88-modda. Majburlov choralari
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan quyidagi majburlov choralari qoʻllaniladi:
a) sud belgilaydigan shaklda jabrlanuvchidan uzr soʻrash majburiyatini yuklash;
b) oʻn olti yoshga toʻlgan shaxs zimmasiga yetkazilgan zararni oʻz mablagʻi hisobidan yoki mehnati bilan toʻlash yoki bartaraf qilish majburiyatini yuklash. Ushbu chora agar yetkazilgan zarar belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oshib ketmagan boʻlsa qoʻllaniladi. Boshqa hollarda yetkazilgan zarar fuqaroviy huquqiy tartibda undiriladi;
v) voyaga yetmaganni taʼlim tashkilotiga, tarbiya muassasasiga va ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi muassasaga joylashtirish;
g) nazorat ostiga berish.
Voyaga yetmagan shaxslarning taʼlim tashkilotida, tarbiya muassasasida va ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi muassasada nazorat ostida boʻlish muddati va shartlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi bilan belgilanadi.
