1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Ushbu Kodeks Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni va transport vositalarini olib oʻtish, bojxona toʻlovlarini undirish, bojxona rasmiylashtiruvi, bojxona nazoratini amalga oshirish, shuningdek bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish hollarining oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyish tartibini belgilash bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda muayyan bojxona munosabatlari ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikning vaqt boʻyicha amal qilishi
Bojxona ishida bojxona organi bojxona deklaratsiyasini va boshqa hujjatlarni qabul qilib olgan kuni amalda boʻlgan qonunchilik qoʻllaniladi.
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik orqaga qaytish kuchiga ega emas va agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni bekor qiladigan yoki yengillashtiradigan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik orqaga qaytish kuchiga ega.
Bojxona toʻlovlarini bekor qilish, bojxona toʻlovlari stavkalarini kamaytirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining majburiyatlarini bekor qilish yoki ularning ahvolini boshqacha tarzda yengillashtirishni nazarda tutuvchi bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik orqaga qaytish kuchiga ega boʻlishi mumkin, agar bu bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boʻlsa, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik, agar hujjatlarning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik bojxonaga oid huquqbuzarlik sodir etilgan kunda amalda boʻlgan qonunchilik hujjatlari asosida qoʻllaniladi.
4-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi huquqlarining ustuvorligi
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikdagi barcha bartaraf etib boʻlmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining foydasiga talqin qilinadi.
2-bob. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududi va bojxona chegarasi
Oʻzbekiston Respublikasining quruqlikdagi hududi, hududiy va ichki suvlari hamda ular ustidagi havo hududi Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududini (bundan buyon matnda bojxona hududi deb yuritiladi) tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin bojxona zonalari va erkin omborlar boʻlishi mumkin. Bunda ularga joylashtirilgan tovarlar bojxona toʻlovlarini toʻlash maqsadida, shuningdek iqtisodiy siyosat choralarini qoʻllash uchun bojxona hududidan tashqarida joylashgan deb qaraladi.
Bojxona hududi sarhadlari Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi hisoblanadi (bundan buyon matnda bojxona chegarasi deb yuritiladi).
6-modda. Bojxona maqsadlari
Bojxona maqsadlari quyidagilardan iborat:
bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini olib oʻtish, tovarlarni tashish, saqlash va qayta ishlashda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash;
bojxona toʻlovlari oʻz vaqtida va toʻgʻri toʻlanishini taʼminlash;
iqtisodiy siyosat choralariga, bojxona rejimlarining talablari va shartlariga rioya etilishini taʼminlash;
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish hollariga chek qoʻyish va ularning oldini olish.
7-modda. Vakolatli shaxs
Tovarning va (yoki) transport vositasining egasi yoki tovarga va (yoki) transport vositasiga nisbatan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq vakolatlarga ega boʻlgan yoxud tovarning va (yoki) transport vositasining egasi nomidan tegishli shartnoma yoki ishonchnoma asosida ish koʻruvchi shaxs vakolatli shaxsdir.
71-modda. Vakolatli iqtisodiy operator
Qonunchilikda belgilangan tegishli talablarga javob beruvchi yuridik shaxslar vakolatli iqtisodiy operator maqomini olishi mumkin.
Vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish tartibi, Vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritish uchun tanlash mezonlari va vakolatli iqtisodiy operator tomonidan amalga oshiriladigan maxsus soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestrini yuritadi va uning oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini hamda kamida har oyda yangilab borilishini taʼminlaydi.
8-modda. Yuridik va jismoniy shaxslar
Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan tashkilot;
chet davlatning qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan chet el tashkiloti;
Oʻzbekiston Respublikasining, chet davlatning qonunchiligiga yoki xalqaro shartnomaga muvofiq tashkil etilgan xalqaro tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet davlatlar fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) jismoniy shaxslar hisoblanadi.
9-modda. Tovarning kuzatuv hujjatlari
Tijorat va transport hujjatlari tovarning kuzatuv hujjatlari hisoblanadi.
Tijorat hujjatlari jumlasiga hisobvaraq-faktura (invoys), yuklab joʻnatish va oʻrov varaqlari hamda tashqi savdo faoliyati va oʻzga faoliyat amalga oshirilayotganda bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish bilan bogʻliq bitimlar tuzilganligini tasdiqlash uchun foydalaniladigan boshqa hujjatlar kiradi.
Transport hujjatlari jumlasiga konosament, yuk xati yoki tovarlarni tashish shartnomasi borligini tasdiqlovchi hamda shunday tashishda kuzatib boruvchi boshqa hujjat kiradi.
10-modda. Tovarning oʻzgarmas holati
Tovarning oʻzgarmas holati tovar bojxona rejimiga joylashtirilayotgan paytdagi barcha xossalarining bojxona rejimi amal qilishining tugallanish paytida oʻsha hajmlarda but saqlanib qolishidir, bundan tovarning tabiiy tarzda eskirishi yoki uni tashish va (yoki) saqlashning normal sharoitlarida kamayishi oqibatida roʻy bergan oʻzgarishlar mustasno.
11-modda. Qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi
Qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi qayta ishlash jarayonida ishlatiladigan tovarlar miqdorining bitta birligidan ishlab chiqarish jarayoniga muvofiq olinadigan qayta ishlangan mahsulotlarning mutlaq qiymatdagi yoki foiz nisbatidagi miqdori hisoblanadi.
12-modda. Tovarning but saqlanishini taʼminlashga doir operatsiyalar
Tovarning but saqlanishini taʼminlashga doir operatsiyalar jumlasiga quyidagilar kiradi:
tozalash, shamollatish, quritish, shu jumladan iliq havoni vujudga keltirib quritish;
saqlashning maqbul harorat rejimini yaratish, shu jumladan sovutish, muzlatish, isitish;
himoya oʻroviga oʻrash, himoyalovchi moyni va konservantlarni surtish;
zanglashdan himoya qilish uchun boʻyash, muhofazalovchi moddalar bilan ihotalash;
korroziyaga qarshi qoplama surtish.
Tovarlarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, tovarning but saqlanishini taʼminlashga doir operatsiyalar jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi operatsiyalar ham kiritilishi mumkin.
13-modda. Tovar va transport vositasi
Bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan har qanday koʻchar mol-mulk, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi, valyuta boyliklari va boshqa qimmatli qogʻozlar, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari, intellektual mulk obyektlari, transport vositasi tovar hisoblanadi, bundan ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan transport vositasi mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovar yoxud bojxona hududida erkin muomalaga chiqarilgan yoki ushbu Kodeksga muvofiq shunday maqomga ega boʻlgan tovar Oʻzbekiston tovaridir.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilmagan tovar, shuningdek ushbu Kodeksga muvofiq chet el tovari maqomini olgan tovar chet el tovaridir.
Tovarlarni va yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan vosita transport vositasidir. Transport vositasi har qanday suv kemasini, havo kemasini, avtotransport vositasini, temir yoʻl transport vositasini (temir yoʻlning harakatdagi tarkibini, temir yoʻl harakatdagi tarkibining bir qismini) yoki konteynerni, shuningdek ularning oʻz konstruksiyasiga muvofiq texnik pasportlarida yoki texnik formulyarlarida nazarda tutilgan ehtiyot qismlarni, anjomlarni va uskunalarni, suyuqlik saqlash idishlaridagi yoqilgʻi-moylash materiallarini, sovutuvchi va boshqa xil texnik suyuqliklarni, agar ular mazkur transport vositalari bilan birga tashilayotgan boʻlsa, oʻz ichiga oladi.
14-modda. Yengib boʻlmas kuch taʼsiri
Tabiat hodisalari (zilzilalar, yer koʻchishlari, dovullar, qurgʻoqchiliklar va hokazo) yoki yuridik va jismoniy shaxslarning xohish-irodasi hamda xatti-harakatlariga bogʻliq boʻlmagan boshqa holatlar sababli kelib chiqqan, shuning oqibatida mazkur shaxslar qabul qilgan majburiyatlarini bajara olmaydigan favqulodda va oldini olib boʻlmaydigan, kutilmagan holatlar yengib boʻlmas kuch taʼsiri hisoblanadi.
15-modda. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar
Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar:
bojxona brokeri — bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha operatsiyalarni deklarantning yoki vakolatli shaxsning topshirigʻiga binoan va uning nomidan shartnoma asosida amalga oshiradigan, Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsi;
bojxona ishi — iqtisodiy, tartibga solish va huquqni muhofaza qilish maqsadlariga erishishga qaratilgan, bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlaydigan usullar va vositalar majmui;
bojxona hamrohligida kuzatib borish — avtotransport vositalarining bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati ostida kuzatib borilishi;
bojxona operatsiyasi — tovarlarning va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida tovarlarga va transport vositalariga nisbatan bojxona organlarining mansabdor shaxsi va (yoki) vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladigan harakat;
bojxona rejimi — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarning va transport vositalarining maqomini bojxona maqsadlari uchun belgilovchi qoidalar majmui;
bojxona tartib-taomili — bojxona maqsadlari uchun amalga oshiriladigan bojxona operatsiyalarining majmui;
deklarant — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini oʻz nomidan deklaratsiyalovchi shaxs yoxud uning nomidan tovarlar va (yoki) transport vositalari deklaratsiyalanayotgan shaxs;
deklaratsiyalash — bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan va (yoki) bojxona nazorati ostida turgan tovarlar va (yoki) transport vositalari toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni bojxona organlariga maʼlum qilish;
iqtisodiy siyosat choralari — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududiga olib kirishga va ushbu hududdan olib chiqishga doir cheklovlar boʻlib, ular kvota belgilashni, litsenziyalashni, shuningdek mamlakat iqtisodiyotining jahon xoʻjaligi bilan oʻzaro hamkorligini tartibga solishning boshqa chora-tadbirlarini oʻz ichiga oladi;
tashuvchi — bojxona nazorati ostida turgan tovarlar tashilishini amalga oshiruvchi yoki transport vositasidan foydalanish uchun masʼul shaxs;
tovar turkumi — bitta oluvchining manziliga bitta transport hujjati boʻyicha kelayotgan yoki bitta pochta yuk xati bilan joʻnatilayotgan yoxud bojxona chegarasi orqali oʻtayotgan bitta jismoniy shaxsning qoʻl yukida va bagajida olib oʻtilayotgan tovar yoki uning bir qismi;
tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududiga olib kirish yoxud ushbu hududdan olib chiqish;
tovarlarning erkin muomalasi — bojxona hududida tovarlarning belgilangan taqiqlar va cheklovlarsiz aylanishi;
tovarni chiqarib yuborish — bojxona organlarining bojxona rasmiylashtiruvini yakunlovchi va maʼlum qilingan bojxona rejimi shartlaridan kelib chiqqan holda tovarlardan foydalanishga va (yoki) ularni tasarruf etishga ruxsat berilganligini ifodalovchi harakati;
yuk operatsiyalari — bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini tashish, yuklash, tushirish, qayta yuklash, ularning buzilgan oʻrovlarini toʻgʻrilash, ularni oʻrash, qayta oʻrash va tashish uchun qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bojxona organlarining axborot tizimi) — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarning va transport vositalarining bojxona nazoratini amalga oshirish uchun ularga doir hujjatlar va maʼlumotlarning kiritilishini, hisobga olinishini hamda monitoring qilinishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining avtomatlashtirilgan tizimi.
3-bob. Tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish
16-modda. Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish shartlari
Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bevosita bojxona chegarasi orqali olib oʻtishga qaratilgan harakatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
bojxona chegarasini kesib oʻtayotgan jismoniy shaxsning bojxona nazorati zonasiga kirishi;
transport vositasining bojxona chegarasini kesib oʻtish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktiga kirishi;
bojxona hududiga yoʻllash yoki ushbu hududdan tashqariga joʻnatish uchun tovarlarni transport tashkilotlariga yoxud xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini pochta aloqasi operatorlari va provayderlariga topshirish;
jismoniy shaxsning qonunchilikka muvofiq belgilanmagan joylardan tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan bojxona chegarasini amalda kesib oʻtishga qaratilgan harakatlari.
Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududiga olib kirish shartlari tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan bojxona chegarasini amalda kesib oʻtishdan hamda ushbu tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan keyingi barcha harakatlarni ular bojxona organlari tomonidan chiqarib yuborilguniga qadar amalga oshirishdan iborat.
Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududiga olib kirilayotganda tashuvchi ularni tayinlangan bojxona organi joylashgan yerga yoki boshqa joyga ushbu Kodeksning 218-moddasida belgilangan muddatlarda yetkazib berishi shart. Bunda tovarlarning holatini oʻzgartirishga yoki ularning oʻrovini buzishga, shuningdek qoʻyilgan plombalarga, muhrlarga va bojxona identifikatsiyasining boshqa vositalariga shikast yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bojxona deklaratsiyasini berish yoki ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan, tovarlarni va (yoki) transport vositalarini mazkur hududdan bevosita olib chiqishga qaratilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish, shuningdek tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan keyingi barcha harakatlarni ular amalda bojxona chegarasini kesib oʻtguniga qadar bajarish tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududidan olib chiqish shartlari hisoblanadi.
Tovarlarni bojxona hududidan olib chiqishga ular ushbu Kodeksga muvofiq olib chiqilayotgan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladigan tegishli bojxona rejimiga joylashtirilganidan soʻng yoʻl qoʻyiladi. Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona nazoratidan oʻtkazilmasdan mazkur hududdan olib chiqilishi mumkin emas. Bojxona nazorati tashuvchining tovarlarni va (yoki) transport vositalarini olib chiqish niyati borligidan oldindan xabardor qilish asosida bojxona organi tomonidan oʻtkazilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasini hamda valyuta boyliklarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
17-modda. Tovarlar va (yoki) transport vositalari olib kirilishidan (olib chiqilishidan) bojxona organlarini xabardor qilish
Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududiga olib kirilayotganda tashuvchi bojxona organini bojxona chegarasini kesib oʻtishidan xabardor qilishi shart.
Tashuvchi yoki boshqa manfaatdor shaxs tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududiga amalda yetib kelguniga qadar ular toʻgʻrisida bojxona organiga dastlabki axborotni taqdim etishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va (yoki) qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududiga amalda yetib kelguniga qadar tashuvchi yoki boshqa manfaatdor shaxs ular toʻgʻrisidagi dastlabki axborotni bojxona organiga taqdim etishi shart.
Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududidan tashqariga olib chiqilayotganda, ularni olib oʻtayotgan shaxs ushbu tovarlarni va (yoki) transport vositalarini olib chiqish niyati borligidan bojxona organlarini oldindan xabardor qiladi. Bojxona organi bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun tovarlar va (yoki) transport vositalari yetib kelishi kerak boʻlgan vaqt va joyni tayinlaydi. Agar tovarlarni va (yoki) transport vositalarini olib oʻtayotgan shaxs koʻrsatilgan xabardor qilishni amalga oshirmaydigan boʻlsa, bunday majburiyat tashuvchining zimmasiga yuklatiladi.
Bojxona chegarasi kesib oʻtilayotganda bojxona organini xabardor qilish bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktida joylashgan bojxona organiga tovarlarni va (yoki) transport vositalarini, ularning tovar kuzatuv hujjatlarini taqdim etish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Bojxona organlari ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlarni qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Bojxona chegarasi orqali tovarlarning quvur transporti va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtilishi toʻgʻrisida xabardor qilish ushbu Kodeksning 25-bobiga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan daryo portida yoki aeroportda toʻxtamasdan bojxona hududini kesib oʻtadigan daryo va havo kemalariga nisbatan ushbu modda talablari qoʻllanilmaydi.
18-modda. Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududiga olib kirilayotganda taqdim etiladigan hujjatlar
Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududiga olib kirilayotganda tashuvchi bojxona organiga quyidagilarni taqdim etishi shart:
1) avtotransport vositasida xalqaro tashish chogʻida:
a) avtotransport vositasiga taalluqli quyidagi hujjatlarni:
Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Vena, 1968-yil 8-noyabr) muvofiq avtotransport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda chet el avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi, hududidan chiqishi va tranzit tarzida oʻtishi uchun vakolatli organning ruxsatnomasi;
yuklar xalqaro yoʻllarda tashish (bundan buyon matnda XYT deb yuritiladi) daftarchasini qoʻllagan holda tashilgan taqdirda, XYT daftarchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi bojxona konvensiyasi (Jeneva, 1975-yil 14-noyabr) talablariga muvofiq avtotransport vositasiga yuklarni bojxona plombalari va muhrlari ostida xalqaro tashishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
tez buziladigan mahsulotlar tashilayotganda, tez buziladigan mahsulotlarni tashish uchun avtotransport vositasiga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
xavfli yuklar tashilayotganda, xavfli yuklarni tashish uchun avtotransport vositasiga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
b) tovarga taalluqli quyidagi hujjatlarni:
Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish shartnomasi toʻgʻrisidagi konvensiya (Jeneva, 1956-yil 19-may) talablariga muvofiq tovar-transport yuk xati;
yuklar XYT daftarchasi qoʻllanilgan holda tashilgan taqdirda, XYT daftarchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi bojxona konvensiyasiga (Jeneva, 1975-yil 14-noyabr) muvofiq XYT daftarchasi;
tijorat hujjatlari;
xalqaro pochta joʻnatmalarini kuzatib borish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar;
v) ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarda koʻrsatilishi kerak boʻlgan quyidagi maʼlumotlarni:
tashuvchining nomi va pochta manzili;
tashish uchun tovar qabul qilinadigan joy (mamlakat) va yetkazib berilishi moʻljallangan joy (mamlakat);
tovarlar joʻnatgan mamlakatning va tovarlar kelib tushadigan mamlakatning nomi;
tovarlarni joʻnatuvchining va oluvchining nomi hamda pochta manzili;
Umumjahon bojxona tashkilotining Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq tovarlarning nomi va kamida oltita belgi darajasidagi kodlari, bundan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari mustasno;
tovarning har bir koʻrsatilgan kodi boʻyicha tovarlarning brutto ogʻirligi (kilogrammlarda) va faktura qiymati;
yuk joylarining soni;
konteynerlarning identifikatsiya raqamlari;
2) suv transportida xalqaro tashish chogʻida:
a) quyidagilarni:
umumiy deklaratsiya;
tovarlarning deklaratsiyasi;
kema ashyo-anjomlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya;
kema ekipajining shaxsiy buyumlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya;
kema xizmatchilarining roʻyxati;
yoʻlovchilar roʻyxati;
transport hujjatlari;
tijorat hujjatlari;
xalqaro pochta joʻnatmalarini kuzatib borish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar;
b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan hujjatlarda koʻrsatilishi kerak boʻlgan quyidagi maʼlumotlarni:
kemaning roʻyxatdan oʻtkazilganlik raqami va milliy mansubligi;
kemaning nomi;
kapitanning familiyasi;
kema agentining familiyasi va manzili;
kemadagi yoʻlovchilarning soni, familiyasi, ismi, fuqaroligi (mansubligi), tugʻilgan sanasi va joyi, chiqish va tushish porti;
ekipaj aʼzolarining soni va tarkibi;
kema joʻnaydigan portning va kiradigan portning nomi;
Umumjahon bojxona tashkilotining Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq tovarlarning nomi va kamida oltita belgi darajasidagi kodlari, bundan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari mustasno;
tovarning har bir koʻrsatilgan kodi boʻyicha tovarlarning brutto ogʻirligi (kilogrammlarda) va faktura qiymati;
yuk joylarining soni;
tovarlar yuklangan portning va tushiriladigan portning nomi;
konosamentlarning yoki ushbu portda tushirilishi lozim boʻlgan tovarlarga doir dengiz (daryo) orqali tashish shartnomasi mavjudligini va uning mazmunini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning raqamlari;
kema ashyo-anjomlarining miqdori koʻrsatilgan holda ularning nomi;
tovarlarni kemada joylashtirish tavsifi;
3) havo transportida xalqaro tashish chogʻida:
a) Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Chikago, 1944-yil 7-dekabr) muvofiq quyidagi hujjatlarni:
bosh deklaratsiya;
yuk qaydnomasi;
avia yuk xati;
avia yuk xatiga ilova qilinadigan tijorat hujjatlari. Tovar turkumlab tashilgan taqdirda mazkur hujjatlar tovarning birinchi turkumiga taqdim etiladi;
xalqaro pochta joʻnatmalarini kuzatib borish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar;
b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan hujjatlarda koʻrsatilishi kerak boʻlgan quyidagi maʼlumotlarni:
havo kemasining milliy mansubligi belgilarini va roʻyxatdan oʻtkazilganlik belgilarini koʻrsatish;
havo kemasining reys raqami, parvoz yoʻnalishini, uchish punktini, yetib borish punktini koʻrsatish;
havo kemasi ekspluatantining nomi;
ekipaj aʼzolarining soni;
Umumjahon bojxona tashkilotining Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq tovarlarning nomi va kamida oltita belgi darajasidagi kodlari, bundan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari mustasno;
avia yuk xatining raqami, avia yuk xati va tovar turkumi boʻyicha oʻrinlarning soni;
tovar joʻnatiladigan va yetib boradigan punktlarning nomi;
parvoz qiladigan havo kemasining bortiga yuklanadigan bort ashyo-anjomlarining soni (har bir tovarning soni va nomi);
havo kemasi bortida xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining mavjudligi;
tovarning har bir koʻrsatilgan kodi boʻyicha tovarlarning brutto ogʻirligi (kilogrammlarda) va faktura qiymati;
4) temir yoʻl transportida xalqaro tashish chogʻida:
a) Xalqaro temir yoʻl yuk yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bitimga (1951-yil 1-noyabr) muvofiq quyidagi hujjatlarni:
tovarning kuzatuv hujjatlari;
temir yoʻlning harakatdagi tarkibiga doir topshirish qaydnomasi;
xalqaro pochta joʻnatmalarini kuzatib borish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar;
b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan hujjatlarda koʻrsatilishi kerak boʻlgan quyidagi maʼlumotlarni:
tovarni joʻnatuvchining nomi va pochta manzili;
tovarni oluvchining nomi va pochta manzili;
tovar joʻnatiladigan stansiyaning va yetib boradigan stansiyaning nomi;
Umumjahon bojxona tashkilotining Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq tovarlarning nomi va kamida oltita belgi darajasidagi kodlari, bundan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari mustasno;
tovarning har bir koʻrsatilgan kodi boʻyicha tovarlarning brutto ogʻirligi (kilogrammlarda) va faktura qiymati;
yuk joylarining soni;
konteynerlarning identifikatsiya raqamlari.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar bojxona organlariga davlat tilida yoki xalqaro tashishlarda qoʻllaniladigan boshqa tillarda taqdim etiladi. Xalqaro tashishlarda qoʻllaniladigan boshqa tillarda taqdim etilgan hujjatlar, zarur hollarda, davlat tiliga tarjima qilinib, tashuvchi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi ruxsat etish xususiyatiga ega boʻlgan hujjatlar olinishini talab etadigan tovarlarga va (yoki) transport vositalariga nisbatan bojxona organi bunday hujjatning bojxona organlarining axborot tizimida mavjudligini mustaqil ravishda tekshiradi.
Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududiga olib kirilayotganda bojxona organi ushbu moddada nazarda tutilganidan boshqa hujjatlar va maʼlumotlarni talab qilishga haqli emas.
19-modda. Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududidan olib chiqilayotganda taqdim etiladigan hujjatlar
Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududidan olib chiqilayotganda tashuvchi bojxona deklaratsiyasini yoki ularni bojxona hududidan olib chiqishga yoʻl qoʻyuvchi boshqa hujjatni, shuningdek tovarlarni tashish amalga oshirilayotgan transportning turidan kelib chiqqan holda, ushbu Kodeksning 18-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar va maʼlumotlarni bojxona organiga taqdim etishi shart.
20-modda. Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish joyi hamda vaqti
Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududiga olib kirilayotganda hamda ushbu hududdan olib chiqilayotganda ularni bojxona chegarasi orqali olib oʻtishga bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida yoʻl qoʻyiladi va transport vositalarini maxsus belgilangan joylarda toʻxtatgan holda, bojxona organlarining ish vaqtida amalga oshiriladi. Mazkur talabga rioya etilmagan taqdirda bojxona organlari ushbu transport vositalarini majburiy toʻxtatib qoʻyadilar.
Tovarlar olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan quyidagi maxsus jihozlangan joylar bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlari hisoblanadi:
havo transporti orqali olib oʻtishda — bojxona hududidagi yetib kelinadigan (joʻnatiladigan) aeroport yoki tovarlarni tashiyotgan havo kemasi qoʻnadigan (parvoz qiladigan) va tovarlarni tushiradigan (yuklaydigan) birinchi (oxirgi) aeroport;
daryo transporti orqali olib oʻtishda — bojxona hududidagi tovarlar tushiriladigan (ortiladigan) birinchi (oxirgi) daryo porti yoki qayta yuklanadigan daryo porti;
quvur transporti orqali va elektr uzatish liniyalari boʻyicha olib oʻtishda — hisobga olish asboblarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan kelishilgan holda oʻrnatilgan joylari;
ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilmagan boshqa turdagi transportda olib oʻtishda — yoʻnalishdagi birinchi (oxirgi) bojxona organi.
Bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlari joylashgan yerlar, bojxona organlarining ish vaqti, transport vositalarining toʻxtash va turish joylari, ular turishining davomiyligi, shuningdek mazkur joylarning oʻtkazish punktlarida koʻrsatilishi tegishli vakolatli davlat organlari va tashkilotlari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Bojxona chegarasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi bir-biriga toʻgʻri kelib qolgan joylarda bojxona chegarasidagi oʻtkazish punktlari joylashadigan yerlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Transport vositalari toʻxtab turishining davomiyligi bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi manfaatlariga zid ravishda qisqartirilishi mumkin emas.
Transport vositalarini belgilangan toʻxtash va turish joylaridan joʻnatish zarur bojxona tartib-taomillari tugallanganidan soʻng amalga oshiriladi.
Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona chegarasi orqali belgilanmagan joylardan olib oʻtish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu moddaning qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan daryo portida yoki aeroportda toʻxtamasdan bojxona hududini kesib oʻtayotgan daryo va havo kemalari orqali tashilayotgan tovarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bojxona organlari bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlari toʻgʻrisida, belgilangan taqiqlar va cheklovlar, shuningdek bojxona organlarining ish vaqti haqida hammabop shaklda axborot taqdim etishi shart.
21-modda. Bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi
Bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari bojxona nazoratidan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishi kerak.
Bojxona nazorati Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga rioya etilishini taʼminlash uchun bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladigan, shu jumladan xavfni boshqarish tizimi qoʻllanilgan holda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuidan iboratdir.
Bojxona chegarasidan olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari ustidan bojxona nazoratini taʼminlash uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan oʻtkaziladigan bojxona operatsiyalari majmui bojxona rasmiylashtiruvi hisoblanadi.
Bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilayotganda bojxona organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qonunchilikda nazarda tutilmagan taqiqlar va cheklovlarni belgilashga haqli emas.
22-modda. Shartli chiqarib yuborilgan tovarlar
Shaxsning belgilangan talablar va shartlarga rioya etish majburiyatlariga bogʻliq tarzda tovarning chiqarib yuborilishi shartli chiqarib yuborish hisoblanadi.
Quyidagilar shartli chiqarib yuborilgan tovarlar deb hisoblanadi:
a) bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyozlar berilganligi munosabati bilan foydalanilishi va tasarruf etilishi cheklangan tovarlar;
b) boj olinmaydigan savdo, bojxona hududida qayta ishlash, vaqtincha olib kirish, bojxona tranziti bojxona rejimlariga joylashtirilgan tovarlar;
v) bojxona toʻlovlari shartli bojxona qiymatini aniqlash asosida toʻlangan tovarlar;
g) bojxona toʻlovlari davriy bojxona toʻlovlari shaklida toʻlangan tovarlar;
d) zarur hujjatlar (bundan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mustasno) va maʼlumotlar taqdim etilmagan tovarlar;
j) bojxona yuk deklaratsiyasi topshirilguniga qadar chiqarib yuborilgan, shuningdek dastlabki, muvaqqat, toʻliq boʻlmagan yoki davriy bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan holda tegishli bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar;
e) bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berilgan holda erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga muvofiq rasmiylashtirilgan tovarlar.
Mazkur moddaning ikkinchi qismi “a” bandida koʻrsatib oʻtilgan shartli chiqarib yuborilgan tovarlardan faqat bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyozlar berish shartlariga muvofiq boʻlgan maqsadda foydalanilishi kerak. Mazkur tovarlardan ular shartli chiqarib yuborilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, berilgan bojxona imtiyozlari bekor qilinib, bojxona toʻlovlarini toʻlash majburiyati tiklanadi.
Agar ushbu moddaning ikkinchi qismi “d” bandida koʻrsatib oʻtilgan shartli chiqarib yuborilgan tovarlar uchun taqdim etilmagan muvofiqlik sertifikatini yoki sanitariya-epidemiologiya xulosasini olish talab etilsa, ushbu tovarlardan foydalanish, ularni uchinchi shaxslarga berish, shu jumladan ularni sotish yoki oʻzga usulda boshqa shaxsga oʻtkazish orqali berish taqiqlanadi, mazkur tovarlarni olib kirishga doir cheklovlar ushbu tovarlarning sifati va xavfsizligi tekshirilishi munosabati bilan belgilangan hollarda esa har qanday shaklda foydalanish (ishlatish) taqiqlanadi.
Tovarlar, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, shartli chiqarib yuborishning shartlari boʻyicha majburiyatlar bajarilguniga qadar shartli chiqarilgan hisoblanadi.
23-modda. Tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtishga doir cheklovlar
Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtishga doir cheklovlar xalqaro majburiyatlardan, ichki bozorni himoya qilish zarurligidan kelib chiqqan holda, shuningdek chet davlatlar va ular ittifoqlarining Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini kamsituvchi yoki cheklovchi boshqa harakatlariga javob chorasi tariqasida qonunchilikka muvofiq belgilanishi mumkin. Mazkur cheklovlar kiritilishi munosabati bilan tovarlarni olib oʻtayotgan shaxsda yoxud tashuvchida yuzaga kelgan xarajatlarning oʻrni bojxona organlari tomonidan qoplanmaydi.
24-modda. Tovarlar va transport vositalari olib kirilishini hamda olib chiqilishini taqiqlash
Davlat xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini, inson hayoti va sogʻligʻini saqlash, atrof muhitni muhofaza qilish, milliy va maʼnaviy qadriyatlarni saqlab qolish, Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini, mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqni, olib kirilayotgan tovarlar isteʼmolchilarining manfaatlarini himoya qilish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq ayrim tovarlarni va (yoki) transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda ushbu hududdan olib chiqish taqiqlanishi mumkin.
Olib kirilishi va olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar va (yoki) transport vositalari, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ular olib kirilganda — darhol bojxona hududidan tashqariga olib chiqilishi yoxud ular olib chiqilganda — darhol bojxona hududiga qaytarilishi shart.
Tovarni olib chiqish yoki qaytarish, shuningdek yuk operatsiyalari tovarni olib oʻtayotgan shaxs yoxud tashuvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar tovar darhol olib chiqilmagan yoki qaytarilmagan boʻlsa, tovar bojxona organi egasi boʻlgan bojxona omboriga yoxud bojxona nazorati zonalariga tovarni olib oʻtayotgan shaxs yoki tashuvchi hisobidan vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim. Bunday tovarni saqlashning eng koʻp muddati, agar qonunchilikda ayrim turdagi tovarlarga nisbatan boshqacha muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, uch sutkani tashkil etadi. Ushbu muddat tugagach, mazkur tovarni tasarruf etish davlat daromadiga oʻtkazilishi lozim boʻlgan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
II boʻlim. Bojxona rejimlari
4-bob. Umumiy qoidalar
25-modda. Bojxona rejimlarining turlari
Tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtish maqsadlariga bogʻliq holda ularning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona rejimlarining quyidagi turlariga muvofiq amalga oshiriladi:
1) eksport;
2) reeksport;
3) vaqtincha olib chiqish;
4) bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash;
5) erkin muomalaga chiqarish (import);
6) reimport;
7) vaqtincha olib kirish;
8) bojxona hududida qayta ishlash;
9) vaqtincha saqlash;
10) bojxona ombori;
11) erkin ombor;
12) erkin bojxona zonasi;
13) boj olinmaydigan savdo;
14) bojxona tranziti;
15) yoʻq qilish;
16) davlat foydasiga voz kechish.
26-modda. Bojxona rejimini tanlash va oʻzgartirish
Tovarlarning bojxona chegarasi orqali olib oʻtilishi vakolatli shaxslarning tovarlarni bojxona rejimlaridan biriga joylashtirish va mazkur bojxona rejimi talablari hamda shartlariga rioya etish majburiyatini keltirib chiqaradi.
Vakolatli shaxs tovarlarning va transport vositalarining xususiyati, miqdori, ishlab chiqarilgan mamlakati yoki qaysi maqsadga moʻljallanganligidan qatʼi nazar, istalgan bojxona rejimini tanlashga yoki uni boshqa bojxona rejimiga oʻzgartirishga haqli.
Tanlangan bojxona rejimi bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun bojxona organiga taqdim etiladigan bojxona deklaratsiyasida deklarant tomonidan maʼlum qilinadi.
27-modda. Bojxona rejimida turgan tovarni olib qoʻyish
Qonunchilik buzilgan taqdirda, bojxona rejimida turgan tovarlar belgilangan tartibda olib qoʻyilishi mumkin.
Tegishli bojxona rejimida turgan tovar olib qoʻyilayotganda ushbu bojxona rejimining amal qilishi tovar olib qoʻyilgan kunning ertasidan boshlab toʻxtatib turiladi va ushbu tovarni davlat daromadiga oʻtkazish nazarda tutilmagan qaror (hal qiluv qarori) kuchga kirgan kunning ertasidan boshlab qayta tiklanadi.
Agar olib qoʻyilgan tovarlar davriy bojxona toʻlovi toʻlangan holda vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan boʻlsa, bojxona rejimi toʻxtatib turilgan davr uchun davriy bojxona toʻlovi toʻlanmaydi.
Bojxona rejimining amal qilishi quyidagi hollarda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligiga doir ish boʻyicha tegishli qaror (hal qiluv qarori) kuchga kirgan kunning ertasidan boshlab oʻn besh ish kuni ichida tugatilishi kerak, agar:
tovarning olib qoʻyilishi bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etmaslik bilan bogʻliq boʻlsa va bu uni kelgusida qoʻllashning imkoniyati boʻlmasligiga olib kelsa;
jismoniy shaxsning maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etmaslik bilan bogʻliq boʻlsa va bu uni kelgusida qoʻllashning imkoniyati boʻlmasligiga olib kelsa.
28-modda. Bojxona rejimi shartlari va talablariga rioya etilishiga javobgar shaxslar
Bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etilishi uchun javobgarlik tovarni tegishli bojxona rejimiga joylashtirgan shaxsning zimmasida boʻladi.
Vaqtincha saqlash, bojxona ombori yoki erkin ombor bojxona rejimlariga joylashtirilgan tovarlar bojxona nazoratini chetlab berilgan yoki yoʻqotilgan taqdirda javobgarlik:
agar tovar bojxona omborida turgan boʻlsa, bojxona ombori egasining;
agar tovar bojxona ombori boʻlmagan omborlarda va boshqa joylarda turgan boʻlsa, tovarlarni mazkur joylarga bojxona ombori rejimiga joylashtirgan shaxsning;
agar tovar erkin omborda turgan boʻlsa, erkin ombor egasining zimmasida boʻladi.
Bojxona tranziti bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etilishi uchun tashuvchi javobgar boʻladi.
Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etilishi uchun boj olinmaydigan savdo doʻkonining egasi javobgar boʻladi.
5-bob. Eksport
29-modda. Eksport bojxona rejimi
Eksport bojxona rejimi shunday rejimki, bunda Oʻzbekiston tovari uni qaytarib olib kirish majburiyatisiz bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladi.
Eksport bojxona rejimiga joylashtirilgan va amalda bojxona hududidan olib chiqilgan tovar Oʻzbekiston tovari maqomini yoʻqotadi.
30-modda. Tovarni eksport bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Tovarni eksport bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari bojxona toʻlovlarini toʻlash hamda iqtisodiy siyosat choralariga rioya etishdan iboratdir.
Tovarni eksport bojxona rejimiga joylashtirish qonunchilikka muvofiq boshqa talablar va shartlarga rioya etgan holda ham amalga oshirilishi mumkin.
Eksport bojxona rejimiga muvofiq chiqarilgan tovar bojxona deklaratsiyasi roʻyxatdan oʻtkazilgan kuni qanday holatda boʻlsa, amalda shunday holatda bojxona hududidan olib chiqilishi lozim, bundan tovar holatining tabiiy eskirishi yoki tashish va (yoki) saqlash normal sharoitlarida kamayishi oqibatida roʻy bergan oʻzgarishlari mustasno.
31-modda. Tovarni eksport bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Eksport bojxona rejimiga nisbatan bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur boʻladigan hujjatlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Tegishli ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda eksport qilinadigan tovarlarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlarning mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
6-bob. Reeksport
32-modda. Reeksport bojxona rejimi
Reeksport bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga ilgari olib kirilgan tovar yoxud bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni qayta ishlash mahsuloti bojxona hududidan bojxona bojlari va soliqlar toʻlanmagan, tovarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda, ushbu Kodeksning 35-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa, uni olib kirishda toʻlangan bojxona bojlari va soliqlar summalari qaytarilgan holda olib chiqiladi.
Reeksport bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni bojxona hududidan amalda olib chiqish bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Reeksport bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar ushbu Kodeks 218-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq belgilangan muddatlarda bojxona hududidan amalda olib chiqilishi kerak.
Agar tovarlar uchun tranzit deklaratsiyasi ular reeksport bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida taqdim etilmasa, tovarlar vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilishi kerak.
33-modda. Tovarni reeksport bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Tovar yoki uni qayta ishlash mahsuloti bojxona organi identifikatsiya qila oladigan taqdirdagina tovar reeksport qilinishiga yoʻl qoʻyiladi, bundan ushbu Kodeks 74-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida shikastlangan yoki buzilgan tovarning reeksportiga yoʻl qoʻyiladi, bunday holat vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Ilgari erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni reeksport bojxona rejimiga joylashtirishga ayni bir vaqtning oʻzida quyidagi talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi:
kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari bajarilmagan boʻlsa;
tovar bojxona hududida ishlatilmagan va taʼmirlanmagan boʻlsa, bundan tovarni qaytarishga sabab boʻlgan nuqsonlarni yoki boshqa holatlarni aniqlash uchun tovardan foydalanish zarur boʻlgan hollar mustasno;
tovar oʻzgarmagan holatda turgan boʻlsa, bundan uning nuqsonlari aniqlangan hollar mustasno.
34-modda. Tovarni reeksport bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni reeksport bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda reeksporti amalga oshiriladigan tovarlarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlarning mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
Reeksport bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovar bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan ozod etiladi.
Ilgari erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar reeksport qilinayotganda, tovarning amalda reeksport qilinayotgan qismiga nisbatan toʻlangan bojxona bojlari va soliqlar summalarini qaytarish ushbu Kodeksning 49-bobida nazarda tutilgan tartibda, ayni bir vaqtning oʻzida quyidagi talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda amalga oshiriladi:
tovarning reeksporti uni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish maʼlum qilingan kundan eʼtiboran ikki yil ichida amalga oshirilayotgan boʻlsa;
tovar bojxona hududida ishlatilmagan va taʼmirlanmagan boʻlsa, bundan tovarni qaytarishga sabab boʻlgan nuqsonlarni yoki boshqa holatlarni aniqlash uchun tovarni ishlatish zarur boʻlgan hollar mustasno.
7-bob. Vaqtincha olib chiqish
36-modda. Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimi
Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududida erkin muomalada turgan tovar ushbu hududdan tashqarida vaqtincha foydalanish maqsadida, bojxona bojlari va soliqlar toʻlanishdan shartli ravishda ozod etilgan, iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda olib chiqiladi.
37-modda. Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish quyidagi talablar va shartlarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi:
vaqtincha olib chiqilayotgan tovarning bojxona organlari tomonidan identifikatsiyalashni amalga oshirish mumkinligi;
agar tovar vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlsa, ushbu organlarning ruxsatnomalari bojxona organlarining axborot tizimida mavjudligi;
tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirayotgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi yoxud vakolatli davlat organlarida akkreditatsiya qilingan chet ellik shaxs boʻlishi kerak.
Bojxona hududidan vaqtincha olib chiqilgan tovar oʻzgarmas holatda qolishi kerak.
Quyidagi tovarlar vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar;
chiqindilar;
elektr energiyasi, suv, quvurlar orqali yetkazib beriladigan tovarlar (neft, gaz), shuningdek yoqilgʻi;
olib chiqilishi kvotalanadigan tovarlar;
sarflash materiallari va sarf qilinadigan namunalar, xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar, oziq-ovqat mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar, alkogol va tamaki mahsuloti;
bir marta ishlatish uchun moʻljallangan tovarlar.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan tovarlarni faqat reklama, namoyish qilish va ilmiy-tadqiqot maqsadlarida bitta nusxadan vaqtincha olib chiqishga yoʻl qoʻyiladi.
Vaqtincha olib chiqilgan tovar ustidan bojxona nazorati uning bojxona rasmiylashtiruvini bajargan bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi.
38-modda. Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini, shuningdek tovarni yetkazib berish yoki topshirish toʻgʻrisidagi kontraktni (shartnomani, kelishuvni) (tovar ijara, lizing shartnomasi, kafolatli xizmat koʻrsatish va investitsiya loyihasi doirasida vaqtincha olib chiqilgan hollarda) taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda vaqtincha olib chiqiladigan tovarlarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlarning mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
39-modda. Tovarni vaqtincha olib chiqish muddati
Tovarni vaqtincha olib chiqish muddati tovar vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan eʼtiboran ikki yilni tashkil etadi.
Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs mazkur bojxona rejimining amal qilishi muddati tugamay ushbu Kodeksning 41-moddasiga muvofiq ushbu bojxona rejimini tugallash huquqiga ega.
Quyidagi tovarlarning vaqtincha olib chiqish muddati bojxona organi tomonidan vakolatli shaxsning arizasi asosida ikki yildan koʻproq muddatga uzaytirilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlar hududida joylashgan obyektlarida, diplomatik vakolatxonalarida va konsullik muassasalarida foydalanish uchun olib chiqilgan tovarlar;
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari hamda chet davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari oʻrtasidagi ijara shartnomalari asosida vaqtincha olib chiqilgan temir yoʻl va havo transporti vositalari, shuningdek ularning ehtiyot qismlari hamda ularga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan transport uskunalari. Bunda vaqtincha olib chiqish muddati ijara shartnomasi muddatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
lizing shartnomasi asosida olib chiqilgan tovarlar. Bunday tovarlarni vaqtincha olib chiqishga lizing shartnomasining amal qilish muddatiga ruxsat etiladi;
tovarlarni (ishlarni va xizmatlarni) eksport qilish kontrakti (shartnomasi, kelishuvi) shartlari boʻyicha kafolat muddati ichida xizmat koʻrsatish va nuqsonlarni bartaraf etish uchun olib chiqilgan tovarlar (bojxona hududidan tashqarida qoldirish uchun moʻljallangan tovarlar bundan mustasno). Bunday tovarlarni vaqtincha olib chiqishga kafolat davrining amal qilish muddatiga yoʻl qoʻyiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida vaqtincha olib chiqishning koʻproq muddati belgilangan tovarlar.
