtkazib qoʻyishga haqli.
98-modda. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ajrimni ijro etish
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ajrim sud hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda darhol ijro etiladi.
Daʼvoni taʼminlash choralarini ijro etish majburiyati sud tomonidan zimmasiga yuklatilgan shaxsga daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ajrimni ijro etmaganlik uchun ushbu Kodeksning 14-bobida belgilangan tartibda sud jarimasi solinadi.
99-modda. Daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish
Daʼvoni taʼminlash choralari ishni koʻrayotgan sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra bekor qilinishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masala sud majlisida hal qilinadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Biroq ularning kelmaganligi daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi.
Daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.
Ajrimning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u chiqarilgan kundan keyingi kundan kechiktirmasdan yuboriladi.
Daʼvo qanoatlantirilgan taqdirda, daʼvoni taʼminlash choralari sud hujjati amalda ijro etilguniga qadar oʻz kuchini saqlaydi.
Daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan, daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan, ish yuritish tugatilgan hollarda, daʼvoni taʼminlash choralari tegishli sud hujjati qonuniy kuchga kirguniga qadar oʻz kuchini saqlaydi. Biroq sud koʻrsatilgan sud hujjatlarini qabul qilish bilan bir vaqtda yoki ular qabul qilinganidan keyin daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish haqida ajrim chiqarishi mumkin.
Hakamlik sudining daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqidagi hal qiluv qarori daʼvoni taʼminlash choralari iqtisodiy sud tomonidan bekor qilinishi uchun asos boʻladi.
Daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqidagi arbitrajning hal qiluv qarori taʼminlash choralarini iqtisodiy sud tomonidan bekor qilish uchun asos boʻladi.
Daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
100-modda. Daʼvoni taʼminlash tufayli javobgarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
Daʼvoni rad etish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin javobgar daʼvogardan daʼvoni taʼminlash tufayli oʻziga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashni oʻsha sudda daʼvo taqdim etish yoʻli bilan talab qilishga haqli.
9-bob. Ish yuritishni toʻxtatib turish
101-modda. Sudning ish yuritishni toʻxtatib turish majburiyati
Sud quyidagi hollarda ish yuritishni toʻxtatib turishi shart:
1) mazkur ishni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, fuqarolik ishlari boʻyicha sud, jinoyat ishlari boʻyicha sud, maʼmuriy sud yoki iqtisodiy sud tomonidan koʻrilayotgan boshqa ish yoki masala yuzasidan, shuningdek tergov harakatlari olib borilayotgan ish yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar koʻrish mumkin boʻlmaganda;
2) javobgar fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harakatdagi qismida boʻlganda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harakatdagi qismidagi daʼvogar-fuqaro tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilganda;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxs boʻlgan fuqaro vafot etganda, agar nizoli huquqiy munosabatlar huquqiy vorislikka yoʻl qoʻysa;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxs boʻlgan fuqaro muomala layoqatini yoʻqotganda;
5) taraf sud tomonidan tan olinishi va ijroga qaratilishi toʻgʻrisida koʻrilayotgan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini bekor qilish yoki uning ijrosini toʻxtatib turish haqida vakolatli organga iltimosnoma berganda;
6) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuv tuzilganda.
102-modda. Sudning ish yuritishni toʻxtatib turish huquqi
Sud quyidagi hollarda ish yuritishni toʻxtatib turishga haqli:
1) sud tomonidan ekspertiza tayinlanganda;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxs boʻlgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganda;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxs boʻlgan fuqaro davlat majburiyatini bajarish uchun jalb qilinganda;
4) chet davlatlar sudlariga nizoni mazmunan hal etish uchun alohida protsessual harakatlarni amalga oshirish haqidagi sud topshiriqlari belgilangan tartibda yuborilganda.
103-modda. Ish yuritishni toʻxtatib turish muddatlari
Ish yuritish:
1) ushbu Kodeks 101-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan hollarda — tegishli sudning sud hujjati qonuniy kuchga kirguniga yoki tergov harakatlari tugallanguniga qadar;
2) ushbu Kodeks 101-moddasining 2 va 5-bandlarida, 102-moddasining 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan hollarda — ish yuritishni toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf qilinguniga qadar;
3) ushbu Kodeks 101-moddasining 3 va 4-bandlarida va 102-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan hollarda — ishda ishtirok etuvchi shaxsning huquqiy vorisi aniqlanguniga, muomalaga layoqatsiz shaxsga vakil tayinlanguniga, yangi tashkil etilgan yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtguniga qadar;
31) ushbu Kodeks 101-moddasining 6-bandida nazarda tutilgan hollarda — mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tugaguniga qadar, biroq oltmish kundan ortiq boʻlmagan muddatda;
4) ushbu Kodeks 102-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan hollarda — sud tomonidan ekspertiza xulosasi olinguniga qadar toʻxtatib turiladi.
104-modda. Ish yuritishni toʻxtatib turishning huquqiy oqibatlari
Ish yuritish toʻxtatilgan taqdirda, ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan yoxud sud tomonidan belgilangan muddatlarning oʻtishi toʻxtatib turiladi.
Ish yuritish tiklanguniga qadar sud biror-bir protsessual harakatni amalga oshirishga haqli emas, bundan daʼvoni va dalillarni taʼminlashga qaratilgan harakatlar mustasno.
105-modda. Ish yuritishning tiklanishi
Ish yuritishni toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar bartaraf qilinganidan keyin ish yuritish tiklanadi.
106-modda. Ish yuritishni toʻxtatib turish va uni tiklash tartibi
Ish yuritishni toʻxtatib turish, uni tiklash toʻgʻrisida yoki uni tiklashni rad etish haqida sud ajrim chiqaradi.
Ajrimning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
Ish yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi, ish yuritishni tiklashni rad etish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Sud quyidagi hollarda daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldiradi, agar:
1) fuqarolik ishlari boʻyicha sud, iqtisodiy sud, hakamlik sudi, arbitraj sudi ish yurituvida ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan ish mavjud boʻlsa;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ushbu nizoni hakamlik sudiga yoki arbitrajga koʻrish uchun topshirish toʻgʻrisidagi kelishuvi mavjud boʻlib, hakamlik sudiga yoki arbitrajga murojaat qilish imkoniyati boy berilmagan boʻlsa va, agar ishning iqtisodiy sudda koʻrilishiga qarshi boʻlgan javobgar oʻzining nizoning mazmuni boʻyicha birinchi arizasidan kechiktirmay nizoni hakamlik sudining yoki arbitrajning hal qiluviga oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma bersa;
3) daʼvo arizasi imzolanmagan boʻlsa yoki uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
4) qonunchilikka yoki shartnomaga koʻra qarz bank yoki boshqa kredit tashkiloti orqali undirib olinishi kerak boʻlishiga qaramay, daʼvogar javobgardan qarzini undirib olish uchun bankka yoxud boshqa kredit tashkilotiga murojaat etmagan boʻlsa;
5) daʼvogar nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan boʻlsa, basharti bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki taraflar shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa;
51) daʼvogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etmagan boʻlsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa;
52) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish haqida iltimosnoma bilan arz qilgan taraflar uni amalga oshirish muddati tugaganidan soʻng sud majlisiga uzrli sabablarsiz kelmasa;
53) taraflar oʻrtasida mediativ kelishuv tuzilgan boʻlsa;
6) daʼvogar birinchi sud majlisiga kelmagan va ishni oʻzining ishtirokisiz koʻrilishi toʻgʻrisida arz qilmagan boʻlsa;
7) yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ariza koʻrilayotganda huquq toʻgʻrisida nizo kelib chiqqanligi aniqlansa;
8) daʼvogarning manfaatlarini koʻzlab prokuror, davlat organi va boshqa shaxs tomonidan taqdim etilgan daʼvodan daʼvogar voz kechgan boʻlsa;
9) javobgarga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa va javobgarga nisbatan taqdim etilgan talab qonunga koʻra toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish doirasida koʻrilishi lozim boʻlsa.
108-modda. Daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish tartibi
Daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi.
Sud ajrimida ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi, davlat bojini budjetdan qaytarish haqidagi masalalar hal qilinishi mumkin.
Ajrimning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
Daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar bartaraf etilganidan keyin daʼvogar sudga daʼvo arizasi bilan umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.
11-bob. Ish yuritishni tugatish
110-modda. Ish yuritishni tugatish asoslari
Sud quyidagi hollarda ish yuritishni tugatadi, agar:
1) ish iqtisodiy sudga, fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki maʼmuriy sudga taalluqli boʻlmasa;
2) fuqarolik ishlari boʻyicha sudning, iqtisodiy sudning yoki chet davlat vakolatli sudining ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa, bundan iqtisodiy sud tomonidan chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish rad etilgan hollar mustasno;
3) hakamlik sudining ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa, bundan iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy tarzda ijroga qaratish yuzasidan ijro varaqasini berishni rad etgan hollar mustasno;
31) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan arbitrajning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa, bundan iqtisodiy sud arbitrajning hal qiluv qarorini tan olishni va ijroga qaratishni rad etgan hollar mustasno;
32) sudning ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan tuzilgan mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ajrimi mavjud boʻlsa;
4) ishda taraf hisoblangan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa;
5) ishda taraf hisoblangan fuqaroning oʻlimidan soʻng nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa;
6) daʼvogar daʼvosidan voz kechgan va sud uni qabul qilgan boʻlsa;
7) kelishuv bitimi tuzilib, u sud tomonidan tasdiqlangan boʻlsa;
8) daʼvogar javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan boʻlsa, bunda shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki taraflar shartnomasida nazarda tutilgan va bunday tartibni qoʻllash imkoniyati boy berilgan boʻlsa;
9) toʻplangan materiallar yoʻqotilgan sud ishini yoki ijro ishini yuritishni tiklash uchun yetarli boʻlmasa.
111-modda. Ish yuritishni tugatish tartibi va oqibatlari
Ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi.
Sud ajrimda ish yuritishni tugatish asoslarini koʻrsatadi, shuningdek ushbu Kodeks 110-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan holda davlat bojini budjetdan qaytarish va sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisidagi masalalarni hal qiladi.
Ajrimning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
Ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ish yuritish tugatilgan taqdirda ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan sudga takroran murojaat qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12-bob. Sud xarajatlari
112-modda. Sud xarajatlarining turlari
Sud xarajatlari davlat bojidan va ishni koʻrish bilan bogʻliq sud chiqimlaridan iborat boʻladi.
113-modda. Davlat boji
Davlat bojini toʻlash asoslari va tartibi, uni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash, toʻlashdan ozod qilish tartibi, davlat bojini qaytarish tartibi qonunda belgilanadi.
114-modda. Daʼvoning bahosi
Daʼvoning bahosi quyidagicha aniqlanadi:
1) pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha –undiriladigan summadan kelib chiqqan holda;
2) mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — mol-mulkning qiymatidan kelib chiqqan holda;
3) ijro etish hujjatini yoki undirish soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan boshqa hujjatni ijro etish mumkin emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — nizolashilayotgan summadan kelib chiqqan holda;
4) mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — shu mol-mulkning qiymatidan kelib chiqqan holda;
5) yer uchastkasini talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — yer uchastkasining belgilangan bahosi boʻyicha qiymatidan kelib chiqqan holda, bahosi mavjud boʻlmaganda esa bozor bahosiga koʻra.
