16-modda. Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini bekor qilish
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (562-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining arizasi asosida roʻyxatga olish markazi tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Roʻyxatga olish markazi, elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining roziligidan qati nazar, quyidagi hollarda elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini bekor qilishi shart, agar:
mazkur sertifikatning amal qilish muddati tugagan boʻlsa;
elektron raqamli imzo kalitining sertifikati berilishiga asos boʻlgan hujjatning amal qilishi tugatilganligi aniq maʼlum boʻlsa;
elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi ushbu Qonun 10-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan oʻz majburiyatlarini bajarmagan hollar aniqlangan boʻlsa.
Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish muddati tugagan va elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining uni qayta tiklash haqida arizasi boʻlmagan taqdirda ham elektron raqamli imzo kalitining sertifikati bekor qilinishi kerak.
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini bekor qilish elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining arizasi olingan yoki ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida bayon qilingan holatlar yuzaga kelgan kunda roʻyxatga olish markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi yozuv roʻyxatga olish markazi tomonidan elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining reyestriga kiritilib, bu haqda elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi xabardor qilinadi.