Tovarni vaqtincha olib chiqish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza vaqtincha olib chiqish bojxona rejimining amal qilish muddati tugaguniga qadar bojxona organiga berilishi lozim. Tovarni vaqtincha olib chiqish muddatini uzaytirish tovarni bojxona organiga taqdim etmasdan amalga oshiriladi.
Vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga tovarni vaqtincha olib chiqish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ariza berilishi tovarni vaqtincha olib chiqish muddatini uzib qoʻymaydi va toʻxtatib turmaydi.
Tovarni vaqtincha olib chiqish muddati uzaytirilayotganda boshqa bojxona deklaratsiyasi berilmaydi.
40-modda. Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovardan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqlarini boshqa shaxsga oʻtkazish
Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovardan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqini Oʻzbekiston Respublikasining boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsiga yoxud vakolatli davlat organlarida akkreditatsiya qilingan chet ellik shaxsga oʻtkazishga vaqtincha olib chiqish bojxona rejimi tugaguniga qadar yoʻl qoʻyiladi.
Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovardan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsiga yoxud vakolatli davlat organlarida akkreditatsiya qilingan chet ellik shaxsga ushbu tovarni amalda bojxona organiga taqdim etmagan holda mazkur shaxs tomonidan taqdim qilingan vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasini bojxona organi qabul qilgan paytdan eʼtiboran oʻtkazilgan hisoblanadi.
Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovardan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqining ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsiga yoxud vakolatli davlat organlarida akkreditatsiya qilingan chet ellik shaxsga oʻtkazilishi ushbu Kodeksning 39-moddasida belgilangan vaqtincha olib chiqish muddatini oʻzgartirmaydi.
41-modda. Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimining tugallanishi
Vaqtincha olib chiqilgan tovar vaqtincha olib chiqish muddati tugaydigan kundan kechiktirmay bojxona hududiga qaytarib olib kirilishi kerak.
Vakolatli shaxs tovarni bojxona hududidan tashqarida qoldirgan holda uni boshqa bojxona rejimiga joylashtirish yoʻli bilan vaqtincha olib chiqish bojxona rejimini tugallashi mumkin, bundan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq vaqtincha olib chiqilgan tovar bojxona hududiga olib kirilishi shart boʻlgan hollar mustasno. Bunday holda vaqtincha olib chiqish bojxona rejimini tugallashga tovarni bojxona organiga amalda taqdim etmagan holda yoʻl qoʻyiladi.
Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimi eksport bojxona rejimiga oʻzgartirilgan taqdirda tovarning bojxona qiymati va miqdori tovar vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilgan kundagi holatga koʻra belgilanadi, bojxona bojlari va soliqlarning stavkalari esa, tovarni eksport bojxona rejimiga joylashtirish toʻgʻrisidagi bojxona deklaratsiyasi bojxona organi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan kundagi holatga koʻra belgilanadi.
Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimi ushbu Kodeksning 39-moddasida belgilangan muddatda tugallanmagan taqdirda, tovarning olib chiqishdagi bojxona qiymatidan va (yoki) miqdoridan hamda tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish maʼlum qilingan kuni amalda boʻlgan bojxona bojlari va soliqlar stavkalaridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan bojxona bojlari hamda soliqlar toʻlanadi.
Vaqtincha olib chiqish bojxona rejimi ushbu Kodeksning 39-moddasida belgilangan muddatda tugallanmasligiga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida tovarlarning yoʻq boʻlishi yoki butunlay yoʻq boʻlib ketishi;
tovarlar turgan chet davlat organlarining qarorlari yoki mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) natijasida tovarlarning vakolatli shaxs egaligidan chiqib ketishi.
Tovarlarning yoʻq boʻlishiga yoki mutlaqo yoʻqolib ketishiga sabab boʻlgan holatlarni tasdiqlash majburiyati bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etilishiga masʼul shaxslarning zimmasiga yuklatiladi. Chet davlatlar hududida yuzaga kelgan holatlar Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va konsullik muassasalari tomonidan yoki hududida mazkur holatlar sodir boʻlgan davlatning vakolatli organlari tomonidan tasdiqlanadi.
Ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan hollarda, tovarlarni vaqtincha olib chiqqan va ularni ushbu Kodeksning 39-moddasida belgilangan muddatda qaytarib olib kirmagan shaxs vaqtincha olib chiqish bojxona rejimi talablari hamda shartlariga rioya etmaganlik uchun javobgar boʻlmaydi.
8-bob. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash
42-modda. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimi
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimi shunday rejimki, bunda Oʻzbekiston tovarlari bojxona hududidan tashqariga qayta ishlash va ularning qayta ishlash mahsulotlarini keyinchalik bojxona hududiga olib kirish maqsadida olib chiqiladi.
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga muvofiq olib chiqilayotgan tovarga nisbatan bojxona bojlari va soliqlar toʻlanishidan shartli ozod etish qoʻllaniladi. Bu tovarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmaydi, bundan ushbu Kodeksning 54-moddasida nazarda tutilgan taqiqlar va cheklovlar mustasno.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirish bojxona organining tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun ushbu Kodeks 21-bobining qoidalariga muvofiq beriladigan ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
43-modda. Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash operatsiyalari
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash operatsiyalari quyidagilardan iborat:
olib chiqilgan tovar uning dastlabki xossalarini va individual koʻrsatkichlarini oʻzgartirib, lekin qayta ishlash mahsulotida uni identifikatsiyalash imkonini beruvchi xususiyatlarini saqlagan holda mazkur tovarni bevosita qayta ishlash yoki unga ishlov berish, bundan ushbu Kodeks 46-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno;
olib chiqilgan tovardan foydalangan holda boshqa tovarni tayyorlash, shu jumladan montaj qilish, yigʻish yoki qismlarga ajratish;
tovarni taʼmirlash, shu jumladan uni tiklash, modernizatsiya qilish, uning buzilgan yoki eskirgan tarkibiy qismlarini (elementlarini) almashtirish yoxud tiklash, nuqsonlarini bartaraf etish.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash operatsiyalari amalga oshirilayotganda qayta ishlashga koʻmaklashuvchi yoxud qayta ishlashni yengillashtiruvchi boshqa tovarlardan butunlay yoki qisman foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Quyidagilar tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash operatsiyalari jumlasiga kirmaydi:
tovarning but saqlanishini taʼminlash, uni sotishga va tashishga tayyorlash operatsiyalari;
har qanday turdagi hayvonlarning naslini olish, ularni parvarishlash va klonlashtirish, boʻrdoqiga boqish va tutish (ushlash, ovlash), shuningdek ularning mahsullarini olish va toʻplash;
har qanday oʻsimlik turlarini yetishtirish va yigʻish;
foydali qazilmalarni qazib olish;
axborotdan, audio- va video yozuvlardan istalgan turdagi axborot tashuvchi jismlarga nusxa koʻchirish va koʻpaytirib olish.
44-modda. Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash talablari va shartlari
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga quyidagi talablarga va shartlarga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi:
olib chiqilgan tovarni bojxona organlari tomonidan uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash mumkin boʻlganda, bundan ushbu Kodeks 46-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno;
agar tovar vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlsa, bojxona organlarining axborot tizimida ushbu organlarning ruxsatnomalari mavjudligi;
texnik-iqtisodiy asoslarning va amaldagi qayta ishlash jarayonining koʻrsatkichlari bir-biriga mos boʻlishi;
tovarni qayta ishlash operatsiyalarining ushbu Kodeks 43-moddasi talablariga muvofiq boʻlishi.
Quyidagi hollarda bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimidan foydalanish mumkin emas:
agar tovarning olib chiqilishi toʻlangan bojxona bojlari va soliqlar summasini qaytarishni, ulardan ozod qilishni yoxud olib chiqishda taqdim etiladigan toʻlovlarni undirishni talab qilishga asos boʻlsa;
bojxona toʻlovlarini toʻlashdan shartli ozod etilgan holda erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga ilgari joylashtirilgan tovarga nisbatan ushbu shartli ozod etishning amal qilish muddati tugaguniga qadar, bundan shunday tovarni taʼmirlash, shu jumladan uni tiklash, modernizatsiya qilish, uning buzilgan yoki eskirgan tarkibiy qismlarini (elementlarini) almashtirish yoki tiklash, nuqsonlarini bartaraf etish uchun olib chiqish mustasno.
Kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari yoki qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslanishi koʻrsatkichlari oʻzgargan taqdirda tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasini berish toʻgʻrisida yangi ariza berilishi lozim. Bunda yuridik shaxs oʻzgartirilganligi, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganligi, shuningdek jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat koʻrsatadigan joyi oʻzgarganligi sababli kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari oʻzgargan taqdirda yangi ariza berish talab etilmaydi.
45-modda. Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash amalga oshiriladigan tovarlarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlarning mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
46-modda. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilayotgan tovarni uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash
Tovarning va qayta ishlash boʻyicha amalga oshiriladigan operatsiyalarning xususiyatidan kelib chiqqan holda bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilayotgan tovarni uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash quyidagi usullardan biri yoki bir nechtasi yordamida amalga oshirilishi mumkin:
qayta ishlash uchun olib chiqilayotgan tovarga vakolatli shaxs va (yoki) bojxona organi tomonidan muhrlar qoʻyish va, zarur boʻlgan hollarda, shtamplar qoʻyish, raqamli va (yoki) boshqa turda tamgʻalash;
qayta ishlash uchun olib chiqilayotgan tovarni batafsil tavsiflash, uni suratga tushirish yoki boshqa oʻlchamlarda tasvirlash;
qayta ishlash uchun olib chiqilayotgan tovarning oldindan olingan namunalarini yoki nusxalarini va uni qayta ishlash mahsulotini tadqiq etish natijalarini qiyoslash;
qayta ishlash uchun olib chiqilayotgan tovarning zavod va seriya raqamlari tarzida mavjud boʻlgan tamgʻalashdan yoxud boshqacha tamgʻalashdan foydalanish.
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilayotgan tovarni uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash qonunchilikka muvofiq boshqa usullarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Vakolatli shaxsning soʻroviga va bojxona organining roziligiga koʻra, olib chiqilayotgan tovarni bojxona maqsadida identifikatsiyalash ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar haqida, shuningdek qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi toʻgʻrisida taqdim etilgan batafsil maʼlumotlarni tadqiq etish yoʻli bilan taʼminlanishi mumkin.
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilayotgan tovarni uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash quyidagi hollarda talab etilmaydi, agar:
ular mazkur Kodeksning 49-moddasiga muvofiq qayta ishlash uchun olib chiqilgan tovarga ekvivalent boʻlgan tovarni qayta ishlash natijasida olingan boʻlsa;
qayta ishlash uchun ishlab chiqarishning uzluksiz sikllariga taalluqli texnologiya jarayonidan foydalanilayotgan boʻlsa.
47-modda. Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash muddati
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasi ikki yil muddatga beriladi.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasini olgan shaxs ushbu Kodeksning 52-moddasiga muvofiq mazkur ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan avvalroq bojxona rejimini tugallash huquqiga ega.
Bir muncha uzoq davom etadigan qayta ishlash jarayoni talab qilinadigan ayrim toifadagi tovarlarga nisbatan tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddati vakolatli shaxsning arizasiga koʻra bojxona organi tomonidan ikki yildan koʻproq muddatga uzaytirilishi mumkin.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddati va qayta ishlash muddati tovar bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran, tovar alohida turkumlar bilan olib chiqilganda esa, tovarning birinchi turkumi bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran boshlanadi.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bojxona organiga ushbu ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashiga kamida bir oy qolganda berilishi kerak. Ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish ruxsatnomani olish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ariza berilganligi ruxsatnomada koʻrsatilgan tovarni qayta ishlash muddatini uzib qoʻymaydi yoki toʻxtatib turmaydi.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish rad etilgan taqdirda, bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar ushbu Kodeksning 52-moddasiga muvofiq boshqa bojxona rejimiga joylashtirilishi maʼlum qilinishi kerak.
48-modda. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi vakolatli shaxs tomonidan aniqlanadi va tovarni qayta ishlashni amalga oshirishning haqiqiy sharoitlaridan kelib chiqqan holda, tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasi berilayotganda bojxona organi tomonidan belgilanadi.
Qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini belgilashda bojxona organlari qayta ishlashning vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan texnologik jarayoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjatlarga hamda vakolatli organning va (yoki) vakolatli tashkilotlarning (shu jumladan bojxona laboratoriyalarining) qayta ishlashning aniq texnologik jarayoniga asoslangan xulosalariga tayanadi.
Qayta ishlash mahsulotlarining tavsifi, miqdori, sifati qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi belgilanganidan keyin aniqlanadi.
49-modda. Qayta ishlash mahsulotining ekvivalent kompensatsiyasi
Ekvivalent kompensatsiyaga, yaʼni olib chiqilgan tovardan olingan qayta ishlash mahsulotlarini boshqa ekvivalent chet el tovari bilan almashtirishga, agar bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash operatsiyasi tovarni taʼmirlashdan iborat boʻlsa, tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasi asosida, shuningdek boshqa hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida yoʻl qoʻyiladi.
Bojxona maqsadlari uchun ekvivalent chet el tovari deganda olib chiqilgan tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash natijasida olingan qayta ishlash mahsulotiga oʻz tavsifi, sifati va texnik xususiyatlari boʻyicha mos keluvchi chet el tovari tushuniladi.
Ekvivalent chet el tovari olib kirilayotganda ushbu bob qoidalariga muvofiq unga olib chiqilgan tovarning qayta ishlash mahsuloti sifatida qaraladi.
Ekvivalent kompensatsiya chogʻida ekvivalent chet el tovarini olib kirishga tovar qayta ishlash uchun bojxona hududidan olib chiqilguniga qadar yoʻl qoʻyiladi.
50-modda. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida tovar taʼmirlanayotganda qayta ishlash mahsulotining almashtirilishi
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida tovar taʼmirlanayotganda qayta ishlash mahsulotining almashtirilishiga qayta ishlash mahsulotiga almashtiriluvchi tovar bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga muvofiq taʼmirlash uchun moʻljallangan tovar bilan aynan bir xil yoki unga oʻxshash boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida tovar taʼmirlanayotganda qayta ishlash mahsulotining almashtirilishi uchun kontraktning (shartnomaning, kelishuvning) tegishli qoidalari va (yoki) tovarni taʼmirlayotgan shaxsning kafillik majburiyatlari asos boʻladi.
51-modda. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga olib chiqilgan tovar qoldiqlari va chiqindilari
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga ruxsatnoma olgan shaxs olib chiqilib, qayta ishlanmagan tovar qoldigʻini ushbu Kodeksda belgilangan shartlar asosida tegishli bojxona rejimlariga joylashtirgan holda, ushbu Kodeksning 47-moddasiga muvofiq belgilangan tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash muddati tugaydigan kundan kechiktirmay tasarruf etishi kerak.
Olib chiqilib qayta ishlanmagan tovar qoldiqlariga bojxona rasmiylashtiruvi maqsadida bojxona hududiga reimport qilinadigan tovarlar sifatida qaraladi.
Tovarni qayta ishlash natijasida hosil boʻlgan chiqindilar qayta ishlanganidan keyin olib kirilgan taqdirda, bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan ozod etiladi.
52-modda. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimini tugallash
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimi ushbu Kodeksning 47-moddasiga muvofiq belgilangan tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash muddati tugaydigan kundan kechiktirmay quyidagi usullarning biri orqali tugallanadi:
qayta ishlash mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish;
olib chiqilgan tovarni yoki uning qoldigʻini reimport bojxona rejimiga joylashtirish;
olib chiqilgan tovarni yoki uning qoldigʻini amalda bojxona organiga taqdim etmasdan, ushbu Kodeksda belgilangan talablar va shartlarga rioya etgan holda eksport bojxona rejimiga joylashtirish, bundan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq olib chiqilgan tovar yoki uning qoldigʻi majburiy tartibda reimport qilinishi shart boʻlgan hollar mustasno.
Qayta ishlash mahsulotlari bittadan ortiq turkumda olib kirilayotganda, qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasida koʻrsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib koʻrish vaqti-vaqti bilan, lekin uch oyda kamida bir marta va qayta ishlash mahsulotlarining oxirgi turkumi import qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kechiktirmay amalga oshirilishi mumkin.
Qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasida koʻrsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib koʻrish natijalari boʻyicha bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxs bilan birgalikda dalolatnoma tuzadi. Agar olib kirilgan qayta ishlash mahsulotlarining miqdori tekshirib koʻrish natijasida ruxsatnomada koʻrsatilgan miqdordan ortiqligi aniqlangudek boʻlsa, bojxona organi qoʻshimcha bojxona toʻlovlari toʻlash zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunday holda bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxsga qaror qabul qilingan kunning ertasidan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilishi shart. Agar bunday toʻlovlarni toʻlash yozma xabar olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida amalga oshirilsa, ularning summalariga penya hisoblanmaydi.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimi qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayta ishlash muddati tugagan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida solishtirib chiqishi shart.
Qayta ishlash mahsulotlari bojxona hududiga qaytarilmagan taqdirda, bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilgan tovarga nisbatan mazkur tovar eksport bojxona rejimiga joylashtirilganda boʻlgani kabi bojxona bojlari va soliqlar qoʻllaniladi. Bunda tovar bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan kundagi bojxona bojlari va soliqlar stavkalari qoʻllaniladi.
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimini tugallashda tovarning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan bojxona organi tomonidan yoki vakolatli shaxsning arizasiga koʻra, ushbu tovarning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, zarur hajmda, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlgan boshqa bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Arizani topshirishda vakolatli shaxs bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida tovarni olib chiqishga doir bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishi kerak.
53-modda. Qayta ishlash mahsulotlari erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilayotganda ularga nisbatan bojxona toʻlovlarining qoʻllanilishi
Olib kiriladigan qayta ishlash mahsulotlari erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilayotganda bojxona bojlari va qoʻshilgan qiymat soligʻi tovarlarni qayta ishlash operatsiyalarining qiymatidan kelib chiqib hamda qayta ishlash mahsulotlariga qoʻllaniladigan bojxona bojlari va qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkalari boʻyicha hisoblanadi.
Qayta ishlash mahsulotlariga nisbatan aksiz soligʻi qayta ishlash mahsulotlarining bojxona qiymati va miqdoridan kelib chiqib, qayta ishlash mahsulotlariga qoʻllaniladigan stavkalar boʻyicha hisoblanadi.
Qayta ishlash mahsulotlariga nisbatan bojxona bojlarining xos stavkasini qoʻllanilayotganda toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona bojlarining miqdori qayta ishlash mahsulotlariga nisbatan xos stavkada hisoblangan bojxona boji summasi bilan qayta ishlash operatsiyalari qiymatining qayta ishlash mahsulotlari bojxona qiymatiga nisbatining koʻpaytmasi sifatida qayta ishlash mahsulotlari erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganda boʻlgani kabi hisoblab chiqariladi.
Qayta ishlash mahsulotlariga nisbatan ushbu moddaga muvofiq qoʻllaniladigan bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish maqsadida, qayta ishlash operatsiyalari qiymati quyidagi qiymatlarning summasini ifoda etadi:
olib chiqilgan tovarlarni qayta ishlash;
tovarni qayta ishlash joyiga va uning qayta ishlash mahsulotlarini bojxona chegarasigacha qaytarib yetkazib berish, agar bular qayta ishlash qiymatiga qoʻshilmagan boʻlsa.
Agar olib kirilayotgan qayta ishlash mahsulotlariga boʻlgan mulk huquqi ular erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilguniga qadar boshqa shaxsga oʻtkazilgan boʻlsa, mazkur qayta ishlash mahsulotlari ushbu shaxs tomonidan import qilinayotganda bojxona toʻlovlari mazkur shaxs tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga mustaqil joylashtirganida boʻlgani kabi hisob-kitob qilinadi.
Olib kirilayotgan qayta ishlash mahsuloti:
agar tovar shartnoma yoki kafolat majburiyatiga binoan tekin taʼmirlash uchun yoxud ishlab chiqarish nuqsoni mavjudligi sababli olib chiqilgan boʻlsa, bu nuqsonning mavjudligi tovarni dastlabki erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda hisobga olinmagan boʻlsa, bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan;
agar tovar haq evaziga taʼmirlash uchun olib chiqilgan boʻlsa, bojxona bojlari va aksiz soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.
54-modda. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimini qoʻllashga doir taqiqlar va cheklovlar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
tovarlarning ayrim turlariga nisbatan bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga yoʻl qoʻyilmaydigan hollar;
muayyan tovarlarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash boʻyicha ayrim operatsiyalarni oʻtkazishga doir cheklovlarni;
bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida tovarlarni qayta ishlashga yoʻl qoʻyishga doir miqdoriy cheklovlarni belgilashi mumkin.
