Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1169-son)
19.08.2026
Hujjat hali kuchga kirgan emas
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 4-avgustda qabul qilingan Senat tomonidan 2026-yil 8-avgustda maʼqullangan
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-bob. Asosiy qoidalar
1-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning maqsadi Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) alohida hudud sifatidagi maqomini va Markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimni belgilashdan iborat.
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun bilan quyidagi sohalarda maxsus huquqiy rejim oʻrnatiladi:
“Tartibga solish qumdoni” doirasida innovatsiyalarni, xizmatlarni va mahsulotlarni yaratish, sinovdan oʻtkazish hamda joriy etish;
raqamli texnologiyalar sohasiga investitsiyalarni jalb etishga va mazkur sohada eksport faoliyati bilan shugʻullanishni ragʻbatlantirishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish;
fuqarolik, korporativ va tijorat huquqiga oid munosabatlar;
fuqarolik va iqtisodiy protsessual munosabatlar;
bojxona ishi va soliq solish;
mehnatga oid munosabatlar;
moliya va bank faoliyati, valyuta operatsiyalarini amalga oshirish;
maʼlumotlarni himoya qilish, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish;
davlat xizmatlarini koʻrsatish;
intellektual mulkni muhofaza qilish.
2-modda. Raqamli texnologiyalar xalqaro markazida qoʻllaniladigan huquq
Markaz hududida ushbu moddada belgilangan quyidagi ustuvorlik tartibidagi maxsus qonunchilik amal qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonun;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq Markazni tashkil etish, faollashtirish, uning chegaralarini oʻzgartirish, strategik boshqaruv, asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlariga bevosita taalluqli boʻlgan boshqa masalalar yuzasidan qabul qilingan farmonlari va qarorlari;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga asosan va unga muvofiq qabul qilingan, Markazning oʻz yurisdiksiyasiga kiradigan masalalarni tartibga soladigan qarorlari (bundan buyon matnda Markazning qarorlari deb yuritiladi);
zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Markazning qarorlariga zid boʻlmagan taqdirda, Angliya va Uelsning umumiy huquqi hamda adolat prinsiplari va qoidalari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Markazning qarorlari bilan tartibga solinmagan hamda ularga zid boʻlmagan qismi boʻyicha qoʻllaniladigan qonunchilik hujjatlari.
Markazning qarorlarini ishlab chiqish, roʻyxatdan oʻtkazish, amalga kiritish, eʼlon qilish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, ularni bekor qilish, shuningdek ularning amal qilishini toʻxtatib turish hamda tugatish tartibi Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi.
Markaz hududida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar va quyidagi qonunchilik hujjatlari qoʻllaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonun 7-moddasining qoidalariga muvofiq jinoyatlar toʻgʻrisidagi va jinoyat-protsessual qonunchilik;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonun 6-moddasining qoidalariga muvofiq maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik;
milliy xavfsizlik, mudofaa, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, immigratsiya nazorati, oila, atrof-muhitni muhofaza qilish, favqulodda holat, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik hamda fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisidagi qonunchilik;
sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish bilan bogʻliq qonunchilik;
Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilarining Markaz hududidagi faoliyati va koʻrsatadigan xizmatlariga nisbatan “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni va uning 8-moddasida koʻrsatilgan qoʻllaniladigan huquq;
boshqa qonunchilik hujjatlari, agar ularning qoʻllanilishi ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda yoki Markazning qarorlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boʻlsa.
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar Markazning subyektlariga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllaniladigan darajada Markaz hududida qoʻllaniladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Markaz maxsus qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Markaz hududida Markazning oʻz yurisdiksiyasi doirasida qabul qilgan qarorlari ushbu qarorlarga zid boʻlgan har qanday normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar mustasno.
Markazning subyektlariga nisbatan ushbu modda uchinchi qismining beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga doir talablardan tashqari Markazning qarorlari bilan qoʻshimcha yoki kengaytirilgan talablar belgilanishi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollardan tashqari, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Markazning qarorlari bilan uning yurisdiksiyasiga kiradigan masalalarga oid Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonunchiligi yoki har qanday davlat organining yoxud idorasining maʼmuriy hujjatlari Markazning subyektlariga nisbatan amal qilmaydi, bundan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda yoki Markazning qarorlarida bevosita nazarda tutilgan maxsus hollar mustasno.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Markazning ishtirokchilari — Markazning rezidentlari va investorlari;
Markazning subyektlari — Markazning organlari, ishtirokchilari va ularning xodimlari, shuningdek akkreditatsiya qilingan hamkorlar;
maxsus huquqiy rejim — maxsus qonunchilikda belgilangan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning alohida shartlarini belgilaydigan va Markaz hududida uning subyektlariga nisbatan amal qiladigan huquqiy normalar majmuasi;
“Tartibga solish qumdoni” — Markaz hududida innovatsion texnologiyalarni, mahsulotlarni va xizmatlarni yaratish, sinovdan oʻtkazish hamda joriy etish uchun yaratiladigan tajribaviy-huquqiy muhit.
4-modda. Markazning maxsus huquqiy rejimi
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan maxsus huquqiy rejim 2100-yilgacha amal qiladi.
Maxsus huquqiy rejim Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat turlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini himoya qilish va xavfsizlikka boʻlgan tahdidlarning oldini olish maqsadida Boshqaruv kengashi Markazning ayrim subyektlariga nisbatan maxsus huquqiy rejimdan foydalanishga doir cheklovlar belgilashga haqli.
Markazning organlari va boshqa subyektlari oʻrtasidagi munosabatlar ular oʻrtasida tuziladigan shartnomalarga asoslanadi.
Maxsus huquqiy rejim doirasida taqdim etiladigan imkoniyatlar, preferensiyalar va imtiyozlar kafolatlanadi hamda ularning yomonlashtiradigan tarzda oʻzgartirilishiga yoki amal qilish muddatidan avval toʻxtatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-modda. Maxsus huquqiy rejim amal qiladigan hudud
Maxsus huquqiy rejim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan chegaralar doirasidagi Markaz hududida amal qiladi.
Markazning ishtirokchilarida oʻz loyihalarini Markazdan tashqarida amalga oshirish zaruriyati yuzaga kelgan hollarda, agar mazkur loyihalar amalga oshiriladigan hudud ishlab chiqarish hududi sifatida tan olingan boʻlsa, ushbu hududda ham maxsus huquqiy rejim amal qilishi mumkin.
Markazdan tashqaridagi hududning ishlab chiqarish hududi sifatida tan olinishiga undan quyidagi maqsadlar uchun foydalanilganda yoʻl qoʻyiladi:
“Tartibga solish qumdoni” doirasida foydalanish uchun;
Markaz hududida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida tadqiqot markazlarini, maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini (data-markazlarini), ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish uchun;
Markaz hududida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida taʼlim muassasalarini tashkil etish uchun;
Boshqaruv kengashining qarori bilan belgilanadigan boshqa infratuzilma obyektlarini tashkil etish uchun.
Muayyan hududni ishlab chiqarish hududi sifatida tan olish, shu jumladan tan olish mezonlarini belgilash va bekor qilish, ishlab chiqarish hududi chegaralarini belgilash hamda oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan amalga oshiriladi.
Markazning qarorlariga asosan virtual ofislar yaratishga va Markaz ishtirokchilarini masofadan turib qatnashish uchun jalb etishga yoʻl qoʻyiladi hamda ushbu ofislar doirasida ham maxsus huquqiy rejim amal qiladi.
6-modda. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari
Agar Markazning subyektlari tomonidan Markaz hududida sodir etilgan, valyuta qimmatliklari, bojxona ishi, soliq solish, raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, shuningdek savdo yoki xizmatlar koʻrsatish qoidalarini buzish bilan bogʻliq boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq maʼmuriy javobgarlik belgilangan harakatlar (harakatsizlik) oʻz mohiyatiga koʻra tijorat, iqtisodiy yoki fuqarolik-huquqiy nizoni, Markaz maʼmuriyati talablarining buzilishini ifodalasa, ulardan kelib chiqsa yoki ular bilan bogʻliq deb hisoblansa hamda ushbu Konstitutsiyaviy Qonun yoki Markazning qarorlari doirasida hal etilishi mumkin boʻlsa, Markazning maʼmuriyati birinchi navbatda Markaz yurisdiksiyasi doirasida mavjud boʻlgan iqtisodiy, fuqarolik-huquqiy choralarni, tartibga solish yoki maʼmuriy taʼsir choralarini qoʻllaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar (harakatsizlik) roʻyxati va ular uchun qoʻllaniladigan taʼsir choralari Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi.
Markaz maʼmuriyati ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar boʻyicha materiallarni maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish uchun Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlariga yubormaydi.
Ushbu moddaning qoidalari Markazda bank va moliyaviy xizmatlar koʻrsatadigan Toshkent xalqaro moliya markazining ishtirokchilariga nisbatan “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
7-modda. Markaz hududida jinoiy yurisdiksiyani amalga oshirish
Agar Markazning subyektlari tomonidan Markaz hududida sodir etilgan, valyuta qimmatliklari, bojxona ishi, soliq solish, raqobat qonunchilikni, shuningdek savdo yoki xizmatlar koʻrsatish qoidalarini buzish bilan bogʻliq boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlik belgilangan harakatlar (harakatsizlik) oʻz mohiyatiga koʻra tijorat, iqtisodiy yoki fuqarolik-huquqiy nizoni, Markaz maʼmuriyati talablarining buzilishini ifodalasa, ulardan kelib chiqsa yoki ular bilan bogʻliq deb hisoblansa hamda ushbu Konstitutsiyaviy Qonun yoki Markazning qarorlari doirasida hal etilishi mumkin boʻlsa, Markazning maʼmuriyati birinchi navbatda Markaz yurisdiksiyasi doirasida mavjud boʻlgan iqtisodiy, fuqarolik-huquqiy choralarni, tartibga solish yoki maʼmuriy taʼsir choralarini qoʻllaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar (harakatsizlik) roʻyxati va ular uchun qoʻllaniladigan taʼsir choralari Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi.
