28-modda. Foydalanuvchilarning huquqlari
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlaridan foydalanish;
oʻz foydalanuvchi qurilmalarini qonunchilikda belgilangan shartlar asosida va tartibda umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlariga ulash;
operatorlar va provayderlar tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq oʻz vaqtida va sifatli xizmatlar koʻrsatilishini talab qilish;
texnik imkoniyatlar mavjud boʻlgan taqdirda operatorlar va provayderlarni erkin tanlash;
muayyan xizmatlarga doir alohida tarif rejalaridan operator tomonidan belgilangan shartlarga muvofiq maqsadli foydalanish;
operator va provayder shartnomada kelishilgan shartlarni buzgan taqdirda telekommunikatsiyalar xizmatlarini rad etish;
telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatmaganlik yoki lozim darajada sifatli xizmatlar koʻrsatmaganlik natijasida yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanishini, maʼnaviy ziyonning kompensatsiya qilinishini talab etish;
oʻz huquqlari buzilgan taqdirda vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilish.
Foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