9-bob. Erkin muomalaga chiqarish (import)
55-modda. Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimi
Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga olib kirilgan tovar uni ushbu hududdan qaytarib olib chiqish majburiyatisiz shu yerda erkin muomalada qoladi.
56-modda. Tovarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Bojxona toʻlovlari toʻlangan va iqtisodiy siyosat choralariga rioya etilgan taqdirda tovar erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtiriladi va bojxona hududida erkin muomalada turgan tovar maqomini oladi.
Tovarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish qonunchilikka muvofiq boshqa talablar va shartlarga rioya etgan holda ham amalga oshirilishi mumkin.
57-modda. Tovarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga nisbatan bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur boʻladigan hujjatlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda import qilinadigan tovarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlarning mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
10-bob. Reimport
58-modda. Reimport bojxona rejimi
Reimport bojxona rejimi shunday rejimki, bunda ilgari bojxona hududidan olib chiqilgan tovarlar bojxona bojlari, soliqlar toʻlanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda, ushbu Kodeksning 59-moddasida belgilangan muddatlarda bojxona hududiga qaytarib olib kiriladi.
Reimport bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarga erkin muomalaga chiqarilgan tovar sifatida qaraladi.
Qisman yoki boshqa tarzda shikastlanishlari boʻlgan, shikastlanish chogʻida holati yomonlashgan tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirishga bu holat avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida roʻy berganligi tasdiqlangan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Tovar reimport bojxona rejimiga joylashtirilguniga qadar uni normal holatda saqlab turish boʻyicha turli operatsiyalar, shu jumladan mayda taʼmirlash operatsiyalari va texnik xizmat koʻrsatish, bundan tovarni kapital taʼmirlash va modernizatsiya qilish mustasno, amalga oshirilishi mumkin va ular tovar qiymati oshib ketishiga olib kelmasligi kerak.
Tovar reimport bojxona rejimiga joylashtirilgan taqdirda tovarning amalda reimport qilinayotgan qismiga nisbatan tovar eksport bojxona rejimida bojxona hududidan olib chiqilayotganda toʻlangan bojxona bojlarining va soliqlarning summalarini qaytarish, basharti tovar mazkur tovarni olib chiqqan shaxsning ayni oʻzi yoki uning huquqiy vorisi (merosxoʻri) tomonidan olib kirilayotgan boʻlsa, ushbu Kodeksning 49-bobida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Tovar reimport qilinayotganda tovarni olib oʻtayotgan vakolatli shaxs toʻlovlar sifatida olingan yoki tovar bojxona hududidan olib chiqilayotganda berilgan boshqa imtiyozlar natijasida olingan summalarni qonunchilikda belgilangan tartibda qaytaradi.
59-modda. Tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirish quyidagi talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda amalga oshiriladi:
tovar bojxona hududidan olib chiqilayotganda u shu hududda erkin muomalada turgan tovar maqomiga ega boʻlishi lozim;
tovar uni olib chiqish uchun moʻljallangan tegishli bojxona rejimiga joylashtirilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida, vaqtincha olib chiqilgan tovarga nisbatan — vaqtincha olib chiqishning belgilangan muddati ichida, tovarning bojxona hududidan tashqarida qayta ishlangan qoldigʻiga nisbatan esa — qayta ishlashning belgilangan muddati ichida reimport bojxona rejimiga maʼlum qilinishi kerak. Bunda bojxona chegarasi kesib oʻtilgan kun tovarni olib kirish sanasi hisoblanadi, tovarni olib chiqish uchun moʻljallangan tegishli bojxona rejimi uchun bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan kun esa, olib chiqish sanasi hisoblanadi;
tovar tabiiy eskirish oqibatidagi yoxud tashishning, saqlashning yoki foydalanishning (ishlatishning) normal sharoitlarida kamayishi oqibatidagi oʻzgarishlarini istisno etganda oʻsha holatida boʻlishi kerak;
bojxona organlari tomonidan tovarni identifikatsiyalashni amalga oshirish mumkinligi.
Tovarning faqat bir qismi qaytarib olib kirilgan taqdirda ham ushbu moddaning birinchi qismi talablariga rioya etilishi sharti bilan uni reimport bojxona rejimiga joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Ilgari eksport bojxona rejimiga muvofiq olib chiqilgan tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirishga bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi:
kontraktning (shartnomaning, kelishuvning) shartlari bajarilmagan boʻlsa;
tovardan bojxona hududidan tashqarida foydalanilmagan va u taʼmirlanmagan boʻlsa, bundan tovarning qaytarilishiga sabab boʻlgan nuqsonlarni yoki boshqa holatlarni aniqlash uchun tovardan foydalanish zarur boʻlgan hollar mustasno;
tabiiy eskirishi hisobga olingan holda tovar oʻzgarmas holatda turgan boʻlsa, bundan nuqsonlar aniqlangan hollar mustasno.
60-modda. Tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda reimporti amalga oshiriladigan tovarlarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlar mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
11-bob. Vaqtincha olib kirish
61-modda. Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovar bojxona hududiga muayyan muddatga olib kiriladi va bojxona toʻlovlaridan shartli ozod etilgan yoki davriy bojxona toʻlovlari toʻlangan hamda iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda undan vaqtincha foydalaniladi.
62-modda. Tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Tovarlarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirish quyidagi talablar va shartlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:
vaqtincha olib kirilayotgan tovarning bojxona organlari tomonidan identifikatsiyalanishi mumkinligi;
agar tovar vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlsa, ushbu organlarning ruxsatnomalari bojxona organlarining axborot tizimida mavjud boʻlishi.
Vaqtincha olib kirilgan tovar oʻzgarmas holatda qolishi shart. Vaqtincha olib kirilgan tovar bilan uning but saqlanishini taʼminlash uchun zarur operatsiyalarni, shu jumladan mayda taʼmirlash operatsiyalarini, bundan uni kapital taʼmirlash va modernizatsiya qilish mustasno, texnik xizmat koʻrsatish va tovarni soz holatda saqlab turish uchun zarur boshqa operatsiyalarni amalga oshirishga, basharti bunday operatsiyalarni amalga oshirish natijasida tovar qiymati uning vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan paytdagi qiymatiga nisbatan oshib ketmasa, yoʻl qoʻyiladi.
Ilgari boshqa bojxona rejimlariga joylashtirilgan tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda joylashtirilishi mumkin.
Quyidagi tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilishi mumkin emas:
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishi taqiqlangan tovarlar;
chiqindilar;
elektr energiyasi, suv, quvurlar orqali yetkazib beriladigan tovarlar (neft, gaz), shuningdek yoqilgʻi;
sarf qilinadigan materiallar va sarf qilinadigan namunalar, xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar;
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan olib kiriladigan avtotransport vositalari, bundan xalqaro yuk tashishni amalga oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar mustasno.
Ushbu modda toʻrtinchi qismining beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan tovarlarni faqat reklama, namoyish qilish va ilmiy-tadqiqot maqsadlarida bitta nusxadan vaqtincha olib kirishga yoʻl qoʻyiladi.
Vaqtincha olib kirilgan tovarning bojxona nazoratini uning bojxona rasmiylashtiruvini bajargan bojxona organi amalga oshiradi.
63-modda. Tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini, shuningdek tovarni yetkazib berish yoki topshirish toʻgʻrisidagi kontraktni (shartnomani, kelishuvni) (tovar ijara, lizing shartnomasi, kafolatli xizmat koʻrsatish va investitsiya loyihasi doirasida vaqtincha olib kirilgan hollarda) taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda vaqtincha olib kiriladigan tovarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlar mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
64-modda. Tovarni vaqtincha olib kirish muddati
Vaqtincha olib kirish muddati tovar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan eʼtiboran ikki yilni tashkil etadi.
Tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs mazkur bojxona rejimini uning amal qilish muddati oʻtguniga qadar ushbu Kodeksning 69-moddasiga muvofiq tugallash huquqiga ega.
Quyidagi tovarlarning vaqtincha olib kirish muddati vakolatli shaxsning arizasi asosida bojxona organi tomonidan ikki yildan koʻproq muddatga uzaytirilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet davlatlar diplomatik vakolatxonalarining va konsullik muassasalarining hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning normal faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun olib kiriladigan, ushbu vakolatxonalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan diplomatik agentlari va maʼmuriy-texnik xodimlari hamda ularning oila aʼzolari tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan tovarlarning, shuningdek chet davlatlar ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan muxbirlari va muxbirlik punktlarining oʻz ehtiyojlari uchun olib kiriladigan avtotransport vositalarining. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati ushbu vakolatxonalar va shaxslarning akkreditatsiya muddatidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari bilan chet davlatlarning shaxslari oʻrtasidagi ijara shartnomalari asosida vaqtincha olib kiriladigan temir yoʻl va havo transporti vositalarining, shuningdek ularning ehtiyot qismlari va ularga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan transport asbob-uskunasining. Ularni vaqtincha olib kirish muddati ijara shartnomasi muddatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
lizing shartnomalari asosida olib kiriladigan tovarlarning. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati lizing shartnomasining amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq olib kiriladigan tovarlarning. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasining amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
mahsulot taqsimotiga oid bitimlar va geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlar asosida olib kiriladigan tovarlarning. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirish muddati mazkur kelishuvlarning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
davriy bojxona toʻlovlari toʻliq toʻlangan tovarlarning;
imtiyozlarning amal qilish muddati tugashi yoki mulk huquqi boshqa shaxslarga oʻtishi munosabati bilan vaqtincha olib kirishning keyingi muddatida davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash zarurati paydo boʻladigan tovarlarning;
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya loyihalari asosida olib kiriladigan tovarlarning. Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirishga investitsiya davri muddatiga yoʻl qoʻyiladi;
tovarni (ishlarni va xizmatlarni) import qilishga doir kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari boʻyicha kafolat muddati davomida xizmat koʻrsatish va nuqsonlarni bartaraf etish uchun olib kiriladigan tovarlarning (bojxona hududida qoldirish uchun moʻljallangan tovarlar bundan mustasno). Bunday tovarlarni vaqtincha olib kirishga kafolat davri muddatiga yoʻl qoʻyiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlari asosida vaqtincha olib kirishning uzoqroq muddati belgilangan tovarlarning.
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimining muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bojxona organiga vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilish muddati tugaguniga qadar berilishi kerak. Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi muddatini uzaytirish bojxona yuk deklaratsiyasining tegishli boʻlmasiga oʻzgartishlar kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga vaqtincha olib kirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ariza berilganligi vaqtincha olib kirish muddatini uzib qoʻymaydi va toʻxtatib turmaydi.
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilish muddati uzaytirilganda boshqa bojxona deklaratsiyasi taqdim qilinmaydi.
65-modda. Vaqtincha olib kirilayotgan tovarlarni bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan shartli ozod etish
Vaqtincha olib kirilayotgan ayrim tovarlarga nisbatan bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan shartli ozod etish qoʻllaniladi. Bunday tovarlarning roʻyxati va ozod etish shartlari, shuningdek vaqtincha olib kirilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojlari va soliqlar toʻlash boʻyicha imtiyozlarning amal qilish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
66-modda. Davriy bojxona toʻlovlarini toʻlagan holda tovarlarni vaqtincha olib kirish
Davriy bojxona toʻlovlari:
tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimida turgan har bir toʻliq va toʻliq boʻlmagan kalendar oy uchun, ushbu tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan kunda erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganda toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona bojlari va soliqlar summasining besh foizi miqdorida chet el valyutasida hisoblab chiqariladi;
ular toʻlanadigan kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida toʻlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi.
Davriy bojxona toʻlovlarini hisoblashda tovar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan kuni amalda boʻlgan bojxona toʻlovlari stavkalari qoʻllaniladi.
Davriy bojxona toʻlovlarini toʻlab tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirayotgan shaxs quyidagi huquqlarga ega:
toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlarining umumiy summasini toʻlash;
tegishli davr boshlanguniga qadar davriy bojxona toʻlovlarini har oyda yoxud yilning har choragida toʻlash.
Toʻlanadigan davriy bojxona toʻlovlarining umumiy summasi tovar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan kuni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan taqdirda toʻlanishi lozim boʻlgan, chet el valyutasida hisoblab chiqarilgan bojxona toʻlovlarining summasidan oshmasligi lozim.
Davriy bojxona toʻlovlarining toʻlangan summalari:
vaqtincha olib kirilgan tovar olib chiqilgan yoxud boshqa bojxona rejimlariga joylashtirilgan taqdirda qaytarilmaydi;
ushbu tovarlarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari summasi hisobiga oʻtkaziladi.
67-modda. Vaqtincha olib kirilgan tovardan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqini cheklash
Vaqtincha olib kirilgan tovardan uni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirgan shaxsgina foydalanishi va (yoki) uni tasarruf etishi mumkin.
Vaqtincha olib kirilgan tovardan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqini vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilishi tugaguniga qadar boshqa shaxsga oʻtkazishga, basharti ushbu shaxs bojxona organlari oldida vaqtincha olib kirish bojxona rejimi shartlariga bundan buyon ham rioya etilishi boʻyicha yozma majburiyatlarni oʻz zimmasiga olsa, yoʻl qoʻyiladi.
Agar tovar davriy bojxona toʻlovlari toʻlangan holda vaqtincha olib kirilgan boʻlsa, uni dastlab vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs tovar vaqtincha olib kirish bojxona rejimida turgan butun davr uchun bojxona toʻlovlarini bunday huquq boshqa shaxsga oʻtkaziladigan paytga qadar, ushbu Kodeks 66-moddasining birinchi qismiga muvofiq toʻlashi kerak.
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi shartlariga rioya etishga doir huquq va majburiyatlar tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirish uchun boshqa shaxs taqdim etgan bojxona deklaratsiyasi bojxona organi tomonidan qabul qilingan paytdan eʼtiboran boshqa shaxsga oʻtkazilgan deb hisoblanadi.
Vaqtincha olib kirilgan tovarni ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq boshqa shaxsga oʻtkazilganligi dastlab belgilangan vaqtincha olib kirish muddatini toʻxtatib turmaydi va uzaytirmaydi.
68-modda. Vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilishini toʻxtatib turish
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilishi:
vaqtincha olib kirilgan tovar xatlangan yoki olib qoʻyilgan davrda;
vaqtincha olib kirilgan tovar vaqtincha saqlash va bojxona ombori bojxona rejimlariga joylashtirilganda toʻxtatib turiladi.
Toʻxtatib turish muddati tugagach, vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilishi tiklanadi.
69-modda. Vaqtincha olib kirish bojxona rejimini tugallash
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi vaqtincha olib kirish muddati oʻtgan kunning ertasidan kechiktirmay tovarni olib chiqish yoki uni boshqa bojxona rejimiga joylashtirish bilan tugallanishi kerak. Vaqtincha olib kirilgan tovarlar reeksport bojxona rejimiga bir yoki bir nechta turkum bilan joylashtirilgandan soʻng olib chiqilishi mumkin.
Tovar avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida yoʻq qilingan yoki qaytarib boʻlmaydigan tarzda yoʻqotilgan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining qarorlari oqibatida egalikdan chiqib ketgan taqdirda, bu tegishli vakolatli davlat organi tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlsa, shaxs vaqtincha olib kirish bojxona rejimini belgilangan muddatda tugallamaganlik uchun javobgarlikdan ozod etiladi.
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi tugallanganda tovarning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona rasmiylashtiruvini oʻtkazgan bojxona organi tomonidan yoki vakolatli shaxsning arizasiga binoan, shu tovarning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda zarur hajmda bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlgan boshqa bojxona organi tomonidan oʻtkazilishi mumkin. Ariza berilayotganda vakolatli shaxs quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
tovarni vaqtincha olib kirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi;
vaqtincha olib kirilgan tovardan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish vaqtincha olib kirish bojxona rejimi tugallanguniga qadar boshqa shaxsga berilganligi yoxud u boshqacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjat, agar shunday oʻtkazish bajarilgan boʻlsa.
Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi tovarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish bilan tugallanganda va davriy bojxona toʻlovlari toʻlanganda tovarni bojxona yigʻimlarini toʻlagan holda erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtiriladi.
12-bob. Bojxona hududida qayta ishlash
70-modda. Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi
Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovar bojxona hududiga qayta ishlash va uni qayta ishlash mahsulotlari tarzida olib chiqish maqsadida, bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan shartli ozod etilgan holda olib kiriladi.
Tovar bojxona hududida qayta ishlash maqsadida olib kirilganda iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmaydi, bundan ushbu Kodeksning 82-moddasida nazarda tutilgan taqiqlar va cheklovlar mustasno.
Chet el tovarlari bilan bojxona hududida tovarlarni qayta ishlash operatsiyalari amalga oshirilgan taqdirda Oʻzbekiston tovarlaridan, shu jumladan chet ellik shaxs tomonidan olingan Oʻzbekiston tovarlaridan bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilmagan holda foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirish ushbu Kodeks 21-bobining qoidalariga muvofiq bojxona organi tomonidan beriladigan tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
71-modda. Tovarni bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari quyidagilardan iborat:
olib kirilgan tovarni uning dastlabki xossalari va individual koʻrsatkichlarini oʻzgartirib, lekin qayta ishlash mahsulotida uni identifikatsiyalash imkonini beruvchi tovar xususiyatlarini saqlagan holda bevosita qayta ishlash yoki unga ishlov berish, bundan ushbu Kodeks 74-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno;
olib kirilgan tovardan foydalangan holda boshqa tovar tayyorlash, shu jumladan montaj qilish, yigʻish yoki qismlarga ajratish;
tovarni taʼmirlash, shu jumladan uni tiklash va tarkibiy qismlarini almashtirish;
qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarishga koʻmaklashuvchi yoki ularning ishlab chiqarilishini yengillashtiruvchi boshqa tovarlardan, agar bu tovarlar qayta ishlash jarayonida toʻliq yoki qisman ishlatilsa, xom ashyo sifatida foydalanish. Mazkur operatsiya ushbu qismda koʻrsatilgan boshqa operatsiyalardan biri bilan bir vaqtda bajarilishi kerak.
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari jumlasiga quyidagilar kirmaydi:
tovarning but saqlanishini taʼminlash, uni sotishga va tashishga tayyorlash operatsiyalari;
har qanday turdagi hayvonlarning naslini olish, ularni parvarishlash va klonlashtirish, boʻrdoqiga boqish va tutish (ushlash, ovlash), shuningdek ularning mahsullarini olish va toʻplash;
har qanday oʻsimlik turlarini yetishtirish va yigʻish;
foydali qazilmalarni qazib olish;
axborotdan, audio- va video yozuvlardan istalgan turdagi axborot tashuvchi jismlarga nusxa koʻchirish va ularni koʻpaytirib olish;
texnologik jarayonda yordamchi vosita sifatida chet el tovarlaridan (uskunalar, dastgohlar, moslamalar va boshqalar) foydalanish.
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash uchun ruxsatnoma olgan shaxs tomonidan, shuningdek uning topshirigʻiga binoan boshqa shaxs tomonidan, agar ruxsatnomani olgan shaxs koʻrsatilgan operatsiyalarni amalga oshirishning butun muddati davomida ruxsatnomada nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya etilishi uchun bojxona organlari oldida javobgar boʻlib qolaversa, amalga oshirilishi mumkin. Tovarni bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalarining boshqa shaxs tomonidan amalga oshirilishi tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasida aks ettirilgan boʻlishi kerak.
72-modda. Tovarni bojxona hududida qayta ishlash talablari va shartlari
Tovarni bojxona hududida qayta ishlashga quyidagi talablarga va shartlarga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi:
olib kirilgan tovarni uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash;
qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini belgilash;
tovarlarning bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qoʻllashga doir taqiqlar va cheklovlar ostiga tushib qolishini istisno etish;
olib kirilgan tovar uchun ushbu Kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
tovarni bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalarining ushbu Kodeksning 71-moddasi talablariga muvofiq boʻlishi.
Qayta ishlash jarayoni texnik-iqtisodiy asoslarining koʻrsatkichlari yoki identifikatsiyalash usuli yoxud qayta ishlash mahsulotlarning chiqish normasi oʻzgargan taqdirda, tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasini berish toʻgʻrisida yangi ariza berilishi kerak. Bunda yuridik shaxs oʻzgartirilganligi, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganligi, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat koʻrsatadigan joyi oʻzgarganligi sababli kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari oʻzgargan taqdirda, yangi ariza berish talab etilmaydi.
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasining har qanday manfaatdor shaxsi tomonidan, shu jumladan tovarning egasi boʻlmagan yoki bevosita tovarni qayta ishlash operatsiyalarini bajarmaydigan shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
73-modda. Tovarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda bojxona hududida qayta ishlanadigan tovarlarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlar mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
74-modda. Bojxona hududida qayta ishlash uchun olib kirilayotgan tovarni uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash
Tovarni qayta ishlash mahsulotlarida bojxona hududida qayta ishlash uchun olib kirilayotgan tovarni identifikatsiyalash tovarning va qayta ishlash boʻyicha amalga oshiriladigan operatsiyalarning xususiyatidan kelib chiqqan holda quyidagi usullardan biri yoki bir nechtasi yordamida amalga oshirilishi mumkin:
qayta ishlash uchun olib kirilayotgan tovarga muhrlar qoʻyish va zarur boʻlganda shtamplar qoʻyish, raqamli tarzda va (yoki) boshqacha tarzda tamgʻalash;
qayta ishlash uchun olib kirilayotgan tovarni batafsil tavsiflash, uni fotosuratga tushirish yoki boshqa oʻlchamda tasvirlash;
qayta ishlash uchun olib kirilayotgan tovarning oldindan olingan namunalarini yoki nusxalarini va uning qayta ishlangan mahsulotini tadqiq etish natijalarini qiyoslash;
qayta ishlash uchun olib kirilayotgan tovarning zavod va seriya raqamlari tarzidagi mavjud tamgʻalanishidan yoxud boshqacha tarzdagi tamgʻalanishidan foydalanish.
