Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi
22.09.1994
UMUMIY QISM
BIRINCHI BOʻLIM UMUMIY QOIDALAR
I bob. Jinoyat kodeksining vazifalari va prinsiplari
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat toʻgʻrisidagi qonunchiligi
Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat toʻgʻrisidagi qonunchiligi Konstitutsiya va xalqaro huquqning umum eʼtirof etgan normalariga asoslangan boʻlib, ushbu Kodeksdan iboratdir.
2-modda. Kodeksning vazifalari
Jinoyat kodeksining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qoʻriqlash, shuningdek jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
Ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun Kodeks javobgarlikning asoslari va prinsiplarini, qanday ijtimoiy xavfli qilmishlar jinoyat ekanligini aniqlaydi, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralarini belgilaydi.
3-modda. Kodeksning prinsiplari
Jinoyat kodeksi qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi.
4-modda. Qonuniylik prinsipi
Sodir etilgan qilmishning jinoiyligi, jazoga sazovorligi va boshqa huquqiy oqibatlari faqat Jinoyat kodeksi bilan belgilanadi.
Hech kim sudning hukmi boʻlmay turib jinoyat sodir qilishda aybli deb topilishi va qonunga xilof ravishda jazoga tortilishi mumkin emas. Jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs qonunda belgilangan huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi.
5-modda. Fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi
Jinoyat sodir etgan shaxslar jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, bir xil huquq va majburiyatlarga ega boʻlib, qonun oldida tengdirlar.
6-modda. Demokratizm prinsipi
Jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki jamoalar jinoyat sodir etgan shaxslar axloqini tuzatish ishiga qonunda nazarda tutilgan hollarda jalb qilinishlari mumkin.
7-modda. Insonparvarlik prinsipi
Jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini koʻzlamaydi.
Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli boʻladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilishi kerak.
Jazolashdan koʻzlangan maqsadga ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddalarida nazarda tutilgan yengilroq choralarni qoʻllash orqali erishib boʻlmaydigan taqdirdagina ogʻirroq jazo choralari tayinlanishi mumkin.
8-modda. Odillik prinsipi
Jinoyat sodir etishda aybdor boʻlgan shaxsga nisbatan qoʻllaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy taʼsir chorasi odilona boʻlishi, yaʼni jinoyatning ogʻir-yengilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq boʻlishi kerak.
Hech kim aynan bitta jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
9-modda. Ayb uchun javobgarlik prinsipi
Shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar boʻladi.
10-modda. Javobgarlikning muqarrarligi prinsipi
Qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan qoida qonunga muvofiq daxlsizlikka, immunitetga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan alohida tartibga rioya etgan holda qoʻllaniladi.
II bob. Kodeksning amal qilish doirasi
11-modda. Kodeksning Oʻzbekiston hududida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan amal qilishi
Oʻzbekiston hududida jinoyat sodir etgan shaxs ushbu Kodeks boʻyicha javobgarlikka tortiladi.
Qilmish:
a) Oʻzbekiston hududida boshlangan, tamomlangan yoki toʻxtatilgan boʻlsa;
b) Oʻzbekiston hududidan tashqarida sodir etilib, jinoiy oqibati esa, Oʻzbekiston hududida yuz bergan boʻlsa;
v) Oʻzbekiston hududida sodir etilib, jinoiy oqibati esa, Oʻzbekiston hududidan tashqarida yuz bergan boʻlsa;
g) bir necha qilmishlardan iborat yoki boshqa qilmishlar bilan birgalikda sodir etilgan boʻlib, uning bir qismi Oʻzbekiston hududida yuz bergan boʻlsa, Oʻzbekiston hududida sodir etilgan jinoyat deb topiladi.
Oʻzbekiston bayrogʻi ostidagi yoki Oʻzbekiston portida roʻyxatga olingan havo, dengiz yoki daryo kemasida Oʻzbekiston hududidan tashqarida boʻlib, chet el davlati hududi hisoblanmagan joyda jinoyat sodir etilsa, bunday jinoyat uchun ushbu Kodeks boʻyicha javobgarlikka tortiladi.
Amaldagi qonunlar, xalqaro shartnomalar yoki bitimlarga muvofiq chet el fuqarolarining javobgarligi toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi sudlariga tegishli boʻlmasa, ular Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyat sodir etgan holda, xalqaro huquq normalariga muvofiq hal qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda valyuta qimmatliklari, bojxona, soliq, raqobat hamda kripto-aktivlar aylanmasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni, shuningdek savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish bilan bogʻliq qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik oʻrniga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq boshqa turdagi javobgarlik choralari qoʻllanilishi mumkin.
12-modda. Kodeksning Oʻzbekiston hududidan tashqarida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan amal qilishi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, basharti boshqa davlat hududida sodir etgan jinoyat uchun oʻsha davlat sudining hukmi bilan jazolangan boʻlmasalar, ushbu Kodeks boʻyicha javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston fuqarosi chet el davlati hududida sodir etgan jinoyati uchun, agar xalqaro shartnomalar yoki bitimlarda boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, ushlab berilishi mumkin emas.
Chet el fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston hududida doimiy yashamaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston hududidan tashqarida sodir etgan jinoyatlari uchun faqat xalqaro shartnomalar yoki bitimlarda nazarda tutilgan hollardagina ushbu Kodeks boʻyicha javobgarlikka tortiladilar.
13-modda. Qonunning vaqt boʻyicha amal qilishi
Qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi ana shu qilmish sodir etilgan vaqtda amalda boʻlgan qonun bilan belgilanadi. Agar ushbu Kodeks moddasida harakat yoki harakatsizlik sodir qilish payti jinoyat tamomlangan payt deb hisoblangan boʻlsa, ijtimoiy xavfli qilmish bajarilgan payt jinoyat sodir qilingan vaqt deb topiladi. Agarda ushbu Kodeks moddasida jinoiy oqibat yuz berishi bilan jinoyat tamom boʻlgan deb hisoblangan boʻlsa, jinoiy oqibat yuz bergan payt jinoyat sodir etish vaqti deb topiladi.
Qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega, yaʼni ushbu qonun kuchga kirgunga qadar tegishli jinoiy qilmish sodir etgan shaxslarga, shu jumladan jazoni oʻtayotgan yoki oʻtab boʻlgan shaxslarga nisbatan, agar ular hali sudlangan hisoblansalar, tatbiq etiladi.
Qilmishni jinoyat deb hisoblaydigan, jazoni kuchaytiradigan yoki shaxsning holatini boshqacha tarzda yomonlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.
IKKINCHI BOʻLIM JAVOBGARLIK ASOSLARI
III bob. Jinoyat
14-modda. Jinoyat tushunchasi
Ushbu Kodeks bilan taqiqlangan, aybli ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) jazo qoʻllash tahdidi bilan jinoyat deb topiladi.
Ushbu Kodeks bilan qoʻriqlanadigan obyektlarga zarar yetkazadigan yoki shunday zarar yetkazish real xavfini keltirib chiqaradigan qilmish ijtimoiy xavfli qilmish deb topiladi.
15-modda. Jinoyatlarni tasniflash
Jinoyatlar oʻz xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga koʻra: ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan; uncha ogʻir boʻlmagan; ogʻir; oʻta ogʻir jinoyatlarga boʻlinadi.
Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
Uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
Ogʻir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin oʻn yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
Oʻta ogʻir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoxud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
16-modda. Jinoyat uchun javobgarlik va uning asoslari
Jinoyat uchun javobgarlik — jinoyat sodir etishda aybdor boʻlgan shaxsga nisbatan sud tomonidan hukm qilish, jazo yoki boshqa huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilishida ifodalanadigan jinoyat sodir etishning huquqiy oqibatidir.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan jinoyat tarkibining barcha alomatlari mavjud boʻlgan qilmishni sodir etish javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
IV bob. Javobgarlikka tortilishi lozim boʻlgan shaxslar
17-modda. Jismoniy shaxslarning javobgarligi
Jinoyat sodir etgunga qadar oʻn olti yoshga toʻlgan, aqli raso jismoniy shaxslar javobgarlikka tortiladilar.
Jinoyat sodir etgunga qadar oʻn toʻrt yoshga toʻlgan shaxslar ushbu Kodeks 97, 98, 104 — 106, 118, 119-moddalari, 1261-moddasining toʻrtinchi — sakkizinchi qismlarida, 137, 164 — 166, 169-moddalari, 173-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari, 220, 222, 247, 252, 263, 267, 271-moddalari, 277-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortiladilar.
Ushbu Kodeksning 122, 123, 1251-moddalarida, 1261-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 127, 1271, 1281, 144, 146, 193 — 195, 205 — 210, 225, 226, 230 — 232, 234, 235, 27610, 279 — 302-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun jinoyat sodir etgunga qadar oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxslar javobgarlikka tortiladilar.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga qadar jinoyat sodir etgan shaxslar umumiy qoidalarga muvofiq va ushbu Kodeksning Umumiy qismi oltinchi boʻlimida nazarda tutilgan xususiyatlar hisobga olingan holda javobgarlikka tortiladilar.
18-modda. Aqli rasolik
Jinoyat sodir etish vaqtida oʻz harakatlarining (harakatsizligining) ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va ularni boshqara olgan shaxs aqli raso shaxsdir.
Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida aqli noraso holatda boʻlgan, yaʼni ruhiy holati surunkali yoki vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoxud ruhiy holati boshqacha tarzda buzilganligi sababli oʻz harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.
Aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga nisbatan sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkin.
181-modda. Aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxsning javobgarligi
Jinoyat sodir etish vaqtida ruhiy holati buzilganligi tufayli oʻz harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini toʻliq darajada anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan aqli raso shaxs javobgarlikka tortiladi.
Aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxsga nisbatan sud tomonidan jazo bilan birga tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkin.
19-modda. Mastlik holatida sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik
Mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoxud ularning analoglari yoki shaxsning aql-irodasiga taʼsir etuvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida jinoyat sodir etgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinmaydi. Bunday holat shaxsni aqli noraso deb topish uchun asos boʻlmaydi.
V bob. Ayb
20-modda. Aybning shakllari
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishni qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etgan shaxs jinoyat sodir etilishida aybdor deb topilishi mumkin.
21-modda. Qasddan sodir etilgan jinoyat
Ushbu Kodeks moddasida jinoyat tamom boʻlgan payt ijtimoiy xavfli qilmish bajarilgan vaqt deb hisoblangan boʻlib, uni sodir etgan shaxs oʻz qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglagan va shunday qilmishni sodir etishni istagan boʻlsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan deb topiladi.
Ushbu Kodeks moddasida jinoyat tamom boʻlgan payt ijtimoiy xavfli oqibat yuz bergan vaqt deb topilgan qilmishlar toʻgʻri yoki egri qasddan sodir etilgan boʻlishi mumkin.
Agar shaxs oʻz qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga koʻzi yetgan va ularning yuz berishini istagan boʻlsa, bunday jinoyat toʻgʻri qasddan sodir etilgan deb topiladi.
Agar shaxs oʻz qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga koʻzi yetgan va ularning yuz berishiga ongli ravishda yoʻl qoʻygan boʻlsa, bunday jinoyat egri qasddan sodir etilgan deb topiladi.
22-modda. Ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat
Oʻz-oʻziga ishonish yoki beparvolik orqasida sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmish ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat deb topiladi.
Agar jinoyatni sodir etgan shaxs oʻz xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga koʻzi yeta turib, ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga ongli ravishda rioya etmagan holda bunday oqibatlar kelib chiqmasligiga asossiz ravishda umid qilgan boʻlsa, bunday jinoyat oʻz-oʻziga ishonish oqibatida sodir etilgan deb topiladi.
Agar jinoyat sodir etgan shaxs oʻz xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga koʻzi yetmasada, lekin koʻzi yetishi lozim va mumkin boʻlsa, bunday jinoyat beparvolik orqasida sodir etilgan deb topiladi.
23-modda. Murakkab aybli jinoyat
Agar shaxsning qasddan jinoyat sodir etishi natijasida ehtiyotsizlik orqasida boshqa ijtimoiy xavfli oqibatlar yuz bergan va shunday qilmishni qonun qattiqroq javobgarlik bilan bogʻlagan boʻlsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan deb topiladi.
24-modda. Aybsiz holda zarar yetkazish
Agar shaxs oʻz qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglamagan, anglashi mumkin va lozim ham boʻlmagan yoki uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga koʻzi yetmagan va ishning holatlariga koʻra koʻzi yetishi mumkin va lozim ham boʻlmagan boʻlsa, bunday qilmish aybsiz holda sodir etilgan deb topiladi.
VI bob. Tamom boʻlmagan jinoyat
25-modda. Jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish
Shaxsning qasddan qilinadigan jinoyatni sodir etish yoki yashirish uchun shart-sharoit yaratuvchi qilmishi oʻziga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra sodir etilishi boshlangunga qadar toʻxtatilgan boʻlsa, bunday qilmish jinoyatga tayyorgarlik koʻrish deb topiladi.
Qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra oxiriga yetkazilmagan boʻlsa, jinoyat sodir etishga suiqasd deb topiladi.
Jinoyatga tayyorgarlik koʻrganlik va jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun javobgarlik ham ushbu Kodeks Maxsus qismining tamom boʻlgan jinoyat uchun javobgarlikni belgilovchi moddasiga muvofiq hal qilinadi.
26-modda. Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish
Shaxs jinoyatga tayyorgarlik koʻrish harakatlarini yoki jinoyat sodir etishga bevosita qaratilgan harakatlarni oxiriga yetkazish mumkinligini anglagan holda toʻxtatsa, shuningdek jinoiy oqibat kelib chiqishi mumkinligini anglagan holda, shunday oqibat kelib chiqishining oldini olsa, jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish deb topiladi.
Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish javobgarlikni istisno qiladi.
Jinoyatni oxiriga yetkazishdan ixtiyoriy qaytgan shaxs, agar amalda sodir etgan qilmishida boshqa jinoyat tarkibining barcha alomatlari boʻlsa, ushbu Kodeks boʻyicha javobgarlikka tortiladi.
VII bob. Jinoyatda ishtirokchilik
27-modda. Jinoyatda ishtirokchilik tushunchasi
Ikki yoki undan ortiq shaxsning qasddan jinoyat sodir etishda birgalashib qatnashishi ishtirokchilik deb topiladi.
28-modda. Jinoyat ishtirokchilarining turlari
Jinoyatni bajaruvchi bilan bir qatorda tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham jinoyat ishtirokchilari deb topiladi.
Jinoyatni bevosita toʻla yoki qisman sodir etgan yoxud ushbu Kodeksga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin boʻlmagan shaxslardan yoki boshqa vositalardan foydalanib, jinoyat sodir etgan shaxs bajaruvchi deb topiladi.
Jinoyatga tayyorgarlik koʻrilishiga yoki jinoyat sodir etilishiga rahbarlik qilgan shaxs tashkilotchi deb topiladi.
Jinoyat sodir etilishiga qiziqtiruvchi shaxs dalolatchi deb topiladi.
Jinoyat sodir etilishiga oʻz maslahatlari, koʻrsatmalari bilan, vositalar berish yoki toʻsiqlarni yoʻqotish bilan koʻmaklashgan, shuningdek jinoyatchini, jinoyat sodir etish quroli, izlari va vositalarini yoxud jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan narsalarni yashirishga, shuningdek bunday narsalarni olish va oʻtkazish toʻgʻrisida oldindan vaʼda bergan shaxs yordamchi deb topiladi.
