40-modda. Kompensatsiya turlari
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Huquq egasiga quyidagilar kompensatsiya qilib beriladi:
turar va noturar joy toifasidagi obyektlar, pul mablagʻlari bilan kompensatsiya qilingan hollarda turar va noturar joy toifasidagi obyektlarning bozor qiymati;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati;
yer uchastkasida joylashgan koʻp yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati;
koʻchish va boshqa turar va noturar joy toifasidagi obyektni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bogʻliq xarajatlar;
yer uchastkasidan, unda joylashgan turar va noturar joy toifasidagi obyektlardan foydalanish natijasida olinishi mumkin boʻlgan boy berilgan ikki yillik foyda;
kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa xarajat va zararlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kompensatsiyalarning miqdorini baholash standartlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi.
Qonunchilikda belgilangan tartibda xususiylashtirilgan yer uchastkalari ularning mulkdorlari bilan kelishuv asosida qayta sotib olish orqali shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilishi mumkin.
Shaharsozlik renovatsiyasi doirasida kompensatsiya berish ushbu Qonunda belgilangan tartibda shaharsozlik renovatsiyasi dasturi tasdiqlanganidan keyin mazkur dastur doirasida amalga oshiriladi.
