51-modda. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish favqulodda jazo chorasi boʻlib, mahkumni maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasiga joylashtirish orqali jamiyatdan muddatsiz ajratib qoʻyishdan iboratdir.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish (118-moddaning toʻrtinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki uning ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning toʻrtinchi qismi), terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun belgilanadi.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayolga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga va oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan tayinlanishi mumkin emas.
