50-modda. Ozodlikdan mahrum qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Ozodlikdan mahrum qilish mahkumni jamiyatdan ajratib jazoni ijro etish koloniyasi yoki turmaga joylashtirishdan iboratdir.
Ozodlikdan mahrum qilish bir oydan yigirma yilgacha muddatga belgilanadi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yigirma yildan ortiq, lekin yigirma besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga belgilanadi va faqat javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish (118-moddaning toʻrtinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki uning ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning toʻrtinchi qismi), terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun tayinlanishi mumkin.
Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayolga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga va oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan tayinlanishi mumkin emas.
Ozodlikdan mahrum qilish ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan bir necha jazolarni qoʻshish tartibida tayinlanganda, uning muddati yigirma besh yilgacha belgilanishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng koʻp muddatining uchdan ikki qismidan ortiq boʻlishi mumkin emas, bundan bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar mustasno.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan erkaklarga nisbatan:
a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyati, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyati uchun va qasddan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni manzil-koloniyalarda;
b) qasddan ogʻir jinoyat sodir etganlik va oʻta ogʻir jinoyati uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda;
v) ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtab chiqib yoki oʻtayotgan chogʻida, qasddan yangi sodir etgan jinoyati uchun hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni qattiq tartibli koloniyalarda;
g) oʻta xavfli retsidivistlarga nisbatan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda oʻtash tayinlanadi. Umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar, shuningdek afv etish tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan shaxslar ham jazoni maxsus tartibli koloniyalarda oʻtaydilar.
