20-modda. Telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon soʻzlashuvlarining, elektron va boshqa xabarlarning (maʼlumotlarning) sir saqlanishi
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon soʻzlashuvlari, shuningdek elektron va boshqa xabarlar (maʼlumotlar) (bundan buyon matnda xabarlar deb yuritiladi) sir saqlanishi shart.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon soʻzlashuvlari va xabarlar toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek xabarlar operatorlar va provayderlar tomonidan faqat abonentlarning oʻzlariga, bunday xabarlarni joʻnatuvchilarga va ularni oluvchilarga yoki ularning qonuniy vakillariga berilishi mumkin.
Telefonlar va boshqa foydalanuvchi qurilmalari orqali olib borilayotgan soʻzlashuvlarni eshitishga, telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan xabarlar bilan tanishishga, ular toʻgʻrisida axborot olishga, shuningdek ularning sir saqlanishini boshqacha usulda cheklashga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda hamda sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.
Telekommunikatsiyalar tarmogʻidan oʻrnatilgan himoya tizimlarini chetlab oʻtgan holda foydalanish va telekommunikatsiyalar tarmogʻidan xalqaro trafikni oʻtkazish maqsadida qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish taqiqlanadi.
Ushbu modda talablarining buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar va boshqa shaxslar qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
