30-modda. Shirkat
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Shirkat joylar mulkdorlarining tashabbusiga koʻra tashkil etiladi va oʻz ustaviga muvofiq oʻzini oʻzi boshqarish asosida faoliyat koʻrsatadi.
Shirkat yuridik shaxsdir va u oʻz mulkida oʻzining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishga va ularni amalga oshirishga, majburiyatlarni bajarishga, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishga haqli.
Shirkat belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi. Shirkat, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, uning faoliyati muddati cheklanmagan holda tashkil etiladi.
Shirkat qonunchilikda belgilangan tartibda taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin. Shirkat oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi va oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Shirkatning aʼzolari koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslardan iboratdir.
Joy boshqa shaxsga oʻtkazilgan taqdirda shirkat aʼzosi boʻlgan uning mulkdori yangi mulkdorni oʻzining shirkat aʼzosi ekanligi hamda shirkat ustavida belgilangan, yangi mulkdorga oʻtadigan huquq va majburiyatlarga ega ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.
Shirkat tashkil etilgan koʻp kvartirali uydagi joyni sotib oluvchi shaxslar oʻzida joyga boʻlgan mulk huquqi yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran shirkat aʼzosiga aylanadi.
Shirkat aʼzosi shirkatning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Shirkat oʻzining ustavida nazarda tutilgan oʻz faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqarolik huquqiy layoqatiga ega.
Shirkat joylashgan yer uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joyi etib belgilanadi. Shirkat pochta manziliga ega boʻladi va u pochta manzili oʻzgargan taqdirda vakolatli davlat organlarini xabardor qilishi shart.
