18-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga aralashmaslikni kafolatlash
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida (717-I-son) · Sana: 24.12.1998 · Amalda
Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatida qonunchilik buzilganligini aniqlasalar, ular oʻzlariga berilgan vakolat doirasida va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bogʻliq chora-tadbirlarni koʻrishlari mumkin. Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik holati mavjudligidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki uni cheklash uchun asos sifatida foydalanishga haqli emas.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlari yoki boshqa harakatlari natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektga yetkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari birlashmalarining aʼzosi boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlar tadbirkorlik faoliyati subyektlari soʻroviga koʻra mazkur birlashmalar vakillari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
