6-modda. Tekshiruvchi mansabdor shaxslarga qoʻyiladigan talablar
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida (717-I-son) · Sana: 24.12.1998 · Amalda
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi. Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari qonunchilikda belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilishlari lozim.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishiga tekshirishlarni oʻtkazishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus guvohnoma, shaxsiy guvohnoma va ushbu Qonunning 9 va 12-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgani taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Tekshiruvga auditorlik tashkilotlari va (yoki) ekspertlar jalb etilgani taqdirda, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan nazorat qiluvchi organ va auditorlik tashkiloti va (yoki) ekspert oʻrtasidagi shartnomaning koʻchirma nusxasi albatta taqdim etiladi. Shartnomada auditor va (yoki) ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va lavozimi koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Auditor va (yoki) ekspert xulosasining toʻgʻriligi va uning qonunchilikka muvofiqligi uchun auditorlik tashkiloti va (yoki) ekspertning javobgarligi tuziladigan shartnomaning zaruriy sharti hisoblanadi. Auditorlik tekshiruvlari va ekspertizalarni oʻtkazish xarajatlari nazorat qiluvchi organlar hisobiga amalga oshiriladi.