29-modda. Ishtirokchilikning shakllari
Jinoyatda ishtirokchilik: oddiy ishtirokchilik, murakkab ishtirokchilik, uyushgan guruh, jinoiy uyushma shaklida boʻladi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyat sodir etishda qatnashishi oddiy ishtirokchilik deb topiladi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirib jinoyat sodir etilishida ishtirok qilishi murakkab ishtirokchilik deb topiladi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi uyushgan guruh deb topiladi.
Ikki yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun oldindan birlashishi jinoiy uyushma deb topiladi.
30-modda. Jinoyatda ishtirok etganlik uchun javobgarlik doirasi
Tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham ushbu Kodeks Maxsus qismining bajaruvchini javobgarlikka tortish belgilangan moddasi boʻyicha javobgarlikka tortiladilar.
Oldindan til biriktirgan guruh, jinoiy guruh va jinoiy uyushmaning tashkilotchilari hamda aʼzolari tayyorgarlik koʻrilishi yoki sodir etilishida oʻzlari qatnashgan barcha jinoyatlar uchun javobgarlikka tortiladilar.
Uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tashkil etgan yoki ularga rahbarlik qilgan shaxslar shu guruh yoki uyushma sodir etgan barcha jinoyatlar uchun, basharti, bu jinoyatlar ularning jinoiy niyati bilan qamrab olingan boʻlsa, javobgarlikka tortiladilar.
Boshqa ishtirokchilarning jinoiy niyati bilan qamrab olinmagan qilmish uchun uni sodir etgan shaxs javobgar boʻladi.
Tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi jinoyatdan ixtiyoriy ravishda qaytib, jinoyatning oldini olish uchun oʻziga bogʻliq boʻlgan barcha choralarni oʻz vaqtida koʻrganligi, jinoyatda ishtirokchilik uchun javobgarlikni istisno qiladi.
31-modda. Jinoyatga daxldorlik
Jinoyatga tayyorgarlik koʻrilayotganligi, jinoyat sodir etilayotganligi yoki jinoyat sodir etilganligi haqida aniq bila turib, oldindan vaʼda bermagan holda, hokimiyat organlariga xabar qilmaslik, ushbu Kodeksning 1551 va 241-moddalarida nazarda tutilgan hollardagina javobgarlikka sabab boʻladi.
Jinoyatchini, jinoyat sodir etish quroli va vositalarini, jinoyat izlarini yoki jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan narsalarni oldindan vaʼda bermagan holda yashirganlik ushbu Kodeksning 241-moddasida nazarda tutilgan hollardagina javobgarlikka sabab boʻladi.
Oldindan vaʼda bermagan holda jinoyat haqida xabar bermaganlik yoki jinoyatni yashirganlik uchun gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining yaqin qarindoshlari javobgarlikka tortilmaydi.
VIII bob. Bir qancha jinoyat sodir etish
32-modda. Takroran jinoyat sodir etish
Ushbu Kodeks Maxsus qismining aynan bir moddasida, qismida, Kodeksda alohida koʻrsatilgan hollarda esa, turli moddalarida nazarda tutilgan ikki yoki bir necha jinoyatni shaxs turli vaqtlarda sodir etgan, ammo ularning birortasi uchun ham sudlangan boʻlmasa, takroran jinoyat sodir etish deb topiladi. Tamom boʻlgan jinoyat ham, jazoga sazovor boʻlgan jinoyatga tayyorgarlik koʻrish yoki jinoyat sodir etishga suiqasd qilish ham, shuningdek ishtirokchilikda jinoyat sodir etish ham takroran jinoyat sodir etish deb topiladi.
Agar shaxs ilgari sodir etgan qilmishi uchun javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan boʻlsa, jinoyat takroran sodir etilgan deb topilmaydi.
Umumiy qasd bilan qamrab olingan va yagona maqsadga yoʻnaltirilgan bir jinoyat tarkibini tashkil qiluvchi bir-biriga oʻxshash bir necha jinoiy qilmishlardan iborat boʻlgan (davomli) jinoyat takroran sodir etilgan deb topilmaydi.
Vazifalarini uzoq vaqt mobaynida bajarmaslikdan iborat boʻlib, bir jinoyatning uzluksiz tarkibini tashkil qilgan (uzoqqa choʻzilgan) jinoyat takroran sodir etilgan deb topilmaydi.
33-modda. Jinoyatlar majmui
Ushbu Kodeks Maxsus qismining turli moddalarida yoki bitta moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan, javobgarlikka tortiladigan ikki yoki bir necha jinoiy qilmishni sodir etish, agarda ulardan birortasi uchun ham shaxs sudlangan boʻlmasa, jinoyatlar majmui deb topiladi.
Agar shaxs sodir etgan qilmishda ushbu Kodeks Maxsus qismi ayni bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlarning alomatlari mavjud boʻlsa, u moddaning ogʻirroq jazo belgilangan qismi boʻyicha javobgarlikka tortiladi.
34-modda. Retsidiv jinoyat
Shaxsning ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganidan keyin qasddan yangi jinoyat sodir etishi retsidiv jinoyat deb topiladi.
Ilgari hukm qilingan jinoyatiga oʻxshash jinoyat sodir etgan, ushbu Kodeksda alohida koʻrsatilgan hollarda esa, Maxsus qismning boshqa moddalari bilan ham hukm qilingan shaxsning qasddan yangi jinoyat sodir etishi xavfli retsidiv jinoyat deb topiladi.
Besh yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan qasddan yangi jinoyat sodir etish, yaʼni:
a) ilgari oʻta ogʻir jinoyati uchun yoki ikki marta ogʻir jinoyati uchun hukm qilinib, ularning har biri uchun besh yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxs tomonidan oʻta ogʻir jinoyat sodir etilishi;
b) ilgari ogʻir jinoyati uchun ikki marta hukm qilingan yoki oldin-keyinligidan qatʼi nazar, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar uchun ularning har biriga besh yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxsning ogʻir jinoyat sodir etishi oʻta xavfli retsidiv jinoyat deb topiladi.
Sudning hukmi bilan shaxs oʻta xavfli retsidivist deb topilishi mumkin.
Shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish toʻgʻrisidagi masala hal qilinayotgan vaqtda uning boshqa davlatlar sudlarining hukmlari boʻyicha sudlanganligi ham hisobga olinishi mumkin.
Shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish toʻgʻrisidagi masala hal qilinayotgan vaqtda uning oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga qadar sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligi, shuningdek qonunda belgilangan tartibda sudlanganlik muhlatlarining oʻtib ketganligi yoki olib tashlangan sudlanganligi inobatga olinmaydi.
Ushbu Kodeks Maxsus qismining oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilovchi moddalari shaxs ushbu jinoyatni sodir etgunga qadar qonunda belgilangan tartibda oʻta xavfli retsidivist deb topilgan boʻlsagina qoʻllaniladi.
UCHINCHI BOʻLIM QILMISHNING JINOIYLIGINI ISTISNO QILADIGAN HOLATLAR
IX bob. Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi va turlari
35-modda. Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi
Qilmishda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan alomatlar rasmiy jihatdan mavjud boʻlsa-da, lekin u ijtimoiy xavfli, gʻayriqonuniy yoki aybli boʻlmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi.
Quyidagi holatlar, yaʼni kam ahamiyatli qilmishlar; zaruriy mudofaa; oxirgi zarurat; ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash chogʻida zarar yetkazish; buyruqni yoki boshqacha tarzdagi vazifani bajarish; kasb yoki xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan asosli tavakkalchilik; jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qoʻrqitish natijasida qilmish sodir etish jinoyatni istisno qiluvchi holatlar deb topiladi.
36-modda. Kam ahamiyatli qilmishlar
Garchi ushbu Kodeksda jinoyat sifatida nazarda tutilgan qilmishning alomatlari mavjud boʻlsa-da, oʻzining kam ahamiyatliligi tufayli ijtimoiy xavfli boʻlmagan harakat yoki harakatsizlik jinoyat deb topilmaydi.
37-modda. Zaruriy mudofaa
Zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan, yaʼni mudofaalanuvchi yoxud boshqa kishining shaxsi yoki huquqlarini, jamiyat yoki davlat manfaatlarini qonunga xilof tajovuzlardan tajovuzchiga zarar yetkazgan holda himoya qilish chogʻida qilingan harakat, agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmagan boʻlsa, jinoyat deb topilmaydi.
Tajovuzning xususiyati va xavfliligi darajasiga butunlay muvofiq kelmaydigan mudofaa, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deb topiladi.
Boshqa shaxslarga yoki hokimiyat organlariga yordam soʻrab murojaat qilish yoxud tajovuzdan oʻzga yoʻsinda qutulish imkoniyati bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, zaruriy mudofaa huquqi shaxsga tegishlidir.
Zarar yetkazish maqsadida qasddan hujum qilish istagini qoʻzgʻatish zaruriy mudofaa deb topilmaydi.
38-modda. Oxirgi zarurat
Oxirgi zarurat holatida, yaʼni shaxsning yoki boshqa fuqarolarning shaxsiga yoxud huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid soluvchi xavfni qaytarish uchun qonun bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazgan holda sodir etilgan qilmish, basharti, shu xavfni oʻsha holatda boshqa choralar bilan qaytarishning iloji boʻlmasa hamda keltirilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq boʻlsa, jinoyat deb topilmaydi.
Shaxsning oxirgi zarurat holatida sodir etgan qilmishi, basharti, oxirgi zarurat chegarasidan chetga chiqilmagan boʻlsa, qonuniy deb topiladi.
Agar boshqa vositalar orqali xavfning oldini olish mumkin boʻlsa yoki keltirilgan zarar oldi olingan zarardan oshib ketsa, qonun bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga bunday zarar yetkazish oxirgi zarurat chegarasidan chetga chiqish deb topiladi.
Oxirgi zarurat holatida sodir etilgan qilmishning qonuniyligini baholashda oldi olinishi lozim boʻlgan xavfning xususiyati va xavflilik darajasi, shunday xavfning haqiqatan mavjud yoki mavjud emasligi va yuz berish vaqtining yaqinligi, xavfni qaytaruvchi shaxsning mavjud imkoniyatlari, vujudga kelgan vaziyatdagi ruhiy holati va ishning boshqa holatlari hisobga olinadi.
39-modda. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish
Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlash vaqtida unga zarar yetkazish, agar uni ushlash uchun zarur boʻlgan choralarning chegarasidan chetga chiqilmagan boʻlsa, jinoyat deb topilmaydi.
Ushlash vositalari va usullariga, qilmishning hamda uni sodir etgan shaxsning xavflilik darajasiga, shuningdek ushlash sharoitiga butunlay mos kelmaydigan, ushlash zarurati taqozo etmagan holda ushlanayotgan shaxsga qasddan zarar yetkazish ushlash choralari chegarasidan chetga chiqish deb topiladi.
Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida unga yetkazilgan zararning qonuniyligini baholashda, qilmishni sodir etgan shaxsning ushlanishdan qochish maqsadida qilgan harakatlari, ushlovchining kuchi va imkoniyatlari, ruhiy holati va ushlash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa holatlar hisobga olinadi.
Maxsus vakolatli shaxslar bilan bir qatorda jabrlanuvchi va boshqa fuqarolar ham ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash huquqiga egadirlar.
40-modda. Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish
Shaxsning buyruq yoki boshqa farmoyishni, shuningdek mansab vazifalarini qonunan bajarishi tufayli zarar yetkazilgan boʻlsa, jinoyat deb topilmaydi.
Jinoiyligi oldindan ayon boʻlgan buyruq yoki boshqa farmoyishni bajarib, jinoyat sodir etgan shaxs, umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi.
Gʻayriqonuniy ravishda berilgan buyruq yoki farmoyishni yoxud mansab vazifasini bajarmagan yoki buzgan shaxs javobgarlikka tortilmaydi. Shaxsning amalda sodir etgan qilmishida boshqa bir jinoyat tarkibining barcha alomatlari mavjud boʻlsagina, u javobgarlikka tortiladi.
41-modda. Kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik
Ijtimoiy foydali maqsadga erishish uchun kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik qilib, huquqlar va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazish jinoyat deb topilmaydi.
Agar sodir etilgan harakat zamonaviy ilmiy-texnika bilimlari va tajribalariga muvofiq kelgan, qoʻyilgan maqsadga esa, tavakkal qilmay erishishning iloji boʻlmagan hamda shaxs huquqlar va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazilishining oldini olish uchun tegishli choralarni koʻrgan boʻlsa, bunday tavakkalchilik asosli deb topiladi.
Kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik qilishda koʻzlangan ijtimoiy foydali natijaga erishilmagan va keltirilgan zarar ijtimoiy foydali maqsadga erishish natijasida olinishi mumkin boʻlgan foydali natijadan koʻproq boʻlgan taqdirda ham yetkazilgan zarar javobgarlikka sabab boʻlmaydi.
Tavakkalchilik odamlarning halok boʻlish xavfi, ekologiya halokati yoxud boshqacha ogʻir oqibatlarning kelib chiqishi mumkinligini bila turib qilingan boʻlsa, asosli deb topilmaydi.
Tadbirkorlik subyektlarining oʻzlariga koʻrsatilgan xizmatlar, shu jumladan berilgan kreditlar yuzasidan banklar va boshqa moliya tashkilotlari oldidagi shartnoma majburiyatlarini tadbirkorlik tavakkalchiliklari hamda boshqa tijorat tavakkalchiliklari bilan bogʻliq holda bajarmaganligi banklar va boshqa moliya tashkilotlari xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻlmaydi.
411-modda. Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qoʻrqitish
Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qoʻllash bilan qoʻrqitish natijasida ushbu Kodeks bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazilishi, agar bunday majburlash yoxud qoʻrqitish oqibatida shaxs oʻz harakatlarini (harakatsizligini) boshqara olmagan boʻlsa, jinoyat hisoblanmaydi.
Ushbu Kodeks bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qoʻllash bilan qoʻrqitish natijasida zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisidagi masala, agar bunday majburlash yoki qoʻrqitish oqibatida shaxs oʻz harakatlarini (harakatsizligini) boshqarish imkoniyatini saqlab qolgan boʻlsa, ushbu Kodeks 38-moddasining qoidalari inobatga olingan holda hal etiladi.
TOʻRTINCHI BOʻLIM JAZO VA UNI TAYINLASH
X bob. Jazo tushunchasi, maqsadlari va turlari
42-modda. Jazo tushunchasi va maqsadlari
Jazo jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxsga nisbatan davlat nomidan sud hukmi bilan qoʻllanadigan va mahkumni qonunda nazarda tutilgan muayyan huquq va erkinliklardan mahrum qilish yoki ularni cheklashdan iborat majburlov chorasidir.
Jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga toʻsqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qoʻllaniladi.
43-modda. Jazo tizimi
Jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxslarga nisbatan quyidagi asosiy jazolar qoʻllanilishi mumkin:
a) jarima;
b) muayyan huquqdan mahrum qilish;
b1) majburiy jamoat ishlari;
v) axloq tuzatish ishlari;
g) xizmat boʻyicha cheklash;
d1) ozodlikni cheklash;
e) intizomiy qismga joʻnatish;
j) ozodlikdan mahrum qilish;
z) umrbod ozodlikdan mahrum qilish.
Mahkumlarga asosiy jazolardan tashqari harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish tarzidagi qoʻshimcha jazo ham qoʻllanilishi mumkin.
Xizmat boʻyicha cheklash yoki intizomiy qismga joʻnatish tariqasidagi jazolar faqat harbiy xizmatchilarga nisbatan qoʻllaniladi.
Muayyan huquqdan mahrum qilish faqat asosiy jazo sifatidagina emas, balki qoʻshimcha jazo tariqasida ham qoʻllanilishi mumkin.
44-modda. Jarima
Jarima aybdordan davlat daromadiga ushbu Kodeksda belgilangan miqdorda pul undirishdir.
