28-modda. Aksilreklama
Reklama toʻgʻrisida (723-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Vakolatli davlat organlari reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligini aniqlagan taqdirda, qonunbuzar mazkur organlarning qaroriga binoan va ular koʻrsatgan muddatda aksilreklama berishi shart. Aksilreklama berish shuningdek, ixtiyoriy ravishda yoki sudning qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin. Aksilreklama berishni amalga oshirish bilan bogʻliq barcha xarajatlar qonunbuzar tomonidan qoplanadi.
Agar qonunbuzar aksilreklamani reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organ belgilagan muddatda bermasa, mazkur organ qonunbuzarning reklamasini u aksilreklamani bergunga qadar toʻliq yoki qisman toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga hamda reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan shaxs bilan shartnoma tuzgan taraflarni bundan xabardor qilishga haqlidir.
Aksilreklama raddiya berilayotgan reklama eʼlon qilingan ayni oʻsha ommaviy axborot vositalarida, ayni oʻsha muddat, makon, joy va tartibdan foydalangan holda beriladi.
Aksilreklamaning mazmuni qonunbuzarlik holatini aniqlagan va uni tuzatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan tegishli davlat organi bilan kelishiladi. Ayrim hollarda bu organning qaroriga binoan aksilreklama beriladigan ommaviy axborot vositasi, muddati, joyi va tartibi oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilishi mumkin.
