68-modda. Suv olish limitlarini belgilash
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv olish limitlari:
suv manbalarining keyingi gidrologik yildagi suvliligi prognozi;
suvdan foydalanish turlarining (iqtisodiyot tarmoqlarining) ustuvorligi;
ajratilayotgan suv olish kvotasining prognoz qilinayotgan hajmi inobatga olingan holda belgilanadi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy, shuningdek davolash ehtiyojlari uchun suv olish limitlari ajratilgan suv olish kvotasidan kam boʻlishi mumkin emas.
Suv olish limitlari tegishli gidrografik zonadagi boshqa suvdan foydalanuvchilar uchun suv olish kvotalariga nisbatan teng foizda belgilanadi.
Suv olish limitlari suv manbalari, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan — yiliga ikki marta vegetatsiya davri uchun 20-martgacha (1-aprel — 30-sentabr) va kuz-qish davri uchun 20-sentabrgacha (1-oktabr — 30-mart) boʻlgan muddatda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga, viloyatlararo va transchegaraviy ahamiyatga ega boʻlgan magistral kanallar (tizimlar) boshqarmalariga, energetika, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti obyektlaridan foydalanuvchi alohida korxonalar va tashkilotlarga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan — yiliga ikki marta vegetatsiya davri uchun 25-martgacha va kuz-qish davri uchun — 25-sentabrgacha boʻlgan muddatda irrigatsiya tizimlari boshqarmalariga, suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga, shuningdek boshqa alohida ahamiyatga ega boʻlgan suvdan foydalanuvchilarga;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan — vegetatsiya davri uchun 28-martgacha va kuz-qish davri uchun 28-sentabrgacha boʻlgan muddatda — suvdan foydalanuvchilarga va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga (shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun), shuningdek boshqa suvdan foydalanuvchilarga belgilanadi.
Yer ostidan suv olish limiti suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalarda koʻrsatiladi hamda rasmiylashtirish chogʻida ruxsatnomaning amal qiladigan muddatiga belgilanadi.
Suv manbalarining suvliligi kamaygan yoki koʻpaygan hollarda suv olish limitlariga tuzatishlar kiritilishi mumkin.
Suvdan foydalanishning belgilangan davri tugaganidan keyin ikki oylik muddatda maxsus vakolatli organlar tomonidan manbalarning amaldagi suvliligi hisobga olingan holda, oʻtgan davr uchun suv olishning uzil-kesil limitlari tasdiqlanadi.