Jarima bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda belgilanadi.
Agar hukm qilingan shaxs jazo tariqasida tayinlangan jarimani majburiy ijro etish uchun belgilangan muddatlarda toʻlashdan boʻyin tovlasa yoxud qarzdorda undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulk mavjud emasligi tufayli majburiy ijro etish uchun belgilangan muddatlar mobaynida jarimani undirishning imkoni boʻlmasa, xuddi shuningdek kechiktirish muddati tugaganidan keyin jarima toʻlanmagan yoki jarimani boʻlib-boʻlib toʻlash shartlari buzilgan taqdirda, sud jarimaning toʻlanmagan miqdorini majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, xizmat boʻyicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Bunday holda majburiy jamoat ishlarining ikki yarim soati bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridagi jarimaga tenglashtirilib, toʻrt yuz sakson soatdan koʻp boʻlmagan muddatga, axloq tuzatish ishlarining, xizmat boʻyicha cheklashning, ozodlikni cheklashning yoki ozodlikdan mahrum qilishning har bir oyi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn olti baravari miqdoridagi jarimaga tenglashtirilib, uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga tayinlanadi.
45-modda. Muayyan huquqdan mahrum qilish
Shaxsni muayyan huquqdan mahrum qilish sud tayinlagan muddat davomida aybdorning korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda u yoki bu mansabni egallashini yoxud u yoki bu faoliyat bilan shugʻullanishini taqiqlashdan iboratdir. Ana shunday mansab yoki faoliyatning turi sud tomonidan ayblov hukmida koʻrsatiladi.
Muayyan huquqdan mahrum qilish aybdorning mansabi yoki ish faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan jinoyatni sodir etganligi uchun asosiy jazo tariqasida tayinlanganda — bir yildan besh yilgacha muddatga, qoʻshimcha jazo tariqasida tayinlanganda — bir yildan uch yilgacha muddatga belgilanadi.
Agar muayyan huquqdan mahrum qilish aybdorga asosiy jazo tariqasida tayinlanmagan boʻlsa, bunday jazo sud tomonidan ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan har qanday turdagi jazoga qoʻshimcha jazo tariqasida tayinlanishi mumkin.
Muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga joʻnatish jazosiga qoʻshimcha jazo tariqasida tayinlangan boʻlsa, asosiy jazoning butun muddatiga, bundan tashqari sud hukmi bilan tayinlangan muddatga joriy etiladi. Bu jazo boshqa asosiy jazolarga qoʻshimcha jazo tariqasida tayinlanganda va mahkum shartli hukm qilinganda uning muddati hukm qonuniy kuchga kirgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslarga nisbatan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanmaydi, bundan odam oʻlishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan hollar mustasno.
451-modda. Majburiy jamoat ishlari
Majburiy jamoat ishlari mahkumni haq toʻlanmaydigan foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy tarzda jalb qilishdan iboratdir. Mahkum ishlayotgan yoki oʻqiyotgan boʻlsa, majburiy jamoat ishlari ishdan yoki oʻqishdan boʻsh vaqtda oʻtaladi.
Mahkumlar majburiy jamoat ishlarini oʻtashi mumkin boʻlgan joylar (obyektlar) va majburiy jamoat ishlarining turi mazkur jazoning ijrosini nazorat qiluvchi organlar tomonidan belgilanadi.
Majburiy jamoat ishlari bir yuz yigirma soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha boʻlgan muddatga tayinlanadi va olti oy davomida kuniga toʻrt soatdan koʻp boʻlmagan vaqtda, mahkumga bogʻliq boʻlmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda esa, bir yilgacha boʻlgan muhlatda kuniga toʻrt soatdan koʻp boʻlmagan vaqtda oʻtaladi.
Majburiy jamoat ishlari pensiya yoshiga yetgan shaxslarga, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, harbiy xizmatchilarga, chet el fuqarolariga va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Mahkum jazoni oʻtashdan boʻyin tovlagan taqdirda, sud majburiy jamoat ishlarining oʻtalmagan muddatini majburiy jamoat ishlarining toʻrt soatini ozodlikni cheklashning yoki ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblab, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlanilgan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
46-modda. Axloq tuzatish ishlari
Axloq tuzatish ishlari shaxs ish haqining oʻn foizidan oʻttiz foizigacha miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uni mehnatga majburan jalb qilishdan iborat boʻlib, jazo sudning hukmiga muvofiq mahkumning oʻz ish joyi yoki mazkur jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joylarda oʻtaladi.
Axloq tuzatish ishlari olti oydan uch yilgacha muddatga tayinlanadi.
Axloq tuzatish ishlari pensiya yoshiga yetganlarga, mehnatga qobiliyatsizlarga, homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga va harbiy xizmatchilarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Agar shaxs sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining jami oʻttiz kundan koʻprogʻini oʻtashdan uzrli sabablarsiz boʻyin tovlasa yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketsa, sud axloq tuzatish ishlarining oʻtalmagan muddatini xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlangan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
47-modda. Xizmat boʻyicha cheklash
Xizmat boʻyicha cheklash — harbiy xizmatni kontrakt boʻyicha oʻtayotgan harbiy xizmatchini sud hukmida koʻrsatilgan muddat davomida muayyan huquq va imtiyozlardan mahrum qilib, pul taʼminotining oʻn foizidan oʻttiz foizigacha boʻlgan miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolishdan iboratdir.
Xizmat boʻyicha cheklash jazo chorasi ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida nazarda tutilgan hollarda ikki oydan uch yilgacha muddatga qoʻllaniladi. Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat yoki ogʻir oqibatlarni keltirib chiqarmagan ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat uchun sud ish holatlari va mahkumning shaxsini hisobga olgan holda uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazosi oʻrniga shu muddatga xizmat boʻyicha cheklash jazosini qoʻllashi mumkin.
Xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazoni oʻtash muddati davomida mahkumning mansabini, harbiy yoki maxsus unvonini oshirish mumkin emas, jazoni oʻtagan vaqt esa, uning koʻp yil ishlaganlik, navbatdagi harbiy yoki maxsus unvon hamda pensiya olish uchun asos boʻladigan xizmat muddatiga qoʻshilmaydi.
481-modda. Ozodlikni cheklash
Ozodlikni cheklash sud tomonidan mahkumga nisbatan uy-joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoxud ishlash yoki oʻqish vaqtidan, shuningdek ish yoki oʻqish joyigacha borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur boʻlgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda uy-joyidan chiqishni cheklashdan iborat.
Ozodlikni cheklash bir oydan besh yilgacha muddatga tayinlanadi hamda sud tomonidan belgilanadigan organlar nazorati ostida oʻtaladi. Ozodlikni cheklash, uni mahkumning yashash joyida oʻtash shartlari sodir etilgan qilmishning xususiyati va sud chiqargan qarorni ijro etishdan boʻyin tovlashning oldini olish hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi.
Qoʻllanilayotgan taqiqning (cheklashning) xususiyatlarini hisobga olgan holda, sud mahkumning zimmasiga quyidagi qoʻshimcha taqiqlarni (cheklashlarni) yuklashi mumkin:
muayyan joylarga bormaslik;
ommaviy va boshqa tadbirlar oʻtkazishda ishtirok etmaslik;
muayyan faoliyat bilan shugʻullanmaslik;
muayyan buyumlarga ega boʻlmaslik yoki ularni oʻzida saqlamaslik;
transport vositasini boshqarmaslik;
mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini, ish va (yoki) oʻqish joyini oʻzgartirmaslik, tegishli maʼmuriy hududdan tashqariga chiqmaslik;
muayyan shaxslar bilan aloqa oʻrnatmaslik;
aloqa vositalaridan, shu jumladan Internetdan foydalanmaslik;
alkogolli ichimliklar isteʼmol qilmaslik.
Sud ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxsning zimmasiga oʻzi yetkazgan moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplash, ishga yoki oʻqishga joylashish majburiyatlarini, shuningdek uning tuzalishiga koʻmaklashuvchi boshqa majburiyatlarni yuklashi mumkin.
Agar ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jazoni oʻtash davrida oʻzining jinoiy qilmishlarini anglab yetgan, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplagan boʻlsa, sud mahkumga nisbatan ilgari tayinlangan taqiqlarni (cheklashlarni) toʻliq yoki qisman bekor qilishi mumkin.
Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, shuningdek sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlash vaqti oʻtalgan jazo muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
Ozodlikni cheklash harbiy xizmatchilar, chet el fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.
49-modda. Intizomiy qismga joʻnatish
Intizomiy qismga joʻnatish — muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchisini sud tomonidan belgilangan muddat mobaynida ichki tartibi ancha qattiq boʻlgan maxsus harbiy qismga joylashtirish orqali, muayyan huquq va imtiyozlardan mahrum etishdir.
Intizomiy qismga joʻnatish jazosi ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida nazarda tutilgan hollarda uch oydan bir yilgacha muddatga qoʻllaniladi. Sud ish holatlari va mahkumning shaxsini hisobga olgan holda uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻrniga shu muddatga intizomiy qismga joʻnatish jazosini qoʻllashi mumkin.
50-modda. Ozodlikdan mahrum qilish
Ozodlikdan mahrum qilish mahkumni jamiyatdan ajratib jazoni ijro etish koloniyasi yoki turmaga joylashtirishdan iboratdir.
Ozodlikdan mahrum qilish bir oydan yigirma yilgacha muddatga belgilanadi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yigirma yildan ortiq, lekin yigirma besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga belgilanadi va faqat javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish (118-moddaning toʻrtinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki uning ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning toʻrtinchi qismi), terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun tayinlanishi mumkin.
Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayolga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga va oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan tayinlanishi mumkin emas.
Ozodlikdan mahrum qilish ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan bir necha jazolarni qoʻshish tartibida tayinlanganda, uning muddati yigirma besh yilgacha belgilanishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng koʻp muddatining uchdan ikki qismidan ortiq boʻlishi mumkin emas, bundan bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar mustasno.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan erkaklarga nisbatan:
a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyati, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyati uchun va qasddan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni manzil-koloniyalarda;
b) qasddan ogʻir jinoyat sodir etganlik va oʻta ogʻir jinoyati uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda;
v) ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtab chiqib yoki oʻtayotgan chogʻida, qasddan yangi sodir etgan jinoyati uchun hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni qattiq tartibli koloniyalarda;
g) oʻta xavfli retsidivistlarga nisbatan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda oʻtash tayinlanadi. Umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar, shuningdek afv etish tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan shaxslar ham jazoni maxsus tartibli koloniyalarda oʻtaydilar.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga nisbatan:
a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlarga hamda qasddan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganlarga nisbatan jazoni manzil-koloniyalarda;
b) ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat uchun jazoni umumiy tartibli koloniyalarda;
v) ilgari ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtab chiqib, yangi sodir etgan oʻta ogʻir jinoyati uchun hukm qilinayotganlarga, shuningdek oʻta xavfli retsidivist deb topilganlarga nisbatan jazoni qattiq tartibli koloniyalarda oʻtash tayinlanadi.
Turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilish, jazoning muayyan qismiga, lekin besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga:
a) oʻta xavfli retsidivistlarga;
b) ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyati uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.
Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat sodir etganlik, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlik va qasddan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo homilador ayollarga va uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga nisbatan, shuningdek qonunchilikka muvofiq yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.
Sud tomonidan jazoni manzil-koloniyada oʻtashi tayinlangan mahkum saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topilgan taqdirda, sud uni jazoning oʻtalmagan qismi muddatiga umumiy tartibli koloniyaga oʻtkazadi.
51-modda. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish favqulodda jazo chorasi boʻlib, mahkumni maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasiga joylashtirish orqali jamiyatdan muddatsiz ajratib qoʻyishdan iboratdir.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish (118-moddaning toʻrtinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki uning ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning toʻrtinchi qismi), terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun belgilanadi.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayolga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga va oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan tayinlanishi mumkin emas.
52-modda. Harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish
Harbiy yoki maxsus unvonga ega boʻlgan shaxs ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat uchun hukm qilinganida sud hukmi bilan mazkur unvondan mahrum qilinishi mumkin.
Oliy harbiy yoki maxsus unvonga yoxud Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotiga ega boʻlgan shaxs ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyati uchun hukm qilinganida sudning hukm asosida kiritadigan taqdimnomasiga binoan mazkur unvon yoki mukofotdan mahrum qilinishi mumkin.
XI bob. Jazo tayinlash
54-modda. Jazo tayinlashning umumiy asoslari
Jinoyat sodir etishda qonunda belgilangan tartibda aybli deb topilgan shaxs jazoga tortiladi. Sud ushbu Kodeks Maxsus qismining jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan moddasida belgilangan doirada Umumiy qismning qoidalariga muvofiq jazo tayinlaydi.
Sud jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sababini, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini, aybdorning shaxsini hamda jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarni hisobga oladi.
55-modda. Jazoni yengillashtiruvchi holatlar
Quyidagi holatlar jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topiladi:
a) aybni boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilish, chin koʻngildan pushaymon boʻlish yoki jinoyatni ochish uchun faol yordam berish;
b) yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilish;
v) ogʻir shaxsiy, oilaviy sharoitlar oqibatida yoki boshqa mushkul ahvolda jinoyat sodir etish;
g) majburlash yoki moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoxud boshqa jihatdan qaramlik sababli jinoyat sodir etish;
d) jabrlanuvchining zoʻrlik, ogʻir haqorat yoki boshqacha gʻayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida jinoyat sodir etish;
e) zaruriy mudofaaning, oxirgi zaruratning asosli chegarasidan chetga chiqib jinoyat sodir etish, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlashda, kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq boʻlgan asosli tavakkalchilikda zarar yetkazish;
j) voyaga yetmaganning jinoyat sodir etishi;
z) homilador ayolning jinoyat sodir etishi;
i) jabrlanuvchining gʻayriqonuniy yoki axloqqa zid xulq-atvori taʼsiri ostida jinoyat sodir etish.
Jazo tayinlashda sud ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa holatlarni ham yengillashtiruvchi holat deb topishi mumkin.
Yengillashtiruvchi holat ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida jinoyat tarkibining zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan boʻlsa, jazo tayinlashda hisobga olinmaydi.
56-modda. Jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar
Quyidagi holatlarda jinoyat sodir etish jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar deb topiladi:
a) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
b) yosh bola, qariya yoki ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan;
v) xizmat vazifasi yoki fuqarolik burchini bajarganligi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan;
g) aybdorga moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaram shaxsga nisbatan;
d) oʻta shafqatsizlik bilan;
e) koʻpchilik uchun xavfli boʻlgan usulda;
j) yosh bola yoki ruhiy holatining buzilganligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsdan foydalangan holda;
z) jinoyat natijasida ogʻir oqibatlarning kelib chiqqanligi;
i) umumiy ofat sharoitidan foydalangan holda yoki favqulodda holat vaqtida yoxud ommaviy tartibsizliklar jarayonida;
k) gʻarazli yoki boshqacha past niyatlarda;
l) irqiy yoki milliy dushmanlik yoxud adovat zamirida;
m) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda yoki uyushgan guruh yoxud jinoiy uyushma tomonidan;
n) ilgari ham qasddan jinoyat sodir etgan shaxsning takroran yoki qasddan yangi jinoyat sodir etishi;
o) mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoxud ularning analoglari yoki shaxsning aql-idrokiga taʼsir qiluvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida jinoyat sodir etish.
Sud sodir etilgan jinoyatning xususiyatini eʼtiborga olib, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlarni ogʻirlashtiruvchi holat deb topmasligi ham mumkin.