Tovarni qayta ishlash mahsulotlarida bojxona hududida qayta ishlash uchun olib kirilayotgan tovarni identifikatsiyalash qonunchilikka muvofiq boshqa usullarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Vakolatli shaxsning soʻroviga binoan hamda bojxona organining roziligi bilan ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar toʻgʻrisida, shuningdek qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi haqida taqdim etilgan batafsil maʼlumotlarni tadqiq etish yoʻli bilan olib kirilayotgan tovarni identifikatsiyalash taʼminlanishi mumkin.
Bojxona hududida qayta ishlash uchun olib kirilgan tovarni uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash quyidagi hollarda talab etilmaydi, agar:
ular ushbu Kodeksning 77-moddasiga muvofiq qayta ishlash uchun olib kirilgan tovarga ekvivalent tovarni qayta ishlash natijasida olingan boʻlsa;
ishlab chiqarishning uzluksiz sikllariga taalluqli texnologik jarayondan qayta ishlash uchun foydalanilayotgan boʻlsa;
bojxona hududida oʻxshash va (yoki) aynan bir xil qayta ishlash mahsulotlari ishlab chiqarilishini istisno etadigan noyob texnologik jarayondan qayta ishlash uchun foydalanilayotgan boʻlsa.
Tovarni qayta ishlash mahsulotlarida bojxona hududida qayta ishlash uchun olib kirilayotgan tovarni identifikatsiyalash usuli vakolatli shaxs tomonidan belgilanadi.
75-modda. Tovarni bojxona hududida qayta ishlash muddati
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasi ikki yil muddatga beriladi.
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasini olgan shaxs ushbu Kodeksning 80-moddasiga muvofiq mazkur ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan avvalroq bojxona rejimini tugallash huquqiga ega.
Bir muncha uzoq davom etadigan qayta ishlash jarayoni talab qilinadigan ayrim toifadagi tovarlarga nisbatan tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddati vakolatli shaxsning arizasiga koʻra bojxona organi tomonidan ikki yildan koʻproq muddatga uzaytirilishi mumkin.
Ayni bir tovarlarni ayni bir xil sharoitlarda bojxona hududida qayta ishlash boʻyicha muntazam operatsiyalar amalga oshirilayotganda, shaxsning arizasiga koʻra unga tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasi soʻralgan muddatga, lekin besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga berilishi mumkin.
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddati va qayta ishlash muddati tovar bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran, tovar alohida turkumlar bilan olib kirilganda esa, tovarning birinchi turkumi bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran boshlanadi.
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bojxona organiga ushbu ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashiga kamida bir oy qolganda berilishi kerak. Ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish ruxsatnomani olish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ariza berilganligi ruxsatnomada koʻrsatilgan tovarni qayta ishlash muddatini uzib qoʻymaydi yoki toʻxtatib turmaydi.
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish rad etilgan taqdirda, bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar ushbu Kodeksning 80-moddasiga muvofiq boshqa bojxona rejimiga joylashtirilishi maʼlum qilinishi kerak.
76-modda. Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi
Bojxona hududida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi, agar ushbu normalar belgilangan tartibda tasdiqlanmagan boʻlsa, tovarni qayta ishlash amalga oshiriladigan haqiqiy sharoitlardan kelib chiqqan holda, vakolatli shaxs tomonidan aniqlanadi va tasdiqlanadi, shuningdek tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasi berilayotganda bojxona organi tomonidan belgilanadi.
Qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi belgilanayotganda bojxona organlari vakolatli shaxs taqdim etgan qayta ishlashning texnologik jarayoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjatlarga hamda qayta ishlashning aniq texnologik jarayoniga asoslanadi.
Vakolatli shaxs qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini aniqlashda davlat organlarining va (yoki) vakolatli organlarning xulosalariga asoslanishi mumkin.
Qayta ishlash mahsulotlarining tavsifi, miqdori, sifati qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi aniqlanganidan keyin belgilanadi.
77-modda. Olib kirilgan tovarlarning ekvivalent kompensatsiyasi
Ekvivalent kompensatsiyaga, yaʼni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan, olib kirilgan tovardan olinadigan qayta ishlash mahsulotini ekvivalent tovarni qayta ishlash orqali olingan boshqa tovar bilan, shu jumladan Oʻzbekiston tovari bilan almashtirishga, agar tovarni bojxona hududida qayta ishlash operatsiyasi taʼmirlashdan iborat boʻlsa, tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasi asosida, shuningdek boshqa hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida yoʻl qoʻyiladi.
Ekvivalent tovar deganda, bojxona maqsadlari uchun, oʻz tavsifi, sifati va texnik xususiyatlariga koʻra olib kirilgan tovarga mos keluvchi tovar tushuniladi.
Ekvivalent tovar, bojxona maqsadlari uchun, olib kirilgan tovar maqomini oladi, u bilan almashtiriladigan olib kirilgan tovar esa, ekvivalent tovar ega boʻlgan maqomni oladi.
Ekvivalent tovarni qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlarga ushbu bobning qoidalariga muvofiq olib kirilgan tovarni qayta ishlash mahsulotlari sifatida qaraladi.
Agar tovarni bojxona hududida qayta ishlash uchun berilgan ruxsatnomada ekvivalent kompensatsiya nazarda tutilgan boʻlsa, bojxona hududida qayta ishlash uchun tovar olib kirilguniga qadar qayta ishlash mahsulotlarini olib chiqishga yoʻl qoʻyiladi.
78-modda. Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimida tovar taʼmirlanayotganda qayta ishlash mahsulotining almashtirilishi
Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimida tovar taʼmirlanayotganda qayta ishlash mahsulotining almashtirilishiga qayta ishlash mahsulotiga almashtiriluvchi tovar bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga muvofiq taʼmirlash uchun moʻljallangan tovar bilan aynan bir xil yoxud unga oʻxshash boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimida tovar taʼmirlanayotganda qayta ishlash mahsulotini almashtirish uchun kontraktning (shartnomaning, kelishuvning) tegishli qoidalari va (yoki) tovarlarni taʼmirlayotgan shaxsning kafillik majburiyatlari asos boʻladi.
79-modda. Bojxona hududida qayta ishlashga olib kirilgan tovarlarning qoldiqlari va chiqindilari
Tovarni bojxona hududida qayta ishlash uchun ruxsatnoma olgan shaxs qayta ishlash natijasida hosil boʻlgan chiqindilarni, shuningdek qayta ishlanmagan olib kirilgan tovar qoldiqlarini ushbu Kodeksda belgilangan shartlar asosida tegishli bojxona rejimlariga joylashtirgan holda, ushbu Kodeksning 75-moddasiga muvofiq belgilangan bojxona hududida qayta ishlash muddati tugaydigan kundan kechiktirmay tasarruf etishi kerak.
80-modda. Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini tugallash
Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi olib kirilgan tovarning qayta ishlash mahsulotlarini yoki uning qoldiqlarini, shuningdek tovarni qayta ishlash chiqindilarini tovarni bojxona hududida qayta ishlashning ushbu Kodeks 75-moddasida belgilangan muddati tugaydigan kundan kechiktirmay olib chiqish yoxud ularni boshqa bojxona rejimlariga joylashtirish bilan tugallanishi kerak.
Qayta ishlash mahsulotlari bittadan ortiq turkumda olib chiqilayotganda, qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasida koʻrsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib koʻrish vaqti-vaqti bilan, lekin uch oyda kamida bir marta va qayta ishlash mahsulotlarining oxirgi turkumi bojxona chegarasi orqali olib oʻtilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kechiktirmay amalga oshirilishi mumkin.
Qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasida koʻrsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib koʻrish natijalari boʻyicha bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxs bilan birgalikda dalolatnoma tuzadi. Agar olib chiqilgan qayta ishlash mahsulotlarining miqdori tekshirib koʻrish natijasida ruxsatnomada koʻrsatilgan miqdordan ortiqligi aniqlangudek boʻlsa, bojxona organi qoʻshimcha bojxona toʻlovlari toʻlash zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunday holda bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxsga qaror qabul qilingan kunning ertasidan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilishi shart. Agar bunday toʻlovlarni toʻlash yozma xabar olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida amalga oshirilsa, ularning summalariga penya hisoblanmaydi.
Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi amal qilishi tugagan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida solishtirib chiqishi shart.
81-modda. Qayta ishlash mahsulotlariga, qoldiqlarga va chiqindilarga nisbatan bojxona toʻlovlarini hamda iqtisodiy siyosat choralarini qoʻllash
Olib chiqiladigan qayta ishlash mahsuloti, qoldiqlar va chiqindilar bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan, shuningdek iqtisodiy siyosat choralari qoʻllashdan ozod etiladi, bundan ushbu Kodeksning 82-moddasida nazarda tutilgan taqiqlar va cheklovlar mustasno.
Qayta ishlash mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona bojlari va soliqlar qayta ishlash uchun olib kirilgan tovarlarning bojxona qiymatidan va (yoki) qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasiga muvofiq ishlatilgan sonidan hamda tovar erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan kuni amalda boʻlgan, ularga nisbatan qoʻllaniladigan bojxona toʻlovlarining stavkalaridan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Qayta ishlash mahsulotlari ularning chiqish normalarida belgilanganidan kam miqdorda olib chiqilgan taqdirda, bunday farqqa nisbatan ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan tartibda bojxona toʻlovlari toʻlanadi.
Tovarlarning qayta ishlash chiqindilari erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan taqdirda ular bojxona hududiga shu holatda olib kirilganidagi kabi bojxona toʻlovlari toʻlanishi kerak.
82-modda. Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qoʻllashga doir taqiqlar va cheklovlar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
tovarlarning muayyan turlariga nisbatan bojxona hududida qayta ishlashga yoʻl qoʻyilmasligi hollarini;
tovarlarning muayyan turlarini bojxona hududida qayta ishlash boʻyicha ayrim operatsiyalarni oʻtkazishga doir cheklovlarni;
tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishga doir miqdoriy cheklovlarni belgilashi mumkin.
13-bob. Vaqtincha saqlash
83-modda. Vaqtincha saqlash bojxona rejimi
Vaqtincha saqlash bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga olib kirilgan har qanday tovar tayinlangan bojxona organiga taqdim etilgan paytdan boshlab va tanlangan bojxona rejimiga muvofiq chiqarib yuborilguniga qadar, shuningdek ushbu Kodeksning 177-moddasida nazarda tutilgan hollarda va shartlarda, bojxona toʻlovlari toʻlanmagan hamda iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda vaqtincha bojxona nazorati ostida saqlanishi mumkin.
84-modda. Tovarni vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Vaqtincha saqlash bojxona rejimiga har qanday tovar, shu jumladan ilgari boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar joylashtirilishi mumkin.
Bojxona hududiga olib kirilishi va bu hududdan olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar ushbu Kodeks 24-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilishi mumkin.
Vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovarni saqlash bojxona omborida yoki bojxona nazorati zonalarida, ularning mazkur bojxona rejimida turishi muddatlariga rioya etgan holda amalga oshirilishi mumkin.
85-modda. Tovarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turish muddati
Tovarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turish muddati ana shu tovarning mazkur bojxona rejimiga joylashtirilishini maʼlum qilgan vakolatli shaxs tomonidan belgilanadi, lekin bu muddat, agar ushbu Kodeksning 177-moddasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, oltmish kalendar kundan oshmasligi lozim.
Tez buziladigan tovar vaqtincha saqlash bojxona rejimida turishining eng koʻp muddati oʻn kalendar kunni tashkil etadi.
Bojxona omborlarida, erkin omborlarda yoki boj olinmaydigan savdo doʻkonlarida turgan tovar ularni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin, ushbu Kodeksning 177-moddasida belgilangan muddatlarda vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovar deb hisoblanadi.
Vaqtincha saqlash bojxona rejimining amal qilish muddatini hisoblash tovar ushbu Kodeksning 177-moddasiga va 226-moddasining beshinchi qismiga muvofiq vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovar maqomini olgan kundan eʼtiboran boshlanadi.
86-modda. Tovarni vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjat
Tovarni vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant tomonidan bojxona organiga ushbu Kodeksning 267-moddasiga muvofiq tuzilgan qisqa bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim qilinadi.
Qisqa bojxona yuk deklaratsiyasi tovar bojxona organiga taqdim etilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan tashuvchi yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan beriladi. Agar tovar shu muddat ichida boshqa bojxona rejimiga joylashtirilsa, qisqa bojxona yuk deklaratsiyasi berilmaydi.
Tovarni vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona organi ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga haqli emas.
87-modda. Vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar va harakatlar
Bojxona omborining egalari yoki vakolatli shaxslar vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan quyidagi operatsiyalar va harakatlarni bojxona organini xabardor qilgan holda amalga oshirishi mumkin:
tovarni koʻzdan kechirish va oʻlchash;
ushbu Kodeksning 211-moddasiga muvofiq tovarni tadqiq etish va identifikatsiyalash uchun uning namunalari va nusxalarini olish;
tovarning oʻzgarmas holatda but saqlanishi uchun zarur operatsiyalarni amalga oshirish, shu jumladan buzilgan oʻrov-idishlarni toʻgʻrilash;
vaqtincha saqlash joyi doirasida tovarning oʻrnini oʻzgartirish.
Agar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan operatsiyalar va harakatlarning amalga oshirilishi tovarning yoʻqotilishiga yoki uning xossalari oʻzgarishiga olib kelsa, mazkur operatsiyalar va harakatlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tovarning namunalari va nusxalariga nisbatan ular erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganidagi kabi bojxona toʻlovlari toʻlanishi yoki ularning toʻlanishi taʼminlanishi zarur, bundan quyidagi hollar mustasno, agar vakolatli shaxsning yozma majburiyatiga muvofiq:
tovar keyinchalik boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan taqdirda namunalar va nusxalar bojxona yuk deklaratsiyasiga kiritilsa;
namunalar va nusxalar tovar saqlanadigan muddat ichida bojxona omboriga qaytarilsa, lekin bu muddat oʻttiz kalendar kundan oshmasligi lozim.
Vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovarning bir bojxona omboridan boshqasiga bojxona nazorati ostida olib oʻtilishiga ushbu Kodeks 85-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan muddat tugaguniga qadar yoʻl qoʻyiladi. Bunda tovarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turishi muddatining oʻtishi uzilmaydi va toʻxtatib qoʻyilmaydi.
88-modda. Vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan davrida yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan tovarni tasarruf etish
Vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan davrida avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan tovar vakolatli shaxs tomonidan tanlangan bojxona rejimiga tovar shu holatda bojxona hududiga olib kirilganidagi kabi joylashtirilishi lozim. Mazkur holatlar vakolatli shaxs va vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
89-modda. Vaqtincha saqlash bojxona rejimini tugallash
Vaqtincha saqlash bojxona rejimida turish muddati tugaydigan kundan kechiktirmay tovar boshqa bojxona rejimiga joylashtirish uchun maʼlum qilinishi kerak.
Tovar boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida vaqtincha saqlash joyidan olib chiqilishi kerak, bundan tovar bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan hollar mustasno.
14-bob. Bojxona ombori
90-modda. Bojxona ombori bojxona rejimi
Bojxona ombori bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga olib kirilgan va bojxona hududidan olib chiqish uchun moʻljallangan tovar bojxona bojlari, soliqlar toʻlanmagan hamda iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda muayyan binolarda (joylarda) bojxona nazorati ostida saqlanadi.
91-modda. Tovarni bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Bojxona ombori bojxona rejimiga har qanday tovar, shu jumladan ilgari boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar joylashtiriladi, quyidagilar bundan mustasno:
bojxona hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovar;
bojxona hududidan olib chiqilishi taqiqlangan Oʻzbekiston tovari;
qonunchilikka muvofiq bojxona hududi orqali tranzit qilinishi taqiqlangan tovar;
bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirish uchun maʼlum qilingan kundagi yaroqlilik muddati ushbu Kodeksning 94-moddasiga muvofiq maʼlum qilinadigan muddatdan kam boʻlgan dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari.
Bojxona ombori bojxona rejimida turgan tovarni saqlash bojxona omborida amalga oshirilishi kerak, bundan ushbu Kodeksning 93-moddasida belgilangan hollar mustasno.
Vaqtincha olib kirish yoki bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimida turgan tovar ushbu rejimlarning amal qilishini toʻxtatib turish maqsadida bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilishi mumkin.
92-modda. Tovarni bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
93-modda. Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni bojxona ombori hisoblanmaydigan joylarda saqlash
Olib kirilayotgan yoki olib chiqilayotgan tovar bojxona ombori hisoblanmaydigan joyda turgani holda bojxona ombori bojxona rejimiga quyidagi hollarda vakolatli shaxsning arizasiga koʻra joylashtiriladi:
tovar oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlib, uning tashqi oʻlchamlari, fizik koʻrsatkichlari tufayli yoki kimyoviy xossalariga koʻra yoxud saqlanishiga doir alohida shartlar qoʻyilishi tufayli bojxona omboriga joylashtirilishi mumkin boʻlmasa;
tovar yetkazib beriladigan joyda bojxona ombori mavjud boʻlmasa.
Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bojxona ombori hisoblanmaydigan joylarda saqlanayotganda quyidagi shartlarga rioya etilishi lozim:
ushbu Kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash taqdim etilganligi;
tovar bilan bogʻliq yuk operatsiyalarini bajarishga, shuningdek uni istalgan boshqa joyga koʻchirishga bojxona nazorati ostida yoʻl qoʻyilishi;
bojxona ombori bojxona rejimida turgan davrida tovarni undan foydalanish va uni tasarruf etish uchun boshqa shaxslarga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmasligi, bundan ushbu Kodeksning 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan shartlarga rioya etish harbiy yuklarga, insonparvarlik yordami, texnik koʻmak sifatida olib kiriladigan tovarlarga hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarz (kredit) mablagʻlari, grantlar hisobidan olib kiriladigan tovarlarga, shuningdek olib kirilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasiga, chet el valyutasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tovar tegishli bojxona rejimiga joylashtirilmagan holda yoʻqotilgan yoki boshqa shaxslarga berib yuborilgan taqdirda bojxona toʻlovlarini toʻlash olib kirilayotgan tovar bojxona ombori hisoblanmaydigan joyda turavergani holda uni bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
94-modda. Tovarning bojxona ombori bojxona rejimida turish muddati
Tovarning bojxona ombori bojxona rejimida turish muddati uch yilni tashkil etadi.
Tovarlar bir necha bor bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilganda bojxona ombori bojxona rejimining umumiy amal qilish muddati ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatdan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Tovarni bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs mazkur bojxona rejimini uning amal qilish muddati ushbu Kodeksning 98-moddasiga muvofiq tugaguniga qadar tugallash huquqiga ega.
Yaroqlilik, saqlash, ishlatish va (yoki) realizatsiya qilish muddati cheklangan tovar mazkur muddat tugaguniga qadar kamida bir yuz sakson kalendar kundan kechiktirmay boshqa bojxona rejimiga joylashtirish uchun maʼlum qilinishi va bojxona omboridan olib chiqilishi kerak.
95-modda. Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar va harakatlar
Vakolatli shaxslar bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan bojxona organini xabardor qilgan holda quyidagilarni amalga oshirishi mumkin:
tovarning oʻzgarmas holatda but saqlanishini taʼminlash uchun zarur operatsiyalarni bajarish;
tovarni tekshirish, koʻzdan kechirish va oʻlchash;
bojxona ombori ichida tovarning joyini oʻzgartirish, basharti mazkur oʻzgartirish tovarning holati oʻzgarishiga, uning oʻrov-idishi buzilishiga va (yoki) qoʻyilgan bojxona identifikatsiyalash vositalarining oʻzgarishiga olib kelmasa;
ushbu Kodeksning 211-moddasiga muvofiq tadqiq etish va identifikatsiyalash uchun tovarning namunalari va nusxalarini olish;
tovarni sotishga va tashishga tayyorlash uchun zarur operatsiyalarni bajarish, shu jumladan turkumlarga boʻlish, joʻnatmalarni shakllantirish, saralash, oʻrash-joylash, qayta oʻrash-joylash, tamgʻalash (aksiz markalari bundan mustasno), boshqa shu kabi operatsiyalarni, shu jumladan oddiy yigʻish operatsiyalarini bajarish;
tovarning sifatini yaxshilash uchun zarur boshqa operatsiyalarni bajarish, bundan tovarni aralashtirish, qayta ishlash yoki unga ishlov berish mustasno.
Agar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan operatsiyalar va harakatlarning bajarilishi tovarning yoʻqotilishiga yoki xossalarining oʻzgarishiga olib kelsa, ushbu operatsiyalar va harakatlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tovarning namunalari va nusxalariga nisbatan ular erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganida boʻlgani kabi bojxona toʻlovlari toʻlanishi yoki bunday toʻlovlarni toʻlash taʼminlanishi zarur, bundan tovarni keyinchalik boshqa bojxona rejimiga joylashtirishda namunalar va nusxalarning bojxona yuk deklaratsiyasiga kiritilish hollari mustasno.
Bojxona ombori bojxona rejimida turgan tovarni ushbu Kodeks 94-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan muddatlar tugaguniga qadar bojxona nazorati ostida bir bojxona omboridan boshqasiga olib oʻtishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda tovarning bojxona ombori bojxona rejimida turishi muddatining oʻtishi uzilib qolmaydi va toʻxtatib turilmaydi.
