219-modda. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi · Sana: 24.01.2018 · Amalda
Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizaga ushbu Kodeks 151-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
1) faoliyatni tugatish, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi arizaga — taʼsis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari; yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni tugatish, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish uchun asos boʻladigan dalillar;
2) faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash toʻgʻrisidagi arizaga — taʼsis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari; yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash uchun asos boʻladigan dalillar;
3) banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi arizaga — soliq toʻlovchi tomonidan bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish uchun asos boʻladigan qonun talablari buzilganligini tasdiqlovchi dalil, soliq organi tomonidan soliq toʻlovchiga uning bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalar toʻxtatib turilishi toʻgʻrisida xabarnoma yuborilganligining dalili, soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi soliq organining qarori yuzasidan bildirgan eʼtirozi;
4) moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi arizaga — tekshirish oʻtkazilishiga asos boʻlgan hujjatlar (nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning qarori, bundan shunday qarorni olish qonunchilikda nazarda tutilmagan hollar mustasno; agar tekshirish jinoyat ishi doirasida oʻtkazilsa, tergov organining (surishtiruv organining) qarori; tekshirish oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq; tekshirish oʻtkazish rejasi va hokazo); tekshirish natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnoma yoki boshqa hujjat va unga ilova qilinadigan hujjatlar; tekshirish materiallarini koʻrib chiqish bayonnomasi va qaror, agar ularni tuzish yoki qabul qilish qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlsa; qarorning koʻchirma nusxasi javobgarga topshirilganligi yoki yuborilganligi dalili;