Sud jazo tayinlashda ushbu moddada nazarda tutilmagan holatlarni ogʻirlashtiruvchi holat deb topishi mumkin emas.
Ushbu holatlar Kodeks Maxsus qismining moddasida jinoyat tarkibining zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan boʻlsa, jazo tayinlashda hisobga olinmaydi.
57-modda. Yengilroq jazo tayinlash
Sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni eʼtiborga olib, alohida hollarda ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida nazarda tutilgan mazkur jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazoni tayinlashi mumkin.
Sud shu asoslarni eʼtiborga olib, ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida qoʻllanilishi shart deb koʻrsatilgan qoʻshimcha jazoni tayinlamasligi ham mumkin.
Sodir etilgan qilmish xususiyatlarini ifodalovchi holatlar, yaʼni aybdorning shaxsi, aybining shakli va darajasi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, shaxsning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvori jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topilishi mumkin.
571-modda. Aybdor oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlganida jazo tayinlash
Ushbu Kodeks 55-moddasi birinchi qismining “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar mavjud boʻlgan va ushbu Kodeks 56-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar mavjud boʻlmagan taqdirda jazo muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng koʻp jazoning uchdan ikki qismidan oshmasligi kerak. Mazkur qoida javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish (118-moddaning toʻrtinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki uning ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning toʻrtinchi qismi) va terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
572-modda. Aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan jinoyatlar boʻyicha jazo tayinlash
Aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan jinoyatlar boʻyicha tayinlanadigan jazoning muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida (qismida) nazarda tutilgan eng koʻp jazoning yarmidan oshmasligi kerak.
58-modda. Tamom boʻlmagan va ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlash
Sud tamom boʻlmagan jinoyat uchun jazo tayinlashda jazo tayinlashning umumiy asoslariga amal qilgan holda jinoyatning ogʻir-yengilligini, jinoiy niyat amalga oshirilishining darajasini va jinoyatni oxiriga yetkaza olmaganlik sabablarini ham hisobga oladi.
Jinoyatga tayyorgarlik koʻrganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun jazoning muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng koʻp jazoning toʻrtdan uch qismidan oshmasligi kerak. Mazkur qoida:
a) oʻta xavfli retsidivistlarga, uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma aʼzolariga nisbatan;
b) tinchlik va xavfsizlikka qarshi tamom boʻlmagan jinoyatlar uchun, shuningdek quyidagilar bilan:
javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish bilan;
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan;
oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan;
voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etish bilan;
voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilish, fohishaxonalarni tashkil etish yoki saqlash bilan;
yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa turdagi ommaviy qirgʻin qurolini, bunday qurol yaratishda foydalanish mumkinligi ayon boʻlgan materiallarni hamda uskunalarni, radioaktiv materiallarni kontrabanda qilish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar uchun jazolar tayinlashda qoʻllanilmaydi.
Tamom boʻlmagan jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanishi mumkin emas.
Ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyat uchun jazo tayinlashda sud har qaysi aybdorning jinoyatda ishtirok etganlik xususiyati va darajasini hisobga oladi. Har qaysi ishtirokchining shaxsiga tegishli boʻlgan yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar sud tomonidan faqat shu ishtirokchining oʻziga jazo tayinlashda hisobga olinadi.
59-modda. Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash
Shaxs Maxsus qismning turli moddalarida nazarda tutilgan ikki yoki undan ortiq jinoyatni sodir etgan boʻlib, ulardan birortasi uchun ham sudlangan boʻlmasa, sud ushbu Kodeksning 54-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq har qaysi qilmish uchun jazo tayinlab, soʻngra tayinlangan yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash yoxud tayinlangan jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoʻli bilan jinoyatlar majmui boʻyicha jazo tayinlaydi.
Agar jinoyatlar majmuini faqat ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar tashkil etsa, unda tayinlangan yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash yoxud tayinlangan jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoʻli bilan jazo uzil-kesil tayinlanadi. Bunda uzil-kesil tayinlangan jazo sodir etilgan jinoyatlardan eng ogʻiri uchun nazarda tutilgan eng koʻp jazo muddatidan yoki meʼyoridan ortiq boʻlmasligi lozim.
Agar jinoyatlar majmuini tashkil etuvchi jinoyatlardan loaqal bittasi ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, ushbu Kodeksning Umumiy qismida shu jazo turi uchun belgilangan doirada tayinlangan jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoʻli bilan jazo uzil-kesil tayinlanadi.
Sodir etilgan jinoyatlardan bittasi uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanganda yengilroq turdagi jazoni umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil tayinlanadi.
Sodir etilgan jinoyatlardan bittasi uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganda jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoxud yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil tayinlanadi.
Jinoyatlar majmui boʻyicha har xil turdagi jazolarni qoʻshish yoʻli bilan jazo tayinlashda ushbu Kodeksning 61-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilinib, jazoning ogʻirroq turi uzil-kesil tayinlanadi.
Jinoyatlar majmui boʻyicha tayinlangan asosiy jazoga sud ayrim jinoyatlar uchun tayinlangan qoʻshimcha jazolarni ham qoʻshishi mumkin. Bunda muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazoning uzil-kesil tayinlangan muddati ushbu Kodeksning 45-moddasida nazarda tutilgan eng koʻp muddatdan ortiq boʻlmasligi lozim.
Agar ish boʻyicha hukm chiqarilganidan keyin mahkumning ana shu ish boʻyicha chiqarilgan hukmga qadar sodir etilgan yana boshqa jinoyatda aybli ekanligi aniqlansa ham jazo oʻsha tartibda tayinlanadi. Bunday holda jinoyatlar majmui boʻyicha sud tomonidan tayinlangan jazo muddatiga birinchi hukm yuzasidan jazoning oʻtalgan qismi qoʻshib hisoblanadi.
60-modda. Bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash
Agar mahkum hukm chiqarilganidan keyin jazoni toʻla oʻtamay turib, yangi jinoyat sodir etsa, sud yangi hukm boʻyicha tayinlangan jazo muddatiga ilgarigi hukm yuzasidan oʻtalmay qolgan jazo muddatini toʻla yoki qisman qoʻshadi.
Bir necha hukm yuzasidan har xil turdagi jazolarni qoʻshish yoʻli bilan jazo tayinlashda ushbu Kodeksning 61-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilinib, jazoning ogʻirroq turi uzil-kesil tayinlanadi.
Agar hukmlardan biri bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlangan boʻlsa, bir necha hukmlar yuzasidan jazolarni qoʻshishda yengilroq jazo turini umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil tayinlanadi.
Agar hukmlardan biri bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan boʻlsa, bir necha hukmlar yuzasidan jazolarni qoʻshishda yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash yoxud jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoʻli bilan jazo uzil-kesil tayinlanadi.
Bir necha hukmlar yuzasidan axloq tuzatish ishlariga yoki xizmat boʻyicha cheklashga hukm qilinib, ish haqi yoki pul taʼminotidan ushlab qolishning har xil miqdori belgilangan hollarda bu jazolarning faqat muddatlari qoʻshiladi.
Ilgarigi hukm yuzasidan ijro etilmay qolgan qoʻshimcha jazolar hukmlar jami tariqasida tayinlangan asosiy jazoga qoʻshib tayinlanadi.
61-modda. Jazolarni qoʻshishning hisoblash qoidalari
Har xil turdagi asosiy jazolarni qoʻshganda ozodlikdan mahrum qilishning bir kuni:
a) ozodlikni cheklashning yoki intizomiy qismga joʻnatishning bir kuniga;
b) axloq tuzatish ishlarining yoki xizmat boʻyicha cheklashning uch kuniga;
v) majburiy jamoat ishlarining toʻrt soatiga toʻgʻri keladi.
Jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazo ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga joʻnatish, ozodlikni cheklash, xizmat boʻyicha cheklash, axloq tuzatish ishlari, majburiy jamoat ishlari jazosi bilan qoʻshilganda har qaysisi alohida ijro etiladi.
62-modda. Ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi vaqtini hisobga olish qoidalari
Sud jazo tayinlash chogʻida ushlab turishning, qamoqqa olishning yoki uy qamogʻining har bir kunini:
a) ozodlikni cheklashning, intizomiy qismga joʻnatishning, ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga;
b) axloq tuzatish ishlarining yoki xizmat boʻyicha cheklashning uch kuniga;
v) majburiy jamoat ishlarining toʻrt soatiga tenglashtirib hisoblaydi.
Sud ushlab turilgan, qamoqda yoki uy qamogʻida saqlangan shaxsga jarima tayinlashda ushlab turishning, qamoqda yoki uy qamogʻida saqlashning bir kunini bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismiga tenglashtirib hisobga oladi.
63-modda. Jazo muddatlarini hisoblash
Muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari, xizmat boʻyicha cheklash, qamoq, ozodlikni cheklash, intizomiy qismga joʻnatish, ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazolarning muddatlari oylar va yillar bilan hisoblanadi. Jazolarni almashtirish, hisoblash, qoʻshish vaqtida ularning muddatlari sutkalar bilan hisoblanishi mumkin.
Majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazoning muddatlari soatlar bilan hisoblanadi.
BESHINCHI BOʻLIM JAVOBGARLIKDAN VA JAZODAN OZOD QILISH
XII bob. Javobgarlikdan ozod qilishning turlari
64-modda. Javobgarlikka tortish muddatining oʻtib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish
Agar jinoyat sodir etilgan kundan boshlab quyidagi muddatlar:
a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab — ikki yil;
b) uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab — toʻrt yil;
v) ogʻir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab — sakkiz yil;
g) oʻta ogʻir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab — oʻn toʻrt yil oʻtgan boʻlsa, shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.
Javobgarlikka tortish muddati jinoyat sodir etilgan kundan boshlab hukm qonuniy kuchga kirgan kungacha hisoblanadi.
Agar jinoyat sodir etgan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs tergov yoki suddan yashirinsa, muddatning oʻtishi toʻxtatiladi. Aybdor ushlangan yoki aybini boʻyniga olib arz qilgan kundan boshlab muddatning oʻtishi qaytadan tiklanadi.
Agar ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlar oʻtmasdan qasddan yangi jinoyat sodir etsa, muddatning oʻtishi uziladi. Bunday holda javobgarlikka tortish muddatlari yangi jinoyat sodir etilgan kundan boshlab hisoblanadi. Qolgan hollarda, agar shaxs javobgarlikka tortish muddatlari oʻtmasdan yangi jinoyat sodir etsa, bu muddatlar har bir jinoyat uchun alohida hisoblanadi.
Agar ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab oʻn yil, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab yigirma besh yil oʻtgan boʻlsa, shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan, javobgarlikka tortish muddatlarini qoʻllash masalasi sud tomonidan hal qilinadi. Agar sud javobgarlikka tortish muddatini qoʻllashni lozim topmasa, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻrniga ozodlikdan mahrum qilish tayinlanadi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlar ushbu Kodeksning 118-moddasi uchinchi qismi “a” bandida va toʻrtinchi qismida, 119-moddasi uchinchi qismi “a” bandida va toʻrtinchi qismida, 150 — 157-moddalarida, 158-moddasining birinchi qismida, 159-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida, 160, 161 va 2442-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
65-modda. Qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yoʻqotganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish
Ishni tergov qilish yoki sudda koʻrish vaqtida sharoit oʻzgarganligi tufayli sodir etilgan qilmish oʻzining ijtimoiy xavfliligini yoʻqotgan deb topilsa, jinoyat sodir etgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Ishni tergov qilish yoki sudda koʻrish vaqtida sharoit oʻzgarganligi tufayli jinoyat sodir etgan shaxs ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotgan deb topilsa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
66-modda. Aybdor oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish
Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida alohida koʻrsatilgan hollarda, jinoyat sodir etgan shaxs oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinishi lozim.
661-modda. Yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish
Ushbu Kodeks 105-moddasining birinchi qismida (qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish), 106-moddasida (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish), 107-moddasida (zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish), 108-moddasida (ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, badanga qasddan ogʻir shikast yetkazish), 109-moddasida (qasddan badanga yengil shikast yetkazish), 110-moddasining birinchi qismida (qiynash), 111-moddasida (ehtiyotsizlik orqasida badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazish), 115-moddasida (ayolni oʻz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlash), 116-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida (kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik), 117-moddasining birinchi qismida (xavf ostida qoldirish), 121-moddasining birinchi qismida (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 122-moddasida (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash), 123-moddasida (ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash), 125-moddasining birinchi qismida (farzandlikka olish sirini oshkor qilish), 1261-moddasining birinchi, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida (oilaviy (maishiy) zoʻravonlik), 136-moddasida (ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga toʻsqinlik qilish), 138-moddasining birinchi qismida (zoʻrlik ishlatib gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish), 139-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida (tuhmat), 140-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida (haqorat qilish), 1411-moddasining birinchi qismida (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish), 1412-moddasining birinchi qismida (shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish), 143-moddasida (xat-yozishmalar, telefonda soʻzlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarning sir saqlanishi tartibini buzish), 148-moddasida (mehnat qilish huquqini buzish), 149-moddasida (muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish), 1491-moddasida (mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish), 1492-moddasida (oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻxshash boʻlgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud oʻzganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish), 1493-moddasida (ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, integral mikrosxema topologiyasiga va seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqlarni buzish), 167-moddasining birinchi qismida (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 168-moddasining birinchi qismida (firibgarlik), 169-moddasining birinchi qismida (oʻgʻrilik), 170-moddasining birinchi qismida hamda ikkinchi qismining “b” va “v” bandlarida (aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan mulkiy zarar yetkazish), 172-moddasida (mulkni qoʻriqlashga vijdonsiz munosabatda boʻlish), 173-moddasining birinchi qismida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 180-moddasida (soxta toʻlovga qobiliyatsizlik), 181-moddasida (toʻlovga qobiliyatsizlikni yashirish), 1852-moddasida (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish), 189-moddasida (savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish), 191-moddasida (qonunga xilof ravishda axborot toʻplash, uni oshkor qilish yoki undan foydalanish), 192-moddasida (raqobatchini obroʻsizlantirish), 229-moddasida (oʻzboshimchalik), 256-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida (tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda xavfsizlik qoidalarini buzish), 257-moddasining birinchi qismida (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish), 258-moddasining birinchi qismida (togʻ-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish), 259-moddasining birinchi qismida (yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish), 260-moddasining birinchi qismida (temir yoʻl, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish), 266-moddasining birinchi qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish), 268-moddasining birinchi qismida (transportning xavfsiz ishlashini taʼminlashga doir qoidalarni buzish), 2769-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida (tanosil yoki OIV kasalligini (OITSni) tarqatish), 277-moddasining birinchi qismida (bezorilik), 298-moddasining birinchi qismida (mashinalarni boshqarish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs, agar u oʻz aybiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.
67-modda. Kasallik tufayli javobgarlikdan ozod qilish
Agar jinoyat sodir etgan shaxsda hukm chiqarilguniga qadar oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatning buzilishi yuzaga kelgan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
Bunday shaxsga nisbatan sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilishi mumkin.
Bunday shaxs ushbu Kodeksning 64-moddasida nazarda tutilgan muddatlar oʻtmasdan tuzalsa, javobgarlikka tortiladi. Bunday holda javobgarlikka tortish muddatlari sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan kundan hisoblanadi.
68-modda. Amnistiya akti asosida javobgarlikdan ozod qilish
Jinoyat sodir etgan shaxs amnistiya akti asosida javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
XIII bob. Jazodan ozod qilishning turlari
69-modda. Jazoni ijro etish muddati oʻtib ketganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish
Agar hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab:
a) uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm qilinganda — uch yil;
b) besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganda — besh yil;
v) oʻn yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganda — oʻn yil;
g) oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganda — oʻn besh yil ichida ijro etilmagan boʻlsa, mahkum asosiy va qoʻshimcha jazolardan ozod qilinadi.