Daʼvoning bahosiga daʼvo arizasida koʻrsatilgan neustoyka summalari ham kiritiladi.
Bir nechta mustaqil talabdan iborat daʼvoning bahosi barcha talablarning summasi bilan aniqlanadi.
Daʼvoning bahosi notoʻgʻri koʻrsatilgan taqdirda, baho sud tomonidan aniqlanadi.
115-modda. Davlat bojini qaytarish
Davlat boji qonunchilikda belgilangan hollarda qaytarilishi lozim.
Sud hujjatida davlat bojini toʻliq yoki qisman qaytarish uchun asos boʻladigan holatlar koʻrsatiladi.
Davlat boji toʻlangan, lekin sudga kelib tushmagan yoki ushbu sud qaytargan daʼvo arizalari (arizalar), apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlari boʻyicha hamda davlat bojini toʻliq yoki qisman qaytarish nazarda tutiladigan sud hujjatlari boʻyicha davlat bojini qaytarish sud tomonidan berilgan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
116-modda. Sud chiqimlari
Sud chiqimlari sud xabarnomalari va sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlaridan, sud tayinlagan ekspertizani oʻtkazish, guvohni chaqirish, dalillarni joyida koʻzdan kechirish, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlardan, shuningdek ishni koʻrish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan iboratdir.
Sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlarining summasi sud tomonidan belgilanadi, biroq bu summa bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan bir qismidan oshmasligi kerak va daʼvo arizasi (ariza, shikoyat) beruvchi shaxs tomonidan sudning depozit hisobvaragʻiga kiritilishi lozim.
Sud majlisini videkonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq sud xarajatlarining summasi sud tomonidan belgilanadi va ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ushbu Kodeksning 118-moddasiga muvofiq undiriladi.
117-modda. Ekspertlar, mutaxassislar, guvohlar va tarjimonlarga tegishli summalarni toʻlash
Ekspertlar, mutaxassislar, guvohlar va tarjimonlarga sudga kelish bilan bogʻliq boʻlgan yoʻlkira, xona ijarasi boʻyicha xarajatlarning oʻrni qoplanadi va kundalik xarajatlar uchun haq toʻlanadi.
Ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar sudning topshirigʻi boʻyicha bajargan ish ularning xizmat vazifalari doirasiga kirmasa, ular bu ish uchun haq oladi.
Guvohlar, tarjimonlar, mutaxassislar va ekspertlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summa tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilgan ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan sudning depozit hisobvaragʻiga oldindan oʻtkaziladi. Agar iltimosnoma ikkala tarafga tegishli boʻlsa, talab qilinadigan summani ular teng boʻlib oʻtkazadi. Agar ekspertiza sudning tashabbusi bilan tayinlansa, toʻlanishi lozim boʻlgan summalar ekspertga sud tomonidan depozit hisobvaragʻidan toʻlanadi. Bu summalar ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ushbu Kodeksning 118-moddasiga muvofiq undirilib, sudning depozit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Ekspertlar, mutaxassislar, guvohlar va tarjimonlarga tegishli boʻlgan summalar ular oʻz vazifalarini bajarganlaridan keyin sud tomonidan toʻlanadi.
Toʻlanishi lozim boʻlgan summalarni toʻlash tartibi va miqdori qonunchilikda belgilanadi.
118-modda. Sud xarajatlarining taqsimlanishi
Sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Hal qiluv qarori oʻz foydasiga chiqarilgan tarafga ish boʻyicha qilingan barcha sud xarajatlarining oʻrni, garchi boshqa taraf davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa ham ushbu boshqa taraf hisobidan qoplanadi.
Daʼvogar toʻlashdan belgilangan tartibda ozod qilingan davlat boji, agar javobgar boj toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa, qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan respublika budjeti daromadiga undiriladi.
Agar ish ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibini buzish (talabnomani javobsiz qoldirish, talab qilingan hujjatlarni joʻnatmaslik) oqibatida yuzaga kelgan boʻlsa, sud ishning natijasidan qatʼi nazar, sud xarajatlarini shu shaxsning zimmasiga yuklatishga haqli.
Daʼvogarning talablari u sudga murojaat qilganidan soʻng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilsa, sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi.
Agar daʼvogar tomonidan bildirilgan neustoykani undirish haqidagi talab asosli boʻlib, biroq uning miqdori qonunchilikda belgilangan huquqdan foydalanilgan holda sud tomonidan kamaytirilgan boʻlsa, sud xarajatlarining kamaytirilishi hisobga olinmagan holda undirilishi lozim boʻlgan neustoyka summasidan kelib chiqqan holda, sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatilishi lozim.
Davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab taqdim etilgan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari koʻzlanib daʼvo taqdim etilgan shaxslardan daʼvo talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi kelishuviga koʻra, sud ushbu kelishuvga muvofiq hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyati berish bilan bogʻliq holda qilgan sud xarajatlari ushbu moddada bayon etilgan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.
13-bob. Protsessual muddatlar
119-modda. Protsessual muddatlarni belgilash va hisoblash
Protsessual harakatlar ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, protsessual muddatlar belgilanmagan hollarda esa ular sud tomonidan tayinlanadi.
Protsessual harakatlarni amalga oshirish muddatlari albatta yuz berishi kerak boʻlgan voqea koʻrsatilgan aniq kalendar sana bilan yoki vaqtning harakat amalga oshirilishi mumkin boʻlgan davri bilan belgilanadi.
Protsessual muddatlar yillar, oylar va kunlar bilan hisoblanadi.
Yillar, oylar yoki kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddatning oʻtishi kalendar sananing yoki muddatning boshlanishi deb belgilangan voqea yuz bergan kunning ertasidan boshlanadi.
120-modda. Protsessual muddatlarning tugashi
Yillar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddatning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tugaydi.
Oylar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddatning oxirgi oyining tegishli kunida tugaydi.
Agar oylar bilan hisoblanadigan protsessual muddatning tugashi tegishli kuni boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, muddat shu oyning oxirgi kunida tugaydi.
Kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddatning oxirgi kunida tugaydi.
Muddatning oxirgi kuni ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelgan hollarda, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddatning tugashi kuni deb hisoblanadi.
Protsessual harakat belgilangan muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtgacha bajarilishi mumkin.
Agar ariza, shikoyat va boshqa hujjatlar pochtaga topshirilgan, elektron hujjat tarzida yuborilgan, tegishli organga yoxud ularni qabul qilib olish vakolatiga ega boʻlgan shaxsga protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtga qadar berilgan boʻlsa, muddat oʻtkazib yuborilgan deb hisoblanmaydi.
Agar protsessual harakat bevosita sudda yoki boshqa tashkilotda amalga oshirilishi kerak boʻlsa, muddat ushbu sudda yoki tashkilotda ish kuni tugagan yoki tegishli operatsiyalar tugatilgan soatda tugaydi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeks va boshqa qonunlarda belgilangan protsessual muddatlar yoki sud tomonidan tayinlangan muddat oʻtishi bilan protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini yoʻqotadi. Bu holatda protsessual muddatlarning oʻtishi koʻrsatilgan shaxslarni oʻz zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan ozod qilmaydi.
Protsessual muddatlar oʻtganidan keyin berilgan arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlar, agar oʻtkazib yuborilgan muddatlarni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud uni qanoatlantirish rad etilgan boʻlsa, ularni taqdim etgan shaxslarga qaytariladi.
122-modda. Protsessual muddatlarni toʻxtatib turish
Ish yuritish toʻxtatib turilishi bilan barcha oʻtib ketmagan protsessual muddatlarning oʻtishi toʻxtatib turiladi. Ish yuritish tiklangan kundan eʼtiboran protsessual muddatlarning oʻtishi davom etadi.
123-modda. Oʻtkazib yuborilgan protsessual muddatlarni tiklash
Sud ushbu Kodeksda va boshqa qonunda belgilangan, oʻtkazib yuborilgan protsessual muddatni, agar u oʻtkazib yuborilish sabablarini uzrli deb topsa, ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga koʻra tiklashga haqli.
Oʻtkazib yuborilgan protsessual muddatni tiklash haqida yoki tiklashni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Protsessual muddatni tiklashni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
124-modda. Protsessual muddatlarni uzaytirish
Sud tomonidan tayinlangan protsessual muddatlar ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasi boʻyicha shu sud tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Protsessual muddatni uzaytirish haqida yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
14-bob. Sud jarimalari
125-modda. Sud jarimalarini solish
Sud jarimalari ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda sud tomonidan solinadi.
Fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha, yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda sud jarimasi solinadi.
Sud tomonidan davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va boshqa organlarning, tashkilotlarning mansabdor shaxslariga solingan sud jarimalari ularning shaxsiy mablagʻlaridan undiriladi.
Sud jarimalari respublika budjeti daromadiga undiriladi.
126-modda. Sud jarimasi solish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish tartibi
Sud majlisida hozir boʻlgan shaxsga nisbatan sud jarimasini solish haqidagi masala shu sud majlisida hal etiladi.
Sud majlisida hozir boʻlmagan shaxsga nisbatan sud jarimasini solish haqidagi masala boshqa sud majlisida hal etiladi. Oʻziga nisbatan sud jarimasi solish toʻgʻrisidagi masala koʻrilayotgan shaxs sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Tegishli tarzda xabardor qilingan shaxsning kelmaganligi sud jarimasi solish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi.
Sud jarimasi solish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.
Sud jarimasini solish toʻgʻrisidagi ajrimning koʻchirma nusxasi jarima solingan shaxsga yuboriladi.
Sud jarimasini solish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Sud jarimasini solish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat (protest) berilishi ajrimning ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi.
15-bob. Sud xabarnomalari va chaqiruvlari
127-modda. Sud xabarnomalari va chaqiruvlarini yuborish tartibi
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida sud ajrimi orqali xabardor qilinadi, ajrim topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki ushbu shaxslarga tilxat olib topshiriladi yoxud xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini taʼminlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda xabardor qilinadi. Iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari ajrim orqali, zarur hollarda esa sud chaqiruv qogʻozlari, telegrammalar, fakslar, teletayplar hamda boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi va sudga chaqiriladi.
128-modda. Tegishli tarzda xabardor qilish
Agar sud iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi oʻziga yuborilgan ajrimning koʻchirma nusxasini olganligi yoki ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilinganligi toʻgʻrisida sud majlisi boshlanguniga qadar maʼlumotlarga ega boʻlsa, ushbu ishtirokchi tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi quyidagi hollarda ham sud tomonidan tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi, agar:
ajrim yoʻllangan shaxs ajrimning koʻchirma nusxasini olishni rad etgan va ushbu rad etish qayd etilgan boʻlsa;
sud tomonidan yuridik shaxsning sudga maʼlum boʻlgan oxirgi joylashgan yeri (pochta manzili), fuqaroning yashash joyi boʻyicha yuborilgan ajrimning koʻchirma nusxasi oluvchi koʻrsatilgan manzilda yoʻqligi sababli topshirilmagan va bu haqda aloqa muassasasi sudni xabardor qilgan boʻlsa;
ajrimning koʻchirma nusxasi sud tomonidan elektron pochta orqali yoki xabardor qilinganlik faktini tasdiqlovchi boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda yuborilgan kundan eʼtiboran uch kun oʻtgan boʻlsa.
