67-modda. Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomalar maxsus axborot tizimida elektron shaklda:
viloyatlararo va transchegaraviy ahamiyatga ega boʻlgan, shuningdek yirik va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanuvchi ayrim tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tarkibiga kiradigan foydalanuvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar — tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan;
suv yetkazib beruvchi tashkilotlar tomonidan fermer va dehqon xoʻjaliklari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xizmat koʻrsatish hududidagi boshqa suvdan foydalanuvchilar bilan tuzilgan shartnomalar — tumanlar qishloq xoʻjaligi boʻlimlari (Quvasoy shahar boʻlimi) tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisida belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalar roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, tumanlar qishloq xoʻjaligi boʻlimlarida (Quvasoy shahar boʻlimida) roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomalarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomalar reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga va uning hududiy boʻlinmalariga (sunʼiy suv obyektlaridagi suvdan foydalanilganda), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining tegishli organlariga (tabiiy suv obyektlaridagi suvdan foydalanilganda) belgilangan tartibda nazoratni taʼminlash uchun beriladi.