Markazning maʼmuriyati ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar boʻyicha materiallarni jinoyat ishini qoʻzgʻatish, tergov oʻtkazish yoki jinoiy taʼqibni amalga oshirish masalasini hal etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlariga yubormaydi.
Ushbu modda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq jinoyat hisoblangan va Markaz doirasida fuqarolik-huquqiy choralarni, tartibga solish yoki maʼmuriy taʼsir choralarini qoʻllash orqali yetarli darajada hal etilishi mumkin boʻlmagan harakatlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlari yurisdiksiyasini cheklovchi norma sifatida talqin etilmasligi kerak. Bunday hollarda Markazning tegishli organi huquqni muhofaza qiluvchi vakolatli organlar bilan toʻliq hamkorlik qiladi hamda tegishli masala boʻyicha tergov oʻtkazilishi va jinoiy taʼqib amalga oshirilishi uchun zarur koʻmakni koʻrsatadi.
Markazning maʼmuriyati ushbu moddaga muvofiq fuqarolik-huquqiy choralarni, tartibga solish va maʼmuriy taʼsir choralarini ustuvor ravishda qoʻllashni taʼminlash, shuningdek Markaz yurisdiksiyasiga va milliy jinoiy yurisdiksiyaga taalluqli boʻlishi mumkin boʻlgan masalalarni koʻrib chiqishning kelishilgan tartib-taomillarini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi vakolatli organlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzishga haqli.
Ushbu moddaning qoidalari Markazda bank va moliyaviy xizmatlarni koʻrsatadigan Toshkent xalqaro moliya markazining ishtirokchilariga nisbatan “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda. Markazning nomidan foydalanish
“Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi” degan nom davlat tomonidan himoya qilinadigan rasmiy nom hisoblanadi.
Markazning subyektlari mazkur nomdan ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Markazning qarorlari bilan belgilangan tartib doirasida foydalanish huquqiga ega.
Mazkur nomdan notoʻgʻri, chalkashlikka olib keladigan yoki Markaz bilan bogʻliqlik mavjudligi toʻgʻrisida yanglish tasavvur uygʻotadigan tarzda foydalanish taqiqlanadi.
9-modda. Markaz faoliyatining asosiy prinsiplari
Markaz faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ochiqlik va oshkoralik;
teng raqobat muhitini taʼminlash;
halollik;
innovatsiyaviylik;
moslashuvchan yondashuv;
samaradorlik va natijadorlik;
ekologik xavfsizlik;
sharoitlarning yomonlashuvidan himoyalanganlik kafolati;
mustaqillik.
10-modda. Markazning davlat organlari bilan hamkorligi
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) Markazni rivojlantirishga, Markazning maqsadlariga erishilishiga va uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishiga koʻmaklashadi.
Davlat organlari Markaz bilan hamkorlikni quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiradi:
tegishli sohalarni shakllantirishda va tartibga solishda Markazning organlariga uslubiy, axborot jihatidan va maslahat tarzida yordam koʻrsatish;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollarda Markazning qarorlari loyihalarini kelishish;
Markazning oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida davlat organlarining axborot tizimlarini Markazning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish orqali zarur maʼlumotlardan elektron hamkorlik orqali oʻzaro foydalanish imkoniyatini taʼminlash;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan boshqa yoʻnalishlarda.
Markazning faoliyatiga, jumladan Markazning subyektlariga nisbatan tatbiq etiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Boshqaruv kengashi bilan majburiy ravishda kelishiladi.
Maxsus huquqiy rejim amal qiladigan sohalarda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilish Markazning mazkur sohalarni tartibga soluvchi qarorlari hisobga olingan holda va Markaz organlarining vakillari ishtirokida amalga oshiriladi. Bunda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq mazkur sohalarda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilishga vakolatli boʻlgan davlat organlari bilan kelishilgan holda Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
2-bob. Markazning normativ-huquqiy hujjatlari va ish yuritish tili
11-modda. Markazning qarorlari
Markazning qarorlari uning organlari tomonidan qabul qilinadigan va Markaz hududida barcha uchun majburiy boʻlgan huquqiy normalarni belgilashga, oʻzgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan hujjatlardan iboratdir.
Markazning qarorlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning normalariga, Angliya va Uels umumiy huquqining elementlariga va (yoki) yetakchi xalqaro moliya markazlarining standartlariga asoslanadi.
Markazning barcha qarorlari Markazning rasmiy manbalarida ingliz tilida majburiy ravishda eʼlon qilinadi. Bunda, agar Markaz qarorining oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi. Rasmiy eʼlon qilinmagan Markaz qarori yuridik kuchga va taʼsirga ega boʻlmaydi hamda Markazning subyektlariga nisbatan majburiy hisoblanmaydi.
Markazning qarorlarini ishlab chiqish, vakolatli organlar bilan kelishish, roʻyxatdan oʻtkazish, eʼlon qilish, amalga kiritish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish, ularni bekor qilish va tugatish tartibi, Markaz qarorlarining oʻzaro nisbati Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
Bunda Boshqaruv kengashining qarorlari oddiy koʻpchilik ovoz bilan kollegial tarzda qabul qilinadi. Ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda, Boshqaruv kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Boshqaruv kengashining Markaz faoliyatiga oid qarorlari ilgʻor xalqaro tajriba va standartlar asosida Markazning maʼmuriyati tomonidan ishlab chiqiladi.
Boshqaruv kengashining qarorlari xalqaro yuridik tashkilotlar jalb etilgan holda huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi mumkin.
12-modda. Markaz qarorlarining turlari
Markazning qarorlari jumlasiga ushbu Konstitutsiyaviy Qonun bilan belgilangan vakolatlar doirasida qabul qilinadigan quyidagi qarorlar kiradi:
Boshqaruv kengashining qarorlari;
Boshqaruv kengashi belgilagan tartibda Markazning maʼmuriyati tomonidan nizomlar, qoidalar va boshqa hujjatlar shaklida qabul qilinadigan qarorlar.
Boshqaruv kengashining qarorlari Markaz maʼmuriyatining qarorlariga nisbatan yuqori yuridik kuchga egadir.
13-modda. Markazning ish yuritish tili
Markazning rasmiy ish yuritish tili ingliz tili hisoblanadi. Rasmiy ish yuritish zaruratga qarab, davlat tilida va boshqa tillarda amalga oshirilishi mumkin.
Markazning maʼmuriyati tomonidan zaruratga koʻra, hujjatlarning davlat tiliga tarjima qilinishi taʼminlanadi.
Agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, Markaz ishtirokchilarining yozma shaklda tuziladigan barcha bitimlari ingliz tilida rasmiylashtiriladi.
Davlat organlari bilan munosabatlarda, shu jumladan arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilishda, davlat xizmatlaridan foydalanishda, hisob-kitob, moliyaviy hisobot, statistika va boshqa hisobot hujjatlarini yuritishda, shuningdek maxsus huquqiy rejim tatbiq etilmaydigan boshqa hollarda ish yuritish taraflarning ixtiyoriga koʻra davlat tilida yoki boshqa tilda amalga oshirilishi mumkin. Bunday hollarning barchasida hujjatning ingliz tilidagi matni mavjud boʻlishi shart. Agar hujjatning asl nusxasi faqat davlat tilida yoki boshqa tilda tuzilgan boʻlsa, unga hujjatning ingliz tilidagi tegishli tartibda tasdiqlangan tarjimasi ilova qilinishi lozim.
Hujjatning turli tillardagi matnlari oʻrtasida tafovut yoki ziddiyatlar mavjud boʻlgan taqdirda, hujjatning ingliz tilidagi matni Markaz tomonidan oʻz yurisdiksiyasi doirasida talqin qilish va huquqni qoʻllash maqsadlari uchun mutlaq ustuvorlikka ega deb hisoblanadi.
Maxsus huquqiy rejim doirasida hujjatlarning ushbu Konstitutsiyaviy Qonun maqsadlari uchun qilingan tarjimasini tasdiqlash tartibi Markazning qarori bilan belgilanadi.
II BOʻLIM. MARKAZNING SUBYEKTLARI
3-bob. Markazning organlari
14-modda. Markazning organlari
Markazning organlari quyidagilardan iborat:
Boshqaruv kengashi;
Markazning maʼmuriyati.
Markazning organlari oʻz faoliyatini ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Markazning qarorlariga muvofiq oʻziga berilgan vakolatlar doirasida, mustaqil ravishda amalga oshiradi.
1-§. Boshqaruv kengashi
15-modda. Boshqaruv kengashi
Boshqaruv kengashi Markaz faoliyatining strategik yoʻnalishlarini belgilaydigan va uning yuqori boshqaruvini amalga oshiradigan kollegial organ hisoblanadi.
Boshqaruv kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Boshqaruv kengashining raisi hisoblanadi.