129-modda. Ish yuritish vaqtida manzilning oʻzgarishi
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish yuritish vaqtida oʻz manzili oʻzgarganligi haqida sudga xabar berishi shart. Bunday xabar mavjud boʻlmagan taqdirda, ajrimning koʻchirma nusxasi sudga maʼlum boʻlgan oxirgi manzilga yuborilib, garchi oluvchi shu manzilda boʻlmasa ham yoki yashamasa ham u yetkazib berilgan deb hisoblanadi.
Agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻz telefon va faks raqamlarini, elektron manzilini sudga maʼlum qilgan boʻlsa, ularning ish yuritish vaqtida oʻzgarganligi toʻgʻrisida sudni yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida xabardor qilishi kerak.
16-bob. Yarashtirish tartib-taomillari
130-modda. Taraflarning kelishuvi
Sud taraflarning kelishuvi uchun choralar koʻradi, ularga iqtisodiy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida nizoni hal etishga koʻmaklashadi.
131-modda. Kelishuv bitimini yoki mediativ kelishuvni tuzish
Taraflar nizoni kelishuv bitimini yoki mediativ kelishuvni tuzib hal etishi mumkin.
Kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv daʼvo tartibidagi har qanday ish boʻyicha tuzilishi mumkin.
Kelishuv bitimi iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida va sud hujjatini ijro etish jarayonida, mediativ kelishuv esa birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar taraflar tomonidan tuzilishi mumkin.
Kelishuv bitimi u sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan hisoblanadi.
132-modda. Kelishuv bitimining shakli va mazmuni
Kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi va kelishuv bitimini tuzgan shaxslar yoki ularning vakillari tomonidan imzolanadi.
Kelishuv bitimida taraflar tomonidan kelishilgan majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari haqidagi qoidalar koʻrsatilishi kerak.
Taraflar tomonidan kelishuv bitimi shartlari boʻyicha qabul qilingan majburiyatlarning bajarilishi taraflarni bir-biriga yoki boshqa voqealarga (harakatlarga) bogʻliq qilib qoʻyishi mumkin emas.
Kelishuv bitimida javobgar tomonidan majburiyatlarni kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib ijro etish toʻgʻrisidagi, talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi, qarzdan toʻliq yoki qisman voz kechish yoxud qarzni tan olish toʻgʻrisidagi, sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shartlar va qonunga zid boʻlmagan boshqa shartlar koʻrsatilishi mumkin.
Agar kelishuv bitimida sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shart mavjud boʻlmasa, sud bu masalani kelishuv bitimini tasdiqlash chogʻida, ushbu Kodeksda belgilangan umumiy tartibda hal etadi.
Kelishuv bitimi uni tuzgan shaxslar sonidan bitta ortiq nusxada tuziladi va imzolanadi. Ushbu nusxalardan biri ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
133-modda. Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish
Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala qaysi sudning ish yurituvida boʻlsa, oʻsha sud tomonidan sud majlisida koʻriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi haqida ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi.
Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi masalani koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi.
Sud kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida ajrim chiqaradi, unda ish yuritish tugatilganligi koʻrsatiladi.
Kelishuv bitimi sud hujjatini ijro etish bosqichida tuzilgan taqdirda, bitim ishni koʻrgan birinchi instansiya sudiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Ijro bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash masalasi kelishuv bitimi sudga taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatda, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha koʻriladi.
Kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi ajrimning xulosa qismida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) kelishuv bitimining shartlari;
2) kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi xulosa;
3) sud xarajatlarini taqsimlash;
4) ish yuritishni tugatish haqidagi maʼlumot.
Apellyatsiya yoki kassatsiya yoxud taftish instansiyasi sudining kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi qarorining xulosa qismida ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlardan tashqari, ish boʻyicha avval qabul qilingan barcha sud hujjatlarini bekor qilish haqidagi koʻrsatma boʻlishi kerak.
Sudning ijro bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrimining xulosa qismida kelishuv bitimining shartlari va kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi xulosa boʻlishi kerak.
Kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi sud hujjati ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Kelishuv bitimini tuzgan shaxslar uni ushbu bitimda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ravishda bajaradi.
Sud tomonidan tasdiqlangan, kelishuv bitimida nazarda tutilgan muddatlarda ixtiyoriy ijro etilmagan kelishuv bitimi uni tuzgan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida, bitimning ushbu Kodeks V boʻlimi qoidalariga binoan, sud xarajatlarini undirishga taalluqli qismi esa sudning tashabbusi bilan majburiy ijro etilishi lozim.
134-modda. Kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish
Sud kelishuv bitimini tasdiqlashni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
1) uning shartlari qonunchilikka zid boʻlsa;
2) uning shartlari uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlsa;
3) u shart asosida tuzilgan boʻlsa.
Kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
II BOʻLIM. BIRINCHI INSTANSIYA SUDIDA ISH YURITISH
17-bob. Sud buyrugʻi
135-modda. Sud buyrugʻi berish boʻyicha talablar
Sud buyrugʻi sudya tomonidan quyidagi hollarda yakka tartibda beriladi, agar:
1) soliq qarzini undirishni yuridik shaxslarning va fuqarolarning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida talab bildirilgan boʻlsa;
2) kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovi boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida tasdiqlovchi hujjatlarga asoslangan talab bildirilgan boʻlsa;
3) hujjatlar asosida tan olingan debitorlik qarzini undirish toʻgʻrisida talab bildirilgan boʻlsa;
4) talab toʻlanmagan, akseptlanmagan va akseptga sana qoʻyilmagan veksel notarius tomonidan protest qilinishiga asoslangan boʻlsa;
5) yozma bitim mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab bildirilgan boʻlsa.
136-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza sudga yozma shaklda, sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi. U kreditor yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) kreditorning, qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;
3) kreditorning qonunchilikka asoslangan talabi;
4) talabga asos boʻlgan holatlar va ularni tasdiqlovchi dalillar;
5) undiriladigan summaning hisob-kitobi, undiruv qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulkka qaratilgan taqdirda esa, undirilayotgan koʻchar mol-mulkning tavsifi va toʻlanmagan toʻlovlar summasining hisob-kitobi;
6) undirilayotgan qarzdorlik vujudga kelgan davr;
7) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Arizada kreditorning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
137-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning koʻchirma nusxalarini qarzdorga topshirish
Kreditor sud buyrugʻini berish toʻgʻrisida ariza berganida qarzdorga shu arizaning koʻchirma nusxasini topshirishi shart.
138-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlar
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:
1) davlat boji hamda pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini;
2) sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning koʻchirma nusxasi qarzdorga topshirilganligini;
3) talabga asos boʻlgan holatlarni.
Kommunal xizmatlar uchun haq toʻlash boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talablar bildirilganida sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga:
1) isteʼmolchi bilan tuzilgan shartnomaning;
2) qarzdor tan olgan qarz yuzaga kelgan davr koʻrsatilgan qarz hisob-kitobining;
3) penya hisoblanishi toʻgʻrisidagi va isteʼmolchini tegishli kommunikatsiya tarmoqlaridan uzish haqida ogohlantirish koʻrsatilgan, qarzni uzish toʻgʻrisidagi talabning;
4) isteʼmolchini tegishli kommunikatsiya tarmoqlaridan uzish haqidagi yoxud yetkazib berishni texnologik yoki avariya zaxirasi darajasigacha cheklash toʻgʻrisidagi dalolatnomaning koʻchirma nusxalari ilova qilinadi.
Agar sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza kreditorning vakili tomonidan imzolangan boʻlsa, arizaga vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
139-modda. Davlat boji
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza uchun sudga daʼvo bilan umumiy tartibda murojaat qilinganda nizolashilayotgan summadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan stavkaning ellik foizi miqdorida davlat boji toʻlanadi.
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish rad etilgan taqdirda, undiruvchi toʻlagan davlat boji undiruvchi tomonidan qarzdorga umumiy tartibda daʼvo taqdim etilganda toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji hisobiga oʻtkaziladi.
140-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilishni rad etish
Sudya ushbu Kodeksning 154-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha, shuningdek agar bildirilgan talab ushbu Kodeksning 135-moddasida nazarda tutilmagan boʻlsa, sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilishni rad etadi.
Sudya arizani qabul qilishni rad etish haqida ushbu ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi.
Arizani qabul qilishni rad etish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Arizani qabul qilish bildirilgan talab ushbu Kodeksning 135-moddasida nazarda tutilmaganligi asosida rad etilganligi kreditorning ushbu talab boʻyicha umumiy tartibda daʼvo taqdim etish imkoniyatiga toʻsqinlik qilmaydi.
141-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish
Sudya sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani quyidagi hollarda qaytaradi, agar:
1) ariza ushbu Kodeksning 136-moddasida belgilangan talablarga rioya qilmagan holda berilgan boʻlsa;
2) ariza imzolanmagan boʻlsa yoki uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
3) bildirilgan talabni tasdiqlovchi, shuningdek ushbu Kodeksning 138-moddasida sanab oʻtilgan hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa;
4) qarzdorga arizaning koʻchirma nusxasi topshirilganligiga doir dalillar taqdim etilmagan boʻlsa;
5) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa;
6) mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa;
7) sud buyrugʻi berilguniga qadar kreditordan arizani qaytarib olish toʻgʻrisida ariza tushgan boʻlsa.
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani ushbu modda birinchi qismining 1 — 6-bandlari asosida qaytarish haqida sudya ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay, ushbu modda birinchi qismining 7-bandi asosida esa sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish haqidagi ariza kelib tushgandan keyingi kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi.
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin ushbu ariza bilan sudga umumiy tartibda ikkinchi marta murojaat etishga toʻsqinlik qilmaydi.
142-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga eʼtiroz
Qarzdor kreditorning talablariga qarshi eʼtirozini sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning koʻchirma nusxasi unga topshirilgan paytdan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda sudga tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli.
Qarzdorning eʼtirozni belgilangan muddatda taqdim etmaganligi, shuningdek uning bildirilgan talabga roziligi sud buyrugʻini berish uchun asos boʻladi.
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga eʼtiroz qarzdor yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan eʼtirozga ishonchnoma ilova qilinadi.
143-modda. Sud buyrugʻini berish tartibi va muddati
Sud buyrugʻi sudya tomonidan sud muhokamasisiz, kreditor va qarzdorni chaqirtirmasdan, ularning tushuntirishlarini eshitmasdan yakka tartibda beriladi.
Sud buyrugʻi kreditor tomonidan arizaning koʻchirma nusxasi qarzdorga topshirilgan kundan eʼtiboran oʻn kun oʻtgach beriladi.
