571-modda. Aybdor oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlganida jazo tayinlash
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Ushbu Kodeks 55-moddasi birinchi qismining “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar mavjud boʻlgan va ushbu Kodeks 56-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar mavjud boʻlmagan taqdirda jazo muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng koʻp jazoning uchdan ikki qismidan oshmasligi kerak. Mazkur qoida javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish (118-moddaning toʻrtinchi qismi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki uning ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning toʻrtinchi qismi) va terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
