31-modda. Temir yoʻl transportida moliyaviy-xoʻjalik faoliyati
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida moliyaviy-xoʻjalik faoliyati oʻz xoʻjalik faoliyati daromadlari hisobidan, yoʻlovchilarni ichki qatnovlarda tashish (bundan yoʻlovchilarni yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda tashish mustasno) bilan bogʻliq zararlarning oʻrnini qoplash qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportini rivojlantirish vazifalarini hal qilish uchun vakolatli tashkilot tomonidan markazlashtirilgan sugʻurta va zaxira jamgʻarmalari tashkil etilishi mumkin.
Yuk joʻnatuvchilarning (joʻnatuvchilarning) va yukni oluvchilarning (oluvchilarning), ekspeditorlarning yuklarni va yuk bagajini tashiganlik, yuk operatsiyalari, transport-ekspeditorlik xizmatlari va harakatdagi tarkibdan foydalanganlik uchun umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar, infratuzilma operatori bilan hisob-kitoblari, shuningdek shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik va umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalariga, tashuvchilarga, infratuzilma operatoriga yetkazilgan zarar uchun neustoykalar toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shahar atrofidagi yoʻlovchilarni tashishni moliyalashtirish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan yoxud manfaatdor yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Tashuvchilar, vagonlar (konteynerlar) va infratuzilma operatorlari faoliyatining davlat ulushi boʻyicha, shuningdek vokzallar xoʻjalik faoliyatidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga toʻlanadigan dividendlar, temir yoʻl transporti obyektlarini rivojlantirishga yoʻnaltirish sharti bilan ularning oʻz ixtiyorida qoldiriladi. Bundan konsessiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuv asosida amalga oshiriladigan loyihalar mustasno.
