18-modda. Tashuvchining huquq va majburiyatlari
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Tashuvchi quyidagi huquqlarga ega:
narx belgilash qoidalariga muvofiq tashish narxlarini erkin belgilash, bundan tartibga solinadigan tariflar belgilangan hollar mustasno;
fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid, ekologiya va sanitariya normalari buzilishi yoki boshqa gʻayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik) yuzaga kelishiga sabab boʻladigan holatlarda tashishni rad etish.
Tashuvchi qonunchilikka va tashish shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Tashuvchi:
litsenziyaga, sertifikatga, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga va (yoki) tashish uchun ruxsatnomaga ega boʻlishi, agar bu Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boʻlsa;
mijoz bilan belgilangan shaklda shartnoma tuzishi;
tashishlarni belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan transport vositalarida amalga oshirishi;
qonunchilikka muvofiq tashish orqali yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi, maʼnaviy zararni kompensatsiya qilishi;
yoʻlovchi xavfsizligini, unga zarur qulayliklar va xizmat koʻrsatish sharoitlari yaratilishini, yoʻlovchi tomonidan bagaj hamda yuk bagaji topshirilgan taqdirda esa uning bagaji va yuk bagaji oʻz vaqtida tashilishi hamda but saqlanishini ham taʼminlashi;
harakat xavfsizligini taʼminlashi;
majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi lozim boʻlgan joʻnatilayotgan yuk uchun muvofiqlik sertifikatining koʻchirma nusxasini mijozdan talab qilishi;
qonunchilikka muvofiq alohida toifadagi yoʻlovchilarni bepul tashishni amalga oshirishi yoki ularga kira haqini toʻlash boʻyicha boshqa imtiyozlarni taqdim etishi;
yoʻlovchilarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun oʻzining fuqarolik javobgarligini sugʻurtalashi;
jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslarning transport vositalaridan, axborotdan, shuningdek aloqa vositalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi, tashish bilan bogʻliq boshqa xizmatlar koʻrsatish chogʻida zarur shart-sharoitlar yaratishi shart.
Tashuvchining zimmasida qonunchilikka va tashish shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
