66-modda. Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnoma
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan foydalanish suv yetkazib beruvchi tashkilot va suvdan foydalanuvchi oʻrtasida tuziladigan suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilot suvdan foydalanuvchilardan soʻrovnoma olganda, agar ular xizmat koʻrsatish hududida joylashgan va suv olish kvotasiga ega boʻlsa, ular bilan suvdan foydalanish toʻgʻrisida shartnoma tuzishi shart.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomada suv olish kvotalari, yetkazib beriladigan suv hajmlarini suv olishning har yillik yoki mavsumiy limitlari, suvni yetkazib berganlik uchun toʻlovning miqdorlari va mexanizmlari, suv yetkazib berishning boshqa shartlari, shuningdek taraflarning huquq va majburiyatlariga qarab oʻzgartirish mexanizmlari shartlashib olinadi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomaning namunaviy shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan (bundan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (suvni tabiiy suv obyektlaridan olishda), Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi (suvni yer osti suvlaridan olishda), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomani tuzishda suv olish kvotasining mavjudligi majburiy talab hisoblanadi.
Taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga binoan suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
