31-modda. Shirkatni tashkil etish tartibi
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Shirkatni tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror har bir koʻp kvartirali uydagi barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻpi hozir boʻlgan joylar mulkdorlarining taʼsis yigʻilishida qabul qilinadi.
Taʼsis yigʻilishi har bir koʻp kvartirali uyning shirkatga birlashish istagida boʻlgan joylar mulkdorlarining kamida oʻn foizi tashabbusiga koʻra chaqiriladi.
Taʼsis yigʻilishi oʻtkaziladigan joy, sana, vaqt va uning kun tartibi toʻgʻrisida joylarning mulkdorlarini xabardor qilish yigʻilish oʻtkazilguniga qadar oʻn kundan kechiktirmay taʼsis yigʻilishining tashabbuskori tomonidan amalga oshiriladi.
Taʼsis yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida joylar mulkdorlarini xabardor qilish uylarning har bir yoʻlagida tegishli eʼlonni joylashtirish yoki eʼlonni mulkdorlarga imzo qoʻydirib topshirish orqali amalga oshiriladi. Joylarning mulkdorlari boʻlgan yuridik shaxslarni xabardor qilish tegishli xabarni buyurtma xat bilan yuridik manzilga yuborish yoxud elektron xabar qilish yoki xabarni vakolatli vakilga imzo qoʻydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.
Shirkatni tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror, agar taʼsis yigʻilishida ishtirok etayotgan barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻpi uni yoqlab ovoz bersa, qabul qilingan hisoblanadi.
Bir necha koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlarini birlashtiruvchi shirkatni tashkil etishda ushbu har bir uydagi joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻpining roziligi olingan boʻlishi kerak. Joylar mulkdorlarining taʼsis yigʻilishiga yozma shaklda berilgan ovozlarini joy mulkdorining shirkatni tashkil etish masalasi boʻyicha qarori va oʻziga qarashli joyning manzili koʻrsatilgan holda hisobga olishga yoʻl qoʻyiladi.
Joylar mulkdorlarining taʼsis yigʻilishi, qoida tariqasida, quyidagi kun tartibi bilan oʻtkaziladi:
shirkatni tashkil etish toʻgʻrisida;
shirkatning ustavini tasdiqlash haqida;
shirkat boshqaruvining raisi va aʼzolarini saylash toʻgʻrisida;
shirkatning taftish komissiyasini saylash haqida.
Joylar mulkdorlarining taʼsis yigʻilishida shirkatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalar ham koʻrib chiqilishi mumkin.
Joylar mulkdorlari taʼsis yigʻilishining ovoz berish natijalari hamda yozma shaklda berilgan ovozlar soni koʻrsatilgan bayonnomasi joylarning mulkdorlari orasidan saylangan yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