96-modda. Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga oʻtkazish
Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga oʻtkazishga, unga nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish huquqini boshqa shaxsga berishga quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi:
tovarni yoki unga nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazuvchi vakolatli shaxs bojxona organini oldindan yozma shaklda xabardor etadi;
tovarga boʻlgan huquqni oluvchi vakolatli shaxs ushbu tovarga nisbatan tanlangan bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etgan holda bojxona deklaratsiyasini bojxona organiga taqdim etadi.
Vakolatli shaxsning tovarga nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish huquqi bojxona deklaratsiyasi bojxona organiga berilgan paytdan eʼtiboran boshqa shaxsga oʻtkazilgan deb hisoblanadi. Bojxona deklaratsiyasi berilgan paytda mazkur shaxsda bojxona rejimiga rioya etilishini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlar yuzaga keladi.
Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarning ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq boshqa shaxsga oʻtkazilganligi bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni saqlash muddatini toʻxtatib turmaydi va uzaytirmaydi.
97-modda. Bojxona ombori bojxona rejimida turgan davrda yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan tovarni tasarruf etish
Bojxona ombori bojxona rejimida turgan davrda avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan tovar vakolatli shaxs tomonidan tanlangan bojxona rejimiga u shu holatda bojxona hududiga olib kirilgan tovar kabi joylashtirilishi lozim. Mazkur holatlar vakolatli shaxs va vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Bojxona ombori bojxona rejimida turish muddati tugaydigan kundan kechiktirmay tovar boshqa bojxona rejimiga joylashtirish uchun maʼlum qilinishi kerak, bundan vaqtincha saqlash bojxona rejimi mustasno.
Boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida tovar bojxona omboridan olib chiqilishi kerak.
Ilgari vaqtincha olib kirish yoki bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimida turgan tovarni undan keyinchalik bojxona hududida ushbu bojxona rejimiga muvofiq foydalanish maqsadida bojxona omboridan olib chiqishda vaqtincha olib kirish yoki bojxona hududida qayta ishlash muddatining oʻtishi tiklanadi.
99-modda. Tovarning bojxona ombori bojxona rejimida turish muddati tugaganidan keyin u bilan amalga oshiriladigan harakatlar
Ushbu Kodeks 98-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan talabga rioya etilmagan taqdirda, bojxona organi bojxona ombori bojxona rejimida turish muddati tugagan tovarga nisbatan qaror qabul qilinishi uchun sudga murojaat etadi.
15-bob. Erkin ombor
100-modda. Erkin ombor bojxona rejimi
Erkin ombor bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovar muayyan joylar va hududlarda bojxona bojlari va soliqlar toʻlanmagan, shuningdek iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda joylashtiriladi.
101-modda. Tovarni erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Erkin ombor bojxona rejimiga har qanday tovar joylashtiriladi, bundan bojxona hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovar hamda ushbu hududdan olib chiqilishi taqiqlangan Oʻzbekiston tovari mustasno.
Boshqa tovarlarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoki alohida sharoitlarda saqlash talab etiladigan tovarlar maxsus moslashtirilgan binolarda saqlanishi lozim.
Ilgari boshqa bojxona rejimlariga joylashtirilgan tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilishi mumkin.
102-modda. Tovarni erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
103-modda. Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar
Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan quyidagi operatsiyalar amalga oshirilishi mumkin:
tovarning oʻzgarmas holatda but saqlanishini taʼminlash operatsiyalari;
tovarni sotishga va tashishga tayyorlash operatsiyalari, shu jumladan turkumlarga boʻlish, joʻnatmalarni shakllantirish, saralash, oʻrash-joylash, qayta oʻrash-joylash, tamgʻalash operatsiyalari (aksiz markalari bundan mustasno) va boshqa shu kabi operatsiyalar;
oddiy yigʻish operatsiyalari;
tovardan erkin omborda ishlatiladigan texnologik uskuna va uning ehtiyot qismlari, yuklash-tushirish texnikasi, boshqa texnik vositalar sifatida foydalanish operatsiyalari.
Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga qonunchilikka muvofiq taqiqlar va cheklovlar belgilanishi mumkin.
1031-modda. Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga oʻtkazish
Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga oʻtkazishga unga nisbatan egalik qilish, undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini boshqa shaxsga berishga quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi:
tovarni yoki unga nisbatan egalik qilish, undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazuvchi vakolatli shaxs bojxona organini oldindan yozma shaklda xabardor etadi;
tovarga boʻlgan huquqni oluvchi vakolatli shaxs ushbu tovarga nisbatan tanlangan bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etgan holda bojxona yuk deklaratsiyasini bojxona organiga beradi.
Vakolatli shaxsning tovarga nisbatan egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqi bojxona yuk deklaratsiyasi bojxona organiga berilgan paytdan eʼtiboran boshqa shaxsga oʻtkazilgan deb hisoblanadi. Bojxona yuk deklaratsiyasi berilgan paytda mazkur shaxsda bojxona rejimiga rioya etilishini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlar yuzaga keladi.
104-modda. Tovarning erkin ombor bojxona rejimida turishi muddati
Tovar erkin ombor bojxona rejimida cheklanmagan muddatda turishi mumkin.
105-modda. Erkin ombor bojxona rejimida bojxona toʻlovlarining va iqtisodiy siyosat choralarining qoʻllanilishi
Erkin ombor bojxona rejimida turgan tovar erkin muomalaga chiqarish (import) yoki eksport bojxona rejimiga joylashtirilayotganda, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, tovarning ishlab chiqarilgan mamlakatiga bogʻliq ravishda bojxona toʻlovlari va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllaniladi.
Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan va bojxona hududiga olib kiriladigan chet el tovariga nisbatan, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu tovar bevosita bojxona hududi tashqarisidan olib kirilganidagi kabi bojxona toʻlovlari va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston tovari erkin ombordan bojxona hududidan tashqariga olib chiqilayotganda unga nisbatan bojxona hududidan olib chiqishda qoʻllanilganidagi kabi bojxona toʻlovlari va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllaniladi.
Erkin ombordan bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladigan tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikat boʻlmagan taqdirda bunday tovar unga bojxona toʻlovlari va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllash maqsadida Oʻzbekiston tovari sifatida, boshqa maqsadlarda esa, chet el tovari sifatida qaraladi.
Agar tovar olib chiqilayotganda bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan ozod etilishi yoki toʻlangan summalar qaytarilishi nazarda tutilgan boʻlsa, erkin ombor bojxona rejimiga joylashtiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga eksport bojxona rejimida olib chiqish moʻljallangan tovar bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan ozod etiladi yoki toʻlangan summalar qaytariladi. Bunday tovarni olib chiqish bojxona bojlari, soliqlar summalari qaytarilgan yoki ularni toʻlashdan ozod qilingan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.
Erkin omborlardan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilishi lozim boʻlgan tovar bojxona hududiga qaytarilgan yoki uni olib chiqish belgilangan muddatlar ichida amalga oshirilmagan taqdirda bojxona bojlari va soliqlar toʻlanadi.
16-bob. Erkin bojxona zonasi
106-modda. Erkin bojxona zonasi bojxona rejimi
Erkin bojxona zonasi bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovar muayyan joylar va hududlarda bojxona bojlari va soliqlar toʻlanmagan, shuningdek iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda joylashtiriladi va shu tarzda undan foydalaniladi.
107-modda. Tovarlarni erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga har qanday tovar joylashtiriladi, bundan bojxona hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovarlar hamda ushbu hududdan olib chiqilishi taqiqlangan Oʻzbekiston tovarlari mustasno.
Erkin bojxona zonasi faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun zarur Oʻzbekiston tovarlariga nisbatan erkin bojxona zonasi bojxona rejimi qoʻllanilmaydi.
Boshqa tovarlarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoki alohida sharoitlarda saqlash talab etiladigan tovarlar maxsus moslashtirilgan binolarda saqlanishi lozim.
108-modda. Tovarni erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlar mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
109-modda. Erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar
Erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan operatsiyalar erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
Erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga qonunchilikka muvofiq taqiqlar va cheklovlar belgilanishi mumkin.
110-modda. Tovarning erkin bojxona zonasi bojxona rejimida turishi muddatlari
Tovar erkin bojxona zonasi bojxona rejimida cheklanmagan muddatda turishi mumkin.
111-modda. Erkin bojxona zonasi bojxona rejimida bojxona toʻlovlarining qoʻllanilishi
Erkin bojxona zonasi bojxona rejimida bojxona toʻlovlari ushbu Kodeksning 105-moddasi talablari inobatga olingan holda, erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq undiriladi.
112-modda. Erkin bojxona zonasini tashkil etish
Erkin bojxona zonasi erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilanadigan tartibda tashkil etiladi.
17-bob. Boj olinmaydigan savdo
113-modda. Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi
Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovarlar bojxona hududining bojxona organlari tomonidan belgilangan joylarida bojxona bojlari, soliqlar toʻlanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda bojxona nazorati ostida turadi hamda realizatsiya qilinadi.
Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirilgan chet el tovarlari, shuningdek Oʻzbekiston tovarlari bojxona hududidan chiqib ketayotgan va bojxona hududiga kirib kelayotgan jismoniy shaxslarga, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet ellik shaxslarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet ellik shaxslarga ushbu bobda belgilangan shartlarda chakana holda realizatsiya qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtmayotgan jismoniy shaxslarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinmagan chet ellik shaxslarga boj olinmaydigan savdo doʻkonlarida tovarlarni realizatsiya qilishga (sotib olishga) ruxsat etilmaydi.
Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni realizatsiya qilish boj olinmaydigan savdo doʻkonlarida bojxona nazorati ostida amalga oshiriladi.
114-modda. Tovarni boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga har qanday tovarlar joylashtiriladi, bundan roʻyxati qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tovarlar mustasno.
Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarni deklaratsiyalash boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
Tovarlar boj olinmaydigan savdo bojxona rejimida cheklanmagan muddatda turishi mumkin.
Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan quyidagi operatsiyalar amalga oshirilishi mumkin:
tovar realizatsiya qilinguniga qadar uning oʻzgarmas holatda but saqlanishini taʼminlash operatsiyalari;
tovarlarni sotishga tayyorlash boʻyicha, shu jumladan saralash, oʻrash-joylash, qayta oʻrash-joylash, tamgʻalash operatsiyalari (aksiz markalari bundan mustasno).
Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar realizatsiya qilinguniga qadar oʻzgarmas holatda qolishi kerak, bundan isteʼmol qilish uchun moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash uchun foydalaniladigan tovar mustasno.
Boj olinmaydigan savdo doʻkonida realizatsiya qilinadigan tovarlar tovarning boj olinmaydigan savdo doʻkoniga mansubligini anglatuvchi maxsus tamgʻaga ega boʻlishi va chakana sotish uchun oldindan oʻrab, joylangan boʻlishi kerak.
115-modda. Tovarni boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
18-bob. Bojxona tranziti
116-modda. Bojxona tranziti bojxona rejimi
Bojxona tranziti bojxona rejimi shunday rejimki, bunda:
olib kirilgan tovar joʻnatuvchi bojxona organi va tovar kelib tushadigan bojxona organi orasidagi bojxona hududi boʻylab, shu jumladan chet davlat hududi orqali bojxona nazorati ostida;
Oʻzbekiston tovarlari bojxona chegarasida joylashgan joʻnatuvchi bojxona organi va tovar kelib tushadigan bojxona organi orasidagi chet davlat hududi boʻylab bojxona bojlari va soliqlar toʻlanmagan, shuningdek iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda olib oʻtiladi.
Qaysi bojxona organi faoliyat koʻrsatish zonasida tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish boshlanadigan boʻlsa, oʻsha bojxona organi joʻnatuvchi bojxona organi hisoblanadi.
Qaysi bojxona organi faoliyat koʻrsatish zonasida tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish tugallanadigan boʻlsa, oʻsha bojxona organi tovar kelib tushadigan bojxona organi hisoblanadi.
117-modda. Tovarni bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Har qanday tovar quyidagi talablarga va shartlarga rioya etilgan holda bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtiriladi:
tovarning bojxona hududi orqali tranziti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq taqiqlanmagan boʻlsa;
agar qonunchilikka muvofiq tovarning bojxona hududi boʻylab tranzitiga faqat tegishli ruxsatnomalar asosida yoʻl qoʻyilsa, tovarga nisbatan shunday ruxsatnomalar mavjud boʻlsa.
Bojxona tranziti bojxona rejimida tovarni tashish ushbu Kodeksning 31-bobida belgilangan talablar va shartlarga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari, quvur transporti orqali va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan tovarlar bojxona tranzitining bojxona rasmiylashtiruvi ushbu Kodeksning 24 va 25-boblariga muvofiq amalga oshiriladi.
Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash sharti bilan bojxona hududi orqali bojxona tranzitiga yoʻl qoʻyiladigan tovarlarning roʻyxati qonunchilikda belgilanadi.
Ayrim turdagi tovarlarning bojxona hududi orqali bojxona tranziti bojxona rejimida olib oʻtilishiga nisbatan qonunchilik bilan boshqa talablar va shartlar ham belgilanishi mumkin.
Tovarni bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish ushbu Kodeksning 3-bobiga muvofiq bojxona organi xabardor qilingan holda amalga oshiriladi.
118-modda. Tovarni bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga tranzit deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda tranziti amalga oshiriladigan tovarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlar mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
119-modda. Bojxona tranziti bojxona rejimiga muvofiq bojxona hududi boʻylab olib oʻtiladigan tovar bilan amalga oshiriladigan yuk operatsiyalari va boshqa operatsiyalar
Bojxona tranziti bojxona rejimida turgan tovar bilan oraliq bojxona organi nazorati ostida quyidagi yuk operatsiyalarini va boshqa operatsiyalarni bajarishga yoʻl qoʻyiladi:
tovarni bojxona hududiga olib kirgan transport vositasidan olib, shu hududdan olib chiqadigan transport vositasiga yuklash;
bojxona tranziti bojxona rejimining amal qilish muddatini toʻxtatib turish uchun, shu jumladan tovar tashilayotgan transport vositasi buzilib qolgan taqdirda shunday qilish uchun vaqtincha saqlash joylarida tovarni tushirish va vaqtincha joylab qoʻyish (saqlash, turkumlarga boʻlish yoki turkumlarga toʻplash va boshqa shu kabi operatsiyalar). Tovarni vaqtincha joylab qoʻyish muddati mazkur operatsiyalarni bajarish uchun ketadigan vaqtdan yoxud transport vositasini taʼmirlash-tiklash ishlariga ketadigan vaqtdan kelib chiqqan holda tashuvchi tomonidan belgilanadi, biroq bu muddat tovarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turishining eng koʻp muddatlaridan oshmasligi kerak.
Oʻzining faoliyat koʻrsatish zonasida bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar bilan ruxsat etilgan yuk operatsiyalari va boshqa operatsiyalar amalga oshiriladigan bojxona organi oraliq bojxona organi hisoblanadi.
Agar bajariladigan operatsiyalar tovar ustidan bundan buyongi bojxona nazoratini amalga oshirish imkoni boʻlmasligiga olib kelsa, oraliq bojxona organi ushbu tovar bilan operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlashga haqli.
Avariya, yengib boʻlmas kuch taʼsiri yoki bojxona tranziti bojxona rejimiga muvofiq tovarning tashilishiga toʻsqinlik qiladigan boshqa holatlarda, tashuvchi tovarning va transport vositasining but saqlanishini taʼminlash uchun barcha choralarni koʻrishi, eng yaqin bojxona organiga ushbu holatlar va tovar turgan joy toʻgʻrisida darhol xabar qilishi, shuningdek tovarni eng yaqin bojxona organiga yoki bojxona organi koʻrsatgan boshqa joyga tashib oʻtishi yoki tashilishini taʼminlashi shart.
Bojxona tranziti bojxona rejimi olib kirilgan tovarni bojxona hududidan olib chiqish bilan yoki Oʻzbekiston tovarini bojxona hududiga olib kirish bilan tugallanadi.
Tovarni joʻnatuvchi bojxona organidan tovar kelib tushadigan bojxona organigacha bojxona tranzitining muddati tovarlarni tashishning odatiy muddatlariga muvofiq, transportning turi va transport vositasining imkoniyatlari, yoʻnalishi, boshqa tashish shartlaridan kelib chiqqan holda va (yoki) deklarantning yoki, agar tashuvchi bojxona tranziti bojxona rejimi deklaranti sifatida ish yuritmagan boʻlsa, tashuvchining arizasidan kelib chiqqan holda, shuningdek haydovchining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq mehnat qilish hamda dam olish rejimi talablari inobatga olingan holda, joʻnatuvchi bojxona organi tomonidan belgilanadi, lekin bu muddat bojxona tranzitining eng koʻp muddatidan oshmasligi kerak.
Bojxona tranziti bojxona rejimining eng koʻp muddati bojxona tranziti uchun xabarnoma berilgan kundan eʼtiboran belgilanadigan quyidagi hisob-kitob muddatidan oshmasligi lozim:
havo transporti uchun — uch kalendar kun;
yer usti va suv transporti uchun — oʻn besh kalendar kunda bir ming kilometr.
Vakolatli shaxs tovarni va ushbu Kodeksning 18-moddasida nazarda tutilgan hujjatlarni tovar kelib tushadigan bojxona organiga joʻnatuvchi bojxona organi tomonidan belgilangan muddatda taqdim etishi shart.
Tovar kelib tushadigan bojxona organi bojxona tranziti bojxona rejimini tugallash uchun zarur operatsiyalarni bajaradi.
Vakolatli shaxsning arizasiga koʻra bojxona tranziti bojxona rejimini oraliq bojxona organida quyidagi yoʻllar bilan tugallashga yoʻl qoʻyiladi:
tovarni alohida turkumlar bilan va (yoki) joʻnatuvchi bojxona organi tomonidan ilgari belgilanganidan boshqa tovar kelib tushadigan bojxona organlari orqali olib chiqish yoʻli bilan. Tovarlar alohida turkumlar bilan olib chiqilganda tovarning oxirgi turkumi bojxona hududidan olib chiqilganidan keyin bojxona tranziti bojxona rejimi tugallangan hisoblanadi;
ushbu Kodeksning talablari va shartlariga rioya etilgan holda tovarni boshqa bojxona rejimlariga joylashtirish yoʻli bilan.
Zarur boʻlgan hollarda, oraliq bojxona organi vakolatli shaxsning arizasida koʻrsatilgan muddatga muvofiq bojxona tranziti bojxona rejimini tugallashning boshqa muddatini belgilaydi.
19-bob. Yoʻq qilish
121-modda. Yoʻq qilish bojxona rejimi
Yoʻq qilish bojxona rejimi shunday rejimki, bunda chet el tovari bojxona toʻlovlari toʻlanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda bojxona nazorati ostida yoʻq qilinadi, shu jumladan foydalanish uchun yaroqsiz holga keltiriladi.
122-modda. Tovarni yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Tovarlarni yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtirishga, agar yoʻq qilinadigan tovarlar oʻzining isteʼmol xossalarini toʻliq yoʻqotadigan boʻlsa va ularning dastlabki holatini iqtisodiy foydali usulda tiklab boʻlmasa, yoʻl qoʻyiladi.
Quyidagi tovarlarning yoʻq qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
madaniy boyliklarning;
yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida turgan hayvonlar va oʻsimliklar turlarining, ularning qismlari va derivatlarining, bundan epidemiyalar va epizootiyalarning oldini olish maqsadida yoʻq qilinishi talab etiladigan hollar mustasno.
Quyidagi hollarda tovarlarni yoʻq qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, agar:
yoʻq qilish atrof muhitga zarar yetkazishi yoxud insonlarning hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdirsa yoki xavf tugʻdirish ehtimoli boʻlsa;
yoʻq qilish tovarlarning odatiy maqsadiga koʻra ularni isteʼmol qilish orqali amalga oshirilsa;
bojxona organi tovarlar amalda yoʻq qilinganligini nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻlmasa;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat organining yoʻq qilishni amalga oshirish imkoniyati toʻgʻrisidagi, uni amalga oshirishning usuli va joyi koʻrsatilgan xulosasi bojxona organlarining axborot tizimida boʻlmasa. Ushbu qismning qoidalari avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida qaytarib boʻlmas tarzda yoʻqotilgan tovarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tovarlarni yoʻq qilish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshirilishi mumkin:
tovarlarning batamom yoʻq boʻlib ketishiga olib keladigan termik, kimyoviy, mexanik tarzdagi yoki boshqa turdagi (yoqib tashlash, buzib tashlash, koʻmib tashlash) taʼsir koʻrsatish;
demontaj qilish, qismlarga ajratish, mexanik usulda buzish, shu jumladan teshish, yirtish, boshqa usulda shikast yetkazish, basharti bunday shikastlanishlar tovarlarni keyinchalik tiklash va ulardan dastlabki koʻrinishida foydalanish imkoniyatini istisno etsa.
Tovarlarni yoʻq qilish tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilgan holda vakolatli shaxs tomonidan uning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bojxona omborida saqlanayotgan tovarlarni yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtirish toʻgʻrisida tegishli vakolatli davlat organining tovar isteʼmolga va foydalanishga yaroqsizligi, shuningdek bundan buyon uni saqlash mumkin emasligi haqidagi xulosasiga koʻra, vakolatli shaxsga oldindan yozma xabar yuborilgan holda bojxona omborining egasi tomonidan maʼlum qilinishi mumkin.
