“43-modda. Korxona, muassasa, tashkilot maʼmuriyatining kasaba uyushmasi komitetining oldindan roziligini olgan holda oʻz tashabbusi bilan mehnat shartnomasini (kontraktni) bekor qilishi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat qonunlari kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (929-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Korxona, muassasa, tashkilot kasaba uyushmasi komitetining oldindan roziligini olmay turib, korxona, muassasa, tashkilot maʼmuriyatining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini (kontraktni) bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, quyidagi hollar bundan mustasnodir:
1) korxona, muassasa, tashkilot tugatilganda;
2) ishga qabul qilish paytida belgilangan sinov qoniqarsiz natija berganda;
3) ilgari shu ishni bajarib kelgan xodim ishga qayta tiklanganda;
4) kasaba uyushmasi komiteti mavjud boʻlmagan korxona, muassasa yoki tashkilotdan har qanday asos boʻyicha ishdan boʻshatilganda;
5) korxona, muassasa va tashkilot (filial, vakolatxona, boʻlim va boshqa alohida boʻlinma)ning rahbari, uning oʻrinbosarlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek fuqarolarning jamoat birlashmalari lavozimga saylab, tasdiqlab yoki tayinlab qoʻyadigan rahbar xodimlar har qanday asos boʻyicha ishdan boʻshatilganda;
6) basharti, ishdan boʻshatish korxona, muassasa, tashkilot kasaba uyushmasi komiteti bilan kelishish lozimligi ustavda (nizomda) nazarda tutilmagan boʻlsa, intizom toʻgʻrisidagi ustav (nizom) boʻyicha boʻshatilganda;
7) oʻrindoshlik tarzida ishlamaydigan boshqa xodimning qabul qilinishi munosabati bilan oʻrindoshlik asosida bajarilayotgan ishdan, shuningdek mehnat shartlariga koʻra oʻrindoshlik ishi cheklanishi munosabati bilan ishdan boʻshatilganda.