16-modda. Boshqaruv kengashining vazifalari
Boshqaruv kengashining vazifalari quyidagilardan iborat:
Markazning maxsus huquqiy rejimi doirasida ustuvor yoʻnalishlarni va asosiy masalalar boʻyicha umumiy qoidalarni belgilash;
Markazning maxsus huquqiy rejimi qoʻllanilishining asosiy shartlarini, shuningdek Markaz organlari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash;
Markazni rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni tasdiqlash va ularga erishilishi ustidan umumiy nazoratni amalga oshirish;
Markazning institutsional rivojlanishiga oid masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish, shu jumladan Markaz ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish, shuningdek tartibga solish vositalarini takomillashtirish hamda Markazning ishtirokchilari uchun huquqiy barqarorlik va aniqlik muhitini shakllantirish;
investorlarning va investitsiyalarning uzoq muddatli huquqiy himoyasini taʼminlash, shuningdek xususiy mulkning va investitsiyalarning daxlsizligi kafolatlarini belgilash.
17-modda. Boshqaruv kengashining vakolatlari
Boshqaruv kengashi quyidagi vakolatlarga ega:
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish, ularga huquqiy baho berish hamda iqtisodiy, fuqarolik-huquqiy choralarni, tartibga solish va maʼmuriy taʼsir choralarini qoʻllash tartibini belgilash;
Markaz organlarining tuzilmasini belgilash;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonun maqsadlariga erishish uchun boshqa organlarni tashkil etish, ularning shakli, vakolatlari va funksiyalarini belgilash, shuningdek ularni tugatish hamda qayta tashkil etish;
Markazning ishtirokchilari uchun qoʻshimcha imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish, shuningdek maxsus huquqiy rejim doirasida qoʻllaniladigan sohalarni, ularning amal qilish shartlarini uzaytirish va bekor qilish tartibini belgilash;
davlat organlari bilan hamkorlik qilish;
komissiyalarni va ishchi guruhlarni tashkil etish hamda tugatish;
Markaz maʼmuriyatining qarorlarini bekor qilish;
Markaz faoliyatiga doir boshqa masalalarni hal etish.
2-§. Markazning maʼmuriyati
18-modda. Markazning maʼmuriyati
Markazning maʼmuriyati Markazning faoliyat yuritishini taʼminlaydigan ijro etuvchi organ hisoblanadi.
Markazning maʼmuriyati Boshqaruv kengashining ishchi organi vazifasini bajaradi.
Markazning maʼmuriyati aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi.
19-modda. Markaz maʼmuriyatining vazifalari
Markaz maʼmuriyatining vazifalari quyidagilardan iborat:
Markazning ishtirokchilariga koʻmaklashish, maslahat tarzida va axborot jihatidan yordam koʻrsatish, shuningdek ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jumladan Markaz infratuzilmasini tashkil etish va rivojlantirish;
Markazning qarorlariga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil etish, amalga oshirilayotgan loyihalarni monitoring qilish va ularning samaradorligini baholash.
20-modda. Markaz maʼmuriyatining vakolatlari
Markazning maʼmuriyati quyidagi vakolatlarga ega:
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq Markazning qarorlarini qabul qilish, shu jumladan nizomlarni, qoidalarni, reglamentlarni va boshqa hujjatlarni tasdiqlash;
Markazning qarorlari ijro etilishi hamda Markazning qoidalariga va standartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Markaz ishtirokchilarining belgilangan talablarga muvofiqligini tahlil qilish va tekshirish;
“Tartibga solish qumdoni” doirasida oʻtkaziladigan sinov jarayonlarini monitoring qilish va baholash;
“Tartibga solish qumdoni” doirasida oʻtkaziladigan sinovlarni toʻxtatib turish yoki tugatish;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan hollarda huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish, ularga huquqiy baho berish hamda iqtisodiy, fuqarolik-huquqiy choralarni, tartibga solish va maʼmuriy taʼsir choralarini qoʻllash.
Markazning maʼmuriyati ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Boshqaruv kengashining qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
21-modda. Markaz maʼmuriyatining faoliyatini moliyalashtirish
Markaz maʼmuriyatining faoliyati aksiyador yoki aksiyadorlar tomonidan ajratilgan mablagʻlar, Markazning ishtirokchilari tomonidan toʻlanadigan yigʻimlar va toʻlovlar, shuningdek Markazning qarorlari va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladigan oʻz budjetiga ega boʻladi.
4-bob. Markazning ishtirokchilari
22-modda. Markazning rezidentlari
Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat turlari boʻyicha Markaz hududida oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar Markazning rezidentlari deb eʼtirof etiladi.
Markazda yuridik shaxslar Markazning qarorlarida nazarda tutilgan shakllarda, shu jumladan quyidagi tashkiliy-huquqiy shakllarda faoliyat yuritishi mumkin:
Markazning hududida qoʻllaniladigan huquqqa muvofiq tashkil etilgan yuridik shaxs shaklida;
Markazning yurisdiksiyasidan tashqarida tashkil etilgan yuridik shaxs shaklida;
xorijiy yuridik shaxsning filiali va vakolatxonasi, shuningdek Markazning qarorlari bilan belgilangan tartibda faoliyat yuritishga ruxsat berilgan boshqa subyekt sifatida.
Markazning rezidenti maqomi yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazish va Markazning qarorlarida belgilangan tartibda Markazning ishtirokchilari reyestriga kiritish tartib-taomillari amalga oshirilganidan keyin beriladi.
Markazning qarorlari bilan rezidentlarga nisbatan qoʻshimcha talablar va mezonlar, shu jumladan quyidagilar belgilanishi mumkin:
amalga oshiriladigan faoliyat turlari va shartlari;
roʻyxatdan oʻtkazish va faoliyat yuritish tartibi;
rezidentning maqomini toʻxtatib turish yoki tugatish asoslari va tartibi.
23-modda. Markaz ishtirokchilarining reyestri
Markaz ishtirokchilarining reyestri Markazning rasmiy maʼlumotlar bazasi boʻlib, u Markazning ishtirokchilari toʻgʻrisidagi, shu jumladan Markazning ishtirokchisi maqomini olish, toʻxtatib turish va tugatish haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Markaz ishtirokchilarining reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi, kiritiladigan maʼlumotlar tarkibi, ularni taqdim etish, yangilash tartibi, shuningdek mazkur reyestrdan foydalanish tartibi Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
5-bob. Markaz hududidagi investitsiya faoliyati, investorlarning toifalari va akkreditatsiya qilingan hamkorlar
24-modda. Investitsiya faoliyati
Markazning hududidagi investitsiya faoliyati quyidagilarga qaratiladi:
Markazning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va investitsiya kiritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga;
investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini, shu jumladan investitsiyalarni himoya qilish mexanizmlarini ishlab chiqishga hamda amalga oshirishga;
muqobil investitsiyalar, shu jumladan venchur investitsiyalar ekotizimini shakllantirishga.
Investorlarga va investitsiyalarga nisbatan xavfsiz himoya prinsipi asosida, Markazning qarorlariga rioya etilgan holda, Markaz ishtirokchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kafolatlar majmuasi qoʻllaniladi.
25-modda. Markazning investitsiya faoliyati doirasidagi vazifalari
Investitsiya faoliyatini amalga oshirish doirasida Markaz quyidagi vazifalarni bajaradi:
investitsiya loyihalarini, shu jumladan venchur investitsiyalarni va moliyalashtirishning boshqa muqobil shakllari jalb etilgan va qoʻllanilgan holdagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish hamda ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish;
investitsiya bitimlarini tayyorlashda, tuzishda va kuzatib borishda, shu jumladan huquqiy, moliyaviy hamda boshqa masalalar boʻyicha uslubiy va tashkiliy jihatdan yordam koʻrsatishda ishtirok etish;
investorlar, startaplar, venchur fondlari va investitsiya faoliyatining boshqa subyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni tashkil etish;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va Markazning qarorlarida nazarda tutilgan investitsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa vazifalarni bajarish.
26-modda. Investor tushunchasi va investorlarning toifalari
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Markazning qarorlari bilan belgilangan tartibda Markaz hududida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs investor deb eʼtirof etiladi.
Investorlar investitsiya faoliyatining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, quyidagi toifalarga boʻlinadi:
institutsional investor;
startap-investor;
rezident-investor;
infratuzilmaviy investor.
Investorlarni koʻrsatib oʻtilgan toifalarga kiritish mezonlari, shuningdek ular tomonidan Markaz hududida investitsiya faoliyatini amalga oshirish shartlari va tartibi Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
27-modda. Institutsional investor
Investitsiya fondi, venchur fondi, moliya instituti, shuningdek investitsiya faoliyatini amalga oshirayotgan boshqa investor Markazning qarorlarida belgilangan tartibda institutsional investor deb eʼtirof etiladi.
Institutsional investorlarga nisbatan Markazning maxsus huquqiy rejimi, shu jumladan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va Markazning qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiyalar va boshqa qoʻllab-quvvatlash choralari toʻliq hajmda qoʻllaniladi.
Institutsional investor maqomini berish, toʻxtatib turish va tugatish tartibi, bunday investorlarga nisbatan qoʻyiladigan talablar va mezonlar, shuningdek ularga nisbatan ushbu Konstitutsiyaviy Qonun bilan nazarda tutilgan imtiyozlarni, preferensiyalarni hamda qoʻllab-quvvatlash choralarini qoʻllash tartibi, shartlari va mexanizmlari Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
28-modda. Startap-investor
Markaz hududida amalga oshiriladigan startap-loyihalarga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni kirituvchi jismoniy yoki yuridik shaxs startap-investor deb eʼtirof etiladi.
Agar Markazning qarorlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, startap-investorlarni Markaz ishtirokchisi sifatida alohida roʻyxatdan oʻtkazish talab etilmaydi.