Sud buyrugʻi sudya tomonidan ikki nusxada imzolanadi, ulardan biri ishning yigʻma jildida qoladi, boshqasi sudning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi va kreditorga beriladi. Qarzdorga sud buyrugʻining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi yuboriladi.
Sud buyrugʻi elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.
144-modda. Sud buyrugʻi berishni rad etish
Sudya quyidagi hollarda sud buyrugʻini berishni rad etadi, agar:
1) qarzdor bildirilgan talabga qarshi eʼtiroz taqdim qilgan boʻlsa;
2) huquq toʻgʻrisidagi mavjud nizo taqdim etilgan hujjatlar asosida hal etib boʻlmaydi deb hisoblansa.
Sud buyrugʻini berishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Sud buyrugʻini berishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Sud buyrugʻini berishni rad etish oʻsha talabni daʼvo tartibida taqdim etish imkoniyatiga toʻsqinlik qilmaydi.
145-modda. Sud buyrugʻining mazmuni
Sud buyrugʻida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) sudning nomi, joylashgan yeri va buyruq berilgan sana;
2) ishning raqami, sudyaning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari, talab nima haqdaligi;
3) kreditorning, qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami;
4) undirilishi lozim boʻlgan pul summalarining miqdori yoki undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulk, uning tavsifi va bahosi;
5) undirilayotgan qarz hosil boʻlgan davr;
6) neustoyka, agar u toʻlanishi lozim boʻlsa va qarzdor tomonidan tan olingan boʻlsa;
7) undirilishi lozim boʻlgan davlat bojining va pochta xarajatlarining summasi.
146-modda. Sud buyrugʻining qonuniy kuchga kirishi
Sud buyrugʻi u berilganidan soʻng oʻn kunlik muddat oʻtgach qonuniy kuchga kiradi.
Sud buyrugʻi ijro hujjati kuchiga ega va u sud hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda ijro etilishi lozim.
147-modda. Sud buyrugʻini bekor qilish
Agar qarzdor uzrli sabab bilan oʻz vaqtida kreditorning talabiga qarshi eʼtiroz bildirish imkoniyatiga ega boʻlmagan boʻlsa, sud buyrugʻining koʻchirma nusxasi olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud buyrugʻi qabul qilingan shaxslar esa sud buyrugʻi qabul qilinganligi ularga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda oʻsha sudga sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisida ariza berishga haqli. Sud bunday holda buyruqni bekor qilishga haqli, shundan keyin kreditorning talabi daʼvo ishini yuritish tartibida koʻrilishi mumkin.
Sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisida yoki bekor qilishni rad etish haqida ajrim chiqariladi.
Sud buyrugʻini bekor qilish haqidagi yoki bekor qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay sud muhokamasisiz, kreditor va qarzdor chaqirtirilmasdan, ularning tushuntirishlarini eshitmasdan chiqariladi.
Sud buyrugʻini bekor qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
18-bob. Daʼvo taqdim etish
148-modda. Ish qoʻzgʻatish asoslari
Sud:
1) manfaatdor shaxslarning arizalari boʻyicha;
2) prokurorning arizasi boʻyicha;
3) davlat organlari va boshqa shaxslar yuridik shaxslar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida qonun boʻyicha sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan hollarda, shu davlat organlarining va boshqa shaxslarning arizalari boʻyicha ish qoʻzgʻatadi.
Agar qonunda muayyan toifadagi nizolar uchun sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, faqat taraflar oʻzaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini koʻrganlaridan keyingina sudda ish qoʻzgʻatilishi mumkin.
149-modda. Daʼvo arizasining shakli va mazmuni
Daʼvo arizasi sudga yozma shaklda beriladi. U daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Daʼvo arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;
3) agar daʼvo baholanishi lozim boʻlsa, daʼvoning bahosi;
4) daʼvo talablariga asos boʻlgan holatlar;
5) daʼvo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar;
6) undirilayotgan yoki nizolashilayotgan summaning hisob-kitobi;
7) daʼvogarning qonunchilikka asoslab keltirgan talablari, daʼvo bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa ularning har biriga nisbatan talablar;
8) javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa;
9) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Daʼvo arizasida daʼvogarning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
Daʼvo arizasida, agar nizoni toʻgʻri hal qilish uchun zarur boʻlsa, boshqa maʼlumotlar, shuningdek daʼvogardagi mavjud iltimosnomalar koʻrsatiladi.
Daʼvogar oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta talabni bitta daʼvo arizasiga birlashtirishga haqli.
150-modda. Daʼvo arizasining va unga ilova qilinadigan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini yuborish
Daʼvogar daʼvo taqdim etganda javobgarga va uchinchi shaxslarga daʼvo arizasining va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini yuborishi shart.
Daʼvo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari javobgarga hamda uchinchi shaxslarga axborot tizimi orqali elektron tarzda yuborilishi mumkin.
151-modda. Daʼvo arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
Daʼvo arizasiga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:
1) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini;
2) daʼvo arizasining koʻchirma nusxasi va unga ilova qilingan hujjatlar javobgarga va uchinchi shaxslarga yuborilganligini;
3) javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa;
4) daʼvo talablariga asos boʻlgan holatlarni;
5) daʼvogarning yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligini;
6) daʼvo arizasini imzolash vakolatini, agar u vakil tomonidan imzolangan boʻlsa.
Shartnoma tuzishga majbur etish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasiga shartnoma loyihasi ham ilova qilinadi.
Investitsiyaviy nizolar boʻyicha daʼvo arizasiga investitsiya shartnomasining koʻchirma nusxasi, yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvo arizasiga esa uning yirik investorligini tasdiqlovchi hujjat ham ilova qilinadi.
Sudlovga tegishlilik taraflarning kelishuviga koʻra oʻzgartirilgan, shu jumladan eksterritorial sudlovga tegishlilik tanlangan taqdirda, daʼvo arizasiga taraflarning bunday kelishuvi mavjudligini tasdiqlovchi hujjat ham ilova qilinadi.
152-modda. Daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi masalani hal etish
Sudya daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish yoxud sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazish haqidagi masalani daʼvo arizasi sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay yakka tartibda hal qiladi.
Daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish yoxud daʼvo arizasini sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, ajrimning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ajrim chiqarilganidan keyingi kundan kechiktirmay yuboriladi.
Sudga taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha suddan yoki maʼmuriy suddan daʼvo arizasi (ariza) yoki ish materiallari kelib tushganda sudya daʼvo arizasi (ariza) ushbu Kodeksning 149, 150 va 151-moddalarida koʻrsatilgan talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza (shikoyat) sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay daʼvogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi va unga buning uchun oʻn kundan oshmaydigan muddat beradi.
153-modda. Daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish
Sudya ushbu Kodeksda nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda berilgan daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilishi va ish qoʻzgʻatishi shart.
Sudya ushbu Kodeks 151-moddasi birinchi qismining 1 va 4-bandlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan daʼvo arizasini, agar daʼvo arizasiga davlat bojini toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi yoki daʼvogarda mavjud boʻlmagan dalillarni talab qilib olish haqidagi tegishli iltimosnomalar ilova qilingan hamda bu iltimosnomalar qanoatlantirilgan boʻlsa, ish yuritishga qabul qilishga va ish qoʻzgʻatishga haqli.
Sudyaning ushbu Kodeks 151-moddasi birinchi qismining 1 va 4-bandlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi xulosasi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda asoslantirilgan boʻlishi kerak.
154-modda. Daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilishni rad etish
Sudya daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
1) ish iqtisodiy sudga, fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki maʼmuriy sudga taalluqli boʻlmasa;
2) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan iqtisodiy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrimi yoxud fuqarolik ishlari boʻyicha sudning hal qiluv qarori yoki kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida ajrimi boʻlsa;
3) iqtisodiy sudning, fuqarolik ishlari boʻyicha sudning, hakamlik sudining, arbitraj sudining ish yuritishida ayni bir shaxslar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisida va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan ish mavjud boʻlsa;
4) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan hakamlik sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boʻlsa, bundan iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berishni rad etgan hollar mustasno;
41) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan arbitrajning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa, bundan iqtisodiy sud arbitrajning hal qiluv qarorini tan olishni va ijroga qaratishni rad etgan hollar mustasno;
5) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan hakamlik muhokamasini tugatish toʻgʻrisida chiqarilgan ajrim boʻlsa, bundan hakamlik sudida ushbu nizoni koʻrib chiqish vakolati mavjud emasligi sababli hakamlik muhokamasi tugatilganligi holati mustasno.
51) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan arbitraj muhokamasini tugatish toʻgʻrisida chiqarilgan ajrim mavjud boʻlsa, bundan arbitraj sudida ushbu nizoni koʻrib chiqish vakolati mavjud emasligi sababli arbitraj muhokamasi tugatilganligi holati mustasno;
52) sudning ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan tuzilgan mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ajrimi mavjud boʻlsa.
Daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, daʼvo arizasi sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.
155-modda. Daʼvo arizasini qaytarish
Sudya daʼvo arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni quyidagi hollarda qaytaradi, agar:
1) daʼvo arizasining ushbu Kodeks 149-moddasida belgilangan shakli va mazmuniga rioya qilinmagan boʻlsa;
11) daʼvogar sudyaning ushbu Kodeks 152-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan koʻrsatmasini belgilangan muddatda bajarmagan boʻlsa;
2) daʼvo arizasi imzolanmagan boʻlsa yoki uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
3) ish mazkur sudning sudloviga tegishli boʻlmasa;
4) oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta talab birlashtirilgan boʻlib, ularning ayrimlari fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki maʼmuriy sudga, boshqalari esa iqtisodiy sudga taalluqli boʻlsa;
5) javobgarga va uchinchi shaxslarga daʼvo arizasining hamda unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmagan boʻlsa;
6) davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa;
7) mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni daʼvogar taqdim etmagan boʻlsa;
71) daʼvogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmagan boʻlsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa;
8) bitta daʼvo arizasida bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan oʻzaro bogʻliq boʻlmagan bir nechta talab birlashtirilgan boʻlsa;
9) qonunchilikka yoki shartnomaga koʻra qarz bank yoki boshqa kredit tashkiloti orqali olinishi kerak boʻlganda qarzni javobgardan olish uchun bankka yoxud boshqa kredit tashkilotiga murojaat qilinganligiga doir dalillar taqdim etilmagan boʻlsa;
10) daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilguniga qadar uni qaytarib olish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan boʻlsa.
Sud ushbu Kodeks 160-moddasining ikkinchi qismi talablariga muvofiq boʻlmagan qarshi daʼvoni qaytaradi.
Daʼvo arizasini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, daʼvo arizasi sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
Daʼvo arizasining qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin daʼvo arizasi bilan sudga umumiy tartibda takroran murojaat etishga toʻsqinlik qilmaydi.
156-modda. Daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr
Ishda ishtirok etuvchi shaxs daʼvo arizasi yuzasidan daʼvoga qarshi eʼtirozlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan yozma fikrini va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yozma fikrining hamda ularda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillarni ish koʻriladigan kungacha yetib borishini taʼminlaydigan muddatda, ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay sudga yuborishga haqli.
Daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikrda ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoki uning vakilining pochta manzili, telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili (agar ular mavjud boʻlsa) koʻrsatiladi.
Daʼvo arizasi boʻyicha yozma fikr ishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning ish yuritishga doir vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
157-modda. Daʼvoning asosini yoki predmetini, daʼvo talablari miqdorini oʻzgartirish, daʼvodan voz kechish
Daʼvogar ishni birinchi instansiya sudida koʻrish chogʻida ishning mazmunan koʻrilishi yakuni boʻyicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar daʼvoning asosini yoki predmetini oʻzgartirishga, daʼvo talablarining miqdorini koʻpaytirishga yoki kamaytirishga haqli.
Daʼvogar ishni har qanday instansiya sudida koʻrishda tegishli sud instansiyasida ishni koʻrish yakuni boʻyicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar daʼvodan toʻliq yoki qisman voz kechishga haqli.
Sud daʼvoning asosi va predmeti bir vaqtda oʻzgartirilishini qabul qilmaydi. Sud daʼvodan voz kechishni, daʼvo talablari miqdorini kamaytirishni ham, agar bu qonunchilikka zid boʻlsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, qabul qilmaydi. Bunday hollarda sud ishni mazmunan koʻradi.
Daʼvoning asosini yoki predmetini oʻzgartirishni, daʼvo talablari miqdorini koʻpaytirishni yoki kamaytirishni, daʼvogarning daʼvodan toʻliq yoki qisman voz kechishini qabul qilish haqida yoxud qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
158-modda. Ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish
Birinchi instansiya sudi ayni bir shaxslar ishtirok etuvchi bir turdagi bir nechta ishni bitta ish yuritishga birlashtirishga haqli.
Ishlarni birlashtirishga sudning ishni koʻrish yakuni boʻyicha hujjati qabul qilinguniga qadar yoʻl qoʻyiladi. Ishlar birlashtirilganda ular boʻyicha ishni koʻrish muddati keyinroq tayinlangan ish boʻyicha belgilanadi.
Ishlarni birlashtirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
159-modda. Talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratish
Agar sud talablarni ajratib koʻrishni maqsadga muvofiq deb topsa, u bir yoki bir nechta birlashtirilgan talabni alohida ish yuritishga ajratishga haqli.
Talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratishga ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar yoki uni qabul qilish bilan bir vaqtda yoʻl qoʻyiladi.
Talablarning qismini alohida ish yuritishga ajratish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Ajratilgan talab boʻyicha ishni koʻrish muddati ajrim chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
160-modda. Qarshi daʼvoni taqdim etish huquqi
Ish boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar javobgar dastlabki daʼvo bilan birga koʻrib chiqish uchun qarshi daʼvo taqdim etishga haqli.
Qarshi daʼvo quyidagi hollarda taqdim etilishi mumkin, agar:
1) qarshi talab dastlabki talabni hisobga olishga qaratilgan boʻlsa;
2) qarshi daʼvoni qanoatlantirish dastlabki daʼvoni toʻliq yoki qisman qanoatlantirishni istisno qilsa;
3) qarshi daʼvo bilan dastlabki daʼvo oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik boʻlib, ularni birgalikda koʻrib chiqish nizoni oʻz vaqtida va toʻgʻri hal etishga olib kelsa.
161-modda. Qarshi daʼvoni taqdim etish va ish yuritishga qabul qilish
Qarshi daʼvoni taqdim etish va ish yuritishga qabul qilish ushbu Kodeksda daʼvo arizalarini taqdim etish va ish yuritishga qabul qilish uchun belgilangan qoidalar boʻyicha amalga oshiriladi.
19-bob. Ishni sud muhokamasiga tayyorlash
162-modda. Ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrim
Sudya daʼvo arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay, sudgacha majlis oʻtkazilgan hollarda esa daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va ish qoʻzgʻatilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisida ajrim chiqaradi, unda oʻzi hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan harakatlar, ushbu harakatlar amalga oshirilishi kerak boʻlgan muddatlar, sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi koʻrsatiladi.
Ishni sud muhokamasiga tayyorlash boʻyicha harakatlar daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi ajrimda bayon etilishi mumkin, bundan ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida sudgacha majlis oʻtkazish hollari mustasno.
163-modda. Sudyaning ishni sud muhokamasiga tayyorlash boʻyicha harakatlari
Sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
1) ishda ishtirok etish uchun boshqa javobgarni yoki uchinchi shaxsni jalb etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi;
2) manfaatdor shaxslarni ishni yuritish toʻgʻrisida xabardor qiladi;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ularning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga boʻlgan huquqlari haqida xabardor qiladi;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, boshqa tashkilotlarga, ularning mansabdor shaxslariga muayyan harakatlarni amalga oshirishni taklif etadi, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatli hujjatlar va maʼlumotlar taqdim etishni taklif etadi;
5) guvohlarni chaqirtiradi;
6) ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi;
7) taraflarga zarur dalillarni olishga koʻmaklashadi, taraflarning iltimosnomasi boʻyicha ularni talab qilib oladi;
8) taraflarni kelishtirish choralarini koʻradi;
9) daʼvoni va dalillarni taʼminlash toʻgʻrisidagi masalalarni taraflarning iltimosnomasi boʻyicha hal etadi;
10) boshqa shaxslarning ishga kirishishi, ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish yoki daʼvo talablarini alohida ish yuritishga ajratish, sudning sayyor majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi.
Sudya ishning toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishni taʼminlashga qaratilgan boshqa harakatlarni ham amalga oshiradi.
Ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida sudya fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha, bundan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻriladigan ishlar mustasno, daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va ish qoʻzgʻatilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sudgacha majlis oʻtkazishi mumkin.
1631-modda. Sudgacha majlis
Sudgacha majlis oʻtkazish chogʻida sudya:
1) daʼvogarni oʻzi arz qilgan talablarning mohiyati boʻyicha soʻroq qiladi, undan javobgar bildirishi mumkin boʻlgan eʼtirozlarni aniqlaydi va, agar bu zarur boʻlsa, daʼvogarga qoʻshimcha dalillar taqdim etishni taklif qiladi, shuningdek arz qilingan talablaridan voz kechish huquqini hamda voz kechishning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;
2) ishning holatlari boʻyicha javobgarni soʻroq qiladi, daʼvogarning talablariga qarshi uning qanday eʼtirozlari borligini va bu eʼtirozlar qanday dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligini aniqlaydi, shuningdek javobgarga daʼvogarning talablarini tan olish yoxud qarshi talablar qoʻzgʻatish huquqini tushuntiradi, javobgarga ish yuzasidan yozma tushuntirishlar taqdim etishni taklif qiladi. Javobgarning yozma tushuntirishlarni va dalillarni taqdim etmaganligi, shuningdek sud majlisiga kelmaganligi ishni ishdagi mavjud dalillar boʻyicha koʻrish uchun toʻsqinlik qilmaydi;
3) taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;
4) ishning murakkabligini hisobga olgan holda sud muhokamasining prognoz qilinayotgan, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan iltimosnomalar va hujjatlarni sudga topshirish, guvohlar mavjud boʻlganda ularning roʻyxatlarini almashish muddatlarini nazarda tutuvchi jadvalini aniqlaydi;
5) sud majlisida hozir boʻlgan taraflar va boshqa manfaatdor shaxslardan ular oʻrtasida ushbu ishning sudga taalluqliligi masalasi boʻyicha kelishuv, ushbu Kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish zaruriyati mavjudligini aniqlaydi.
Sudgacha majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida taraflar va boshqa manfaatdor shaxslar xabardor qilinganlik faktini qayd etishni taʼminlaydigan sud chaqiruv qogʻozlari, buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.
Sudgacha majlis oʻtkazilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuzilib, unda quyidagilar koʻrsatiladi: sudgacha majlis oʻtkazilgan yil, oy, sana va joy; ishni yuritayotgan sudning nomi; sudyaning va majlis kotibining (sudya yordamchisining yoki katta yordamchisining) familiyasi hamda ismi-sharifining bosh harflari; taraflar, boshqa manfaatdor shaxslar haqidagi va ularga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; taraflar tomonidan berilgan tushuntirishlar.
Taraflar kelmagan taqdirda, sudya ushbu Kodeks 163-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan harakatlarni amalga oshiradi. Bunday holda sudgacha majlis bayonnomasi tuzilmaydi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, sudgacha majlisda ish yuritish toʻxtatib turilishi yoki tugatilishi, daʼvo arizasi koʻrmasdan qoldirilishi mumkin.
20-bob. Sud muhokamasi
164-modda. Sud muhokamasining muddati
Sud muhokamasi ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan oshmagan muddatda tugallanishi kerak.
Alohida hollarda, sud muhokamasining muddati sud raisi tomonidan bir oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
165-modda. Sud majlisi
Ish muhokamasi sud majlisida amalga oshiriladi. Sudning majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin.
Ish boʻyicha birinchi sud majlisi ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak.
Sud tashabbusiga koʻra yoki iqtisodiy sud ishlari ishtirokchilarining iltimosnomasiga koʻra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
Majlisda raislik qiluvchi sudya:
1) sud majlisini ochadi va qanday ish koʻrilishini eʼlon qiladi;
2) iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari majlisga kelgan-kelmaganligini, ularning vakolatlarini, majlisga kelmagan shaxslar tegishli ravishda xabardor qilingan-qilinmaganligini hamda ularning kelmaganligi sabablari toʻgʻrisida qanday maʼlumotlar borligini tekshiradi;
3) sud tarkibini eʼlon qiladi, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi, tarjimon sifatida kimlar ishtirok etayotganligini maʼlum qiladi hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning rad qilish huquqini tushuntiradi;
4) kelgan guvohlarni majlis zalidan soʻroq qilish boshlanguniga qadar chiqarib yuboradi;
5) sud protsessi ishtirokchilariga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;
6) tarjimonni bila turib notoʻgʻri tarjima qilganlik uchun, ekspertni bila turib notoʻgʻri xulosa berganlik uchun, guvohni bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantiradi;
7) dalillarni tekshirish tartibini belgilaydi;
8) ish uchun ahamiyatli holatlar aniqlanishini taʼminlab, majlisga rahbarlik qiladi;
9) majlisda tegishli tartibni taʼminlash choralarini koʻradi.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir boʻlganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televideniye orqali translyatsiya qilinishiga ishni koʻrayotgan sudning ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Ishni yopiq sud majlisida muhokama qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilganda yopiq sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar sud muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik toʻgʻrisida ogohlantirilib, ulardan tilxat olinadi. Tilxatda mazkur majburiyatni buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 239-moddasiga muvofiq javobgarlik haqidagi ogohlantirish ham aks ettiriladi.
166-modda. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga haqli.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida shaxslarning ishtirok etish huquqi haqida ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatilib, ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslarga hamda ularning bunday majlisda ishtirok etishiga koʻmaklashadigan tegishli sudga yuboriladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini taʼminlash uchun koʻrsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi boʻyicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni koʻrayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslarning vakillari vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnomalar, shuningdek sud majlisida taqdim etilgan dalillar ishni koʻrayotgan sudga yuborilishini taʼminlaydi.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga oʻz huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi audio- va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqi birinchi, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari sudlarining sud majlisida amalga oshirilishi mumkin.
