69-modda. Suv olish limitlarini tasdiqlash
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv olish limitlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining buyrugʻi bilan Gidrometeorologiya xizmati agentligining prognozi asosida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining buyruqlari bilan;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi (Quvasoy shahri boʻlimi) bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun suv olish limitini belgilash uchun suvdan foydalanuvchilar vegetatsiya va kuz-qish davrlari boshlanguniga qadar bir oy oldin, sugʻoriladigan dehqonchilikdan tashqari boshqa ehtiyojlar uchun esa — har yili 1-sentabrga qadar — ularga xizmat koʻrsatadigan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi va quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalar (tabiiy suv manbalaridan suv olinganda);
belgilangan tartibda tasdiqlangan suv yetkazib berish jadvallari (bundan suv quvurlari — ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimining suvidan foydalanuvchilar mustasno).
Suv olish limitlari suv olishning ruxsat etilgan suv manbalari (daryo, soy, buloq, suv havzasi, irrigatsiya tizimi, magistral kanal (tizim), sugʻorish va kollektor tarmogʻi, yer osti suvlari va boshqa suv manbalari) boʻyicha umumiy hajmini aks ettirishi hamda har oʻn kunda aniq suv olish joylari boʻyicha taqsimlangan boʻlishi kerak.
Suv olish limitlarini belgilashda iqtisodiyot tarmogʻining ustuvorligiga hamda barcha suvdan foydalanuvchilarning alohida suv manbalari va irrigatsiya tizimlari boʻyicha kutilayotgan suvlilik hisobga olingan holda, suv bilan teng barobarda taʼminlanishiga rioya etilishi kerak.
