Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida (717-I-son)
24.12.1998
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
Davlat budjeti va budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan muassasalar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Prokuror nazorati tartibida amalga oshiriladigan davlat nazorati tegishli qonunchilik bilan ham tartibga solinadi.
Tergovga qadar tekshirishlar chogʻida va qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari boʻyicha moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvlarini oʻtkazish tartibi jinoyat-protsessual qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Soliq tekshiruvi orqali amalga oshiriladigan davlat nazoratining oʻziga xos xususiyatlari soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
nazorat qiluvchi organlar — xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan vazirliklar va idoralar;
tekshirish — xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan qonunlar hamda oʻz faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlari qanday bajarilayotganligini nazorat qiluvchi organlarning bir marta nazorat qilishi;
tekshirishlarni qayd etish daftari — oʻtkazilgan tekshirishlar toʻgʻrisidagi axborot yozib qoʻyiladigan maxsus daftar;
moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) — soliq va valyuta toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hamda boshqa hujjatlarini oʻrganish va taqqoslash
qisqa muddatli tekshirish — nazorat qiluvchi organlar jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida amalga oshiradigan tekshirish;
nazorat tartibida tekshirish — xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ilgarigi tekshirishda koʻrsatilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etishi ustidan nazorat qiluvchi organlar amalga oshiradigan tekshirish.
4-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish shakllari
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
tekshirish, shu jumladan taftish, nazorat tartibida tekshirish;
statistika axborotlarini va boshqa axborotlarni tahlil qilish;
idora qaramogʻidagi organlarni tekshirishdan oʻtkazish.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini statistika axborotlarini va boshqa axborotlarni tahlil qilish orqali davlat tomonidan nazorat qilish, shuningdek idora qaramogʻidagi organlarni tekshirishdan oʻtkazish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishning asosiy prinsiplari
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
nazorat qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralik;
yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga aralashmaslik.
tadbirkorlik subyekti huquqlarining ustuvorligi, unga muvofiq qonunchilikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik subyektining foydasiga talqin etiladi.
6-modda. Tekshiruvchi mansabdor shaxslarga qoʻyiladigan talablar
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi. Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari qonunchilikda belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilishlari lozim.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishiga tekshirishlarni oʻtkazishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus guvohnoma, shaxsiy guvohnoma va ushbu Qonunning 9 va 12-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgani taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Tekshiruvga auditorlik tashkilotlari va (yoki) ekspertlar jalb etilgani taqdirda, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan nazorat qiluvchi organ va auditorlik tashkiloti va (yoki) ekspert oʻrtasidagi shartnomaning koʻchirma nusxasi albatta taqdim etiladi. Shartnomada auditor va (yoki) ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va lavozimi koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Auditor va (yoki) ekspert xulosasining toʻgʻriligi va uning qonunchilikka muvofiqligi uchun auditorlik tashkiloti va (yoki) ekspertning javobgarligi tuziladigan shartnomaning zaruriy sharti hisoblanadi. Auditorlik tekshiruvlari va ekspertizalarni oʻtkazish xarajatlari nazorat qiluvchi organlar hisobiga amalga oshiriladi.
7-modda. Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish maxsus vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi va u chiqargan qarorlarning xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishga doir qismi nazorat qiluvchi organlar uchun majburiy hisoblanadi.
8-modda. Maxsus vakolatli organning asosiy vazifalari
Maxsus vakolatli organning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish masalalari boʻyicha nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishning, shu jumladan kompleks tekshiruvlar hamda taftishlarning nazorat qiluvchi organlar bir-birining ishini takrorlashiga yoʻl qoʻymaydigan muvofiqlashtiruvchi rejalarini ishlab chiqish;
nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvlar oʻtkazishning muvofiqlashtiruvchi rejalariga rioya qilishini nazorat qilish hamda rejadan tashqari tekshiruvlar maxsus vakolatli organning qarorisiz oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik.
Maxsus vakolatli organni tuzish va uning faoliyat koʻrsatish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
9-modda. Tekshirishlarni oʻtkazish uchun asos
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan yuridik shaxs boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini rejali tekshirish, shu jumladan moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlar uchun, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, quyidagilar asos boʻladi:
maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan berilgan, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishni oʻtkazishning muvofiqlashtiruvchi rejasidan koʻchirma;
nazorat qiluvchi organning muvofiqlashtiruvchi reja asosida chiqarilgan, tekshirish maqsadi, tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tarkibi va tekshirishni oʻtkazish muddatlari koʻrsatilgan buyrugʻi.