167-modda. Sud majlisidagi tartib
Sudyalar majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida zalda hozir boʻlganlarning barchasi oʻrinlaridan turadi.
Sud jarayoni ishtirokchilari sudga “Hurmatli sud!” degan soʻzlar bilan murojaat qiladi. Ular sudga oʻz tushuntirishlari va koʻrsatuvlarini, savollarga javoblarini tik turib beradi. Bu qoidadan chetga chiqishga faqat raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Sud majlisi sudning normal ishlashini va sud jarayoni ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlaydigan sharoitlarda oʻtkaziladi. Sud majlisi zalida hozir boʻlgan hamda sudning ruxsati bilan sud majlisining fototasvirini, videoyozuvini, radio va televideniye orqali translyatsiyasini amalga oshirayotgan shaxslarning harakatlari sud majlisidagi tartibga xalaqit bermasligi kerak. Bu harakatlar sud tomonidan vaqt boʻyicha cheklanishi mumkin.
Majlis vaqtida tartib buzilgan taqdirda, raislik qiluvchi tartibni buzgan shaxsni sud nomidan ogohlantiradi. Tartib takroran buzilgan taqdirda, mazkur shaxs raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin.
Sudning hal qiluv qarorini majlis zalida hozir boʻlganlarning barchasi tik turib eshitadi.
168-modda. Dalillarni tekshirish
Sud muhokamasi davomida sud ish boʻyicha dalillarni tekshiradi: ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini, guvohlarning koʻrsatuvlarini, ekspertlarning xulosalarini, mutaxassislarning maslahatlarini (tushuntirishlarini) eshitadi, ashyoviy, yozma va raqamli dalillar bilan tanishadi, ashyoviy dalillarni koʻzdan kechiradi, shuningdek yozma shaklda taqdim etilgan tushuntirishlar, koʻrsatuvlar va xulosalarni oʻqib eshittiradi.
Audio- va videoyozuvlarni namoyish qilish sud majlisi zalida yoki ushbu maqsad uchun maxsus jihozlangan boshqa xonada amalga oshiriladi. Audio- va videoyozuvlar namoyish qilinganligi fakti sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
169-modda. Sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini hal qilishi
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yangi dalillarni talab qilib olish toʻgʻrisidagi hamda ish muhokamasi bilan bogʻliq boshqa barcha masalalar boʻyicha arizalari va iltimosnomalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari sud tomonidan eshitib boʻlinganidan keyin hal qilinadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.
Sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini qanoatlantirish toʻgʻrisidagi yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi xulosalari ishni koʻrish natijalari boʻyicha chiqarilgan sud hujjatida bayon qilinishi mumkin.
170-modda. Daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr, qoʻshimcha dalillar taqdim etilmaganda, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar kelmaganida nizoni hal qilish
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarga sud daʼvo arizasi yuzasidan taqdim etishni taklif qilgan yozma fikr yoki qoʻshimcha dalillar taqdim etilmaganligi ishni mavjud materiallar boʻyicha koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Ish muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan daʼvogar sud majlisiga kelmasa, daʼvogarning ishni uning yoʻqligida koʻrish toʻgʻrisidagi arizasi boʻlgan taqdirda, nizo uning yoʻqligida hal qilinishi mumkin.
Ish muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar sud majlisiga kelmasa, nizo ularning yoʻqligida hal qilinishi mumkin.
171-modda. Sud muhokamasini keyinga qoldirish
Sud kutilmagan va favqulodda holatlarda ishni sud majlisida koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, shu jumladan:
tarafning iltimosnomasi boʻyicha, u nizoni kelishuv yoʻli bilan hal qilish maqsadida suddan koʻmaklashishni soʻrab murojaat qilgan taqdirda;
agar sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxs sud majlisiga kela olmasligi sabablarini asoslagan holda sud muhokamasini keyinga qoldirish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilgan boʻlsa va basharti ushbu shaxsning ishtirokisiz ishni koʻrish mumkin boʻlmasa;
ishda ishtirok etuvchi shaxsning oʻz vakili sud majlisiga uzrli sababga koʻra kela olmaganligi munosabati bilan qilgan iltimosnomasi boʻyicha;
sud protsessi ishtirokchilaridan birortasi, agar sud ishni ushbu shaxsning ishtirokisiz koʻrish mumkin emas deb hisoblasa, kelmagan taqdirda;
tarafning qoʻshimcha dalillar taqdim etish yoki uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarurati bilan bogʻliq holda sud muhokamasini keyinga qoldirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi boʻyicha;
sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilayotganda videokonferensaloqa oʻrnatish imkoni boʻlmagan taqdirda;
sud protsessi ishtirokchilaridan birortasi kelmagan va koʻrsatilgan shaxsning sud muhokamasining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinganligi toʻgʻrisida dalillar mavjud boʻlmagan taqdirda;
ishga daxldor boʻlmagan javobgarni ishga daxldor boʻlgan javobgar bilan almashtirish zarur boʻlgan taqdirda;
nizoli huquqiy munosabatdan chiqib ketgan tarafni uning huquqiy vorisi bilan almashtirish zarur boʻlgan taqdirda;
ikkinchi javobgarni yoki uchinchi tarafni ishda ishtirok etish uchun jalb etish zarur boʻlgan taqdirda sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.
Sud muhokamasi uni keyinga qoldirishga asos boʻlib xizmat qilgan holatlarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan muddatga ushbu Kodeksda sud muhokamasi uchun nazarda tutilgan muddat doirasida, biroq koʻpi bilan oʻn kunga qoldirilishi mumkin.
Sud muhokamasini keyinga qoldirishlar soni uch martadan oshmasligi kerak.
Sud muhokamasini keyinga qoldirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Agar sud majlisida taraflar hozir boʻlsa, sud kelgan guvohlarni sud muhokamasi keyinga qoldirilguniga qadar soʻroq qilishga haqli. Bu guvohlarning koʻrsatuvlari yangi sud majlisida oʻqib eshittiriladi. Ushbu guvohlarni yangi sud majlisiga takroran chaqirish faqat zarur hollarda amalga oshiriladi.
Ishda ishtirok etuvchi, ammo sud majlisiga kelmagan shaxslar ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda yangi sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladigan tilxat orqali xabardor qilinadi.
Sud muhokamasi keyinga qoldirilganidan soʻng davom ettiriladi.
Zarur boʻlgan taqdirda ishning muhokamasi u qoldirilganidan keyin boshidan boshlanadi.
172-modda. Sud majlisida tanaffus
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga yoki oʻz tashabbusiga koʻra sud majlisida tanaffus eʼlon qilishi mumkin.
Sud majlisida tanaffus uch kundan oshmagan muddatga eʼlon qilinishi mumkin. Tanaffus haqida sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.
Tanaffus tugaganidan keyin sud majlisi davom ettiriladi, bu haqda raislik qiluvchi sud majlisida eʼlon qiladi. Tanaffusdan oldin tekshirilgan dalillarni takroran koʻrib chiqish amalga oshirilmaydi, shu jumladan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vakillari almashtirilganda ham amalga oshirilmaydi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tanaffus eʼlon qilinguniga qadar sud majlisida hozir boʻlganligidan yoki boʻlmaganligidan qatʼi nazar, sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan hisoblanadi hamda ularning tanaffus tugaganidan keyin sud majlisiga kelmaganligi sud majlisini davom ettirishga toʻsqinlik qilmaydi.
173-modda. Sud muzokaralari
Barcha dalillarni tekshirish tugaganidan keyin sud majlisida raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ularda ish boʻyicha qoʻshimcha materiallar bor-yoʻqligini aniqlaydi. Sud bunday materiallar mavjud boʻlmagan taqdirda, sud muzokaralariga oʻtadi.
Sud muzokaralari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ogʻzaki chiqishlaridan iborat boʻladi. Muzokaralarda ular ish boʻyicha oʻz nuqtai nazarini asoslaydi.
Sud muzokaralarida birinchi boʻlib daʼvogar, keyin nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs va javobgar soʻzga chiqadi. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs ishda qaysi daʼvogarning yoki javobgarning tarafida ishtirok etayotgan boʻlsa, shu daʼvogardan yoki javobgardan keyin soʻzga chiqadi.
Boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat etgan prokuror, shuningdek davlat organlarining va boshqa shaxslarning vakillari sud muzokaralarida birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.
Sud muzokaralari ishtirokchilari sud tomonidan aniqlanmagan holatlarga va sud majlisida tekshirilmagan yoki sud tomonidan yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan deb tan olingan dalillarga tayanishga haqli emas.
Ishda ishtirok etuvchi prokuror sud muzokaralarida nizoning mazmuniga doir fikrini oxirgi boʻlib bayon etadi, bundan ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
174-modda. Dalillarni tekshirishni tiklash
Agar sud muzokaralari vaqtida yoki ulardan keyin sud qoʻshimcha holatlarni aniqlash yoki yangi dalillarni tekshirish zarur deb tan olsa, u dalillarni tekshirishni tiklaydi, bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.
Dalillarni qoʻshimcha tekshirish tugaganidan keyin sud muzokaralari ushbu Kodeksda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
175-modda. Sud hujjatini qabul qilish uchun sudning alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishi
Sud ish boʻyicha dalillarni tekshirish va sud muzokaralari tugaganidan keyin sud hujjatini qabul qilish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) kiradi.
21-bob. Sudning hal qiluv qarori
1-§. Hal qiluv qarorini qabul qilishning umumiy qoidalari
176-modda. Hal qiluv qarorini qabul qilish
Sud ishni mazmunan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha hal qiluv qarori qabul qiladi.
Sud hal qiluv qarorini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi.
Hal qiluv qarori sudyalar maslahati sirini saqlash taʼminlanadigan sharoitlarda, sud majlisida ishtirok etayotgan sudyalar tomonidan qabul qilinadi.
Sud hal qiluv qarorini qabul qilayotgan xonada faqat ishni koʻrib chiqayotgan sud tarkibiga kiradigan sudyalar boʻlishi mumkin. Ushbu xonaga boshqa shaxslarning kirishi, shuningdek sud tarkibiga kirmaydigan shaxslar bilan muloqotda boʻlishning boshqa usullari taqiqlanadi.
Sudyalar hal qiluv qarorini qabul qilish chogʻidagi muhokama mazmuni toʻgʻrisidagi, sud tarkibiga kirgan ayrim sudyalarning nuqtai nazari haqidagi maʼlumotlarni biror-bir shaxsga xabar qilishga, sudyalar maslahati sirini boshqa usulda oshkor qilishga haqli emas.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi kerak. U sud majlisida tekshirilgan dalillargagina asoslangan boʻlishi mumkin.