Agar mahkum ushbu moddada nazarda tutilgan jazoni oʻtashdan boʻyin tovlasa, jazoni ijro etish muddati ikki baravar koʻpayadi va jazoni oʻtashdan boʻyin tovlagan kundan boshlab hisoblanadi, lekin yigirma besh yildan oshmasligi kerak.
Agar shaxs ushbu moddada koʻrsatilgan muddatlar oʻtmasdan qasddan yangi jinoyat sodir etsa, muddatlarning oʻtishi uziladi. Bunday holda muddatlarning oʻtishini hisoblash yangi jinoyat sodir etilgan paytdan qaytadan boshlanadi.
Agar jazo tayinlangan kundan boshlab yigirma besh yil oʻtgan boʻlsa, jazoni ijro etish mumkin emas.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilgan shaxsga nisbatan muddatlar oʻtishini qoʻllash masalasi sud tomonidan hal qilinadi. Agar sud muddatlar oʻtishini qoʻllashni lozim topmasa, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlar ushbu Kodeksning 118-moddasi uchinchi qismi “a” bandida va toʻrtinchi qismida, 119-moddasi uchinchi qismi “a” bandida va toʻrtinchi qismida, 150 — 157-moddalarida, 158-moddasining birinchi qismida, 159-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida, 160, 161 va 2442-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
70-modda. Shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish
Jinoyat sodir etgan shaxs agar ish sudda koʻrilayotgan vaqtgacha sharoit oʻzgardi yoki shaxs namunali xulqi, mehnatga yoki oʻqishga halol munosabati bilan oʻzini koʻrsatib, ijtimoiy xavfliligini yoʻqotdi deb eʼtirof etilsa, sud uni jazodan ozod qilishi mumkin.
71-modda. Aybdor oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish
Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan boʻlsa, sud tomonidan jazodan ozod qilinishi mumkin.
Boshqa shaxslar bilan birgalikda jinoyat sodir etishda ishtirok qilgan yoki uyushgan guruh yoxud jinoiy uyushma aʼzosi boʻlgan shaxs, agar u aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatning oldini olish, jinoyatni ochish yoki uning tashkilotchilarini yoxud boshqa ishtirokchilarini aniqlash va fosh qilishga yordam bergan boʻlsa, basharti u ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda bevosita ishtirok etmagan boʻlsa, sud tomonidan jazodan ozod qilinishi mumkin.
Ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida alohida koʻrsatilgan hollarda, jinoyat sodir etgan shaxs oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlgan taqdirda sud tomonidan jazodan ozod qilinishi lozim.
72-modda. Shartli hukm qilish
Agar sud ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga joʻnatish, xizmat boʻyicha cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazolarini tayinlash vaqtida sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsi va ishdagi boshqa holatlarni eʼtiborga olib, aybdor tayinlangan jazoni oʻtamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan qatʼiy fikrga kelsa, shartli hukm qoʻllashi mumkin. Bunday holda sud, basharti, belgilangan sinov muddati davomida jazoning shartliligini bekor qilish asoslari kelib chiqmasa, tayinlangan jazoni ijro etmaslik toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
Sinov muddati bir yildan uch yilgacha belgilanib, hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi. Basharti, shartli hukm qilish toʻgʻrisidagi qaror yuqori sud tomonidan chiqarilgan taqdirda ham, sinov muddatini hisoblash shu kundan boshlanadi.
Shartli hukm qilinganda, basharti, bunga asoslar mavjud boʻlsa, sud mahkumga muayyan vaqt mobaynida yetkazilgan zararni bartaraf qilish, ishga yoki oʻqishga kirish, yashash joyi, ish yoki oʻqish joyi oʻzgarib qolsa, bu haqda shartli hukm qilingan shaxsning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organga xabar berib turish, vaqti-vaqti bilan kelib bu organlarda roʻyxatdan oʻtib turish, muayyan joylarda boʻlmaslik, muayyan vaqtda yashash joyida boʻlishi, alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalligidan davolanish kursini oʻtashi kabi majburiyatlarni yuklashi mumkin.
Shartli hukm qilingan shaxslarning xulqi ustidan ichki ishlar organlari, harbiy xizmatchilar xulqi ustidan esa, harbiy qism yoki muassasaning qoʻmondonligi nazorat olib boradi.
Hukm qilingan shaxsning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organning taqdimi bilan sud sinov muddati davomida unga yuklatilgan majburiyatlarning hammasini yoki bir qismini olib tashlashi yoki uning zimmasiga yangi majburiyatlar yuklashi ham mumkin.
Agar shartli hukm qilingan shaxs sinov muddati davomida sud unga yuklagan majburiyatlarni bajarmasa yoxud jamoat tartibi yoki mehnat intizomini buzganligi uchun unga maʼmuriy yoki intizomiy taʼsir chorasi qoʻllanilgan boʻlsa sud uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasiga binoan jazoning shartliligini bekor qilib, hukmda tayinlangan jazoni ijro etish toʻgʻrisida ajrim chiqarishi mumkin.
Shartli hukm oʻta ogʻir jinoyati uchun hukm qilinganlarga, shuningdek ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, ayollar, shuningdek oltmish yoshdan oshgan shaxslar bundan mustasno. Bunda shartli hukm qilish bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Shartli hukm qilingan shaxs sinov muddati davomida yangi jinoyat sodir etsa, sud unga nisbatan ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha jazo tayinlaydi.
73-modda. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish
Ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga joʻnatish, xizmat boʻyicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qoʻllanilishi mumkin. Shaxs ijro etilmagan qoʻshimcha jazodan ham ozod qilinishi mumkin.
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan jazo turlari uchun oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda boʻlgan mahkumga nisbatan qoʻllaniladi.
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish mahkum:
a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini;
b) ogʻir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar shaxs ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan boʻlsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini;
v) oʻta ogʻir jinoyati uchun, sud tayinlagan jazo muddatining kamida toʻrtdan uch qismini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin qoʻllanilishi mumkin.
Jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish:
a) umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxsga;
b) oʻta xavfli retsidivistga;
v) uyushgan guruh yoki jinoiy uyushmaning tashkilotchi va qatnashuvchilariga;
v1) oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilganlik, shuningdek firibgarlik uchun hukm qilingan va sodir etgan jinoyati tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplamagan shaxsga;
g) javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsni jinsiy aloqada boʻlish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan jinoyatlarni qasddan sodir etganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik, Oʻzbekiston Respublikasiga, tinchlikka va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud juda koʻp miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik, yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa xildagi ommaviy qirgʻin qurollarini, shunday qurollarni ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkinligi ayon boʻlgan material va uskunalarni kontrabanda qilganlik, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazganlik, gʻayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etganlik, giyohvandlik vositalarining, psixotrop moddalarning yoki ularning analoglarining yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga homiylik qilganlik, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun hukm qilingan shaxslarga;
d) jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilgan va jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish chogʻida sud asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, mahkumning zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklatishi mumkin:
a) ishga yoki oʻqishga joylashish;
b) muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning yashash joyi, ish yoki oʻqish joyi oʻzgarganligi haqida uning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organga xabar berish;
v) muayyan joylarga bormaslik;
g) alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalligidan davolanish kursini oʻtash;
d) Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqmaslik.
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazoratni ichki ishlar organlari, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan harbiy xizmatchilarning xulq-atvori ustidan nazoratni esa — harbiy qismlar yoki muassasalarning qoʻmondonligi amalga oshiradi.
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organning taqdimnomasiga binoan sud ilgari ushbu shaxsning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni toʻliq yoki qisman bekor qilishi yoxud uning zimmasiga qoʻshimcha majburiyatlar yuklatishi mumkin.
Prokurorning taqdimnomasiga yoki advokatning iltimosnomasiga binoan sud jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni toʻliq yoki qisman bekor qilishi mumkin.
Agar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxs sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni oʻtalmagan jazo muddati davomida bajarmasa, sud uning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organning taqdimnomasiga binoan uni jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni bekor qilish va oʻtalmagan jazo muddatini oʻtashi haqidagi masalani koʻrib chiqadi.
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan sud ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlaydi.
74-modda. Jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish
Ozodlikdan mahrum etilgan, ozodligi cheklangan yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan sud jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirishi mumkin.
Jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan jazo turlari uchun oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda boʻlgan mahkumga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
Jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish mahkum:
a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismini;
b) ogʻir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar u ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan boʻlsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida yarmini;
v) oʻta ogʻir jinoyati uchun, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin qoʻllanilishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoning oʻtalmagan qismi axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilganda axloq tuzatish ishlari ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmagan qismi muddatiga tayinlanadi.
Jazoning oʻtalmagan qismini yengilrogʻi bilan almashtirish ushbu Kodeksning 73-moddasi toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan shaxslar yengilroq jazoning tegishli qismini oʻtab boʻlganlaridan keyin ushbu Kodeksning 73-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishlari mumkin.
Jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan shaxs jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida yangi jinoyat sodir etsa, sud unga ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlaydi.
741-modda. Jazoni oʻtash muddatini shaxs tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirish
Ushbu Kodeks 73-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan shaxs (bundan umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar mustasno) ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtash davrida mahkumlarda toʻgʻri maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblarni oʻqiganligi fakti tasdiqlangan taqdirda, unga nisbatan tayinlangan jazoni oʻtash muddati qisqartirilishi mumkin. Bunda jazoni oʻtash muddati har bir oʻqilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda koʻpi bilan oʻttiz kungacha qisqartirilishi mumkin.
75-modda. Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotish oqibatida jazodan ozod qilish
Hukm chiqarilganidan keyin oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxs, shuningdek jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan boshqa ogʻir kasallikka chalingan shaxs jazoni oʻtashdan ozod qilinishi lozim.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan sud tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllashi mumkin.
Bunday shaxslar tuzalganidan keyin, ushbu Kodeksning 69-moddasida nazarda tutilgan va sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan kundan boshlab hisoblanadigan muddatlar oʻtib ketmagan boʻlsa, jazo ijro etiladi.
Intizomiy qismga joʻnatish yoxud xizmat boʻyicha cheklash jazosiga hukm qilingan harbiy xizmatchilar, ularning sogʻligʻi harbiy xizmat uchun yaroqsiz deb topilgan boʻlsa, jazoni oʻtashdan ozod qilinadilar. Xizmat boʻyicha cheklash jazosiga hukm qilingan harbiy xizmatchi ayollar ularga homiladorlik va tugʻish taʼtili berilishi munosabati bilan ham jazoni oʻtashdan ozod qilinadilar.
Majburiy jamoat ishlariga yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslar jazoni oʻtash vaqtida mehnatga yaroqsiz boʻlib qolsalar yoxud pensiya yoshiga yetgan boʻlsalar, shuningdek ayollar bu turdagi jazoni oʻtayotgan vaqtda homiladorlik va tugʻish taʼtiliga chiqsalar, jazoni oʻtashdan ozod qilinadilar.
76-modda. Amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish
Hukm etilgan shaxs amnistiya akti yoki afv etish asosida asosiy va ijro etilmagan qoʻshimcha jazolardan ozod qilinishi yoxud jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi yoki unga tayinlangan jazoning oʻtalmay qolgan qismi yengilroq jazo bilan almashtirilishi mumkin.
Agar amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoxud jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish qoʻllanilgan shaxs jazoning oʻtalmay qolgan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, sud unga ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha jazo tayinlaydi.
Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazoning yigirma besh yilini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin, agar jazoni oʻtash davrida mahkum qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va oʻqishga nisbatan vijdonan munosabatda boʻlayotgan, tarbiyaviy tadbirlar oʻtkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning yigirma yilini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin berilishi mumkin.
Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazo muddatining yigirma yilini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin, agar jazoni oʻtash davrida mahkum qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va oʻqishga nisbatan vijdonan munosabatda boʻlayotgan, tarbiyaviy tadbirlar oʻtkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning oʻn besh yilini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin berilishi mumkin.
XIV bob. Sudlanganlik
77-modda. Sudlanganlikning huquqiy ahamiyati
Sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir.
Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.
Sudlanganlik ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va shaxs yangi jinoyat sodir etgandagina huquqiy ahamiyatga ega boʻladi.
Sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor boʻladi.
Jazoni oʻtagan, ammo qonunning oʻzgarishi bilan bunday qilmish jinoyat deb hisoblanmaydigan taqdirda, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni oʻtab boʻlinishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan boʻlsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni oʻtab boʻlgan shaxs sudlanmagan hisoblanadi, bundan oʻta ogʻir jinoyatlar yoki sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni oʻtab boʻlganidan keyin oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar qasddan yangi jinoyat sodir etish hollari mustasno.
78-modda. Sudlanganlik holatining tugallanishi
Shaxsning sudlanganlik holati quyidagi paytlarda tugallanadi:
a) shartli hukm qilinganlarga nisbatan — sinov muddati tugagan kundan boshlab;
b) majburiy jamoat ishlari, xizmat boʻyicha cheklash yoki intizomiy qismga joʻnatish tarzidagi jazolarini oʻtab chiqqach;
v) jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari oʻtalganidan keyin bir yil oʻtgach;
g) ozodlikni cheklash jazosi oʻtalganidan keyin — ikki yil oʻtgach;
d) besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻtalganidan keyin — toʻrt yil oʻtgach;
e) besh yildan ortiq, lekin oʻn yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻtalganidan keyin — yetti yil oʻtgach;
j) oʻn yildan ortiq, lekin oʻn besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻtalganidan keyin — oʻn yil oʻtgach.
79-modda. Sudlanganlikning olib tashlanishi
Agar shaxs ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtab boʻlganidan keyin unga nisbatan maʼmuriy jazo yoki intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilmagan boʻlsa, jamoat birlashmasi, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi, jamoa yoki jazoni oʻtab chiqqan shaxsning oʻzi bergan iltimosnomasiga koʻra sud ushbu Kodeksning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning kamida yarmi oʻtganidan keyin uning sudlanganligini olib tashlashi mumkin.
Ushbu Kodeksning 178 — 184, 185 — 1852, 189 — 192-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning sudlanganligi ular davlatga juda koʻp zarar yetkazmaganda, ushbu Kodeksning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning kamida toʻrtdan bir qismi oʻtganidan keyin sud tomonidan olib tashlanishi mumkin.
Oʻn besh yil va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtab chiqqan shaxslar hamda oʻta xavfli retsidivistlar, agar ular jazoni oʻtab chiqqanidan keyin oʻn besh yil mobaynida yangi jinoyat sodir etmasalar, sud ularning sudlanganligini olib tashlashi mumkin.
Ushbu Kodeksning 13-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda ham sudlanganlik olib tashlanishi mumkin.
Sudlanganlik afv etish yoki amnistiya akti asosida ham olib tashlanishi mumkin.
80-modda. Sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlarini hisoblash
Sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlari asosiy va qoʻshimcha jazolar oʻtab boʻlingan yoki ijro etilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Agar shaxs tayinlangan jazodan qonunda belgilangan tartibda muddatidan ilgari ozod qilingan yoxud jazo yengilrogʻi bilan almashtirilgan boʻlsa, sudlanganlik muddati muddatidan ilgari ozod qilingan yoki yengilrogʻi bilan almashtirilgan jazoning amalda oʻtab boʻlingan qismidan hisoblanadi.
