101-modda. Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar davriyligi
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida (717-I-son) · Sana: 24.12.1998 · Amalda
Kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan toʻrt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladi.
Xususiy banklar va boshqa xususiy moliya institutlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan besh yilda bir marta amalga oshiriladi.
Yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran dastlabki uch yil mobaynida rejali tekshirishlardan oʻtkazilmaydi, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati, shuningdek kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining budjet hamda markazlashtirilgan mablagʻlar va resurslardan maqsadli foydalanish bilan bogʻliq moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran dastlabki ikki yil mobaynida rejali tekshirishlardan oʻtkazilmaydi.
Ushbu moddada koʻrsatilgan tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar moliya yili mobaynida muntazam ravishda toʻlanmagan taqdirda, rejali tekshirishlardan oʻtkazilishi mumkin.