Startap-investorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalariga nisbatan ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Markazning qarorlari bilan investitsiya kiritiladigan obyekti Markaz hududida amalga oshiriladigan startap ekanligidan kelib chiqqan holda belgilangan maxsus huquqiy rejim qoʻllaniladi.
Startap-loyihalarga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish tartibi, shu jumladan bunday investitsiyalarning turlari, shakllari, shartlari va ularga nisbatan qoʻyiladigan talablar ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Markazning tegishli qarorlari bilan belgilanadi.
Startap-investorlar tomonidan Markaz hududidagi startap-loyihalarga kiritiladigan investitsiyalardan olingan daromadlarga, shu jumladan dividendlar tarzida olingan daromadlarga nisbatan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari qoʻllaniladi.
29-modda. Rezident-investor
Markazning rezidenti oʻz asosiy faoliyatini olib borish bilan bir qatorda, Markaz hududida amalga oshiriladigan startap-loyihalarga investitsiyalar kiritish huquqiga ega boʻlib, bunday huquqni amalga oshirgan Markaz rezidenti rezident-investor deb eʼtirof etiladi.
Rezident-investorning investitsiya faoliyatiga nisbatan Markazning maxsus huquqiy rejimi, shu jumladan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va Markazning qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiyalar va boshqa qoʻllab-quvvatlash choralari toʻliq hajmda qoʻllaniladi.
Markazning qarorlari bilan rezident-investorga nisbatan qoʻshimcha talablar va mezonlar, shu jumladan rezident-investor tomonidan investitsiya faoliyatini amalga oshirish tartibi, shartlari va bunday faoliyatni amalga oshirishga doir cheklovlar belgilanishi mumkin.
30-modda. Infratuzilmaviy investor
Markazning hududini rivojlantirish maqsadida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun qurilish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiya qilish ishlariga, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik markazlarini, ofislarni va ishlab chiqarish binolarini, infratuzilma obyektlarini barpo etishga investitsiya kirituvchi jismoniy va (yoki) yuridik shaxs infratuzilmaviy investor deb eʼtirof etiladi.
Infratuzilmaviy investorlarga nisbatan Markazning maxsus huquqiy rejimi tatbiq etilmaydi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Infratuzilmaviy investorlar foydalanishga topshirilgan infratuzilmaviy loyiha obyektlarini realizatsiya qilishdan va ijaraga berishdan olinadigan daromad boʻyicha barcha soliqlardan ozod etiladi.
Infratuzilmaviy loyihalarning roʻyxati hamda infratuzilmaviy investor tomonidan soliq imtiyozlaridan foydalanish shartlari Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
31-modda. Markaz subyektlari huquqlarining kafolatlari
Markazning subyektlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va Markazning qarorlarida belgilangan tartibda investitsiya faoliyatini erkin amalga oshirishga, investitsiyalarning hajmi, turlari, shakllari, investitsiyalar kiritiladigan sohalar va yoʻnalishlarni mustaqil ravishda belgilashga, shuningdek investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlarni erkin tasarruf etishga haqli.
Markaz organlarining, ishtirokchilarining va ularning xodimlari Markaz hududida joylashgan yoki ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Markazning qarorlariga muvofiq shakllantirilgan mablagʻlarini, aktivlarini, investitsiyalarini, mol-mulkini va mulkiy huquqlarini musodara qilishga, natsionalizatsiya qilishga, ekspropriatsiya qilishga, sekvestrlashtirishga, muzlatishga yoki ularga egalik qilishni yoxud ularni erkin tasarruf etishni har qanday tarzda cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan Toshkent xalqaro tijorat sudining ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Markazning qarorlariga muvofiq chiqarilgan yakuniy va majburiy kuchga ega boʻlgan hal qiluv qarorlari yoki ajrimlari, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, sanksiyalar, jinoiy daromadlar yoki toʻlovga qobiliyatsizlik masalalariga oid qonunchilikka yoxud Markazning qarorlariga muvofiq qoʻllaniladigan cheklovlar mustasno.
Ushbu moddaga muvofiq qoʻllaniladigan har qanday chora qonuniy, mutanosib va tegishli protsessual kafolatlarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak hamda ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Markazning qarorlariga muvofiq sud tartibida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Ushbu moddada belgilangan himoya choralari Markaz hududidan tashqaridagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat organining yoki tashkilotining hech bir hujjati bilan kamaytirilishi yoki cheklanishi mumkin emas. Bunday kamaytirishni yoki cheklashni nazarda tutuvchi har qanday hujjat shunday kamaytirishga yoki cheklashga oid qismi boʻyicha Markaz hududida yuridik kuchga ega boʻlmaydi va qoʻllanilmaydi.
32-modda. Markaz subyektlari qonuniy manfaatlarini himoya qilish
Markazning qarorlariga muvofiq va ushbu qarorlarda belgilangan talablarga rioya qilgan holda Markaz subyektlarining oʻz faoliyati doirasidagi qonuniy manfaatlarini himoya qilish taʼminlanadi.
Markaz subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
harakat sodir etilgan paytda qonunchilik yoki tartibga solish amaliyoti oʻzgarishi munosabati bilan amalda boʻlmagan talablar asosida javobgarlik qoʻllanilmasligini;
davlat organlari tomonidan faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish, tugatish yoki litsenziyani bekor qilish kabi taʼsir choralari faqat Markazning qarorlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha qoʻllanilishini;
Markazning ishtirokchisiga nisbatan oʻtkaziladigan tekshiruvlar va nazorat tadbirlari xavflarni boshqarish prinsipi asosida va Markazning organlari ishtirokida amalga oshirilishini.
Markaz ishtirokchilarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish sodir etilgan huquqbuzarliklar, firibgarlik, korrupsiya holatlari hamda insonning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga zarar yetkazish hollari bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Markazning qarorlarida Markaz subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari, shu jumladan tartib-taomillari, ularni monitoring qilish va baholash mezonlari belgilanadi.
33-modda. Akkreditatsiya qilingan hamkorlar
Markaz hududida Markazning subyektlariga maslahat, konsalting xizmatlari va boshqa xizmatlar koʻrsatadigan, Markazning qarorlarida belgilangan tartib-taomillardan oʻtgan yuridik yoki jismoniy shaxs akkreditatsiya qilingan hamkor deb eʼtirof etiladi.
Akkreditatsiya qilingan hamkorlarga Markaz hududida faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat berish, ularga nisbatan qoʻyiladigan talablar, shuningdek akkreditatsiyadan oʻtgan hamkorning maqomini tugatish tartibi Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
Akkreditatsiya qilingan hamkorlar ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga, shuningdek Markazning qarorlarida belgilangan talablar va qoidalarga rioya etishi shart.
Markazning maxsus soliq va bojxona rejimi, shuningdek ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda hamda Markazning qarorlarida nazarda tutilgan boshqa imtiyozlar va preferensiyalar akkreditatsiya qilingan hamkorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
6-bob. Markaz organlarining va ishtirokchilarining xodimlari
34-modda. Markaz organlarining va ishtirokchilarining xodimlari
Markazning organlarida yoki ishtirokchilarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar quyidagi hollarda Markaz organlarining va ishtirokchilarining xodimlari (bundan buyon matndan xodimlar deb yuritiladi) deb eʼtirof etiladi:
mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va Markazning qarorlarida belgilangan tartibda lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda.
Markaz organlarining va ishtirokchilarining xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlishi mumkin.
Markazning organlari va ishtirokchilari oʻz xodimlariga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, xodimlarning mehnatga oid huquqlariga va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi hamda ularning himoya qilinishi choralarini koʻradi.
35-modda. Chet ellik xodimlarni jalb etish
Markazning organlari va ishtirokchilari oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va Markazning qarorlarida belgilangan tartibda chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni (bundan buyon matnda chet ellik xodimlar deb yuritiladi) jalb etish huquqiga ega.
Chet ellik xodimlar oʻz kasbiy faoliyatini yuritish uchun ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va Markazning qarorlarida nazarda tutilgan mehnatga oid huquqlarning va qonuniy manfaatlarning himoya qilinishi kafolatlari bilan taʼminlanadi hamda buning uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
36-modda. Chet ellik xodimlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi va unda boʻlishi
Markazda faoliyatni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasiga keladigan chet ellik xodimlarning kirish vizasi:
Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari orqali;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlarida — Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli boʻlinmalar orqali;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida — Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ichki ishlar organlari orqali rasmiylashtiriladi.
Chet ellik xodimlarga va ularning oila aʼzolariga kirish vizalari uch yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.
Chet ellik xodimlarga va ularning oila aʼzolariga vizalar berish, vizalarning amal qilish muddatini uzaytirish, qisqartirish va bekor qilish Markaz maʼmuriyatining taqdimnomasiga (iltimosnomasiga) asosan, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda chet ellik xodimlarga va ularning oila aʼzolariga berilgan vizalarning amal qilish muddati Markaz maʼmuriyatining taqdimnomasiga (iltimosnomasiga) asosan ular Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqmasdan turib, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uzaytirilishi mumkin.
37-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma
Markazning organlari va ishtirokchilari tomonidan ishga qabul qilinadigan chet ellik xodimlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma olish majburiyatidan ozod etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida umumiy tartibda belgilangan cheklovlar va kvotalar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan chet ellik xodimlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan imtiyozlarni qoʻllash maqsadida, chet ellik xodimlarni jalb etish va ularning maqomini tasdiqlash tartibi Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
38-modda. Chet ellik xodimlarni roʻyxatdan oʻtkazish va ularning hisobini yuritish
Chet ellik xodimlarni ishga joylashtirish, shu jumladan roʻyxatga olish va ularning hisobini yuritish Markazning raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi.