Agar ushbu Kodeksning 44, 46-moddalari asosida hukm boʻyicha tayinlangan jazoni sud boshqa jazo bilan almashtirgan boʻlsa, sudlanganlik muddati jazoning amalda oʻtab boʻlingan yoki ijro etilgan qismidan hisoblanadi.
Agar jazoni oʻtab chiqqan shaxs sudlanganlik holatining muddati tugamay, yana jinoyat sodir etsa, sudlanganlik holatini tugatuvchi muddatning oʻtishi toʻxtatiladi. Ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holatining tugash muddati oxirgi sodir etilgan jinoyat uchun (asosiy va qoʻshimcha) jazoni amalda oʻtab boʻlganidan boshlab hisoblanadi.
OLTINCHI BOʻLIM VOYAGA YETMAGANLAR JAVOBGARLIGINING XUSUSIYATLARI
XV bob. Jazo va uni tayinlash
81-modda. Jazo tizimi
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan jinoyat sodir etgan shaxslarga quyidagi asosiy jazolar qoʻllanilishi mumkin:
a) jarima;
a1) majburiy jamoat ishlari;
b) axloq tuzatish ishlari;
v1) ozodlikni cheklash;
g) ozodlikdan mahrum qilish.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻshimcha jazolar tayinlanishi mumkin emas.
82-modda. Jarima
Jarima bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda tayinlanadi.
Mahkum jarima toʻlashdan olti oy muddat mobaynida boʻyin tovlasa, sud toʻlanmagan jarima miqdorini bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridagi jarimani majburiy jamoat ishlarining ikki soatiga tenglashtirgan holda hisoblab, majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazo bilan almashtiradi yoki bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridagi jarimani axloq tuzatish ishlarining bir oyiga tenglashtirgan holda hisoblab, axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo bilan almashtiradi.
821-modda. Majburiy jamoat ishlari
Majburiy jamoat ishlari faqat mehnatga layoqatli voyaga yetmaganlarga nisbatan oltmish soatdan ikki yuz qirq soatgacha boʻlgan muddatga tayinlanadi. Majburiy jamoat ishlari voyaga yetmaganlarning sogʻligʻiga va maʼnaviy jihatdan rivojlanishiga zarar yetkazmasligi, oʻqish jarayonini buzmasligi lozim.
Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslar tomonidan majburiy jamoat ishlarini bajarish muddati, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, olti oy davomida kuniga ikki soatdan oshmasligi, mahkumga bogʻliq boʻlmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda esa, bir yilgacha boʻlgan muhlatda kuniga ikki soatdan oshmasligi kerak.
Mahkum jazoni oʻtashdan boʻyin tovlagan taqdirda, sud majburiy jamoat ishlarining oʻtalmagan muddatini majburiy jamoat ishlarining toʻrt soatini ozodlikni cheklashning yoki ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblab, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlanilgan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
83-modda. Axloq tuzatish ishlari
Axloq tuzatish ishlari faqat mehnatga layoqatli voyaga yetmaganlarga nisbatan oʻz ish joyida oʻtash, aybdor hech qayerda ishlamasa, ushbu jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan oʻzi yashaydigan hududdagi boshqa joylarda oʻtash tariqasida bir oydan bir yilgacha muddatga tayinlanadi.
Voyaga yetmagan shaxs tayinlangan axloq tuzatish ishlarining oʻndan bir qismidan koʻprogʻini oʻtashdan boʻyin tovlagan taqdirda, sud bu jazoning oʻtalmagan qismini axloq tuzatish ishlarining har uch kunini ozodlikni cheklashning yoki ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblab, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi.
841-modda. Ozodlikni cheklash
Ozodlikni cheklash voyaga yetmagan mahkumlarga nisbatan asosiy jazo chorasi sifatida bir oydan ikki yilgacha muddatga tayinlanadi.
85-modda. Ozodlikdan mahrum qilish
Voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bir oydan oʻn yilgacha muddatga tayinlanadi, ushbu Kodeks 86-moddasining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ozodlikdan mahrum qilish jinoyat sodir etish paytida oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan shaxslarga nisbatan:
b) ogʻir jinoyat uchun — olti yilgacha;
v) oʻta ogʻir jinoyat uchun — oʻn yilgacha muddatga tayinlanadi.
Ozodlikdan mahrum qilish jinoyat sodir etish paytida oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarga nisbatan:
b) ogʻir jinoyat uchun — yetti yilgacha;
v) oʻta ogʻir jinoyat uchun — oʻn yilgacha muddatga tayinlanadi.
Voyaga yetmay turib ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat sodir etgan, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etgan yoxud qasddan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanmaydi.
Hukm chiqarish paytida oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tarbiya koloniyalarida oʻtash tayinlanadi.
86-modda. Jazo tayinlash
Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda jazo tayinlashning umumiy asoslariga amal qiladi, voyaga yetmaganning rivojlanganlik darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasini, sogʻligʻini, sodir etgan jinoyatining sabablarini, katta yoshdagilarning va boshqa holatlarning uning shaxsiga taʼsirini hisobga oladi.
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida jazo tayinlanganda ozodlikdan mahrum qilishning eng koʻp muddati oʻn yilgacha, agar sodir etgan jinoyatlarining bittasi oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, oʻn ikki yilgacha tayinlanadi.
Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi — oʻn ikki yilgacha muddatga, agar sodir etgan jinoyatlarining bittasi oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, oʻn besh yilgacha muddatga tayinlanishi mumkin.
Jinoyat sodir etish paytida oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarga nisbatan bir necha hukm yuzasidan tayinlanadigan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddati oʻn besh yildan oshmasligi kerak.
Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanganda sud ushbu Kodeksning 72-moddasida nazarda tutilgan asos va shartlar mavjud boʻlsa, shartli jazo belgilashi mumkin.
XVI bob. Javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish
87-modda. Majburlov choralarini qoʻllagan holda javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish
Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxs, agar sodir etgan qilmishining xususiyatlari, aybdorning shaxsi va ishning boshqa holatlarini eʼtiborga olib, uni jazo qoʻllamasdan turib ham tuzatish mumkin degan xulosaga kelinsa, javobgarlikdan ozod qilinib, ish bolalar masalalari boʻyicha komissiyada koʻrishga topshirilishi mumkin.
Besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash nazarda tutilgan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan yoki ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni takroran sodir etgan voyaga yetmagan shaxsni, mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlsa, sud jazodan ozod qilish va unga nisbatan majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishi shart.
Voyaga yetmagan shaxs rivojlanishda oʻz yoshiga nisbatan ancha orqada qolgan boʻlsa va sodir etgan qilmishining ahamiyatini toʻla ravishda anglab yetmasa, sud jazo oʻrniga majburlov chorasi qoʻllash maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqishi shart.
88-modda. Majburlov choralari
Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan quyidagi majburlov choralari qoʻllaniladi:
a) sud belgilaydigan shaklda jabrlanuvchidan uzr soʻrash majburiyatini yuklash;
b) oʻn olti yoshga toʻlgan shaxs zimmasiga yetkazilgan zararni oʻz mablagʻi hisobidan yoki mehnati bilan toʻlash yoki bartaraf qilish majburiyatini yuklash. Ushbu chora agar yetkazilgan zarar belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oshib ketmagan boʻlsa qoʻllaniladi. Boshqa hollarda yetkazilgan zarar fuqaroviy huquqiy tartibda undiriladi;
v) voyaga yetmaganni taʼlim tashkilotiga, tarbiya muassasasiga va ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi muassasaga joylashtirish;
g) nazorat ostiga berish.
Voyaga yetmagan shaxslarning taʼlim tashkilotida, tarbiya muassasasida va ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi muassasada nazorat ostida boʻlish muddati va shartlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi bilan belgilanadi.
89-modda. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilishga, ozodlikni cheklashga yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxsga nisbatan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish tartibi qoʻllanilishi mumkin.
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan jazo turlari uchun belgilangan tartib-qoida talablarini bajargan mehnat va oʻqishga halol munosabatda boʻlgan mahkumga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish:
a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun tayinlangan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismi;
b) ogʻir jinoyat uchun tayinlangan jazo muddatining kamida uchdan bir qismi;
v) oʻta ogʻir jinoyat uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar shaxs ilgari qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan boʻlsa, tayinlangan jazo muddatining kamida yarmini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin qoʻllaniladi.
Jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish qoʻllanilgan shaxs jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, sud unga nisbatan ushbu Kodeksning 60 va 86-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlaydi.
90-modda. Jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish
Oʻn sakkiz yoshga toʻlguncha sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishiga hukm qilingan shaxsga nisbatan jazoning oʻtalmagan qismi yengilroq jazo bilan almashtirilishi mumkin.
Jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan jazo turlari uchun belgilangan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnat yoki oʻqishga halol munosabatda boʻlib kelayotgan mahkumga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
Jazoning oʻtalmagan qismini yengilrogʻi bilan almashtirish:
a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun tayinlangan jazo muddatining kamida beshdan bir qismi;
b) ogʻir jinoyat uchun tayinlangan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismi;
v) oʻta ogʻir jinoyat uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar shaxs ilgari qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan boʻlsa, tayinlangan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini oʻtab boʻlinganidan keyin qoʻllanilishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoning oʻtalmagan qismi axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilganda axloq tuzatish ishlari ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmagan qismi muddatiga tayinlanadi.
Jazo yengilrogʻi bilan almashtirilgan shaxslarga nisbatan yengilroq jazoning tegishli qismi oʻtab boʻlinganidan keyin ushbu Kodeksning 89-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq, jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish qoʻllanilishi mumkin.
Jazo yengilrogʻi bilan almashtirilgan shaxs jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida yangi jinoyat sodir etsa, sud unga nisbatan ushbu Kodeksning 60 va 86-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlaydi.
YETTINCHI BOʻLIM TIBBIY YOʻSINDAGI MAJBURLOV CHORALARI
XVII bob. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarining asoslari va ularni tayinlash
91-modda. Majburlov choralarining maqsadlari
Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari ruhiy holati buzilgan, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxslarga nisbatan ushbu shaxslarni davolash va ularning yangi ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etishining oldini olish maqsadida tayinlanishi mumkin.
Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yoʻliqqan yoxud aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan jazolash bilan bir qatorda, davolash uchun va jazolash maqsadiga erishishga koʻmaklashuvchi sharoitlar yaratish uchun sud tomonidan tayinlanishi mumkin.
92-modda. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllashning umumiy asoslari
Ijtimoiy xavfli qilmishni aqli norasolik holatida sodir etgan yoki hukm chiqarilguniga qadar yoxud jazoni oʻtash vaqtida oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxsga nisbatan, agar u oʻzining ruhiy holati va sodir etgan qilmishining xususiyatiga koʻra jamiyat uchun xavf tugʻdirsa, sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkin.
93-modda. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarining turlari
Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari jumlasiga quyidagilar kiradi:
a) yashash joyi boʻyicha ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman (shahar) psixiatrining xonasida) majburiy ambulatoriya kuzatuvida boʻlish va davolanish;
b) yashash joyi boʻyicha umumiy tartibli psixiatriya muassasasining umumiy kuzatiladigan boʻlimida majburiy davolanish;
v) umumiy tartibli psixiatriya muassasasining maxsus reabilitatsiya boʻlimida majburiy davolanish;
g) kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish;
d) jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami koʻrsatish boʻlimlarida hamda mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan shifoxonada majburiy ambulatoriya kuzatuvida boʻlish va davolanish.
94-modda. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini tayinlash
Ruhiy holati buzilgan, kasalligining zoʻrayishi alomatlari boʻlmagan shaxslarga, shuningdek ruhiy holati vaqtincha buzilgan shaxslarga nisbatan kasallik qaytarilishining va ular tomonidan yangi ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etilishining oldini olish uchun yashash joyi boʻyicha ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman (shahar) psixiatrining xonasida) majburiy ambulatoriya kuzatuvida boʻlish va davolanish tayinlanishi mumkin.
Yashash joyi boʻyicha umumiy tartibli psixiatriya muassasasining umumiy kuzatiladigan boʻlimida majburiy davolanish ijtimoiy xavfliligi umumiy asoslarda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan davolashni talab etadigan holat bilan bogʻliq boʻlgan, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.
Umumiy tartibli psixiatriya muassasasining maxsus reabilitatsiya boʻlimida majburiy davolanish ijtimoiy xavfliligi koʻproq ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi mumkin boʻlmagan reabilitatsiya choralari koʻrilishini talab etadigan holat bilan bogʻliq boʻlgan, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.
Kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish oʻta ijtimoiy xavfli boʻlgan yoki oʻz xulq-atvorida umumiy tartibli psixiatriya shifoxonasi sharoitlarida zarur davolash va reabilitatsiya choralarini amalga oshirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyadigan, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin. Ruhiy holati buzilgan shaxslar kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida batamom ajratilgan holda saqlanadi va qoʻriqlanadi.
Jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami koʻrsatish boʻlimlarida hamda mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan shifoxonada majburiy ambulatoriya kuzatuvida boʻlish va davolanish aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan, jinoyat sodir etish vaqtida ruhiy holati buzilganligi tufayli oʻz harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini toʻliq darajada anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.
95-modda. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashni uzaytirish, oʻzgartirish va tugatish
Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashni uzaytirish, oʻzgartirish va tugatish shifokor psixiatrlar komissiyasining xulosasi asosida, jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami koʻrsatish boʻlimlarida va mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan shifoxonada esa, tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi asosida sud tomonidan amalga oshiriladi.
Ruhiy holati buzilgan shaxs tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashga muhtoj boʻlmagan hollarda, shuningdek bu choralarni qoʻllash tugatilganda sud bunday shaxsni umumiy asoslarda davolash yoki ijtimoiy taʼminot muassasasiga yuborish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun sogʻliqni saqlash organlariga topshirishi mumkin.
Alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yoʻliqqan shaxslarga nisbatan jazo bilan bir qatorda tayinlangan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashni tugatish tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi asosida sud tomonidan amalga oshiriladi.
96-modda. Jazo bilan birga tayinlanadigan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash
Alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yoʻliqqan yoxud aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilgan taqdirda, agar tibbiy xulosa mavjud boʻlsa, sud jazo tayinlash bilan birga ularga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini tayinlashi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm qilingan boʻlsa, tibbiy muassasalarda majburiy davolanishi lozim.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan boʻlsa, ularni davolash jazoni oʻtayotgan joyda amalga oshiriladi, jazoni oʻtab boʻlganidan keyin agarda davolashni davom ettirishga zarurat boʻlsa, umumiy asosda tibbiy muassasalarda davolanadi.
MAXSUS QISM
BIRINCHI BOʻLIM SHAXSGA QARSHI JINOYATLAR
I bob. Hayotga qarshi jinoyatlar
97-modda. Qasddan odam oʻldirish
Qasddan odam oʻldirish —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish, yaʼni:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsni;
b) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolni;
v) aybdorga ayon boʻlgan ojiz ahvoldagi shaxsni;
g) oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini;
d) boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli boʻlgan usulda;
e) ommaviy tartibsizliklar jarayonida;
j) oʻta shafqatsizlik bilan;
z) nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda;
i) tamagirlik niyatida;
k) milliy yoki irqiy adovat zamirida;
l) bezorilik oqibatida;
m) diniy taassublar zamirida;
n) inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish yoki murdaning qismlaridan foydalanish maqsadida;
o) boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida;
p) bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoxud oʻsha guruh manfaatlarini koʻzlagan holda;
r) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
s) oʻta xavfli retsidivist tomonidan qasddan odam oʻldirilishi —
oʻn besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.
