27-modda. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar xodimlari soni (shtati) qisqarishi, qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi munosabati bilan boʻshatilayotgan xodimlarga moddiy madad berish kafolatlari
Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida (510-XII-son) · Sana: 13.01.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Xodimlar soni (shtatlar) qisqarishi, korxonalar, muassasalar va qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi munosabati bilan ishdan boʻshatiladigan xodimlarning ish qidirish davrida oldingi ish joyidagi ikki oylik oʻrtacha ish haqi (ishdan boʻshatish nafaqasi qoʻshib hisoblanganda) saqlanib qoladi. Xodimlar ishdan boʻshatilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida davlat ish bilan taʼminlash xizmatlarida roʻyxatdan oʻtsalar uchinchi oy uchun ham oldingi ish joyidan oʻrtacha ish haqini davlat ish bilan taʼminlash xizmatlarining maʼlumotnomasiga binoan olishga haqlidirlar. Yuqoridagi sabablarga koʻra ishdan boʻshatilgan xodimlar har qanday holatda ham ishdan boʻshagan vaqtdan boshlab uch oy muddat ichida mehnat stajini saqlab qoladilar.
Basharti ishdan boʻshatilgan xodimga uch oy ichida maqbul keladigan ish topib berilmasa, u ishsizlik maqomiga ega boʻladi; ammo shu davr ichida u taklif etilgan maqbul keladigan ishning ikkitasini rad etsa, ishsizlik maqomiga ega boʻlmaydi va u oʻttiz kalendar kunidan soʻng umumiy asosda ish qidiruvchi shaxs sifatida yangidan roʻyxatga olinadi.
Tugatilayotgan korxona, muassasa va tashkilotlarning ishdan boʻshatilayotgan xodimlarga toʻlanishi lozim boʻlgan ish haqlari (tovonlar)ni toʻlash uchun yetarli mablagʻlari boʻlmagan taqdirda, toʻlovlar ularning huquqiy vorislari mablagʻidan toʻlanadi. Tugatilayotgan korxona, muassasa va tashkilotlarning huquqiy vorislari boʻlmgan taqdirda, ishdan boʻshatilayotganlarga toʻlovlar aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan toʻlanib, soʻngra u qonunlarda belgilangan tartibda qoplanadi.
2. Korxona, muassasa va tashkilolar tugatilishi, qayta tuzilishi, xodimlar soni (shtatlar) qisqartirilishi munosabati bilan ishdan boʻshatilgan, davlat ish bilan taʼminlash xizmatidan 10 ish kuni ichida roʻyxatdan oʻtgan hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda kasbini qayta oʻrganayotgan yoki malakasini oshirayotgan mehnatkashlarning stipendiyasi ishdan boʻshagan kundan boshlab dstlabki 3 oy davomida oldingi ish joyidagi oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmasligi kerak.
3. Ish bilan taʼminlash davlat xizmati korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan ishdan boʻshatiladigan shaxslarni ishga qabul qilishda oʻqishini tashkil etish xarajatlarini toʻla yoki qisman qoplashi mumkin.