177-modda. Hal qiluv qarorini qabul qilish chogʻida hal etiladigan masalalar
Hal qiluv qarorini qabul qilish chogʻida sud:
1) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning oʻz talablari va eʼtirozlarini asoslantirish uchun keltirgan dalillari va vajlariga baho beradi;
2) ish uchun ahamiyatli qaysi holatlar aniqlanganligini va qaysilari aniqlanmaganligini belgilaydi;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qaysi qonunchilik hujjatlarini ushbu ish boʻyicha qoʻllash mumkin emasligini hal qiladi;
4) ushbu ish boʻyicha qaysi qonunchilik hujjatlarini qoʻllash zarurligini aniqlaydi;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanday huquq va majburiyatlari borligini belgilaydi;
6) daʼvoni qanoatlantirish lozimligini yoki lozim emasligini hal qiladi.
Zarurat boʻlgan hollarda, sud hal qiluv qarorining ijrosini taʼminlash, hal qiluv qarorini ijro etishning tartibi va muddatini belgilash, dalillarning keyingi taqdirini belgilash, sud xarajatlarini taqsimlash bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni va boshqa masalalarni hal qiladi.
Sud hal qiluv qarorini qabul qilishda dalillarni qoʻshimcha tekshirish yoki ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlash zarur deb tan olib, sud muhokamasini yangidan boshlaydi, bu haqda ajrim chiqaradi. Bunday holda sud muhokamasi faqat qoʻshimcha tekshirish ehtiyoji boʻlgan holatlar doirasida olib boriladi.
178-modda. Hal qiluv qarorini tuzish
Hal qiluv qarori sudya tomonidan yozma shaklda tuziladi va u tomonidan imzolanadi.
Hal qiluv qarori bir nusxada tuziladi va ishga qoʻshib qoʻyiladi.
179-modda. Hal qiluv qarorining mazmuni
Sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat boʻladi.
Hal qiluv qarorining kirish qismida hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning nomi; sud tarkibi, sud majlisi kotibi; ish raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana va joy; nizo predmeti; ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ularning vakillari va sud protsessining boshqa ishtirokchilari koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarorining bayon qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning bildirilgan talablari va eʼtirozlari, tushuntirishlari, arizalari va iltimosnomalarining qisqacha bayoni boʻlishi kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida:
ishning sud tomonidan aniqlangan haqiqiy holatlari;
sudning ish holatlari toʻgʻrisidagi xulosalari asoslangan dalillar;
sudning u yoki bu dalillarni rad qilganligining, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vajlarini qabul qilganligining yoki rad etganligining asoslari;
hal qiluv qarorini qabul qilishda sud amal qilgan qonunchilik hujjatlari hamda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonunchilik hujjatlarini qoʻllamaganligining asoslari koʻrsatilishi kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlariga havolalar koʻrsatilishi mumkin.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida bildirilgan talablardan har birini toʻliq yoki qisman qanoatlantirish haqidagi yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosalar boʻlishi kerak.
Agar hal qiluv qarorini ijro etish tartibini sud belgilagan yoki uning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrgan boʻlsa, bu haqda hal qiluv qarorining xulosa qismida koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida taqsimlash, hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) muddati va tartibi koʻrsatiladi.
2-§. Daʼvo ishini yuritish tartibida hal etiladigan alohida toifadagi nizolar boʻyicha hal qiluv qarorlari mazmunining xususiyatlari
180-modda. Pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori
Sud pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi talabni qanoatlantirish chogʻida hal qiluv qarorining xulosa qismida undirilishi lozim boʻlgan pul summalarining umumiy miqdorini asosiy qarzning, zararlarning, neustoykaning (jarima va penyaning) hamda foizlarning miqdorini alohida-alohida aniqlagan holda koʻrsatadi.
181-modda. Mol-mulkni undirib berish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori
Sud mol-mulkni undirib berganida hal qiluv qarorining xulosa qismida daʼvogarga topshirilishi lozim boʻlgan mol-mulkning nomini, qiymatini va turgan joyini koʻrsatadi.
182-modda. Ijro hujjatini ijro etish mumkin emas deb topish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori
Ijro hujjatini yoki undirish soʻzsiz (akseptsiz) tartibda, shu jumladan notariusning ijro yozuvi asosida amalga oshiriladigan boshqa hujjatni ijro etish mumkin emas deb topish toʻgʻrisidagi talab qanoatlantirilganida sud hal qiluv qarorining xulosa qismida ijro etish mumkin boʻlmagan hujjatning nomi, tartib raqami va sanasini hamda hisobdan oʻchirilmaydigan summani koʻrsatadi.
183-modda. Shartnoma tuzish yoki uni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori
Shartnoma tuzish yoki uni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi talab qanoatlantirilganda sud hal qiluv qarorining xulosa qismida shartnomaning har bir nizoli sharti boʻyicha xulosasini, shartnoma tuzishga majburlash toʻgʻrisidagi talab boʻyicha esa taraflar qanday shartlarda shartnoma tuzishi majburligini koʻrsatadi.
184-modda. Muayyan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklatish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori
Pul mablagʻlarini undirish yoki mol-mulkni topshirish bilan bogʻliq boʻlmagan muayyan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklatish toʻgʻrisidagi talab qanoatlantirilganda sud hal qiluv qarorining xulosa qismida amalga oshirilishi kerak boʻlgan harakatlarni, shu harakatlarni amalga oshirishi shart boʻlgan shaxsni, shuningdek ularning amalga oshirilish joyi va muddatini koʻrsatadi.
185-modda. Bir necha daʼvogar foydasiga yoki bir necha javobgarga qarshi qabul qilingan hal qiluv qarori
Bir necha daʼvogarning talablari qanoatlantirilganda hal qiluv qarorining xulosa qismida sud ularning har biriga nisbatan uning qaysi qismi tegishliligini koʻrsatadi.
Bir necha javobgarga nisbatan talablar qanoatlantirilganda sud hal qiluv qarorining xulosa qismida javobgarlar zimmasiga ulushli yoki solidar javobgarlik yuklatilganligini koʻrsatadi.
Dastlabki va qarshi daʼvolar toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganda hal qiluv qarorining xulosa qismida sud daʼvolarni oʻzaro hisobga olish natijasida undirilishi lozim boʻlgan summani koʻrsatadi.
3-§. Sudning hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyingi harakatlari
186-modda. Hal qiluv qarorini eʼlon qilish
Sud muhokamasi tugallangan sud majlisida qabul qilingan hal qiluv qarorining faqat xulosa qismi eʼlon qilinadi, bu qism sudya tomonidan imzolanishi va ishga qoʻshib qoʻyilishi kerak.
Hal qiluv qarori besh kun ichida toʻliq hajmda tuziladi va imzolanadi.
Raislik qiluvchi hal qiluv qarorining xulosa qismi eʼlon qilinganidan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslarga hal qiluv qarorini toʻliq hajmda tuzish va ularga yuborish muddatini, shuningdek hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibini tushuntirib beradi.
187-modda. Hal qiluv qarorining oʻzgarmasligi
Ish boʻyicha hal qiluv qarori eʼlon qilinganidan soʻng hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning oʻzi uni bekor qilishga yoki oʻzgartirishga haqli emas, bundan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatining yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrilishi mustasno.
188-modda. Hal qiluv qarorining koʻchirma nusxalarini yuborish
Hal qiluv qarorining koʻchirma nusxalarini sud topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali ishda ishtirok etuvchi shaxslarga hal qiluv qarori eʼlon qilingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmasdan yuboradi yoki tilxat olib topshiradi, ushbu shaxslarning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa hal qiluv qarori elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, sud hal qiluv qarorining koʻchirma nusxalarini boshqa shaxslarga ham yuboradi.
189-modda. Qoʻshimcha hal qiluv qarori
Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud quyidagi hollarda qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qiladi, agar:
1) ishda ishtirok etuvchi shaxslar dalillar taqdim etgan biror-bir talab boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinmagan boʻlsa;
2) sud huquq toʻgʻrisidagi masalani hal qilib, undiriladigan summa miqdorini, topshirilishi lozim boʻlgan mol-mulkni yoki javobgar amalga oshirishi shart boʻlgan harakatlarni koʻrsatmagan boʻlsa;
3) sud xarajatlari toʻgʻrisidagi masala hal etilmagan boʻlsa.
Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi masala hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar qoʻyilishi mumkin.
Qoʻshimcha hal qiluv qarori ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga yoki sudning tashabbusiga koʻra qabul qilinishi mumkin.
Sud tomonidan qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi masala mazkur bobda belgilangan qoidalar boʻyicha sud majlisida hal qilinadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Qoʻshimcha hal qiluv qarori asosiy hal qiluv qarori bilan birga qonuniy kuchga kiradi.
Qoʻshimcha hal qiluv qarori ustidan asosiy hal qiluv qarori bilan birga shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish rad etilgan taqdirda, ajrim chiqariladi.
190-modda. Hal qiluv qarorini tushuntirish
Hal qiluv qarori noaniq boʻlgan taqdirda, ushbu hal qiluv qarorini qabul qilgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning, davlat ijrochisining, zimmasiga sudning hal qiluv qarorini ijro etish yuklatilgan boshqa organlarning arizasiga koʻra, hal qiluv qarorini uning mazmunini oʻzgartirmagan holda tushuntirishga haqlidir.
Hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslarni, davlat ijrochisini, sudning hal qiluv qarorini ijro etish zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarni ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilgan holda sud tomonidan koʻriladi. Mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatda koʻrib chiqiladi.
Hal qiluv qarorini tushuntirish haqida yoki tushuntirishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
191-modda. Yozuvdagi xatolarni, harfiy xatolarni va hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish
Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud yoʻl qoʻyilgan xatolarni, harfiy xatolarni va hisob-kitobdagi yanglishishlarni yozuvning mazmunini oʻzgartirmagan holda, ishda ishtirok etuvchi shaxsning, davlat ijrochisining, sudning hal qiluv qarorining ijrosi zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi boʻyicha tuzatishga haqlidir.
Yozuvdagi yoʻl qoʻyilgan xatolarni, harfiy xatolarni yoki hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish toʻgʻrisidagi ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslarni, davlat ijrochisini yoki sudning hal qiluv qarorining ijrosi zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarni ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilgan holda sud tomonidan koʻriladi. Mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Yozuvdagi yoʻl qoʻyilgan xatolarni, harfiy xatolarni yoki hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatda koʻrib chiqiladi.
Yozuvdagi xatolarni, harfiy xatolarni, hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish toʻgʻrisida yoki tuzatishni rad etish haqida ajrim chiqariladi.
Yozuvdagi xatolarni, harfiy xatolarni, hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish toʻgʻrisidagi yoki tuzatishni rad etish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
4-§. Hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirishi va uni ijroga qaratish tartibi
192-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirishi
Hal qiluv qarori, agar uning ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan (protest keltirilmagan) boʻlsa, u qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oylik muddat oʻtgach, qonuniy kuchga kiradi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
193-modda. Hal qiluv qarorining ijrosini taʼminlash
Hal qiluv qarorini ijro etish mumkin boʻlmay qoladi yoki qiyinlashadi deb hisoblash uchun asosi boʻlgan shaxslar ushbu hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga uning ijrosini taʼminlash toʻgʻrisida ariza berishi mumkin.
