27-modda. Operatorlar va provayderlarning majburiyatlari
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Operatorlar va provayderlar:
telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziya talablari va shartlariga, shuningdek belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshirishi;
koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishini taʼminlashi;
koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini baholash uslublarini ochiq manbalarda koʻrsatishi;
telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan barcha turdagi soʻzlashuvlarning, xabarlarning sir saqlanishiga rioya etishi;
xizmatlar koʻrsatish shartlari va tartibi toʻgʻrisidagi, shu jumladan telekommunikatsiyalar xizmatlarining tariflari oʻzgarishi toʻgʻrisidagi toʻliq axborotni foydalanuvchilarga oʻz vaqtida taqdim etishi;
qonunchilikka, shuningdek litsenziya talablari va shartlariga muvofiq vakolatli davlat organi bilan kelishuvga koʻra oʻz tarmoqlarini izchillik bilan rivojlantirishi hamda kengaytirishi;
telekommunikatsiyalar xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun, shuningdek xizmatlarni koʻrsatmaganlik yoki lozim darajada sifatli xizmatlar koʻrsatmaganlik oqibatida foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qonunchilikka muvofiq qoplashi;
oʻzi koʻrsatayotgan xizmatlar toʻgʻrisidagi axborotni bepul taqdim etishi, shuningdek abonentlarni qoʻllab-quvvatlash markazi orqali abonentlarning murojaatlarini bepul qabul qilishi va ularning ijrosini taʼminlashi shart.
Operatorlar va provayderlarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