Prokuratura, ichki ishlar va davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish uchun qoʻzgʻatilgan jinoiy ish mavjudligi asos boʻladi. Bunda tekshiruvga xoʻjalik yurituvchi subyektning faqat qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi bilan bogʻliq faoliyati qamrab olinishi mumkin boʻlib, bu haqda tekshiruvni tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlar belgilangan tartibda faqat davlat soliq xizmati organlari tomonidan, mazkur organlar tekshirishlar davomida soliq va valyutaga oid jinoyatlar alomatlarini aniqlaganida esa Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliya va soliq hisobotini, shuningdek tadbirkorlik subyektining faoliyati toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organida mavjud boʻlgan boshqa hujjatlarni oʻrganish hamda tahlil etish asosida oʻtkaziladigan kameral nazorat natijalari boʻyicha qoidabuzarliklar aniqlangan hollardagina davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Tezkor-qidiruv faoliyati natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari mablagʻlarini, donor mamlakatlar, xalqaro, chet el hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan tuzilgan davlatlararo va hukumatlararo shartnomalar doirasida taqdim etiladigan chet el grantlarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb etiladigan chet el kreditlarini sarflash masalalari yuzasidan, mulk shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar moliya-xoʻjalik faoliyatining tekshiruvlarini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
10-modda. Tekshirishlar davriyligi
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirishlar maxsus vakolatli organning qaroriga binoan rejali tartibda koʻpi bilan yiliga bir marta amalga oshirilishi mumkin, xususiy korxonalar va ushbu Qonunning 101-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Belgilangan normalar va qoidalarga oʻz vaqtida hamda toʻla hajmda rioya etuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan koʻpi bilan ikki yilda bir marta amalga oshiriladi, ushbu Qonunning 101-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xususiy korxonalar faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan koʻpi bilan ikki yilda bir marta, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
101-modda. Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar davriyligi
Kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan toʻrt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladi.
Xususiy banklar va boshqa xususiy moliya institutlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan besh yilda bir marta amalga oshiriladi.
Yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran dastlabki uch yil mobaynida rejali tekshirishlardan oʻtkazilmaydi, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati, shuningdek kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining budjet hamda markazlashtirilgan mablagʻlar va resurslardan maqsadli foydalanish bilan bogʻliq moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran dastlabki ikki yil mobaynida rejali tekshirishlardan oʻtkazilmaydi.
Ushbu moddada koʻrsatilgan tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar moliya yili mobaynida muntazam ravishda toʻlanmagan taqdirda, rejali tekshirishlardan oʻtkazilishi mumkin.
102-modda. Tadbirkorlik subyektini rejali tekshiruv oʻtkazish boshlanishi haqida xabardor qilish
Nazorat qiluvchi organ rejali tekshiruv oʻtkazishning boshlanishi haqida tekshiruvni oʻtkazish boshlanishidan kamida oʻttiz kalendar kun oldin tadbirkorlik subyektini tekshiruvdan oʻtkazish muddatlari va predmetini koʻrsatgan holda, yozma shaklda xabardor qilishi shart.
11-modda. Tekshiruvlar muddatlari
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishni oʻtkazish muddatlari oʻttiz kalendar kundan oshmasligi lozim. Alohida hollarda maxsus vakolatli organning qaroriga binoan bu muddat uzaytirilishi mumkin, bunda ushbu qoida kichik tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin emas.
Ushbu Qonunning 9 va 12-moddalarida nazarda tutilgan tekshirishni oʻtkazish uchun asos boʻladigan hujjatlar tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektga tilxat olingan holda topshirilgan payt tekshirishni oʻtkazish boshlangan payt hisoblanadi. Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortganligi tekshirishni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortgan taqdirda, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan uning oʻzi va tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt imzolaydigan dalolatnoma tuziladi. Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt mazkur dalolatnomani imzolashdan bosh tortganda, dalolatnomaga tegishli yozuv kiritiladi. Bu holda dalolatnoma imzolangan payt tekshirishni oʻtkazish boshlangan payt hisoblanadi.
Tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma (maʼlumotnoma) tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektga topshirilgan kun tekshirishni oʻtkazish tugagan kun hisoblanadi. Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomani (maʼlumotnomani) olishdan bosh tortganda, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi bu haqda tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaga (maʼlumotnomaga) tegishli yozuv kiritadi va shu paytdan eʼtiboran tekshirish tugagan hisoblanadi. Bu holda tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning (maʼlumotnomaning) bir nusxasi xoʻjalik yurituvchi subyektga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
12-modda. Qisqa muddatli tekshirishlar
Qisqa muddatli tekshirishlar jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida maxsus vakolatli organning qaroriga koʻra rejadan tashqari tekshirish tarzida nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus vakolatli organning tekshirilayotgan obyektning nomi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, tekshirish oʻtkazishning maqsadi, muddatlari hamda uni oʻtkazish sabablarining asosliligi koʻrsatilgan qisqa muddatli tekshirish oʻtkazishga doir qarorlari, shuningdek tekshirishni amalga oshiruvchi tegishli nazorat qiluvchi organning maxsus vakolatli organning qarori asosida chiqarilgan, mansabdor shaxslarning tarkibi va tekshirishni oʻtkazish muddatlari koʻrsatilgan buyrugʻi xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini qisqa muddatli tekshirishdan oʻtkazish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
13-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini tekshirish
Yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini tekshirish soliq organlari hamda boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan ularning vakolatlari doirasida va qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
14-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni ularning xoʻjalik faoliyatini taftish qilish bilan bogʻliq boʻlmagan holda tekshirish
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni ularning xoʻjalik faoliyatini taftish qilish bilan bogʻliq boʻlmagan holda tekshirish tegishli nazorat qiluvchi (yongʻinga qarshi, sanitariya, energetika nazorati, davlat veterinariya xizmati va boshqa) organlar tomonidan, qoida tariqasida, bir marta oʻtkaziladigan kompleks tekshiruv davomida amalga oshiriladi.
