15-modda. Dehqon xoʻjaligida mehnat munosabatlari
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Dehqon xoʻjaligining faoliyati xoʻjalik aʼzolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Dehqon xoʻjaligining ixtisoslashuviga qarab, muayyan ishni bajarish uchun mehnat shartnomasi shartlari asosida boshqa shaxslar vaqtinchalik (mavsumiy) asosda jalb etilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligining aʼzolari, shuningdek dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxslar ijtimoiy soliq toʻlaydi. Bunda dehqon xoʻjaligi boshligʻi ijtimoiy soliqni majburiy tartibda, boshqa aʼzolari va dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxslar ixtiyoriy asosda toʻlaydi. Ijtimoiy soliqni toʻlash dehqon xoʻjaligi aʼzosining va dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxsning mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir kalendar yil deb hisobga olinadi. Ijtimoiy soliqni toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilanadi.
Dehqon xoʻjaliklari aʼzolariga ijtimoiy sugʻurta (taʼminot) boʻyicha davlat pensiyalari va nafaqalarini tayinlash hamda toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida amalga oshiriladi.
Dehqon xoʻjaligining boshligʻi dehqon xoʻjaligida mehnat shartnomasi shartlariga koʻra vaqtinchalik (mavsumiy) asosda ishlayotgan jismoniy shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga ular mehnat majburiyatlarini bajarayotganda yetkazilgan zarar uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
