14-modda. Dehqon xoʻjaligining moliyaviy xizmatlardan foydalanishi
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Dehqon xoʻjaligi oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar olishi, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda pul mablagʻlarini ixtiyoriylik va shartnoma shartlari asosida garov, kafolat, sugʻurta, shuningdek kredit va qarz majburiyatlarining bajarilishini taʼminlashning boshqa turlarini qoʻllagan holda jalb etishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va realizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan jihozlar, texnika vositalari hamda asbob-uskunalarni lizing shartnomasi asosida oʻz egaligiga olish va ulardan foydalanish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi ishlab chiqarish obyektlarini (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari hududidan tashqarida) qurish, asosiy vositalarni xarid qilish uchun uzoq muddatli va qisqa muddatli kreditlar olish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi kredit olish uchun oʻz tasarrufidagi yer uchastkasiga boʻlgan mulkiy huquqlarni (egalik qilish, foydalanish), dehqon xoʻjaligi aʼzolarining xususiy mulkini, kelgusida olinadigan hosilni garovga qoʻyishga haqli.
Dehqon xoʻjaligi oʻziga qarashli yoki ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining, qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining (koʻchatzorlarining), koʻp yillik dov-daraxtlarning, ishlab chiqarilgan mahsulotning, xom ashyoning, materiallarning yoʻqotilishi (nobud boʻlishi), kamomadi yoki shikastlanishi xavfini, tadbirkorlik xavfini, shuningdek shartnomalarni buzganlik uchun oʻz javobgarlik xavfini ixtiyoriylik asosida sugʻurta qilishni amalga oshiradi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda sugʻurta tovoni oladi.
Kreditlash, sugʻurta va lizing boʻyicha kichik biznes hamda qishloq xoʻjaligi korxonalariga beriladigan imtiyozlarning barcha turlari dehqon xoʻjaliklariga ham tatbiq etiladi.