98-modda. Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam oʻldirish
Jabrlanuvchi tomonidan qilingan gʻayriqonuniy zoʻrlik yoki ogʻir haqorat, shuningdek uning boshqa gʻayriqonuniy harakatlari tufayli toʻsatdan yuz bergan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam oʻldirish —
ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
99-modda. Onaning oʻz chaqalogʻini qasddan oʻldirishi
Onaning oʻz chaqalogʻini tugʻish vaqtida yoki tugʻilishi hamon qasddan oʻldirishi —
bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
100-modda. Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam oʻldirish
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam oʻldirish —
uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
101-modda. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam oʻldirish
Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam oʻldirish —
uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
102-modda. Ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirish
Ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirish —
ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ehtiyotsizlik orqasida ikki va undan ortiq odam oʻldirish —
ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
103-modda. Oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish
Shaxsni qoʻrqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning shaʼni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yoki oʻzini oʻzi oʻldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish, –
uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram boʻlgan shaxsga nisbatan;
b) voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
g) telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet butunjahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa, —
yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1031-modda. Oʻzini oʻzi oʻldirishga undash
Oʻzini oʻzi oʻldirishga undash, yaʼni koʻndirish, aldash yoki boshqa yoʻl bilan oʻzga shaxsda oʻzini oʻzi oʻldirish hissini uygʻotish, agar shaxs oʻzini oʻzi oʻldirgan yoki oʻzini oʻzi oʻldirishga suiqasd qilgan boʻlsa, —
ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet butunjahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
II bob. Sogʻliqqa qarshi jinoyatlar
104-modda. Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish
Sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish natijasida koʻrish, soʻzlash, eshitish qobiliyatini yoʻqotish yoxud biron aʼzoning ishdan chiqishi yoki uning faoliyati tamoman yoʻqolishiga, ruhiy holatining buzilishiga yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda buzilishiga, umumiy mehnat qobiliyatining oʻttiz uch foizidan kam boʻlmagan qismining doimiy yoʻqolishiga yoki homilaning tushishi yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab boʻlsa va ushbu Kodeksning 1261-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish:
a) voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
b) oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan;
v) oʻta shafqatsizlik bilan;
g) ommaviy tartibsizliklar jarayonida;
d) tamagirlik niyatida;
e) bezorilik oqibatida;
j) millatlararo yoki irqiy adovat zamirida;
z) diniy taassublar zamirida;
i) inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish maqsadida;
k) bir guruh shaxslar tomonidan;
l) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 97-moddasida nazarda tutilgan tarzda qasddan odam oʻldirgan shaxs tomonidan;
v) oʻta xavfli retsidivist tomonidan;
g) uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoki shu guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa;
d) jabrlanuvchining oʻlishiga sabab boʻlsa, —
sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
105-modda. Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish
Sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli boʻlmagan va ushbu Kodeksning 104-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sogʻliqning uzoq vaqt, yaʼni kamida yigirma bir kun, ammo toʻrt oydan koʻp boʻlmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining oʻn foizidan oʻttiz uch foizigacha yoʻqolishiga sabab boʻlgan qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish ushbu Kodeksning 1261-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa —
uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
v) oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan;
g) oʻta shafqatsizlik bilan;
d) ommaviy tartibsizliklar jarayonida;
e) tamagirlik niyatida;
j) millatlararo yoki irqiy adovat zamirida;
z) diniy taassublar zamirida;
i) bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini koʻzlab;
k) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 104-moddasida nazarda tutilgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jinoyatini sodir etgan yoxud ushbu Kodeksning 97-moddasida nazarda tutilgan qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etgan shaxs tomonidan;
l) oʻta xavfli retsidivist tomonidan;
m) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan boʻlsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
106-modda. Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish
Jabrlanuvchi tomonidan qilingan gʻayriqonuniy zoʻrlik yoki ogʻir haqorat, shuningdek aybdorning yoki uning yaqin kishisining oʻlimiga yoki sogʻligʻiga ziyon yetkazilishiga sabab boʻlgan yoxud sabab boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa gʻayriqonuniy harakatlar tufayli toʻsatdan yuz bergan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
107-modda. Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
108-modda. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, badanga qasddan ogʻir shikast yetkazish
Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, badanga qasddan ogʻir shikast yetkazish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
109-modda. Qasddan badanga yengil shikast yetkazish
Sogʻliqning qisqa vaqt, yaʼni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan koʻp boʻlmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqotilishiga sabab boʻlgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish ushbu Kodeksning 1261-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) diniy taassublar zamirida;
b) bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini koʻzlab;
v) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan boʻlsa, —
bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
110-modda. Qiynash
Muttasil ravishda doʻpposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash, agar ushbu Kodeksning 104, 105-moddalarida, 1261-moddasining toʻrtinchi — sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmagan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;
b) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
v) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —
uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
111-modda. Ehtiyotsizlik orqasida badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazish
Ehtiyotsizlik orqasida badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ehtiyotsizlik orqasida badanga ogʻir shikast yetkazish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ehtiyotsizlik orqasida ikki yoki undan ortiq shaxs badaniga oʻrtacha ogʻir yoki badanga ogʻir shikast yetkazish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari bilan jazolanadi.
III bob. Hayot yoki sogʻliq uchun xavfli jinoyatlar
112-modda. Oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish
Oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish, agar bu harakat amalga oshirilishidan xavfsirash uchun yetarli asoslar mavjud boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) oʻta xavfli retsidivist tomonidan;
b) uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoki shu guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —
uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
114-modda. Jinoiy ravishda homila tushirish (abort)
Shifokor akusher yoki ginekolog tomonidan davolash muassasalaridan tashqari joylarda yoki tibbiy nuqtai nazardan mumkin boʻlmagan holda sunʼiy ravishda homila tushirish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solish yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Sunʼiy ravishda homila tushirishga huquqi boʻlmagan shaxsning bunday ishni amalga oshirishi —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar ehtiyotsizlik orqasida:
a) jabrlanuvchining oʻlishiga;
b) boshqacha ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —
ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
115-modda. Ayolni oʻz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlash
Ayolni oʻz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlash, agar homila sunʼiy tushirilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
1151-modda. Insonni undan aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini transplantatsiya uchun olishga rozilik berishga majburlash
Insonni undan aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini transplantatsiya uchun olishga rozilik berishga majburlash, zoʻrlik ishlatib yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitib sodir etilgan boʻlsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar ojiz ahvolda ekanligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan yoxud moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan aybdorga qaram boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
116-modda. Kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik
Shaxsning oʻz kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda boʻlishi tufayli kasb yuzasidan oʻz vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, —
uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Qonun yoki maxsus qoidalarga muvofiq kasalga yordam koʻrsatishi shart boʻlgan shaxsning uzrli sababsiz shunday yordam koʻrsatmaganligi badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar ehtiyotsizlik orqasida odam oʻlishiga sabab boʻlsa, —
ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar ehtiyotsizlik orqasida:
a) odamlar oʻlimiga;
b) boshqacha ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
117-modda. Xavf ostida qoldirish
Hayoti yoki sogʻligʻi xavf ostida qolgan va oʻzini oʻzi himoya qilish imkoniyatidan mahrum boʻlgan shaxsga yordam koʻrsatmaslik, basharti, aybdor bunday ahvoldagi shaxsga yordam berishi shart va bunday imkoniyatga ega boʻlsa yoxud aybdorning oʻzi jabrlanuvchini xavfli ahvolga solib qoʻygan va bu hol badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga olib kelsa, —
uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha qilmish odam oʻlishiga sabab boʻlsa, —
ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha qilmishlar:
a) odamlar oʻlimiga;
b) boshqacha ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
IV bob. Jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar
118-modda. Nomusga tegish
Nomusga tegish, yaʼni zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Nomusga tegish:
a) ikki yoki bir necha shaxsga nisbatan;
b) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 119, 121, 128 va (yoki) 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan;
g) oʻldirish bilan qoʻrqitib;
d) nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —
sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Nomusga tegish:
a) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan;
b) yaqin qarindoshga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan;
v) jabrlanuvchini tarbiyalash, oʻqitish va (yoki) unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan;
g) ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi tomonidan;
d) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
e) ogʻir oqibatlarga olib kelgan boʻlsa, —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish, —
oʻn besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.
119-modda. Jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish
Zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118, 121, 128 va (yoki) 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan;
g) oʻldirish bilan qoʻrqitib;
d) nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —
sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan;
b) yaqin qarindoshiga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan;
v) jabrlanuvchini tarbiyalash, oʻqitish va (yoki) unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan;
g) ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi tomonidan;
d) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
e) ogʻir oqibatlarga olib kelgan boʻlsa, —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan harakatlar oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —
oʻn besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.
120-modda. Besoqolbozlik
Besoqolbozlik, yaʼni erkakning erkak bilan zoʻrlik ishlatmasdan jinsiy ehtiyojini qondirishi —
bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
121-modda. Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish
Xizmat, moddiy yoki boshqa jihatdan aybdorga qaram boʻlgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga majbur etish, —
uch yuz soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat ogʻir oqibatlarga olib kelsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat jinsiy aloqada boʻlish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda sodir etilgan boʻlsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan harakat:
a) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan;
b) yaqin qarindoshiga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan;
v) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118, 119, 128 va (yoki) 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
g) ogʻir oqibatlarga olib kelsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
V bob. Oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar
122-modda. Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash
Moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha qilmish xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa, —
ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar shaxs aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni toʻliq toʻlagan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
1221-modda. Bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan bolani ota, ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa yoxud Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan va chet davlat hududida turgan bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qaytarilishini taʼminlamaslik, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha qilmish:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
b) badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, —
uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha qilmish:
a) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
b) jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlsa;
v) boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan bolaning Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida taʼminlagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek ilgari ushbu modda boʻyicha javobgarlikdan ozod qilingan shaxslar mustasno.
123-modda. Ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash
Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan ota-onani yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlashi, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamasligi, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar shaxs aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni toʻliq toʻlagan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
124-modda. Bolani almashtirib qoʻyish
Tamagirlik yoki boshqa past niyatlarda qasddan bolani almashtirib qoʻyish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
125-modda. Farzandlikka olish sirini oshkor qilish
Farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi, yetim yoki ota-ona gʻamxoʻrligidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olishning qonun bilan qoʻriqlanadigan sirini oshkor qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha qilmish:
a) kasb faoliyati yoki xizmat mavqeyiga koʻra farzandlikka olishni sir saqlashi shart boʻlgan shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
b) gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda sodir etilgan boʻlsa;
v) ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
1251-modda. Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
126-modda. Koʻp xotinli boʻlish
Koʻp xotinli boʻlish, yaʼni umumiy roʻzgʻor asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashash —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1261-modda. Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sogʻligʻining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qoʻrqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻyish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki bolani, shuningdek umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsni doʻpposlash, ushbu shaxslarga sogʻliqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, oʻsha harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga sogʻliqning qisqa vaqt, yaʼni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan koʻp boʻlmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqolishiga sabab boʻlgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, —
bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli boʻlmagan va ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sogʻliqning uzoq vaqt, yaʼni kamida yigirma bir kun, ammo toʻrt oydan koʻp boʻlmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining oʻn foizidan oʻttiz uch foizigacha yoʻqolishiga sabab boʻlgan qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, —
uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
v) oʻta shafqatsizlik bilan;
g) gʻarazli niyatlarda;
d) diniy taassublar zamirida;
e) bir guruh shaxslar tomonidan;
j) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97, 104 va (yoki) 105-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
z) oʻta xavfli retsidivist tomonidan;
i) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan boʻlsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish natijasida koʻrish, soʻzlash, eshitish qobiliyatini yoʻqotishga yoxud biron aʼzoning ishdan chiqishiga yoki uning funksiyalari tamoman yoʻqolishiga, ruhiy holatning buzilishiga yoki sogʻliqning boshqacha tarzda yomonlashuviga, umumiy mehnat qobiliyatining oʻttiz uch foizidan kam boʻlmagan qismining yoʻqolishiga yoki homilaning tushishiga yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab boʻlsa, —
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
b) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;
v) oʻta shafqatsizlik bilan;
g) gʻarazli niyatlarda;
d) diniy taassublar zamirida;
e) bir guruh shaxslar tomonidan;
j) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan boʻlsa, —
yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97 va (yoki) 104-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
v) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
g) jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlsa, —
oʻn yildan oʻn ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
127-modda. Voyaga yetmagan shaxsni jinoyat sodir etishga jalb qilish
Voyaga yetmagan shaxsni jinoyat sodir etishga jalb qilish, —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1271-modda. Tilanchilik qilish
Aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bogʻlarida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, koʻchalarda, stadionlarda, bekatlarda, yoʻllarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda soʻrab, tilanchilik bilan shugʻullanish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi boʻlgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar boʻlmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga taʼsir koʻrsatuvchi moddalarni majburan isteʼmol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab;
v) boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilishga majburlagan holda sodir etilgan boʻlsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
128-modda. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish
Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118, 119, 121 va (yoki) 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
b) yaqin qarindoshiga yoki bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga nisbatan;
v) jabrlanuvchini tarbiyalash, oʻqitish va (yoki) unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan sodir etilgan boʻlsa, —
sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1281-modda. Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish
Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, —
uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan toʻrt yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan toʻrt yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
129-modda. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish
Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish, —
ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan;
b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b1) bir guruh shaxslar tomonidan;
v) oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan;
g) nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan;
d) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118, 119, 121 va (yoki) 128-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
e) yaqin qarindoshiga yoki bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga nisbatan;
j) jabrlanuvchini tarbiyalash, oʻqitish va (yoki) unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash muassasasining yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan;
z) telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar zoʻrlik ishlatib yoki qoʻrqitib sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1291-modda. Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni saqlash, tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish
Voyaga yetmagan shaxs tavsiflanganligi yoki tasvirlanganligi aybdorga ayon boʻlgan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlash, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etish, —
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
130-modda. Pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish
Pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek pornografik mahsulotni reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa —
bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, —
uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1301-modda. Tazyiqni, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish
Tazyiqni, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, —
uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
131-modda. Qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash
Gʻarazli yoki boshqa past niyatlarda qoʻshmachilik qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Fohishaxona tashkil etish yoki saqlash —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda;
b) takroran, xavfli retsidivist yoki ushbu Kodeksning 135 yoki 137-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
132-modda. Moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish
Davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish ancha miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.
133-modda. Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish hamda transplantatsiya qilish shartlarini va (yoki) tartibini buzish
Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish hamda transplantatsiya qilishning belgilangan shartlarini va (yoki) tartibini buzish, bundan ushbu Kodeksning 1151, 1331, 1332-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno, xuddi shuningdek vafot etgan odamning aʼzolarini yoki toʻqimalarini u tirikligida uning roziligini olmay turib, ilmiy yoki taʼlim maqsadlarida buzilmaydigan holda saqlash (konservatsiya) uchun olish, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) gʻarazli yoki boshqacha past niyatlarda;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
g) shaxs tomonidan oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa.
