12-modda. Dehqon xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyati
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Dehqon xoʻjaligi oʻz ixtisoslashuvini, shu jumladan qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlari va hajmlarini, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish usullarini mustaqil ravishda belgilaydi.
Dehqon xoʻjaligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan urugʻlik, mineral oʻgʻitlar hamda yoqilgʻi-moylash materiallarini sotib olishda, shuningdek boshqa moddiy resurslar hamda xizmatlardan foydalanishda boshqa qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari bilan teng huquqlarga egadir. Shu maqsadda dehqon xoʻjaligi boshligʻi tegishli tashkilotlar bilan belgilangan tartibda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishi, birja savdolarida ishtirok etishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligi oʻzi ishlab chiqarayotgan va realizatsiya qilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifatiga taalluqli boʻlgan, milliy standartlarda, sanitariya qoidalari va normalarida, gigiyena normativlarida, veterinariya, yongʻinga qarshi qoidalarda va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan talablarga rioya etishi kerak.
Dehqon xoʻjaliklarining xoʻjalik faoliyatiga, shu jumladan ular tomonidan yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarini tanlashga, ishlab chiqariladigan hamda realizatsiya qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga narx belgilashga davlat organlari va tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