Markazning qarorlarida chet ellik xodimlarga nisbatan qoʻshimcha talablar va mezonlar, shuningdek ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi, chet ellik xodimlar tomonidan faoliyatni amalga oshirish va bunday faoliyatni tugatish tartibi belgilanadi.
III BOʻLIM. MAXSUS HUQUQIY REJIM
7-bob. “Tartibga solish qumdoni”
39-modda. “Tartibga solish qumdoni”
“Tartibga solish qumdoni”ni joriy etish, undan foydalanish, uning amal qilish sohalari, undagi loyihalar va “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchilarini tanlab olish mezonlari, vaqtincha yengillashtirish yoki soddalashtirish shartlari, monitoring qilish va samaradorlikni baholash, “Tartibga solish qumdoni” doirasida ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan talablar qoʻllanilishining alohida (sinov) tartiblari, shuningdek ishtirokchilarning huquq, majburiyatlari va javobgarligi ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
“Tartibga solish qumdoni” Markazning maʼmuriyati tomonidan, agar Boshqaruv kengashining qarori bilan boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, oʻn ikki oydan koʻp boʻlmagan muddatga joriy etiladi.
“Tartibga solish qumdoni” doirasida innovatsion texnologiyalarni, mahsulotlarni va xizmatlarni sinovdan oʻtkazish uchun Boshqaruv kengashining qaroriga koʻra maxsus regulator maydonchalar (zonalar, laboratoriyalar) tashkil etilishi mumkin.
40-modda. “Tartibga solish qumdoni” doirasidagi preferensiyalar
“Tartibga solish qumdoni” doirasida quyidagi preferensiyalar nazarda tutilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida yoki Markazning qarorlarida belgilangan ayrim talablardan vaqtincha ozod etish;
litsenziyalashdan va ruxsat berish tartib-taomillari oʻtkazilishdan Markazning qarorlarida belgilangan tartibda vaqtincha ozod etish;
Markazning infratuzilmasidan, shu jumladan tadqiqot laboratoriyalaridan va ekspert maslahatlaridan foydalanish imkoniyatini berish;
cheklangan (nazorat qilinadigan) bozor doirasidagi real sharoitlarda isteʼmolchilar va hamkorlar bilan munosabatlarga kirishish imkoniyatini yaratish.
Markazning qarorlarida “Tartibga solish qumdoni” doirasida taqdim etiladigan boshqa preferensiyalar ham nazarda tutilishi mumkin.
Jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar sinovdan oʻtkaziladigan innovatsion texnologiyadan, mahsulotdan yoki xizmatdan shartnoma asosida foydalanishi mumkin.
“Tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan oʻtkazish davrida mazkur innovatsion texnologiyalardan, mahsulotlardan yoki xizmatlardan foydalanganlik ishtirokchilarni javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmaydi, bundan insonning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik mustasno.
41-modda. “Tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan oʻtkazish uchun qoʻyiladigan minimal talablar
Innovatsion texnologiyalar, mahsulotlar va xizmatlar “Tartibga solish qumdoni” doirasida quyidagi minimal talablarni oʻz ichiga olgan reja asosida sinovdan oʻtkaziladi:
sinovdan oʻtkazishni boshlash va yakunlash muddatini belgilash;
foydalanuvchilar doirasini va sinov oʻtkazish hududini aniqlash;
“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchilarining moliyaviy va boshqa majburiyatlariga doir limitlarni (cheklangan qiymatlarni) belgilash;
isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, shu jumladan ehtimoliy xavf-xatarlar va foydalanish shartlari haqida xabardor qilish choralarini koʻrish;
xavf-xatarlarni aniqlash, ularning oldini olish va ularni kamaytirish, shuningdek yuzaga kelgan oqibatlarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
Markazning qarorlarida belgilangan tartibda va muddatlarda sinovdan oʻtkazish jarayoni hamda natijalari toʻgʻrisida muntazam ravishda Markaz maʼmuriyatiga hisobot taqdim etish.
Markazning qarorlarida sinovdan oʻtkazish rejasiga oid qoʻshimcha talablar, shu jumladan hisobotlar shakli, samaradorlik koʻrsatkichlari va sinovdan oʻtkazishni yakunlash (tugatish) mezonlari belgilanishi mumkin.
42-modda. “Tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan oʻtkazishni yakunlash
“Tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan oʻtkazish yakunlanganidan keyin ishtirokchilar tomonidan Markazning qarorlarida belgilangan tartibda va muddatlarda Markaz maʼmuriyatiga yakuniy hisobot taqdim etishi shart.
Sinovdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi yakuniy hisobot quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
sinovdan oʻtkazilgan innovatsion texnologiyalarning, mahsulotlarning va xizmatlarning samaradorligi va xavfsizligi tahlilini;
aniqlangan xavf-xatarlarni baholash natijalarini, koʻrilgan choralar tavsifini va kelgusida xavf-xatarlarni kamaytirish boʻyicha takliflarni.
Sinovdan oʻtkazishga doir talablarni bajarmagan ishtirokchilar Markaz hududida innovatsion texnologiyalardan, mahsulotlardan va xizmatlardan foydalanishni Markazning qarorlari bilan belgilangan tartibda toʻxtatib turishi shart.
Yakuniy hisobotni koʻrib chiqish va baholash tartibi, shu jumladan sinovdan oʻtkazish natijalaridan kelgusida foydalanish toʻgʻrisida qaror qabul qilish mezonlari Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi.
43-modda. “Tartibga solish qumdoni” natijalari boʻyicha keyingi huquqiy rejim
“Tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan oʻtkazish natijalariga koʻra ijobiy baholangan loyihalar boʻyicha quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
Boshqaruv kengashining qarori asosida loyihani Markaz hududida maxsus huquqiy rejim doirasida amalga kiritish va (yoki) loyihani belgilangan cheklovlar hamda shartlar asosida davom ettirish va (yoki) uning koʻlamini bosqichma-bosqich kengaytirish;
“Tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan oʻtkazish natijalarini hisobga olgan holda, loyihani Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki alohida hududlarida amalga kiritish boʻyicha vakolatli organlarga takliflar kiritish.
8-bob. Soliq solish
44-modda. Soliq solishning alohida tartibi
Markaz hududida ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq Markazning qarorlari bilan tartibga solinadigan soliq solishning alohida tartibi amal qiladi.
Markazning organlari, ishtirokchilari, shuningdek ularning xodimlari maxsus huquqiy rejim doirasida olgan daromadlari boʻyicha ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 46-moddasida belgilanganidan tashqari Oʻzbekiston Respublikasining soliq qonunchiligida belgilangan barcha soliqlar va yigʻimlardan ozod etiladi.
Ushbu bobning qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil qilingan axborot texnologiyalarining texnologik parklari rezidentlariga, maxsus rejim doirasida soliq imtiyozlaridan foydalangan soliq toʻlovchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Markaz hududidan tashqarida yuzaga kelgan, soliq solish obyekti hisoblangan mol-mulk, harakat, harakat natijasi yoki qiymat, miqdoriy yoki fizik xususiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar mavjud boʻlganda ularga soliq solinishi Markazning ishtirokchisida Markazning qarorlariga muvofiq soliq majburiyatini yuzaga keltiradi.
Markaz ishtirokchilarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida, shu jumladan Markaz hududida olingan daromadlari hisobi soliq solish maqsadida ularning olish manbaiga qarab, alohida-alohida yuritiladi.
45-modda. Markazning ishtirokchisi maqomiga ega boʻlmagan investorlarga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari
Investor hisoblangan jismoniy shaxslar Markazning maxsus huquqiy rejimi doirasida amalga oshirilgan investitsiya faoliyati natijasida olingan dividendlar va boshqa daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.
Investor hisoblangan yuridik shaxslar Markazning maxsus huquqiy rejimi doirasida amalga oshirilgan investitsiya faoliyati natijasida olingan dividendlar va boshqa daromadlar boʻyicha foyda soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.
46-modda. Soliq turlari
Markaz hududida Markazning organlariga, ishtirokchilariga va ularning xodimlariga nisbatan quyidagi soliqlar belgilanadi:
qoʻshilgan qiymat soligʻi;
foyda soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan soliqlar boʻyicha soliq elementlari Markazning qarorlari bilan tartibga solinadi.
47-modda. Qoʻshilgan qiymat soligʻi
Markazning organlari va ishtirokchilari qoʻshilgan qiymat soligʻining soliq toʻlovchilari deb eʼtirof etiladi hamda ularga soliq organlarida qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi sifatida maxsus roʻyxatga olish hisobiga qoʻyilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma beriladi.
Realizatsiya qilish joyi Markaz hududi va Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻlgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma hamda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan tovarlar qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq solish obyektlari hisoblanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq solish obyektlariga nisbatan soliq stavkasi quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
Markaz hududida va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmaga nol darajali stavka;
realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmaga va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirishga nisbatan Markazning qaroriga muvofiq belgilangan stavka.
48-modda. Foyda soligʻi
Markaz ishtirokchilarining Markaz hududida ustuvor faoliyat yoʻnalishlari doirasida olingan daromadlari foyda soligʻidan ozod etiladi.
Markaz ishtirokchilarining Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlariga bunday ishtirokchilarga nisbatan Markazning soliq solishning alohida tartibi qoʻllanilishidan qatʼi nazar, Markaz qaroriga muvofiq foyda soligʻi solinadi.
49-modda. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi
Markaz organlarining yoki ishtirokchilarining yuqori malakali xodimlari deb hisoblangan chet el fuqarolari (Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari) Markaz tomonidan toʻlanadigan ish haqi va dividendlar tarzidagi daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.