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1331-modda. Inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining oldi-sotdisi
Inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining oldi-sotdisi, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1332-modda. Insonning transplantatsiya qilinadigan aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish
Insonning transplantatsiya qilinadigan aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
134-modda. Qabrni tahqirlash
Qabrni yoki murdani tahqirlash, shuningdek murdadagi, qabr ustidagi yoki ichidagi narsalarni olish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
VI bob. Shaxsning ozodligi, shaʼni va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlar
135-modda. Odam savdosi
Odam savdosi, yaʼni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan;
v) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;
g) aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram boʻlgan shaxsga nisbatan;
d) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
e) xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
j) jabrlanuvchini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib oʻtgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda;
z) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qoʻygan, yashirgan yoxud yoʻq qilib yuborgan holda;
i) inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish maqsadida;
k) fohishalik bilan shugʻullanishga jalb etish maqsadida sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) oʻgʻirlash, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qoʻllash orqali sodir etilgan boʻlsa;
b) oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa;
v) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud ushbu Kodeksning 137-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan;
g) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
d) jabrlanuvchining oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa;
e) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
136-modda. Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga toʻsqinlik qilish
Ayolni erga tegishga yoki nikohda yashashni davom ettirishga majbur qilish yoxud ayolning erkiga xilof ravishda u bilan nikohda boʻlish uchun oʻgʻrilash, shuningdek, ayolning erga tegishiga toʻsqinlik qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
137-modda. Odam oʻgʻrilash
Ushbu Kodeksning 245-moddasida nazarda tutilgan alomatlar mavjud boʻlmagani holda odam oʻgʻrilash —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat:
a) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;
b) gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
g) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat:
a) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
b) ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa;
v) inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish maqsadida sodir etilgan boʻlsa, —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
138-modda. Zoʻrlik ishlatib gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish
Birovni zoʻrlik ishlatib gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat:
a) jismoniy azob berib;
b) hayot yoki sogʻliq uchun xavfli sharoitda saqlagan holda sodir etilgan boʻlsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
139-modda. Tuhmat
Tuhmat qilish, yaʼni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirish orqali tuhmat qilish, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Tuhmat:
a) ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab;
b) ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan holda;
v) xavfli retsidivist tomonidan;
g) gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
140-modda. Haqorat qilish
Haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirish orqali haqorat qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Haqorat qilish:
a) jabrlanuvchini oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bogʻliq holda;
b) xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
VII bob. Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi jinoyatlar
141-modda. Fuqarolarning teng huquqliligini buzish
Jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita buzish yoki cheklash yoxud fuqarolarga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar zoʻrlik ishlatib sodir etilgan boʻlsa, —
uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1411-modda. Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish
Shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yigʻish yoki tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) ogʻir oqibatlarga olib kelgan boʻlsa;
b) gʻarazli niyatlarda sodir etilgan boʻlsa;
v) xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1412-modda. Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Shaxsga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish, xuddi shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilayotganda jisman Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan shaxsga doir maʼlumotlar bazalarida shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik, oʻsha harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
v) gʻarazli yoki boshqa past niyatlarda;
g) xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa;
d) ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1413-modda. Shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish
Shaxs tanasining va (yoki) jinsiy aʼzolarining yalangʻoch holdagi foto- va (yoki) videotasvirini oʻz ichiga olgan axborotni uning roziligisiz tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish yoxud bunday axborotni tarqatish bilan qoʻrqitish, —
bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —
uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
142-modda. Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish
Turar joyga unda yashovchilarning erkiga xilof ravishda zoʻrlik ishlatib gʻayriqonuniy bostirib kirish —
uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
143-modda. Xat-yozishmalar, telefonda soʻzlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarning sir saqlanishi tartibini buzish
Xat-yozishmalar, telefonda soʻzlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarning sir saqlanishi tartibini qasddan buzish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
144-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini taʼminlamaganlik yoki murojaat munosabati bilan maʼlum boʻlib qolgan jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, xuddi shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni boshqacha tarzda buzish jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila aʼzolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila aʼzolarini ular davlat organiga, davlat muassasasiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun, xuddi shuningdek boshqacha shaklda tanqid qilganligi uchun mansabdor shaxs tomonidan taʼqib etish, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
145-modda. Vijdon erkinligini buzish
Diniy tashkilotning qonuniy faoliyatiga yoki diniy marosimlarni oʻtkazishga toʻsqinlik qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish, yoxud uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, xuddi shuningdek ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga oʻqitish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Fuqarolarning oʻz fuqarolik huquqlarini amalga oshirishlariga yoki fuqarolik burchlarini bajarishlariga toʻsqinlik qilish bilan, dindorlardan majburiy yigʻim undirish va soliq olish bilan yoxud shaxsning shaʼni va obroʻsini kamsituvchi chora-tadbirlar qoʻllash bilan yoki diniy taʼlim olishda hamda fuqaro dinga nisbatan, dinga eʼtiqod qilish yoki eʼtiqod qilmaslikka nisbatan, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka nisbatan oʻz munosabatini belgilayotgan paytda majburlash bilan bogʻliq diniy faoliyat yuritish, shuningdek diniy marosimlar oʻtkazishni tashkil etish shaxs badaniga yengil yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
146-modda. Saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni oʻtkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalarning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlarning yoki saylov komissiyalarining yoxud referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning aʼzolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov (ovoz berish) byulletenlariga yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni bila turib notoʻgʻri sanash —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
147-modda. Saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilish
Fuqarolarning deputat yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini saylash yoki saylanish, saylovoldi targʻiboti olib borish huquqlarini, deputatlikka yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod shaxsning ishonchli vakillari oʻz vakolatlarini erkin amalga oshirishlariga, shuningdek fuqarolarning referendumda erkin ishtirok etishlariga zoʻrlik ishlatish, qoʻrqitish, aldash yoki ogʻdirib olish yoʻli bilan toʻsqinlik qilish —
toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
148-modda. Mehnat qilish huquqini buzish
Bila turib, gʻayriqonuniy ravishda ishdan boʻshatish, shunday qilmishlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan gʻayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan boʻshatish, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
1481-modda. Voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi talablarni buzish
Voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sogʻligʻiga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan ishlarda foydalanish, xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
1482-modda. Mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash
Mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xuddi shunday harakat voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, taʼlim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
149-modda. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish
Asarga, ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, seleksiya yutugʻiga va integral mikrosxema topologiyasiga nisbatan mualliflikni oʻzlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek ushbu intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ular rasman eʼlon qilinguniga qadar muallifning roziligisiz oshkor etish, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
g) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —
bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
1491-modda. Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish
Asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning eʼtiboriga yetkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining nusxalarida ularni tayyorlovchilar haqida, ularni ishlab chiqarish joylari toʻgʻrisida, shuningdek mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolgʻon axborotni koʻrsatish koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib;
d) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
1492-modda. Oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻxshash boʻlgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud oʻzganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish
Oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻxshash boʻlgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud oʻzganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan tovar belgisiga, xizmat koʻrsatish belgisiga, geografik koʻrsatkichga va tovar kelib chiqqan joy nomiga nisbatan ogohlantiruvchi tamgʻadan qonunga xilof ravishda foydalanish koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
g) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
1493-modda. Ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, integral mikrosxema topologiyasiga va seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqlarni buzish
Tegishli patentlangan ixtironi, foydali modelni, sanoat namunasini oʻz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif qilish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qoʻllash yoxud bevosita ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul bilan tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, muhofaza qilinadigan integral mikrosxema topologiyasini, shu topologiyali integral mikrosxemani yoki shunday integral mikrosxemani oʻz ichiga olgan buyumni ruxsatsiz qoʻllash, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, sotuvga qoʻyish, sotish, takrorlash va boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish, patentlangan seleksiya yutugʻini ruxsatsiz yetishtirish va takror yetishtirish (koʻpaytirish), nav yoki nasllilik konditsiyalariga yetkazish, seleksiya yutugʻidan ruxsatsiz foydalangan holda yaratilgan mahsulotni sotishga taklif etish, sotish, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish va boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki saqlash koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
g) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
IKKINCHI BOʻLIM TINCHLIK VA XAVFSIZLIKKA QARSHI JINOYATLAR
VIII bob. Tinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlar
150-modda. Urushni targʻib qilish
Urushni targʻib qilish, yaʼni bir mamlakatni ikkinchi mamlakatga nisbatan qoʻzgʻatish uchun turli shakldagi qarashlar, gʻoyalar yoki chaqiriqlar tarqatish —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
151-modda. Agressiya
Bosqinchilik urushini rejalashtirish yoki unga tayyorgarlik koʻrish, shuningdek shu harakatlarni amalga oshirishga qaratilgan fitnada qatnashish —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bosqinchilik urushini boshlash va uni olib borish —
oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
152-modda. Urushning qonun va udumlarini buzish
Tinch aholini yoki harbiy asirlarni qiynash, jismonan qirib yuborish, tinch aholini majburiy ishlarga yoki boshqa maqsadlarda haydab ketish, xalqaro huquq bilan taqiqlangan urush olib borish vositalarini qoʻllash, shaharlar va aholi yashash joylarini behuda vayron qilish, mulkni talon-toroj qilish, shuningdek, bunday harakatlarni qilishga buyruq berishda ifodalangan urush qonun va udumlarini buzish —
oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
153-modda. Genotsid
Genotsid, yaʼni milliy, etnik, irqiy yoki diniy mansubligiga qarab, bir guruh shaxsning jismonan toʻla yoki qisman qirilib ketishiga olib keladigan turmush sharoitini qasddan yaratish, bunday shaxslarni jismonan toʻla yoki qisman qirib yuborish, bola tugʻilishini zoʻrlik bilan kamaytirish yoxud bolalarni ana shu odamlar guruhidan olib, boshqasiga topshirish, shuningdek, bunday harakatlar sodir etish toʻgʻrisida buyruq berish —
oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
154-modda. Yollanish
Yollanish, yaʼni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni koʻzlab, oʻzga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli toʻqnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yollanma shaxsni yollash, oʻqitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy taʼminot berish, xuddi shuningdek undan harbiy toʻqnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish —
yetti yildan oʻn ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1541-modda. Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga kirishi —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga yollanishi —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
155-modda. Terrorizm
Terrorizm — xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzish, xavfsizligiga putur yetkazish, urush va qurolli mojarolar chiqarish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, aholini qoʻrqitish maqsadida davlat organini, xalqaro tashkilotni, ularning mansabdor shaxslarini, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron bir faoliyatni amalga oshirishga yoki amalga oshirishdan tiyilishga majbur qilish uchun zoʻrlik, kuch ishlatish, shaxs yoki mol-mulkka xavf tugʻdiruvchi boshqa qilmishlar yoxud ularni amalga oshirish tahdidi —
sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Vaziyatni beqarorlashtirish yoki davlat organlari tomonidan qaror qabul qilinishiga taʼsir koʻrsatish yoxud siyosiy yoki boshqa ijtimoiy faoliyatga toʻsqinlik qilish maqsadida davlat yoki jamoat arbobi yoxud hokimiyat vakilining davlat yoki jamoatchilik faoliyati munosabati bilan uning hayotiga suiqasd qilish yoki uning badaniga shikast yetkazish —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) odam oʻlishiga;
b) boshqa ogʻir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlsa, —
oʻn besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.
Terrorizmni tayyorlashda ishtirok etgan shaxs, agar u hokimiyat organlariga oʻz vaqtida xabar berish yoki boshqa usul bilan ogʻir oqibatlar yuzaga kelishining hamda terrorchilar maqsadlari amalga oshirilishining oldini olishga faol koʻmaklashgan boʻlsa, basharti bu shaxsning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.
1551-modda. Tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik harakatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va faktlarni xabar qilmaslik
Ushbu Kodeksning 155, 1552, 1553, 158, 159, 161, 242, 245, 254, 2551 va (yoki) 264-moddalarida nazarda tutilgan, dastlabki tergov hamda sud muhokamasi materiallari bilan isbotlangan, aniq maʼlum boʻlgan tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik xususiyatiga ega jinoyat toʻgʻrisida xabar qilmaslik, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Terrorchilik xususiyatiga ega jinoyatlarga nisbatan oʻsha qilmish:
a) odam oʻlishiga;
b) boshqa ogʻir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1552-modda. Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida oʻquvdan oʻtish, chiqish yoki harakatlanish
Shaxsning terrorchilik faoliyatini amalga oshirish yoxud ushbu Kodeksning 155, 158, 159, 161, 242, 245, 254, 2551 va (yoki) 264-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlardan birini sodir etish maqsadida oʻtkazilayotganligi oʻzi uchun ayon boʻlgan oʻquvdan oʻtishi, shu jumladan mazkur jinoyatlarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va koʻnikmalarini egallashi, oʻquv chogʻida qurol-yarogʻ, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini oʻrganishi, shuningdek terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishi, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish uchun oʻquvdan oʻtish yoki terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketish yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanish maqsadida shaxslarni yollash —
sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u terrorchilik faoliyatini amalga oshirish yoxud ushbu Kodeksning 155, 158, 159, 161, 242, 245, 254, 2551 va (yoki) 264-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlardan birini sodir etish maqsadida oʻtkazilayotganligi oʻzi uchun ayon boʻlgan oʻquvdan oʻtganligi, chiqib ketishga yoki harakatlanishga uringanligi toʻgʻrisida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday oʻquvdan oʻtgan, chiqib ketishni, harakatlanishni yoki oʻquvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek oʻquv oʻtkazilgan joyni aniqlashga faol koʻmaklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
1553-modda. Terrorizmni moliyalashtirish
Terrorizmni moliyalashtirish, yaʼni terrorchilik tashkilotining mavjud boʻlishini, faoliyat koʻrsatishini, moliyalashtirilishini, terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishni yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishni taʼminlashga, terrorchilik harakatini tayyorlash va sodir etishga, terrorchilik tashkilotlariga yoxud terrorchilik faoliyatiga koʻmaklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablagʻ-vositalarni, resurslarni berishga yoki yigʻishga, boshqa xizmatlar koʻrsatishga qaratilgan faoliyat —
sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) mansabdor shaxs tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan boʻlsa, —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etgan shaxs, agar u hokimiyat organlariga oʻz vaqtida xabar berish yoki boshqa usul bilan ogʻir oqibatlar yuzaga kelishining hamda terrorchilar maqsadlari amalga oshirilishining oldini olishga faol koʻmaklashgan boʻlsa, basharti bu shaxsning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.
156-modda. Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatish
Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targʻib qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy shaʼn-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy eʼtiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuygʻularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar, shuningdek milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, fuqarolarning ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targʻib qilish, xuddi shuningdek milliy, irqiy, etnik mansubligiga yoki dinga munosabatiga qarab, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash yoxud ularga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli usulda;
b) badanga ogʻir shikast yetkazgan holda;
v) fuqarolarni doimiy yashash joyidan zoʻrlik ishlatib koʻchirgan holda;
g) mansabdor shaxs tomonidan;
d) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
IX bob. Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar
157-modda. Davlatga xoinlik qilish
Davlatga xoinlik qilish, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi tomonidan josuslik, chet el davlatiga, chet el tashkilotiga yoki ularning vakillariga davlat sirlarini yetkazish yoxud Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi dushmanlik faoliyati olib borishda boshqacha yordam koʻrsatish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasining suverenitetiga, hududiy daxlsizligiga, xavfsizligiga, mudofaa salohiyatiga, iqtisodiyotiga zarar yetkazishga qaratilgan qasddan sodir etilgan qilmish —
oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Chet el davlati yoki tashkiloti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi qaratilgan davlatga zarar yetkazuvchi faoliyatni amalga oshirishda hamkorlik qilish uchun jalb qilingan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi oʻzining bunday hamkorligi toʻgʻrisida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda arz qilsa, uning faoliyati esa respublika manfaatlariga zarar yetkazmagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
Basharti, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi, oʻz qilmishi toʻgʻrisida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilib, jinoyatni ochishga faol yordam bergan va buning natijasida davlat uchun kelib chiqishi mumkin boʻlgan ogʻir oqibatlarning oldi olingan boʻlsa, jazodan ozod qilinadi.
158-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hayotiga tajovuz qilish —
oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti badaniga qasddan shikast yetkazish —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish —
uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
159-modda. Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda oʻzgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qoʻyilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq daʼvat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish —
https://neolex.uz/uz/laws/criminal
