35-modda. Ijtimoiy xodimning majburiyatlari
Ijtimoiy ish toʻgʻrisida (O‘RQ-1159-son) · Sana: 23.07.2026 · Amalda
Ijtimoiy xodim:
ijtimoiy ish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning (oilaning) muammolarini va ehtiyojlarini aniqlashi, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsni (oilani) ogʻir ijtimoiy vaziyatdan olib chiqishga koʻmaklashishi;
ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatishda fuqaroning jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, oʻz faoliyatini ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanuvchilarni jalb qilgan holda amalga oshirishi;
ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanuvchilarga ularning oʻz imkoniyatlarini amalga oshirishi, mustaqil faoliyat yuritishiga hamda oʻz qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir koʻnikmalarini oshirishi uchun koʻmaklashishi;
ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatilishi uchun talabgorlarning ehtiyojlarini baholash jarayonida shaxsga doir, shu jumladan uning mol-mulkiga doir oʻzi toʻplagan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi;
ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatishda boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslar, volontyorlar va ijtimoiy sohaga oid boshqa guruhlar bilan hamkorlik qilishi;
oʻz kasbiy salohiyati va malakasini tizimli ravishda oshirib borishi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni (oilalarni) aniqlash va baholash boʻyicha tashkil etiladigan guruh (multidissiplinar guruh) tarkibida ishtirok etishi shart.
Ijtimoiy xodimning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