Arizada ijrosi taʼminlanishi zarur boʻlgan hal qiluv qarori va uni taʼminlash toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qilishga arizachini undagan sabablar koʻrsatilishi kerak.
Hal qiluv qarorining ijrosini taʼminlash toʻgʻrisidagi masala ushbu Kodeksning 96-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal etiladi.
194-modda. Hal qiluv qarorini ijroga qaratish
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach, ushbu Kodeksning V boʻlimida nazarda tutilgan tartibda ijroga qaratiladi.
22-bob. Sud ajrimi va qarori
195-modda. Ajrim chiqarish
Sud ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda ajrim chiqaradi.
Ushbu Kodeksda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollarda, sudning ajrimi alohida sud hujjati tarzida chiqariladi.
Uncha murakkab boʻlmagan masalalarni hal qilishda sud joyida ajrim chiqarishi mumkin. Bunday ajrim sud majlisining bayonnomasiga yozib qoʻyiladi va unda u qaysi masala yuzasidan chiqarilgani, sud oʻz xulosalarini chiqarishiga olib kelgan sabablar hamda koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha xulosa koʻrsatiladi.
196-modda. Ajrimning mazmuni
Alohida sud hujjati tarzida chiqariladigan ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) sudning nomi, ishning raqami, ajrim chiqarilgan sana, sud tarkibi, sud majlisi kotibi, nizo predmeti;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), qarzdor jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami;
3) ajrim chiqarilayotgan masala;
4) sud oʻz xulosalarini chiqarishiga olib kelgan sabablar, bunda tayanilgan qonunchilik hujjatlari;
5) koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha xulosa;
6) agar qonunda nazarda tutilgan boʻlsa, ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibi va muddati.
Sud majlisida chiqarilgan ajrim chiqarilganidan keyin raislik qiluvchi tomonidan shu sud majlisining oʻzida darhol oʻqib eshittiriladi.
Sud alohida sud hujjati tarzida ajrim chiqargan taqdirda, ajrim chiqarilganidan keyin besh kunlik muddatda uning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va ajrim daxldor boʻlgan boshqa shaxslarga topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi, ularning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa ajrim elektron tarzida yuborilishi mumkin.
198-modda. Ajrimni ijro etish
Agar qonunda yoki sud tomonidan boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, sudning ajrimi darhol ijro etiladi.
199-modda. Ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibi va muddatlari
Sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek ajrim ishning kelgusidagi harakatiga toʻsqinlik qilgan taqdirda, sudning hal qiluv qaroridan alohida tarzda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Boshqa ajrimlar ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmaydi, lekin bu ajrimlarga qarshi eʼtirozlar sudning hal qiluv qarori ustidan qilingan apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) qoʻshib qoʻyilishi mumkin.
Agar ushbu Kodeksda boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan oshmagan muddatda uning ustidan shikoyat (protest) berilishi mumkin.
200-modda. Xususiy ajrim va qaror
Ishni koʻrish vaqtida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonunchilik hujjatlari buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qatʼi nazar, sud xususiy ajrim chiqarishga haqlidir.
Xususiy ajrim bilan sud tegishli organdan yoki mansabdor shaxsdan qonunchilik hujjatlarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani oʻzlarining vakolatiga muvofiq koʻrib chiqishni talab qilishi mumkin.
Xususiy ajrim tegishli davlat organlariga va boshqa organlarga, yuridik shaxslarga, mansabdor shaxslarga, fuqarolarga yuboriladi, ular koʻrilgan choralar toʻgʻrisida bir oylik muddatda sudga xabar qilishi shart.
Xususiy ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Agar sud nizoni koʻrayotganida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun bu haqda prokurorga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar qiladi.
Ishni koʻrishda mansabdor shaxsning yoki fuqaroning xatti-harakatlarida, ularning ishda ishtirokidan qatʼi nazar, maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlansa, agar maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish qonunda sudning vakolatiga berilgan boʻlsa, sud ularni maʼmuriy javobgarlikka tortish masalasini koʻrib chiqadi.
Maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida sud qaror qabul qiladi.
Qaror ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
23-bob. Sud bayonnomasi
201-modda. Bayonnoma
Sud majlisida, shuningdek sud majlisi zalidan tashqarida ayrim protsessual harakatlar bajarilganda bayonnoma yuritiladi.
Sud majlisining bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) sud majlisi oʻtkazilgan yil, oy, sana va joy;
2) ishni koʻrayotgan sudning nomi, sud tarkibi va sud majlisining kotibi;
3) ishning nomi va raqami;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud protsessining boshqa ishtirokchilari kelganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va sud protsessining boshqa ishtirokchilariga ularning protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
6) sud tomonidan alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan joyida chiqarilgan ajrimlar;
7) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ogʻzaki arzlari va iltimosnomalari;
8) ishni koʻrishda sudga taqdim etilgan barcha ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari haqidagi maʼlumotlar;
9) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning oʻz xulosalarini ogʻzaki tushuntirishlari, mutaxassislarning fikrlari, ashyoviy, yozma va raqamli dalillarning koʻzdan kechirilganligi, olib qoʻyilganligi, sxemalar tuzilganligi, video- va fototasvirga olinganligi haqidagi maʼlumotlar;
10) alohida protsessual harakatlar bajarilganda olingan maʼlumotlar;
11) sud muzokaralarining mazmuni va prokurorning fikri;
12) sudning hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori oʻqib eshittirilganligi haqidagi maʼlumotlar.
Sud majlisi bayonnomasida boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Sud majlisi audio- yoki videoyozuvga olingan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida faqat mazkur modda ikkinchi qismining 1 — 4, 6 — 8, 11-bandlarida nazarda tutilgan masalalar yuzasidan yozuv kiritiladi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar bergan tushuntirishlarning boshlangan va tugagan vaqti, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning oʻz xulosalari yuzasidan bergan ogʻzaki tushuntirishlari, muzokaralar va prokurorning fikrlari aks ettiriladi, shuningdek sud majlisida yozib olish texnik vositalaridan foydalanganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi. Elektron yoxud boshqa audio- yoki videoyozuvlar jamlangan vositalar sud majlisi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyiladi.
Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilganidan tashqari quyidagi maʼlumotlar ham koʻrsatilishi kerak:
sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashgan sudning nomi haqidagi;
ishda ishtirok etuvchi shaxslar hamda sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashgan, ishni koʻrayotgan sudga kelgan sud protsessining boshqa ishtirokchilari toʻgʻrisidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashgan sudning hamda ishni koʻrayotgan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xodimlari haqidagi.
202-modda. Bayonnoma yuritish
Bayonnoma sud majlisi kotibi tomonidan sud majlisining oʻzida yoki alohida protsessual harakat bajarilganida sud majlisi zalidan tashqarida yuritiladi.
Bayonnoma sud majlisi tugaganidan yoki alohida protsessual harakat bajarilganidan soʻng uch kundan kechiktirmasdan raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi tomonidan imzolanishi kerak.
203-modda. Bayonnoma yuzasidan fikr-mulohazalar
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari sud majlisi bayonnomasi bilan tanishib chiqishga va u imzolangan kundan eʼtiboran besh kun ichida bayonnoma yuzasidan bayonnomada yoʻl qoʻyilgan xatoliklarni yoki undagi maʼlumotlarning toʻliq emasligini koʻrsatgan holda yozma fikr-mulohazalar berishga haqli.
Bayonnoma yuzasidan berilgan fikr-mulohazalarni raislik qiluvchi koʻrib chiqadi va ushbu fikr-mulohazalarga qoʻshilsa, ularning toʻgʻriligini tasdiqlaydi hamda sud majlisining bayonnomasiga qoʻshib qoʻyadi.
Raislik qiluvchi berilgan fikr-mulohazalarga qoʻshilmasa, ular sud majlisida koʻrib chiqiladi. Berilgan fikr-mulohazalar barcha hollarda ishga qoʻshib qoʻyilishi kerak.
Bayonnoma yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar ular berilgan kundan keyin yetti kun ichida ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda koʻrib chiqilishi kerak. Biroq ularning kelmaganligi bayonnoma yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalarni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi.
Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan sudga besh kunlik muddatni oʻtkazib taqdim etilgan yozma fikr-mulohazalar sud tomonidan koʻrib chiqilmaydi va ishga qoʻshib qoʻyiladi, bu haqda yozma fikr-mulohazalar bergan shaxsga maʼlum qilinadi.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari sud majlisining audio- yoki videoyozuvlari bilan tanishish huquqiga ega.
Sud majlisining audio- yoki videoyozuvlarining koʻchirma nusxalari iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga ishni koʻrib chiqqan sudning ruxsati bilan beriladi.
231-bob. Soddalashtirilgan tartibda ish yuritish
2031-modda. Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqish
Soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ish ushbu Kodeksda nazarda tutilgan daʼvo ishini yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha, mazkur bobda belgilangan xususiyatlar inobatga olingan holda sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
2032-modda. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqiladigan ishlar
Agar daʼvoning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan — bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa — yuz baravaridan oshmasa, daʼvo arizalari boʻyicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilishi lozim.
Agar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlmasa, daʼvogarning iltimosnomasiga koʻra, javobgarning roziligi bilan boshqa ishlar ham soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilishi mumkin.
Korporativ nizolar boʻyicha ishlar, huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilmaydi.
Agar ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqish chogʻida uchinchi shaxsning ishga kirishish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgan, ushbu bobda belgilangan qoidalar boʻyicha koʻrib chiqilishi mumkin boʻlmagan qarshi daʼvo qabul qilingan boʻlsa yoxud agar sud quyidagilar xususida, shu jumladan taraflardan birining iltimosnomasiga koʻra quyidagilar xususida xulosaga kelsa, sud ishni daʼvo ishini yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha koʻrish haqida ajrim chiqaradi:
1) ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqish davlat sirining, tijorat sirining yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning oshkor qilinishiga olib kelishi mumkin boʻlsa;
2) qoʻshimcha holatlarni aniqlash yoki qoʻshimcha dalillarni tekshirish, shuningdek dalillarni ular turgan joyda koʻzdan kechirish va tekshirish, ekspertiza tayinlash yoki guvohlarning koʻrsatuvlarini eshitish zarur boʻlsa;
3) bildirilgan talab boshqa talablar bilan bogʻliq boʻlsa, shu jumladan uchinchi shaxslarga taalluqli boʻlsa yoki mazkur ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjati bilan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilishi mumkin boʻlsa.
Ishni daʼvo ishini yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha koʻrish toʻgʻrisidagi ajrimda ishda ishtirok etuvchi shaxslar bajarishi lozim boʻlgan harakatlar va ushbu harakatlarni bajarish muddatlari koʻrsatiladi. Ajrim chiqarilgandan soʻng ishni koʻrish boshidan boshlanadi.
Oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta talab bildirilgan boʻlib, ulardan biri ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan talablarga taalluqli boʻlgan, boshqalari esa ularga taalluqli boʻlmagan taqdirda, barcha talablar daʼvo ishini yuritishning ushbu Kodeksda belgilangan umumiy qoidalari boʻyicha koʻrilishi lozim.