28-modda. Fuqarolarga kasb oʻrganish, malaka oshirish va qayta tayyorgarlikdan oʻtish davrida toʻlanadigan stipendiyalarning miqdori
Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida (510-XII-son) · Sana: 13.01.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Ushbu Qonunning 27-moddasida sanab oʻtilgan shaxslardan tashqari ishidan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan, ish bilan taʼminlash davlat xizmati tomonidan roʻyxatga olingan, qaramogʻida voyaga yetmagan bolalari va boshqa kishilar boʻlgan shaxslarga kasb oʻrganish, malakasini oshirish yoki qayta tayyorgarlikdan oʻtish davrida eski ish joyidagi oʻrtacha oylik ish haqining 75 foizidan (qaramogʻida bolalari va boshqa kishilar boʻlmaganlarga esa — 50 foizidan) kam boʻlmagan, biroq Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kam boʻlmagan va respublikada tarkib topgan oʻrtacha ish haqidan ortiq boʻlmagan miqdorda stipendiya toʻlanadi.
2. Mehnat intizomini buzganligi uchun ishdan boʻshatilgan, shuningdek uzoq vaqt ishlamayotgan, birinchi marta ish qidirayotgan va kasb oʻrganishga, malaka oshirishga va qayta tayyorgarlikdan oʻtishga muhtoj boʻlgan shaxslarga aholining shu toifasi uchun nazarda tutilgan ishsizlik nafaqasidan kam boʻlmagan va Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqidan ortiq boʻlmagan miqdorda stipendiya tayinlanadi.