Kompleks tekshiruvlar maxsus vakolatli organ tasdiqlagan rejalar asosida oʻtkaziladi.
15-modda. Nazorat tartibida tekshirish
Nazorat tartibida tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan maxsus vakolatli organ belgilagan tartibda bir ish kuni ichida amalga oshiriladi.
16-modda. Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va majburiyatlari
Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz faoliyatlari tekshirilishi toʻgʻrisidagi tegishli axborotga ega boʻlish;
nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvchi mansabdor shaxslaridan maxsus vakolatli organ qarorini, tekshirish oʻtkazish uchun asos hisoblanuvchi boshqa hujjatlarni talab qilish, tekshiruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishish;
tekshirish oʻtkazish uchun asosga ega boʻlmagan shaxslarning tekshirish oʻtkazishiga yoʻl qoʻymaslik;
nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvchi mansabdor shaxslarining vakolatiga kirmaydigan masalalarga oid talablarni bajarmaslik va tekshirish predmetiga taalluqli boʻlmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslik;
nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvchi mansabdor shaxslaridan tekshirish tugagan kuni tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning (maʼlumotnomaning) bir nusxasini olish.
qonunda belgilangan tartibda tekshirish natijalari ustidan shikoyat qilish.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tekshiruvchilarning qonuniy talabiga binoan tekshirish oʻtkazish uchun zarur boʻlgan materiallar va hujjatlarni taqdim etishga, ularni tekshirish obyektlariga kiritishga, tekshiruvchilarga oʻz vazifalarini bajarishlari uchun koʻmaklashishga majburdirlar.
17-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish chogʻida nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari
Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish chogʻida oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlardan tekshirish oʻtkazish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni talab qilish;
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar mulkdorlari oldiga aybdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi masalani qoʻyish;
tekshiruvga auditorlik tashkilotlarini va (yoki) ekspertlarni belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda moliyaviy yoki maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash;
rejali tekshirishlarni oʻtkazish muddatini koʻchirish toʻgʻrisida, basharti bunga obyektiv asoslar boʻlsa, maxsus vakolatli organga taqdimnoma kiritish.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining qonuniy talablari tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarish uchun majburiydir.
Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish chogʻida oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarni bajarishga majburdirlar:
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tekshirish oʻtkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni koʻrsatish;
tekshirishni belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma boʻyicha amalga oshirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar ishlashiga xalal bermaslik;
tekshirishlarni qayd etish daftariga qonunchilikda belgilangan tartibda yozib qoʻyish;
davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini taʼminlash;
tekshirishlar natijalarini dalolatnoma (maʼlumotnoma) bilan rasmiylashtirib, uning bir nusxasini tekshirish tugagan kuni tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektda qoldirish;
huquqbuzarlik hollari aniqlangan taqdirda qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni koʻrish.
18-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga aralashmaslikni kafolatlash
Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatida qonunchilik buzilganligini aniqlasalar, ular oʻzlariga berilgan vakolat doirasida va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bogʻliq chora-tadbirlarni koʻrishlari mumkin. Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik holati mavjudligidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki uni cheklash uchun asos sifatida foydalanishga haqli emas.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlari yoki boshqa harakatlari natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektga yetkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari birlashmalarining aʼzosi boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlar tadbirkorlik faoliyati subyektlari soʻroviga koʻra mazkur birlashmalar vakillari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
19-modda. Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat qilish
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining harakatlari va qarorlari ustidan bevosita sudga yoki boʻysunish tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi mumkin.
Boʻysunish tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat berish shunday shikoyatni sudga berish huquqini istisno etmaydi.
Sudga shikoyat berilganida ustidan shikoyat qilinayotgan harakatni yoki qarorni ijro etish sudning qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar toʻxtatib turiladi, favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq boʻlgan harakatlar yoki qarorlar bundan mustasno. Xoʻjalik yurituvchi subyekt sudga shikoyat berganligi toʻgʻrisida nazorat qiluvchi organni tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda xabardor qilishi shart.
20-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzishda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 24-dekabr,
717-I-son