Yuqori malakali xodimlari talablar va mezonlarga javob bermaydigan Markaz organlarining yoki ishtirokchilarining xodimlari hisoblangan chet el fuqarolarining (Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining) Markaz tomonidan toʻlanadigan ish haqi tarzidagi daromadlariga 12 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi solinadi.
Yuqori malakali xodimlarga nisbatan qoʻyiladigan talablar va mezonlar Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi.
Markaz ishtirokchilarining xodimlari hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Markaz tomonidan toʻlanadigan ish haqiga 7,5 foizli soliq stavkasi boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi solinadi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini solish maqsadida Markaz organlarining yoki ishtirokchilarining xodimlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning jami daromadi tarkibiga kiritiladigan (kiritilmaydigan) daromadlarning turlari Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini solishning oʻziga xos xususiyatlari Markazning qarorlari bilan tartibga solinadi.
50-modda. Soliq maʼmuriyatchiligi
Markaz hududida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyish, soliqlarni toʻlash, soliq nazoratini amalga oshirish va hisobotlarni taqdim etish tartibi Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi. Bunda mazkur qarorlar Markaz maʼmuriyatining va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining qoʻshma takliflari asosida ishlab chiqiladi.
Markazning subyektlarini soliq organlarida hisobga qoʻyish va ularga xizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining Markaz hududida xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan soliq inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Markaz subyektlari uchun soliq agenti vazifasini bajaruvchi va soliq organlarida ularining manfaatlarini ifoda etuvchi organ Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
Markaz organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi bilan hamkorligi idoralararo elektron hamkorlik va axborot almashinuvi orqali amalga oshiriladi.
51-modda. Qoidabuzarliklar uchun javobgarlik
Markaz subyektlari tomonidan alohida soliq rejimi shartlari buzilgan taqdirda, Markaz hududida faoliyat yurituvchi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining ixtisoslashtirilgan soliq inspeksiyasi Markazning maʼmuriyati bilan birgalikda bunday huquqbuzarliklar monitoringini amalga oshiradi va huquqbuzarlarga nisbatan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 16-bobida nazarda tutilgan javobgarlik choralarini qoʻllashga haqli.
9-bob. Bojxona ishi
52-modda. Bojxona ishining alohida tartibi
Markaz hududida ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Markazning qarorlari bilan tartibga solinadigan hamda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish boʻyicha soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillarini nazarda tutadigan bojxona ishining alohida tartibi amal qiladi.
Bojxona ishining alohida tartibini belgilovchi Markazning qarorlari Markaz maʼmuriyatining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining qoʻshma takliflari asosida ishlab chiqiladi.
Markaz organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorligi idoralararo elektron hamkorlik hamda axborot almashinuvi orqali amalga oshiriladi.
53-modda. Bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar
Markazning organlari va ishtirokchilari quyidagi maqsadlar uchun asbob-uskunalarni va ularning tarkibiy qismlarini, dasturiy taʼminotni, materiallarni, namunalarni olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻini, bojxona bojini toʻlashdan ozod etiladi:
raqamli texnologiyalar mahsulotlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarish zarurati uchun;
“Tartibga solish qumdoni” doirasida foydalanish uchun;
Markaz organlarining faoliyatini taʼminlash uchun.
Investorlar investitsiya sifatida olib kirilayotgan asbob-uskunalar va ularning tarkibiy qismlari, dasturiy taʼminot, materiallar, namunalar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini hamda bojxona bojini toʻlashdan ozod etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirishda bojxona bojlari toʻlanilishidan ozod etiladigan tovarlarning roʻyxati Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Markazning subyektlari tomonidan tovarlar va xizmatlarni Oʻzbekiston Respublikasining hududidan olib chiqishda bojxona bojlari solinmaydi.
Bojxona yigʻimlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq toʻlanadi.
54-modda. Tovarlarni vaqtincha olib kirish
Markazning organlari va ishtirokchilari tovarlarni vaqtincha olib kirishda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod etiladi, bundan bojxona yigʻimlari mustasno.
Tovarlarni vaqtincha olib kirish muddatlari quyidagicha belgilanadi:
“Tartibga solish qumdoni” doirasida olib kiriladigan tovarlarga nisbatan — oʻn ikki oydan koʻp boʻlmagan muddat;
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya loyihalari doirasida olib kiriladigan tovarlarga nisbatan — investitsiya davri muddati;
boshqa hollarda — besh yildan koʻp boʻlmagan muddat.
Tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati tovar vaqtinchalik olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan eʼtiboran hisoblanadi.
Tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati tugaganidan keyin ular Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi yoki erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim.
Tovarlarni vaqtincha olib kirishni rasmiylashtirish tartibi Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
55-modda. Soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillari
Soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillarida quyidagilar nazarda tutiladi:
deklaratsiyalar Markazning raqamli platformasi orqali elektron shaklda topshirilishini;
deklaratsiyalarning bojxona organlari tomonidan ikki ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqilishini.
Markazning qarorlarida “Tartibga solish qumdoni” doirasida olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan tovarlar uchun yanada soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillari belgilanishi mumkin.
56-modda. Bojxona nazoratining oʻziga xos xususiyatlari
Markaz hududida bojxona nazorati xavflarni boshqarish tizimi asosida Markazning maʼmuriyati va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.
57-modda. Qoidabuzarliklar uchun javobgarlik
Markazning ishtirokchilari tomonidan maxsus bojxona rejimi buzilgan taqdirda, Markazning maʼmuriyati ularga nisbatan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 16-bobida belgilangan javobgarlik choralarini qoʻllashga haqli.
58-modda. Bojxona ishi sohasidagi xalqaro hamkorlik
Markazning organlari Markazning ishtirokchilariga xalqaro sheriklar bilan bojxona masalalarini hal etishda koʻmaklashadi.
Transchegaraviy savdo tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasini xabardor qilgan holda, boshqa davlatlarning bojxona organlari bilan kelishuvlar tuzishi mumkin.
59-modda. Ekologik xavfsizlik
Markaz hududidagi va uning ishlab chiqarish zonalaridagi fuqarolarning sogʻligʻini saqlashga, atrof-muhitni, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilishga, shuningdek xavfsiz transchegaraviy savdoni taʼminlashga qaratilgan sanitariya-epidemiologik, veterinariyaga, fitosanitariyaga, karantinga, tabiatni muhofaza qilishga, mahsulotlarning umumiy xavfsizligini taʼminlashga, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga oid chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining sanitariya-epidemiologik osoyishtalik, oʻsimliklar karantini va ekologiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalaridagi vakolatli davlat organlari hamda tashkilotlari Markaz hududida oʻz vakolatlarini va vazifalarini faqat Markazning maʼmuriyati bilan kelishilgan holda amalga oshiradi.
10-bob. Moliya va bank faoliyati
60-modda. Markaz hududida moliyaviy xizmatlarni va bank xizmatlarini koʻrsatish
Akkreditatsiya qilingan hamkorlar tomonidan Markaz hududida Markazning ishtirokchilari uchun quyidagi moliyaviy xizmatlar va bank xizmatlari koʻrsatiladi:
bank xizmatlari (shu jumladan depozitlarni jalb etish, kredit berish, qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq operatsiyalar);
investitsiya faoliyati, shu jumladan venchur investitsiyalash va konsalting;
qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining xizmatlari;
sugʻurta va qayta sugʻurta xizmatlari;
moliyaviy texnologiyalarga asoslangan xizmatlar, shu jumladan toʻlov xizmatlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bank xizmatlari va moliyaviy xizmatlar.
Zarur hollarda, Markaz xalqaro moliyaviy bitimlarni va (yoki) investitsiya bitimlarini tayyorlashda, tuzishda va yuridik jihatdan taʼminlashda Markaz ishtirokchilariga koʻmaklashadi.
Markazning subyektlariga bank xizmatlarini koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki bilan kelishilgan holda Markaz hududida xorijiy banklarning filiallarini ochishga yoʻl qoʻyiladi.
61-modda. Valyutani, moliya va bank faoliyatini tartibga solish
Markaz hududida moliya va bank faoliyati, shuningdek valyuta operatsiyalarini amalga oshirishga doir munosabatlar ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Toshkent xalqaro moliya markazining ishtirokchilari Markazning rezidentlariga bank xizmatlari va boshqa moliyaviy xizmatlar koʻrsatishi mumkin. Bunday tashkilotlarning faoliyatini tartibga solish “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat xaridlariga oid qonunchilik hujjatlarining amal qilishi Markaz hududida maxsus huquqiy rejim doirasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Markaz organlari va ishtirokchilarining xarid qilish faoliyatini amalga oshirishi tartibi Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
11-bob. Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish
62-modda. Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning va ularni himoya qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Markaz hududida shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning va ularni himoya qilishning xalqaro standartlarga muvofiq keladigan hamda Markazning qarorlari bilan tartibga solinadigan maxsus qoidalari belgilanadi.
Markazning subyektlari shaxsga doir maʼlumotlarning himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan, xalqaro standartlarda va Markazning qarorlarida belgilangan talablarga muvofiq keladigan oʻz ichki hujjatlarini tasdiqlashi hamda ularga amal qilishi shart.
63-modda. Bulutli texnologiyalar
Maxsus huquqiy rejim doirasida bulutli texnologiyalardan foydalangan holda maʼlumotlarni saqlashga va ularga ishlov berishga yoʻl qoʻyiladi.
Bulutli texnologiyalardan foydalanishda maʼlumotlarning xavfsizligi, yaxlitligi, muhofazasi, ishonchliligi, shuningdek maʼlumotlarni qayta ishlash, ulardan foydalanish imkoniyati taʼminlanishi kerak.
