41-modda. Kompensatsiya miqdorini belgilash
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Ushbu Qonun 40-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan kompensatsiyalarning miqdori huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimiga binoan belgilanadi, bunday kelishuv bitimiga erishilmagan taqdirda, kompensatsiyalarning miqdori sud tartibida belgilanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi amalga oshirilishi munosabati bilan huquq egalariga yetkazilgan noqulayliklar uchun qoʻshimcha ravishda Direksiya tomonidan huquq egasiga aniqlangan kompensatsiya miqdorining oʻn ikki foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov sifatida bir martalik pul mablagʻlari beriladi.
Qonunchilikka muvofiq huquq egasiga tegishli boʻlgan, olib qoʻyilgan yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylar (yashash uchun moʻljallanmagan joylar), ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda boshqa binolar va inshootlar mavjud boʻlgan taqdirda, ularning bozor qiymati ham toʻliq hajmda qoplanishi kerak.
Renovatsiya loyihasini amalga oshirish uchun rejalashtirilgan yer uchastkasida (bundan aholi punkti yerlari toifasiga kirmaydigan yerlar, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va muhofaza etiladigan hududlarda joylashgan yer uchastkalari mustasno) joylashgan turar joyga nisbatan huquqni belgilovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan, lekin ushbu turar joyga oʻn besh yil (egalik qilish huquqini yuzaga keltiruvchi muddat) mobaynida xuddi oʻz mulkidek halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxslarga, ushbu koʻchmas mulk obyektlari uchun soliqlar toʻlab kelinganligi tasdiqlangan taqdirda, mazkur koʻchmas mulk obyektlari qiymatining oʻrni qoplanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasi natijasida koʻchish, shu jumladan boshqa turar va noturar joy toifasidagi obyektni vaqtinchalik ijaraga olish zaruriyati vujudga kelgan taqdirda, yashash uchun tayyor va zarur infratuzilma bilan taʼminlangan hududga koʻchiriladi. Bunda nogironligi boʻlgan shaxslar qulay va toʻsiqsiz muhitga ega turar joylarga koʻchiriladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu yer uchastkalarini qonun hujjatlariga muvofiq, birinchi navbatda, qonuniylashtirib berish choralari koʻriladi. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar qonun hujjatlariga muvofiq qonuniylashtirilgan hollarda ushbu Qonunga muvofiq kompensatsiya toʻlanadi.
