21-modda. Telekommunikatsiyalar infratuzilmasini rivojlantirish
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Telekommunikatsiyalar infratuzilmasi telekommunikatsiyalar vositalari majmuidan iboratdir.
Telekommunikatsiyalar infratuzilmasi, mulk shaklidan qatʼi nazar, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlari jumlasiga kiradi.
Telekommunikatsiyalar infratuzilmasini rivojlantirish hamda rekonstruksiya qilish ularning egalari tomonidan oʻz mablagʻlari, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Umumdavlat vazifalarini hal etishga moʻljallangan telekommunikatsiyalar infratuzilmasini rivojlantirish hamda rekonstruksiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan va qonunchilikda belgilangan tartibda moliyalashtiriladigan davlat dasturlariga va boshqa dasturlarga asosan amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiyalar infratuzilmasini rivojlantirish hamda rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi yuridik va jismoniy shaxslarga qonunchilikda belgilangan tartibda soliqqa oid va boshqa imtiyozlar berilishi mumkin.
Shaharlarni, shaharchalarni va boshqa aholi punktlarini, turar-joy dahalari va majmualarini, alohida binolar va inshootlarni loyihalashtirish hamda rivojlantirish chogʻida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari belgilangan normativlarga muvofiq telekommunikatsiyalar vositalarini joylashtirish uchun binolar yoki alohida xonalar qurilishini, yer osti aloqa liniyalarini qurish uchun joylar ajratilishini nazarda tutishi kerak. Ushbu maqsadlar uchun yer (joy) ajratilishini asossiz ravishda rad etgan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va mansabdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Telekommunikatsiyalar vositalari, shu jumladan kabel kanalizatsiyasi, kuchsiz tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiyalar uskunalarini joylashtirish uchun maydonlar va boshqa zarur passiv telekommunikatsiyalar infratuzilmasi bilan taʼminlanmagan jamoat, maʼmuriy, turar joy hamda sanoat binolari va inshootlarini qurishga hamda foydalanishga qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yuridik shaxslar telekommunikatsiyalar inshootlari qurilishini shu maqsad uchun berilgan yer uchastkalarida belgilangan tartibda amalga oshirishga, shuningdek binolar va inshootlarning tomlariga (tayanchlarga, koʻpriklarga, kollektorlarga, yer osti yoʻllariga va boshqa inshootlarga) ushbu yer uchastkalari, binolar va inshootlarning mulkdorlari (egalari, ijarachilari) bilan kelishilgan holda telekommunikatsiyalar vositalarini oʻrnatishga hamda xizmat koʻrsatishga haqlidir.