Maʼlumotlarni bulutli texnologiyalardan foydalangan holda saqlashda va qayta ishlashda xalqaro standartlarga hamda xavfsizlik talablariga rioya etiladi.
12-bob. Intellektual mulkni himoya qilish
64-modda. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Markaz hududida intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning himoya qilinishi kafolatlanadi.
Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish ushbu sohadagi umumeʼtirof etilgan (xalqaro) normalarda, Markazning qarorlarida va Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar bajarilishini taʼminlash orqali amalga oshiriladi.
Markazning qarorlarida intellektual faoliyat natijalarini yaratishni, himoya qilishni hamda tijoratlashtirishni ragʻbatlantiruvchi qoʻshimcha mexanizmlar va tartib-taomillar belgilanadi.
Markazning qarorlari bilan xizmat asarlariga boʻlgan huquqlarni taqsimlash boʻyicha talablar belgilanishi mumkin.
65-modda. Intellektual mulk obyektlarini himoya qilish
Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar ushbu sohadagi vakolatli davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga koʻra roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Markaz hududida Markaz ishtirokchilarining intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarini roʻyxatdan oʻtkazish maqsadida, shu jumladan arizalarni (talabnomalarni) Markaz hududida faoliyat yuritayotgan raqamli va boshqa xizmatlardan foydalangan holda topshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.
13-bob. Davlat xizmatlarini va boshqa xizmatlarni koʻrsatish
66-modda. Markaz hududida koʻrsatiladigan xizmatlar
Markaz hududida quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari;
Markazning organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar;
yordamchi xizmatlar.
67-modda. Davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari
Davlat xizmatlarini koʻrsatishning qulayligi va tezkorligini taʼminlash maqsadida Markaz hududida davlat xizmatlari markazlarining filiali ochilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda Markaz davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha oʻz ofisini va raqamli platformasini tashkil etishi mumkin.
Markaz hududida davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi tegishli sohadagi vakolatli davlat organi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Bunda davlat organlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishi bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan maxsus huquqiy rejim ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 2-moddasida belgilangan istisnolar inobatga olingan holda tatbiq etiladi.
Davlat xizmatlari, agar mazkur Qonunda va Markazning qarorlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq koʻrsatiladi.
68-modda. Markazning organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar
Markazning organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
jismoniy va yuridik shaxslarni hisobga qoʻyish, roʻyxatdan va akkreditatsiyadan oʻtkazish;
maxsus huquqiy rejim tatbiq etiladigan sohalar doirasida litsenziyalash va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish;
tovarlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish;
konsalting xizmatlari va axborotga oid xizmatlar;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va Markazning qarorlarida nazarda tutilgan boshqa xizmatlar.
Markazning organlari xizmatlarni Markazning qarorlariga muvofiq haq evaziga yoki tekinga koʻrsatishga haqli.
69-modda. Yordamchi xizmatlar
Markaz hududida akkreditatsiya qilingan hamkorlar tomonidan Markazning subyektlari faoliyatini taʼminlashga va uning infratuzilmasini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi yordamchi xizmatlar koʻrsatilishi mumkin:
yuridik xizmatlar;
auditorlik xizmatlari;
buxgalteriya xizmatlari;
konsalting xizmatlari;
infratuzilmani va Markazning subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga doir xizmatlar;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va Markazning qarorlarida nazarda tutilgan boshqa xizmatlar.
Akkreditatsiya qilingan hamkorlarni yordamchi xizmatlar koʻrsatishga jalb etish tartibi hamda bunday xizmatlarga nisbatan qoʻyiladigan talablar Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
70-modda. Markaz hududida koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha shikoyatlarni koʻrib chiqish
Davlat organlari tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq shikoyatlar (nizolar) Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan koʻrib chiqiladi.
Markazning organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar, yordamchi xizmatlar, shuningdek Markazning qarorlari bilan tartibga solinadigan boshqa xizmatlar bilan bogʻliq shikoyatlar (nizolar) faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan belgilanadigan holda Toshkent xalqaro tijorat sudi tomonidan oʻz yurisdiksiyasi doirasida koʻrib chiqiladi.
14-bob. Mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish
71-modda. Mehnatga oid munosabatlar
Markaz hududida mehnatga oid munosabatlar ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Markazning qarorlari bilan tartibga solinadi.
Markazning mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi qarorlari birinchi navbatda quyidagilarga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim:
xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlashga va teng imkoniyatlarni kafolatlashga;
kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligiga;
xodimlarning huquqlarini himoya qilishga va ularga mehnati uchun adolatli haq toʻlashga;
mehnatni tashkil etishda moslashuvchanlikni taʼminlashga;
mehnatga oid munosabatlarni ortiqcha tartibga solishdan holi qilishga.
Markazning organlari va ishtirokchilari mehnat shartnomalariga yoki boshqa ichki normativ hujjatlarga muvofiq xodimlar uchun Markazning qarorlarida nazarda tutilganidan qulayroq shartlarni kiritishga haqli.
Agar Markazning qarorlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining mehnatga oid munosabatlar toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari Markazning organlariga, ishtirokchilariga va ularning xodimlariga nisbatan yuzaga keladigan munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
72-modda. Mehnat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha minimal talablar
Markaz hududida majburiy mehnat, bolalar mehnati, shuningdek ekspluatatsiya qilishning har qanday shakllari va odam savdosidan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi. Markazning organlari va ishtirokchilari insonning fundamental huquqlariga, mehnat sohasidagi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarining qoidalariga rioya etilishini taʼminlashi shart. Xodimning jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyi bilan bogʻliq holda, shuningdek uning ishchanlik fazilatlari va mehnati natijalari bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa holatlarga koʻra har qanday shakldagi kamsitishga (diskriminatsiyaga) yoʻl qoʻyilmaydi. Markazning ishtirokchilari inklyuziv ish muhitini yaratganlik va korporativ ijtimoiy masʼuliyatning eng yaxshi xalqaro amaliyotini joriy etganlik uchun ragʻbatlantiriladi.
Markaz hududidagi mehnatga oid munosabatlar shartnomaviy tartibga solish va shartnoma erkinligi prinsiplariga asoslanadi. Mehnat shartlari, shu jumladan mehnatga haq toʻlash shartlari, ish vaqti va dam olish vaqti ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuziladigan mehnat shartnomasida belgilanadi.
Xodimlarning mehnatga oid huquqlari Markazning maʼmuriyati tomonidan ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va Markazning qarorlari bilan belgilangan tartibda himoya qilinadi.
Jamoa shartnomalarini tuzish, shuningdek Markaz hududida xodimlarning birlashmalarini va professional (kasaba) uyushmalarini tashkil etish Markazning qarorlari bilan tartibga solinadi. Xodimlarning jamoat tartibini yoki Markazning faoliyat yuritish shartlarini buzishga olib keladigan har qanday jamoaviy harakatlariga maxsus huquqiy rejim barqarorligini va Markaz faoliyatining uzluksizligini taʼminlash maqsadida yoʻl qoʻyilmaydi.
73-modda. Mehnatni tashkil etishda moslashuvchanlik
Markazning organlari va ishtirokchilari mehnatni tashkil etish shartlarini quyidagilarni nazarda tutgan holda belgilashi mumkin:
xodimlarni ishga qabul qilish va mehnatga oid munosabatlarni tugatish (mehnat shartnomalarini bekor qilish) boʻyicha maxsus shartlar va tartib, shu jumladan moslashuvchan ish jadvali va ish rejimi, ish vaqtining qisqartirilgan yoki uzaytirilgan davomiyligi, masofadan turib ishlash shakli hamda boshqa ish shakllari, shuningdek mehnat taʼtilini va boshqa taʼtillarni taqdim etish tartibi;
mehnatga haq toʻlashning muqobil tizimlari, shu jumladan soatbay, ishbay, bonusli va (yoki) aralash tizimlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar Markazning qarorlarida belgilangan, kamsitishga yoʻl qoʻymaslikka, mehnat uchun xavfsiz shart-sharoitlarni taʼminlashga va xodimlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan talablarga rioya etilgan taqdirda qoʻllaniladi.
15-bob. Ilmiy taraqqiyot erkinligi
74-modda. Sunʼiy intellekt
Markaz hududida sunʼiy intellekt texnologiyalarini yaratish, sinovdan oʻtkazish va joriy etish sohasida faoliyat yuritish hamda tadqiqotlar oʻtkazish erkinligi taʼminlanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan faoliyatga bevosita yoki bilvosita toʻsqinlik qiladigan normalar, cheklovlar yoxud boshqa choralar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan quyidagilar bilan bogʻliq hollar mustasno:
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
jamoat xavfsizligiga va jamoat tartibiga boʻlgan tahdidlarning oldini olish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etish.
75-modda. Sunʼiy intellekt sohasidagi xalqaro ilmiy va texnologik hamkorlik
Markaz hududida sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish, tatbiq etish, sinovdan oʻtkazish hamda xalqaro ilmiy va texnologik hamkorlik erkinligi, shu jumladan chet el jismoniy va yuridik shaxslarining, ilmiy tashkilotlarining, taʼlim tashkilotlarining va texnologik kompaniyalarning ishtirok etishi taʼminlanadi.
Markaz faoliyati doirasida yaratilgan qoʻshma tadqiqotlar va ishlanmalarning natijalari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda, Markazning qarorlarida va taraflarning kelishuvlarida belgilangan hamda qoʻllaniladigan huquqqa muvofiq huquqiy jihatdan himoya qilinishi kerak.
