37-modda. Ijtimoiy xodimning maqomi
Ijtimoiy ish toʻgʻrisida (O‘RQ-1159-son) · Sana: 23.07.2026 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida ijtimoiy xodimning maqomi tan olinadi va unga oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi, uni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari koʻriladi hamda uning ijtimoiy mavqeyi va obroʻ-eʼtiborini oshirish uchun huquqlar va kafolatlar beriladi.
Ijtimoiy xodim faoliyat olib boradigan tizim qayta tashkil etilgan, butunlay yoki qisman oʻzgartirilgan taqdirda ham ijtimoiy xodim maqomining barqarorligi davlat tomonidan kafolatlanadi.
Tegishli maʼlumotga, kasbiy salohiyatga hamda ish tajribasiga ega boʻlgan shaxslar ijtimoiy xodim sifatidagi faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega.
Yetarli malakaga ega boʻlmaganligi sababli, shuningdek ijtimoiy ish sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplariga zid xatti-harakatlar sodir etganlik uchun ijtimoiy xodim maqomidan mahrum qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ijtimoiy xodimlarning maqomini belgilovchi malaka sertifikatini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
