13-modda. Dehqon xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Dehqon xoʻjaligi oʻzi ishlab chiqarayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga bozordagi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib mustaqil ravishda narxlar belgilaydi.
Dehqon xoʻjaligi Dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestridan koʻchirma asosida oʻz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qoʻshimcha hujjatlarsiz (ruxsatnomalarsiz) Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin tashish va realizatsiya qilish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini dalasida, dehqon bozorlarida va savdo markazlarida, shuningdek aholi punktlarida sayyor savdo tashkil etish yoʻli bilan qoʻshimcha ruxsatnomalarsiz (litsenziyalarsiz) realizatsiya qilish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini naqd pulga yoki bank kartalari boʻyicha naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali cheklovlarsiz realizatsiya qilish huquqiga ega. Bunda dehqon xoʻjaligi xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun kassa operatsiyalari qoidalarida nazarda tutilgan hisob yuritishi shart emas.
Dehqon xoʻjaligi oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi tomonidan oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlarga soliq solinmaydi.