123-modda. Tovarni yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga:
bojxona yuk deklaratsiyasini;
tovarning kuzatuv hujjatlarini;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilangan shakl boʻyicha tuzilgan yoʻq qilish dalolatnomasini taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda yoʻq qilinadigan tovarlarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlar mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
124-modda. Tovarni yoʻq qilish muddati va joyi
Tovarni yoʻq qilish muddati mazkur turdagi tovarni yoʻq qilish operatsiyasini amalga oshirish uchun zarur boʻladigan vaqtdan kelib chiqqan holda bojxona organi tomonidan vakolatli shaxsning arizasi asosida belgilanadi. Tovarni yoʻq qilish maʼlum qilingan usulda hamda tovarni turgan joyidan yoʻq qilish joyiga tashishga ketadigan vaqt hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Tovarni yoʻq qilish joyi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat organining xulosasi inobatga olingan holda vakolatli shaxs tomonidan belgilanadi.
125-modda. Yoʻq qilish bojxona rejimini avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida yoʻq qilingan yoki shikastlangan tovarlarga nisbatan qoʻllash
Yoʻq qilish bojxona rejimi avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida yoʻq qilingan yoki shikastlangan tovarlarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
Tovarlarni yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtirish toʻgʻrisida maʼlum qilgan shaxs bojxona organlariga tegishli vakolatli organning ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlarning mavjudligi hamda tovarlar shu holatlar natijasida yoʻq qilinganligi yoki shikastlanganligi toʻgʻrisidagi xulosasini taqdim etishi kerak.
Avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida yoʻq qilingan yoki shikastlangan tovarlar yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtirilayotganda ushbu Kodeks 122-moddasi birinchi qismining va 127-moddasining qoidalari qoʻllaniladi.
126-modda. Yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarning bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona nazorati
Yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarning bojxona rasmiylashtiruvi tovar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi.
Tovar yoʻq qilinguniga qadar vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga tovarni yoʻq qilish bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasini, shuningdek tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
Tovar bojxona omborida saqlangan taqdirda, yoʻq qilinishi maʼlum qilingan tovarni bojxona omboridan olib chiqish uchun bojxona organi tomonidan roʻyxatga olingan bojxona yuk deklaratsiyasi asos boʻladi.
Tovarni yoʻq qilish joyigacha yetkazib berish va uni yoʻq qilish bojxona nazorati ostida amalga oshiriladi.
Tovarni yoʻq qilish fakti boʻyicha bojxona organining mansabdor shaxsi, vakolatli shaxs va tovarlarni amalda yoʻq qilish chogʻida hozir boʻlgan boshqa shaxslar tomonidan imzolanadigan yoʻq qilish dalolatnomasi tuziladi.
Tovarni yoʻq qilish dalolatnomasi tovar amalda yoʻq qilinganidan keyin bir ish kuni ichida bojxona organiga taqdim etiladi.
Bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish va roʻyxatdan oʻtkazish yoʻq qilishdan avval, uni rasmiylashtirish esa, tovar yoʻq qilinganidan keyin amalga oshiriladi.
127-modda. Tovarni yoʻq qilish natijasida hosil boʻlgan chiqindilarni deklaratsiyalash
Tovarni yoʻq qilish natijasida hosil boʻlgan chiqindilar ular shu holatda bojxona hududiga olib kirilganida boʻlgani kabi boshqa bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yoʻq qilish natijasida hosil boʻlgan va keyinchalik foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelgunga qadar qayta ishlangan chiqindilar deklaratsiyalanmaydi.
20-bob. Davlat foydasiga voz kechish
128-modda. Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimi
Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimi shunday rejimki, bunda vakolatli shaxs tovardan voz kechadi hamda uni bojxona toʻlovlari toʻlanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda tekinga davlat mulkiga oʻtkazadi.
129-modda. Tovarni davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari
Tovardan davlat foydasiga voz kechish davlatning biror-bir xarajat qilishiga sabab boʻlmasligi kerak.
Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga quyidagi tovar joylashtirilmaydi:
bojxona hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovar;
muomaladan chiqarilgan yoki muomalasi cheklangan tovar;
agar tovar vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlsa, bojxona organlarining axborot tizimida unga nisbatan ushbu organlarning tegishli ruxsatnomasi boʻlmagan tovar.
Tovardan davlat foydasiga voz kechgan vakolatli shaxs uni bojxona organi tomonidan belgilanadigan joyga yetkazib berish bilan bogʻlik barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
Tovar davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilganidan keyin vakolatli shaxs mazkur bojxona rejimini boshqasiga almashtirishga haqli emas.
Tovarni davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirishning qonuniyligi uchun har qanday uchinchi shaxs oldida javobgarlik vakolatli shaxsning zimmasida boʻladi.
Bojxona organi:
vakolatli shaxs davlat foydasiga voz kechgan tovarga nisbatan uchinchi shaxslarning biror-bir mulkiy talabini qanoatlantirmaydi;
tovar davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilguniga qadar tashuvchining, ombor egasining yoki boshqa shaxslarning shu tovarni tashish, saqlash, u bilan yuk operatsiyalari va boshqa operatsiyalar oʻtkazish bilan bogʻliq biror-bir xarajatining oʻrnini qoplamaydi.
130-modda. Tovarni davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Tovarni davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga:
bojxona yuk deklaratsiyasini;
davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilayotgan tovarni topshirish dalolatnomasini;
tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etadi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda davlat foydasiga voz kechiladigan tovarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlarning mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.
131-modda. Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarning bojxona rasmiylashtiruvi
Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarning bojxona rasmiylashtiruvi tovar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovar vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga topshirilayotganda ikki nusxada dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomaning bir nusxasi bojxona organida saqlanadi. Dalolatnomaning ikkinchi nusxasi vakolatli shaxsga beriladi.
Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli organga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda topshiriladi.
21-bob. Tovarni bojxona rejimlariga joylashtirilayotgandagi ruxsat berish tartib-taomillari
132-modda. Ruxsatnoma olishni nazarda tutuvchi bojxona rejimlari
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash, bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirish bojxona organi tomonidan berilgan tegishli ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
134-modda. Tovarni bojxona hududidan tashqarida (hududida) qayta ishlashga ruxsatnoma olish uchun zarur hujjatlar
Tovarni bojxona hududidan tashqarida (hududida) qayta ishlashga ruxsatnoma olish uchun vakolatli shaxs tovar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
1) bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun:
ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi ariza;
qayta ishlashning texnologik jarayoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlgan texnik-iqtisodiy asoslar (hisob-kitoblar), shuningdek vakolatli organlarning va (yoki) vakolatli tashkilotlarning (shu jumladan bojxona laboratoriyalarining) qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normalarini belgilash uchun muayyan qayta ishlash texnologik jarayoniga asoslangan xulosalari, bundan qayta ishlash operatsiyasi taʼmirlashdan iborat boʻlgan hollar mustasno;
qayta ishlashni amalga oshirish uchun asos boʻlgan kontraktning (shartnomaning, kelishuvning) yoki tovarni qayta ishlash uchun olib chiqishga va qayta ishlash mahsulotlarini olib kirishga doir kontraktning (shartnomaning, kelishuvning) koʻchirma nusxasi;
2) bojxona hududida qayta ishlash uchun:
ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi ariza;
qayta ishlashning texnologik jarayoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan texnik-iqtisodiy asoslar (hisob-kitoblar) ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar uchun;
tovarni qayta ishlash mahsulotlarida bojxona hududida qayta ishlash uchun olib kirilayotgan tovarni identifikatsiyalashning vakolatli shaxs tomonidan belgilangan usuli;
vakolatli shaxs tomonidan aniqlangan qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini baholash usuli, bundan qayta ishlash operatsiyasi taʼmirlashdan iborat boʻlgan hollar mustasno;
qayta ishlashni amalga oshirish uchun asos boʻlgan kontraktning (shartnomaning, kelishuvning) yoki tovarni qayta ishlash uchun olib kirishga va qayta ishlash mahsulotlarini olib chiqishga doir kontraktlarning (shartnomalarning, kelishuvlarning) koʻchirma nusxasi.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida (hududida) qayta ishlashga ruxsatnoma olish uchun vakolatli shaxsdan ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilmagan boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
135-modda. Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi ariza
Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizada vakolatli shaxsning elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizada vakolatli shaxsning elektron manzili koʻrsatilganligi uning oʻz arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi xabarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olishga boʻlgan roziligidir.
Ushbu Kodeksning 134-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga Interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali orqali “bir darcha” prinsipi boʻyicha taqdim etiladi.
Vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlar bojxona organi uning aksini tasdiqlamagunicha barcha hollarda toʻgʻri deb hisoblanadi.
Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik vakolatli shaxsning zimmasida boʻladi.
136-modda. Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish
Bojxona organi tegishli ruxsatnomani berish toʻgʻrisidagi arizani olganidan soʻng ushbu Kodeksda nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya etilganligini tekshiradi.
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash va bojxona hududida qayta ishlashga ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqishda bojxona organi:
vakolatli organlarning ruxsatnomalari mavjudligini tekshiradi, agar tovarlar yoki qayta ishlash mahsulotlari shu organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlsa;
qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini belgilaydi;
qayta ishlash mahsulotlarining majburiy chiqish normalarini aniqlashda qiyinchilik boʻlgan taqdirda oʻrganib chiqish, tadqiq etish, tekshirish yoki boshqa ilmiy va texnik jihatdan baho berish uchun uchinchi shaxslarni jalb qiladi.
137-modda. Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga yoki bojxona hududida qayta ishlashga ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati oʻn ish kunidan oshmasligi kerak.
Tegishli ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan sanadan boshlab hisoblanadi.
Bojxona organi tegishli qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay vakolatli shaxsga tegishli ruxsatnomani berishi (joʻnatishi) yoki ruxsatnoma berish rad etilganligi haqida uni yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi shart. Ruxsatnoma vakolatli shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilangan shaklda beriladi.
Agar bojxona organi tegishli ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish, ruxsatnoma berish yoki uni berishni rad etish muddati ichida vakolatli shaxsga ruxsatnoma bermagan boʻlsa yoki berishni rad etmagan boʻlsa, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin vakolatli shaxs bojxona organini yozma ravishda xabardor qilgan holda tovarlarni bojxona organining ruxsatnomasi olinishini nazarda tutuvchi bojxona rejimiga joylashtirish huquqiga ega.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, bojxona organi vakolatli shaxsning yozma xabarini olganidan keyin besh ish kuni ichida unga ruxsatnoma berishi shart. Qabul qilib olingan sanasi koʻrsatilgan ariza va vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga yuborilgan yozma xabar ruxsatnoma olinguniga qadar ruxsatnomaga tenglashtiriladi hamda tovarlarni bojxona organining ruxsatnomasi olinishini nazarda tutuvchi bojxona rejimiga joylashtirish uchun asos boʻladi.
138-modda. Ruxsatnoma berishni rad etish
Ruxsatnoma berishni rad etishga quyidagilar asos boʻladi:
ruxsatnoma berish uchun zarur hujjatlar vakolatli shaxs tomonidan toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganligi;
tovarlarning ushbu Kodeksga muvofiq ruxsatnoma olinishini nazarda tutuvchi bojxona rejimiga joylashtirish uchun belgilangan talablar va shartlarga mos emasligi;
vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi.
Ruxsatnoma berishni boshqa asoslar, shu jumladan maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ruxsatnoma berish rad etilganligi haqidagi xabar rad etish sabablari, qonunchilikning aniq normalari va vakolatli shaxs mazkur sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda vakolatli shaxsga topshiriladi (yuboriladi). Vakolatli shaxs rad etish sabablarini bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat ruxsatnoma berish rad etilganligi haqida xabar olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kam boʻlishi mumkin emas.
Vakolatli shaxs ruxsatnoma berishni rad etishga asos boʻlgan sabablarni belgilangan muddatda bartaraf etgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish, ruxsatnoma berish yoki uni berishni rad etish, vakolatli shaxsning rad etish sabablari bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi arizasi va ularning bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar olingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi. Vakolatli shaxsning hujjatlari takroran koʻrib chiqilganligi uchun bojxona yigʻimi undirilmaydi.
Hujjatlarni takroran koʻrib chiqishda bojxona organi tomonidan ilgari xabarda bayon qilinmagan rad etish sabablari keltirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ilgari koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bogʻliq rad etish sabablari keltirilishi mustasno.
Ruxsatnoma berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarda koʻrsatilgan muddat tugaganidan keyin vakolatli shaxs tomonidan topshirilgan ariza yangi topshirilgan ariza hisoblanadi va bojxona organi tomonidan umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
Vakolatli shaxs ruxsatnoma berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek bojxona organi mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
139-modda. Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish
Ruxsatnomaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turiladi:
tovarlarni tegishli bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari vakolatli shaxs tomonidan buzilganligi aniqlanganda;
bojxona organining aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini vakolatli shaxs zimmasiga yuklaydigan qarori vakolatli shaxs tomonidan bajarilmaganda.
Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar va aholining hayoti hamda sogʻligʻiga haqiqiy tahdid vujudga kelishining oldini olish munosabati bilan oʻn ish kunidan oshmaydigan muddatga ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish hollari mustasno.
Bojxona organining ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish sabablari va qonunchilikdagi aniq normalar koʻrsatilgan holda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay vakolatli shaxsga yetkaziladi.
Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi sud qarori qonunchilikda belgilangan muddatlarda vakolatli shaxsga yetkaziladi.
Bojxona organi yoki sud ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarning vakolatli shaxs tomonidan bartaraf etilish muddatini belgilashi shart. Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarni vakolatli shaxs tomonidan bartaraf etish muddati ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror vakolatli shaxs tomonidan olingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar vakolatli shaxs tomonidan bartaraf etilgan taqdirda ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan bojxona organi yoki sud ruxsatnomaning amal qilishini qayta tiklash haqida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma olingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida qaror qabul qilishi shart.
Bojxona organi qabul qilingan qaror haqida vakolatli shaxsni tegishli qaror qabul qilinganidan soʻng bir ish kuni ichida xabardor qiladi.
Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
140-modda. Ruxsatnomaning amal qilishini tugatish
Ruxsatnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
vakolatli shaxs ruxsatnomaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan yoki faoliyati toʻxtatilgan paytdan eʼtiboran, yuridik shaxs qayta tashkil etilganda esa — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan yuridik shaxsning oʻzgartirilishi mustasno;
tadbirkorlik subyekti boʻlgan jismoniy shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda;
jismoniy shaxs vafot etganda, uning muomala layoqati belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar bojxona organi yoki sud belgilagan muddatda vakolatli shaxs tomonidan bartaraf etilmaganda;
bojxona organining ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi qarori gʻayriqonuniy ekanligi aniqlanganda;
ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganda;
amalga oshirilishi uchun bojxona organining ruxsatnomasi berilgan bir martalik harakat bajarilganda.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi, sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollar yuzaga kelishi bilan ruxsatnomaning amal qilishi tugatilgan deb hisoblanadi.
Ruxsatnomaning amal qilishi ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan hollarda bojxona organi tomonidan, ushbu modda birinchi qismining oltinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda esa sud tomonidan tugatiladi.
Ruxsatnomaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi sud qarori vakolatli shaxsga va bojxona organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Ruxsatnomaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi bojxona organi qarori uning amal qilishi tugatilishining sabablari va qonunchilikning aniq normalari koʻrsatilgan holda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay vakolatli shaxsga yetkaziladi. Ruxsatnomaning amal qilishi tugatilgan taqdirda, u bojxona organiga qaytarilmaydi.
Ruxsatnomaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
141-modda. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish va uning dublikatini berish
Yuridik shaxs boʻlgan vakolatli shaxs oʻzgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, yuridik shaxs boʻlgan arizachi yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin yetti ish kuni ichida bojxona organiga koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Tadbirkorlik subyekti boʻlgan jismoniy shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida oʻziga berilgan guvohnomada koʻrsatilgan familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat koʻrsatadigan joyi oʻzgargan taqdirda, tadbirkorlik subyekti boʻlgan jismoniy shaxs yoki uning huquqiy vorisi (merosxoʻri) qayta roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin yetti ish kuni ichida bojxona organiga koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Jismoniy shaxsning (bundan tadbirkorlik subyekti boʻlgan jismoniy shaxs mustasno) familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgargan taqdirda tovarlarni tegishli bojxona rejimiga joylashtirish uchun ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi hujjatlar vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga bevosita yoki pochta aloqasi vositalari orqali yoxud elektron shaklda, ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etiladi.
Ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilguniga qadar ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish haqida ariza bergan vakolatli shaxs yoki uning huquqiy vorisi bojxona organi tomonidan qabul qilib olingan sanasi qayd etilgan ariza asosida unda koʻrsatilgan harakatni bajaradi.
Vakolatli shaxsdan ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish va qayta rasmiylashtirilgan ruxsatnomani berish tegishli hujjatlar ilova qilingan qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi ariza bojxona organi tomonidan olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Berilgan ruxsatnoma yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, vakolatli shaxsning arizasiga koʻra bojxona organi ariza olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida uning dublikatini beradi.
Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirganlik va uning dublikatini berganlik uchun bojxona yigʻimi undirilmaydi.
142-modda. Ruxsatnomani bekor qilish
Ruxsatnoma quyidagilar asosida bekor qilinadi:
vakolatli shaxsning ruxsatnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga koʻra;
ruxsatnoma qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Ruxsatnoma ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan hollarda bojxona organi tomonidan, ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda esa sud tomonidan bekor qilinadi.
Ruxsatnoma bekor qilingan taqdirda, u bojxona organlariga qaytarilmaydi.
Ruxsatnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi sud qarori ruxsatnoma berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Ruxsatnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi sud qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
III boʻlim. Transport vositalariga va tovarlarning ayrim toifalariga nisbatan bojxona rejimlarining qoʻllanilishi
22-bob. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalarini olib oʻtish
143-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalari
Bojxona nazoratida turgan tovarlarni va (yoki) yoʻlovchilarni haq evaziga yoki bepul tashish uchun foydalaniladigan transport vositasi tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasidir.
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan, transport vositasi bilan birga tashiladigan standart ehtiyot qismlar, ashyolar va uskunalar, standart baklardagi moylash materiallari va yoqilgʻi, shuningdek ashyo-anjomlar bojxona maqsadlari uchun mazkur transport vositasining ajralmas qismi deb qaraladi. Ashyo-anjomlarga quyidagilar kiradi:
harakatlanish yoʻlida yoki oraliq toʻxtab oʻtish yoxud toʻxtab turish joylarida daryo va havo kemalari, poyezdlar, shuningdek avtotransport vositalari normal ishlatilishini hamda ularga texnik xizmat koʻrsatilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tovarlar;
daryo va havo kemalarining bortida, avtotransport vositalarida yoʻlovchilar va ekipajlar aʼzolari isteʼmol qilishi uchun yoki poyezdlarda yoʻlovchilar va poyezd brigadalarining xodimlari isteʼmol qilishi uchun moʻljallangan tovarlar, bu ashyo-anjomlar sotilishidan yoki sotilmasligidan qatʼi nazar;
daryo va havo kemalarining, poyezdlarning, shuningdek avtotransport vositalarining yoʻlovchilariga hamda ekipaj aʼzolariga mazkur ashyo-anjomlarini transport vositalarida isteʼmol qilish maqsadisiz sotish uchun moʻljallangan tovarlar.
144-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalariga nisbatan qoʻllaniladigan bojxona rejimlari
Biror-bir bojxona rejimiga tovar sifatida joylashtirilishi maʼlum qilinmagan, tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasiga bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan paytdan eʼtiboran, tegishincha vaqtincha olib kirish yoki vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga ushbu bojxona rejimlari shartlariga shaxslarning rioya etishi majburiyatlari bilan joylashtirilgan tovar sifatida qaraladi.
145-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini bojxona hududiga vaqtincha olib kirish
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini bojxona toʻlovlari toʻlashdan shartli ozod etilgan holda bojxona hududiga vaqtincha olib kirishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi, agar u:
chet davlat hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa;
tovarlarni va yoʻlovchilarni tijorat maqsadida tashish uchun foydalanilayotgan boʻlsa;
bojxona hududiga chet ellik shaxs yoxud chet ellik shaxs vakolat bergan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan olib kirilayotgan boʻlsa;
ijara shartnomasining predmeti yoki mazkur transport vositasiga boʻlgan huquqni Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsiga transport operatsiyasini transport vositasini bojxona hududidan qaytarib olib chiqish yoʻli bilan tugallashdan oʻzga maqsadda oʻtkazishni nazarda tutuvchi boshqa shartnoma predmeti boʻlmasa.
Vaqtincha olib kirilgan transport vositasiga nisbatan mulk huquqi Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsiga oʻtgan boʻlsa, tegishli bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim.
Transport vositasi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq boʻlmagan hollarda, shuningdek bojxona toʻlovlarini toʻlashdan shartli ozod etishni qoʻllash shartlariga rioya etilmagan taqdirda, transport vositasiga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda davriy bojxona toʻlovlari qoʻllaniladigan vaqtincha olib kiriladigan tovar sifatida qaraladi.
146-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib kirish muddati
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib kirish muddati tashuvchining yoki vakolatli shaxsning arizasidan kelib chiqqan holda va moʻljallanayotgan transport operatsiyasining barcha holatlari hisobga olingan holda bojxona organi tomonidan belgilanadi. Bunda tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan holda vaqtincha olib kirishning umumiy muddati u olib kirilgan sanadan eʼtiboran toʻqson kalendar kundan oshmasligi kerak. Vaqtincha olib kirilgan transport vositasini qaytarib olib chiqish ushbu transport operatsiyasi tugallanganidan soʻng darhol amalga oshirilishi lozim.
