22-modda. Tarmoqlararo ulanishlar
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Tarmoqlararo ulanishlar texnologik xizmatlarning bir turidir.
Tarmoqlararo ulanishlar turli telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan foydalanuvchilar oʻrtasida axborotni uzatish va qabul qilish uchun amalga oshiriladi.
Ulanayotgan operatorlar va provayderlar tarmoqlararo ulanishlarni ulayotgan operator yoki provayderning texnik shartlari boʻyicha hamda telekommunikatsiyalar sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga va telekommunikatsiyalar faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshirishi kerak.
Tarmoqlararo ulanishlar tegishli telekommunikatsiyalar tarmoqlarining operatorlari va provayderlari oʻrtasidagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini oʻzaro ulash, operatorlar tomonidan oʻzaro xizmat koʻrsatish hamda ular oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi va shartlari tartibga soluvchi organ tomonidan tasdiqlanadi.
