17-modda. Mijozning huquq va majburiyatlari
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Mijoz quyidagi huquqlarga ega:
tashish shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlar tashuvchi tomonidan bajarilishini talab qilish;
tashuvchi va harakatlanish yoʻnalishi toʻgʻrisida zarur axborot olish;
transport xizmatlari bozorida transport turini erkin tanlash;
tashish qoidalarida yoki shartnomasida belgilangan xizmatlarning tashuvchi tomonidan oʻz vaqtida va sifatli koʻrsatilishi;
qonunchilikka muvofiq fuqarolarning alohida toifasi uchun nazarda tutilgan imtiyozli va bepul yurish;
qonunchilikka muvofiq tashish orqali yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini, maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishini talab qilish.
Mijoz qonunchilikka va tashish shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Mijoz:
tashuvchi bilan tuzilgan tashish shartnomasi shartlariga rioya etishi;
majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi lozim boʻlgan joʻnatilayotgan yuk uchun muvofiqlik sertifikatini tashuvchiga taqdim etishi;
tashish qoidalariga rioya etishi;
bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini transportda tashish uchun tayyor holda taqdim etishi;
yoʻlovchi transportida oʻzini tutish qoidalariga rioya etishi shart.
Mijozning zimmasida qonunchilikka va tashish shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
