32-modda. Temir yoʻl transportiga investitsiyalar
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Davlat temir yoʻl transportini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti obyektlarini qurish, yangilash, rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilish vakolatli tashkilotning, infratuzilma operatorining oʻz mablagʻlari hisobidan, jumladan davlat ulushi hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga toʻlanadigan dividendlar tarzidagi mablagʻlar, chet el hukumat moliya tashkilotlarining va xalqaro moliya institutlarining davlat kafolati ostida jalb qilinadigan mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan, shuningdek davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuvlar, yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar asosida amalga oshiriladi.
Umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllarni, toʻxtash punktlarini, yuk saroylarini va umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportining boshqa obyektlarini qurish manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning tashabbusiga koʻra hamda ularning mablagʻlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Temir yoʻl transporti obyektlarini qurish, yangilash, rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilish uchun ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan temir yoʻl transporti faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday boshqa faoliyatni moliyalashtirish uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