76-modda. Taʼlim sohasidagi maxsus huquqiy rejim
Markaz hududida yuqori texnologiyali taʼlim muhitini va madaniy muhitni yaratishga qaratilgan taʼlim sohasidagi maxsus huquqiy rejim oʻrnatiladi.
Maxsus huquqiy rejim doirasida Markaz hududidagi taʼlimga oid faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasining davlat taʼlim standartlariga majburiy ravishda moslashtirmagan holda, yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlarining oʻquv dasturlari va standartlari asosida amalga oshirishga ruxsat beriladi. Taʼlim dasturlarining mazmuni, oʻquv rejalariga nisbatan qoʻyiladigan talablar va bilimlarni baholash usullari Markaz organlari tomonidan Markazning tegishli qarorlarini qabul qilish orqali mustaqil ravishda belgilanadi. Mazkur oʻquv dasturlari va hujjatlar ustuvor kuchga ega boʻlib, ularning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra taʼlim sohasidagi vakolatli davlat organlari bilan majburiy tartibda kelishilishi talab etilmaydi.
Taʼlimga oid faoliyat, shu jumladan yangi taʼlim tashkilotlari, akademiyalar, ilmiy institutlar yoki taʼlim maydonchalari, shuningdek yangi universitetlar, xorijiy universitetlarning filiallari, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari, oʻquv markazlari Boshqaruv kengashi bilan kelishilgan holda, Markaz maʼmuriyati tomonidan beriladigan ixtisoslashtirilgan litsenziyalar asosida tashkil etiladi. Bunday litsenziyalarni berish tartibi va litsenziyalash mezonlari Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Markazning alohida qarori bilan belgilanadi.
Bunda Markazning qarorida taʼlim dasturlarining mazmuniga nisbatan davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni targʻib qiluvchi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga, aholining sogʻligʻiga, ijtimoiy axloqqa tajovuz qiluvchi gʻoyalarni targʻib qilishning oldi olinishni nazarda tutuvchi mezonlar va talablar belgilanadi.
Markaz hududida taʼlim tashkilotini tashkil etish uchun zarur infratuzilma mavjud boʻlmagan hollarda, ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning qoidalariga muvofiq bunday muassasani Markaz hududidan tashqarida tashkil etishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday taʼlim tashkilotlarining hududi Markazning ishlab chiqarish hududi deb eʼtirof etiladi va unga nisbatan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan maxsus huquqiy rejim toʻliq hajmda tatbiq etiladi.
Taʼlim sohasidagi maxsus huquqiy rejim tatbiq etilgan taʼlim tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchiligi ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Markazning qarorlariga zid boʻlmagan qismi boʻyicha qoʻllaniladi.
IV BOʻLIM. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
16-bob. Javobgarlik choralari va nizolarni hal etish
77-modda. Markazning subyektlari ishtirokidagi nizolarni koʻrib chiqish
Markazning maxsus huquqiy rejimi doirasida yuzaga keladigan nizolar “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq tashkil etilgan Toshkent xalqaro tijorat sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi Markazga nisbatan quyidagi toifadagi nizolar boʻyicha yurisdiksiyaga ega:
Markaz subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan fuqarolik, iqtisodiy, korporativ va mehnatga oid nizolar;
Markaz hududida amalga oshirilayotgan faoliyat, Markazning maxsus qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadigan huquqiy munosabatlar yoki Markaz hududida joylashgan mol-mulk bilan bogʻliq nizolar;
Markaz ishtirokchilarining toʻlovga qobiliyatsizligi, bankrotligi, qayta tashkil etilishi hamda majburiyatlarni restrukturizatsiya qilish bilan bogʻliq ishlar;
taraflarning kelishuviga koʻra Toshkent xalqaro tijorat sudi yurisdiksiyasiga kiritilgan nizolar;
xalqaro arbitraj bilan bogʻliq ishlar, shu jumladan hakamlarni tayinlash, chetlatish, vaqtinchalik taʼminlash choralarini qoʻllash, arbitraj qarorlarini bekor qilish, tan olish va ijro etish, shuningdek Markazning maxsus qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa vakolatlar;
Markaz organlarining qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi yuzasidan kelib chiqadigan nizolar, shu jumladan litsenziyalash, roʻyxatdan oʻtkazish, nazorat qilish, intizomiy choralar va boshqa tartibga solish choralari bilan bogʻliq ishlar;
Markazning maxsus qonunchiligidan kelib chiqadigan boshqa nizolar;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonun, Markazning maxsus qonunchiligi yoki Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchiligi bilan Toshkent xalqaro tijorat sudining vakolatlari jumlasiga kiritilgan boshqa ishlar.
Toshkent xalqaro tijorat sudi ushbu Konstitutsiyaviy Qonunni, Markazning maxsus qonunchiligini qoʻllaydi va talqin qiladi.
Markazning maxsus qonunchiligidan kelib chiqadigan nizolarni koʻrib chiqishda Toshkent xalqaro tijorat sudi ushbu qonunchilikni mustaqil ravishda talqin qiladi va qoʻllaydi hamda Markazning maxsus huquqiy rejimi maqsadlari va prinsiplarini hisobga oladi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi tomonidan qabul qilingan qarorlar “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunida belgilangan tartibda ijro etiladi.
78-modda. Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Markazning qarorlariga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulotlarni va yechimlarni sinovdan oʻtkazishda yoki tajriba-sinovdan oʻtkazishda insonning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Markazning qarorlarida nazarda tutilgan javobgarlik choralarini qoʻllash tartibi ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi.
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan javobgarlik choralarini qoʻllash asoslari, shartlari va tartibi Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi.
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 6 va 7-moddalarida nazarda tutilgan hollarda javobgarlik choralari Markazning maʼmuriyati tomonidan qoʻllaniladi.
Boshqa hollarda, moliya va bank tashkilotlariga nisbatan javobgarlik choralari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra Markazning maʼmuriyati tomonidan mazkur sohadagi vakolatli davlat organ bilan birgalikda oʻz vakolatlari doirasida qoʻllaniladi.
Javobgarlik choralari, agar ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Markazning maʼmuriyati tomonidan qoʻllaniladi.
Ushbu bobda nazarda tutilgan javobgarlik choralari faqat Boshqaruv kengashining qarorlarini va maxsus huquqiy rejim talablarini buzganlik uchun, shuningdek ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 6 va 7-moddalarida nazarda tutilgan hollarda qoʻllaniladi.
79-modda. Javobgarlik choralari
Markazning maʼmuriyati Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxsga nisbatan quyidagi javobgarlik choralarini qoʻllashga haqli:
yozma ogohlantirish;
muayyan harakatlarni amalga oshirish haqida yoki muayyan harakatlarni amalga oshirishdan tiyilish toʻgʻrisida koʻrsatma berish;
huquqbuzarlikni va uning oqibatlarini bartaraf etish, shu jumladan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash yoki huquqbuzarlikdan oldingi holatni tiklash boʻyicha choralar koʻrish majburiyatini yuklatish;
huquqbuzarlik natijasida olingan foydani qaytarish;
moliyaviy sanksiyalar;
ayrim faoliyat turlarini yoki operatsiyalarni amalga oshirishni vaqtincha cheklash;
huquqbuzarlikning yoki uning oqibatlarining oldini olish yoxud ularni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan shoshilinch himoya choralarini qoʻllash;
Markazning maxsus huquqiy rejimida nazarda tutilgan imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish huquqini vaqtincha toʻxtatib turish yoki bekor qilish;
Markaz ishtirokchisining maqomini toʻxtatib turish yoki tugatish.
Ushbu moddada nazarda tutilgan javobgarlik choralari Boshqaruv kengashining qarorlarida belgilangan hollarda moliyaviy sanksiyalarga qoʻshimcha ravishda yoki ularning oʻrniga qoʻllanilishi mumkin.
Javobgarlik choralarining qoʻllanilishi huquqbuzarni huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish va yetkazilgan zararning oʻrnini qoʻllaniladigan huquqda belgilangan tartibda qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
Javobgarlik chorasini, uning muddatini, miqdorini va javobgarlik choralarini qoʻllash ketma-ketligini tanlashda Markazning maʼmuriyati qoidabuzarlikning xususiyati va oqibatlarini, aybdorlik darajasini (mavjud boʻlganda), shuningdek qoʻllanilayotgan javobgarlik chorasining yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlikka mutanosibligini hisobga olishi shart.
Qoidabuzarliklarni aniqlash, materiallarni koʻrib chiqish, qarorlar qabul qilish, shikoyat qilish va javobgarlik choralarining ijrosini taʼminlash tartibi ushbu Konstitutsiyaviy Qonun doirasida Markazning qarorlari bilan belgilanadi.
17-bob. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunni amalga kiritish
80-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
81-modda. Qonunchilikni ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
82-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunni va Markazning qarorlarini qoʻllash boʻyicha oʻtish qoidalari
Markazning ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan qarorlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran olti oy ichida uning organlari tomonidan ishlab chiqilishi va qabul qilinishi lozim.
Markazning qarorlari qabul qilinguniga qadar Markaz hududida Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga zid kelmagan qismi boʻyicha qoʻllanilishi mumkin.
83-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosini monitoring qilish
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosi hamda maxsus huquqiy rejimning qoʻllanilishi va samaradorligi:
Boshqaruv kengashi tomonidan har yili kamida bir marotaba;
Markaz maʼmuriyatining Kuzatuv kengashi tomonidan doimiy ravishda monitoring qilib boriladi.
84-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-avgust,
OʻRQ-1169-son