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib kirish ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarda qaytarib olib chiqish bilan tugallanadi. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib kirish, ushbu Kodeksda tovarlarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimini tugallash uchun nazarda tutilgan tartibda tugallanishi mumkin.
147-modda. Vaqtincha olib kirilgan tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalari bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar
Vaqtincha olib kirilgan tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalari bilan bojxona hududida ulardan foydalanilayotganda zarur boʻlgan taʼmirlash yoki texnik xizmat koʻrsatish operatsiyalarini bajarishga yoʻl qoʻyiladi.
148-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib chiqish
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini mazkur transport vositasi bojxona hududidan tashqarida qanday shaxs tomonidan va qanday maqsadlarda foydalanilishidan qatʼi nazar, agar u bojxona hududida erkin muomalada turgan boʻlsa, vaqtincha olib chiqishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda bojxona toʻlovlari undirilmaydi.
Ilgari vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan transport vositasini vaqtincha olib chiqishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda shu transport vositasiga nisbatan vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilishi va shartlari bojxona toʻlovlarini toʻlash maqsadlari uchun uni boshqa bojxona rejimiga joylashtirish toʻgʻrisida maʼlum qilinguniga qadar tugatilmaydi.
149-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib chiqish muddati
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib chiqish muddati ikki yildan oshmasligi kerak.
150-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan vaqtincha olib chiqilgan transport vositasini bojxona hududiga qaytarib olib kirish
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan vaqtincha olib chiqilgan transport vositasi bojxona hududiga qaytarib olib kirilayotganda, agar bojxona hududidan tashqarida tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasi qayta ishlash operatsiyalaridan oʻtkazilmagan boʻlsa, bojxona toʻlovlari toʻlanmaydi, bundan uning but saqlanishini hamda undan foydalanilishini taʼminlash, shu jumladan unga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash operatsiyalari mustasno.
151-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib chiqishni tugallash
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib chiqish uni bojxona hududiga qaytarib olib kirish bilan yoki ushbu Kodeksda tovarlarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimini tugallash uchun nazarda tutilgan tartibda tugallanadi.
152-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalarining uskunalarini va ehtiyot qismlarini vaqtincha olib kirish
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalari bilan birga olib kiriladigan va ular bilan qaytarib olib chiqish uchun moʻljallangan, yuklarni ortish, tushirish, ularga ishlov berish va ularni himoyalash uskunalari, ulardan transport vositalaridan alohida foydalanish mumkinligi yoki mumkin emasligidan qatʼi nazar, vaqtincha olib kirilgan taqdirda bojxona toʻlovlari toʻlashdan shartli ravishda ozod etilishi lozim.
Bojxona hududiga vaqtincha olib kirilgan, transport vositasiga oʻrnatilgan yoki unda foydalanilayotgan qismlarni va uskunalarni almashtirish maqsadida taʼmirlashda yoki texnik xizmat koʻrsatishda foydalanish uchun moʻljallangan uskunalar va ehtiyot qismlar bojxona toʻlovlarini toʻlashdan shartli ravishda ozod etilgan holda vaqtincha olib kirilishi mumkin.
Almashtirilgan va bojxona hududidan olib chiqilmagan uskunalar va ehtiyot qismlar erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga yoki ushbu Kodeks qoidalariga rioya etgan holda boshqa bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim.
153-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalarining uskunalarini va ehtiyot qismlarini vaqtincha olib chiqish
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalari bilan birga olib chiqiladigan va ular bilan qaytarib olib kirish uchun moʻljallangan, yuklarni ortish, tushirish, ularga ishlov berish va ularni himoyalash uskunalari, transport vositalaridan alohida foydalanish mumkinligi yoki mumkin emasligidan qatʼi nazar, vaqtincha olib chiqilgan taqdirda ular bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilishi lozim.
Tijorat maqsadlarida foydalanishga vaqtincha olib chiqilgan transport vositasiga oʻrnatilgan qismlarni va uskunalarni almashtirish maqsadida taʼmirlash yoki texnik xizmat koʻrsatilayotganda foydalanish uchun moʻljallangan uskunalar va ehtiyot qismlar vaqtincha olib chiqilgan taqdirda bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilishi lozim.
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalarining almashtirilgan uskunalari va ehtiyot qismlari bojxona toʻlovlari toʻlanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda bojxona hududiga qaytarib olib kiriladi.
154-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi transport vositasi uchun deklaratsiyani bojxona organi tomonidan qabul qilish orqali amalga oshiriladi.
23-bob. Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni va transport vositalarini notijorat maqsadlarda olib oʻtish
155-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlar
Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan va tadbirkorlik faoliyati uchun moʻljallanmagan tovarlar jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlar hisoblanadi.
Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlar bojxona chegarasi orqali soddalashtirilgan tartibda va ushbu bobda nazarda tutilgan imtiyozlar qoʻllanilgan holda olib oʻtiladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarning qanday maqsadga moʻljallanganligini aniqlashda quyidagilar hisobga olinadi:
tovarlarning miqdori, bunda tovarlarni olib oʻtayotgan jismoniy shaxs va uning oila aʼzolari ehtiyojlaridan ortiq miqdordagi bir turdagi tovarlarga, agar tovarlarni olib oʻtayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun olib kirilayotgan tovarlar deb qaraladi;
tovarlarni olib oʻtishning takroriyligi, bunda ayni bir shaxs tomonidan bir turdagi tovarlarning bir necha bor olib kirilishiga, agar tovarlarni olib oʻtayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun tovarlarni olib kirish deb qaraladi;
safarning holatlari, bunda safarning maqsadi va uning davomiyligi hisobga olinadi.
156-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni notijorat maqsadlarda olib oʻtishning soddalashtirilgan tartibi
Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni notijorat maqsadlarda bojxona chegarasi orqali olib oʻtish quyidagilarni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi:
tovarlarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari, shu jumladan tovarlarning xavfsizligiga oid standartlarga va talablarga muvofiqligini majburiy tasdiqlash qoʻllanilmasligi, bundan erkin muomalaga chiqarish (import) yoki eksport bojxona rejimlariga tovar sifatida joylashtiriladigan transport vositasi mustasno;
tovarning bojxona yuk deklaratsiyasi toʻldirilmaydigan bojxona rasmiylashtiruvi tartibi, bundan erkin muomalaga chiqarish (import) yoki eksport bojxona rejimlariga tovar sifatida joylashtiriladigan transport vositasi mustasno.
157-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan olib oʻtiladigan tovarlarga nisbatan bojxona toʻlovlarining qoʻllanilmasligi
Bojxona toʻlovlari quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilayotgan tovarlarga nisbatan, tovarlarni qonunchilikda belgilangan bojsiz olib kirish normasi doirasida;
jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtilayotgan tovarlarga nisbatan, tovarlarni qonunchilikda belgilangan bojsiz olib kirish normasi doirasida, bundan jismoniy shaxs manziliga kelayotgan tovarlar mustasno;
doimiy yashash joyi oʻzgarganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan shaxsiy mol-mulkka nisbatan, bundan transport vositalari mustasno.
158-modda. Chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirish
Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bojxona hududiga bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilgan holda vaqtincha olib kirishga, basharti tovarlar va (yoki) transport vositalari ushbu shaxslarni bojxona hududida boʻlishi davriga notijorat maqsadlarda olib kirilayotgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi. Bunda transport vositasi chet davlat hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddat tugaganidan soʻng tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududidan oʻzgarmas holatda qaytarib olib chiqilishi yoki tegishli bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim.
Vaqtincha olib kirilgan tovarlar va (yoki) transport vositalari istalgan bojxona organi orqali bojxona hududidan qaytarib olib chiqilishi mumkin. Vaqtincha olib kirilgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini qaytarib olib chiqishda bojxona toʻlovlari toʻlanmaydi va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmaydi.
Agar vaqtincha olib kirilgan tovarlar va (yoki) transport vositalari avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida jiddiy shikastlangan va bu vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan boʻlsa, vaqtincha olib kirilgan mazkur tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududidan qaytarib olib chiqish amalga oshirilmasligi mumkin.
159-modda. Chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan transport vositasini notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirish shartlari
Chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirilgan transport vositasining bojxona hududida turishining umumiy muddati kalendar yil mobaynida jami toʻqson kalendar kundan oshmasligi lozim. Bunda transport vositasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yigʻimni toʻlagan holda yuqorida koʻrsatilgan muddatdan ortiqroq muddatga vaqtincha olib kirishga yoʻl qoʻyiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatni hisoblash transport vositasini vaqtincha olib kirish rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran boshlanadi.
Yigʻim undirilguniga qadar transport vositasi bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlanishi lozim.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan yigʻim quyidagi hollarda toʻlanmaydi:
bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun;
agar vaqtincha olib kirilgan transport vositasi xatlangan, musodara qilingan, avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan va bu vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan boʻlsa.
160-modda. Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari tomonidan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini notijorat maqsadlarda vaqtincha olib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari bojxona hududidan tashqarida oʻzlariga notijorat maqsadlarda zarur tovarlarni va (yoki) transport vositalarini xorijiy davlatda vaqtincha boʻlish muddatiga vaqtincha olib chiqishga haqli.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tovarlar va (yoki) transport vositalari ularni vaqtincha olib chiqish va bojxona hududiga qaytarib olib kirishda bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etiladi.
Agar vaqtincha olib chiqilayotgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini identifikatsiyalash ularni bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod etilgan holda bojxona hududiga qaytarib olib kirishga yordam beradigan boʻlsa, bojxona organlari vaqtincha olib chiqilayotgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy shaxsining soʻroviga koʻra identifikatsiyalashi mumkin.
161-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlar uchun olib oʻtilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi
Temir yoʻl transportida bojxona chegarasini kesib oʻtayotgan jismoniy shaxslarga, basharti bojxona nazorati qoidalariga rioya etilsa, transport vositasini tark etmagan holda bojxona operatsiyalaridan oʻtish imkoniyati beriladi.
Jismoniy shaxs tomonidan olib oʻtilayotgan tovarlar va (yoki) transport vositalari ularning bojxona rasmiylashtiruvini darhol amalga oshirish yoki bojxona toʻlovlarini darhol toʻlash imkoni boʻlmagan taqdirda vaqtincha saqlash uchun joylashtirilishi yoki bojxona hududidan olib chiqilishi lozim.
Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona hududiga soddalashtirilgan tartibda notijorat maqsadlar uchun olib kirilayotgan va uning tashqarisiga olib chiqilayotgan tovarlarga bojxona maqsadlari uchun tegishincha erkin muomalaga chiqarilgan yoxud eksport bojxona rejimida olib chiqilgan tovarlar sifatida qaraladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlar uchun olib kirilayotgan, bojsiz olib kirish normalaridan ortiq boʻlgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
162-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlarni deklaratsiyalash
Jismoniy shaxslar qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida notijorat maqsadlarda olib oʻtayotgan tovarlarni deklaratsiyalash jismoniy shaxslar tomonidan ular bojxona chegarasi orqali oʻtayotganda tovarni taqdim etish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsning qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida olib oʻtilayotgan tovarlar ularni kuzatib borayotgan shaxs tomonidan deklaratsiyalanadi.
Jismoniy shaxslar tomonidan olib oʻtilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash maqsadida bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joylarida ikki yoʻlakli tizim qoʻllanilishi mumkin.
Ikki yoʻlakli tizimning qoʻllanilishi bojxona operatsiyalarini bajarish uchun notijorat maqsadlardagi tovarlarni deklaratsiyalash shakli sifatida “yashil” yoki “qizil” yoʻlakning bojxona chegarasi orqali oʻtayotgan jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda tanlanishini nazarda tutadi.
“Yashil” yoʻlak kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi qoʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajidagi tovarlarini bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallangan joy hisoblanadi. Mazkur tovarlar ogʻzaki tarzda deklaratsiyalanadi, bundan olib kirilishi yoki olib chiqilishi qonunchilikka muvofiq taqiqlangan yoxud cheklangan tovarlar, shuningdek qiymati va (yoki) miqdori qonunchilikda belgilangan bojsiz olib kirish normasidan oshib ketgan tovarlar mustasno.
Jismoniy shaxsning “yashil” yoʻlak orqali oʻtishi bojxona maqsadlari uchun ushbu shaxsda yozma ravishda deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan tovarlar yoʻqligini bojxona organiga maʼlum qilish deb qaraladi.
“Qizil” yoʻlak kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning yozma shaklda deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan qoʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajidagi tovarlarini, shuningdek deklaratsiyalanishi jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra amalga oshiriladigan tovarlarni bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallangan joy hisoblanadi.
“Yashil” yoʻlakda bojxona nazorati ayrim shakllarining qoʻllanilmasligi jismoniy shaxslar bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etilganligini anglatmaydi.
Bojxona chegarasidan oʻtkazish punktlarida ikki yoʻlakli tizim qoʻllanilishining talablari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Jismoniy shaxsning alohida bagajda notijorat maqsadlarda olib oʻtilayotgan tovarlari ularni olib oʻtayotgan shaxs yoki ishonchnoma asosida ish olib boruvchi boshqa shaxs tomonidan deklaratsiyalanishi mumkin. Bojxona organiga maʼlum qilinadigan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik tovarlarni deklaratsiyalayotgan shaxsning zimmasida boʻladi.
Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsning alohida ketayotgan bagajidagi tovarlar uning ota-onasi, vasiylari yoki homiylari tomonidan yoxud ota-onasi, vasiylari yoki homiylarining ishonchnomasiga binoan ish olib boruvchi shaxslar tomonidan deklaratsiyalanishi kerak.
Jismoniy shaxslar tomonidan ishlab chiqarish yoki tijorat maqsadlari uchun moʻljallangan tovarlarni, shuningdek ularning manziliga kelayotgan notijorat maqsadlardagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda (bundan pochta va kuryerlik joʻnatmalari mustasno) ushbu Kodeksda belgilangan bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qoʻllaniladi.
163-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlarga nisbatan bojxona toʻlovlarini toʻlash
Jismoniy shaxslar tomonidan qoʻl yukida yoki kuzatib borilayotgan bagajda notijorat maqsadlar uchun olib oʻtilayotgan, shuningdek xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilayotgan tovarlarning qiymati va (yoki) miqdori tovarlarni bojsiz olib kirishning qonunchilikda belgilangan normasidan ortiq boʻlsa, tovarlarning bunday ortiq qismiga yagona bojxona toʻlovi toʻlanadi.
Tovarlar jismoniy shaxsning manziliga kelib tushganda bojxona toʻlovlari olib kirilayotgan tovarlarning butun summasidan, tovarlarni bojsiz olib kirish normasi qoʻllanilmagan holda undiriladi, bundan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari mustasno.
Yagona bojxona toʻlovi notijorat maqsadlardagi tovarlarni deklaratsiyalashda, shakli va toʻldirilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan bojxona kirim orderi asosida jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadi.
Bojxona kirim orderining bir nusxasi bojxona toʻlovlarini toʻlagan jismoniy shaxsga topshiriladi (yuboriladi).
Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadlar uchun olib oʻtilayotgan tovarlarga nisbatan bojxona kirim orderini toʻldirish va yagona bojxona toʻlovini hisoblash bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.
164-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlarning bojxona qiymati
Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlarning qiymati ularni deklaratsiyalashda maʼlum qilinadi.
Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari bilan tasdiqlangan, maʼlum qilingan qiymatdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Shaxs tomonidan maʼlum qilingan tovarlarning bojxona qiymati toʻgʻri belgilanganligini tasdiqlovchi hujjatlar va maʼlumotlar boʻlmagan taqdirda bojxona organi tovarlarning bojxona qiymatini ushbu Kodeksning 44-bobiga muvofiq mustaqil ravishda belgilashi mumkin.
Tovarlar bojxona hududiga alohida kelayotgan bagajda olib kirilgan, shuningdek xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilgan taqdirda ularning bojxona qiymatiga tovarlarni aeroportgacha, daryo portigacha yoki tovarlar bojxona hududiga olib kiriladigan boshqa joygacha yetkazib berish xarajatlari qoʻshiladi.
24-bob. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlar
165-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari
Bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan pochta yoki kuryerlik joʻnatmalari xalqaro pochta yoki kuryerlik joʻnatmalaridir.
Xalqaro pochta joʻnatmalari Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga yuborilishi kerak.
Xalqaro kuryerlik joʻnatmalari tijorat hujjatlari bilan birga yuborilishi kerak.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida tegishincha bojxona hududiga olib kirilishi yoki ushbu hududdan olib chiqilishi qonunchilikda taqiqlangan tovarlarni yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi.
166-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan hamda bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar bojxona nazoratidan oʻtishi kerak.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari bojxona nazoratini amalga oshirmasdan qabul qiluvchilarga berilishi yoki bojxona hududidan tashqariga joʻnatilishi mumkin emas.
Xalqaro pochta joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi.
Xalqaro kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organni xabardor qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan joylarda amalga oshiriladi.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi qabul qiluvchilar yoki joʻnatuvchilar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunday hollarda xalqaro pochta joʻnatmalari xalqaro pochta almashinuvi joylaridan pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotigacha bojxona nazorati ostida yetkaziladi. Pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotlarida bojxona nazorati ostidagi tovarlarni saqlash uchun joylar tashkil qilinadi, bu joylar bojxona nazorati zonalari hisoblanadi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan joylardan yuboriladigan xalqaro kuryerlik joʻnatmalari qabul qiluvchilar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organigacha bojxona nazorati ostida yetkazib beriladi.
167-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarni deklaratsiyalash
Quyidagilarga:
a) jismoniy shaxslarning manziliga notijorat maqsadlarda, shuningdek yuridik shaxslar manziliga xalqaro pochta joʻnatmalarida yuboriladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlgan miqdordagi tovarlar uchun — Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlarga;
b) jismoniy shaxslarning manziliga notijorat maqsadlarda, shuningdek yuridik shaxslarning manziliga xalqaro kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlgan miqdordagi tovarlar uchun — tijorat hujjatlariga bojxona deklaratsiyasi sifatida qaraladi.
Qolgan hollarda xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarni deklaratsiyalash bojxona yuk deklaratsiyasini berish orqali amalga oshiriladi.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida olib chiqiladigan, bojxona yuk deklaratsiyasi berilishi lozim boʻlgan tovarlarni deklaratsiyalash mazkur tovarlar pochta aloqasi tashkilotlariga topshirilayotganda amalga oshiriladi.
168-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona koʻzdan kechiruvi hamda bojxona koʻrigi
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari bojxona koʻzdan kechiruvini hamda bojxona koʻrigini oʻtkazish uchun bojxona organlariga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini taqdim etadi.
Bojxona organlariga bojxona koʻzdan kechiruvi va bojxona koʻrigi uchun xatlar, pochta kartochkalari va sekogrammalar taqdim etilmaydi, bundan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida tegishincha bojxona hududiga olib kirilishi yoki ushbu hududdan olib chiqilishi qonunchilikda taqiqlangan yoki cheklangan tovarlar mavjud deb hisoblash uchun bojxona organlarida yetarli asoslar mavjudligi hollari mustasno.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmasi bojxona koʻrigidan oʻtkazilayotganda uning miqdorida farqlar, joylanmalarida nomuvofiqliklar hamda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishining boshqa hollari aniqlangan taqdirda pochta aloqasi operatorining yoki provayderining xodimi bojxona organining mansabdor shaxsi bilan birgalikda bojxona koʻrigi dalolatnomasini imzolaydi.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona koʻzdan kechiruvi yoki bojxona koʻrigi oʻtkazilayotganda bojxona organlari bojxona nazoratining texnik vositalaridan foydalanadi.
169-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarga doir bojxona toʻlovlari
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarga doir bojxona toʻlovlari vakolatli shaxs tomonidan toʻlanadi.
Jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlar uchun xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan, qiymati va (yoki) miqdori tovarlarni bojsiz olib kirish normasidan ortiq boʻlgan tovarlarning ortiq qismi uchun yagona bojxona toʻlovi toʻlanadi.
Ushbu Kodeksning 167-moddasiga muvofiq bojxona yuk deklaratsiyasini berish talab qilinmaydigan tovarlar boʻyicha bojxona toʻlovlari bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderidan foydalangan holda hisoblanadi.
Bojxona kirim orderini toʻldirish va bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.
Bojxona yuk deklaratsiyasini berish talab qilinmaydigan tovarlarga bojxona toʻlovlari summalarini hisoblab chiqarish Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlarda va bojxona maqsadlari uchun foydalaniladigan tijorat hujjatlarida koʻrsatilgan tovarlarning qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi. Tovarlarning qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmagan taqdirda, tovarlarning bojxona qiymati bojxona organi tomonidan ushbu Kodeksga muvofiq aniqlanadi.
Bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish va ularni toʻlash ushbu Kodeksning VIII boʻlimida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bojxona organi tomonidan bojxona toʻlovlari hisoblangan tovarlarni oʻz ichiga olgan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari vakolatli shaxsga bojxona toʻlovlari toʻlanganidan keyin beriladi.
25-bob. Bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan tovarlar
170-modda. Tovarlarni bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtish
Tovarlar bojxona chegarasidan quvur transportida olib oʻtilayotganda tovarlarning qonunchilikda belgilangan standartlar va texnik shartlarga muvofiq aralashib ketishiga, shuningdek tashishning texnologik xususiyatlari hamda tovarlarning oʻziga xos xossalari oqibatida miqdori, sifati va holati oʻzgarishiga yoʻl qoʻyiladi.