36-modda. Ijtimoiy xodimning professionallik darajasi va shaxsiy fazilatlari
Ijtimoiy ish toʻgʻrisida (O‘RQ-1159-son) · Sana: 23.07.2026 · Amalda
Ijtimoiy xodimning professionallik darajasi quyidagilar orqali baholanadi:
odob-axloq qoidalariga rioya etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning (oilaning) huquqlarini himoya qilish va shaxsga doir maʼlumotlari maxfiyligini taʼminlash;
oʻz ishini rejalashtirish va muvofiqlashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga (oilalarga) oid hujjatlarni yuritish hamda hisobdorlikni tashkil etish qobiliyati.
Ijtimoiy xodimning shaxsiy fazilatlari quyidagilardan iborat:
oʻzini oʻzi anglash, baholash va tanqidiy fikrlash;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs (oila) bilan samarali muloqot qilish, uni eshitish va unga oʻrinli savol berish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs (oila) bilan oʻzaro munosabatlarda betaraflikni va ijtimoiy adolatni saqlash;
insonparvarlik, har bir shaxsning (oilaning) qadr-qimmatini va huquqlarini hurmat qilish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning (oilaning) individual farqlariga baho bermaslik va bagʻrikenglik.
