29-modda. Ishsizlik nafaqalarini toʻlash shartlari va muddatlari
Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida (510-XII-son) · Sana: 13.01.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Ishsizlik nafaqasi belgilangan tartibda ishsiz deb topilgan shaxslarga ular aholini ish bilan taʼminlash davlat xizmatida roʻyxatdan oʻtgan kunlaridan boshlab tayinlanadi.
Ishsizlik nafaqalari olish huquqi ish bilan taʼminlash davlat xizmatida roʻyxatdan oʻtgan paytdan boshlab kechi bilan oʻn birinchi kundan keyin kuchga kiradi va ishga joylashtirish masalasi hal etilgunga qadar amal qilib turadi.
2. Ishsizlik nafaqalarini toʻlash muhlati ishidan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini tiklashga harakat qilayotgan shaxslar uchun oʻn ikki oylik davr mobaynida 26 kalendar haftasidan, ilgari ishlamagan, birinchi bor ish qidirayotgan shaxslar uchun esa 13 kalendar haftasidan oshmasligi kerak.
3. Ishsiz nafaqa olish davrida faol ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta ish bilan taʼminlash davlat xizmatlarida yoʻqlamadan oʻtishi kerak.
4. Xodimlar soni (shtatlar) qisqartirilishi, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi munosabati bilan ishdan boʻshagan, ishsiz deb eʼtirof etilgan, shuningdek pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonunlarga muvofiq umumiy mehnat staji pensiyaga chiqish huquqiga ega boʻlgan shaxslar muddatidan oldin (qonunlarda belgilangan muddatdan 2 yil oldin) pensiyaga chiqishga haqlidirlar.
